OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Pidbo‘l (hajviya)

Ingliz otlig‘ bir orolcha tarqatibdur, qarang, pidbo‘l,
O‘ynar ermish endi qo‘rqmay Rusiyo-la Farang pidbo‘l.
Gulmat

Bu yoqdan ko‘zoynagimning nurshishasini, u yoqdan televizo‘rning rasmoynasini chinglab artib, hademay Braziliya bilan Shotlandiya termalari o‘rtasida boshlanadigan o‘yinni ko‘rishga shaylanib turganimda, tashqi eshik taqillab qoldi. O‘rnimdan qo‘zg‘alib ulgurmasimdan, Topindiq og‘aning o‘zi eshikni lang ochib, boshvoqsiz moldek xo‘shshayib ichkariga kirib keldi. G‘archli kavushini mahsidan xoli qilgach, maxsimchasiga ikki qo‘llab ko‘rishdi. O‘tirdik. O‘lik–tirikka atalgan fotihadan keyin, dasturxonda tap-tayyor turgan non-choyni ermak qilishga o‘tib, orada hol-ahvol surishtirishgan bo‘ldik. 
U yoq-bu yoqdan picha gaplashib o‘tirganimizdan so‘ng, betoqat bo‘layotganimni sezdi shekilli, Topindiq og‘a nihoyat maqsadga o‘tdi. 
– Kelganimning sababi – sizga andakkina xizmatimiz bor, – deya yanada yumshabroq so‘zladi u. – Tuman hokimligiga yig‘lamsiraganroq bir ariza yozib bersangiz. Bilasiz, maktabning oldida bolachoqlarga u-bu sotib, nospuli qipturamiz. Soliqchilar shungayam tomoq taqillatishyapti-da. Idoramizdan patak olmasang, jarimaning tagida qolasan deydi. 
– Patenti uncha qimmat bo‘lmasa kerak?
– Gap patakdamas, bir yon bersam, keyin boshqa tomondan suqilishadi. Keling, soliqchilarning g‘ildiragigayam bir bigiz tiqib ko‘raylik-chi. 
Qarasam, baribir qo‘ymaydigan. Yozib berishga rozi bo‘ldim. Faqat, shu topda bandligimni, arznomani ertaga ertalab o‘zim uyiga kiritib berishimni aytib, uzr so‘radim. Topindiq og‘a e’tiroz bildirmadi. 
Men kallavaram gapni shu nuqtachada tugallab qo‘ya qolsam, buning uchun hech kim ustimdan qaynoq suv quyib o‘tirmasdi. «Hozir yozib bersam ham bo‘lardi-yu, saldan keyin futbol boshlanadi», degan izohim boshimga balo yog‘dirdi. Endigina fotiha tortishga taraddudlangan Topindiq og‘a, bu so‘zimdan keyin yaxshiroq o‘rnashib olib, futbol degan narsa undan ham begona emasligini isbotlashga tushdi. 
– Pidbo‘l desa, kenja o‘g‘lim chimildiqni tashlab chiqadigan xilidan, – iljayib mo‘ylov siladi Topindiq og‘a. – Chet eldagi zo‘r kamandalar o‘ynayapti deganiga dil ketib, o‘g‘limga uch-to‘rt marta biqindosh bo‘ldim. Zap o‘yin ekan-da, bu pidbo‘l bachchag‘ar!
Shu boshlandi – boshlandi. Jumla jumlaga ulanib ketaverdi. «Patent»ni «patak» deganidek, jamoalar nomini ham o‘ta g‘alchalashtirib tilga olar, men gap «Pari-sen-Jermen», «Boloniya», «Galatasaroy», «Borussiya», «Lokomotiv» singari mashhur klublar ustida borayotganini zo‘rg‘alatdan anglab ulgurardim.
– Paranglardayam qozoq mahalla borakan, – deya jiddiy ohangda so‘z qotdi Topindiq og‘a. – O‘sha mahallaning ko‘zi o‘ynagan yigitlari «Pari, seni jermen», deb maydonning chapiga yoyilishdi. Italiyolik parilar «Baloni ye», deb o‘ng tarafga o‘tishdi. O‘zlariyam pari desa degudek uzunsoch bachchalar ekan. Bunaqalarga pidbo‘ldan ko‘ra ko‘proq to‘ptosh yarashadi...
Televizo‘rda o‘yin boshlandi. Goh Topindiq og‘aning og‘ziga, goh rasmoynaga jalanglab, arosatda «yashash»ga o‘tdim. Topindiq og‘aning ovozi futbol sharhlovchisinikidan o‘tkirroq edi:
– Juda qattiq olishuv bo‘ldi. Bular «Pari, seni jermen», deb ularga tashlandi, ular «Baloni ye», deb bularga hezlandi. Oxir-oqibatda, qozoq mahallaliklar aytganini qilishib, parilarning boshini yeb ketishdi. O‘g‘lim, bolaligiga borib, ikkiyu nol bo‘ldi, dedi. Biru nolligini bilib turgan bo‘lsamam, ko‘ngliga valo indamadim. Fahmlashimcha, qozoqilar birinchi to‘pni o‘ng tomondagi darvozaga urib to‘g‘ri qilishdi. O‘rtada ozgina choy ichib chiqishganidan keyin chapdagi darvozagayam to‘p kirgizishdi. O‘ziga urgani hisobga o‘tmasa kerak, a? Labbay? 
Men gapni cho‘zib o‘tirmay, rasmoynaga jovdiraganimcha, telva-tezik bosh qimirlatdim. Nochorgina iljayib ham qo‘ydim.
– Ertasi kuni o‘rislarning «Lo‘killatuv» degan pidbo‘lchilari o‘ynashdi, – deya «futbolnomasini» davom ettirdi Topindiq og‘a. – Ularga dushmon bo‘lib, nemislarning «Bor rusiyangga» degan so‘laqmonlari chiqdi. Bittasi Maskovni olaman desa, bittasi o‘zini nuqul Birlinga uradi...
Ko‘zim mushuksoatdagi singari ikki oraliqda tinsiz qatnab, suhbatni tinglayotgandek ko‘rinishga tirishsam-da, Topindiq og‘aning almov-jalmov gaplari tobora qulog‘imga chalinmay borayotgandi. Braziliyaliklar raqib darvozasini astoydil qamalga olib, butun fikru zikrim o‘yinga jamlangan pallada, Topindiq og‘a yelkamga turtib, bo‘sh piyolani uzatdi. 
– Sal garangroq ko‘rinyapsiz? – ko‘zlarimga zog‘lanib boqdi u. – Salomatlik joyidami? Yo boshga tashvish tushdimi?
Zardam qaynab, unga o‘qrayib tikildim. 
– Sog‘ligim zo‘r! Tashvishimam yo‘q!
Shu gapga chalg‘idim-u, telesharhlovchining «Go-o-l!» degan hayqirig‘i yangradi. Braziliyaliklar qanday to‘p kiritganini ko‘rolmay qoldim.
– Iy! Choyni dasturxonga quydingiz... Aytdim-ku, sizga bir narsa bo‘lgan. Balki, kelinposhsho bilan...
– Keliningiz bilan juda qalinmiz! Apoq-chapoqmiz!
G‘ashli yuragim battardan siqildi. Choyni piyolaga apil-tapil quyib, shoshib televizo‘rga yuzlandim. Shotlandlar burchak to‘pi tepishga hozirlik ko‘rishayotgandi.
– Bular to‘pni shunchaki shinavandalikka tepadi deb yurardim, – choyni xo‘rillatib simirarkan, meni yana pichoqsiz so‘yishga tutindi Topindiq og‘a. – Keyin bilsam, oylikni katta olisharkan. Shu to‘g‘rimi?
So‘rrayganimcha, odatdagidek hafsalasiz bosh qimirlatdim.
– Ayniqsa, turklar pulga yomon o‘rganishibdi, – afsusnamo gavda tebratdi Topindiq og‘a. – Ulardagi «G‘alatisolay» degan kamandada lo‘langlagan bir qirmochbosh bor. Shu bola o‘yinda ortiqcha ochofatlik qilvordi. Falon so‘mga to‘p uraman degan bo‘lsa kerak, pulni vaqtida berishmaganmi, birdan vajohati buzildi-yu, yonidan yugurib o‘tayotgan o‘yinchining iligiga tepdi. O‘rtada ularni kelishtirib yuradigan oqsoqol cho‘ntagidan qizil pul sug‘irib, ma zahringga deb unga ko‘rsatdi. Qirmochbosh boriga shukur qilmasdan, buning kam deb jirillashga tushdi. Oqsoqolning duvonafe’li tutib, pulni qaytarib cho‘ntagiga soldi-qo‘ydi. Keyin, bor, kimga arz qilsang qilaver, degandek qo‘lini siltadi. Qirmochbosh desangiz, o‘rtoqlariniyam yuz-xatir qilmay, shartta o‘yinni tashlab ketvorsa bo‘ladimi...
Nihoyat, sabr kosam to‘ldi. Chaqchayganimcha boqib, «pul bilan qizil qog‘ozchaning farqiga bormagan odam futbolga aralashib nima qilasiz», deya zahrimni purkadim.
– Qizil qog‘ozcha? Bu nima degani bo‘ldi endi? 
Dunyodagi katta urushlar kimdir xaritani mushtlab, beixtiyor na’ra tortvorishidan boshlanadi. Topindiq og‘a bilan it-mushuk bo‘lib qolishimiz mumkinligini zarrachayam xayolga keltirmagan holda, unga bexos baqirib yubordim:
– Bu – maydondan chiqib ket degani! Jo‘na degani! Ko‘zimdan yo‘qol degani! 
Telvizo‘rdagi ishqibozlar hayqirig‘iga qorishib yangragan yuzlab nog‘oralarning «gumbira-gum»i bu qichqirig‘imni ko‘mib tashladi. Braziliyaliklar yana hujumga o‘tishdi, chamasi.

1998 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.