OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ashurali Jo‘rayev. Gapsotar (hajviy monolog)

Hoy, gapsotar, gapsotar, ayt, qachon jag‘ing qotar? Tinim bilmay sayraysan, buncha jag‘ing qayraysan. Bir nafas tin olsang-chi, gapdan sal-pal qolsang-chi. Ish desa gap sotasan, gapdan qachon ortasan? Gap sotish yomon illat, bundan yurak yeydi lat.
Hoy, gapsotar, gapsotar, ayt, qachon gaping bitar? Yo gapdan yorilasan, yo gapga qorilasan. Quruq arava misol gapni olib qochasan, anoyi ko‘ngillarga urug‘ kabi sochasan. Uyda nuqul gap deysan, ko‘chalarda gap sotib, choyxonada gap yeysan. Do‘stlaring sezar gapdan, oilang bezar gapdan. Qarindosh-urug‘ qochar, sendan oldin gap ochar. «Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga». Ushbu maqol shioring, to‘xta bir zum og‘zing yum, bormi nomus va oring.
Hoy, gapsotar, gapsotar, gap sotgan doim yotar. Gap sotib yoz qishlaysan, aytgin, qachon ishlaysan? Dehqon yerni toblaydi, senchi gapni qoplaysan, hamma hosil yig‘ganda, madhiyani boplaysan. Erinmasdan gap sotib, bozorni to‘ldirasan, tarozuga gap qo‘yib, xaridorni kuydirasan: «Kep qoling, hoy gapxo‘rlar, sotamanu ketaman, bir qopgina gapim bor, sotolmasam netaman?»
Xurjuning to‘la gapdir, o‘ng-so‘ling yana gapdir. To‘yga borsang gap sotib, mikrofonni kuydirasan, mehmonlarni kar qilib, jonidan to‘ydirasan. Reja aniq, ming og‘iz gapirmasang bo‘lmaydi, lekin gapdan, og‘ayni, qorin qurg‘ur to‘ymaydi. To‘ymasa to‘ymasin netay, gap tugasa qayga ketay?
Hoy, odamlar, qochinglar, gapsotar kelyapti, yelkasida gapxalta, shamolday yelyapti. Davralarni bezdirib, joningdan to‘ydiradi, gap sotib oxiri gap bilan o‘ldiradi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.