OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Tushuntirish xati (hajviya)

Uchaskavo‘y melisamizga yozib ma’lum qilamanki, men kim – oddiy sovet bangisi, qo‘sh gumbazli hammomning ilg‘or o‘t yoquvchisi, adolatparvar deyilguchi mamlakatning adolatga tashna grajdani, adabiy nag‘mada aytganda, fuqarosidurman.
O‘rtoq kapiton! Sizga ustimdan tag‘in shikoyat tushganini eshitib, haddan tashqari xijolat bo‘ldim. Xotinim o‘zi shunaqa, maktabda o‘qib yurganda devoriy gazetaga redaktur bo‘lgan, jo‘rnolistlik kasali hanuz qo‘zib turadi. Xuruji tutganda, eng yaqinidagi odamga, ya’ni shundoq qo‘shni bolishda yotuvchi kaminaga yopishadi.
O‘tgan kuniyam shunaqa bo‘ldi. Men ahmoq ishdan yutaqib kelib, bitta choy buyuribman. Choynakni do‘q etkazib oldimga qo‘yib ketdi. Bir qaytarma qilay deb piyolaga qo‘ysam, kartishka qaynatilgan suvning o‘zginasi. Jahlim qo‘zib: «O‘, enasini ko‘rmagan, shuyam choymi?»– deb, va hokazo, yana hokazo gaplarni aytib, andak tergab o‘tdim.
Xotin kishi degani asalarining yashig‘iga o‘xshaydi, sal tegsang, baloga qolasan. Shu zardam bahona bo‘ldi-yu, bir vaqt qarasam, men palon gektardan palon tsentnerdan makka olgan brigadirman, palon joyga deputotman, sen kim bo‘psanki, menga oliftachilik qilasan, deb tepamdan uchib yuribdi. Arizasida menga siyosiyroq ayb yuklaganiga kelsak, bu gaplarning chiqishiga o‘zi aybdor. Qo‘lini biqiniga choynaksop qilib, masalangni jensovetga qo‘yaman, dedi. Shunda, men battar tutaqib, jensovet, selsovet va hokazo, yana hokazo sovetlarni bo‘ralab tashladim. Ammo, buni manmansirab ketib, qasddan aytganim yo‘q. Zero, men pahlavon hukumatimizda qancha sallot-u, qancha zambarak borligini yaxshi bilaman.
Shu desangiz, o‘rtoq kapiton, xotinim: «Hali shunaqami?» dedi-yu, tashqariga qarab yurdi. Hovlini kesib o‘tayotib, hovuzcha bo‘yida tahorat olayotgan otamni vahshiylarcha turtib yubordi. Chol u tarafga uchdi, obdasta bu tarafga. Otamning hovuzga ag‘darilishi bir nav, chunki u pishiq suzuvchi, urushda Dneprni kechib o‘tgan. Lekin, tilsiz-jag‘siz yap-yangi sopol obdasta bekorga pachaqlanganiga ko‘p achindim. (Bu gapimdan keyin, g‘ilay demay, chillashir demay, mahallamizdagi bor yigitni qurilish batalyoniga jo‘natishayotgani kabi, «pishadi» degan bahona bilan, obdastalarniyam armiyaga olish boshlanmagani durust).
Cholni quritish uchun paqqos kiyimini yechib, ayvondagi so‘riga yotqizdim. Ustiga endigina choyshab tortganimda, rayijroqo‘mda shopirlik qiladigan ukasini ergashtirib, xotinim keldi. Qaynog‘am ko‘zini folchining pildirog‘idek aylantirib, menga tiraldi. Qirq besh yil yashab, umrimda bunaqa so‘kish eshitmagandim, bir zumda achamni bojamga aralashtirvordi. Hov, go‘dak, dedim unga, pochchangni hurmat qilmasang, sochimdagi oqni hurmat qil, dedim. Shunda u: «Kim go‘dak?» – deb bo‘ynini cho‘zdi. Xato gapiribman, kechirgin, uka, dedim unga, ko‘rib turibman, bo‘g‘oz xotin obberishsa, bola ko‘radigan bo‘pqolibsan, dedim. So‘zim tugab-tugamay, gardanimga gursillatdi. Shunda: «He, o‘sha opangni medaliga...» deb, va hokazo, yana hokazo gaplarni ishlatib, biqiniga soluvdim, opasi orqamdan, ukasi oldimdan tirmashib, meni novvosag‘darish qilishdi. Itlarning yaylovdagi tanishuviga o‘xshagan sudra-sudra boshlandi.
So‘rida yotgan otam menga achinib ketdimi, choyshabning tagidan chiqib kelib, bizni ajratishga tushdi. Cholning ahvolini ko‘rib, xotinim betini to‘sganicha dahlizga qochdi. Keyin qaynog‘am «bu uydagilar hammasi jinni», deb ko‘chaga otildi.
O‘rtoq kapiton! Xotinim nuqul siyosatni ro‘kach qilib, rayijroqo‘m xodimi, Afg‘on urushi qatnashchisi bo‘lgan ukam ayovsiz do‘pposlandi, deb yozibdi. Bu qip-qizil tuhmat. Birinchidan, haqorat qilishni qaynog‘am o‘zi boshladi. Hukumat vakili ekanini hisobga olib, to shapaloq tortguncha indamay turdim. Vaholanki, ovozini vaqtida o‘chirish uchun bo‘yniga tayyor chandilgan galsto‘kni ozgina tortib qo‘yishim kifoya edi. Afg‘onda bo‘lganiga kelsak, shu bolaga ishonib po‘rma berishganiga hayronman. Bir kuni undan «urushda dushmanni do‘stdan qanday ajratarding», deb so‘rasam, «ko‘zini rangidan», dedi. Shu bilan bitta kazarmada yotganlarning yuragiga balli.
O‘rtoq kapiton! Xullas, opa-ukaning ig‘vosiga uchmang. Bu muttahamlarga qolsa, hatto Farg‘onadagi isyonniyam mening bo‘ynimga ag‘darishadi. O‘zi bu yoqda aybni kimga to‘nkashni bilmay turishibdi.
Yana shikoyatdagi gaplarga qaytsak, qaynog‘am ketganidan keyin alam ustida dahlizga kirib bordim. Senmi hali meni ukangga kaltaklatadigan, deb, shartta xotinimning sochidan changallab, va hokazo, yana hokazo harakatlar qilib, uni odamgarchilikka chaqirdim. Afsuski, tarbiya ko‘rmagan bu ayol oilaviy tartib-intizomga tupurib, otasinikiga ketib qoldi. Peshanam sho‘rligidan xo‘rligim kelib, kechasi bilan chilim tortib chiqdim. Natijada ikkita to‘shak, uchta ko‘rpa va hokazo, yana hokazo matohlarga cho‘g‘ tushib, kichik yong‘in chiqdi.
O‘rtoq kapiton! Erta-indin xotinim qaytib kelgudek bo‘lsa, shu kuygan lattalarni pesh qilib, yangi bir shikoyat yozishi turgan gap. Siz u chalasavodga yaxshilab uqtirib qo‘ying – hozir demokratiya zamoni! Demokratiya deyilganda, amerikalik kimni so‘ksang so‘kaver deb, frantsiyalik kimni o‘psang o‘paver deb tushunadi. Men uchun bu– qaerda cheksang chekaver degani. Huquqim poymol etilmasin!
Yana bir gapim bor, o‘rtoq kapiton. Bundan keyin pogonni xor qilib, er-xotinning o‘rtasiga tushib yurmang, kattaroq ishlar bilan shug‘ullaning. Masalan, men bo‘g‘zi uzilgan obdastani chorsiga tugib, rayon sug‘urta idorasiga borsam, tahorat vositasining sinishi tabiiy ofatga kirmaydi, deb haqini to‘lashmadi. Iltimos qilaman, shu ishni qattiq tekshirib, tegishli pulimni undirib bersangiz. Agar ish o‘ngidan kelsa, o‘zlarini hammomda shahonasifat bug‘lab, keyin ikkalamizdan ortmaydigan kobili sho‘rva qaynatib, va hokazo, yana hokazolarni iste’mol qilib, bir yayragan bo‘lardik.
Bor gapim shu. Iloyim, salomat bo‘laylik.

1989 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.