OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Po‘pisaning og‘irligi qancha? (hajviya)

Avgust oyining boshlari edi. Direktorimiz meni huzuriga chaqirib, qo‘limga qandaydir xatni tutqazdi-da, shu yerning o‘zidayoq tanishib chiqishimni iltimos qildi.
«Hurmatli olimlar! – deb boshlangan edi xat. – Sizlarning ilmiy tekshirish institutingizda asabiy zarbaning insonga jismoniy ta’sirini o‘rganish ustida tajriba olib borilayotganini gazetadan o‘qigan edik. Bizga bir masalada yordam berishingizni o‘tinib so‘raydurmiz. Ya’ni, masalan, bir nobop odamni ishdan haydadik deylik. Ana shu jazo jismoniy tomondan unga nechchi kilo vazminlikda ta’sir qilishi mumkin?»
– Hatto qishloqdagilar ishimiz bilan qiziqishayotgani juda quvonarli, – dedi direktorimiz, shishadan yasalgan o‘ng ko‘zida ham mamnunlik porpirab. – Bunaqa xatlar bizni benaflikda ayblab kelayotgan ayrim taqsirchalarning oldida yuzimizni yorug‘ qiladi. Kerakli tajribalarni o‘tkazib, bu xatga aniq javob yozib jo‘natishni shaxsan sizga topshiraman.
Bir oylik izlanishlardan so‘ng, nihoyat qat’iy xulosaga kelib, «Janjalkapa» jamoa xo‘jaligi raisi nomiga maktub yubordim: «O‘rtoq rais! Kishini ishdan haydash – unga o‘rta hisobda yetmish besh kilogramm yuk ko‘tartirish bilan barobardir. Lekin, shuni eslatib o‘tmoq joizki, yukning mazkur miqdori o‘sha shaxsning yoshi, jismoniy ahvoli, asabining bo‘sh yoki qattiqligiga qarab, ko‘proq yoinki ozroq tomonga o‘zgarishi mumkin».
«Janjalkapa» jamoa xo‘jaligi raisidan 16 sentyabrda yana xat oldik: «Qirq uch yoshgacha o‘lmasdan yetib kelgan, bo‘yi chorak kam ikki metr, og‘irligi besh yarim pudlik surbet odamga «Hayfsan» bersak, unga qancha yuk bosgan bo‘lamiz?»
O‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, oddiygina «Hayfsan» yuqorida tasvirlab berilgan nusxadagi kishilarni 30–35 kilogramm og‘irlikda ezar ekan. Jamoa xo‘jaligiga shuni yozib jo‘natdim.
Nomi endilikda idoramizdagilarning barchasiga yod bo‘lib qolgan «Janjalkapa»dan 2 oktyabr kuni uchinchi xat keldi. Unda «Ogohlantirish»ning ahvol-turxati oldingi safar qayd etib o‘tilgan shaxsga nisbatan jismoniy ta’siri borasida ma’lumot berishimiz so‘ralgan edi.
Boshqatdan tajribalar o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Shunchaki «Ogohlantirish» degan narsa kishini 15 kilogramm yukni ko‘tarib yurishga majburlashi ma’lum bo‘ldi-yu, bundan o‘zim ham hayratga tushdim. Hisoblab ko‘rsam, ishga kelganimga hali ikki yil bo‘lmay turib, olti marta «Ogohlantirish» olibman. Bir o‘zimga 165 kilogramm jazo berishibdi-ya! Ikkita eshakning yuki-ku bu!
«Janjalkapa»ga navbatdagi maktubni jo‘natish bilan birga, berilayotgan ma’lumotlar uchun muassasamizga to‘lanadigan pulni bankdagi hisob raqamimizga tezroq o‘tkazish lozimligini ham eslatib qo‘ydim.
Noyabrning beshinchi kunida xo‘jalik raisi shaharlararo telefon orqali menga qo‘ng‘iroq qildi. Arang-marang salomlashuvdan so‘ng, jadal maqsadga o‘tdi:
– Xo‘sh, bilvolaylik-chi, akasi, – deya eshitqini zirillatdi u. – Qirq uch yoshli surbet odamga majlisda qattiq po‘pisa qilsam, gardaniga qancha yuk ortgan bo‘laman?
– Aniq aytish uchun, oldin tajriba o‘tkazish kerak,– dedim men. – Agar, taxminan oladigan bo‘lsak, yetti-sakkiz kilodan kam chiqmas-ov.
– Bu qanaqasi! – po‘ng‘illab zardalandi rais. – Bir badbaxt katta ish ko‘rsatib tursa-yu, sizlarga qolsa, unga po‘pisayam qilolmas ekanman-da? Bunaqada, xo‘jalikda tartib o‘rnatib bo‘ladimi?!
– Tushunmadim…
– Nimasini tushunmaysan, akasi? Omborchimiz jamoa xo‘jaligimizga tegishli g‘allani «tuya» qilmoqchi bo‘pturganda, qo‘lga tushdi. Unga, loaqal tuzukroq do‘q urolmasak, bu yerda nima qilib o‘tiribmiz? Xo‘sh?!
– G‘allangizni kimdir o‘marsa, menga nima? – deya men ham ovozimni balandlatdim.
Rais eshitqini battardan zirillatdi:
– Bitta po‘pisani sakkiz kiloga chiqarib qo‘yib, tag‘in «menga nima» deysan-a! Omborchimiz yozda sariq kasali bilan og‘rigan. Qoida bo‘yicha, bunaqa kasallar bir yilgacha to‘rt kilodan ortiq yuk ko‘tarmasligi kerak ekan. U surbet «shunga rioya qilinglar», deb turibdi. Kallang zo‘r bo‘lsa, ayt-chi, to‘rt kilolik yarimta do‘qni unga qayoqdan topay endi? He, o‘sha sandaqa paylasuflarni…
Eshitqidan «dut-dut» degan tovush tarala boshladi. Qishloq bilan ilg‘or fan o‘rtasida tiklanayotgan aloqa yana to‘satdan uzilib qoldi…

1979 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.