OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Tulki bolasi (hikoya)

O’rmon mergan ko‘zi ilindimi-yo‘qmi, tong bo‘zara boshlaganini ko‘ra solib o‘rnidan turib ketdi. O’g‘ilchasining harorati baland, tuni bilan ingrab chiqqan edi. Uyquga qonmagan ovchining boshi sirqirab og‘riydi, ko‘ngli g‘ash. Buning ustiga, kech kuz havosi emasmi, qibladan izg‘irin aralash sovuq tuman yopirilib kelmoqda. 
Shunaqa mijg‘ov havoda issiq o‘rnini tashlab, izg‘iringa chiqadigan odam kamdan-kam topilsa kerak. O’rmon polvon esa, ko‘ngliga bir niyat tugdimi, tamom, osmon uzilib yerga tushsa ham ahdidan qaytmaydiganlardan.
Hamyurtlari unga ikkita nom qo‘ygan. Norg‘ulligi uchun polvon, chumchuqni ko‘zidan urishi tufayli mergan deyishadi. 
Shunday qilib, mergan qarg‘a “qag‘” demasdan hovliga tushdi. Ammo havo ov uchun nobop edi. Buni ko‘rgan O’rmonning oyog‘i toqqa tortmadi. O’ringa tappa tashlab, kuni bilan uxlamoqchi, bir galgina ahdidan qaytmoqchi bo‘ldi-yu, darhol o‘z-o‘zini koyidi: “Shu vaqtgacha qilmagan nomardlikni endi bo‘ynimga olamanmi? Shaytonning vasvasasiga bir gal yursam, umrbod undan qutulib bo‘lmaydi. Yo‘q, uyqu – g‘aflat, hech bo‘lmaganda qopqonlardan xabar olishim kerak”. U suv o‘tmas kamzulini yelkasiga tashlab, yopg‘ichini boshiga ko‘tardi. Uydagilarni, ayniqsa bemor o‘g‘lini uyg‘otib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan, ammo tez harakat qilib zalvorli so‘yili, chilvir, ov pichog‘ini oldi, qo‘shtig‘ni yelkasiga osdi-da, ko‘chaga qarab uch-to‘rt odim tashladi. Keyin birdan to‘xtab, shart ortiga burildi va o‘g‘ilchasi yotgan xonaga asta mo‘raladi. Tuni bilan o‘g‘lining ikkala yuzi naqshdek qizargan edi. Xotini esa o‘g‘il tepasida hamon mudrab o‘tirardi. Rahima ko‘zini arang ochib, g‘amgin yuzini eriga burdi-da:
– Bugungi ovingizni qo‘ya qolsangiz bo‘lmaydimi? Axir tuni bilan ko‘z yummadingiz-ku, ustiga-ustak o‘g‘limiz... – dedi hazin tovush bilan.
Ovchi xotiniga o‘qrayib qaradi. U o‘zini “yo‘ldan uradigan”larni yomon ko‘rardi.
Ota sharpasigami yoki oyisining shivirini eshitibmi... o‘g‘ilchaning ko‘zlari ochildi. Bola har doim otasiga ko‘zi tushganda nimagadir dadillanib ketardi. Tili biyronlashib qolgan bolakayning tovushi zo‘r-bazo‘r chiqayotgan bo‘lsa ham, “sir bermay”, chiranib so‘radi:
– Menga nima optelasiz, ada?
O’g‘ilchasi arang nafas olayotganidan burun kataklari kerilib, harorat zo‘ridan ko‘z qorachiqlari cho‘g‘dek yonib turardi. Buni ko‘rib yuragi uvishib ketgan mergan:
– Senga tulki bolasi obkeb beraman, o‘g‘lim! – dedi shosha-pisha uni yupatish ilinjida.
– Tirigini obteling, adajon, xo‘pmi?
– Ha, ha, albatta tirigini... – deya ovchi darhol eshikni yopdi. U o‘g‘li yonida yana bir oz tursa, bu yerdan chiqib keta olmasligiga ko‘zi yetgan edi.
Merganning ishi ovda ham hadeganda yurishavermadi. U changalzorlar oralab ketgan yon yo‘llar osha bir qopqondan ikkinchisiga o‘tardi-yu, hafsalasi pir bo‘lardi: ular qanday qo‘yilgan bo‘lsa shundayligicha turgan edi. Keyingi ikkitasi ov o‘rniga tuproqni ko‘tarib turgan kigiz parchalarini qisib qolganligi O’rmonning ko‘nglini battar g‘ash qildi.
Havoning avzoyi betinim aynib bormoqda edi. Izg‘irinning achchiq zahri yetmagandek, birdan qor bo‘ralay boshladi. Atrofdagi tuman quyuqlashib, besh qadam nari ko‘rinmay qoldi. Pastdagi soy shovqini allaqanday noxush nola kabi eshitiladi quloqqa. “Bugun ovga chiqmasam bo‘lar ekan, - afsuslandi mergan. – Mayli, oxirgi qopqonni ham borib ko‘rayin-chi...” Tog‘ yonbag‘ridagi barcha mayda yo‘llarni birlashtirgan joyga qo‘yilgani uchun polvonning so‘nggi ilinji shu qopqondan edi. Chindan ham qopqon qo‘yilgan joyida ko‘rinmasdi. Chuqurcha ochilib yotar, tezaklar aralash tuproq ichida kigiz parchasi qolgandi, xolos.
Qopqonga boylangan qo‘ra shoxi izlari ovchini soy tomon boshladi. O’rmon hovliqib, yugurgancha pastlikka tushib bordi. Katta sharshara qoshidagi olcha daraxti panasida ancha yetilib qolgan tulki bolasini ko‘rib, yuragi taskin topdi. “Tiriklay olib borib, o‘g‘limni sevintiraman”, degan quvonchli fikr o‘tdi xayolidan.
Odam sharpasini sezgan jonivor tez o‘girilib qaradi. U ajal muqarrar ekanligiga iqror bo‘libmi yoki shafqat kutibmi... dam O’rmonga, dam uning qo‘lidagi so‘yilga termilardi. Odatda, qopqonga tushgan hayvon odamni ko‘rdi deguncha talpinib, yulqinaverguvchi edi. Bu tulki bolasi esa shumshaygancha o‘tiraverdi.
O’rmon tulkining miltirayotgan ko‘zlariga qarab, yuragi jiz etdi. Bu ko‘zlar, nimagadir, o‘g‘ilchasining azongi boqishlarini eslatib yuborgan edi.
Shu payt tulki oyog‘ining qopqonga qisilgan joyiga ovchining ko‘zi tushdi. Oyoq suyagi cho‘rt uzilib ketgan, uch-to‘rtta paygina ovni ushlab turardi. Bir-ikki yulqilansa, paylar uzilib, tulki qutulib ketadigandek.
O’rmon har ehtimolga qarshi so‘yilni o‘nglab oldi.
Ovchining ko‘nglidagi shum niyatini sezdimi, tulkicha qopqondan qutulib ketish uchun urina boshladi. Ovchining nazarida tulkini qopqonga bog‘lab turgan paylar uzilib ketgandek bo‘ldi. U beixtiyor so‘yil bilan bir urdi. Urishga urdi-yu, tulki bolasini tirik saqlab qolishi kerakligi shu zahoti lop etib esiga tushdi. Ammo... g‘isht qolipdan ko‘chgan, bitta zarbaning o‘zidayoq jonivor til tortmay qolgandi.
Ovchi holsiz odimlar bilan hovlisiga kirdi-yu, yolg‘iz bolasini “tez yordam” kasalxonaga olib ketganini eshitdi.
...Ota nafasini sezgach, yarim behush bolaning kipriklari ohista pirpiradi-da, bir-biridan ajraldi. Tim qora ko‘zlari jovdiradi. Go‘dak jilmaymoqchi bo‘ldi, qo‘lchalarini arang ko‘tarib, otasiga cho‘zdi. O’rmon toqat qilolmadi, bolasini dast ko‘tarib bag‘riga bosdi. Uning qulog‘i ostida o‘g‘ilchasining holsiz shiviri eshitildi:
- Ada, tirik tulki bolasi obteldiyzmi?
Ertasi, tong mahali ovchi jahd bilan yana toqqa jo‘nadi. Kun ochilib ketgan, ulug‘vor cho‘qqilar orasidan mo‘ralayotgan quyoshning zarrin nurlari ostida oppoq qor ko‘zni qamashtirardi. Tuni bilan sovuqda ochiqib qolgan kakliklar buloq bo‘ylaridagi shivarlarda timirskilanib yurishibdi. Kaptarlar qirov ketishini kutib, toshlarning ustilarida g‘uj-g‘uj bo‘lib tumshayishib o‘tirishibdi.
O’rmon merganning avvalgi paytlari bo‘lganda-ku, ovi zap baror olardi-ya! Ammo u hozir hech qayoqqa boqmay, qopqonlari tomon shasht bilan borardi. Bugun birinchi qopqondayoq ishi yurisha boshladi: unga katta bo‘rsiq ilinibdi. Ovchini ko‘rgan jonivor bir amallab qutulib ketish uchun jon-jahdi bilan yulqinishga tushdi. Buni ko‘rgan O’rmon do‘stlarining “topshirig‘i”ni esladi. “Bo‘rsiq ilintirsang, go‘shtini qaynatma qilamiz, yog‘iga osh damlaymiz”, deyishgandi ular. Ovchining tishlari beixtiyor g‘ichirlab ketdi, sovuqdanmi, boshqa sababdanmi, ko‘zlaridan chiqqan yoshni uvushib titrayotgan mushti bilan artdi. So‘ng o‘ng qo‘li bilan bo‘rsiqning bo‘ynidan ushlab turdi-da, oyog‘ini qopqondan chiqarib qo‘yib yubordi. Bo‘rsiq ozod bo‘lganiga ishonmagandek, ovchiga birpas serrayib qarab turdi, keyin uch oyoqlab chopganicha o‘zini changalzorga urdi. Ovchi hamma o‘ljalarni qopqonlardan shu alfozda ozod etdi. Orqalab olgan qopqonlarini esa... kecha tulki bolasini o‘ldirgan joyga olib tushib, katta toshlar bilan urib sindira boshladi. U xunuk ovozda baralla yig‘lab, qopqon siniqlarini har tomonga uloqtirardi. Parranda-yu darrandalar bu telba odamning xatti-harakatlariga hayron qolgandek, kavak-kavaklardan, tosh va shox-shabbalarning panalaridan bo‘yinlarini cho‘zib qarab turardilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.