OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Qora bodring (hajviya)

– Ix-x!
To‘satdan yana o‘sha ichki sharpa paydo bo‘lib, tirnoqdor panjasida yurakning naq so‘ppisini changalladi. Iliklanguncha chaynalgan anjir Bosvoldining tomog‘iga chandirdek qadalgach, bor kuchi bilan yutinib, talvasali qiyofada o‘rnidan turdi.
Azaldan shunaqa – biron ko‘ngilsizlik yuz berishidan oldin tanasining ichida qandaydir sharpa g‘imirlab qoladi. Buni ilk bora bolalik chog‘ida, shaharning aynan shu bozorida pistafurushlik qila boshlagan paytlaridayoq sezgan. O‘shanda ellik birinchi yilning kech kuzi edi, bildiriksiz bir ichki sharpa yurakni tepadan g‘ijimlab g‘ashlantiraverdi. Buning nima ekanligini sal keyinroq, urushdan peshanasi yamoq bo‘lib qaytgan Sulton melisa, pistani Stalinning surati bor gazetaga o‘rab sotgani uchun uni bozordan sudrab chiqib, ketiga tepib haydagan lahzada anglab yetdi. Battol sharpa bo‘lajak dilxiralikning darakchisi ekanligiga biqinib-qisinib attorlik qilishga tutingan, pattachilikka ko‘tarilgan davrlarida ham, bozorni shaxsan boshqarish martabasiga erishganidan keyin ham, ko‘p marta amin bo‘ldi.
Bosvoldi dasturxonning uchini qayirib, stoldagi anjirli taqsimchaning ustini yopgach, idorasidan tashqariga chiqib, atrofga hadikli nazar tashladi. Pog‘onadan tushib, do‘konlar tizimi bo‘ylab odimlagan kuyi, meva-sabzavot savdosi qizib turgan qo‘shgumbazli tim tomonga yo‘l oldi. Besh-o‘n qadam yurib-yurmay, atir-upa do‘konchasi yonida pakanagina yigit o‘zidan ikki baravar bo‘ychan qizning yelkalariga osulgudek bo‘lib, burniga burnini ishqayotganini ko‘rdi-yu, tepa sochi tikkalanib, taqqa to‘xtadi.
– Ho‘, laycha! – ko‘zlari chilimdagi o‘tdek cho‘g‘lanib, vangilladi Bosvoldi. – Islovatxonamas, bozor bu! He, simyog‘ochga tirmashgan manto‘rga o‘xshamay o‘l…
Bosvoldi boshini ho‘kizsuzish qilib, oshiq-moshiqlar sari yurayotganida, Nig‘mon pattachining: «Osmonda burgut ko‘rindi, ha-hov!» – degan tovushi diqqatini tortdi, o‘sha yoqqa yarq etib qaradi. Nig‘mon pattachi ma’nodor qiyalab, mo‘ylovida tim tarafga ishora qildi. Bosvoldi keskin ziyraklandi, qisiq ko‘zlari timning ostini titkilab-titkilab, nihoyat, bir nuqtada to‘xtadi. Qaysidir «do‘nglik»dan surilib, yaqinda hokimiyatga ishga o‘tgan Go‘ga Gadoevich g‘o‘dayganicha rasta kezayotgani, ora-sira dehqonlar bilan gap cho‘qilashib qo‘yayotganini ko‘rdi. «Menga uchrashmay, o‘zicha bozor kezib yurishida bir xosiyatsizlik bor-ov», degan o‘ydan yuragi yanada xijillandi. Nig‘mon pattachiga sirli suzilib, ikkala qo‘li bilan havoni chirmanda shaklida chizgan tarzda sehrli topshiriqni berdi, so‘ngra o‘zini xaridorlarning panasiga olib, Go‘ga Gadoevichga o‘g‘rincha yaqinlasha bordi.
Go‘ga Gadoevich tappak do‘ppili sotuvchining oldida to‘xtab, peshtaxtaga terilgan baqlajonlardan birini qo‘lga olib, uni burun jiyirgan asno ko‘zdan kechirarkan: «Oltiariqlikmisiz, o‘rtoq dehqon?» – deya jo‘g‘rofiy savol tashladi. Sotuvchi: «Yangiyo‘llikman», deb javob qilgach, miyig‘ida tirjaydi:
– Darvoqe, Oltiariqning bodringlari ko‘k bo‘lguchi edi. Xo‘sh, qora bodringni qanchadan sotyapsiz?
– Bu bodringmas, aka, – beixtiyor kulib yubordi sotuvchi. – Baqlajon bu.
Go‘ga Gadoevichning birdan yonog‘i titradi:
– Nima? Sizni dehqon deb o‘ylasam, olib sotar ekansiz-da? Qarang, nimani sotayotganingizniyam bilmayapsiz.
– Xudo xohlasa, yaqinda qirqqa kiraman, bizni ja yosh bola qilvormang. Harqalay, bodringni baqlajondan ajratarmiz.
Shefning tugalay fe’li aynishi umumbozor miqyosidagi ishlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan cho‘chigan Bosvoldi shamsiyali ayolning panasidan lip etib chiqib, sotuvchini po‘pisaga ko‘miza boshladi:
– E! Qanaqa odamsan? O‘zingdan katta kishi bodring deb turibdi-yu, sen nuqul baqlajon, baqlajon, deysan. Qani ahloq? Qani odob?
Bosvoldi tarbiyaviy po‘pisani tugatiboq, tuyqusdan muloyimlandi, Go‘ga Gadoevichga ta’zimlanib, quyuq salomlashdi. Shef bozorqo‘m bilan qo‘l uchida ko‘rishayotib, norizo siyoqda chimrildi:
– Bozoringizda tartib qolmabdi-ku, oqsoqol. Mana, qora bodringni baqlajon deb sotishyapti. Xaridorlarning huquqiga hurmat shumi?
Bosvoldi sotuvchiga takror o‘qrayib: «Sen kallavaramga kim torozi berdi o‘zi? Bozordan uchirvoraman-a, hov!»– deb dag‘dag‘adan boloxona qurdi. Sabzifurushlar qatoriga kirib olgan Nig‘mon pattachi sotuvchiga zimdan chaqchayib, jag‘ siladi. Sotuvchi uch ovchining o‘rtasida qolgan quyondek garangsib: «Nima, bularga baqlajon deb men ot qo‘yibmanmi?» – deya o‘zini oqlashga uringanini biladi, bozorqo‘m kaftini uning og‘ziga peshma-pesh niqtab: «Yana baqlajon deydi-ya, yana baqlajon deydi-ya! O‘chir!» – deb devdek davaralandi.
– Shuni bodring desam, qutulamanmi? – yig‘lamsiragudek bo‘lib sharttakilandi sotuvchi. – Bo‘pti, ana, olinglar bodringdan.
– Qora bodring! – barmog‘ini osmonga bigizlab, sotuvchiga tanbeh berdi Go‘ga Gadoevich. – Mana endi ayting, qora bodringni qanchadan sotyapsiz?
Sotuvchi so‘zga lab juftlab ulgurmay, Bosvoldi qaytadan oraga suquldi:
– Kallangni ishlatib, insof bilan gapir. Balki, oldingda mas’ul vazifadagi odam turgandir. Balki, shunchaki narx-navoni o‘rganib yurgandir…
Sotuvchi Go‘ga Gadoevichga bu gal hushyor tortib qaradi. Muomalasi ham iliqlashdi:
– Ko‘ngildan chiqqanini beravering, aka. Bizga dehqonchilik bu… qora bodring.
– Borakansan-ku, azamat! – og‘zining tanobi qochib, sotuvchini alqashga o‘tdi Bosvoldi. – Ana, qora bodring desayam bo‘larkan-ku.
Shu pallada, to‘rsimon kepka kiygan tersfe’l yigitcha Bosvoldi va Go‘ga Gadoevichning orasidan muzyorardek o‘tib kelib, sotuvchiga ko‘kimtir ko‘zoynakning ustidan mo‘raladi:
– Baqlajon nechchi pul bo‘ldi, amaki?
Sotuvchi yigitchaning ikki yonidan gezarib turgan kushandalarga xijolatlanib qarab qo‘ygach: «Iltimos! Shu topda baqlajon demay turgin, ukajon», deya iltijolandi.
– Iy! – to‘rcayib termildi yigitcha. – Nima dey bo‘lmasa?
– Manavi amaldor akamiz buni qora bodring deb turibdi. Gapini to‘g‘ri demasam, bozordan haydaladiganga o‘xshayman.
– Bularning suyagi eski idoralarda qotgan, haliyam aytganim aytgan deb o‘ylashadi, – bolalarcha iljayib, beparvo qo‘l siltadi yigitcha. – Hozir demokratiya zamoni. Endi hech qo‘rqmasdan bodringni bodring, baqlajonni baqlajon desak bo‘laveradi.
Allaqanday «xamak»ning dashnomi Go‘ga Gadoevichga og‘ir botib, alamdan bag‘baqasi pirpiradi, shartta ortga burilib, tez-tez odimlaganicha ko‘zdan uzoqlasha boshladi. Bosvoldi bir muddat tipirchilanib turdi, so‘ng Go‘ga Gadoevichning ketidan chopishga shaylanarkan, sotuvchiga ko‘z olaytirib g‘ijindi:
– Hah, qishloqi… Qarab tur hali!
Sotuvchi bu safar bozorqo‘mga havolanib boqdi:
– Bunaqa qashqirqarash qilmang! Sizga o‘xshaganlardan qo‘rqadigan jinni yo‘q! Manavi tirmizak menga to‘g‘ri dakki berdi…
Bosvoldi g‘oyib bo‘lgach, sotuvchi: «E, hayriyat-e, baqlajonni bemalol baqlajon deydigan kunam borakan-ku», deya erkin nafas oldi. Dazmol ko‘rmagan yaktagining cho‘ntagidan nosqovoqni sug‘irarkan, tevarakka ochiq chehra bilan yuzlanib, baralla sayrashga tushdi:
– Kepqoling! Yangi baqlajon, shirin baqlajon, arzon baqlajon! E, demokratiyaga ofarin! Opqoling baqlajondan! Hahe-e-y!!!
Bu hayqiriqlar kerakli izni iskalab borayotgan Bosvoldining quloq pardalarida mazaxli sadolanib, ta’bini battar xiralashtirdi: «Oxiri baribir ishkal bo‘ldi! O‘sha ichki sharpagayam, qora bodringgayam ming la’nat!»

2003 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.