OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Dilmurod. Xayol cho’g’lanishi (hikoya)

Kamina bir darveshfe’l rassom do‘stimdan arzon-garovga xarid qilgan ko‘rimsizgina ustaxona shahar janubida, kimlardir tiklashga kirishgan, biroq nimagadir chala-yarim qolgan qarovsiz uylar yaqinida joylashgan edi. O’sha birodarim ham shu mavzeda tuzukroq boshpana qurish niyatida uzoq vaqt yemay-ichmay ming azobda yig‘indi, keyin to‘satdan aynib, xorij safariga otlandi.
O’rtada kaminai kamtarin, juda maqtovga loyiq bo‘lmasa-da, hartugur unday-munday qo‘nalg‘a egasiga aylandim. Boriga baraka, axir, sal ilgari shu zormondaga ham zoru mushtoq edim, endi tangri mehrini darig‘ tutmay shuni loyiq topdi.
Tun chodir tikkan kezlari hayratomuz shovur-shuvirga to‘ladigan chaldevorlarga ko‘zim tushganda ko‘nglim allatovur hovliqar, bu atrofda ishqilib quvg‘inga uchragan pari-mari, insu jins inlagan emasmikin, deya shubhayu xavotirga botar edim, so‘ng yosh-ligimda goh otam, goh onam aytgan matallarni eslab g‘ashlanardim.
Xashaki-sodda xayollarim ustidan miriqib kula-kula darhol oqlashu ko‘klash tashvishiga sho‘ng‘idim. Kamxarjlik qursin, barcha ikir-chikir ta’mirni, shu g‘urbatni chiqarganning yetti pushtini yog‘lab, bir amallab o‘zim tugatdim. Ana-mana sal-pal son kirgan ustaxona ancha kengaygandek tuyulib, hatto ilhom va zavq va’da qildi. Terimga sig‘may lash-lushimni ortmoqlab ko‘chdim. Faqat xudo nasib qilgan ilk omadimni xayol sura-sura yolg‘iz nishonladim. Kerilishu g‘iybatdan boshqasiga yaramaydigan burniga xoda yetmas oshnala-rimni uncha xushlamasdim, qolaversa, yorug‘ dunyoda xufiya ulfatchilik qilishdan yaxshiroq ermak bormi?
Ertalab bir oz boshim lo‘qillab og‘rigani, chap ko‘kragim bir parcha cho‘g‘ o‘rnashgan kabi kuyishayotganini aytmasa, hammasi risoladagidek soz va binoyi edi, butunlay yangi hayot sari odim otib, boshqa o‘lchamga yuz burayotgandek g‘alati orziqaman va ruhim qanotida poyonsiz osmonu falakka talpinaman. Axir, g‘iybatu malomatlardan xoli osuda-orasta go‘shada aqlu hushni o‘g‘irlaydigan javohirlar tug‘ilishiga amin ekanman, nechun boshim ko‘k toqiga yetmasligi kerak.
Cheksiz surur bilan to‘lg‘in ilhomli onlar naqadar zavqu shavq bag‘ishlardi, qo‘lim mo‘yqalam tutgan hamono ta’riflash qiyin hayrat ummonida suzardim, falak gumbazidan sharora kabi hovuch-hovuch lojuvard shu’lalar to‘kilar, bahonada, ustaxona bilan birga, bezovta dilim kulbasi yorishar edi.
Mudom shunday mas’ud, unumli fursatlar og‘ushida sherlanib ter to‘kishim, baxtu saodat nashidasidan yayrab, jozibali lavr gulchambari bezagan istiqbolimni qarshilashimga tariqcha shubha qilmasdim, go‘yo bu shuhrat har erta ufqda jamol ochadigan quyoshdek naqdina edi, vujudim va ko‘nglimga ajib shijoat bag‘ishlardi, e-e, nimasini aytasiz, barcha qatori kamina ham xom sut emgan-da, hademay bari chalkashib ketishini qayoqdan bilibman...
Bugun tong-azondan shomu xuftongacha chumolidek tinim bilmay g‘imirlaganim bois, qorin va ovqatni hatto eslamay, sim karovatga bag‘rimni berganimda badanim anchayin karaxt, ruhim allatovur g‘uborli bo‘lib, odatda tomirlarim bo‘ylab ko‘pirib oqadigan qaynoq qon to‘xtab qolgandek edi. Barchasini charchoqqa yo‘yib, xudodan osuda-shirin uyqu so‘ray-so‘ray, yaqinda sidirg‘a oqlangan shiftga termildim. Negadir istagim aksi ro‘y berib, ichimda la’nati kirpi uyalab olgandek kecha bo‘yi mijja qoqmadim.
O’sha maxluq badanida tikraygan qarich-qarich sixlarni tasavvur qilib bo‘g‘ilardim, ba’zan esa choldevorlar tarafdan, ba’zan ustaxona tag-ustidan nedir vahima bilan qorishiq ola-g‘ovur eshitilardi, shunda tizzalarim qaltiray-qaltiray tusini ajratish mahol bo‘yoq to‘lg‘azilgan hovuzga bo‘yim barobar qulagandek bo‘lardim.
To‘shagi surilib ketgan karovat chetida kaltak-langan itdek dag‘-dag‘ uchib o‘tirar ekanman, qirg‘og‘i o‘ydim-chuqur haligi hovuzni eslamaslik uchun tirishdim. Lekin qaniki iloji topilsa, unutilish o‘rniga, asta-sekin savil tasavvurimga naqshlanib qoldi, ajib holni aniq-tiniq his etgan onimda, nedandir hayiqqan kabi ilk marotaba mo‘yqalamga begonasirab qaradim.
Tushunish qiyin: endi har gal qadrdon hamdamimga nigohim qadalgan hamono tuyqus ko‘nglim aynir, nafasim qaytar, oyog‘im barmoqlari uchidan boshlangan tikanakli vijirlash zumda miyamni chulg‘ar edi. Zarbi behad zalvorli va qattiq og‘riqni tuyar ekanman, faqat a’zoi badanim emas, hatto to‘rt omonat qoziqqa qo‘ndirilgan chayla kabi ustaxona ham asta-sekin titranar, chirpirak bo‘lib aylanar va tars-tars yorilgan shift burchlaridan shovullab qurum aralash tuproq to‘kilar edi.
Ustaxona bilan o‘rtamda, aniqrog‘i, holi-jonim va ruhimda nimalar kechayotgani qorong‘i edi, kamina zo‘r berib o‘zini o‘zi aldaydigan, to‘qigan yolg‘oniga chippa-chin ishonadigan kimsaga o‘xshab qolgandim.
Axiyri, biron-bir joyda muqim turolmay, shahar bo‘ylab telba kabi tentirashu ovunch izlashni odat qilib, tezda havoyi narsalarga yukunishni xushlaydigan, yelga sovurilgan qimmatli vaqtiga zig‘ircha ham achinmaydigan tuppa-tuzuk bekorxo‘ja tanbalga aylandim.
Tannozlik hunarini qiyib qo‘yadigan kuydirmajon qizlar atrofida pashshaxo‘rda bo‘lish, qurmagurlar ko‘nglini ovlash uchun jaraq-juruq pul sarflashni istamasdim. Natijada jinim suymaydigan oshnalarim bilan ertadan qaro kechgacha ulfatchilik qila boshladim. Kayf ustida sullohlar bir necha marta tayyor oshga bakovullik qilayotganim, ya’ni falonchi rassom o‘ng‘ay ijod qilish uchun moslab tiklagan binoyidek mulkni tep-tekin qo‘lga kiritganimni surlik bilan betimga solishdi-yu, badtar fe’lim aynidi, bas, sovuq urgandek bujmaygan turqlariga zardobga to‘ygandek to‘ydim, endi yaxshisi jimjit dala-dasht sari uloqib, har kim qadami yetmas biron xilvatda yolg‘iz yupanganim ma’qulroq, zora shunda mo‘yqalam bilan hamkorlikni boshqatdan yo‘lga qo‘ysam va ko‘nglimga tugib qo‘ygan rejalarimni poyoniga yetkizsam!..
Qaysi bir kech, quyosh par-par botar palla, etyudnikni qo‘ltiqlagancha dashtdan qo‘shga qo‘shilgan ho‘kizdek toliqib qaytdim. To‘g‘risi, ne-ne umidu ilinjda usta-xonani kallai saharda tark etgandim, ammo qo‘lim ishga tuzukli bormay, go‘zallik izlagan kishi bo‘lib, lo‘killagancha qirma-qir oshgan va lattadek shalvirab qolgan edim. Arang sudralib ostona hatlar ekanman, qilt etmay miriqibgina uxlash, g‘aroyib tushlar ko‘rish haqida shirin-shakar o‘ylar surardim, anchayin shaloq karovat ko‘zimga huzurijon bo‘lib ko‘rinardi.
Yechina-sola asta cho‘zildim-u, mazali uyqu tilab, xudoga astoydil iltijo qildim, lekin yana ohu zo-rim zoe ketib, hademay ichimda sixlari hurpaygan haligi kirpi bosh ko‘tardi, butun borlig‘imni so‘ngsiz og‘riq quchar-quchmas, ustaxona to‘lqin kaftidagi po‘kakka aylandi, kuchli siltanish oqibatida silkinayotgan karovatdan gupillab quladim (nahot tussiz bo‘yoq to‘lg‘azilgan hovuzga sho‘ng‘idim?), oh-voh qilib arang qaddu bastimni rostlagan edimki, devorga pastu baland ilingan kartinalar payraxadek har yoqqa sochilib, qaysi biri chirpirak bo‘la-bo‘la qarshimda to‘xtadi.
Hayal kechmay matoda anchayin teran aks etgan ifo-dalar qa’ridan hovur taxlit qandaydir sharpasimon kimsa uzilib, gilam to‘shalmagan sahnga bafurja oyoq tiradi. G’alati mehmon pishqirib havo simirar, taqir boshini silar, bo‘y-basti shiftga yetgudek uzun, lablari do‘rdoq, dumaloq ko‘zlari olazarak, boringki, aynan rangtasvirda savlat to‘kib kulayotgan banda nusxasi edi.
Beixtiyor entikib, nedir hayiqish-la, ie, mulla Sayis! – deya astagina shivirlaganimni bilmay qoldim, hamon yon-veriga olazarak boqayotgan davangir mehmon sari oshig‘ich borgim, siyrak ajinli sergo‘sht beti, jun bosgan qo‘llarini silagim, kiyimlarini ushlab ko‘rgim keldi, ammo jur’at savil qayda?
Sayis timsoli bir bahonada, rahmatli otam ko‘p yillik otboqar do‘sti bilan tanishtirgach, xayolimni band qilgandi, so‘ng vaqt kechgani sayin shuurimda chuqur o‘rnashdi, bo‘y-basti va qiyofasini tasavvurimda qayta-qayta tiriltirishga urinardim. Ustaxonada o‘rnashgan kunim ertasi o‘sha timsol nogoh yana yodim-ga tushdi, yana huzur-halovatimni buzib, sira tinchlik bermay qo‘ydi, natijada uzoq muddat chekilgan zavqu shavq va qiynoqlar ancha tuzuk samara berdi.
Ochig‘i, igna bilan quduq qaziganday, Sayisni, bo‘yoqqa tomchi-tomchi yuragim qoni, hovuch-hovuch mehrimni qo‘shib, ayricha ixlos va havas bilan chizdim, boshqacha aytsam, botini-zuhurida suyagi ot ustida qotgan, mudom nafsini jilovlab yashagan, xolis niyatlarga suyangan sinchi xislatlarini jamlashga tirishdim.
Sayis shaklu shamoyiliga nima uchun shu xil sifatlarni singdirishni ixtiyor qilganim sababini hali-hanuz aniq bilmayman, shunisi yodimda saqlanganki, ayricha kashfiyotdek tuyulgan ishim ko‘ksimda faxru iftixor tuyg‘ularini seldek toshirdi. Faqat vaqti-soati yetib, Sayis, tangri taolo karomati bilan, bunaqa g‘alayon boshlashi, chorcho‘p chegarasini payhonu g‘orat aylab, g‘alvayu g‘urbatga to‘p-to‘la tiriklik olamiga sakrab o‘tishidan butkul g‘ofil edim, axir, burun ostidan nariroqni ko‘rish fazilati har kimga ham bu-yurmaydi...
Gup-gup urayotgan yuragimni achimsiq bir to‘lqin chulg‘adi, hamon savlat to‘kib turgan Sayisni zimdan ajabsinib kuzatganim sayin to‘lqin shiddati kuchayardi, oxiri po‘rtanaga aylangancha kuyishayotgan tomog‘imdan otilib chiqqandek bo‘ldi, holi-ruhim zabunligini sezgan Sayis, qovoq ochmay, bir-bir bosgancha atrofimda o‘ralashdi.
– Sayisning bag‘ri bo‘m-bo‘sh! Chamasi, uni chizar paytida hush-xayoling boshqa yoqda bo‘lgan-u, rang tanlash va ishlatishda chalg‘igansan!
Ichimda kimdir so‘ylandi, kutilmagan tovush zamirida nihon zardani tuyib, nogahon yashin chalgandek badtar esankiradim, bezovtaligi ortgan Sayis soyadek imi-jim yo‘qolib, ustaxonada abadiy tuyuladigan dashtu dala sukunati cho‘karkan, jismu jonimni ayovsiz tarzda muttasil qovura boshlagan shubhalar tobora alanga olaverdi. Sira aqlim yetmayotir, Sayis tim-solini zarb etayotgan damlarimda hal qiluvchi qaysi muhim nuqtada adashdim ekan?!
O’sha azobli jarayonni xotirimda tiklashga urin-dim, lekin sira buning iloji yo‘q edi, so‘ng yana ichim-da qurg‘ur kirpi dumalab, tamomila o‘zimga sig‘may qoldim, bas, barini unutish uchun boshim oqqan tomonga badar ketishim kerak. Jilla qursa biron ulfat bilan to‘yib-to‘yib sharob ichsam, la’nati g‘am-anduh zanglari g‘ubordek yuvilar, oz-moz bo‘lsa ham taskinu tasalli toparman, so‘ng yana albatta jafokash mo‘yqalam yoniga qaytaman, eh-he, kelgusida birga-birga ko‘p zahmat chekishimiz lozim, o, uni mana shu qo‘llarimga tutgan onlarimda yorug‘ dunyoda mendan baxtliroq odam topilishi dushvor...
Erta betakror ijodim namunalari ahli jahon yuragini tamom ishg‘ol etishini o‘ylagancha kiyinayotgan edimki, yana allakimlar piqirlab kula boshladi, hatto gurs-gurs qadam tovushlari eshitildi. Nahot Sayis dilim tubida cho‘kib yotgan armon toshini qaytadan qo‘zg‘atish uchun apir-shapir qaytgan bo‘lsa?
O’takam yorilgudek alfozda bir chekkaga o‘tib, sharros yomg‘irda ivigan musicha misol qo‘nishib, qo‘rqa-pisa tevarakka alangladim. Yaxshi ham baraka topgur Sayis ko‘rinmadi, sal yengil tortib, eshik sari yo‘naldim, asta dastani ushlovdimki, sahn va shift orasini larzonlarzon tiniq shu’lalar qopladi. Arzon gulqog‘oz yopishtirilgan gumgurs devordan nam kabi nedir shovur sizayotgan edi. Yengil musiqiy ohanglarga o‘xshaydigan allatovur sehrli mayin saslar zo‘raydi, so‘ng atirgulu rayhon bo‘ylariga monand muattar islar anqib ketdi, bir ozdan keyin esa, aqlu hushimni shoshirgan ko‘yi sal narida ko‘lanka misol birin-sirin Shoir, Faylasuf va Farrosh paydo bo‘ldi, tovba, xuddi qurmagur Sayis singari, ular ham girdlari zarrin chorkunjak romlar sarhadidan oshib o‘tishgandi.
Faqat pahlavon kelbatli Sarboz joyida qilt etmay mag‘rurona jilmayib turar, men uchun g‘oyat qadrli tim qora tuyg‘un ko‘zlari xotirjam javdirar edi; zabardast belidagi jigarrang ko‘n kamariga osilgan dandon sopli, saxtiyoniy qinli xanjari salobatiga salobat qo‘shgandi.
Eng avval qiziqsinib Shoir qaddi-bastini zimdan kuzatdim, har holda u rangtasvirda qanday bo‘lsa shunday - o‘ktam va shijoatkor, mag‘rur va xushchaqchaq edi, yirik-yirik ko‘zlarida qaynoq dil tuyg‘ulari sharora kabi chayqalardi, soqoli chunon silliq qirtishlangan, yumaloq beti moy surtilgandek sokin yaltirar, qo‘ng‘irtob qalin sochi yapaloq peshonasi bo‘ylab o‘ng chakkasiga yo‘nalgan edi. Yasan-tusani ham chakki emas: yoqasi kraxmal bilan qotirilgan katak chiziqli ko‘kish ko‘ylagi, pochasi torroq to‘q siyohi jinsi shimi, gard qo‘nsa seziladigan nim qora yaltiroq tuflisi bo‘y-bastiga yarashib tushgandi, faqat qo‘ltig‘iga qistirilgan muqovasi titilgan qalin daftar bu uyg‘unlikka chok solayotgandek edi.
Yoshi anchayin o‘tinqiragan esa-da, po‘rimlik bobida, Faylasuf so‘z ustasidan sira qolishmas, hatto bir qadam oldinlagan edi. Baraka topgur rasmiy tantanaga boradigandek ko‘rinishda: ohori to‘kilmagan yozlik simobiy kostyum-shim, och sariq ko‘ylak, shunga munosib pushti chiziqli qizg‘ish bo‘yinbog‘ bir salobatini ikki qilgan, yakkam-dukkam ajin qo‘ngan qorashirg‘ay-enli raftoriga ayricha shukuh bag‘ishlagan edi; qimmatbaho matolardan nafis tikilgan engil-bosh bir tarafu bejirim kuzalgan va naqts ko‘ksini bezagan enligina mosh-guruch soqol bir taraf edi, ortga silliqtaralgan qirovli siyrak sochlar bilan tutashib ketgan soqol benazir salohiyat va mustahkam iroda sohibi ekani haqida kengroq ma’lumot berayotganga o‘xshardi.
Asta nigohimni iymanibgina tabassum hadya eta-yotgan sarv qomatli Farroshga qadar ekanman, diydam issiq surur bilan to‘ldi, eh, dedim ichimda, ajib faxru iftixor tuyib, bu ofatijon qizni tasvirlayotgan chog‘imda muruvvatli tangri rosa qo‘llagan ekan-da. Bir qarashdayoq hatto uni butkul yoqtirib qolib, sutga chayilgan oy chehrasi, ko‘ksiga to‘kilgan surmaga belangandek tim qora qo‘ng‘iroq sochlari asiriga aylandim, o‘tli tikilishi ayniqsa yuragim bog‘ini yaralab, butun vujudimni ostin-ustin qilib tashladi.
- Sohib, kamina armon va umidman, - ming yildek uzoq cho‘zilgan jimlikni buzdi nihoyat Shoir. - Farrosh esa jannat arig‘idan suv ichgan muhabbat guli!
Omadim chopib peshonamga bitilgan, asta-sekin aql bovar qilmas siru asrorini ochayotgan ustaxona havoda muallaq turgan yog‘ochdek bir yengil tebrandi, yo‘q, chamasi, birov ilkis turtib yuborgandek men o‘zim silkinib tushdim, qolaversa, asli cheksiz surur bilan qorishiq Shoir ovozi elas-elas ko‘nglim tubida, aqlu idrokim qatlarida yangrayotgan edi, so‘ng qoniqish va mehr bilan yo‘g‘rilgan xayrixoh tovush sezimlarim osha shuurimda aks-sado berdi, ne deyarimni bilmay, shunchaki miyig‘imda kuldim va yana Farrosh qaddu bastidan nazar uzolmay qoldim.
Negadir Faylasuf hamon sukutda, kamina Farroshga mahliyo bo‘lib boqayotganimni yoqtirmagan kabi, qalin lablarini qimtiy-qimtiy qovog‘idan qor yog‘dirayotgan edi.
Vallomat Shoir esa katta minbarda ilhomi jo‘shib she’r o‘qiyotgandek uzib-uzib so‘ylar, quyuq-uzun kipriklari pirpirar, qaroqlarida nedir istagu ishtiyoq yonar edi. Axiyri, Faylasuf betiga tik boqdi-da, tomdan tarasha tushgandek qilib, jafokash dunyo sendaqa shakarguftor zot qadamiga hecham zor emas, deb g‘udrandi, tovba, nega buncha tajang?.
Kutilmagan ta’na asli men uchun atalgandek, ilkis ko‘nglim junbishga kelib, badanim bo‘ylab go‘yo qirqoyoq o‘rmaladi. Nedir o‘t ichra bemajol ingranib, arang es-hushimni o‘nglar ekanman, avval g‘ira-shira yorug‘da sokin tovlanayotgan devordagi kartinalarni ilg‘adim, o‘zim esa qaysi bir dastgoh yonida kuchala yegan itdektirishib yotardim, shuurimni esa allatovur g‘ubor chulg‘agan, yuragim g‘ash...
Ana-mana saxovatli falak sultoni balqib, poyoni yo‘q yeru osmon oralig‘i ko‘z qamashtirar darajada yorishdi, teran sukunatga chumgan olis ufq gardishi bo‘ylab harir shafaq ilashgan etagini sudragancha bulutlar karvoni to‘xtamay suzar, allaqaysi tomonda tanburmi yo dutorning mahzun nolasi bilan omuxta shovullash yangrar edi.
Asabim qaqshayotgani uchunmi, nimagadir achchiq qilibmi, navbatdagi tongni qavat-qavat zulmat pardasini yopingan, mudom quyoshni sog‘inadigan tunga qiyosladim. Harosat bosib mundog‘ qimirlagani, hatto xayol surgani qo‘rqardim, gavdamni siljitish nari tursin, bi-ron barmog‘im bukilishi ko‘rgilik edi, mabodo bukilsa, darhol yana bari qaytadan ro‘y beradigandektuyulardi.
Qoqilgan qoziqtsek qilt etmay, ming bir azobu qiynoqog‘ushida chiyralib, kunduzni noma’lum makoniga kuzatdim, botinib-botinmay lang ochiq deraza osha tashqariga mo‘ralar ekanman, gazaklarimga malham bo‘luvchi nedir yupanch, nedir xotirjamlik qo‘msay-qo‘msay xudoga yolborar edim.
Arzi holim zoe ketib, sonsiz mitti yulduzlar bodragan qoq yarim kechada mastona ohanglar bilan yo‘g‘rilgan, dunyo pastu balandidan ogoh etuvchi pichir-lashlar taraldi. So‘ng ro‘parani po‘rtana taxlit ola-tasir izdihom kesib o‘tdi, tanishu notanish kimsalar qatorida, nedir masala bo‘yicha Sayis, Shoir va Faylasuf talashib-tortishib odimlardi, hatto ular men sari parishon qo‘l silkib qo‘yishardi, qiziq, Farrosh bilan Sarboz qayoqtsa qoldi ekan?
Xilvatda hordiq olib, tuzukroq tiniqib uxlasam, ikir-chikirlardan yuz o‘girsam, bari poyoniga yetar deb o‘ylardim, ammo uyqu ilhom parisi yanglig‘ allaqachon mendan arazlagandi, hatto bir chimdim pinak qilish iloji qolmagach, tanish aptekachi orqali atigi zig‘irchasi toshdek qotirib qo‘yadigan o‘tkir dori topib ichdim. Zarracha naf qilmadi, aksincha, savilni najot istab yutganim sari holim badtar xaroblashdi. Xayol kabi uzun tunlarda hargiz bedoru benavoman, ko‘pincha kesakdek uvoqlanib, hatto haligi izdihomga aralashib bo‘zlayman, gohida peshonam sho‘rligi uchun o‘kina-o‘kina tushunuksiz saslarga ko‘milgan, kavaklaridan nedir vahima mo‘ralaydigan chaldevorlar atrofida izg‘iyman.
O’sha tushunuksiz izdihom sirli yo‘sinda komiga tortar ekan, birdan orzu-umidlarim sarob kabi qayoqqadir chekinadi, so‘ng yuragim sancha-sancha Sayisni suhbatga tortaman, ishon, deyman kesib, seni chizar chog‘imda ranglar mutanosibligini inobatga tutganman. Bu fikrimni isbotlashga tirishganim sayin u ensasi qotib ishshayadi, gurzidek mushtini havoda do‘lg‘agancha meni dunyodagi eng noshud rassomga mengzaydi, faqir yo‘l qo‘ygan mudhish xato, yuragida asta-sekin tomirlay-tomirlay nedir gazandaga do‘nayotgan emish, ey, xudojon, padar qusur nimalar deb aljiyo-tir, iloyo sovuq nafasini yel uchirsin...
Qancha-qancha subhidamni rom chegarasini buzgan og‘aynilarim bilan dahanaki jang qila-qila hush-behush qarshiladim, qizg‘in kechadigan bahsu munozaralar chog‘ida naqts savdoyiga aylanardim, faqat Farrosh chehrasiga nigohim tushsa, tuyqus ko‘nglim yorishar, u chindan ham jannat arig‘idan suv ichgan muhabbat guli ekanini e’tirof etardim.
Oxir-oqibat qaysi kuni qanday yuk ortilgani noma’lum aravani Sayis bilan Faylasuf bir yon, qolganlar boshqa tomon tortayotgani, o‘rtada esa o‘zim ovorai sarson ekanimni to‘lasincha fahmlab yetdim-u, to‘g‘risi, sochlarimni bittalab yula boshladim.
Fahmimcha, kutilmaganda oyoq ostidan lo‘p etib chiqqan g‘alvadan tezroq va oson qutilish uchun, birlamchi navbatda, beshala kartina bilan dangal vidolashmoq kerak, sabr kosamni to‘ldirayotgan dardni yengillatish borasida tayinli boshqa chora topilishi dushvor edi.
Xudodan omad tilay-tilay, yuragim qoni bilan insho etilgan o‘sha asarlarni ilk savodimni peshlagan va tetapoya qilgan qadrdon maktabimda ochilgan havaskorlik muzeyiga, izzat-ikrom bilan lutfan topshirib, bir baloyi azimdan toabad qutilganday ancha yengil tortdim, hatto birov kaltakbilan quvayotgandek, orqa-oldimga qaramay zuv jo‘navordim, endi ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin.
Axiyri, uzoq mulohaza yuritgach, vaqtni boy bermay, suvtekin ustaxona bahridan ham o‘tishga qaror berdim, uni bironta o‘zimga o‘xshagan sho‘rpeshona ovsarga pullab, qo‘shib-chatib saranjom-sarishtali mavzedan tuzukrog‘ini xarid qilish lozim. Yana bir marta oshkora tavakkal yo‘lini tutishim kerak, keyin xudo bir tarafga boshqaradi.
Attangki, jonimni jabborga berib, o‘pkamni qo‘l-tiqlab, har qancha yelib-yugursam-da, mijoz jonivor topila qolmadi, ustiga ustak, nedir kuch muttasil ohanrabo kabi chaldevorlar qurshovidagi ko‘rimsizgina ustaxona tomon sudrar, bir dam holi-jonimga qo‘ymas, sirli yo‘sinda qulog‘imga allanimalarni quyar edi.
Oxir-oqibat shashtim sindi, beminnat qo‘nalg‘a qadriga yetmayotganim uchun uvoli azimga botishim, erta oxiratda do‘zax azobini tortajagimga o‘zimni amal-taqal bilan ishontirib, xom-xatala rejani xayolimdan paqqos o‘chirdim. Natijada xudo yorlaqab, bari asta-sekin izga tushdi, hatto ilhom bulog‘im qaynab, avvalgidek zo‘r ishtiyoq bilan ranglar olamiga sho‘ng‘idim, ranglar chorloviga ko‘ra, ichimni kesib o‘tgan sirli daryo bo‘ylab oqayotgan edim, o‘sha nahri muazzam oxiri mangu yashillikka burkangan saodat vo-diysi sari eltishiga amin edim.
To‘lqinlari moviy, shiddati tez o‘zan bo‘ylab hormay-tolmay bemalol quloch otib suzaverdim va bu misli yo‘q hujumkorlik qarg‘ish tekkanday g‘aribona mung‘aygan chaldevorlar ichra Sayis bilan Faylasufni uchratib qolgunimga qadar davom etdi.
Andak hordiq yozib, miyam g‘uborini tinitish maq-sadida ustaxonani tarketganimda quyosh mag‘ribni to‘sgan surma tusli purviqor cho‘qqi kiftiga omonat qo‘ngan edi, quyosh bota-bota yarimta barkashga aylanarkan, tepamda cho‘ziq tumshuqlari va qanotlari nopormon gala-gala qushlar vijirlashib bezovtahol charx urdi. Qushlar o‘yinini kuzata-kuzata ikki yonida yong‘oq po‘choqlari kabi sochilgan uylar tizilgan o‘ydim-chuqur torgina ko‘cha sari burilganimni sezmabman, ilkis qoq belidan singan simyog‘ochga to‘qishib qarasam, ancha ichkariga o‘tib ulguribman. Endi qiziqish zo‘r kelib, oshig‘ich ilgari bosdim, bosdim-u, hangu mang bo‘zardim, axir, tutdek to‘kilgan haylavotdek keng hovlida Sayis bilan Faylasuf nedir masalada yuzma-yuz tortishayotgan edi..
Tuprog‘i o‘ynagan hovli o‘rtasida lovullab gulxan yonardi, atrofida esa yetti-sakkiz nafar norg‘ul yigit shodon chordona qurib o‘tirar, yoshgina do‘ppili kosagul yeng shimarib may suzar, ba’zan bir maromda yangrayotgan jazavador musiqa ovozini yovvoyi qiyqiriq-kulgi bosib ketar edi.
Kimlardir shoxtashlab irg‘ishlar ekan, sal nariroqda jun arqon bilan kulliklab qo‘yilgan bo‘liq yolli durkun saman toy yurakni ezguday zorli qishnadi, shuni kutib turgan kabi, Faylasuf tinmay bidirlayotgan Sayisga asta bosh irg‘adi. Bir zum taraddud chekkan Sayis olovdan uchi tim qizil cho‘g‘langan yo‘g‘ongina uzun simni ildam sug‘urdi, o, keyin sim, ilon kabi vishillab, saman toy manglayida o‘ynoqladi va mungli jav-dirayotgan qaroqlar simob kabi erib-oqib tushdi.
Qandaydir ertak voqealariga o‘ralashib qolgandek, yuragim orqasiga tortib, jonim bo‘g‘zimga tiqila-tiqila, jadal izimga burildim, necha kun aqlu hushimni o‘nglolmay, ustaxonada qamalib yotdim, xayolimdan cho‘g‘langan sim tutgan Sayis bir dam jilmas, quloqlarim ostida uzluksiz saman toy nolasi yangrar, so‘ng nola dilimda aks-sado berar edi.
To‘g‘risi, yuragimga qil sig‘may, butun vujudim-da g‘azabu armon ajriq kabi o‘zaro chirmashib ketdi, hayhot, bu ketishda padariga qusur ustaxona qorong‘i go‘rimga aylanib, jami ezgu niyatlarimni paqqos yutib yuborishi muqarrar-ku, nima uchun o‘shanda bo‘shlik qildim, sotib qutilmadim, haliyam kech emas, biron jo‘yali chora qo‘llashim lozim.
Kallamni qotiraverib bo‘larim bo‘ldi, agar iloji topilsa, haligi darveshfe’l do‘stim izidan xorijga jo‘nardim, lekin bunisi tushimga ham kirmasa kerak. Hadeb g‘ujanak yotaverish esa - o‘lim bilan teng, allaqachon jonimdan to‘ydim, tavakkal, mundog‘ ko‘chaga o‘rmalab chiqay, biron hamdard topilib qolar, ha, aytgancha, yana may bilan ovunaman, boshqa qo‘limdan nima ham kelardi.
Shunaqa hardamxayol bilan turtina-surtina odimlar ekanman, qaysi bir huvillagan hovlidan hali-gidaqa g‘alati qushlar vijirlagancha osmonu falakka ko‘tarildi, bir to‘dasi quyun kabi tepamda aylanar ekan, nedir xavotir va shubhaga ko‘mildim. Chindan tez orada katta ko‘chani toshqinni eslatadigan yirikkina izdihom to‘ldirdi, oldinda inqillab yo‘rg‘alayotgan ko‘zlariga mil tortilgan haligi saman toyga bemalol Sayis bilan Faylasuf mingashgan edi.
Nag‘al qoqilgan qo‘pol poyabzallar ostida chuval-chang kabi yanchilib ketishimga bir bahya qoldi, arang chetlanib, ko‘tarasiga so‘kindim, so‘ng achqimtir tamaki, spirt va sho‘rbaliq hidi qo‘shilib anqiyotgan torgina gavjum qahvaxonaga hadiksirab mo‘raladim, qisina-qimtina sharob simirar ekanman, hayotda mavjud barcha rishtalar mana shu go‘sha tag-zaminiga kelib birlashgandek tuyulardi.
Yonimdagi avji baland kichik davrada, faqat shodiyona emas, nedir nadomat nafasi ham hukmron edi. Basharalari oshkadidek qizargan kimsalar muhokama qilayotgan mujda nogahon sezimlarim torini bir ez-gin, bir og‘riqli titratib o‘tdi. Kimdir hali turmush qurmagan, ko‘cha-ko‘y va mahalla supurib umr kechiradigan, xudodan boshqa suyanchig‘i yo‘q soddagina xushro‘y qiz nomusiga tajovuz qilibdi.
Jonim sim-sim qiymalandi, jigarim teshildi, cheksiz afsus-nadomat ichra tobora qiziyotgan suhbatni yana tinglar ekanman, ro‘paramda sochlari ko‘rpalagan, rang-ro‘yi siniqqan o‘rta yoshli kishi indamay qo‘ndi va ustol chetida turgan lim-lim qadahni bir zarbda oqladi.
Sal o‘tmay tubsiz chog‘ir ko‘zlar sohibi bo‘lmish Shoirni tanib, darhol jahlimni haydadim, mehrim iyib, yana sharob va gazak buyurdim. Endi Shoir parishon o‘y surgancha Farroshni esladi, birdan o‘pkasi to‘ldi-da, har bir harfni tishlari orasidan o‘tkazganday alam-angiz so‘ylandi: sho‘ri qisgan bechora pari uchun ichsak! Hamon kuyinayotgan Shoir, menga tayinli e’tibor bermay, hayal orasida bir shishani dumalatdi, ancha pishib qolgach, ko‘ksi uvalgudek xo‘rsindi-da, Sayis go‘riga g‘isht qalay ketdi. Endi nogahon gap tagiga yetib o‘larday anqaydim, xayolimda temirdek qattiq qo‘llarda bo‘ri changaliga tushgan ohudek tipirchilab dodlayotgan, lekin ohu zorini birov eshitmayotgan nozik-nihol Farrosh gavdalandi-yu, yonoqlarimdan shashqator yosh dumaladi.
Shoir qachon xayrlashgani yodimda yo‘q, sal-pal hushimni o‘nglab qarasam, butun boshli mayxonada, qandaydir eski qo‘shiqni g‘o‘ng‘irlab, o‘zim bilan o‘zim ro‘y-rost ulfatchilik qilayapman, ko‘ksimni tushunuksiz bir g‘ussa qamraganki, yopiray, qoyadek og‘iru qalampir kabi achchiq! Beixtiyor sho‘rlik Farroshni eslab, o‘pkamni bosolmay, bo‘ronda qolgan himoyasiz novda misol titrana-titrana, bo‘zlab yubordim, alam-angiz tarzda tirnoqlarim bilan betimni yumdaladim, lekin qaniki dardim yengillashsa, aksincha, badtar gazaklar edi.
Vaqt allaqachon yarim kechadan oshgani uchun qaysi bir xizmatkor qo‘rslarcha jerkib, hatto jag‘imga musht tirab, tashqariga haydadi, shu bahona yana chekimga darbadarlik balosi tushdi, hey, darig‘, qaysi toshga urib yoray peshonamni?!
Endi ko‘pincha vaqtimni gavjum xiyobonlarda, hassasi emas, jag‘iga suyanib qolgan bekorchi chollar bilan valaqlashib o‘tkazaman, hatto temir ulovlar yurmaydigan ko‘cha-ko‘yda shumtaka bolalarga qo‘shilishib koptoktepardim, goho biron natija chiqib qolar degan ilinjda, og‘rina-og‘rina mo‘yqalamga yukunish payida bo‘lardim.
Mo‘yqalam amrimni og‘ishmay, maromida ado etishi uchun barqaror osudalik zarur, ustaxonada esa hamon notinchlik hukmron, omonat eshikni ochganim zahoti la’nati devorlar prujina uzra qo‘ndirilgan qo‘g‘irchoqlar misol dikirlab sakray ketadi, pol osti yoki tomda allakimlar savash qurayotgandek shovqin-suron va to‘s-to‘polon qo‘padi. Qachondir asta-sekin tahdid bilan yo‘g‘rilgan jimlik cho‘kkach, mo‘yqalamdan uzr so‘ray-so‘ray karovatga cho‘zilaman.
Navbatdagi oqshomda go‘yo yer qars yorilib, ustaxona tubi yo‘q zim-ziyo o‘pqonga quladi, o‘sha zahoti ko‘nglimda kecha boshlagan aql bovar aylamas dahshatli bezovta-liko‘tli isyonga evrildi-da, jismim yo‘qolib qolganini his etdim, jismimni izillab qidira-qidira, tong oqargan pallada ko‘p qavatli imoratlar va shoxlari kuzalgan chinorlar o‘ragan keng maydonga duch keldim.
Beton laxtakchalar farchlangan, yog‘tomsa yalagudek ozoda va jimjit maydon shahar o‘rtasidagi alohida turmush tarzi, tashvishu quvonchi va g‘alvayu g‘urbatiga g‘arq orolchaga o‘xshardi. Tepada muallaq qotgan sonsiz yumaloq-cho‘zinchoq o‘yinchoqsimon qurilmalar oralab qaldirg‘ochu qarg‘alar quvlashib uchar, havo qatlarini goho taram-taram pushti-sariq chiziqlar lip-lip kesib o‘tar edi.
Ajabo, qaygadir cho‘zilib ketgan yashil devorlar biqinida birovlar dumalagancha bemalol xurrak otar, namxush maysazorda shirakayf uch-turt yosh-yalang chug‘urlashib shaxmat o‘ynar, tanqillab qurigan beton ariq yoqasida qo‘ndirilgan e’lonlar taxtasi ustuniga yelka tiragan Shoir dunyodan uzilgan alfozda xayol surar edi.
Beixtiyor jonu jahonim qaqshab, yuragim uvishdi, axir, qadrdon birodarim Shoir yetti yot begonaga o‘xshardi: eti borib naqd ustixoniga yopishgan, ma’yus ko‘zlari o‘rasiga cho‘kkan, rang-ro‘yi kuzgi xazon misoli za’faron, lablari garmsel yalagandek gezargan, qisqasi, shafqatsiz ajal qo‘li yoqasida, necha kunlik umri qolgani noma’lum...
Shoir maqsadu muddaosi qorong‘i edi, shu bois g‘ashlanib, tezroq uni bu g‘aroyib go‘shdan aldab-suldayu olib ketishni chamaladim. Afsusu nadomatni yig‘ishtirib, qat’iy tarzda yoniga otilig‘ib borgan edimki, kimdir anchayin nopisand ohangda do‘rillab salom berdi, beixtiyor o‘girilib, chor-nochor barmoq tishladim: axir, sal narida, girdlariga bir nechta ulkan beton gultuvak o‘rnatilgan supada, zarg‘aldoq tus-li kamzul-shim kiygan Faylasuf xotirjam muzqaymoq oshayotgan edi.
- Farrosh qismati befarq chog‘i sizga, - ko‘nglimdan kechayotgan fikrlarni uqib ulgurgan Shoir kesatdi. -Nahot padar qusur Sayisni qo‘llasangiz?
Endi barini tushunib, daf’atan miyamga gupillab qon tepdi, xijolat chekdim-da, mo‘ltiragancha asta Shoir yoniga qo‘ndim. O’sha zahoti xayolimda sochlari bir umr taroq tegmagan kabi qo‘qigan, kelishgan beg‘ubor sitorasi tirnalgan Farrosh gavdalandi, nomusi toptalgan jonon mehru muhabbati bovurimni achitib o‘rtayotgan chog‘da, etakda belini qisgan bejirim kamarga xanjar osgan Sarboz ko‘rindi, nigohi toshni teshar darajada o‘tkir alp kelbatli o‘g‘lon katta-katta qadam tashlar, butun borlig‘ida shijoat va o‘ktamlikjam edi.
- Sayis shoxini qayirishmas ekan, o‘rnimdan jilmayman, - xiyol qizishib davom etdi Shoir, quruqshab yorilgan lablarini qimtib. - Undan ko‘ra, betonda maysa kabi qovjirasam yaxshi!..
- Bekor qilasan, oshna, - muzqaymoqni yamlab tugatgan Faylasuf supadan endi. - Sohib, meni so‘zim o‘tmadi, siz ayting, bu qilmishidan xascha foyda yo‘q, Sayis bilan o‘chakishish ajdar og‘ziga bosh tiqish bilan barobar, bugun u osmondan istagan yulduzini uzib olishi mumkin.
- Baraka topgur, - taqir yerni mushtladi Shoir, - asli barisiga sen o‘zing sababchisan.
- Ie, hoy, nimaga, jigar? - daf’atan bo‘g‘ildi Faylasuf, ko‘zlari olma-kesak terib. - He-ey, bachchag‘ar, miyangni mushukka yediribsan-ku!
- Charxni o‘z holiga qo‘ymading, shohu gado qo‘ynini hadeb puch yong‘oqqa to‘ldirding, natijada oqu qora aralashib ketdi. Sen odamzod uchun Sayisdan ko‘ra xavfliroqsan, negaki, Sayis to‘nini seni bo‘yingga qarab bichadi.
- Sohib, bu javroqidan meni qutqaring, - Faylasuf ro‘molchasi bilan chakkalarini qoplagan reza-reza terni artdi. - Aqli yetmaydigan muammolarga tumshuq tiqmasin. Savil qolgurhayotuo‘ylagandan ko‘ra mingbora murakkabroq, she’r bilan qayoqqa ham borish mumkin.
- Xudo aqlu farosatni ham, bilimu tajribani ham yig‘ib-terib senga bergani balki rostdir, - oxiri bosiqlikbilan suhbatga aralashdi Sarboz. - Ammo nahot hamisha bular kuchini faqat xudbinlik yo‘lida sarf qilsang?
- E-e, bor, toshingni ter-ey, seniki kamiydi, juldirvoqi!
Yuragim igna sanchilganday bir sirqiradi, aqlu idrok vositasida ezgulikni mavh etish uchun qadimda qazilgan yoki hamon qazilayotgan qanchadan-qancha choh Faylasuf iqtidori va fe’lu atvoriga tegishli bo‘lib chiqayotgani ko‘nglim qo‘rg‘onini butunlay vayronu zer-zabar qilib tashlagandi. Faylasuf gumrohlik va jaholat nog‘orasiga o‘ynash bobida shunchalar ustasi farang va shunchalar besuyak ekan, aybimni ikkilanmay dangal e’tirof etishim lozim. Faqat yaramagur botiniyu zuhurini chizar paytida ne chog‘li farosatsizlik qilib, ranglarni ne chog‘li noo‘rinu nouyg‘un ishlatgan bo‘lsam?!
Tobora ichi sidirilayotgan Sarboz nari-beri bezovtahol yurar, churq etmay goh Shoir, goh Faylasuf sari qiyg‘ir qarash qilar, to‘rsaygan ko‘yi nimanidir mo‘ljallar edi; hatto sukutida ham tengsiz salobat, ajab bir hushyorlik zuhur edi.
Shoir va Sarboz bilan til topisholmagan Faylasuf qo‘l siltab jo‘nagach, sal bo‘lsa ham yengil tortdim. Halidan beri Sarbozdan ko‘nglimni cheksiz iztirobga giriftor etgan, dardim ustiga yanada og‘irroq dard yuklagan Farrosh ahvolini surishtirish istagida edim, ammo Faylasuf ko‘zga tushgan cho‘pdek xalaqit berayotgani uchun botinmay turardim, endi bemalol suhbat qurish imkoni tug‘ilgandi. Niyatimni sezgan kabi Sarboz o‘zi yuragini ochib qoldi, hayhot, Farrosh badar ketganmi yoki joniga qasd qilgan, anig‘ini bilmas ekan, hey, attang, sho‘rlik parivash o‘n gulidan bir guli ochilmay so‘ldi, dedi qahru g‘azabi yanada qaynab, erta uvoli Sayis giribonidan tutsa kerak...
Sarboz ko‘zlari oqi qizarib, mushtlarini tugib so‘ylar, ovozidagi mahzunlik kuchaygani sayin tomog‘imga tig‘ botayotgandek bemajol hiqillar edim, ma’sum qiz mendan o‘tgan noshudlik qurboni bo‘ldi, ya’ni ranglar muvozanati buzilgani oqibatida, Sayis dilida nedir gazanda urchitgani sababli zaharu zaqqum yutdi degim kelar, ammo nafasim chiqmas, karaxt tilim aylanmas edi. Miskin va nochor ekanmanki, jonu jahonim bir bo‘lagini, ko‘z qorachig‘iday asrash lozimligini unutib, Sayis changaliga topshirib qo‘ydim.
Hayhot, endi quyosh qizdirgan manovi taqir maydonda egasiz ko‘ppak misol cho‘llab, chiyralib va ochu nahor sulayib yotishdan biron tayinli samara bormi?! Axir, bundan nima o‘zgaradi, Farrosh or-nomusi joyiga qaytarmi, battol Sayis pushaymon chekarmi ozroq yoki qo‘liga kishan urilarmi?!
Turli pala-partish so‘rog‘u jumboqlar shundoq ham gij miyamni tinmay parmalagani sayin anordek ezilardim, ayni paytda, Shoir tobora oriqlab, holdan toyib borayotganini sezib, dunyoga sig‘may, oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilar edim, axir, men uchun Shoir naqadar qadrli, undan ajralish misli yo‘q musibatu motam, tog‘dek ulkan alamu armon, cheksiz hasrat va qayg‘u! Yuragim jodiga tiqilgan yaproqtsek ezg‘ilanib, barini qaytadan bafurja qulog‘iga quydim, ammo qaniki tushunishni istasa, avval aytganidek, qattiq-qatron betonda maysadek qovjirashga mingdan-ming rozi edi.
Rang-ravishi cho‘yandek chuykalgan, shunga qaramay, ko‘zlari yolqini so‘nmagan Shoir hatto navbatdagi subhidamda, quyosh ufqtsa bahaybat tilla barkash misol lov etib yongan chog‘da, shohona nonushta o‘rniga deya, yumshoq kulimsirab, bedor kechgan oqshom bo‘yi xotirasida qayta-qayta pishitgan jozibador she’rini qiroat bilan o‘qishga tutindi. Anchayin horg‘in ovozi tan-joni qovrilib, ruhi ipakday eshilayotganini ancha-muncha teran ifoda qilayotgan edi, qolaversa, munchoqdek tizilgan sara so‘zlar olam ichra mavjud azalu abad tugunlari, binobarin, mitti yuragi cheksizlik haybatini bemalol sig‘dirgani, cheksizlik esa uni sig‘dirolmay esankirab turgani sirasida bahs yuritar edi.
Zanjir kabi chatishgan satrlar mag‘zini chaqib, bir ahvolda og‘ir xo‘rsinar ekanman, zalvorli sukunat pixillashga moyil kulgi tarafidan buzildi. Bosar-tusarini bilmay kelgan ziyolinamo ikki kishi, xayol og‘ushida parishon o‘tirgan Shoirga zig‘ircha e’tibor bermay, kaminani ko‘cha tomon qo‘y kabi sudray-sudray, yumaloq-yostiq qilgancha tim qora yengil mashinaga tiqtsi.
Ajalimdan burun kunim bitgani, tez orada jahannam sari rixlat aylashimga imon o‘girdim va hademay o‘zimni chaldevorlar o‘rtasida alohida savlat to‘kib qo‘nqaygan, gilamu kashta bilan binoyidek bezatilgan kenggina kulbada ko‘rdim.
O’rtada yozilgan nim pushti dasturxonda bir tog‘ora qaynatilgan laxm go‘sht bug‘lanib turardi, ishtaham ochilib, so‘lakayim oqtsi, axir, necha kundan beri tuz totganim yo‘q-da. Shoir ahvoli o‘zimnikidan beshbadtar ekanini o‘ylab o‘kinar ekanman, to‘rdagi baland parqu lo‘la-bolishga yastangan, xumday boshi taqir qirilgan, do‘rdoq lablarida kinoya jilva qilayotgan kimsa nigohi jigarimni teshib o‘tayozdi, ajabki, qurmagurni o‘ng yonida chordona qurgan Faylasufni ko‘rgandan keyingina tanidim.
- Xo‘sh-sh, sohib, tashqariga bir qar-ravoring, - zo‘r hafsala bilan kaftini kaftiga ishqaladi Sayis. - Ha, bir marhamat aylang, orzu-umid tulporlari ko‘kka uchmoqqa shay, agar xohlasangiz, bir nechtasini beminnat sovg‘a qilaman..
Hamon bo‘sag‘ada haykal siyog‘ida gezargancha tek qotgan edim, Sayis da’vati bahona, birdan qiziqsinib, dereza osha bir dunyo temir-tersak va yog‘ochu g‘isht, xasu xashak va hatto kardon-tunuka qutilar aralash-quralash holda xirmon kabi choshlangan hovliga nigoh tashladim.
Saldan keyin, ko‘zlarimga ishonmay, oldi silliq-yo‘g‘on xodachalar bilan to‘silgan uzundan-uzun enli sayisxonada gijinglab o‘ynashayotgan bir-biridan suluv ayg‘iru g‘unonlar, etak tomondagi pastqamgina shiftini qurumu tortanak bosgan ayvonda vishillab dam urayotgan bosqon, bel barobar tep-tekis sandonda ayil to‘g‘asi, taqayu qoziq yasayotgan qotma-chayir ustalarga lolu hayron tikilib qoldim.
- Tanlang, iymanmay tanlayvering, - Sayis lunjini shishirib go‘sht chaynayotgan Faylasuf sari asta yer ostidan qaradi. - Xo‘sh, talqon yutgandek nega indamaysiz?
- Dangalini ayta qoling, - oraga suqildi Faylasuf.
- Ha, ha... Alqissa, sohib, tezroq da’voi dostondan kechishingizga to‘g‘ri keladi, Shoir ham quloq qoqmay kechsin, arzimagan gapga shuncha vahima ko‘tarish shartmi?
- Qizlik nomusi arzimasmi? - tutaqib ketib po‘ng‘illadim.
- Tushunarli, Shoirda ayb yo‘q, bu kishim battol, o‘larday niyati buzuq, - dedi Faylasuf to‘rsayib. -Iloji boricha, tezroq esini kiritib qo‘yish kerak.
- Nima qilay, oyog‘idan so‘qir saman toy dumiga boylatib, dashtu dalaga haydataymi?!..
- Yo‘q, mayda, juda mayda!..
- Shundaymi? Balki o‘zingiz yordam berarsiz, oshna.
- Haligi... qo‘llarini kesdirish kerak, - daraxt butash ustida so‘z borayotgandek xotirjam chuldiradi Faylasuf. - Ha, shunday qiling, toki mudom yanglish yo‘lga yuradigan mo‘yqalamini qaytib tutmasin!..
- Oy-yoy, qoyil! Topdingiz! Bir ishora qilsak kifoya, zang‘ar ustalar zumda bitiradi, tamom-vassalom!..
Chehrasi nedir g‘ururdan yorishgan Faylasufni zimdan kuzatgancha asta bosh chayqadim, nahot toabad mo‘yqalam bilan o‘rtamizda dahshatli hijron devori ko‘tarilsa, nahot bir umr jozib ranglar olami fuqarosi bo‘lish nasib qilmay, shalviragancha miskinu noumid yashasam, yetimu yesirlik azobiga mahkum tuyg‘ularim zimziyo bag‘rim kunjaklarida sarobdek nomu nishonsiz yo‘qolsa?!
Hamon miriqib piqir-piqir kulayotgan Sayis, ko‘proq maza qilay degan xayolga bordi chog‘i, tomoq qirgan hamono o‘qtsek otilib kirgan bo‘ychan xizmatchi yigit oldiga irg‘ay dastali o‘rma qamchi uloqtirdi. La’nati qora terga botgancha o‘lmichi qilib savalarkan, vizillayotgan qamchi og‘rig‘idan ham ko‘ra, haligi mulohazalar og‘rig‘i vujudimni ko‘proq qiynadi.
Zum o‘tmay zulmat qoplagan tubsiz bo‘shliq behushu benavo jasadimni qa’riga tortib ketdi, chamasi, olisda uzluksiz kesishayotgan zangor va simobiy nurlar arqoniga ilinib bazo‘r jon saqladim. Tosh osilgandek og‘ir qovoqlarimni amallab ko‘tarsam, taqir polda qonimga bo‘yalgancha dildirab yotibman, kimdir dag‘al barmoqlari bilan terisi shilingan va simillab achishayotgan betimni avaylab silamoqtsa.
Nogoh tepamda mardona cho‘kkalagan, ko‘zlari chaqnayotgan Sarbozni ko‘rdim-u, birdan o‘pkam to‘lib, bo‘g‘zimga danakday narsa tiqildi, cheksiz afsus-nadomat bilan Sayis qanday jazo belgilaganini aytish uchun chog‘landim. Qadrdon jigarim gapirgani qo‘ymay, xayrixohlikbilan taskin berib, qo‘ltig‘imdan ushlab ko‘tardi, qaddimni rostlab, nedir istak da’vati bilan to‘r sari qaradim-u, bezgak tutganday qaltirab ketdim.
Baland lo‘la-bolishda yastangan Sayis o‘ziga o‘xshamasdi, qaddi-basti oftob urgan sabzi kabi so‘lib ulgurgan, tikraygan sarg‘imtir qoshlari o‘rtasi tugunli edi, baqbaqasi aralash bo‘g‘ziga Sarboz xanjari sopigacha botgan emasmi, jun bosgan beso‘naqay qo‘llarini ikki yoniga shalviratib tashlagan, noma’lum nuqtaga qadalgan yirik-yirik chog‘ir ko‘zlarida nedir tahlika suvratlangan edi.
Sal nariroqda rang-ro‘yi ohak kabi oqargan Faylasuf, xiyol egilgan tarzda baqa kabi javdirar, hozirgina muz ostidan chiqqandek dag‘-dag‘ qaltirar edi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.