OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Oxirgi ilinj (hikoya)

Dadajonim-ey, siz bu ahvolda turib, men qanday qilib?... Yo‘q! Men to‘yni to‘xtataman!!.
Shashqator yoshlari gulyuzlarini jaladay yuvib borayotgan, qalin sochlari to‘zg‘ib ketgan Oygul ahvoli nochor otasi ko‘ksiga bosh qo‘ygancha faryod urib yig‘lardi. Shu damlargacha boshi yostiqqa tegmagan, hech narsadan tap tortmaydigan ota ko‘ksidan juda-juda tanish hid qiz dimog‘iga urildi. Qadrdon bu isga butun borlig‘i-la bog‘langan Oygul ko‘zlarini chirt yumgancha o‘ylardi: «Aziz bu is egasi hozir hayot, sal o‘tmay yo‘qotib qo‘yishim mumkin! Yo, Qodir Egam, men sho‘rlikka rahming kelsin!» Qizning butun borlig‘i bu dahshatdan zirqirab, beixtiyor dod deb yubordi! Quloqlariga mungli qo‘shiq eshitilgandek bo‘ldi:
«Topmadim izlab otam hokini ko‘zga surtgali...»
Oygul shu qo‘shiqni tinglaganda har gal negadir qo‘rquvga tushaverardi. Balog‘at yoshiga yetmay turib onajonidan bemavrid judo bo‘lgan qiz qachondir otasi boshiga ham shunday mash’um ko‘rgulik tushishi mumkinligi hayoliga keldi deguncha charos ko‘zlaridan yosh quyilaveradi. «Nahotki ayriliq damlari shu bugun yetishgan bo‘lsa?!» U otasini mahkam quchib, yanayam qattiqroq faryod urib yubordi:
– Yo‘q-yo‘q! Dadajon, hech qayoqqa ketmaysiz!...
«Oh, bolaginam-a! Qaniydi, bu mushkulotning iloji topilsa?» Ko‘nglidan shu fikr kechgan nochor qariya nuridiydasi faryodidan bezovtalandi. O’rnidan turolmasa-da, loaqal qaddini ko‘tarmoqchi, qizining boshini har doimgidek silab ovutmoqchi bo‘ldi. Yo‘q, u na qo‘l va na oyoqlarini qimirlata oldi, hayoli ham o‘zidan yiroqlashib borayotgandek edi. Birdan-bir ovunchog‘i, suyanchig‘i Oygulni o‘zga xonadonga uzatish taraddudida timirskilanib, ham onalik, ham otalik burchini bajarib yurgan chol kuz yomg‘iri ho‘llab o‘tgan supadan tiyg‘onib ketdiyu, qayta turolmadi. «Bir paytlar qoyadan dengizga sakrab, o‘pqonlarga tushib ketib, cho‘qamoq qalpoqlilar tomonidan bosmachi nomini olib ne-ne balolarga giriftor etilganimdayam tirik qolgandim-a... Oh, ularning tepkilari, qiynoqlari!... Qolgan sheriklaringniyam topib bermaguningcha shu holatda turaverasan, deb boshimni pastga qaratib osib qo‘yishlari!... Yaratgan Egam, shundayam O’zing qo‘llagan eding. Arqon tasodifan yechilib, hech chorasiz tutqunlikdanam qochib qutulgandim. Umrimning yarmini darbadarlikda o‘tkazib, o‘lsam o‘ligim yurtimda qolsin deb, devonasifat bo‘lib qaytib kelgandim. Mengayam bir jufti halol topildi-yu, seni hadya etib, olamdan ko‘z yumgandayam bardosh bergandim-a, qizalog‘im!. Nahot endi ojizman?! Kelib-kelib shu bugun-a!» – qariya u yoq-bu yoqni paypaslab, tomoq qirib, yo‘talib ko‘rdi, aqlu hushi joyida. – «Yo‘q, bor kuch-irodamni to‘plashim, oxirgi burchimniyam bir amallab ado etishim kerak!».
– Ona qizim, – ovozi titrab ketgan chol sal jim turib, o‘zini bosib olgach, biroz dadillashib davom etdi, – men hamma balolarni boshimdan kechirdim: yomon-yaxshi kunlarni ko‘rdim. Ajal bilan yonma-yon qolgan damlarim ko‘p bo‘lgan. Rizq-nasibam uzilmagan ekan, mana, hozirgacha yashab keldim. Lekin halol yashadim, iymonimni hech qachon yutib yubormadim, mana shu Vatanga sadoqatli, halol farzand ekanimni isbotlash uchun kurashganman. Sendayin mehribon farzandlarni ko‘rish uchun yashaganman. Qodir Alloh rahm aylab seni ko‘rdim, istagan o‘qishingda o‘qitdim, biron-bir xohishingga qarshi turmadim. O’zing ko‘ngil qo‘ygan kuyovni tanlashinggayam yo‘q demadim. Xudoga shukr, oxirgi orzuimga yetay deb turibman. Shundoq kunda sen – mening dono qizim, dadangni ranjitasanmi, hammasidan mahrum qilasanmi?!
– Dada, dadajonim! Qanday yo‘l tutsam sizga madad bo‘lolaman?! Buyuring, har narsaga, siz uchun jonimni fido qilishgayam tayyorman!..
Oygul shiddatga kirgan, uning hech narsadan tap tortmasligi cho‘g‘dek yonib turgan ko‘zlaridan ma’lum edi. Qariya buni ko‘rib sal tetiklandi, o‘ng qo‘li harakatga kelib, yarim yonboshladi-da, shu zahoti maqsadga ko‘chdi:
– Qaragin, mana, tuzalib qoldim. Agar yana yig‘lasang, yo to‘yingni to‘xtatsang, mendan hozir ayrilishing aniq! Dadamni rozi qilay, ko‘nglidagi orzu-havaslarini ro‘yobga chiqaray, joniga ora kiray desang, chirog‘im, to‘yingni to‘xtatma. Do‘st-dushmanga ko‘z yoshlaringni ko‘rsatma. Qo‘sha qarib baxtli bo‘linglar, bazm avjini baland ko‘taringlar! Toki kuy-qo‘shiqlar maniyam quloqlarimga yetib tursin!... 
O’krab yuborishdan o‘zini arang tiyib turgan Oygul kafti bilan og‘zini to‘sgancha bosh tebratib, rozi ekanligini bildirdi. Otasining ko‘zi oldida yoshlarini artdi, sochlarini tuzatdi. Buni ko‘rib ko‘ngli taskin topgan ota:
– Qani, endi bir jilmayib yuboring-chi, ona qizim, - dedi “xotirjam”lik bilan. – Qani, quyosh chiqsin-chi!...
“Quyosh chiqsin-chi”ning ma’nosi ota bilan qizgagina ma’lum. Oygul kichikligida nimadandir xafa bo‘lib xarxasha qilsa yoki yig‘lay boshlasa otasi uni yoniga chorlar, qizaloqning ikki yuzini kaftlari orasiga olib: “Qani, quyosh chiqsin-chi!” derdi. Oygul beixtiyor kulib yuborar, shu bilan olam guliston bo‘lardi.
Hozir esa... o‘zini zo‘rg‘a eplab turgan qiz bir amallab jilmaygan bo‘ldi: 
– Baxtimga sog‘ayib keting, dadajonim!
Oygul chiqib ketgach, ota sekingina cho‘zildi-da, ko‘zlarini yumdi. U so‘nggi burchni bajarish chog‘ida qattiq toliqqan edi. Darmondan ketib borayotgan qariyaning ko‘zlari yumuq, ammo ko‘ngli nimagadir ilhaq. Shu payt mashhur xonandaning yoqimli ovozi ota quloqlariga yetib keldi:
«Ishqingda o‘rtanar jon, ey jonginam, netay men?!
Yuragimga sen inon, izhori dil etay men!...»
Kuy-qo‘shiqlarni jon-tani bilan tinglayotgan bemorning quruqlashib borayotgan lablari ohista pichirlardi:
– Rahmat, bardoshli quyoshim! Yetkazganingga shukr... mingdan-ming roziman!...
Ko‘ngli taskin topgan ota tinchgina mangu uyquga ketmoqda edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.