OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. XX asr talonchiligi (hajviya)

Shahri azimning militsiyasi oyoqqa turdi. Jinoyat qidiruv bo‘limi hordiqdagi xodimlarini shoshilinch chaqirib oldi. Militsiya maktabi talabalari hisobiga kuchaytirilgan avtoinspektorlar jamiki yo‘l va yo‘lsimon joylar ustidan nazorat o‘rnatdi. Drujinachilarga paxtavon o‘qli qurollar berilib, vokzallar, aeroportlar, bozor-guzarlarga tarqatildi. Dala-dasht, ko‘l-daryo zonalarini kuzatish ovchilar va baliqchilar jamiyati a’zolarining zimmasiga yuklandi. Chet el sayohatida yurgan tajribali izquvar Mastonov Avstraliyadan, xalqaro musobaqada qatnashayotgan dovruqli iskovuch Sho‘rka esa Jakartadan qaytarib kelindi.
Mastonov odatdagidek ishni bir chekkadan, ombor qorovulini tergov qilishdan boshladi.
– Hovliqilmasin, otaxon, – deya qorovulning hayajonini bosishga tirishdi u. – Chuqur o‘ylab ko‘rilib, aniq-aniq javob qilinsin. Talonchining qiyofasi?
– Turqimi? Turqi sovuq! – zardali tovushda so‘z qotdi qorovul.
– Qaytaraman, o‘pka bosib olinsin! – deb ogohlantirdi Mastonov. – Voqea bir boshdan gapirilsin. Yolg‘on qo‘shilmasin. Uxlab qolingan bo‘lsa, yashirilmasin.
Oxirgi gapni eshitib, qorovul tergovchini jerkib tashladi:
– Ie, vey, tik turganda qorovulxonamga zo‘rg‘a sig‘aman-u, uxlab bo‘larkanmi? Buni ustiga, to‘rt-besh kundan beri qulog‘im og‘riydi. Kechayam bemahalda yomon lo‘qillatdi. Bildimki, doridan tomizmasam tinchitmaydi… Muni qarang, nachaylik, quloq og‘riqqa eng zo‘r davo yosh bolaning peshobi ekan. Birinchida o‘qiydigan nevaram bor, kenjasidan kattasi, shu tirmizak desangiz har kuni bizga dori yetishtirib beradi. Qo‘liga bitta shakolatni ushlataman-u, endi jo‘mrakni oching, deb pivaxo‘rlardan qolgan shishani tutaman, tezda childiratadi...
– Gap aylantirilmasin!
– Xullasi kalom, o‘sha dorini qo‘lga olganimni bilaman, eshikning zulfi uzilib, xirom etikka o‘xshagan bir gursimos ustimga bostirib kirdi. Mardakdek qotib qoldim. U indamasdan changalimdagi shishani yulqib, chaypab ko‘rdi, «Oltinchinikimi?» deb so‘radi. Battolni qarang-a, oltita nabiram borliginiyam bilarkan. Men to‘g‘risini aytdim, «beshinchiniki», dedim. Shunda u dorini ko‘pirtirib piyolaga ag‘dardi, ikki ho‘plab, bir g‘o‘lqillatdi. Piyolani qatronbop qilgani yetmagandek, achitib qo‘yibsan deb so‘kindi. Nevaram doim yonimdamidiki, darrov achimaganidan quydirsam...
– Bo‘ladiganini gapirilsin! – deya toqatsizlandi Mastonov.
Qorovul bir zum sukut saqlagach, xo‘rligi kelganday lunjini bujmaytirdi.
– Qo‘rqitdi meni... Otasi tengi odamni sensiradi. «Ertaga tirik yuray desang, hozircha o‘lib tur», dedi. Ko‘rpachamga chalqancha uzalib, ko‘zga qulf soldim, oyoq-qo‘limni murdadek shalviratdim... O‘lganimdan keyingi ishlarni bilmayman, nachaylik.
Mastonov g‘aladondan bolishdek albom olib, qorovulning yoniga o‘tib o‘tirdi. Suratdagilar orasida o‘sha qaroqchining bor-yo‘qligini aniqlash niyatida sahifalarni shoshmasdan varaqlashga kirishdi.
– Ie, vey, manavinisi opshepitimizning boshlig‘i-ku! – deya albomni o‘zining oldiga surdi qorovul. – Yotib chiqqanmi?
Mastonov indamadi. Qorovul boshmaldog‘iga tupurib, albomni paypaslay ketdi. O‘rtaroqdagi sahifalardan birida yana to‘xtalib: «Ie, vey, shu juvon ham o‘g‘rimi?»– deb so‘radi. Mastonov «yo‘q» degandek bosh tebratdi.
– Olib sotarmi?
– Yulib sotar, – sirli jilmaydi Mastonov.
Qorovul gapning tagiga yetib, suratga suqlandi.
– Oti nima? Qaerda turadi o‘zi?
Mastonov yuzini o‘girib, chuqur xo‘rsindi. Qorovul albomni titkilashda davom etdi. Nihoyat, suratlardan biriga titroq barmog‘ini bosib: «Mana! Mana shu!»– dedi. Endi Mastonovning o‘zi tuyqus hayajonlanib ketdi.
– Yaxshilab qaralsin... Adashilmasin, otaxon, adashilmasin.
– Aldasam, kalomullo ursin, nachaylik.
Qorovul ketishi bilanoq Mastonov temir javondagi qog‘ozlarni ag‘dar-to‘ntar qilib, zarur papkani topdi, ayrim sahifalarni diqqat berib ko‘zdan kechirgach, telefon parragini g‘ildiratdi.
– Salomat bo‘linsin, o‘rtoq polkovnik. Mastonovman... Shaxsan shubha qilganimdek, ombor masalasi «Qorabuqa» laqabli nomdor talonchiga borib taqalyapti. Labbay? Delosi qo‘limda turibdi. Juda pixini yorganlardan. Uch yoshida enasi sochiga osib yuradigan kumush tangani o‘marib, «shara-bara»chidan surnay olgan. Ikkinchi sinfda «A’lochilar hurmat taxtasi»ni, uchinchi sinfda Avloniyning portretini, beshinchi sinfda Makarenkoning byustini o‘g‘irlagan. Uyda o‘tin yo‘q degan bahona bilan bir necha partani gumdon qilishda ayblanib, yettinchi sinfda maktabdan haydalgan. 1951 yilda N-qismga qarashli «T-34» tankini olib qochib, bozorda xaridor axtarib turganda qo‘lga tushgan. 1960 yilda omonat kassani, 1973 yilda tilla magazinni talagan. Bundan o‘n bir oy burun oxirgi jazo muddatini o‘tab chiqib, hech qanday kasb-kori bo‘lmagani uchun savdo rastasida kooperativ tualet ochgan. Navbatdagi jinoyatga qo‘l urgunga qadar mazkur tualet direktorligi lavozimida uzluksiz ishlab kelgan...
Ko‘p o‘tmay, «Ombor operatsiyasi»da ishtirok etayotganlarga maxsus paketlar jo‘natildi: «Barcha postlar diqqatiga! Iks kvartaldagi igrek omborni «Qorabuqa» laqabli ashaddiy qallob talagani ma’lum bo‘ldi. Uning tashqi qiyofasi: barzangi, yapaloq yuzida ikkita ko‘z, bittadan burun va og‘iz joylashgan. Afti qoracha, biroq betiga upa surtib olish ehtimoli bor. Alohida belgisi: qizil rangni ko‘rganda asabiy g‘udranadi. Behad uddaburon – avtomashinani ikkita g‘ildirakda hayday oladi, suvda oqimga qarshi minutiga uch yarim mil tezlikda suzadi, oddiy zontikka ishonib samolyotdan sakrashi mumkin, og‘zidagi nosni besh qadam naridagi raqibning ko‘ziga bexato tupuradi. Qo‘lga olishda katta ehtiyotkorlik zarur. Jinoyatchining fotosurati «Tavsiyanoma»ga ilova qilinmoqda».
Izquvarlarning «g‘iz-g‘iz»i kuchaygani sayin, olomon o‘rtasida «mishmish»lar ham avjga minayotgandi.
– Qorovul chordoqda ekan. Pulemyot otib, o‘g‘riga tekkizolmabdi.
– He, attang, granatasi bo‘lganda-ku... Bunaqa noyob mol saqlanadigan ombor qorovuliga granata berish kerak, o‘rtoqlar.
– Yirik banditlar hozir ham bor ekan-da, a?
– O‘v, yaxshilar, o‘zi nima gap?
– Vo, haliyam g‘aflatdamilar? Eshitmadingizmi? «Shira-shirg‘oq» univermagining omboriga tomteshar tushibdi. Ilg‘orlarga ro‘yxat bilan beriladigan shakardan bir qopini paqqos urib ketganmish-a!..
YOZUVCHIDAN QO‘SHIMChA: magazinlarda shakar tiqilib yotadigan kun balki yaqindir. Ammo bu, o‘shanda satiraning ham kuni bitadi, degani emas.

1988 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.