OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Sirtlon (hikoya)

Yil juda og‘ir kelgan edi. Qish yarimlamasdan yem-xashak tugadi. Chorvadorlar qamish, ajriq ildizi, yantoq qidirishib, har kuni izg‘ib yurishardi. Shermat aka ham shularning biri edi. U o‘shanda tentiray-tentiray, tunga qolib ketdi. Endi qo‘raga tezroq qaytish kerak: ochqab yurgan yirtqichlar qo‘ylarni qirib tashlashi mumkin. 
Cho‘pon nochor otni qichab borardi. Havoda yulduzlar charaqlaydi. Ot tuyog‘i ostida qor g‘irchillaydi. Sovuq va jimjit tunda bu ovoz uzoq-uzoqlarga eshitilayotgandek. Bo‘rilar qorin qayg‘usida to‘p-to‘p bo‘lib yurishardi. Bunday kezda ular odamni ham ayab o‘tirishmaydi. Birdan shu xayol kallasiga kelgan Shermat akaning badanida “chumoli o‘rmaladi”. U ortiga – bir-biriga mingashib yotgan tepaliklarga tez-tez qarab qo‘ya boshladi. Yomonlagur otning dam-badam pishqirishi-chi! Bo‘rilarni ataydan chaqirishdek bir gap-da, bu! Havo ham, tevarak-atrofdagi manzara ham sovuq, dahshatli edi. Tog‘ tepasidan endigina uzilib chiqqan barkashdek oy hammayoqni yoritib, cho‘pon joniga sal-pal ora kirdi. Oy nurida “mudrab yotgan” tepaliklardagi sirti muzlagan qorning yaltirishi ham xunuk va qo‘rqinchli edi. Ko‘chki tushib, yalang‘ochlanib qolgan tepaliklarning tubi o‘pqonga o‘xshaydi...
Yo‘l yuzida qirg‘izlar yashaydigan kichikroq bir qishloq bor, lekin uyam hali uzoqda. Oyning dog‘li yuziga ko‘zi tushgan Shermat akaning xayolida homilador xotinining chehrasi jonlandi. U xotini, bolalari yoniga yetib olib, tinchgina yashashni juda-juda qo‘msadi shu topda...
Birdan qandaydir xavfni sezib, Shermat akaning vujudi muzlab ketdi. Ot ham kishnab yubordi-da, shasht bilan oldinga intildi. Chapdastlik bilan o‘zini egarda arang o‘nglab olgan cho‘pon ortga ko‘z tashladi. Quyiroqdagi yonbag‘irda bir gala bo‘ri yelib kelardi. Shermat aka otga ustma-ust qamchi bosib, oldindagi qishloqqa yetib olmoqchi bo‘ldi. Tuzuqroq boquv ko‘rmagan qirchang‘i tezroq yugurish o‘rniga inqillab, sekinlay boshladi. Oradagi masofa tobora qisqarmoqda edi. Oxirgi shu damlarda Shermat akaning xayoliga so‘nggi najot chorasi keldi. U ot boshini soy bo‘yidagi tashlandiq bog‘ tomon burdi. Boqqa arang yetib olgan cho‘pon dastlabki uchragan olma daraxtining yo‘g‘onroq shoxiga osildi. So‘ng egardan azot ko‘tarildi. Adoyi tamom bo‘lgan ot shu ondayoq och bo‘rilar qurshovida qoldi. Daraxt ustiga chiqib olgan Shermat aka po‘pisa qilib hayqirar, yirtqichlar esa bunga javoban tishlarini shaqillatib irillashar, irg‘ishlashar, go‘yo cho‘ponni mazax qilishar edi. Bo‘rilar otni ag‘darishib, tilka-pora qilishdi. Go‘shtini ochko‘zlik bilan yutib, suyaklarini sharaqlatib g‘ajishga tushdilar. Taqdirga tan bergan Shermat aka esa daraxt ustida tomoshabin bo‘lib o‘tirardi.
Ancha olisdagi qishloqchadan itlarning vovullashlari aniq eshitilib turar, ora-sira bir kuchukchaning ham zaifgina tovushi quloqqa chalinib qolar edi. Itlarning vovullashlariga parvo qilmayotgan bo‘rilar kuchukchaning ovozi eshitilgan zahoti go‘sht yeyishdan baravariga to‘xtar, diqqat bilan quloq solishardi. 
Ota-bobosi chorvador o‘tgan Shermat aka ulardan ko‘p voqealar, hangomalar tinglangan. Hozir shu suhbatlardan biri yodiga tushdi.
– Ba’zi it yakka kuchuk tug‘adi. Bo‘rilar uning ovozidan tanib, kichikligidayoq bo‘g‘ib ketishadi. Shu kuchuk omon qolsa, yetilgach, bo‘rilarga qiron keltiradi. Uning nomini Sirtlon deb atash kerak. Sirtlonni faqat onadan yakka tug‘iladigan Arslon-bo‘ri yengishi mumkin, - degan edi dadasi. “Qishloqqa sog‘-salomat yetib olsam, kuchukchani izlab topganim bo‘lsin...” Olma daraxti ustida sovuqdanmi, g‘azabdanmi, qalt-qalt titrab o‘tirgan cho‘pon shu niyatni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Birpasda otni xomtalash qilgan yirtqichlar tepaliklar ortiga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Shermat aka kesakdek uvishgan badanlarini ishqay-ishqay, qishloqcha tomon yo‘l oldi. 
Kuchukchani topish qiyin bo‘lmadi. Taxmini to‘g‘ri chiqdi. Chindan ham u yakka tug‘ilgan, bo‘laligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Yurishgan ishning buyog‘i ham oson ko‘chib, Shermat aka bilan uloq tortishib yurgan tengquri Eshimbet aka eshik ochdi.
– Joning foydaga qopti, otabiy! – dedi voqeani eshitib g‘oyat hayajonlangan mezbon. – Bir kuchuk nima degan gap, senday mard odamdan jonniyam ayamaymiz. Biroq toza yemish bilan yaxshilab boq. Shunday qilsang, mana, ko‘rasan, bo‘rilardan qasdingni olib beradi.

* * *

Shermat aka ko‘chib boradigan yaylov tog‘lar qurshovidagi kattagina tekislik bo‘lib, uni Tolmaydon deyishadi. Bu sayhonning qoq o‘rtasida to‘nkarilgan tog‘oraga o‘xshash katta bir tepalik bor. Uning yonboshidagi toshlar orasidan buloq qaynab chiqib, pastga oqadi. Buloq bo‘yida o‘sgan ulkan tol daraxtining shoxlari har tarafga tarvaqaylab ketgan. Cho‘pon toqqa ko‘chganda mudom shu daraxt soyasiga o‘tov tikadi. Sirtlon esa tepalik ustidagi uyasida yashaydi. Shermat aka o‘sha joyda iti uchun ikki qavatli “qasr” qurib bergan. Havo ochiq kunlarida iti ustki qavatda poyloqchilik qilsa, yog‘ingarchilik yoki jazirama kezlarda panaga tushib oladi. “Har ikkala joydan ham itim to‘rt tomonni kuzata oladi. Sirtlonimni esa sirtdan biron zot payqamaydi...” Iti uchun berilib oshyon qurar ekan, shunday xayol qilgandi cho‘pon. Bir voqeadan keyin Sirtlonning raqiblari, ayniqsa bo‘rilarning anoyi emasligi ma’lum bo‘ldi...
O’sha kuni – kechga yaqin Sirtlon tepalikdagi uyasini tark etib, o‘tov oldiga keldi. U qattiq bezovtalanar, kunchiqarga qarab tinmay irillar, sira tinchiy olmas edi. Qorong‘i tushgach esa, Shermat akaning hay-haylashiga qaramay o‘tov ichkarisiga kirib ketdi. Tuni bilan cho‘pon ham, it ham ko‘z yummadilar. Tong saharda tashqariga qaragan Shermat aka Sirtlonning bezovtalanishi sababini tushundi. O’tov eshigidan besh-olti qadam narida, tusi sarg‘ish, yoldor, qulog‘i qop-qora, qaddi-basti Sirtolondan ham tikroq Arslon-bo‘ri hujumga shaylanib turardi. Bo‘ri bilan itning ko‘zlari bir-birlariga qadalgan. Ikkalasi ham kiprik qoqmasdi. Shoshganda labbay topilmas deganlariday, o‘g‘loqlik miltiq qolib, cho‘pon o‘tov burchida turgan do‘lana so‘yilni ko‘tarib tashqariga yugurdi. Bo‘ri cho‘ponga tashlanmoqchi bo‘ldi-yu, yutqazdi. U itning ko‘zidan ko‘z uzishi bilanoq Sirtlon o‘tovdan o‘qdek otilib chiqib, bo‘rining tomog‘idan oldi. Zarba ustiga zarba berib, uch-to‘rt bor siltab tashladi. Shuning o‘zida “shilq” etib tushgan yirtqich qayta bosh ko‘tarolmadi. Sirtlon eng xavfli dushmanni daf qilgach, jon-jahdi bilan tepalik ortiga otildi. Ayg‘irga sakrab minib, Shermat aka ham iti ortidan ot soldi. Tepalik panasida poylab turgan bo‘rilar tizilgancha Chotqol cho‘qqilari tomon qochib borishardi. Ular sardorlaridan ayrilganlarini sezib, jon talvasaga tushib qolgandilar. Bo‘rilardan birontasi ham qutulib ketolmadi. Sirtlon zumda navbatdagi yirtqichga yetib olar, jon joyidan tishlash barobarida siltab orqaga uloqtirib yuborar edi. Birgina shu zarbadan so‘ng bo‘ri qayta o‘nglanolmasdi. 
– Meni yemoq bo‘lib ortimdan tish qayrab yugurganlaring uchun bu! – deya chalajon bo‘rilarning boshlariga so‘yil bilan tushirardi cho‘pon.

* * *

Yovvoyi jonivorlar uchun o‘sha yilgi qish yana qahrli keldi. Qor uzluksiz yog‘ib, tog‘lardagi keraga toshlarni ham ko‘mib yubordi. Inson zotiga qorasini ko‘rsatmaydigan to‘ng‘izu kiyiklar yemish izlab qishloq ichkarisigacha tushib kela boshladilar. Yaqin atrofda bo‘rilar ham ko‘payishib qoldi. Ehtiyotsizlik qilib tunda eshik ochgan falonchiga och bo‘ri sapchibdi, degan sovuq xabar tarqaldi. Odamlar qorong‘i tushmasdanoq eshik-teshiklarni berkitishib, og‘il-otxonalarni mahkamlab qo‘yadigan bo‘lishdi. Bari bir dam u-dam bu xonadondan qo‘y-echkilar yo‘qolib turardi. Qish cho‘zilgan sayin it va kuchuklar ham dom-daraksiz ketaverdi...
Bunday olg‘irlikka bo‘ri qodir emas. Sirli yirtqich juda epchil va ayyor edi. Dala aylangan ovchilar hatto uning izini ham topisha olmasdi. “O’g‘ri” qush emaski, o‘ljasini ko‘tarib uchib ketsa. U har kuni kelavermasdi. Qachonki, bo‘ron quturganda yoki qor bo‘ralayotgan tunda paydo bo‘lar, manman degan hushyorlarni ham dog‘da qoldirardi. Vahimali gaplarni eshitgan qishloq kishilari kechasi tugul kunduzlari ham ko‘chaga chiqishdan cho‘chiy boshladilar...
Shermat aka og‘ir kezlarda har doim hamqishloqlariga yordam berib kelgan. Yoshi o‘tinqirab qolganiga qaramay, dala-tog‘larda ot surganda yoshu qari baravar havaslanib qaraydi unga. Egasining norg‘ul gavdasiga baquvvat tulpor ham juda mos tushgan. Bu otni “Qadimgi asl otlardan qolgan tuyoq”, deyishadi. O’zi qizg‘ish, yoli oq tusli jonivor ko‘pkarlarda uloqni olgan egasini marra sari uchirib borayotganda dalalar larzaga keladi, yaqiniga yo‘lashga boshqa bedovlarning yuragi betlamaydi.
Shermat aka otidan ham ko‘ra itiga ko‘proq ixlos qo‘ygan. Yuqoridan kelgan komissiyami, muxbirlarmi, cho‘ponni maqtay boshlagan zahoti u: “Ha, endi gap itim bilan otimda”, deb kesib qo‘ya qoladi. Cho‘pon vahimali mishmishlarga dastlab unchalik e’tibor bermadi. Quyonyuraklar aravani quruq opqochayotgan bo‘lsalar kerak, deb o‘yladi. O’zining qo‘rasidan ketma-ket ikki to‘qli yo‘qolgandan keyingina ahvol jiddiy ekanligiga ishondi. Sirtlon rosmana yetilgan, ancha yildan beri uni biron yirtqich dog‘da qoldirmagan edi. “Yo itim tanballashib g‘aflat bosdi, yoki raqibi zo‘r”.
Shu xayol og‘ushida ayg‘irning ayilini tortayotgan cho‘pon yonida Sirtlon bosh egib turardi.
– Hechqisi yo‘q, polvon, – dedi Shermat aka unga bir qarab qo‘yib. – Har zamonda mag‘lubiyat alami ham kerak. Bo‘lmasa judayam kekkayib ketamiz.
Tulporini minib, Sirtlonni ergashtirib chiqqan Shermat akani ko‘rgan hamqishloqlari, endi tinchib qolarmiz, deb yengil nafas oldilar...
Yozu qish yelkasidan oppoq muz arimaydigan Chotqol cho‘qqilari kuzdan boshlab mudom tuman va bulutlar qurshovida qoladi. O’ziga obdan ishongan, manman degan ovchilargina uning xilvat bag‘riga yeta oladilar. Havasmandlar gapi bilan aytganda zig‘irmoy palovidan iligi to‘q o‘sgan Shermat ovchi zabardast yigitlik yillarida bu tog‘larning etagidan kirib, yoqasidan chiqardi. Chotqolning hamma sir-asrorlari unga besh qo‘lday ma’lum.
Qalin tuman bosgan tund cho‘qqilarga bir oz tikilib turgach, Shermat aka o‘zicha reja tuzdi. U otining boshini toqqa emas, teman dala tomon burdi. Tunda yoqqan qor hamma izlarni berkitib yuborgan edi. Otini ohista odimlatayotgan cho‘pon har sakkiz-o‘n metr masofada sezilar-sezilmas qolgan izlarga tikilgancha o‘ylab borardi: “Raqibimiz osonlikcha jon beradiganga o‘xshamaydi...” “Yomonjar”ning xilvat joyidagi manzara Shermat aka tusmolini tasdiqladi. Cho‘pon uzangiga tayangancha yarim engashdi-da, qor ostida do‘ppayib turgan toshlardan birini qamchin sopi bilan turtib yubordi. U tosh emas, tishlari irjaygancha qotib qolgan it kallasi ekan. Qolganlari ham qo‘y, echki va it boshlari edi. Bularni o‘nlab chaqirim masofaga orqalab kelgan pahlavon kim bo‘ldi ekan?
Sirtlon ko‘zlari yonib jangga shay turar, daryo bo‘yidagi qalin tolzorga qarab irillar, biroq ichkari kirishga botinolmas edi. Shermat aka birpas ikkilanib turgach, Sirtlonni ergashtirib ortiga qaytdi. Cho‘pon noma’lum yov bilan olishishni keyinga qoldirdi. Bir zarba bilan butunlay daf qilish kerak. Shu niyatda u puxta reja tuza boshladi.
Keyingi ikki kun davomida havo ochilib ketdi. Qattiq sovuq boshlandi. Bunday sharoitda biron-bir voqea ro‘y berishiga cho‘ponning ko‘zi yetmasdi. Shunday bo‘ldi, bu kunlar tinch va osoyishta o‘tdi. Uchinchi kunga o‘tar tunda kuchli shamol qo‘zg‘aldi. Peshindan so‘ng esa havoni qalin bulut qoplab, qor uchqunlay boshladi. Buni ko‘rgan Shermat aka zudlik bilan harakatga tushdi. U taxmin qilgan joylariga tuzoq va qopqonlar qo‘ydi, miltiqlarini yaxshilab sozladi, o‘z yotog‘idagi pech yoniga ko‘proq o‘tin-ko‘mir g‘amladi. Sirtlonni esa devori eng baland qo‘y saroyi ichiga qamadi. “Qo‘y ketsa-ketsin, Sirtlonni saqlab qolish kerak”, degan niyatda shunday qildi cho‘pon.
Qor betinim yog‘ar, ustiga-ustak bo‘ron kuchayib borar edi. Yarim tunga qadar pistirma qurib o‘tirgan cho‘ponning suyak-suyagidan sovuq o‘tib ketdi. U yotoqxonasiga qaytib, ko‘rpachaga yonboshladi. “Yirtqich toqqa chiqib ketdimikin? – xayolga toldi Shermat aka chirsillab yonayotgan o‘rik o‘tining qip-qizil oloviga tikilib – Bu “kishi”, odatda, qor yog‘ayotganda yoki bo‘ron avjga chiqqanda tashrif buyurguvchi edi. Hanuz daragi yo‘q”...
Ancha toliqqan cho‘ponni issiq elitdi. Devorga suyanib, miltig‘ini bag‘riga bosgancha, beixtiyor mizg‘iy boshladi. Qancha vaqt o‘tgani noma’lum, o‘tkir hushtakdek chinqiriq va Sirtlonning darg‘azab o‘kirishi uni uyg‘otib yubordi.
“Eh, attang, itimdan ayrilib qoldim-ov!”
Cho‘pon qo‘shtig‘ining tepkisini ko‘tarib, xanjarni shay tutgancha, Sirtlon qamab qo‘yilgan saroy ichkarisiga yugurdi. O’takalari yorilguday burchak-burchakka tiqilishib turgan qo‘ylardan o‘zga tirikjon ko‘rinmasdi.
“Obbo, kasofat! Sirtlonimni ham “Yomonjar”ga ilib ketibdi-da! – o‘z-o‘zidan g‘oyat darg‘azab bo‘ldi Shermat aka. – O’l, battar bo‘l, tanbal uyquchi!...” U bir-bir bosib qo‘radan chiqdi. Tuman bostirib kelayotgan dalalarga tikilar, g‘azabdan cho‘pon tishlari g‘ichirlardi: “Qani endi, nomard qaroqchi bilan yuzma-yuz kelsamu armonsiz olishsam!..”
Shu payt Shermat aka qulog‘iga Sirtlonning ovozi ingandek bo‘ldi. U o‘zini guppa yerga otdi, ko‘zlarini chirt yumdi. Yuzini sovuq qorga bosgancha nafasini ichiga yutib, butun vujudi bilan quloq soldi. It ulishi yana takrorlandi. Bu chindan ham Sirtlon edi! Cho‘ponning sodiq do‘sti o‘ziga xos ovoz bilan egasini chaqirardi. Shermat aka it tovushi kelayotgan “Yomonjar” tomon yugurdi. Bir chaqirimcha chopib borgach, qor ustida cho‘nqayib o‘tirgan sharpaga ko‘zi tushdi. Yetar-etmas itiga qo‘l cho‘zgan Shermat aka birdan ortiga tisarildi-da, qo‘liga xanjarini oldi. Sirtlonning ostida qandaydir kattakon yirtqich sulayib yotardi. Chotqol tog‘i cho‘qqilarida xo‘jayinlik qilib yuradigan qor qoploni ham Sirtlondan qutulib ketolmabdi. Qahraton qish g‘ururini bukib, chakana o‘g‘irlik qilishga majbur etgan qoplon o‘zidan zo‘rga yo‘liqibdi.
– “Qizil kitob”ga kiritilgan erkatoyni o‘ldirib qo‘yibmiz-ku, – dedi itini ergashtirib qo‘raga qaytayotgan cho‘pon. – Endi uning jarimasini to‘lashimiz kerak, polvon...
Shu bilan tashvishlar tugab, endi baxtli kunlar boshlanadigandek edi. Ammo kulfatning kattasi, dushmanning eng qattoli oldinda ekan.

* * *

Qor qoploni voqeasidan xabar topgan o‘rmon nazoratchisi Sirtlonga ko‘z tikib oldi. Shu bahona Sirtlonu cho‘ponning boshi ta’qibdan chiqmay qoldi. Nazoratchi har kelganda uning fatvosini olish – oyog‘i ostida qora qo‘chqor bo‘g‘izlash kerak. Bu ham yetmagandek, Sirtlonni bizga berasiz, deb qistalang qilaverdi. Rad javobi bergan fermerni kunora-hafta sayin nazoratchi tekshirib yuradi. Keyin... keyin Sirtlon birdaniga ovqatdan qoldi. U oldingi ikki oyog‘iga boshini qo‘yib, mudom egasiga tikilib yotar, ich-ichidan betinim g‘ingshirdi. Iti tuzalavermagach, Shermat aka zuvillagancha tushib, mol doktorini boshlab chiqdi.
– Itga igna berilibdi, - dedi ko‘zoynakli doktor bir qarashdayoq. – Istasangiz, operatsiya qilamiz...
– Buguncha kutaylik, o‘ylab ko‘raylik-chi, – dedi fermer yig‘lamoqdan beri bo‘lib.
Ertasi azonda turib qarasa... Sirtlon o‘rnida yo‘q! Shu-shu, Shermat akaning iti qaytib kelmadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.