OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Qo‘ laqabli bog‘kursi (hajviya)

Suyanchiqli bog‘kursilar bu xiyobonda son-sanoqsiz. Lekin, ulardan faqat bittasining o‘z ismi, aniqrog‘i, o‘z laqabi bor. Uni hamma Qo‘ deb ataydi. Birov bu bog‘kursiga yalpayib o‘tirarkan, sherigiga maqtab qoladi: «Xiyobon bo‘yicha shu Qo‘dan fayzlirog‘i yo‘q. Juda salqin joyga o‘rnashgan-da». Boshqasi sal naridagi taksofondan mahbubasiga qo‘ng‘iroq qilib, deydi: «To‘g‘ri xiyobonga kelavering, jonim. Qo‘ning oldida kutib turibman».
Ehhe-e! To‘rt oyog‘i yerga qadalgandan buyon quchog‘ida kimlarni olib o‘tirmadi bu bog‘kursi. Goh manaman degan hurliqolar bilqillab tizzasiga qo‘nadi, goh bojasi to‘ng‘iz mayxo‘rlar shilqillab ustiga ag‘anaydi. Dam ikkita ashaddiy dushmanning boshi shu yerda qovushib, uchinchi bir g‘animning oyog‘iga bolta urish rejasini tuzishsa, dam kissavurlar shildirab kelishib, otarchilardek visirlashganicha pul bo‘lishadi. Mijozlar orasida Qo‘ga eng yoqadigani – sevishganlar. Ular o‘ta samimiy, butkul bezarar. Na birovning sha’niga tappi chaplashadi, na o‘zgaga qasd qilishadi. Aksincha, gaplarning shirali-shiralisini tanlab so‘zlashadi, bir-birlarini sutga to‘ygan kuchuklardek iskashib, yayrab-yashnab hingillashadi.
Barcha bog‘kursilar orasida yolg‘iz Qo‘gina tayinli laqab orttirishiga ham ana shu oshiqlardan birovi sababchi bo‘lgandi. O‘sha kuni cho‘g‘izko‘z yigit sevgilisini juda uzoq kutdi. Kutaverib, salkam bir quti segaretni bulutga a’zo qildi. Oxiri cho‘ntagidan chalauzarini olib, otashtaft ko‘ksini suyanchiqqa bosganicha allaqanday bitiklarni muhrlashga tushdi. Puxta ishladi. Chuqur-chuqur o‘yib yozdi.
Endigina «Qo‘...» degan naqsh paydo bo‘lgan ham ediki, «uzr, Qo‘shoq aka, ko‘proq kuttirib qo‘ydim», deb jononasi kelib qoldi. Qo‘shoqvoy, chamasi, o‘z nomini abadiylashtirmoqchi edi. Visol lazzatining isi uni ezgu niyatdan chalg‘itdi-yu, boshlagan ulug‘vor ishi chalasicha qolib ketaverdi. Shunaqa, maishiy ehtiyojlar mikrobi har qanday ulkan maqsadni falaj qiladi.
O‘sha kuni Qo‘shoqvoy uzoq kutganining o‘chini olmoqchidek, peshindan to qosh qorayguncha qiz bilan aysh surib o‘tirdi. Ko‘chma do‘konchasini chaqaloqlar aravachasidek itarganicha pirtavollar bo‘ylab tinsiz aylanib yuruvchi oq libosli xotinlarning biridan go‘mma olib yeyishsa, boshqasi ularga muzqaymoq yalatib o‘tdi. Yaxshiyamki, hozircha ko‘chma mehmonxona yo‘q. Bo‘lganda, shu yerda bir yo‘la tunab qolisharmidi...
Qiz Qo‘ga juda yoqib tushdi. Kiyinishi odmigina. Ko‘kqarg‘a atlas ko‘ylagining etagini tez-tez tizzaga tortib qo‘yishi uning nihoyatda uyatchan ekanini ko‘z-ko‘zlab turar, beliga shovvadek quyilgan maydao‘rim sochlari hatto o‘tkinchilarning tuyg‘usini ham qitiqlayotgandek tuyular, yoqimtoy tabassumi issiq istarasi bilan shohsupa talashayotgandek edi. Ayniqsa, Qo‘shoqvoy pirtavoldan oyisiga tirmashgudek bo‘lib o‘tayotgan jingalaksoch bolakayni ko‘rsatib, «bizniyam shunaqa o‘g‘limiz bo‘ladi, otini Qo‘rg‘onboy qo‘yamiz», deganida, qizning yuzlari tuyqus lovullab, shunaqangi ochilib ketdiki, oddiy hayo kishiga bu qadar latofat bag‘ishlashga qodirligidan Qo‘ hayratga tushdi…
– Tuf-e!
Momaqaldiroqdek bexosdan yangragan bu ovoz Qo‘ning xayolini sochib yubordi. Hozirgina yoyma usulda tupurilgan nos qumaloqlari pirtavolga do‘ldek yog‘ilib, chetdagi maysalar sari tirqiradi. Jigarrang kostyum-shim ustidan beastar ko‘k duxoba chopon kiygan biqqigina qariya og‘zidagi nos quyqumini til uchida markazlashtirib, tupukni ikkinchi bor tashqariga yo‘naltirgach, bog‘kursining qoq beliga kelib o‘tirdi.
Qo‘ning qovurg‘alari qirsillab ketdi.
Qariya, hansirog‘i bosilguncha, yuzi va ko‘kraklarini ro‘molchada terdan tozalash bilan band bo‘ldi. Tafti pasaygandan keyin, ro‘molchaga amnistiya berib, soqol-mo‘ylovini taroqda shixmola qilishga o‘tdi. U o‘tgan-ketganni baqadek go‘layib kuzatar, erkaklarga apil-tapil ko‘z tashlab, ayollarni ishqorlangan nigoh bilan qarshi olardi. Ora-sira cho‘ntagidan pul chiqarib, qayta-qayta sanashga berilar, o‘tkinchi ayollarga zimdan mushukqarash qilib qo‘yardi.
– Tak… tuk. Tak… tuk.
Qadam tovushi taralayotgan yoqqa yuzlandi-yu, Hollivuddagi xonimlardek bashang va harir kiyingan bo‘yanchoq navjuvon bitta-bitta bosganicha o‘zi sari yaqin-lashayotganini ko‘rib, qariyaning ko‘zlari puflangan cho‘g‘ misol bir yalinlanib oldi. So‘ng, mo‘mintoy qiyofaga kirib, chetga sokin nigoh qadadi. Yonidan yana pullarni chiqardi. Ularni navbatma-navbat quyosh nuriga tutib, sinchiklab ko‘zdan kechirishga kirishdi.
Navjuvonning qadami battardan sekinlashdi. U yoq-bu yoqqa kiborlanib qarab olgach, sekin kelib qariyaning qatoriga o‘tirdi. Qariya go‘yo uni payqamagandek, pullarni oftobga solishda davom etdi.
– Nima, yasamaga o‘xshayaptimi? – so‘radi navjuvon miyig‘ida kulimsirab.
Qariya unga endigina e’tibor berayotgan siyoqda boqib, muloyim javob qildi:
– Ehtiyotdan bir tekshirib ko‘ryapmiz-da, oyposhsho.
– Dollarlaringiz nuqul beshtalik-ku. Yirikrog‘idan yo‘g‘akan-da?
Navjuvonning piching ila suzilib boqishiga monand qariyaning qiyofasida ham yillar davomida pishirib-puxtalangan tagdor suyuqlanish ifodalari balqiganini ziyrak Qo‘ nazardan qochirmadi.
– Yiriklari sandiqda turadi, oyposhsho, – deya tamshanib tirjaydi qariya.
Navjuvon kalta va xo‘ppak sochlarini silkitib: «Kampiringiz ustida uxlaydigan sandiqdami», deb kulgan edi, qariyaning birdan qovog‘i uyildi.
– Qaniydi kampirim tirik bo‘lsa, – dedi u. – Bunaqa qog‘ozlarni boshidan hovuchlab sochmasmidim. Bir yarim yildirki, hayhotdek hovlida o‘zim so‘ppayib yashayapman.
«Shungayam qovoq-tumshuqmi? – o‘yladi Qo‘. – Mana biz yaralganimizdan beri yolg‘izmiz. Jala yog‘adimi, qorto‘fon turadimi, shu joyimiz – joy. Manavini haqiqiy so‘ppayish desa bo‘ladi. Vaholanki, biz to‘yma-to‘y sudrab yuriladigan xashaki taxtaeshaklardan emasmiz. Xo‘jayinlarning alohida buyrug‘i bilan yasalib, xiyobonga tantanavor o‘rnatib qo‘yilganmiz».
U yoqda gap gapga ulanib boraverdi. Qariya o‘g‘il ko‘rmaganini, bittayu bitta qizi esa insofi qo‘ziganda, oyiga bir-ikki marta kelib-ketishligini, orttirgan mol-dunyosiyam bunaqada kishiga tatimasligini aytib, banda orqali Xudoga arzlangan bo‘ldi. Navjuvon bu olamda butkul baxtiyor odamning mavjudligiga shubhasi borligini bildirib, gapni erining noqobilligi-yu, qaynonasining yalmog‘izligiga, o‘zining had-hisobsiz tashvishlari-yu, bugungi turmush qiyinchiliklariga keltirib taqadi.
– Manavini ko‘ryapsizmi? – navjuvon ko‘ylagining barini tizzasidan yuqoriroqqa surib, guldor qora paypog‘ining yo‘rmab chatilgan joyini ko‘rsatdi. – Hatto shuniyam yangisini sotvolishga bosh qotirishim kerak. O‘rgildim bunaqa hayotdan.
Ko‘ziga negadir issiqroq ko‘rinayotgan navjuvonning bu so‘zlarini tinglab, Qo‘ning bir tomondan unga rahmi kelsa, ikkinchi tomondan, paypoq kiyish hozircha bog‘-kursilar orasida rusum bo‘lmay turganiga shukur qildi.
– Shu kunlarda bunaqa paypoqning puliga yarim pud guruch beradi, – ko‘zi navjuvonning oyoqlari bo‘ylab o‘rmalar ekan, og‘zida so‘lagi chilpillab so‘z qotdi qariya.
– Topdingiz. Bilarkansiz.
– Umrimiz tijoratning qaynovida o‘tyapti, oyposhsho. Biz bilmasak, kim biladi? Hatto anavi tashi yaltiroq, ichi qaltiroq to‘plingiz qancha turishiniyam bilamiz. Vix-x-x...
– Ha, kuling! Pulingiz ko‘p-da!
Yuzidagi bujurlarni patak soqoli bilan niqoblagan bir ishkambafe’l qariyaning yomg‘irdan keyingi gultojixo‘rozdek yog‘dulanib turgan malakzodani pisandalab mas-xaralashi Qo‘ga og‘ir botdi. Bog‘kursilar bir-birini ermaklashni ham, kamsitishni ham bilishmaydi. Sababi– ular hali puldor va nochor toifalarga bo‘linib ulgurishmagan.
–Darrov lunjingizni osiltirmang-da, oyposhsho, –
titroq kaftini navjuvonning tizzasiga palapartish urib, unga taskin berishga intildi qariya. – Ko‘nglingizni og‘ritgan bo‘lsak, mayli, gunohimizni yuvamiz. Bitta zo‘r to‘pli bizdan. O‘ziyam italiyoniki. Kechagina bir to‘pini uyimga tashlab ketishuvdi.
Navjuvonning uzun kipriklari qariyani nishonga olganicha bir necha daqiqa tikkayib turdi. So‘ng yuzida xiyol kuldirgich jilvalandi.
– Unaqasiga kuchimiz yetmasa-chi?
– Endi-i bitta to‘pli bizdan deganimizdan keyin, gap tamom-da, – qariya navjuvonning yelkasidagi soch qazg‘oqlarini siypalagan tarzda qoqishga tushdi. – Qola-versa, qozonimga qo‘lingizdan shirinlik yuqtirib, bitta osh damlab bersangiz, uzilish bo‘pketarmiz, oyposh-sh... Hartugur, otingizni bilvolaylik.
Navjuvon qariyaga ko‘z qirida pirpira-pir boqib gijingladi va she’riy ohangda toblab-toblab dedi:
– Meni otim – Guliyzar!
Navjuvonning jonoqi olmadek qip-qizil bo‘yalgan lablaridan shu so‘z havolandi-yu, Qo‘ning cho‘yan oyoqlari birdan zing‘illab ketdi, yog‘och tanasining allaqaeri «jaz-z» etib kuygandek bo‘ldi. Ikki haftacha ilgari bir go‘lahpadar bezori sigaretini uning badaniga ezg‘ilab o‘chirganida ayni shu jizilloqni tuygan edi.
Qariya va navjuvon o‘rinlaridan qo‘zg‘alishayotib, yana nimalarnidir gaplashishdi. Qo‘ ularning og‘zi qimirlayotganini ko‘rib tursa-da, bu pallada biron-bir gapni na tinglaydigan, na anglaydigan ahvolda edi.
«Bu o‘sha! – vujudi izg‘irindan chirsillayotgandek karaxtlanib xayolidan o‘tkazdi Qo‘. – Uni endi tanidim!»
– Guliyzar! – deya tortinchoq qizning shovvasimon kokillarini shavqlangan kuyi silab xitob qilgandi o‘sha kuni Qo‘shoqvoy. – Bunday yap-yangi otni sizga kim topib qo‘ygan o‘zi?!
Omaddan taltanglagan qariya jonivor oliftalanganicha, chatanoqlanib-chatanoqlanib odimlar edi. Dokasifat moviy ko‘ylak ustidan keng va gajimdor oq nimcha kiygan navjuvon esa, ixlos ila yasalgan bejirim qayiqdek uning yonida tekis suzib borardi.
Bo‘yi yetib-etmagan oqqushbo‘yin qiz maydao‘rim sochlarini o‘pog‘ich shamollardan qizg‘anayotgandek hovuchida tutamlab kelib, bo‘m-bo‘sh bog‘kursi og‘ushiga ohistagina qo‘ndi. Hanuz o‘sha karaxtlik domida bo‘lgan Qo‘ buni sezmadi ham.

1998 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.