OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Serkaxonim (hajviya)

– Serka! Va-ey, Serka!
Do‘qi polvon shu kunlar uchinchi bolaga bo‘g‘oz qaynisinglisi erga tekkanida undirgan shoyi ko‘ylagini dushman bayrog‘idek tutamlaginicha tomorqaga larzanglab kirib keldi. U goh og‘ilxonaga mo‘ralar, goh tandir tomonga bo‘ylanar, tinmay tomoq yirtib, xotinini chorlardi. Ko‘krakka urib qolgan juvarizor etagidan «shatir-shutur»lar eshitilgach, o‘sha yoqqa yo‘l soldi. O‘qariq chetidagi o‘tlarni o‘rayotgan xotinini ilg‘ab, tutoqqan kuyi yaqinlasha boshladi.
– Vay-ey! Serka deyapman! Bir soatdan beri azon chaqiraman, g‘ing demaysan. Daming ichingga tiqilib qolganmi?
– Otam qo‘ygan otim bor, to‘g‘ri chaqiring, – xotin ham o‘z navbatida choydishdek jig‘illadi.
– Iy-yav! Mundoq biqinimni taroqlab, og‘zimga uzum tashlab o‘tirsang ekan, Erkaxon deb otingni aytsam. O‘zing cho‘chqafe’lsan, qo‘ling tizginimda. Yo‘rig‘ingga burilmasam, yettita qo‘shni bezovta. Serka bo‘lmay nimasan, o‘jarvachcha?
– O‘ziz-chi, o‘ziz? Bijigan takadan battarsiz!
– Ana-a, to‘g‘ri gapni endi gapirding. Manavi ko‘ylakni qara, yoqasi yag‘ir, nusxasi chag‘ir bo‘lib yotibdi. Bilasan, aytganman, Tirkash o‘g‘lini uylantiryapti. Shuni kiyib boramanmi? O‘zingni achiganing yetar, meniyam go‘ngtepa qilvormagin, serkadan tarqagan.
Xotin qo‘lidagi o‘roqni jahl bilan uvatdagi daraxtga sanchdi. Yerga tappa oyoq cho‘zib, ikki qo‘lida tizzalarini shapatilashga tushdi:
– Bu kunimdan serka bo‘lganim ming marta yaxshiydi. Avliyoni arazlatgan bu kasofati uyda qaysi bir ishni qilay? Mol-qo‘y boqaymi, kir yuvaymi, paxta savaymi, ko‘rpa qaviyinmi, o‘rik quritaymi, sabzi o‘taymi, tokka dori sepaymi...
Shu sanashda sanayverdi, sannayverdi, qirq bog‘ xashak o‘rishga yetadigan vaqt o‘tsa-da, ro‘yxat tugamadi. Do‘qi polvon oilaga uch mahal dasturxon yozish, uy-hovlini supirish, xamir qorishu non yopish, sigir sog‘ishu kuvada qaymoq olish, idish-tovoq aralash bolalarniyam yuvib tozalashu ekin sug‘orish kabilardan tashqari xotinining zimmasida pashsha va suvaraklarni qirish, sichqonlarni zaharlash, juvarixo‘r chumchuqlarni kesakbo‘ron qilish, ig‘vogar qo‘shnining tili tiyilguncha olishish, bo‘sh shishalarni ayirboshlashda lo‘li bilan ikki soat tortishish, jo‘jalarni sorlardan asrash, yorilgan choynakni chegalatish, zanjirdagi olaparni yo‘ldan ozdirayotgan qanjiq laychaga qaynoq suv sepish, Hamdam soliqchidan qutulish uchun o‘zini chalajonga solib yotish, radioni gapirtirib berolmayotgan Mirg‘ob montyorni ko‘chada to‘sib tuzlash, darvozaga yozib ketilgan noilmiy-ommabop so‘zlarni o‘chirish, harbiydagi o‘g‘liga mo‘ljallab qo‘ygan qizni maktabdan qaytayotgan shilqim o‘spirinlardan qo‘riqlash singari son-sanoqsiz boshqa vazifalar ham borligini umrida birinchi marta bugun eshitib bildi.
– E xudo, meni bunaqa qiynab xo‘rlagandan ko‘ra, echkiga aylantirib qo‘yaqolsang bo‘lmasmidi? – gardanidagi yumushlarni qisman sanab chiqqach, yana nolishga o‘tdi beka.– Shu azoblardan qutulib, tayyor xashakni chayna-a-b yotganim yaxshimasmidi? Jon tangrijonim, aylanay tangrijonim, bir marta ohimga yetgin!
Eri tashqariga chiqib ketganidan keyin ham xotinning jag‘i darrov tina qolmadi. Devorning buzilgan joyidagi chovra ortidan «tinchlikmi, qoqindiq», deya qo‘shni otin kampir bo‘y ko‘rsatdi. Kelinning arz-dodlarini eshitib: «Besh kunlik dunyoda shukurdan nariga o‘tmaylik, qizim. Yuring, sutchoy pishiruvdim, menga sherik bo‘ling», deb yog‘och to‘sinchaga tiyab qo‘yilgan g‘o‘zapoyalardan bir bog‘ini chetga surdi. Dardini to‘kishga bekorchi topolmay turgan Erkaxon chekkan sitamlarini dasturxonlab borganicha qo‘shni hovliga hatladi.
Xotinining diydiyosi odatdagidan ertaroq tugagani Do‘qi polvonni taajjubga soldi. Nechukdir yuragi bezovtalanib, yana tomorqaga o‘tdi. Jimjit. Ko‘ngliga shayton oralab, o‘pkasi tomoqqa yugurdi. Shosha-pisha boyagi joyga bordi, daraxtga sanchilgan o‘roq o‘shanday sanchilganicha turibdi. Xotini yo‘q.
– Ho‘, Ser... Hm... Ho‘, onasi, qayoqdasan? Bu yoqqa qaragin, hov!
Do‘qi polvon beixtiyor juvarizor oralab yura boshladi. Og‘ilxona tarafdagi juvarilar bejo qimirlaganidan dili sal yorishib, o‘sha yoqqa talpindi. Picha yuriboq, dong qotib to‘xtadi. Burama shoxli oppoqqina echki zimdan ko‘z suzib, unga zog‘dek tikilib turardi.
Do‘qi polvon: «Iy-yav!» – deya bir sakrab tushdi. Ko‘zi telvakezik pildirab, echkining tevaragida ikki-uch aylandi. Echki dastavval goh tisarilib, goh shox do‘layib, uni hushyor kuzatdi. Beozor ta’qib tugaganidan so‘ng, labining chetida osilib qolgan juvari qoldig‘ini xotirjam chaynashda davom etdi.
– Hov, o‘zingmisan? – o‘ng-chapga alanglab olib, asta gap so‘qdi Do‘qi polvon. – E tavba... Bu... qanaqasi bo‘ldi? O‘zingni nima qipqo‘yding, xotin?!
Peshanasiga kaft bosib, boybuvasidan qolgan jodining qiriga o‘tirdi. Echkini boshdan-oyoq sinchiklab kuzatarkan, uning tinimsiz dum likillatishidan afti burishdi.
– Turishingni qara endi. Hech yo‘q ishton-pishton kiyib...
Birdan bo‘g‘zi dimlanib, kirtaygan ko‘zlari yosho‘rab ketdi.
– Ha, tiling qursin-a. Burushta yomon niyat qilarding, iblis o‘rgatganini gapirarding. Anavi otincha xola qaytib-qaytib aytardi-ya: «Tosh yog‘sa, o‘t yog‘maganiga shukur qil, qarg‘anishdan tiyilib, pokiza tilaklaringni gapir», deb. Boya, bir marta ohimga yet, tangrijonim, deb osmonga irg‘ishlaganingda biron nojo‘ya ish bo‘lishini yuragim sezuvdi... E, birpas kavshanmay tur!
Yengida ko‘zini artib, chuqur nafas oldi. Echkining ruhini ko‘tarish maqsadida o‘zini tetiklantirib, amaliy tadbirga ko‘chdi:
– Xo‘-o‘-sh... Molga terit qoradigan vaqting ham bo‘p qoldi. Yetar, echkilikni bas qilaylik. Qani, hushingni bir jamla-chi. Ha, barakalla. Endi osmonga tikil. Anqayma, ana, osmon tepada turibdi. Avval yaxshilab kalima keltir. Tildan qolganingni bilaman, ichingda aytaver. Barakalla. Bu yog‘iga men nima desam, shuni yurakdan chiqarib, o‘zingcha qaytarib turasan endi. Esingni yig‘voldingmi? Boshladik bo‘lmasam: «E, qodir egam, rahmdil tangrijonginam! Men o‘zi tug‘ma ahmoqman, ko‘pincha o‘ylamasdan gapirvoraman. Gunohsiz bolalarimning hurmatidan bir marta aybimni kechirib...»
Tashqaridan, onasini izlayotgan bo‘taloqnikidek sog‘inchsas ovoz taraldi:
– Ha hov-v! To‘yga o‘choq quradigan azamatimiz qaysi tog‘ning panasida yotibdi?
– Va-ey, bu yoqdaman, – tomorqada turib tovush qildi Do‘qi polvon, so‘ng echkiga yuzlandi. – Obbo, Tirkash-ku bu. Andak toqat qipturadigan bo‘lding-da, xotin.
– Ba! Yurmaysanmi, oshna, – gijinglab yaqinlasha boshladi Tirkash. Ortidan mahallada yashovchi mol do‘xtiri ham qora ko‘rsatdi. – Doshqozonni osmasak, to‘y boshlanganiga kim ishonadi, Do‘qi polvon? Qani, ketdik. Mana, sheriklikka So‘limovniyam chaqirvoldim.
Do‘qi polvon ularni noxushgina qarshilab, qo‘l uchida so‘rashdi. Tirkash echkiga pisandsiz boqib, shuncha mol-qo‘y turganda nega bu zoti past maxluqni sotib olganini surishtirdi.
– Yo is-pis chiqarmoqchimisan? – taxminlandi u. – Etini bir chamalaylik-chi, sho‘rvadan ortib, oshga yetarmikin?
Yarim tutam o‘t olib, «ma, jigi-jigi», deya echkini chaqirdi. Keyin shoxidan tutib, biqinini g‘ijimladi.
– Hoy, nima qilyapsan? Qo‘yvor! – ilkisdan rashki qo‘zib do‘rangladi Do‘qi polvon.
Bu orada So‘limovning ham qo‘li qichidi. Bedana yurish bilan borib, echkining qornini paypasladi. Bo‘g‘oz emasligini bashorat qilgach, «hali sog‘in shekilli», deya yelinini siypalaganini biladi, Do‘qi polvon: «Qo‘lingni tort, suyuqbashara!» – deb bo‘kirganicha So‘limovning orqa yoqasidan changallab, qurchoqdek tepaga irg‘itdi. Yerga qo‘nib-qo‘nmasidan, qanshariga tortdi. Echki jitranglaganicha o‘zini juvarizorga urgan chog‘da, polvoni qurmag‘ur, do‘xtirning yelkasidan ezg‘ilab, bo‘yniga yana ikki musht tushirishga ulgurdi.
Tirkash hilvaroq bo‘lsa-da, bir mahallar chegarada xizmat qilgani bois, to‘rt-besh soat churq etmasdan o‘tirish-u, qo‘l qayirishga ustaligi bilan mashhur edi. Bir sakrashda Do‘qi polvonga Sibir mushugidek tirmashib, shartta bilagini eshdi.
– Bas qil! Jinni-pinni bo‘pqoldingmi?
– Men senga nima qildim, haromzoda? – bo‘ynini qiyshaytirib so‘radi So‘limov. – Mahkamroq ushla, Tirkash. Buning quturgan. Ko‘zi sopol.
Tirkash o‘zinikini ma’qulladi:
– E, yo‘, jinni dedim-ku sizga. Hali kirib kelayotganimdayam echki bilan gaplashib turgandek bo‘luvdi. Shuni bir psixicheskiy ko‘rib qo‘ying, aka.
– Kunim ho‘kizlarning folchisiga qoldimi endi? – Tirkashning changalidan xalos bo‘lishga tirishib potirladi Do‘qi polvon. – Bilaman, buning qanaqa ko‘rishini.
Do‘qi polvonning So‘limov haqida bilganlarini qishloqda boshqalar ham yaxshi bilishardi. Qo‘shmat-butuntiqar bo‘kib qolganda, qulog‘idan burab turib, paxta yog‘ini xomligicha og‘zidan quygan, ichi ketishni boshlasayoq, hovlida to‘xtatmasdan yugurtiringlar, deb tayinlagan. Bolivoy shamollashdan o‘xchib yotganda, isitma o‘lchaydigan darajashishani qo‘ltiqning tagiga emas, molga o‘xshatib, ketiga o‘rnashtirmoqchi bo‘lgan. Hamdam soliqchiga «tug‘mas xotiningni sun’iy qochirib ko‘rsakmikin», deb eshakdek kaltak yegan...
Ezg‘ilanayotgan yelin ko‘z o‘ngida qaytalangani sayin Do‘qi polvonning battardan rashki lovullab, qayirilgan qo‘lini bo‘shatishga urinib hayqirayotgan, So‘limov baqira-chaqira yangidan-yangi diagnozlarni pesh qila boshlagan, Tirkash dam bunisini bo‘ralab, dam unisini tinchlantirish chorasini ko‘rayotgan qiyyo-qiy pallada juvarizor ichidan Erkaxon chiqib keldi.
– Voy o‘laqolay! Nima bo‘lyapti o‘zi?
Hozir Do‘qivoy xotinini o‘z holiga qaytgani bilan muborakbod etadigan kayfiyatda emas edi.
– Ha-a! Bitta kinna bilan tezda tuzalibdilar-da? Yo So‘limov yana kinna silab qo‘ysinmi? – deya qayishni uzishga talpinayotgan bo‘ribosardek bir So‘limovga, bir xotiniga sapchiy ketdi. – Ikkalangniyam to‘shak qipqo‘yaman! Yorib tashlayman! Yo‘qol ko‘zimdan!
Xotin angraygan asno lip etib g‘oyib bo‘ldi. Keyingi gaplardan yanada quti o‘chgan So‘limov Tirkashning ko‘ziga iltijoli termildi:
– Qattiqroq ushla, uka. Men hozir Cho‘yan qimorvoznikiga kirib, mutaxassislarga qo‘ng‘iroq qilaman.
– Ovora bo‘lmang, – dedi Tirkash. – Cho‘yan kecha Nor miskarga telefo‘nining simlariniyam yutqazvordi.
– Ho‘, xudo xayringni bergurlar, – kutilmaganda paylari bo‘shashib, siniqroq ovozda gapirdi Do‘qi polvon. – To‘g‘risini ayt ikkalang, shuncha ulfatchilik qilib, biror marta birortangni xotiningga ola qaragan joyim bormi? Ho‘, So‘limov, xotiningiz kamsamo‘lboshiligida dalada menga qo‘l uzatib ko‘rishganidi. Shundayam kaftini qitiqlab qo‘yishdan o‘zimni tiyganman.
– Kambag‘alning diagno‘zi borgan sari chatoqlashyapti, qo‘lini qo‘yvorma, – deb bezangladi So‘limov. – Echkisiga sal tekkanimga, itdek taladi. Endi e yo‘q, be yo‘q, gapni xotinimga burishini qara.
«Echki» so‘zi tilga olindi-yu, labbay degandek, juvarizordan maxluqning o‘zi ham tashrif buyuraqoldi. Uni ko‘rib, Do‘qi polvon qaytadan seskanib tushdi. Tanasi tugalay shalviradi.
– Yana shu kepatami, xotin? – ovozi titrab, labi burishdi. – Er bo‘lib, bir so‘ksam so‘kibman-da. Qittay narsagayam xudoni bezovta qilaverasanmi?
So‘limov so‘rrayganicha sekin ortga chekindi. Tirkash bilakni qattiqroq eshdi.
– Muncha po‘killaysan ikkalang? Qo‘rqmanglar, urug‘imdan jinni chiqmagan.
Do‘qi povon ikkala mahalladoshini goh hang-manglatib, goh tirjaytirib, bo‘lib o‘tgan ishlarni gapirib bera boshladi. Oxirida kipriklari lik-liklab, ko‘ziga tag‘in yosh indi.
– Ishonmayman! – nido qildi So‘limov. – Fanga zid bu!
– Fangayam, olimlaringgayam qo‘ydim, – qahrini yutib do‘rilladi Do‘qi polvon. – Fan haq bo‘lsa, unda xotinim qani? Xo‘sh, echki qayoqdan keldi? Hamma biladiki, qishloqda bittagina Safo gadoyda echki bo‘lardi, uniyam qishda bo‘rilar mushkulkushodga ishlatvorishdi.
Tirkash bilakni qo‘yib yuborib, yig‘lamsiraganicha do‘stining yelkasidan quchdi:
– Uzr, oshna. Echki olibsan deb o‘ylab, juda xunuk ish qipqo‘ydim. Qo‘lim xotiningni biqiniga yetmasdan irib tushsa bo‘lmasmidi. Bizni so‘yvormading, senga ming rahmat, – so‘ng ko‘ksiga panja bosib, echkiga bo‘yin egdi. – Uzr, kelin. Milyon marta uzr!
So‘limov oldiniga ikkilanib turdi. Echki uzr-ma’zurni Tirkashning ko‘ziga tikilganicha tinglayotganini ko‘rib, talmovsiragan qiyofada oraga suqildi. Qoshi baroqlanib, ustma-ust tomoq qirdi:
– Endi-i... gap mundoq, kelinposhsho. Birinchida-a-n, bu ishingiz fanga mutlaqo zid. Ikkinchidan, bu siyoqda yurish xavfli, hozir hayvonlar o‘rtasida besh xil yuqumli kasallik tarqagan. Uchinchidan, shukur qilingki, eringiz tupurgan nosining yonidan traktor aylanib o‘tadigan pahlavon bir yigit, dong‘i ketgan gektarchi. To‘yga o‘choq qurishniyam, o‘likka go‘r kovlashniyam bitta shunga ishonishadi. Shuncha narsani uddalagan dev bir kuni ro‘zg‘orniyam gullatar. Andak sabr qiling-da...
Chovra shatirlab, «keli-i-n, hu kelinjon», deb cho‘zinganicha, surilgan g‘o‘zapoya orasidan tomorqaga otin kampir kirib keldi.
– Keling, otincha xola, – o‘zini o‘nglab qarshi oldi Do‘qi polvon.
– Chovra ochiq qolgan ekan. Echkimiz shu tomonga o‘tmabdimi?
Uch erkak bir paytning o‘zida jo‘r bo‘lib so‘rashdi:
– Qanaqa echki?!
– Qori tog‘alaring ertalab bozordan opkeluvdi. Chol-kampirga shuni sutiyam harna-da.
Yaqinroq kelgach, echkini ko‘rib, «bu yoqdamiding, jonivor», deya oldiga solib haydashga tushdi. Ayni damda «chaqirdingizmi, otincha xola», deb u yoqdan Erkaxon ham paydo bo‘ldi.
– Chovrani berkitmabsiz-da, qoqindiq. Echkimizni shu yoqdan topdim.
Do‘qi polvon dam echkiga, dam xotiniga alanglab, bir zum tarraklanib turdi. So‘ng gurs etib yerga o‘tirdi-yu, «vexa... vexa... vexaxay, vexaxay, vexaxay» qilib chapak chala-chala kulishga tutindi.
– Boshdayoq fanga zid degandim-a. Sen darvinsizlarga qo‘shilib menam...
So‘limov zarda bilan qo‘l siltab, pizillaganicha ko‘zdan yo‘qoldi. Tirkash picha garangsib turdi. Do‘ppini peshanaga surib, bir-ikki bor og‘iz cho‘lpillatdi-da, «ki-yinvolib yetib borarsan», deya shumshayib tashqi tomonga yurdi.
– Boyadan beri nimalar bo‘lyapti bu yerda? – o‘zlari qolishgach, tinmay kulayotgan eriga lol-hayron tikilib so‘radi xotin.
– E, bu yoqqa kelgin, juda katta hangoma bo‘ldi. Vexaxay, vexaxay... Eshitsang, seniyam ichaging chalkashib ketadi. Vexaxay, vexaxay, vexaxay...
– Shu topda hangoma eshitishga vaqtim yo‘q. Ko‘ylagingizni chayqayotuvdim, suv sovimasin.
– Va-ey, Serka! To‘xtasang-chi! – burilib ketib borayotgan xotiniga qichqirdi Do‘qi polvon. Keyin yonginasidagi bachki juvarini yulib, ortidan uzatgan bo‘ldi.– To‘xta deyapman senga! Ma, jigi-jigi-jigi... Vexaxay! Vexaxay! Vahe-e-e-y...

1995 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.