OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Shiliqabiliq (hajviya)

Ikki qo‘lini bog‘kursi suyanchig‘iga yarador turnaning qanotlaridek yoyib olgan domla So‘zpardoziy qarshisidagi Ulug‘bek haykaliga tuyalanib tikilganicha miq etmay o‘tirar, daholik talashayotganga o‘xshardi. Lug‘atxo‘jaev esa, keng olachipor kostyumi ichida tovuqdek potranib, hanuz bidir-bidir qilishda davom etardi:
– Keyingi oylarda yuz xil lug‘at titkilab kunim o‘tdi. Povulg‘on degan qishloqning nomi nimadan kelib chiqqanini aniqlash ustida ko‘p bosh qotirdim. Ba’zi olimchalarimizning bu boradagi taxminlari meni qoniqtirmaydi.
Lug‘atxo‘jaev o‘z boshvoqchisi domla So‘zpardoziyning izdoshlarini «olim», qolganlarni «olimchalar» deb atar, bu iboralar ustozga yog‘dek singgayotgani har safar uning yuzidan yarq-yurq sezilib turardi.
– Povulg‘on, Pungon singari joylarning nomi mo‘g‘ulchada soqchilar qo‘rg‘onchasi ma’nosini anglatadi degan qarashlarga mendayam shubha bor, – Ulug‘bekka uqdirayotgan kepatada so‘z qotdi domla So‘zpardoziy. – Bahsli fikr bu. Harqalay, biron yangiroq talqin topdingmi?
Lug‘atxo‘jaev aynan shu savolni ko‘pdan intizorlanib kutgandek, shosha-pisha bosh qimirlatdi:
– Topdim, ustoz, topdim. Ishonchim komil, bu qishloq Rusiya hukmdori bo‘lmish Pavel Birinchi, yoinki Pavel Ikkinchining sharafiga qurilgan. Tabiiyki, nomini o‘zbekchalashtirib, Paveljon deyishgan. Bora-bora, shevada Povulg‘on bo‘pketgan.
Bu gapni eshitib, domla So‘zpardoziy puffa tutaqib ketdi. Pavellar hukmdorligi davrida Turkiston Rusiyaning ta’sirida bo‘lmaganini aytib, shu oddiygina mantiqni nazardan qochirgani uchun shogirdini astoydil siltab tashladi. Shogirdlari orasida mana shu Lug‘atxo‘jaev sal no‘xtasizroq shakllandi-da. Buxoroning nomi o‘rischadagi «bugorok» so‘zidan kelib chiqmaganmikan, deb ilgariyam hammaga kulki bo‘lganidi. Mana, yana qovun tushirishiga oz qoldi.
– Nima bo‘lgandayam, ustozingman, – deb o‘pkalandi domla So‘zpardoziy. – Senga urilgan qamchining uchi meniyam timdalab o‘tadi, gulpadar.
– Uzr, ustoz... Siz doim haqsiz...
Jazirama bo‘lishiga qaramay, boshiga qashqartelpakni bostirib, egniga uzun kamzul kiygan qariya vosh-voshlaganicha kelib, bog‘kursining chetrog‘iga xamirlandi. Qo‘lidagi belvog‘da yelpinayotib: «Bay-bay-bay, shunaqayam dim bo‘ladimi», deya o‘zicha shikoyatlanib qo‘ydi. So‘ng Lug‘atxo‘jaevga yuzlanib so‘radi:
– Bir narsani qidirib keluvdim. Shiliqabiliq qaerda sotilishini bilmaysizmi, inim?
Lug‘atxo‘jaevning ensasi qotdi:
– Nima?!
– Shiliqabiliq kerak bo‘pqoluvdi.
– Bunaqa narsani eshitmaganman. Bilmayman.
Lug‘atxo‘jaev qariyadan zardali qiyofada yuz burib, olamshumul suhbat qaerda bo‘linib qolganini eslashga urinayotganida, ustozning: «Povulg‘ondan boshqa joylarning ustidayam ishlab ko‘rdingmi?» – degan savoli tiliga boshqatdan jon bag‘ishladi.
– Bo‘ka masalasidayam qattiq urindim, – hisobotni taxlashga tushdi u. – Buyam nihoyatda katta muammo tug‘dirdi. Asotirlarda bitilishicha, bu o‘ram qadimda son-sanoqsiz buloqlar chiqib yotgan o‘ta zaxkash yerlar bo‘lgan. «Bo‘ka»ga aynan o‘xshaydigan «bokiy» arabchada yig‘i, buloqni bildirsa, «biqo’» – yer bo‘laklari degan ma’noni anglatishini lug‘atdan aniqladim.
– Yana ayniyapsan, Lug‘atxo‘jaev, yana ayniyapsan, – deya uning so‘zini kesdi domla So‘zpardoziy. – Menimcha, bu nom forsiydagi...
– Ie! Qanaqa forsiy? Qanaqa arabiy? – kutilmaganda eski o‘ninchi kalish bilan «donolar davrasi»ga bostirib kirdi qariya. – Suvga bo‘kib yotgan zax yerlarni dalachilar «bo‘kak» deyishadi. Bo‘ka xuddi shundan kelib chiqqan. O‘zbekda «bo‘ka» degan qabila ham bor.
Ikkala olim bir zum so‘rrayib qolishdi. Qirpalikda tajribasi ancha ortiq bo‘lgan domla So‘zpardoziy o‘zini tezroq o‘nglab oldi. Qariyaga qo‘tosqarash qilib, labining chetidan so‘z uchirdi:
– Biz olim odamlarmiz. Ishimizga aralashmang, gulpadar.
– Olim bo‘lsalaring, hadeb boshqa tildagi kitoblarni titmasdan, o‘zbekchaniyam o‘rganinglar-da, – bo‘sh kelmadi qariya ham.
Lug‘atxo‘jaevning jizzakiligi qo‘zidi:
– Qiziq ekansiz-ku, otaxon! Sizga o‘xshagan omilarning to‘pori shevasiga yopishvolsak, olimligimiz qayoqda qoldi? – so‘ng ustoziga qarab tirjaydi. – Bularga qo‘yib bersak, To‘ytepaniyam turkiycha deyishdan toyishmaydi.
– Va! Hali To‘ytepayam o‘zbekchamasmi? – qariyaning daf’atan ko‘zlari olaydi.
– O‘zbekchamas! – e’tirozga o‘rin yo‘q degandek tizzasiga shap etkizib urdi Lug‘atxo‘jaev. – Ochig‘i, o‘zimam buni o‘zbekcha deb yurardim. Lekin, yaqinda ispancha so‘zlar lug‘atini varaqlayotib...
– Lug‘atxo‘jaev! – o‘shqirgudek bir tarzda murojaat qildi domla So‘zpardoziy. – Kimga uqtiryapsan? Nimani isbotlamoqchisan bu cholga? – keyin qariyaga o‘girilib tumtaydi. – Xullas, o‘zlariga nima keragidi?
– Aytdim-ku shiliqabiliq kerak deb, – javob qildi qariya. – Shundoq shlo‘mbadan o‘tib so‘rasangiz, hamma aytib beradi deyishganidi.
Lug‘atxo‘jaevning tag‘in ensasi qotib: «Shlo‘mba nima?» – deb so‘radi. Qariya «hu ana, turibdi-ku», deya barmog‘ida temiryo‘l shlagbaumini ko‘rsatdi. Lug‘atxo‘jaev kinoyali kulib qo‘ygach: «U narsa shlo‘mbamas, shlagbaum. Nemischa so‘z», deb kallasidagi xazinani takror namoyishlagan bo‘ldi.
– Senlarda yo hamiyat yetishmaydi, yo asli zoting boshqa zuvaladan, – ustoz va shogirdning basharasidan o‘zbeklikni sinchiklab qidirdi qariya. – O‘zbekning gapini bir arabga ilinasan, bir nemisga. Sen indamay turgin-chi, girmoniyalik oliming zo‘r bo‘lsa, o‘zbekchadagi «shlo‘mba» nemischadagi «shalag‘vaum»dan kelib chiqqanini oldimda o‘tirib, isbotlab bersin. Isbotlab bo‘pti! Masalan, biz eshikka tirab qo‘yiladigan tayoqni tamba deymiz. Shundan ko‘rinib turibdiki, eshikni to‘sadigan tayoq – tam-ba, temiryo‘lni to‘sadigan tayoq – shlo‘m-ba! Qalang‘i-qasang‘i kitoblarni paypaslamasdan, mahalla-ko‘ygayam aralashib turinglar. Shiliqabiliqning nimaligini mahalladagi yosh bolayam biladi-yu, olim bo‘pturib, ikkoving yelka qisasan xolos.
Oxirgi so‘z Lug‘atxo‘jaevning ichini chimchilab, birdan fig‘oni falakka chiqdi. Qariyaning kekirtagiga ro‘molcha tiqishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib: «O‘sha la’nati shiliqabiliq nima o‘zi? Ko‘rinishi qanaqa?» –deb uvvos soldi. Qariya uning jazavasiga pisandsiz boqib, shiliqabiliq degan narsa duvol qilib uriladigan kattakon, lekin yengilgina g‘isht ekanligini tushuntirishga tirishdi.
– E-e, shlakoblok demaysizmi, gulpadar, – qariyaga burnini zambarakladi domla So‘zpardoziy. – Anavi uzun binoni aylanib o‘tib, o‘ngroqqa qarab yursangiz, shlakoblok chiqaradigan kichik korxona bor.
– Odamni chalg‘itib, nuqul shiliqabiliq deysiz! –
arazlagan boladek ostki labini burishtirdi Lug‘atxo‘jaev.
– Shiliqabiliq-da! – o‘rnidan turarkan, odatdagidek o‘zinikini ma’qulladi qariya. – Shiliq etkizib duvolga bossang, biliq etib loyga yopishadi. Shuniyam bilmaganingdan keyin...
Qariya, satqayi olimlik senlarga, degan ma’noda qo‘l siltab qo‘yib, beshiktervatardek lakki-lukki odimlab yo‘lga tushdi.
– Shiliqabiliq, shiliqabiliq deyaverib, kallaniyam shiliqabiliq qipketdi bu chol, – deya qorachig‘i yonib sayroqilandi Lug‘atxo‘jaev, qariyaning ortidan xo‘mrayarkan.
Domla So‘zpardoziy esa, bu pallada chuqur o‘yga cho‘mgandi. «Gulpadar cholning Bo‘ka xususidagi gaplarida jon bor, – deya ichida mulohaza yuritayotgandi u.– Bu topilmani matbuotda tezroq e’lon qilvormasam bo‘lmaydi. Aks holda, anavi yalamur og‘zimdagini ilib ketadi».
Domla So‘zpardoziy shumshuk shogirdining ko‘zlariga bir muddat sinovchan tikilib turgach, farmon ohangida dedi:
– Sen bola asosiy maqsaddan chalg‘ima, Povulg‘onni yanayam tuzukroq mijib ko‘r. Tushunarlimi?!
– Tushundim ustoz... Siz doim haqsiz...
Lug‘atxo‘jaev tilida shunday dedi-yu, dilida boshqa gap kechdi. «Obbo, qari tullag-ey, – deb o‘yladi u. – Bilsam-bilmasam, meni eski ishga alahsitib qo‘yib, Bo‘ka haqidagi yangilikni o‘zi kappa otmoqchi. Hoziroq radioga chopganim bo‘lsin...»

1998 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.