OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. To‘g‘on Takayevning qoshiqbozi (hajviya)

Hurmatli sud raisi! Muhtaram masahatchilar!
Akalarim! Bo‘ynimga olaman, o‘zimdayam sal-pal ayb bor– ba’zan ko‘ngli bo‘shlik qildim, ba’zan nafsim hakalak otdi. Ammo-lekin, aybning eng yirigi – shu topda meni qallobga chiqarib, uyalmay-netmay da’vogarlik qipturgan manavi odamlarning o‘zida. Shunday pachaq ahvolga tushib qolishimga sababchi bo‘lganlar, ana, pastda tarvayib o‘tirishibdi.
Yana bir narsaga hayronman – asosiy gunohkor nimagadir bu zolda ko‘rinmayapti. Iltimos, hurmatli sud raisi, telestudiya rejissyori Suvonqoraevniyam yonimga juftlab qo‘yishingiz kerak bo‘ladi. Hamma mashmashani boshlagan o‘sha!
Somsapazlik qilib, tinchgina yashab yuruvdim. Bir kuni tandirni ertaroq qoqlab, xo‘jaynimdan o‘z tegishimni oldim-u, kayfiyat vajang bo‘lib, uyga jo‘nadim. Odatdagidek, telestudiyaning yonidan o‘tib borayotsam, bir zanjinusxa odam ichkaridan holpillab chiqib, shartta yo‘limni to‘sdi, «bo‘shmisan, okosi», deb so‘radi. «Maqsad?» – dedim. «Arzimagan xizmat bor, soqqasi naqd», dedi u. Keyin, javobimni kutib o‘tirmay, qo‘limdan tutib, ichkariga sudradi.
Nima gapligini ichkariga kirib tushundim. Rejissyor Suvonqoraev mashhur xonanda To‘g‘on Takaev haqida «Tilla tishli bulbul» degan film-kansertni suratga olayotgan ekan. Hamma narsa taxt bo‘lgan kezda, musiqachilardan bittasi, ya’ni qoshiqboz yigit pillapoyadan yiqilib, qo‘lini lat yegizibdi. Hali-veri ishga yaramasligi ma’lum bo‘lganidan so‘ng, Suvonqoraev shosha-pisha meni topib kelgan joyi ekan.
– Tayyor pulni olishga-ku qornim og‘rimaydi-ya, – dedim men Suvonqoraevga. – Lekin, to‘g‘risini aytsam, turli yedi-ichdilarda qo‘limdan qancha-qancha qoshiqlar o‘tgan bo‘lsayam, umrimda ularni bir-biriga hech urishtirib ko‘rmaganakanman.
Shunda Suvonqoraev: «E-e! Birov senga qoshiqni ohangga solib shaqillatasan deyaptimi? Tasmaga yozilgan qo‘shiqni bersak, ashulachi xo‘ja ko‘rsinga og‘zini qimirlatib, musiqachilar asbob chalgandek bo‘pturishadi, xolos», dedi meni jerkib. Keyin: «Dadil bo‘l, uka, qoshiqlarni zavq-shavq bilan urishtirgin, xo‘pmi?» – deb yelkamga qoqdi. «Xo‘p» deganimni bilaman, meni pardozxonaga opkirishib, betimga bir balolarni surkashdi. Yap-yangi kiyim kiydirishib, galsto‘k degan lattada bo‘ynimni bo‘g‘ishdi...
Vo-o, akalar! O‘sha kansert televizo‘rda berilganidan keyin boshimdan nimalar kechganini ko‘rganingizda edi! Oldiniga mahalla-ko‘yga osh tortdim. Qarindosh-urug‘larni kutish bir haftaga cho‘zildi. Ishxonadagilarga alohida ziyofat uyushtirdim. Ilgari meni «xasmisan, kasmisan» demaydigan katta xo‘jayinimiz ham o‘tirishga kelib, qoshimdan o‘pib tabrikladi. O‘shanda: «San’at deganiyam yog‘liqqina soha-yu, ammo siz o‘zimizga ko‘proq keraksiz», deb ko‘z qisganidi. Ko‘p o‘tmay, meni tuzukkina bir oshxonaga shef qilvordi.
Bu yoqda ishlarim qaynab yotibdi-yu, duppa-durust zotlar atay oldimga kelib, meni to‘ylarga olib ketadigan bo‘lishdi. «Tantanali kechamizni ochish uchun so‘z – hammaga sevimli To‘g‘on Takaevning asl shogirdi Qosim-qoshiqqa!» – deyilishi bilan qiyqiriqlar butun mahallaga zilzila solishini aytmaysizmi. Bora-bora, gap degan narsaga do‘ppi kiydiradigan bo‘pketdim.
Yetilgan-etilgan qizlar ko‘cha-kezikda meni ko‘rib qolishsa, «Voy, ana, ana, To‘g‘on Takaevning qoshiqbozi kelyapti», deb bir-birini qitiqlab qo‘yishadi deng. Xo‘sh, bunaqada xotinni qo‘yvormay bo‘ladimi? Haliyam, tugalay insofdan chiqib ketmay, bor-yo‘g‘i besh martagina uylandim, xolos. Alimentlarni vaqtida to‘lab kelyapman.
Obro‘yim oshgan sayin, iltimos qiluvchilar ham ko‘payib bordi. Shuning natijasida, yuqorida aytib o‘tganimdek, nafsim tobora hakalak otib, og‘zimga sig‘maydigan luqmalargayam panja urishni o‘rgandim. Birov «bolamni o‘qishga kiritib bering», desa, boshqasi «kelinimni falon kasalxonaga navbatsiz yotqizsangiz», deb mo‘ltiraydi. Ishxona hisobidan uy-joy olishga umidvorlarning-ku son-sanog‘i yo‘q. Avvaliga iymangandek bo‘ldim, keyinchalik sharoitga tez moslashib, bergan «cho‘tal»larini bezrayib olaverdim, akalar.
O‘zlaring mard-mardum bo‘lib aytinglar, majburlab cho‘ntagimga solishaversa, men nima qilishim keragidi? Uzoqqa borib o‘tirmasdan, mendan uch ming «yumaloq»ni da’vo qilayotgan anavi bozor pattachisini olaylik. Bu polvonvachcha meni urgudek bo‘lib cho‘ntagimga pulni tiqishdirdiki, instito‘tni bitirgan o‘g‘limni soliq idorasiga ishga joylaysan, deb. O‘shancha pulni qaerdan olgansan, deb uning o‘ziniyam tergov qiladiganlar topilib qolar?
Bu gaplarim bilan nima demoqchiman? Aytmoqchimanki, mayli, mayda-chuyda gunohlarimni o‘g‘ilbolachasiga bo‘ynimga olay. Ammo-lekin, asosiy aybdor chetda qolib ketmasin-da. Jazoning eng kattasini – g‘o‘rligimdan foydalanib, mendek sodda bir somsapazni egri yo‘lga boshlagan rejissyor Suvonqoraev olishi kerak. Anavini adolat desa bo‘ladi.
Oxirgi iltimosim shuki, akalar, hukm chiqarayotganda, yoshligimni, hayotda juda tajribasizligimni, qallob Suvonqoraevning og‘irini yengillatayin deb, o‘zim bilmagan holda qing‘ir yo‘lga kirib qolganimni hisobga olinglar...
Ax, pishmagan kalla! Televizo‘rda qoshiqni shaqillatguncha, somsaxonada cho‘michni taqillatib yuraversam o‘larmidim?!

1984 yil.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.