OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Ota uy (hikoya)

Yomg‘irdan so‘ng yarqirab chiqqan quyosh nurlari ko‘pchigan tuproqni qizdira boshladi. Tizza bo‘yi o‘tloqlar ustida tebranayotgan bug‘ o‘rlab ko‘m-ko‘k bahor osmoniga singib ketadi. Pichanzorlar orasida bir maromda sayrayotgan mullato‘rg‘ayning chug‘ur-chug‘uri adir bo‘ylab kezadi. G‘o‘bdintog‘ etagidagi yoyilmalarda poda boqib yurgan bolakaylarning qiy-chuvi qushlar chug‘ur-chug‘uriga esh bo‘lib, olis-olislarga uchmoqda. Qibladan esayotgan namxush shabada yomg‘ir aralash tuproq hidini uzoqlarga olib ketayapti.
Sel yo‘lida hosil bo‘lgan o‘ngirda bir qo‘ng‘ir tulki shabada esayotgan tomonga tumshuq cho‘zib, ko‘ksini yelga toblab bir pas turdi. U shamol yo‘nalishi bo‘ylab hid olmoqda go‘yo. Keyin sarak-sarak qadam tashlab sal ilgariroqqa yurdi. Soy boshida esa nam tortgan shox-shabbaning burqsigan tutuni ko‘rindi. Olov egasi tutun tagidagi qo‘radan ikkita usti kuygan kartoshkani halacho‘p bilan dumalatib oldi. Kartoshkaning po‘sti cho‘g‘da kuyib, yorilib ketgan. O‘sha yoriqlar orasidan kuyunki aralash dimog‘yorar hid taraldi. Qo‘ng‘ir tulkini ana shu ta’m bezovta qilgandir ehtimol. U qo‘ng‘irboshlar oralab shu tomonga yo‘l soldi. Biroq osmonda qandaydir o‘laksaxo‘r qush paydo bo‘ldiyu tulki yana qo‘ziquloqlar orasiga urib ketdi.
Egri-bugri sayhonlik etagidan chiqib kelayotgan otliq shu tomonga o‘rladi. Goh pasayib, goh tezlashib turgan yel bir maromda tebranib kelayotgan jiyronning dumi va yolini chiltor qillaridek o‘ynaydi. Oftob otning xurmo tusiga olovrang jilo beradi. Ot boshini selkillata-selkillata suvlig‘ini g‘ijirlatib qadam tashlaydi, og‘zidan chaynalgan o‘t tutamlari tushadi. U yana ilkis engashib kovrak yoki barra shuvoqning bo‘liq joyidan uzib oladi. Otliq shunday kezlari yuganni siltab tortadi: “Chuh, kasofati mol”, degan tovushi eshitiladi uning. Yilqi biqinga tushgan to‘mtoq tepkidan to‘rt-besh qadamga sergak tortib, yo‘rtib ketadi.
— Hormang birodar, osh bo‘lsin, — dedi otliq kuymalanib kartoshka tozalayotgan kishiga, — qo‘ylar ovqat oldim-a?
— Salomalaykum, keling qani, — dedi u o‘rnidan qo‘zg‘alarkan otliqqa qo‘l cho‘zib, — tuz toting.
— Mayli, rahmat. Yaqin besh-o‘n kunda ellik chog‘li suruvga ko‘zingiz tushmadimi?
— Yo‘qchimisiz?
— Ha, shunday. Hafta bo‘ldi, bir oqshom qo‘ylar hayigib ketibdi.
Cho‘pon va otliq ancha vaqtgacha shu taxlit gaplashib turdi. Qibla shamoli kuchayib yomg‘irning muzday taftini ufura boshladi. Otliq choponiga o‘ranibroq jilovni cho‘qqining o‘sma toshlar oqib tushgan tomoniga burdi. Ot o‘rlovga ko‘tarila boshladi; mushakdor sonlari taranglashib, ildam oyoq olishi ortda qolgan cho‘ponning havasini keltirdi: “Otmisan, ot! Tilloga alishsang, yutqazmaysan, — dedi o‘ziga-o‘zi, — hee, bu dunyoda yo‘qchi bilan kasalga qiyin, ikkoviyam qidirib yashaydi”.
 — Hoy, yodingizdan chiqmasin-a, orasida beshta olabel sovliq ham bor! Shunisi esingizda tursin...
Tasodif xitobdan cho‘pon o‘ziga keldi. Yo‘qchi cho‘qqi boshida suyunchisini aytayotgan edi. U otliqqa ma’qul ma’nosida bosh irg‘ab, telpagini qo‘liga olib ko‘ksiga urdi. Otliq ham shunday qila-qila cho‘qqi ortiga enib ketdi.

* * *
Mol odamning yuragining moyidan bo‘ladi. Oqqiyalik Berdi chavandoz qo‘ylarini yo‘qotdiyu o‘zgardi-qoldi: bir qarasang jizzaki, arzimagan narsaga uchib-qo‘nadigan, bir qarasang parishonxotir, dunyo befarq telbaday. Ba’zan yaqinlarining arzimas gapiga ham nish otib, keyin uzoq vaqt o‘zini-o‘zi koyiydigan odat chiqardi.
Ana shunday telbaxayol kunlarining birida akasi Sayfi maxsum eshik qoqdi:
— Salomalaykum, keling aka, — deb maxsumning istiqboliga chiqdi chavandoz.
Akasi qo‘l berib ko‘rishdi, lekin hech so‘z demadi. Oldinma-ketin mehmonxonaga kirdilar. Polvonning xotini xontaxta ustiga dasturxon yozib, bir-ikki hovuch qand-qurs, mayiz qo‘ydi.
 — Yaxshimisan, kelin, bolalaring durustmi? — dedi maxsum gap ohangini cho‘zibroq .
 — Rahmat, birnavi. Chechamlar ham yaxshimi? — dedi kelin qisqagina qilib.
— A, bu, bizning uka qo‘y yo‘qotgan desam, o‘ziniyam yo‘qotib qo‘yibdi-ku, — maxsum ukasiga qiya qaradi. — Mol topiladi, jon topilmaydi, jon!
Kelini indamadi. Ovqat bahonasida tashqariladi. Aka-uka yolg‘iz qolib undan-bundan gap surishdi. Bu orada birovning mashina olgani, kimningdir to‘y qilgani, yana kimningdir o‘g‘li chet elga ketib, pul jo‘natayotganiyu otasi yangi imorat ko‘tarayotganligi muhokama bo‘ldi.
— Endi-i, uka men ham bir omadi gapni aytgani keluvdim, — maxsum dasturxon popugini o‘ynab davom etdi. — Otamdan qolgan “Volga”ni sotsak. Pulini ikkiga bo‘lardik, teng yarimi seniki, qolganini Samandar ikkimiz bo‘lishamiz. Mana, sening ham bolang o‘qishga o‘tib kallang qotib turibdi, mushkuling osonlashardi.
Berdi polvon o‘ylanib qoldi. Mehmonxona derazasiga shox tashlab turgan gujumning barglariga boqib turib otasini esladi. Ota-bola “Volga”ni olib kelgan kuni shu azamat gujum ko‘chatini o‘tqazgan edi. Yana uning xotiridan armiyadagi akasiga xat jo‘natganlari ham o‘tdi:
— Bilmasam, otamning yodgorligi. Ta’mirlab minib yursak, dushmanko‘zi edi-da?
— Qanaqa dushmanko‘zi? Kim bizga dushman ko‘zi bilan qarardi uka, — Sayfi maxsum likopchadagi parvardaning maydarog‘ini og‘ziga soldi. — Qiziq gapirasan-ey, sen ham minganim eshak bo‘lsayam uzangim tillodan, degichlar xilidansan-da.
— Shu ulov yurib tursa, har kimga to‘yu ta’ziyaga oborib kel, deb yalinmaysiz-da, — dedi polvon akasiga ko‘z tashlab, — ro‘zg‘orimizning obodligi.
— Hey, seni jin chalganmi deyman, bu Daqqiyunusdan qolgan arava qanaqa obodlik bo‘ladi? Buning — yangisi, zo‘ri bo‘lsa ekan, achinsang. Cho‘ntagingda puling bo‘lsa, ko‘cha to‘la moshina...
Aka-uka o‘rtasidagi dahanaki jang tovushi tobora balandlab boraverdi. Ular biri olib-biri qo‘yib, o‘zinikini ma’qullatishga urinardi. Maxsum, men – akaman, aytganimni qil desa, chavandoz esa, akadan jo‘yali maslahat chiqsa aytganini qilaman-da, derdi. Shu payt deraza ustidagi gujum shoxiga uya qurgan musichalar potirlab tepaga ko‘tarilishdi. Va bir qancha vaqt muallaq uchib turishdi. So‘ng hovli etagidagi bodom shoxiga qo‘nishdi. Uyalarida esa, ikki polaponning boshi goh ko‘tarilib-goh tushib turardi.
— Sotasan! Gap shu, — dedi maxsum labi uchib, — kerak bo‘lsa, otniyam bo‘lishamiz, uyam otamdan qolgan.
 — Bilganingizni qiling, — Berdi polvonning gap ohangi tushdi. — Xohlasangiz ikkoviniyam olib keting, hech qanday ulush kerak emas menga.
Aka-uka bir qancha vaqt so‘zsiz o‘tirdi. Berdi polvon deraza pardasi ustidagi qizil gardishli ramkaga termulib qoldi. Unga urush yillarida tushirilgan sarg‘ish surat joylashtirilgan edi... Bir vaqt maxsumning ko‘zi ilkis ukasiga, so‘ng u qarab turgan tomonga tushdi. Keyin dasturxonni ko‘zdan kechirgan bo‘ldi. Keyin... o‘tira olmadi.
Ular hovli etagidagi darvozagacha so‘zsiz bordilar.
 — Chechamlarni so‘rang, — dedi polvon siniq ohangda.
Sayfi maxsum gap-so‘zsiz muyulishdagi burimga qarab lo‘killab ketdi.

* * *
Naqrachda bir suruv beega qo‘y yurganmish, degan darak tarqaldiyu Berdi chavandozning ichiga burga kirdi. Xabarni eshitiboq, ertasi kuni saharda ot egarladi. Egar ustiga qaysidir ko‘pkaridan ayirgan gilam xurjunni tashladi. Unga ikkita non, bir-ikki hovuch qand-qurs va xaltaga o‘ralgan joynamoz soldi. Ochig‘i, polvon bu xabar rostmi-yolg‘onmi bilmaydi. Unga qo‘shnisi Abdurasul chilangar yetkazdi bu gapni. Chilangar ham birovdan eshitibdi. Aslida yo‘qchi xalqi shunday bo‘ladi: arzimas darakdan umid kutadi, elma-el og‘iz poylaydi, ma’rakama-ma’raka xabar tarqatadi, yo‘qotgan molining belgisigacha aytaveradi. Illo, idorama-idora yugurib melisayu posbonni bezovta qilmaydi. Sababi, el oralaganni el topadi, Berdi polvon esa shuncha yil-ki el oralab yuribdi.
G‘ira-shira tong qorong‘usida G‘o‘bdintog‘ning pastqam adirlarida bir otliq ketib boradi. Yilqi quloqlarini dikkaytirib olgan. Chigirtkaning shitiriga ham sergak qarab qo‘yadi. Angaralar shaxmat taxtasidek mayda bo‘laklarga bo‘lingan, oralig‘i sakkiz qatorlik qayrag‘och tizmasi bilan ihotalangan. Ot ana shu daraxtlarga quloq dikkaytirib, tikilib-tikilib boradi. U o‘sha taraflarda xatar borligini sezdi. Birpas o‘tib, ot sezimi ro‘yobini ko‘rsatdi. Daraxtlar orasida sang‘ib yurgan cho‘pon itlari dovrug‘ ko‘tarib kelaverdi. Otliq egarga mustahkamroq o‘tirdi. Uzangi arqonini bir-ikki marta eshib zichlab joyladi. Yuganni tortayotganda, itlar qurshovga olib, asabga tega boshladi. Ot goh yo‘rtib, goh tislanib yo‘lida davom etaverdi. Ular shu ketishda daraxtzor ortidagi suruv ustidan chiqishdi. “Mah-mah Oqtirnoq, mah”, degan ovoz keldi suruvning u boshidan. Qo‘ylar “durr” etib hurkib oldi, keyin tinchib qolishdi. Ot qorasi cho‘ponning yoniga yetdi.
 — Hormang! — dedi otliq egarqoshni mahkamroq siqib, — itlaringiz olg‘ir ekan. Sal bo‘lmasa otdan ag‘darayozdi.
 — E-e, sizmisiz polvon aka!
Cho‘pon polvonni ovozidan tanidi, yaqin kelib qo‘l uzatdi. Ular eski tanishlardek so‘rashishdi. Cho‘pon o‘shandan buyon begona qo‘y ko‘rmaganini aytib, gap ohangidan hamdardligini bildirdi. Suhbat oxirida Naqrachga boradigan yo‘lni tushuntirib, xayrlashdi. Ot yo‘lida davom etdi.
 – Hoy, polvon aka, to‘xtang, — dedi cho‘pon halloslab uning ortidan yugurib, — manovi tayoqni oling, yo‘lda qopqir iti bor suruvlar ko‘p.
— Cho‘pon tayog‘ini birovga bermaydi, unda baraka bo‘ladi, — dedi polvon unamayroq.
Cho‘pon qistab turib oldi. Berdi polvon cho‘pontayoqni olib, qayta xo‘shlashib, ot boshini tog‘ quymichidagi qishloqqa burdi. Birpas o‘tib cho‘pon uning qorasini ko‘rmay qoldi.
Kun choshgohdan o‘tganda suvlar kechib, angarlar kezib kelayotgan Berdi chavandoz Naqrachga yetdi. Avval qishloq boshidagi jilg‘ada otini suvlatdi. Xurjundan non bilan qand-qurs olib, suv labiga belbog‘ yoydi. U bir tuyur non ushatib kumushdek tovlanib oqayotgan suvga botirgan ham ediki, orqadan kimningdir tomoq qirgani eshitildi. Beixtiyor tovush kelgan tomonga burildi. Nishablikdan yetmish yoshlardagi oqsoqol bir kishi enib kelardi.
 — Assalomu alaykum, — dedi chavandoz rostlanib olib.
 — Valaykum-assalom, — chol ehtiyotkorlik bilan qiyalikdan tushib kela-kela qo‘l uzatdi. — Bu deyman, choshgoyini ariq bo‘yida qilayotganingizga qaraganda mehmonga o‘xshaysiz. Qani, qaerlardan so‘raymiz?
Chol polvon bilan so‘rashib, odmigina belbog‘-dasturxon boshida oyoq uzatdi. Polvonni ilgaridan taniydigandek qalin so‘rashdi. Avvaliga iymanibroq turgan Berdi chavandoz sal o‘ng‘aysizlikdan so‘ng ochilibroq gap boshladi:
 — Aslimiz G‘o‘bdintog‘dan, otim Berdi. Olti oylar burun, ko‘klamning boshida bir qo‘ton qo‘y yo‘qotib qo‘yganman. Mol achchig‘i — jon achchig‘i ekan, ko‘cha-ko‘yda, to‘yu ma’rakada daraklab yuraman. Birov unday-birov bunday xabar yetkazadi, ammo izlovi kelmadimi, topilmadi. Kecha bir qo‘shnimiz ma’rakadan Naqrachda beega qo‘y yurganmish degan gapni topib keldi, erta bilan shu tomonga ot soldim. Yurishimiz shu, bobo.
— Yo‘qchiman, deng?! — chol bir ushatim non soldi og‘ziga, keyin bir muddat nonni shimib turdi. — Qo‘ylaringiz ichida beshta olabel sovlig‘iyam bormidi?
Bu gap polvonga akang armiyadan keldi yoki xotining o‘g‘il ko‘rdi degandagidek ta’sir qildi. Rosti, gangib qoldi. So‘ng gap egasiga hayratlanib razm soldi. Shu on qarshisida hazrati Xizrni ko‘rgandek bo‘ldi. “Ha-ha, Xizr boboyam shuncha bo‘lar-da bo‘lsa! — dedi ichida, — yuzlari qalam bilan chizganday yo, usta — Xudo!”. Keyin uning oq ishton-ko‘ylagiyu sersoqol yuziga qayta qarab chiqdi.
— Qo‘ylaringizni yo‘qotganingizda orasida qanaqa qo‘chqorlari bor edi?
Chavandoz so‘rovni eshitib o‘ziga keldi.
— Uchta qo‘chqorim boriydi, — dedi kalovlanib, — kattasi ko‘k, ikkovi qorabet, birovining orqa tuyoqlari oq.
Chol salmoqlab gap boshladi:
— To‘rt oylardan o‘tib qoldi, qishlog‘imizga beega suruv kelib hali uning-hali buning ekiniga tushaverib bezovta qila boshladi. Hamqishloqlardan bir-ikkisi qo‘ylarni gumdon qilishning ham payiga tushgan. Bir kuni bizning maxsarpoyaga oralagan suruvni nevaralarim haydab kelib qolishdi. Bir bechoraning rizqi qiyilmasin, xabari chiqsa o‘zim yetkazib beraman, deya ega chiqdim. O‘shandan buyon qo‘ylaringiz biznikida. Ha, aytgancha, uzun soni nechchov?
— Bir kam oltmishta edi, — dedi polvon.
— Demak, qo‘ylar sizniki, — dedi chol ishonchi komil bo‘lib, — faqat, hozir qo‘ylaringiz bir kam oltmishta emas, oltmish uchta bo‘lgan. Bu yerga kelib to‘rttasi qo‘ziladi.
Berdi chavandoz hayratdan lol qotdi. Nima deyarini bilmay qoldi. Qariyb yarim soatlik vaqt qanday o‘tganini sezib ulgurmadi.
— Hay, turdik endi, — dedi chol tizzasiga suyanib, — sizni uyga boshlasam. Hali zamon nevaralarim suruvni suvlagani tushiradi, shunda ko‘rasiz qo‘ylaringizni.
Ular polvonning otini yetaklab, kungay betdagi hovliga boraverdilar.
— Shuncha payt gap olib o‘zimni tanitmabman-ku, — dedi chol keng sahnli ayvonning eshigini torta turib, — qarilik qursin. Meni bu yerda Rahmonali tegirmonchi deyishadi, mulla Berdiboy. Olti o‘g‘il, uch qiz, o‘ttiz ikki nevaram bor. Qani, ichkariga kiraylik, suruv kelguncha bafurja gurung qilamiz.
Ular mehmonxonaga kirdilar. Xonaning hovli tarafida ko‘zlari yirik-yirik, ustiga oq bo‘zdan parda tortilgan deraza joylashgan. O‘ng tomondagi burchakka ikkita sandiq qo‘yilib, ustiga ko‘rpa-to‘shak taxlangan.
Polvon bilan Rahmonali tegirmonchi chamasi bir osh pishirim vaqti gurunglashib o‘tirdi. Bu orada dasturxon tuzalib, sergo‘sht qaynatma sho‘rva tortildi. Ovqatga fotiha qilingach, sho‘rillatib choy simirayotgan tegirmonchi avvalroq boshlagan gapini davom ettirdi:
— Otadan uchov yetim qoldik. Onamizning chehrasini esa yaxshi eslolmayman. Lekin ikkisiniyam xudo ko‘p ko‘rgan ekan, ukam qovurchini qotmay bizlarni tashlab ketdi. Akam uylanib, bir bolali bo‘lganda rihlat qildi, — cholning ko‘zlarida yillar hasratidan qolgan ko‘z yoshlar bilinar-bilinmas qalqib chiqdi. — Manovi, yonimizdagi uy akamning o‘g‘liniki. O‘zi shaharda, institutda dars beradi. Avval uni o‘qitdim, orqasidan o‘zimning bolalarimni. Bariga tegirmonchilik qilib, qo‘y-mol sotib shahardan uy olib berdim. Keyin qishlog‘imdan imorat ko‘tardim har biriga atab. Baribir, qaytadigan joyi shu yer-da!
Tegirmonchining mung cho‘mgan ko‘zlarida allaqanday masrurlik zohir bo‘la boshladi.
— Ko‘zim ochiqligida joyli qilay deyman-da. O‘zlari kulib yurishadi, shaharda uyimiz bor-ku, deb. Bari bir-biri bilan ahil, intifoqchiligini ko‘rib yashagim keladi. Tortgan azoblarimga achinmayman. Aslida, o‘zbekniki shu — bolalarining huzurini ko‘rish! Mol-dunyo topiladi. Mana, siz ham olti oy burun yo‘qotib, bugun topib -turibsiz. Odamgarchilik va iymonga qolganda yo‘qchi bo‘lmaslik kerak. Shunday emasmi?
 Shu vaqt kelinimi yoki qizlaridan birimi qo‘ylar suvlagani kelganini aytib ketdi. Ular oldinma-ketin jilg‘a oxiridagi ko‘lmakka yo‘l olishdi. Hay-haylab polvonning qo‘ylarini suruvdan ayirdilar.
— Endi-i, Rahmon aka shuning ichidan xohlagan oltovini ayiring, — dedi polvon, — olti oy birov boqsayam enchi oladi-da.
Tegirmonchi ko‘nmadi. Polvon harchand qistasa ham olmayman, deb qat’iy turib oldi:
— Menga ataganlaringizni bolalarni o‘qitishga xarj qiling, — dedi Rahmonali tegirmonchi xayrlashayotgan mahali, — o‘qimishli bo‘lganda eslab yurasiz.
Kun peshinga qiyalab qolganda Berdi chavandoz sevinch va allaqanday masrur tuyg‘ular girdobida jilg‘a boshidagi qirdan qo‘ylarini haydab oshib ketdi.

* * *
Sumbula kirib, suv tinigan bir kunda polvon akasi Sayfi maxsum va ukasi Samandarni uyiga chaqirdi. Bir qo‘chqorni bo‘g‘izlatib, qo‘ni-qo‘shnilarni yig‘ib xudoyi o‘tkazdi. Uzoq qishloqdan kelgan Zikrxon eshon xatm qildi. Va, izdihom oxirida bir chaqmoq qo‘y go‘shti, bir kiyimlik sarpo olib jo‘nadi. Vaqt xuftondan o‘tib yig‘ilganlar ham tarqalishdi.
— Sizlar qolingizlar, — dedi polvon akasi bilan ukasiga.
Uchovlon xoli mehmonxonaga qaytib kirdilar. Polvon taxmondagi bo‘g‘chadan ikkita belbog‘ olib xontaxta ustiga qo‘ydi. Ularda vazni besh kiloni oladigan nimadir bor edi.
— Ot bilan mashinani narxlatdim, — chavandoz ularga nazar soldi. — Ikkovining qiymatidan har biringizga o‘nta sovliqning pulini atadim.
Samandar hayron qoldi. Nima gap degan ma’noda Sayfi maxsumga nigoh tashladi. Maxsum e’tibor qilmasdan polvonga qarata dedi:
 — O‘zing rozimisan? Harholda, otadan oltov bo‘lsang ham uyingda yolg‘izsan, degan bir gap bor eskilarda.
Gap nimadaligini tushunib yetgan Samandar esa qizishib ketdi. Ovozini balandlatib suyakteshar gaplar qildi. Biroq...
— Ol, uka, ota uyida hamma farzandning haqi bo‘ladi, — dedi polvon allanechuk mung‘ayib turgan ukasiga qarab, — ro‘zg‘oringning biror teshigini yamaysan.
Maxsum belbog‘ni qo‘ltiqlab qo‘zg‘aldi. Ikki uka uning ortidan tashqariladi. Darvozada quyuqqina xayrlashishdi. Polvon qanchalik qistamasin, menga unaqa meros kerak emas, deya ukasi Samandar tez-tez yurib mashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi.
Berdi chavandoz yengil tortdi. Kuzning etni jimirlatar havosidan simirib-simirib nafas oldi. Tog‘ boshiga qo‘nib turgan miltiroq yulduzlarga boqib ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Shu kez uning yuzidagi tabassumga moyil ifodani oy yorug‘ida bemalol ko‘rsa bo‘lar edi. Yana ukasining qiliqlaridan masrurlik tuydi: “Kelasi yil Samandar o‘g‘illarini sunnat qiladi, toy qo‘shaman”, — dedi o‘ziga-o‘zi.
Oshxonani tambalab kelayotgan xotiniga:
— O‘g‘lingga ayt o‘qishiga boraversin, — dedi. — Kechikmabdimi, pulini to‘lashga? — deb qo‘shib ham qo‘ydi.
Tashqarida, gujum tagida yotgan to‘ng‘ichi Bekbola suyunib ketdi. Lekin ko‘rpadan bosh chiqargisi kelmadi. To‘shak orasidan uy tomonga qiya qarab qo‘ydi. So‘ng hovli burchagidagi qo‘tonga ko‘zi tushdi. Kuchur-kuchur qilib kavsh qaytarayotgan qo‘ylar negadir unga yaxshi ko‘rinib ketdi. Keyin o‘qish haqida o‘y surib uxlab qoldi.
Hovli bo‘ylab uyqudagi olam sukunati keza boshladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 6-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.