OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Tomoqqa taqaladigan gap (hajviya)

O‘zbekning boshini tangrimiz million yil pishirgan, o‘zbekning esi ko‘p, har bir ishining tagida tog‘dek tajriba bor – ovqatni qo‘lida oladi, qo‘li kuymasa, keyin og‘ziga soladi.
Yarim yillik hisobot bilan band bo‘lib, qog‘ozbozor xonasidan chiqishga ham vaqt topolmay qolgan To‘ymas og‘a choyxonadan kiritilgan palovli kosaga qo‘l sanchmoqqa shaylanganida, kimdir eshikni nozikkina chertdi. To‘ymas og‘a kosani zudlik bilan stol javonchasiga tiqib, zardali irillash qildi:
– Kim u? He...
Eshik asta ochilarkan, unga qoplangan buzoq terisi «g‘um-m» deya mo‘‘ragansimon tovush taratdi. Sarvinso iymanibgina ichkariga kirdi.
– Assalomu alaykum... Mumkinmi?
To‘ymas og‘aning o‘siq qoshlari qovog‘ini to‘sgudek pastlab, burni eski maxsidek g‘ijimlandi.
– Kirishga kirding, o‘tir endi. He...
Sarviniso bosh hisobchining qarshisidagi stulga musichadek yengilgina qo‘ndi va: «Chaqirtirgan ekansiz. Tinchlikmi?» – deb so‘radi.
– Yaratganga ming qatla shukurki, yurtimizning osmoni tip-tiniq, – zaharpiching qildi To‘ymas og‘a. – Kolxo‘zimizning fermayu garajlaridayam osoyishtalik. Omaleykin, sen mudir bo‘lgan bog‘chadagi ishlar haliyam alg‘ov-dalg‘ov, So‘riniso.
Sarviniso: «Voy! Nega endi ishlarimiz alg‘ov-dalg‘ov bo‘larkan», deganini biladi, To‘ymas og‘a suvi qaynagan choydishning qopqog‘idek irg‘ishlanib, kecha bog‘chaning yonidan o‘tib borayotganida panjaraning uyog‘ida turgan bolalar unga basma-bas loy otishgani, sandiqdek qo‘yning puliga kelgan yangi kastyumi go‘rkovning nimchasiga aylangani, bu esa, bog‘chada ommaviy intizomsizlik hukm surayotganligidan dalolat berishligi haqida sannashgan tutindi.
– Bosh ishbuzuqi o‘zingsan! – Sarvinisoga barmoq bigizladi u. – Zippa payqadimki, g‘o‘r bandachalarga «Muqbil toshotar» degan ertakni o‘qib berib, axloqni izdan chiqargansan!
Kutilmagan xurujdan karaxtlangan Sarvinisoning avvaliga og‘zi halqalandi, so‘ng mung‘ayib, yerga ko‘z qadadi. Ayolning ruhi singanini ko‘rib, To‘ymas og‘a xiyol xotirjamlandi, so‘zlari ham keskin muloyimlashdi:
– Unaqamas-da, So‘riniso. Aytaman desang, boshqa narsa qurib ketibdimi? Masalan, sholg‘om to‘g‘risida ajoyib bir ertak bor. Birinchidan, qishloq xo‘jalik mav-zusida to‘qilgan, ikkinchidan, tarbiyaviy ahamiyati katta. O‘sha ertakda bir oqsoqol sholg‘omni bitta o‘zi yemoqchi bo‘lib ko‘p urinadi-yu, uni yerdan yulolmaydi. Bildiki, boshqalar bilan baham ko‘rmaslikning iloji yo‘q. Shunda, sichqon mushukni, mushuk itni, it kampirni, kampir cholni, chol sholg‘omni tortib, yerdan sug‘urib olishadi. Ertakdagi hikmatni qara, tirikchilik yo‘lida odamzod hatto hayvonlar bilan til topishishi mumkin ekan. Ana, gap qaerga borib taqalyapti!
Sarviniso fursatdan foydalanib qolishga urinib, bog‘chada o‘yinchoqlar kamligini, shu bois bolalar loy otib o‘ynashga majbur bo‘lishganini gapira boshlagan edi, To‘ymas og‘aning yana zardasi qaynab, bu bema’niliklarga, eng avvalo, to‘qlikka sho‘xlik sababchi ekanligini uqtirishga tushdi:
– Tirranchalaring keragidan ko‘proq narsa yegandirki, o‘tganga zo‘ravonlik qilishayotgandir. Demak, bog‘changda isrofgarchilik bor, oziqning bir qismini tejab qo-lishni haliyam o‘rganmagansan. Ana, gap qaerga borib taqalyapti!
Sarviniso hanuz hech nimaga tushunmay: «Voy, o‘lchamli oziqni qanday tejayman? Ortib qolganini nimaga ishlataman?» – deya ko‘zini gildiratdi. To‘ymas og‘a miyig‘ida kuldi:
– Nima, ortgan narsani sen bilan men yermidik? Bolalardan qolganini yana bolalarga beramiz. Ha, bolalar bizning kelajagimiz. Jumladan, sendayam bola bor, mendayam bola bor. Ana, gap qaerga borib taqalyapti, So‘riniso!
Tuppa-tuzuk ismining o‘rniga kulgili laqab orttirvolishdan cho‘chib, boyadan beri ichi g‘ashlanib o‘tirgan Sarviniso, nihoyat bosh hisobchiga sapchilanib tikildi:
– Namuncha?! Nuqul So‘riniso, So‘riniso deysiz. Meni otim Sarviniso. Sarv degan daraxt bor, majnuntolga o‘xshaydi...
– Shunaqa degin? – masxaraomuz tirjaydi To‘ymas og‘a.– Umuman olganda, majnuntol bor joyda bitta so‘riyam bo‘ladi. Xex-xex-xe.
Tuyqus telefon jiringladi. To‘ymas og‘a lunjini yig‘ishtirib, oliftanamo harakat bilan eshitqini oldi. Kim bilandir allaqanday soliqlar xususida jahllanib-jahllanib so‘zlashgach, eshitqini sharaqlatib joyiga qo‘ydi.
– Terimniyam shilvol-e! He...
To‘ymas og‘a piyoladagi sovuq choydan bir ho‘plab olib, nigohini yana Sarvinisoga do‘laytirdi:
– Xo‘-o‘-sh... gapimiz qaerga keluvdi? Ha, ha, so‘ri to‘g‘risida gaplashib turuvdik. Hm... Xullas, bog‘changga so‘rining nima keragi bor o‘zi?
– Qanaqa so‘ri? – taajjublanib qosh chimirdi Sarviniso.
Shu kuyi tortishuv cho‘zilib boraverdi. Mudira «endi so‘rini to‘qib chiqarmang», desa, bosh hisobchi «o‘zing aytmasang, bog‘changda so‘ri borligini men qayoqdan bilardim», deb tergovchilandi, unisi «tuhmat qilmang», desa, bunisi «bundan chiqdi, inventarni allaqachon o‘zlashtirgansan», deb na’ra tortdi. Bu gapdan Sarvinisoning esi chiqqudek bo‘lib: «Yo tavba-a!» deya yoqa ushlagan chog‘da, To‘ymas og‘a ko‘zlarini baqalantirib, stolni mushtladi:
– Tavbangni taftishchilarga aytasan! Bog‘changni ertagayoq tekshiramiz!
– Axir...
– Gap tamom! Jo‘na!
– Oldin gapimni eshitsangiz-chi! Iltimos qilaman!
– Hech qanaqa iltimos-piltimos ketmaydi! – bir chaqchayib, bir mug‘ambirona qiyalandi To‘ymas og‘a. – Nima, menga o‘tkazib qo‘ygan joying bormidiki, iltimosingni eshitsam? Gap qaerga borib taqalayotganini anglavol! O‘yla! Gap qaerga taqalyapti, xo‘sh?!
– Manavi yerga taqalyapti, manavi yerga!
Sarviniso kaftini tomog‘iga arra qilib ko‘rsatib, jazavalangudek holatda sapchib o‘rnidan turdi. Ayolning qo‘li tomoqqa ishoralanib to‘xtaganini ko‘rgach, To‘ymas og‘aning to‘satdan chehrasi yorishdi: «E, xayriyat, oxiri tushundi-ya!»
Ha, o‘zbekning boshini million yil pishirishgan, o‘zbekning esi ko‘p, har bir gapining tagida ummondek ma’no bor...

1977 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.