OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Sotti satang hayotidan (hajviya)

CHOYXONADA

Buyoqqa o‘tir, grajdanin Abdukarim. Pajalista, nondan ol. Ie, seniki qaymoqli patirmi? No‘, no‘! Qani, o‘shani ushatgin-chi bo‘lmasa.
Xo‘-o‘-sh, traktoringda haliyam dalalarni gullatib yuribsanmi? Filtrni tez-tez yangilab tursang bas, motor eshakday ishlayveradi. Vot, asosiy masala qaerda!
Texnikani suvdek bilaman, o‘ttizinchi yillarda MTSga1 direktor bo‘lganman. U mahallarda kolxozlarga traktor bersak, oyog‘imizning tagiga tuya so‘yishardi. Biz tuyani yeb tamomlardikki, toshbaqanamo traktorlar desang bitta kartani shudgordan chiqarolmay xunob qilardi.
Daje, qirqinchi yillardagi traktorlarniyam hafsalasi sustroq edi. O‘zi texnikaning ahvoli nima-yu, ulardan to‘g‘ri foydalanmagansan deb, mendek odamni ishdan urishdi. Shumi sobiq kavalerisga oqibat dedim-u, yuqoriga qaratib xat yumalantirdim. Ancha urdi-surdidan keyin, kolxozga rais bo‘lvoldik.
Aqlli odamning dushmani ko‘p bo‘ladi, elliginchi yillarda payt poylab turib, yana tagimga suv quyishdi. Bosh tabelchilikka tushdim. Ammo, shuniyam ko‘risholmadi, ichasan deb bo‘ynimga ayb qo‘yishdi-ya. Eng prasto‘y bahona, to‘g‘rimi? Agar ichmaganimda, chekasan yoki boshqa narsa qilasan deb kovushimni to‘g‘rilashardi baribir.
Xo‘p, xarasho‘, aybimiz ham bor deyaylik. Xo‘sh, men bilan seni tergaydiganlar o‘zlari ichishmaydi deb o‘ylayapsanmi? O‘ho‘-o‘-o‘, o‘zlari bundan battar ishlarniyam qilishadi. Mas’ul postlarda ishlaganman, hammasi tirnog‘imning ustida. Hamma gap shundaki, o‘sha qalbaki pokizalarni palaxmonga solib irg‘itish uchun hozircha yetarli faktimiz yo‘q.
Agar zametka qilib yurgan bo‘lsang, keyingi paytda o‘zimizga o‘xshagan vatanparvarlar chetda qolib, zamon shoirniki bo‘p ketdi – satriga qarab pul ishlashyapti. Tunov kuni pochtaga kirsam, qo‘shnimning to‘qqizinchida o‘qiydigan mushtdekkina qizi bitta kaptansyani uzatdi-yu, davlatning bir necha so‘m mablag‘ini o‘zlashtirib ketdi. Surishtirib ko‘rsam, bu zumrasha o‘ninchida o‘qiydigan o‘spirinlarga atab she’r yozib turarkan. Ana senga taraqqiyot!
Pochtadan chiqdim-u, to‘g‘ri magazinga kirib, uchta qalam, o‘nta daftar oldim. Hech she’r yozib ko‘rganmisan, grajdanin Abdukarim? Yozish-ku chepuxa, eng qiyini uni publikatsiya qilish. Gazetachilardan tanish orttirmasang, o‘lsayam bosishmaydi, vassalom. Vot, asosiy masala qaerda.
Rayon gazetasiga kechaning o‘zida to‘rtta g‘azal olib kirdim. Birini o‘poq, birini so‘poq qilishdi. Qani endi, shunaqada pochchang gazetada ishlasa-yu, yozganlaringni opang orqali uzatib turaversang.
Boshingni ortiqcha kampasir qilmay, yaxshisi, g‘azallarimdan bittasini senga o‘qib beraqolay. Alanglamay, bu yoqqa quloq sol:

Qora qoshing burningda tutashibdi-ku, voy-dod,
Pricho‘skang o‘zingga yarashibdi-ku, voy-dod.
Osmondagi turnalar joyida taqqa to‘xtab, 
Suv tagidan baqalar qarashibdi-ku, voy-dod.
Sotti Sagatovich Sunnatovni ado qilma,
Boshqa oshiqlar birlashibdi-ku, voy-dod.

O‘zi lo‘nda, mazmuni judayam chuqur, to‘g‘rimi? Gazetadagi buyrakratga shuyam yoqmadi. Yanglishmasam, keyingi vaqtda u meni vapshe ko‘rolmay boryapti. Chunki, o‘zi bundan o‘tkazib yozolmaydi-da.
Shunaqa nohaqlik qilishaversa, bir kunmas-bir kuni yozishni shartta to‘xtatib qo‘yishim mumkin. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Gazetachilarga qolsa-ku, bitta shoirning kamaygani foyda. Lekin, odamlar-chi? Sho‘ring qurg‘ur oddiy odamlarga mendek g‘azalxonni kim topib beradi? Vot, asosiy masala qaerda.
Nega bunaqa betoqat bo‘lyapsan? G‘azalning mag‘zini chaqolmading shekilli, grajdanin Abdukarim? Xijolat tortmay qo‘yaqol, sen-ku traktorchisan, bunaqangi ma’nodor g‘azalni hatto birinchi klass shofyorlaringgam darrovda tushunavermaydi.
Ha, aytganday, o‘zing ham shofyor bo‘p ketmasayding. Mashinada ko‘p paxta terib, mukofotga «Jiguli» olganmishsan? Malades, eshitib xursand bo‘ldim. Biz otda chopib yurib shundaqa ajoyib zamonni qurib qo‘ydik, senlar davrni suraver endi.
Mashinang shu atrofdami o‘zi? Oyog‘ini ko‘rib qo‘ysak, qalay bo‘larkin? G‘ir etib pivoxonaga boramiz-u, bir-ikkitadan kurushkani bo‘shatib, bahonada mashinaniyam yuvgan bo‘lamiz. Ruldaman desang, mayli, seni ulushingniyam o‘zim olaman. Eng muhimi – pivo tugab qolmagan bo‘lsa bas. Vot, asosiy masala qaerda.

KO‘CHADA 

O‘v, grajdanin! Graj... G‘assolvoymisan? Mo‘ylov muborak bo‘lsin. Zo‘rg‘a tanidim. Xiyol qori dastlab soqol qo‘yganida, iti taniyolmay, ilgidan olgandi.
Vapshe, menam seni yoshingda mo‘ylov qo‘yganman. MTSga direktor edim o‘shanda. Haliyam qora ekinga suvchidirsan? Nichevo, uka, baridan muhimi – tani sihatlik. Vot, asosiy masala qaerda.
Qo‘lingdagi so‘mkadan xulosa chiqarish mumkinki, magazinga qarab ketyapsan. Tanlagan yo‘ling to‘g‘ri, kutubxonayu do‘konlarga tez-tez borib, xalqaro ahvol bilan ichki savdoni kuzatib turish kerak. Men dunyoni ko‘proq televizo‘r orqali paypaslab boraman. Yaqinda bir aperis... to yest, ateyis bola chiqib, ba’zi taniqli avliyolar ham uch-to‘rttadan xotin olgan, deydi. Znachit, ular ancha oshirib yuborishgan. Mana, biz hatto kolxozga rais bo‘lib, ikki marta chimildiqqa kirishga zo‘rg‘a haddimiz sig‘di. Uchinchisiga og‘iz ochganimizni bilamiz, firqalik biletimiz «pir-r» etganicha markazga uchdi. Ancha-muncha don sepib ko‘rdik, qaytib kelmadi.
O‘shanda kimga kinnam kirganini top-chi. O‘tgan yili bug‘doyingni qaysi chumoli o‘g‘irlaganini topsang topasanki, bu ipning uchiga yetolmaysan.
Bo‘pti, o‘zim aytaqolay. Hozir tepangda barmoq saraklatib turgan Zaytun Firdavsovna u mahallarda orqamdan pizillab yurardi. Iljayma. Bugungi ahvolimga qaraysan-da? Oshiqligimdagi turishimni ko‘rsang – xirom etikdek tarsillayman. Gilamga oyoq artib, qopdan hamyon osgan davrlarim. Zaytun opangni so‘rasang, madaniyat uyida birinchi no‘merli o‘yinchi. Ayniqsa, «Tanovar»ga yo‘rg‘alaganda, poezdni relsidan chiqarvorardi.
Xoladimga* yetdim deganimda, sevgim xazon bo‘ldi. Peshanamga shu tannozning portreti chizilmagan ekan, uka.
O‘sha fojiaga atab bir she’r qoralaganman. Men o‘qib beray, sen qo‘lingga ro‘molcha olib eshitib tur.

Quloq sol, ey Zaytun otli sanammo‘-o‘, sanam,
Ko‘pni kuydirding, yondim menammo‘-o‘, menam.
Bu olamda o‘zim loyiq edim-ku vaslingga, 
Zakazno‘ydek menbop eding senammo‘-o‘, senam.
Sotti Sagatovich Sunnatovga enadek tabarruk eding,
Bizni ayirdilar... Voy, enammo‘-o‘, enam!

Malades, grajdanin G‘assol, diydang qattiq ekan, yig‘lamading. Yuraging g‘ippa ushlab qolishidan qo‘rqib turuvdim. Chunki, buni xotinimga o‘qib berganimda, qorib turgan xamiriga boshi sanchilganicha qimirlamay qoluvdi.
Taqdir ekan, Sotti akang Majnunlikka yaramagandan keyin, Zaytun opang ham Laylilikni yig‘ishtirib, deputat bo‘pketdi. Battol rahbarlar shunday narsani ishlatib qaritishdi. Menga tekkanda, uyda bo‘rsiqdek bo‘lib, kashta tikib o‘tirardi. Vot, asosiy masala qaerda.
Seni nega to‘xtatdim o‘zi?
Ha, aytganday, agar magazinga ketayotgan bo‘lsang, kichik bir xizmat bor. Qog‘oz tugab qolib, ertalabdan buyon o‘zimni qaerga osishni bilmay yuribman. Ke endi, dardimni olgin, uka. Ortgan mayda pulingga to‘rttagina daftar opkelib bersang, she’rxonlar kelgusida senga zavo‘tning mo‘risidek haykal qo‘yishadi. Qo‘rqma, haqingni yeb ketmayman. Bironta g‘azalim bosilsa, gonorardan uzilish bo‘pketarmiz...
Nima deding? Medpo‘nktga ketyapman? Nozikroq joyingga chipqon chiqqandir-da? Ie, badaningga eshakem toshgan bo‘lsa, medpo‘nktda balo bormi? Kechasi og‘ilxonaga kirib, etagingda eshakka yem bersang, toshmalaring uch kunda qaytadi. Mabodo, eshak topilmasa, mayli, unda do‘xtirga bor.
Mejdu prochim, Xiyol qoriga uchrashsang ham bo‘ladi. Dami nihoyatda o‘tkir – «kuf» desa karni tuzatadi, «suf» desa soqovni.
Hoy, shoshmay turgin...
E, bor-e, bilganingdan qolma-e! Aslida-ku, senga o‘xshaganlarga nutqimni xor qilmasligim kerak. Lekin, anqov grajdanlarni ko‘rganda, «E, xo‘sh!» – deb qo‘yish shoir xalqining burchi. Vot, asosiy masala qaerda.

RO‘ZG‘ORDA 

Shundoq qilib, xotinginam, palovniyam urvoldik. Bayramingga putur yetmasin deb, tuzi pastligini aytib o‘tirmadim.
Qanaqa bayram deganing nimasi? Bilasan-ku, har payshanba-bozor uyimizda she’r bazmi...
Qayoqqa, hov? He, tezda ranging o‘chmay o‘lgur! Qimirlama deyapman! Nima, bitta o‘zimga kerakmi ijodim? Sen parazitlar ma’rifatli bo‘lgin deb, kechasi bilan qilichning tig‘ida yurib chiqaman. Dorbozdan farqim shuki, u oyoqdan toyishi mumkin, men tildan. O‘tir yaxshilikcha! Qani, eshitmay ko‘r-chi!
... Ha, gap shundoq bo‘pti, grajdanin xotin. Mayli, xohlasang parquvga yonboshla. Ammo, pinakka ketsang, xafa qilaman. Kapgir qozonda-yu, shoir muxlislar orasida istarali. Vot, asosiy masala qaerda.
Burnoq kuni nega qornim g‘ijimladi, bilasanmi? O‘shanda Bo‘ston cho‘loq bir arbuzni «yor-yor» bilan ko‘tarib kepqoldi. Guzarda bo‘g‘izlab yedik. Kechasi azobini tortgandan keyin bildimki, po‘chog‘idan urug‘igacha g‘irt dori ekan. Mana senga elektropikatsiya plyus ximizatsiya!
Ana shundan tajanglanib, peredavo‘y grajdanskiy ruhda o‘tkir narsa yozdim. Choyni xo‘rillatmasdan, quloqni dinkaytir.

Magazinga kelibdi arbuz, e malades,
Sotibdi uni Nazar ko‘kko‘z, e malades.
Bitta arbuz olib so‘ysak, g‘ij-g‘ij selitra,
Qo‘rqmay yedik qip-qizil tuz, e malades.
Sotti Sagatovich Sunnatovga isitma chiqdi,
Kelaqol, do‘mboq do‘xtir qiz, e malades.

Esnama! Esnama deyapman! Ha, esizgina she’r. Senlarga «So‘nggi axborot» ham hayf. Endi bildimki, to‘rtta xotin olganlar to‘g‘ri qilgan ekan. Oxiri bittasi esliroq chiqadi-da.
Haliyam kechmas, meni shunaqa xo‘rlayversang, boshiga kitob qo‘yib uxlaydiganini axtarib, shartta uydan jilvoraman. Kichkina shu qishloqda yangi Amiriyni yetishtirgan xudo, vodiy bo‘yicha birorta Nodiraniyam yaratgandir.
Voh, peshanam qursin! Adabiyotni-ku echki karamni bilganchalik bilasan, hech bo‘lmaganda, devonimni oqqa ko‘chirishni eplasang ekan. O‘zingga ma’lum, pocherkim ancha bepardoz. Adabiyot gazetasiga she’r yuborsam, u yoqdan xat keldi: «Chizib jo‘natgan rasmingizga tushunmadik», deb. Boshqa gazetadagilar bo‘lsa: «Bizga atagan narsalaringizni rus alfavitida yozing», deyishibdi. Xuddi olamda o‘zbek alfavitiyam bordek gapirishadi. Oxirida bitta mashqimni Buhalchaning nevarasiga dikto‘pga qilib, «Yosh kuch»ga qaratib haydadim. Ko‘p o‘tmay: «She’ringizni oldik, lekin yoshlar haqida bo‘lmagani uchun qoldirildi», degan javob keldi. Xatni o‘qib, suyunib ketdim – yuborgan narsam she’r ekanligini nihoyat tan olishibdi. She’rim borligi isbotlandimi, demak, shoirman. Vot, asosiy masala qaerda.
Mana, talablaringga binoan deb, o‘sha jo‘rnolga mos g‘azal bitib qo‘ydim. Bunisiniyam yayrab eshit.

Bir kamsamo‘lkani sevdim, suqlanib tursam turay,
Uylanib, yaxshi yo‘lga shu qizni bursam buray.
Oh dedim, so‘ng voh dedim, fortichkadan bir boq dedim,
Maktabning derazalariga mo‘ralab yursam yuray.
Ishq yo‘lida tavakkal qil, Sotti Sagatovich Sunnatov,
Shartta etikni cho‘tkalab, kamsamo‘lga kirsam kiray.

Vu, parazit! Vu, parazit! Xurrak otyapsan-ku! Tumov-puchqoqligingni pesh qilma. Nima, oddiy burun tortishni xurrakdan ajratolmay qoldimmi? Ijodkorlar ayn momentda lyuboy narsani payqaydi. He, bamaza choponchangdan o‘rgildim!
Bizga juda uvol. Shoir zoti borki, sho‘rlikni senga o‘xshagan zimistonlar gumdon qiladi – goh yurakni kemirasan, goh asabni. Men dastingdan halok bo‘laman, sen ajali bilan ketdi deb dezinpormatsiya tarqatasan. O‘limdan-ku qo‘rqmayman, ammo kelib-kelib sen popishakka qurbon bo‘lganim alam qiladi. Harom o‘lganga yarasha, Amiriy oshatgan oshdan tiqilib o‘lsang-da. Vot, asosiy masala qaerda.

REDAKSIYADA

Ha, betgachopar, haliyam abadiy xodim bo‘lib o‘ti-
ribsanmi? Nomni juda topib qo‘yishgan-da, mingta shoir gazetangda she’rini chiqarolmay o‘lib ketadi, sen yuz yil shunday turaverasan.
Senda insof bormi o‘zi? Dushanba kuni tashlab ketgan she’rimni seshanbadayoq konvertga tiqib, uyimga jo‘natibsan-a. Jig‘ildonni o‘ylasam, oldingga kelib o‘tirmasdim, she’rxon grajdanlarga kuyindim. Chunki, san’at – xalqniki. Vot, asosiy masala qaerda.
Mana, yozgan xatingni qara, xo‘rozqand o‘rashga arzimaydi. Yana «O‘rtoq» deb boshlabsan. Sendaqalarga o‘rtoq bo‘lish u yoqda tursin, atala xudoyigayam birga bormayman.
Gapni cho‘zmaylik, menga chesniy ayt, davlatimizga do‘stmisan, yo ichki konturmisan? Qayta qurish haqidagi she’rimni majaqlash uchun osmondan parasho‘tsiz tashlabsan-ku. Buni boshqatdan bir eshitib ko‘rgin, aktuvallik bundan ortiq bo‘ladimi?

Noqulaydir to‘palonda molga o‘xshab chetda turish,
Turg‘unlikka qarshi birdan e’lon qilsam kerak urush.
Afsus, haliyam ayollarda oshkoralik yetishmaydi,
Mazmuni to‘q savol bersak, yaxshi emas gapni burish.
Bordir Sotti Sagatovich Sunnatovning bir orzusi, 
Uyam bo‘lsa, tovug‘ining katagini Qayta qurish.

Shunday proletarskiy nazm turganda, qandaydir Rangin G‘amgin degan bolaning ta’ziyaga o‘xshagan she’rini bosib yuribsan. O‘sha shoiring topgan vahmagap shuki, bir sodda dehqon butefosning taqiqlanganidan suyunib, xorijdan keltirilgan boshqa zaharning idishini nog‘ora qilib chalayotganmish. Shu hayron qoladigan narsami? Hammaga ma’lum-ku – nima, kapitalistlar bizga zahar jo‘natmay, asal jo‘natarmidi?
E, o‘chir popirisingni, oldingda odam o‘tiribdi. O‘zing po‘stakdan sal kattaroq rayonning ro‘molchadek gazetasida ishlaysan, burning namuncha bulutda? Agar, oblastda ishlab qolsang, otang propuskasini ko‘rsatib gaplasharkan-da?
O‘chdimi popirising? Endi hushingni jamla, senga yoqmagan manavi g‘azalning mag‘zini o‘zim chaqib beray.

Samalo‘tlar uchirishdi turganda tayyor laylak, e-voh!
Bozorda kartishka kam, podprilavkadir choynak, e-voh!
Qorovuldan ministrgacha xalq mulkini talab yotar,
Oxiri aspal ko‘chalarniyam tashib ketishsa kerak, e-voh!
Yana zo‘r gaplarni aytardim, ajoyib juvon o‘tib qoldi,
Sotti Sagatovich Sunnatovga bering ko‘zoynak, e-voh!

Bir qarashda – kichkina asar, lekin qamrovning kengligini qara: bo‘lar-bo‘lmas olimlarga kesatiq, sabzavotchilikning bugungi ahvoli, savdodagi nayranglarni cho‘chimay fosh etish, hukumat rahbarlarini tashmachilikdek katta xavf mavjudligidan ogohlantirish va nihoyat grajdancha pok sevgi taronasi.
Shunday narsani tushunmay, «bu she’rni o‘z-o‘ziga tanqid ruhida qayta ko‘rib chiqishingiz kerak», debsan. Loaqal, «iltimos qilaman» desang, tilingga chechak chiqarmidi? Bo‘yingga galstuk taqqandan keyin, yumshoqso‘z bo‘lishgayam chidagin-da. Mana, bizda galstuk yo‘q, xohlasak, aynib so‘kinamiz, xohlasak, shapaloq tortvoramiz.
Ha, bo‘pti, o‘sha o‘z-o‘zini tanqidingdan kelib chiqib, ba’zi she’rlarda bitta-yarimta kamchilik ham bor deylik. Ammo, ayni qahraton arafasida peliton-g‘azalimni brak qilishga qanday qo‘ling bordi?

Qish kepqoldi, fermalarni tuzatish kerak, anqovlar,
Tom bilan rom bor-yo‘qligini kuzatish kerak, anqovlar. 
«Vatandan sutni ayamang, o‘rtoq sigirlar!» debon,
Buzuq devorni shior bilan bezatish kerak, anqovlar
Sotti Sagatovich Sunnatov der: saryog‘ kutar shaharlik,
O‘zing yema, ularga uzatish kerak, anqovlar.

Yana aftingni tirishtirasan-a. Hov, nega birontang Sotti Sagatovichni tushunolmaysan? Aybim o‘zimga xosligimmi? Hammaga o‘xshatib yozish, hatto, pandavaqi xotinimning qo‘lidan kelishi mumkin. Jahonga chiqaman degan erkak shoir xotindan balandroq yoza olishi shart. Vot, asosiy masala qaerda!

TO‘YDA 

Salomimiz sovg‘a bo‘lsin mana shu to‘yga,
O‘xshatinglar qarindoshdan kelgan qo‘yga.

Ikki dunyoda kamlik ko‘rmayin deganlar, bu she’rga guldiratib qarsak ursin.
Rahmat, grajdanlar! Sizlardan ilhom olib, shu mahallada shoirlikka ko‘tarildim, hammaga sevimli bo‘ldim. Albatta, bundan xursandman. Yanayam grandiyo‘zniy yutuqlarga erishishim mumkin edi, «no‘» deyish kerakki, redaktsiyalardagi «bo‘m-bo‘m»lar adabiyotga sizchalik aqli yetmaydi. Vot, asosiy masala qaerda.
Vaqtning pirillab o‘tishini qarang, MTSga direktorligimda To‘xtavoy tushmagur ketmonsopidan yo‘g‘onroq o‘spirin edi. Kolxozga raislik qilgan davrimda uni otboqarlikka olib, mehnatda tarbiyaladim, bosh tabelchiligimda ish haqini qonuniy yozib berib turdim. Natijada, bola-chaqali bo‘ldi. Mana, do‘ppi bir aylanguncha, bugun kenja o‘g‘liga xotin olib beryapti.

To‘xtavoy bir xivich edi, xoda bo‘ldi,
Yoniga va bo‘yiga o‘sib, ota bo‘ldi.
Farzandlari ko‘payib bordi, qiyos qilsak – 
Bir qo‘chqoru bir sovliqdan poda bo‘ldi. 
Qishloqqa madaniyat kelib, to‘yda she’r o‘qish
Sotti Sagatovich Sunnatovga mo‘da bo‘ldi.

Bunisigayam qarasak chalgan grajdanlar murodiga yetsin.
Keling, do‘stlar, kuyovbola bilan kelinchakni yaxshilab tomosha qilaylik. Ana, ikkalasiyam baxtiyor. Chunki, hozir dalada ayni brigadirlarning ketini kana chaqqan davr bo‘lishiga qaramay, bu ikki yosh to‘y bahonasida ketmon chopig‘idan qutulib, kamida uch kun chimildiqda jon saqlab yotadi. Buyam bo‘lsa, zamonning bag‘ri kengligidan, o‘rtoqlar.
Bu yoshlarga, ayniqsa, men juda havas qilaman. Binobarin, o‘zim ro‘shnolik ko‘rmay o‘sdim, odamga o‘xshab kulturniyroq turmush qurolmadim. Ikki marta sevishmasdan uylanganimni ko‘pchilik yaxshi biladi. Uchinchisiga chin muhabbat qo‘yganimda, qo‘ynimdan yorimni, cho‘ntagimdan partiya biletimni sug‘irib ketishdi. Endi bilsam, bu shaxsan Stalin boshlagan ig‘vo ekan, hozir hamma gazeta uni urib yotibdi.

Qora chakmonda kelib, tinchimni yuldi pravakatsiya, 
Ishimniyam, ishqimniyam rasvo qildi pravakatsiya.
Fabrikalar bo‘z va chit o‘rniga g‘iybat to‘qib,
Rastayu peshtaxtalarga to‘ldi pravakatsiya.
Sotti Sagatovich Sunnatov hozircha salomatdur,
Hozircha sal gumdon bo‘ldi pravakatsiya.
Qarsak chalgan grajdanlar o‘lguncha omon bo‘lsin.

E, rahmat. Endi bildimki, ichib yozilgan she’rni ichib eshitgan yaxshi. O‘zi bazmni chapani xo‘rozlarga chiqargan, sahardan bomdodgacha tirikchilikka tirmashganning beti qursin.
Mana, Aspan attorni olsak, saqichu ko‘zmo‘nchoqdan boshqani tanimay dunyodan o‘tdi. Og‘ir yotgan vaqtida ro‘molchaga to‘rtta behi tugib, ko‘rgani kirsam, ko‘zi osmonda, qo‘li kartmonda. Ahvol so‘raganim sayin kartmonni mahkamroq changallaydi deng. Zora, gap qovushsa deb, she’rxonlikka o‘tdim. O‘sha g‘azalni eshiting.

Go‘r judayam sovuqdir, kafan yupqadir,
Go‘yoki qishda kiyilgan yozgi yubkadir.
Tuproqqa ko‘milib yotasan o‘zing qaltirab, 
Munkaru Nakir kelar gurzisi yaltirab.
Oyog‘ingdan do‘zax tomon sudrashgani dam,
Sotti Sagatovich Sunnatovdan kutmagin yordam.

Sho‘rlik Aspan attor kartmonga ilhaq bo‘lib, shunday kasalbop she’rni oxirigacha eshitolmay ketdi...
Bas, bolalar, birovning o‘lgani aytilganda, qarsak chalinmaydi. Bu – bir. Ikkinchidan, to‘yning kechqurungi qismiga aralashib yurishlaring unchalik shart emas. Agar meni deb kelgan bo‘lsanglar, mayli, bolalarga yozganimdan bitta o‘qib beray, keyin yaxshilikcha tarqalinglar.

Kazbek tog‘ning cho‘qqisida 
Archalar bor, archalar.
Keng va ozoda bog‘chamizda
Darchalar bor, darchalar.

«Ura!» deb qichqirgan bolaning ishtonchasi ko‘payaversin.
Barakalla, azamatlar! Iloyim, mana shu kuyov bilan kelingayam sizdaqa chug‘urchiqlardan bir galasi nasib qilsin. Hammasi sog‘-salomat ulg‘ayib, biri MTSga direktor, boshqasi rais yoki bosh tabelchi bo‘lib yetishsin. Balki, birontasidan hatto shoir chiqar. Ammo, muhimi bu emas. Pajaluy, ishning katta-kichigi yo‘q. Ishqilib, har kim kasbini mendek sevsin, mendek uddalasin. Vot, asosiy masala qaerda.

AXLATXONADA 


Salom berdik, qadrli gadoy to‘ralar. «Rayon axlatxonasiga xush kelibsiz!» demoqchi emasman, maqsadim– yaxshilikcha kelishib olish, ko‘p emas, kuniga bir yarim so‘m atrofidagi sarfimni ko‘tarib turishlaringga to‘g‘ri keladi. Vot, asosiy masala qaerda.
Ha, piyonistaman! Bir mahallar MTSga direktor bo‘lgan odam shu ahvolga tushib qoldim. Ammo, ming afsuski, gadoychilik qilish hozirgi kasbimga to‘g‘ri kelmaydi– shoirman.

U tomonga, bu tomonga qarang-qarang,
Yangi yilning soatlari darang-darang. 
Yosh-yalanglar bangilarni cho‘chitishib,
Osmonga mushak otishar varang-varang.
Sotti Sagatovich Sunnatovga ulfat toping,
Stakanni urishtirsin jarang-jarang.

Buni yangi yil kuni shaxsan o‘zim yozganman. Hoynahoy, Mirzaqandni tanirsizlar? Ana o‘sha bezdelnik bunga guvoh.
Meni to‘g‘ri tushuninglar, gadoy to‘ralar! Har qanday daromaddan soliq olinadi, sizlar ham umumdavlat qonunidan chiqib ketmanglar, deyman. Nima? Soliqni uchastkavoyga uzatib turibmiz, deysizmi? No‘-o‘! Bu soliq emas, janoblar, bu – chistiy pora. Bu qonunparvarlik emas, qonunbuzarlik. Uchastkavoyga orqa qilib, mendan qutulmoqchi bo‘lganlar qattiq adashadi – qo‘limda qalamim bor, hammangizni besposhadniy fosh qilaman! Bilmasam ekan, sizlar na urushda invalid bo‘lgansiz, na mehnatda. Biringiz mastlikda poezd bilan to‘qnashib, oyoqdan ajragansiz; ikkinchingiz kissavurlikda olomontepkiga qolib, bukri bo‘lgansiz; boshqangiz pivaxonada qansharga shisha yeb, ko‘zdan ajragansiz. Kategoricheskiy ogohlantirib qo‘yay, men yozgan pelitonni redaktordan qaytarib olishga bir yarim so‘m pora nihoyatda kamlik qiladi. Vot, asosiy masala qaerda! Farosatni ishlatish kerak, gadoy to‘ralar!

Ayo do‘stlar, topolmadim serfarosat odamni, 
Toki menga qulluq qilsa ko‘rganda shlyapamni.
Mendan kular erkak-xotin madaniyatni qilishib xor,
Vaholanki, kitel kiydim, bo‘ynimda galstuk bor.
Bezor bo‘lib, mahalladan olib ketsam agarda bosh, 
Sotti Sagatovich Sunnatovni eslab yig‘la, ey qalamqosh.

Bunisiniyam shaxsan o‘zim to‘qiganman, janoblar. Tekin eshitishga uyalmaysizlarmi, shu she’rning o‘zi bir yarim so‘mga arzimaydimi? Qolaversa, beshtasizlar, bir yarim so‘m har bittangizga bor-yo‘g‘i o‘ttiz tiyindan tushadi. Shuyam pulmi, gadoy to‘ralar? Tak chto, paslik qilib o‘tirmanglar.
Agar KPSSning keyingi s’ezdini matbuotdan kuzatgan bo‘lsangiz, yurtimizdagi har qaysi grajdan boshqalarga g‘amxo‘r, hamma bilan ahil, muhtojlarga ko‘makdosh bo‘lishi zarurligi uqtirildi. Bizga o‘xshagan eski kavalerislarni qadrlash kerakligi alohida ta’kidlandi.

Ey veteran, nega buncha qovog‘ing solingandir?
Balki insoniy huquqing to‘satdan tortib olingandir?

Papoq kiyib qon kechding, hamma og‘irliklarga chidab,
Alam qilar, o‘sha botir nega bugun yalingandir?

S’ezdda yangragan qarsaklar hukumat sha’niga ermas,
Sotti Sagatovich Sunnatovning sabriga qoyil chalingandir!

Ahvol shunaqa, gadoy to‘ralar! Bosh og‘rib, yana ellikta otgim kelyapti. Bundan chiqdiki, tirikman. Besfordonniy do‘xtirlar bo‘lsa, endiyam ichsang akonchatelniy o‘lasan, deb bundan besh yil oldin meni qo‘rqitishga urinishgan. Yo‘q, biz o‘lmaymiz, aksincha, biz hali ko‘pning boshiga yetishimiz mumkin. Bunga sharoit tug‘ilsa bas. Vot, asosiy masala qaerda!

1980–1988 yillar

_____________ 
* Farg‘onada ZAGSni xoladim (xohladim) ham deyishadi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.