OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Shumqadam (hajviya)

Oliymaqom idoraning nufuzli rahbariyatiga yetib ma’lum bo‘lsinkim, ushbu ogohlantiruvchi salomnomani xalqning ishonchli farzandi, keksa balshevikning yaqin qarindoshidan deb fahmlagaysiz.
Bilaman, hozirga kelib, imzosiz xatlarni tekshirish, afsus va afsuski, rusumdan chiqdi. Shunga qaramay, mazkur muhim hujjat bilan chuqur tanishib, undagi bebaho ashyolarni, hech bo‘lmasa, ichga tugib qo‘yishingizni istab qolaman.
«Og‘iz-quloq agentligi» tarqatgan gaplarga qaraganda, Dazmolov ministrlik lavozimiga tasdiqlanish arafasida turibdi emish. Darhol bu falokatning oldini olgan ma’qul. Shunday deyishga yetarli asoslarim bor.
Dazmolovni juda yaxshi taniyman, bitta mahalladanmiz. U, qishlog‘imizdagi keksa chinor belidan cho‘rt uzilib, obkom vakili o‘tirgan aptamabilni tappa ezib tushgan xosiyatsiz kunda tug‘ilgan. O‘shanda bu voqealarning bir-biriga shundoqqina mos tushib qolganiga e’tibor berib o‘tirmagan edim. Ammo kasofatmand bola birinchi marta maktabga borganida yurtimizda baravariga ikkita Sotsialistik Mehnat Qahramoni vafot etgach, birdan sergak tortdim. Balki siz buniyam tasodif dersiz? Unda, Dazmolov pionerga qabul qilingan kuni Amerikaning «Boing» tipidagi samalyoti Tinch okean ustida g‘oyib bo‘lgani-chi?
Yoki armiyaga jo‘natilishini olaylik – u harbiy eshelonga chiqib ulgurmay, Gretsiyadagi «qora polkovnik»lar qonuniy hukumatni ag‘darib tashlashdi.
Polk, diviziya miqyosida qanday kulfatlar keltirganidan bexabarman, lekin xizmatdan qaytgach, stantsiyamizdagi zavodga chilangap bo‘lib rasmiylashdi-yu, oradan to‘rt soat o‘tmay, rayon o‘t o‘chiruvchilarining yap-yangi binosi yonib ketdi. U sirtdan o‘qishga o‘tganini «yuvib», shaykasi bilan nahorgacha bemazagarchiliklar qilgan kuni esa Isroil Misrga bostirib kirdi.
Hatto, shulardan keyin ham, bu hol hech bir mahkamani tashvishga solmadi. Turg‘unlik davrining asosiy illatlaridan hisoblangan o‘ta boqibeg‘amlik, atroflicha o‘rganmasdan turib kadr tanlayverish oqibatida Dazmolov avvaliga master yordamchisi, keyinchalik master, ko‘p o‘tmay injenerlik kursilariga o‘tirdi. Ana shunday ko‘r-ko‘rona siljitishlarning har biri bizga nihoyatda qimmatga tushib, birinchisida – Gazlida zilzila sodir bo‘ldi, ikkinchisida – Grenadada to‘palon chiqdi, uchinchisida – Meksikada duppa-durust o‘yin ko‘rsatib turgan futbolchilarimiz boshmaldoqdek Belgiya mamlakati komandasiga yutqizib qo‘yishdi.
Afrikadagi qaysidir prezidentning itini so‘l terrorchilar otib ketishgani, natijada respublika bo‘yicha bir haftalik motam e’lon qilingani esingizdadir? Bu voqea Dazmolovning ayni direktor etib tayinlanishiga to‘g‘ri kelganiga nima deysiz?
U nobakor oblijroqo‘m raisining muovini bo‘lib tasdiqlanganida, yuragim bezillab, ertalabgacha uxlamay chiqdim. Bu safar ham yanglishmagan ekanman: savet radiosi kallai sahardayoq e’lon qildiki, Yaponiyada qattiq dovul turib, passajir poezdini ko‘prikdan uchirib yuboribdi. Ancha qurbon berilganining asl sababini xorij gazetasiga sal shipshitgudek bo‘lsam, yapon yigitlari yopirilib kelib Dazmolovniyam, uni ishga tayinlaganlarniyam karate qilvorishmasmidi?
Yuqoridagilardan xulosa chiqarib aytsak, xalqaro vaziyat zo‘rg‘a yumshayotgan, yurtimizda Qayta qurish zamoni e’lon qilingan bir paytda bu ashaddiy shumqadamni joyidan qo‘zg‘atib, yana bir baloni boshlash shartmikan? Sizlarni bosiqlikka, siyosiy hushyorlikka chaqiraman, o‘rtoqlar. Puxta o‘ylab ish ko‘ring, ya’ni oldingizda turgan ikki yo‘ldan birini tanlang – yo Qayta qurish, yo Dazmolov!

1988 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.