OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Shomurod hasibfurushning futbolga borgani (hajviya)

ziz Nesinga ta’zim ila...

Bir tog‘ora hasibni ko‘tarib Shayxontovurga chiqsam, ko‘chada odam tanqis, hamma o‘zini futbolga urvoribdi. Xaridorning ketidan quvib menam stadionga kirdim. Kirdim-u, yuragim orqaga tortdi. Yopiray! Hech kasning boshiga tushgulik qilmasin-u, agar shuncha odam to‘yingga bostirib kelsa bormi, uzog‘i bilan ikki minutda xonavayron bo‘lmasang, mana men kafil.
Olomonning avzoyi chatoqligini ko‘rib, hasibni ochishga yuragim betlamadi. Xayriyatki, bir barzangining yonida bo‘sh joy qolgan ekan, tog‘orani o‘rtaga qo‘yib o‘sha yerga o‘tirdim. Bizdan nima ketdi, shu futboliniyam bir ko‘rsak ko‘ribmiz-da, dedim.
Maydonga qarasam, yarmi sariq, yarmi qizil mayka kiygan bevosh o‘spirinlar qirqta sigir boqsa bo‘ladigan ajriqzorni bemalol tepalab yurishibdi. Hoy, ko‘zingga qara, deydigan odam yo‘q. To‘satdan jahlim qo‘zidi: «Ho‘, xaloyiq! Bu zararkunandalar hammayoqni tepalavordi-ku! Savobgarchilikka birgalashib haydasak bo‘lmaydimi?»– deb baqirdim. Yonimdagi barzangi «sizga qaysi biri yoqmayapti o‘zi, akaxon», deb piching qiluvdi, «barini haydash kerak – sariqlarniyam, qizillarniyam», dedim. Shunda oldingi qatordagi bir dingquloq shartta menga o‘girilib «sariqlarga yana til tegizsang, ko‘zingni o‘yvolaman», dedi. Kasalmandligini hisobga olib, u bilan gap talashib o‘tirmadim, o‘zi boyadan beri shu odamga juda rahmim kepturuvdi. Bechoraning tutqanog‘i bor shekilli, to‘p sariqlarga tegsa, tizzasini o‘ynatib, yelkasini uchirdi. Qizillarga tegsa, kallasi «qaltir-qaltir, qaltir-qaltir» titray boshlaydi deng.
Yo tavba, shu o‘yinning nimasini tomosha qilisharkin? To‘pi bor o‘yinchi yugursa-ku bir nav, to‘pi yo‘qlar nimaga hakillab yuribdi, shunga hayronman. Maysani toptashganiyam mayli, ko‘pchilikning ichiga shim kiymay chiqishganiyam mayli, hech bo‘lmasa, o‘zidan kattani hurmat qilishni bilmaydi-ya, bu humparlar. Qarangki, qora kiyimli bir mo‘ysafid tili osilgudek bo‘lib hali u yoqqa chopadi, hali bu yoqqa chopadi, qani endi noinsof o‘spirinlar unga to‘p berishsa. Hatto, «men bu tomondaman, ukajonlar», demoqchidek hushtak chalsayam parvo qilishmaydi deng. Buni ko‘rib yana zardam qaynadi. Qo‘limni og‘zimga karnay qilib: «Ho‘, tarbiya ko‘rmaganlar! Otang tengi odamga hurmat shumi?» – deb do‘q urdim. Yonimdagi barzangi nimanidir kavshab turib, «vey, aka, aljiramasdan jim o‘tiring endi», deb ko‘zini olaytirdi. Ahvol shu-da, haqiqatni gapirsang, darrov jinniga chiqarishadi.
Tuzi pastroq gap aytib barzangini sal muztar qilmoqchi bo‘pturuvdim, kallam qo‘qqisdan foydaliroq tomonga ishlab ketdi. Ie, to‘xta-chi, Shomurodvoy, dedim, bu ishkamba mabodo bizning firmaga qarashli hasibni chaynamayaptimikan, deb o‘yladim. Tog‘oraga yopilgan sochiq ancha pastlab qolganini ko‘rdim-u, shubham battardan kuchaydi. U qarsa-qurs chapak chalib, «ur-ur, «Paxtakor!», «ur-ur, «Paxtakor!» deb hayqirishga tushganidan keyin hasibni yegani aniq sezildi-qoldi. Ha, hasib juda kuchli narsa. Barzangiga qo‘shilib, hasib yemaganlaram baqira boshlashdi. Shunisi qiziqki, ular qancha qattiq baqirishsa, sariq maykali o‘yinchilar maysani shuncha ko‘p tepalashdi.
Tekin yeyilgan hasiblarni hisob-kitob qilvolish uchun tog‘orani bu tomonga olib barzangiga yaqinroq surilgan paytimda qizil maykali o‘yinchilardan bittasi to‘satdan to‘pni ilib qochdi. Zing‘illaganicha borib, darvozaga shunaqangi varanglatib tepdiki, hatto oyog‘idagi botinkasiyam uchib ketdi. To‘p darvozaning u burchagiga, botinka bu burchagiga kirdi. Stadion o‘ti o‘chgan samovardek jimib qoldi. Oldimdagi dingquloq «Voy-e-ey!» deb ko‘kragini changallaganicha, shilq etib tizzamga yiqildi. Orqadagi bolaning limonadini olib, betiga suv purkaganimni bilaman, haligi dingquloq birdan uvvos solib, o‘rnidan turib ketdi-yu, «ko‘zni yeding, itvachcha», deb bo‘kirishga tushdi. Qarangki, shoshilishda limonadga qo‘shib og‘zimdagi nosniyam purkavoribman. Xayriyatki, do‘xtirlar bor ekan, uni moshinaga bosib kasalxonaga opketishdi. Yuraging pachava bo‘lgandan keyin, to‘p urishni biladigan tomonga ishqibozlik qilsang o‘lasanmi, deb o‘yladim.
Aqlli odamning sadag‘asi ketsang arziydi. To‘p kiritilgandan keyin qora kiyimli mo‘ysafid nihoyat o‘spirinlarni murosaga keltirib, sariqlarni bu tomonga, qizillarni u tomonga ajratib tashladi. To‘g‘ri-da, qaysidir donishmand maydonni ilgaritdan teppa-teng bo‘lib bergan ekan, birovning tomonida pishirib qo‘yibdimi? Agar maqsad to‘p kiritish bo‘lsa, o‘zingni tarafingdayam tap-tayyor darvoza turibdi, boshqalarnikiga urishing shartmi?
Mo‘ysafid sho‘rlik shuncha urindi-yu, kuyib-pishganini baribir chippakka chiqdi. Hushtak chalinishi bilanoq, bezori o‘spirinlar hasibdagi guruch bilan qiymadek yana bir-biriga aralashib ketishdi.
Bir payt badanimning qitig‘i kelgandek bo‘ldi. Mundoq qarasam, barzangi qo‘shnimning ko‘zi o‘yinda-yu, qo‘li oyog‘imda o‘rmalab yuribdi, timirskilanib nimanidir qidiryapti. Indamasam, qo‘lini cho‘ntagimga suqadigan chamasi bor. «Ho‘, akasi, hasib bu tomonda», dedim. Endigina aybini bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lib turuvdim, to‘s-to‘palon tag‘in avjga chiqdi. Sariq maykali o‘yinchilar bu vaqtda narigi darvozani o‘rab olishgan ekan. Ulardan bittasi to‘pni yuqoridan qiyalatib tepgan edi, bexosdan boshqasining kallasiga tegib, darvozaga kirib ketsa bo‘ladimi. Stadionda qiyomat boshlandi, qo‘rqib tog‘oramni qo‘limga ushlab oldim.
Sheriklari to‘p urgan o‘yinchining yoniga kelib, kallang yorilmadimi degandek bir-bir ko‘ngil so‘rab ketishdi. Boshi lat yegan u yoqda-yu, bu yoqdagi ishqibozlar unga achinganidan «Uv-v!» deb yuborishdi. Keyin o‘yinchining kallasi butunligini ko‘rib suyunib ketishdi shekilli, bir-birini yangi kelin-kuyovdek «cho‘lp-cho‘lp» o‘pa boshlashdi. Barzangi qo‘shnim meni quchoqlab, dast ko‘targan paytda, ko‘rgilikni qarangki, tog‘oram qo‘limdan bexos chiqib ketdi. Odamlarning ustidan boshma-bosh sirg‘anib borib, pastroqda bir darangladi-yu, shu-shu qaytib daragi bo‘lmadi. He, o‘sha futbolingni karomatidan o‘rgilay, deb yig‘lamsiraganimcha tashqariga yurdim. Darvozadan chiqayotgan chog‘imda tomoshabinlarning hayqirig‘i orasidan qadrdon tog‘oramning tovushiyam eshitilgandek bo‘ldi. Ishqibozlarning: «Ur, ur, «Paxtakor!» – deyishiga moslab «darang-darang», «darang-darang» qiladi-ya jonivor.
Xullas, o‘shandan buyon hasib sotgani stadionga bormaydigan bo‘ldim, ammo-lekin mistog‘oram nodonlik qilib «Paxtakor»ning ishqibozlariga qo‘shilib ketdi. Ha, tog‘oramning sho‘ri qursin-a, «Paxtakor» oliy ligaga chiqquncha daranglayverib, ilma-teshik bo‘pketmasaydi.

1986 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.