OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Dilmurod. Narvon (hikoya)

Turli lash-lush, taqir-tuqir va aslaha ortilgan arava taraqlab shahar bo‘sag‘asidan uzildi. To‘riq zotli cho‘gir beliga qo‘ngan, taxminan ellikni qoralagan, qirra burni ostidagi kalta mo‘ylovi dumaloqdan kelgan oqish betiga yarashgan usta Po‘lat, dunyo og‘iru yengilini taroziga solib, parishon kulimsirab borardi. G‘ildiraklari g‘ichirlab aylanayotgan arava otameros bo‘lib, padari buzrukvori hidi kelib turgani uchun ham undan ajralishni istamas, ko‘pdan beri o‘g‘li Asliddin yaraqlatib minib yurgan mashinaga ko‘pam qiziqmas edi.
Osmonning bir burchida kulrang bulutlar to‘da­lasha boshlagan paytda, xayoli almisoqdan qolgan shu ulovdan kechgan kuni yap-yangi mashina sovg‘a qilishga va’da bergan Rizo amakka og‘ib, payvasta qoshlarini mamnun chimirdi va ruhi ayricha qanotlandi.
Hamma yoqda qanaqadir qotishmadan amallab tayyorlangan bozori chaqqon duradgorlik buyumlari bodrab, o‘zi va o‘g‘li Asliddindan omad qushi yuz burganda Rizo amak eshik qoqqanini sira unutmaydi. Oqu qorani xolisona baholash tarafdori bo‘lgan muxlisi ko‘plarni maftun etgan haligidaqa matohlarni yoqtirmasdi. Natijada Tegana qishlog‘ida tiklangan imoratiga to‘lasincha bag‘dodiy eshigu rom o‘rnatishni ma’qul topgan va uni yo‘qlab kelgan edi.
Shartlashuv ijrosiga kirishgan kundanoq, Rizo amak bilan qiyomatlik og‘a-ini tutindi-yu, go‘yo usta Po‘lat onadan qayta tug‘ildi. Og‘izga tushgan hunari xonadon sohibiga mo‘‘jizadek tuyular, diliga cheksiz zavqu shavq va huzur-halovat bag‘ishlar, qurilish bitgan hamono, xudo yo‘liga xudoyi qilish ishtiyoqida edi.
Rizo amak shodligini har narsaga qiziqadigan qalin ulfatlari bilan bemalol bo‘lishar va mudom ular fikrini hurmatlar edi. Yoshu qari, faqat usta Po‘lat didi nozik va fe’li keng odam ekanini emas, kun sayin salobat kasb etib, chiroyi benihoya tiniqlashayotgan dang‘illama uyini ham boplab ta’rifu tavsif qilardi.
Ammo ko‘cha-ko‘yda doim mastu alast tentirab, istagan odamiga kafan bichishda suyagi yo‘q do‘sti Qarshivoy nimagadir uni mensimasdi. Ba’zan duch kelgan joyda yoqasidan tutib, sen olifta aslida xudo qo‘shqo‘llab urgan dardi bedavo mirquruqsan, bunaqa kerilishing otangdan meros molu davlat tufayli deya, piching yumalatib ranjitar, qitiq patiga tegingani uchun maza qilib qahqaha otar edi...
Rizo amak kindikdosh do‘sti, har qancha quyush­qondan chiqsa ham o‘zini og‘ir-bosiq tutardi, sirasi, aslida tabiatan vazmin bo‘lib, uncha-munchada jahl otiga minmas, qolaversa, bitta-yarimtaning dilini qavartirishni gunohi azim sanar edi. Qaysi kuni esa, shom arafasida ko‘chadan sevikli tulporini qimorda yutqazgan chavandozday mung‘ayib qaytdi. Bukilgancha kuyib-pishib, tez-tez taxta randalayotgan, qoshu kiprigiga qirindi ilashgan usta Po‘lat va Asliddin bilan sovuq salomlashgach, o‘choq boshida imi-jim kuymalanayotgan xotini Shodiyaga zahrini sochdi. Kattayu kichik maqtovga loyiq topgan qo‘sh oshyonali imoratini, har galgidek g‘ururlanib emas, lo‘m yutgandek to‘rsayib kuzatdi, kuzatarkan, ich-ichini yovuz bir maxluq tinimsiz kemirayotgani anglashilar edi.
– He-ey, choyxonada... qalang‘i-qasang‘i kaslar guvohligida do‘st deganim Qarshivoy quloqqa tepti! – Rizo amak andak xotirjamlik ixtiyor qilgandan keyin yuragini to‘kdi. – Qaniydi, qaro yer yorilib, tiriklay qa’riga kirsam!
– Birodari aziz, qo‘ying o‘sha qasamxo‘rlar sardorini! – dedi usta Po‘lat dangal, kaftini yiltirayotgan do‘ng peshonasiga bosib. – O‘ziga tuppa kesmagan, birovga ugra kesar ekan!..
– Iff, enang o‘lgur aslida haq-da! Chiroqyoqar o‘g‘il-qizim yo‘g‘-u, koshona tiklashga balo bormi?! Vo darig‘, kimga qoladi yoki narigi dunyoga orqalab ketamanmi?!..
Rizo amak titrab-qaqshab ko‘ksini changalladi, poyma-poy kesatiqlari esa toshni teshgudek kes­kin jaranglardi. Ohunikiday ma’sum qaroqlarida halqa-halqa yosh yiltirayotgan Shodiya anordek ezilayotganiga qaramay, o‘zini kardek tutayotgandi; musicha kabi beozor javdiragani sayin alamzada er qizigan tandirga kalla tiqqandek battar tutaqar, pushti kuygan xotin bilan chimildiqqa kirgan kunini tinmay la’natlar edi.
Oradan biron hafta o‘tib, ta’na-dashnom va kinoyaga to‘ygan Shodiya izillab yig‘lagancha qizlik uyiga jo‘nadi. Natijada shundoq ham haylavotdek huvillagan hovli-haram fayzi butunlay yo‘qoldi. Nav­batdagi ko‘rgilikka chidolmagan Rizo amak sho‘rlagan poydevor kabi cho‘kaverdi. Shanba peshinda islimiy naqshlar zarblangan darvozadan Qarshivoy salanglab kirganda taqdiri azaldan noligancha o‘z yog‘iga qovrilib o‘tirardi. Jarjag‘ oshnasi xotini arazlagani bahona yana ustidan mag‘zava ag‘darishini sezib, to‘nini teskari kiydi. Bit ko‘zlari yanayam qisilgan mehmon, ayvonga zeb bergan o‘ymakoriy ustunlarni nopisand kuzatib, darhol juftak rostlagach, labi labiga tegmay javray ketdi.
Rizo amak hasratini jon qulog‘i bilan tinglagan usta Po‘lat ichini qirindi sidirayotgan edi. So‘ng Qarshivoyni qishloqdan badarg‘a qilish lozim degan fikrda to‘xtadi. Axir, qulay fursat topgan hamono qoramolu yilqi, xas-xashak va o‘tin o‘g‘irlab sotadigan, uchovorada esa ko‘kragiga urib karillaydigan, hatto kelgusida butun qishloq poyini o‘pishiga ishoralar beradigan nusxaga eng munosib jazo shu emasmi?!
Yaqinda machitdagi qish-qirovli mavsumga asrab qo‘yilgan sarjinni pinak buzmay qiya qilvoribdi, bu bilan qanoatlanmay, qachondan beri xudo uyiga beminnat yarab kelgan, muhimi, qadimda shu qishloqda yashagan piru murshidlar nafasi tekkan narvonni o‘maribdi. Qarg‘ishga uchragur, bo‘laklab o‘chog‘ida yoqibdi-yu, iz quvgan namozxon kaslarga yemak pishirgani boshqa chorasi qolmaganini aytib, kuydirilgan kalladek tirjayibdi. Ayni shu qilmishi uchun ko‘rnamak, daraxtga bog‘lanib toshbo‘ron qilinsa va o‘ligi quturgan itlarga-da tashlansa kam!..
Rizo amak kuyinishicha, haligacha shifer yoki tunuka bilan yopilmagani sababli, har yili yoz oxiri yoki kuzak avvalida machit tomiga hashar yo‘lida andava tortiladi. Ancha sermashaqqat bu tadbirni narvonsiz amalga oshirish amri mahol, buni o‘z ko‘machiga kul tortishdan boshqa g‘amu tashvishi yo‘q Qarshivoy qayoqdan ham tushunsin, imonini kuyaga yedirish evaziga bo‘lsa ham qora qozoni qaynab tursa kifoya-da...
– Og‘ayni, o‘sha narvon tez-tez tushimga kirmoqda, – noma’lum nuqtadan nigoh uzmay so‘ylandi Rizo amak. – Iltimos, yangisini tuzab bering, munosib siylov esa biz tan!..
To‘g‘risi, usta Po‘lat vaqti tig‘iz, shartnoma talabini qachon uddalashi va qachon qo‘li bo‘shashi qorong‘i, qolaversa, yana bir mijoz anchadan beri zoriqib yo‘lini poylayotgan edi. Baribir kutilmagan taklif diliga chiroq yoqib, asta-sekin dardiga aylana bordi. Yorug‘ dunyo xayru ehson va himmat bilan ustuvor ekanidan ogoh etayotgan bu holdan mamnun edi: jamiki ezgu niyat, orzu-umidni jam etgan ulug‘ vazifa bilan yuzlashganday ayricha orziqar va ko‘z o‘ngida machit tomiga mingashib turgan ko‘rkam narvon gavdalanar edi.
Fahmicha, eski narvon o‘rniga o‘rin qo‘yish niyati Rizo amak oromini buzgani tangri taolo irodasidir. Bir jihatdan bu himmat balki ko‘pam tahsinga arzimas, ammo boshqa tomondan e’tiborga loyiq, hartugul amalga oshsa katta savob buyuradi, so‘ng tirnoqqa zor xonadonni qurshagan mudhish ko‘lanka toabad chekinsa va eru xotin ko‘nglida ildiz otgan umid daraxti gullab meva tugsa ajab emas...
Bugun g‘ira-shira tongda uyg‘ongan usta Po‘lat miyasidan dastlab shu mulohazalar kechgan edi. Muzdek sovuq suvda yuvinayotib, Asliddin kecha Rizo amak uyi­da tunab qolganini eslagach, xotini Guloyimga biron hafta qaytmay ishlashga majbur ekanini tushuntirdi. Shosha-pisha nonushta qilgandan keyin, kalta dumi bilan erinib pashsha qo‘riyotgan cho‘girni aravaga qo‘shib, asosiy tashvishini vaqtincha to‘xtatish va machitga atalgan narvonni butlashga bel bog‘ladi. Hovlisi yaqinidagi do‘kondan har xil mix yonida alif va bo‘yoq xarid qildi, narvon maromida bo‘yalsa qoru yomg‘irga chidamli bo‘ladi va uzoq umr ko‘radi-da...
Mana endi usta Po‘lat ayricha g‘ayrat va shijoat bilan shahardan o‘n bir chaqirim naridagi Tegana sari oshiqayotir, narvon bitmaguncha Rizo amak ichidagi kirpi tinchimasligini taxminlab jilmaygach, qobirg‘alari sanalib qolgan cho‘girni savaladi. Kanop-charm ipdan to‘qilgan anchayin yo‘g‘on qamchi eti qochgan sag‘risini o‘yib yuborsa-da, nimagadir jonivor umuman pinak buzmas, jadallash o‘rniga tushovlangan kabi battar imillar, xavotir aralash zorli kishnar edi, ajabo, bir baloni sezdi shekilli?..
Usta Po‘lat asta yelka qisuvdiki, ko‘kdan bir nido kelib, allaqayda nimadir tegirmon do‘lidek guldiradi. So‘ng ilohiy ovozlar to‘rg‘aylar g‘ujurlashi va shamol hushtagi bilan birlashib, odamzod yaqin-o‘rtada ko‘rmagan dahshatli dovul qo‘pdi. Tizgin uzgan dovul och bo‘ridek quturib uvullar, duch kelgan narsani koptokday o‘ynatar, hatto jimirlayotgan osmon siynasiga chang solar edi; so‘ng imillayotgan qirchang‘i, shaldiroq arava va usta Po‘latni yumaloq-yostiq qilgancha qaygadir surib ketdi.
Inon-ixtiyoridan butunlay judo bo‘lgan usta Po‘­lat noiloj o‘zini erkin qo‘yvordi. Bulutlar soya solgan bo‘shliq bo‘ylab yarador qushdek o‘mbaloq oshib uchardi. Kutilmagan sirli parvoz shudring qurishiday qisqa muddat davom etdi. Qo‘rquv ichra sho‘ng‘ib bora-bora, osuda chayqalayotgan ancha yirik terakzorni ilg‘adi. So‘ng terakzor o‘rtasida qorayib turgan ehromsimon qum uyumiga chalpakday yalpayib tushdi. Behad qattiq urilgani bois ko‘zlaridan o‘t sachrab, tanasi yuzlab bigiz sanchilgandek qaqshab og‘riy boshladi. Shunday bo‘lsa ham qadimiy machitga atalgan ehson nasiya bo‘lganini baribir xotirladi, hayhot, endi Rizo amak sochini bittalab yulsa kerak...
Nim ko‘kish va pistoqi po‘panaklar qoplagan qum­likda taxminan yarim soat bemajol inqillab yotdi. Bunaqa ahvolda loshi quzg‘unlar yemi bo‘lishini tasavvur qilgach, belangi kabi arang qo‘zg‘alib, majaqlangan arava va til tortmay o‘lgan qirchang‘iga afsus nigohini qadadi. O‘zi omon qolganiga shukrona aytib, sirtini g‘adir-budir tosh devor o‘ragan bir necha yuz tanoblik badqovoq darada, dovul izidan kelgan zilzila tufayli qon qaqshagan dalayu dasht sathidan kamida o‘n yetti metr quyida qo‘nim topganini aniqladi...
Navbatdagi tong otganda ko‘ksini oxiratga kafansiz va janozasiz safar qilish qayg‘usi sim-sim kemirayotgan edi. Darada qo‘rquv va chorasizlik egizakday yonma-yon urchishini tuyib entikar ekan, go‘yo qaysi bir nomdor sardor amri bilan ilkis minglab to‘p otildi, yo‘q, bot-bot gumburlab falak toqi quladi. Avvalgidek butun borliq belanchakday tebranar, zalvorli granit qoyalar va hatto qirlar naridan beriga qasirlab ko‘char, qamishu yulg‘un aralashib o‘sgan jarligu o‘ngirlar tubidan yurakni larzaga soluvchi ingroq va nolalar taralar edi.
– Iloyo O‘zing asragaysan!..
Usta Po‘lat nuqul shunday deb shivirlardi, iltijosi Xudo tomonidan inobatga olinishini teran his etar, shu sabab sal bo‘lsa ham o‘zini xotirjam tutar, barisi xayrli va beziyon yakun topishi, bola-chaqasi huzuriga sog‘u salomat qaytishidan umidvor edi. Hayotda mo‘‘jiza ko‘p, masalan, mudhish tasodif ko‘pincha omaddan darak beruvchi shafqatli zaruratga ulanib ketishi yangilik ekanmi?!
Oradan qatorlashib kunlar o‘tdi, qaysi bir erta ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tirar ekan, yana dahshatli dovul qo‘zg‘aldi va borliq pishqirayotgan dengiz kaftidagi kemadek silkina ketdi. Saldan keyin butun darani o‘lik sukunat qoplab, chang-to‘zon va rutubat qo‘ynida aftu basharalari momataloq kimsalar ko‘rindi.
Xudo haqi ishonish qiyin: ancha oldinda qanshari yorilgan Asliddin va torgina peshonasi g‘urra Qar­shivoy turtina-surtina odimlardi; go‘yo ular hali hech kim bilmagan va qadam qo‘yib ulgurmagan xazinalar oroli sari shoshilishar edi. Ayni paytda, qovoqlaridan qor yog‘dirishar, kutilmaganda zuhur bo‘lgan siru sinoat tagiga yetmoqchidek, bir-biriga asabiy tarzda g‘udranib gap qo‘shishar va nimanidir tusmollashar edi.
Andak sochu soqoli pataklangan Asliddin otasini ko‘rgandan keyin o‘zini tetikroq ko‘rsatishga tirisha boshladi. Cho‘pdek oriqlab, yirik-yirik qo‘ng‘ir ko‘zlari xiyla kirtaygan, lablari gezargan, burni so‘ppaygan o‘g‘lon mamnun kulimsirab ko‘ngil so‘radi. Nimagadir majaqlangan aravadagi ustalik anjomlarini qo‘ltiqlab olgan bo‘lib, goho ularni ohista mehr bilan silab qo‘yardi...
– Evoh, bizni kim xalos qilur, bo‘talog‘im?!
– Dada, xudoyim bir yo‘lga boshqarar, – dedi Asliddin, usta Po‘lat umr bo‘yi avaylagan va hamma vaqt og‘ir-engilga yaragan aslahalar orasidan tishlari o‘tkir arrachani ajratib. – Menimcha, otajon, bir amallab narvon yasamoq lozim. Manovilar ham qo‘llashsa kerak...
Zilzila ro‘y bergan va nimasidir bijg‘igan o‘raga o‘xshash mudhish dara asiriga evrilgan damdan, xudodan to‘zim tilab, sabru qanoat qilish bilan birga, ko‘proq noumidlik, gumon va o‘kinch domida bo‘g‘ilayotgan usta Po‘lat sal yengil tortdi, demak, asosan falokat va’da qilayotgan makonni albatta bo‘ysundirish mumkin, buning uchun esa, ko‘pchilik bir tanu bir jon bo‘lib ter to‘kishi zarur...
 Chindan ham usta Po‘lat ruhi qanotlandi, endi nuqul ko‘ziga tosh devor girdidan boshlanuvchi najot manzili ko‘rinardi. Faqat o‘sha manzil sari eltuvchi xayrli taklif chumolidek uymalashayotgan turqi sovuq to‘da ahliga zig‘ircha yoqmaganini tuyib g‘ashlandi. Pishillab havo simirayotgan Qarshivoy kimdir arpasini xom o‘rgandek yotsirab mo‘ltirar, goho og‘zidan ko‘pik sochgan ko‘yi telbavor depsinar edi. Battol goho yassi burnini jiyirib, bel og‘ritishu kaft qavartirish emas, harakat qilish paytini bilish muhim va dolzarb ekanini aytib chuldirar edi.
Noiloj qolgan ota-bola afsuslanib bosh chay­qadi, sendaqa nodonu nokaslardan maymunlar podasi avloroq ma’nosida xo‘mrayib, terak yiqitish va butashga kirishib ketishdi. Sarobu rutubat ko‘mgan, yetti qavat yer ostida o‘rnashgandek tuyuladigan dara sukunatini, faqat arracha shig‘illashi va oybolta duk-duki emas, tobora betoqat tepayotgan yuraklar gupillashi ham buzayotgandek edi. Ahyon-ahyonda jo‘rovoz xurrak yang­rab, koinot va zamin oralig‘ida barcha harakat to‘xtab qolgandek tuyulardi, xurrakdan iborat bo‘lardi go‘yo yorug‘ olam...
– O‘g‘lim, faqat biz emas, anovi kaslar ham tutqun, – dedi bir payt usta Po‘lat, ag‘darilgan teraklarga ko‘z qirini tashlab. – Shunday ekan, bizni bir chetga qo‘yishsin-da, avvalo o‘zlari g‘amida qimirlashsin! Har kim jilla qursa o‘zi uchun kuysa yaxshi-da!..
Qovoqlari shishgan Qarshivoy, ittifoqo uyqusi qochib, xasu xashakdan iborat ko‘rpada qo‘nqayib o‘tirar, tobora allatovur xitlanayotgan usta Po‘lat arziga quloq tutayotgan edi. Bit ko‘zlari g‘ubor qo‘ngan oyna parchasidek xira yaltirar, sochlari sixdek tikraygan edi. Qachondir g‘ozdek bo‘ynini cho‘zib, yana safsata so‘qishtirdi. Tegishli damda yetarlicha faol bo‘lish uchun alohida imtiyozi borligini va bu imtiyozga hech qachon xiyonat qilmasligini qizishib ta’kidlar ekan, nogahon ta’rifi yo‘q bir yovvoyi istak chaqnab so‘ndi nigohida...
– Devorga tanbur chertgan ma’qul, dada!..
– Rost aytasan, aslida qadimdan shunaqa, bo‘­talog‘im, – deb xo‘rsindi usta Po‘lat, poytesha dastasiga ko‘ksini tirab. – Taqdiri azal kimlargadir mu­qaddas, kimlargadir o‘yinchoq!..
 – Kecha na’matak va yovvoyi olcha terib yursam, bo‘zloqda yaktak kiygan bir mo‘ysafid uchradi. Ancha dilkash va odamoxun ekan, chin dildan eshilib uzoq suhbat qildi. O‘sha banda fikricha, taqdir anvoyi gul to‘la muazzam bog‘u bo‘ston, inson esa uning husniga laqqa uchib adashgan va doim adashib yuradigan sodda yo‘lovchi! Kim bilsin, – bir zum o‘yga tolib davom etdi Asliddin, – balki boshqachadir, ya’ni qadim dunyo odam ko‘nglida adashgan shunchaki bir zarra...
Oyboltani tindirmay ishlatayotgan Asliddin, omonat jahon aro o‘zim ham bir yo‘lovchi degan fikr­ga bordi chamasi, miyig‘ida sokin kuldi va tilini tishladi. Behad charchagan o‘g‘lining botini va zuhurida ro‘y bergan o‘zgarish usta Po‘lat nazaridan chetda qolmadi. So‘ng xavfu xatari bisyor darada yolg‘iz kun kechirayotgan, ko‘hna dunyo haqida o‘z xulosasiga ega bo‘lgan donishmand qariya bo‘y-bastini tasavvur qilishga urindi. Agar do‘ppi juda tor kelsa, albatta uni yordamga chaqirishadi, jilla qursa og‘ir narvonni ko‘tarishda ko‘magi tegishi mumkin, ma’lumki, u tosh devor bilan bemalol tenglashmog‘i uchun kamida o‘n yetti metr bo‘lishi lozim...
Shunday ulkan narvon yasash oson emasligini bilishgani uchun ota-bola tinmay qimirlashiga to‘g‘ri keldi. Aniqrog‘i, yiqitilgan bahaybat va yo‘g‘on yog‘ochlarni o‘tmaslashgan yaroqlar bilan avval butashar, so‘ng ku­yib-pishib po‘stlog‘idan ayirishar, qonu zardob yutib yo‘nishar edi. Vaqt bildirmay o‘tishi, binobarin, kaftlaridagi oqimtir pufakchalar tirsillab yorilishi va shilingan terilari tuz sepilgandek achishiga parvo qilmay, matonat bilan to‘xtovsiz jon koyitaverishdi. Oxiri ancha ingichkalashib, yengillashgan yog‘ochlar payvand usulida jips ulanib, o‘ymoqchalariga baquvvat tayoqlar qoqildi. Tushdan keyin eni uchiga tomon torayib borgan bahaybat najotkor ro‘parada ko‘ndalang yotar, orzu-havaslari ushaladigan xayrli onlar yaqin ekanidan ogoh etayotgan edi.
Qaynoq ko‘pikka pishgan ota-bola ajib tuyg‘ular og‘ushida qisqa muddat nafas rostladi. Sokin jimirlayotgan, xuddi osmon bilan o‘pishayotgandek tuyuladigan tepaga qaray-qaray, sabru qanoat xislati ustida bahslashib, yana dadil yeng shimarishdi. Endi oldinda avvalgi sinovlardan bir necha chandon muhim va murakkab sinov kutayotgandi; haliga qadar bir bandaga ko‘rish nasib etmagan haddan tashqari beso‘naqay nar­vonni o‘ydim-chuqur tosh devor bo‘ylab surish uvvalo oson emasdi.
Baribir ota-bola keyingi bosqich ijrosiga ham quloq qoqmay dadil kirishdi, dastlabki onlarda nar­von og‘irligi uncha bilinmadi; ish bir qadar yengil bordi. Keyin esa ota-bola zarang yerda arang omoch tortayotgan ho‘kizdek ro‘y-rost chirana boshladi. Oradan taxminan biron soat o‘tib, dard ustiga chipqon bo‘ldi-yu, narvon uchi cho‘zinchoq tog‘oraga monand yuzagina yoriqqa tiralib qoldi.
Kutilmagan la’nati to‘siqni daf etish chog‘ida, to‘satdan bir necha yirik xarsang qaldirab ko‘chdi va yorug‘ dunyo bilan baravar o‘zlarini tamom unutgan shovvozlar qiyqirgancha sapchilab ketishdi. Oromlari buzilgani bois ular so‘kinishar, bir-birlarini turtishar, yeb qo‘ygudek o‘qrayishar va hatto taqdirdan yozg‘irishar edi. Turli iqrorlardan to‘yishgach, bemalol davra qurishdi-da, vallomat va xashaki odamlar sarguzashtlari haqida, kim o‘zariga latifa aytishga kirishib ketishdi...
Qaytadan xurrak sadolari tarqalganda ota-bola narvonni yoriqdan o‘tkazish niyatida qasdma-qasd chiranayotgan edi. Asta-sekin urinishlari bir qadar unumli bo‘ldi, ammo nogoh barisi suvga oqib, narvon shig‘illab pastga sirpandi. Rasvoi jahon ko‘rgilik, jonlariga otash qalab, bir necha marta takrorlandi. Har gal savilni bellari uzilgudek tarzda inqillab zo‘rg‘a ko‘tarishar, o‘chakishayotgan tosh devor sirtidan amallab atigi yarim-bir qarich siljitishar, kuch-quvvat yig‘ish va navbatdagi jangga puxtaroq zamin yaratish ilinjida qisqa muddat to‘xtashar edi.
Yaramagur shovvozlar esa, bir-birlari pinjiga tiqilib, shirin tushlar ko‘rib, hamon xotirjam mud­rashadi. Chindan ham ular go‘yo ne-ne malomatga shohid o‘tgan dara ro‘para qilgan jumboqni g‘aflat sehri orqali yechishga ahdu paymon qilishgan edi. Uyqudan samarali foydalanish borasida Qarshivoy ulardan zig‘ircha qolishmasdi. Ayni lahzada nechundir ustidan sovuq suv quyilgandek seskanib uyg‘ondi. Bir joyda qimirlamay turgan zalvorli narvonga ensasi qotib tikilgach, tinkai madori qurigan va hansirab nafas olayotgan ota-bolani uquvsizlikda aybladi.
Qarshivoy qizargan bit ko‘zlarini yumganda ota-bola qaysarlikni behad haddidan oshirgan tosh devor bilan oxirgi qatra kuch-quvvatlarini sarflab olishayotgan edi. Xurrak sadolari ostida, tag‘in necha bor o‘lib tirilishgani noma’lum, bir erta qo‘llari nihoyat baland kelib, bahaybat narvon tosh devor bilan bo‘ylashdi, tosh devor yengilib, qaysarona shijoatga tan bergan edi.
Endi ota-bola mamnun holda bir-birini qutlar, bir-biriga ikki dunyo saodatini tilar, faqat negadir qoshiga chorlayotgan narvon sari yo‘lagani shoshilmas edi. Diydasi mumdek eriyotgan Asliddin pichirlab duo o‘qiyotgan padarini qayta-qayta orziqib quchardi. So‘ng aqlu hushini yig‘ib, qontalash kafti orqasi bilan manglayidagi reza-reza terni asta sidirgach, terakzor etagidan sochu soqoli un sepilgandek oppoq, nigohi so‘lg‘in nuroniy kimsani xotirjam yetaklab keldi.
O‘rasiga cho‘kkan chag‘ir ko‘zlar qariya necha martalab turmush achchig‘u chuchugi bilan to‘qnashganini ifodalab bezovta porlayotgandi; ozg‘in betini esa ajin shudgorlab yuborgandi. Qisqagina salomu alikdan so‘ng, u qismat chohida ajal farishtasi sanalmish Azroilni intig‘u intizor kutayotganini uzuq-yuluq izohlar ekan, jimgina xayol surayotgan usta Po‘lat xotirasi nogoh tirildi. Har qanday gumon noo‘rin: qarshisida gulday hunari kasodga uchragan va sarmoyadan qiynalib bukilayozgan qaltis paytda izzat-ikrom bilan yo‘qlab kelgan Rizo amak tutdek to‘kilib turardi, hayhot, sho‘rlikni yetti pushtiga tatiydigan alamu anduh va armon oxiri bukkan-da...
– Bovurim, oxiratga shoshmak befoyda!..
Xolisona lutf Rizo amak dil torlarini mulo­yim chertgan va ichida maddalagan yaraga malhamday xush yoqqan edi. Buni teran his etgan usta Po‘lat terisiga sig‘may quvondi. Ayricha rag‘batlangan Asliddin esa, Rizo amakni avaylab orqaladi-da, narvonning ilk poyasiga qadam bosdi. Butun hush-xayoli va e’tibori najot manzilini tezroq ishg‘ol qilishga yo‘nalgan edi. Natijada xurrak noxosdan tingani, o‘rnini ola-g‘ovur, do‘q-po‘pisa va pichir-kuchir egallab, vaziyat tamom o‘zgarganini sezmadi. Mastu masrur va sergak usta Po‘lat esa barisini darhol payqadi, yopiray, uyquparast shovvozlar aql bovar aylamas shovqinu suron bilan qo‘zg‘alishgan edi; to‘lib-toshib ketgan edi dara turfa hayqiriqlarga...
Raftoridan zahar tomayotgan, bir qoshi ikkinchisi ustiga sapchilagan Qarshivoy ma’shuqasi vasliga yetgan oshiqday baxtiyor edi; falakda yuzayotgan oftob go‘yo faqat unga atab hovuch-hovuch nur to‘kayotgandi. Bachchag‘ar qo‘liga ilingan silliq qora qayroqni boshi uzra telbalarcha silkitar, gupillatib qadam tashlaganda yer go‘yo bag‘ri tilinib zorlanar, yo‘q, chor-nochor ahvolda cho‘kib borar edi.
– Hoy, Rizo amak eshigiga bog‘langan ko‘ppak, mavridini topib harakat qilish eng katta hunar deganimda, shubha qilgan eding! Endi bu fikrimga ko‘zing jo‘layib ishonasan!..
Qarshivoy sovundek ko‘pirdi, orqadan halloslab yugurayotgan shovvozlar qurmagurga taqlidan to‘tidek sayrashardi. Sheriklari qo‘zg‘alib qolgani uchun g‘ashlangan Qarshivoy, menga xalaqit qilmang ma’nosida olaygach, butun kuchini bilagiga yig‘ib, qayroqni havolatib uloqtirdi. Taxminan bir yarim kilolik qayroq narvon bo‘ylab ehtiyotkor tarzda jadal o‘rlayotgan Asliddin quloq-chakkasiga qarsillab tegdi. Daf’atan ro‘y bergan dahshatli hodisaga osmon ham, zamin ham afsusu nadomat chekkan bo‘lsa kerak.
– Qirchiningdan qiyilgur, zang‘ar!..
Aqlga sig‘mas bunaqa bedodlikni kutmagan va xamirdek bo‘shashgan usta Po‘lat yaralangan arslon kabi o‘kirib na’ra tortdi, tosh devordan gumburlab aks sado qaytgach, sovuq kulayotgan Qarshivoy tumshug‘iga kelishtirib musht soldi-da, taqirda behol cho‘zilgan Asliddin bilan Rizo amak yonida yelkalari titranib tizzaladi. Aynan shunaqa bo‘lishi shartdek, Qarshivoy beparvo tirjaygani va ohista lapanglayotgan narvonga tirmasha boshlagani bag‘rini yanayam battar o‘rtab yubordi.
– Po‘-o‘sht, he-e-ey, shumg‘i-i-iyalarr!..
Qarshivoy ushbu xitobni tez-tez tomoq yirtib takrorlar, favqulodda asabiy tovushi allaqachon dilini qurshab ulgurgan qurum zahrini ifodalab jaranglar edi. Qahru g‘azabdan kakradek ko‘kargan shovvozlar esa, baraka topgur Qarshivoy turqini ilk marta ko‘rib turgandek, butunlay yotsiragan ko‘yi tomoq yirtib chinqira boshlashdi. So‘ng shu qadar jazava va junun bilan xirillab, alpang-talpang gursillab olg‘a yo‘rtishdiki, oldilarini to‘sadigan hech qanday g‘ov yo‘qqa o‘xshardi, hozir hech qanaqa g‘ov yo‘q edi ular uchun bu olamda...
Ko‘zlari qonga to‘lgan daroz yigit abjirlik bobida Qarshivoyni bir cho‘qishda qochirar ekan, battol uchragan kimsani tap tortmay xasdek chetga surib tashlar va g‘o‘ldirab ko‘ksiga mushtlar edi. Hademay quturgan qoplon kabi narvonga yopishib, entikkancha g‘olibona musht do‘lg‘adi. Peshqadamlik qo‘ldan ketishini sezgan Qarshivoy darozni tepmoqchi bo‘ldi. Ammo u ilkis chap berdi va basharasi g‘alati ko‘pchigan raqibini bilagidan ushlab qattiq siltavordi. Barvasta qomatini tutolmay gangigan va a’zoi badaniga varaja yugurgan Qarshivoy ohu fig‘on chekib quyiga sho‘ng‘idi.
Omadi kulib boqqaniga butunlay ishongan daroz esa, qoshu ko‘zlarini o‘ynatib, qichig‘i zo‘r qo‘shiq xirgoyi qilib, poyadan poyaga epchilona sakray boshladi. Attangki, qo‘shiq avjiga yetmasdan burun allakim poychasidan shippa ushlab, hap senimi deya, jahd bilan ilkis tortdi. Bunaqa bo‘lishini kutmagan daroz, birdan bo‘yniga sirtmoq o‘ralgandek nafasi o‘chib, ko‘zlari ola-kula holda yo‘qlik sari qanot qoqdi...
Narvon usti va ostida vujudga kelgan talotum kuchaygani sayin usta Po‘lat o‘zini fahmu farosatdan qisilgan gumrohga qiyoslar va mag‘firat so‘rab xudoga yolborar edi. Goho tutaqib, hoy, baraka topgurlar, nimani buncha qizg‘anasiz, bu matoh ko‘pga yaraydi va hamma uchun yetib-ortadi, deyish uchun hozirlanar, biroq tomog‘iga yong‘oqday narsa tarang tiqilgani bois tili buralmas edi.
Ur-yiqit, qo‘yma-qo‘yma va g‘alva muttasil avjiga minib, naqd qiyomat qoyimga evrilgach, beso‘naqay nar­von tosh devordan arazlagan kabi, nogahon bir yonga qiyshaydi. Voajab, narvon turli so‘qmoqlarda adashib pushaymonga chulg‘angan, ertasi qorong‘i horg‘in yo‘lovchi ahvolida edi. Alal-oqibat butkul muvozanati yo‘qoldi-yu, talasha-tortisha charchamagan va shu ermakdan mastu masrur kaslar bilan birgalikda, qiyalikdagi o‘pqon qirg‘og‘iga shaloplab quladi. G‘aroyib o‘ljani zulmat qoplagan va hayot asari yo‘q o‘pqon yuhodek yamlamay yutib yubordi.
Ko‘ksi uvalib xo‘rsinayotgan usta Po‘lat, aslida xom sut emgan odamzod yozug‘ini o‘z qo‘li bilan bitar ekan, deya g‘udrandi-yu, ko‘z o‘ngi qorayib, qumloq sayhonga chor-nochor cho‘zildi. Tongda junjikib uyg‘onsaki, ji­gargo‘shalari allaqachon o‘zlarini o‘nglashibdi. Qis­qa hol-ahvol so‘rashgach, avval darani chor tarafdan o‘ragan tosh devor, so‘ng payraxa va po‘stloq orasidagi oyboltaga zimdan qaradi. Haligina Qarshivoy ishlatgan qayroq bilan oyboltani erinmay uzoq qayragach, yalang o‘mganini adl ko‘tarib, teran sukunat qo‘yniga kirgan terakzor sari oshiqdi, arracha tutgan Asliddin xiyol oqsagancha izma-iz dadil odimlar, rang-quti uchgan va behol ingrab qo‘yayotgan Rizo amakni suyab olgan edi...

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 1-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.