OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ashurali Jo‘rayev. Oqsoqol (hikoya)

Fidoiy inson Boboqul Turdievning porloq xotirasiga bag‘ishlayman

Darvoza bugun ham tong otar-otmasdan taqilladi. Allaqachon uyqudan uyg‘onib poklanib, kalima qaytarib o‘tirgan Beknazar tog‘a oyog‘iga kalishini ilib, darvozaxona tomon ildam yurdi.
— Kiravering, darvoza ochiq, — dedi u.
Haqiqatan darvoza ochiq edi. U kishining darvozasi hech qachon na ichkari, na tashqaridan bekilmagan. Ichkariga kirgan usta Rasul tez-tez yurib kelib, Beknazar tog‘a bilan qo‘l berib salomlashdi.
— Assalomu alaykum, oqsoqol. Kechirasiz, ertalabdan bezovta qildim, — dedi u ko‘rishayotib.
Hech kim Beknazar tog‘ani ismi bilan chaqirmasdi. Qishloqdagilar birdek u kishini oqsoqol derdi. Aslida oqsoqol birovning fatvosi yoki tavsiyasi bilan rasman saylanmagan edi. Odamlar mehrini qozongani uchun ham uni mehr bilan shunday atashardi...
— Hechqisi yo‘q, Rasulboy. Keling, marhamat, — deb o‘ng tomondagi eshigi ochiq, mehmonxonaga taklif qildi.
Tongning toza va nurafshon nurlari allaqachon xonani yorita boshlagan edi. Oqsoqol usta Rasulning biror jiddiy yumush bilan kelganini uning bezovta xatti-harakatlaridan payqadi.
Oqsoqol xona o‘rtasidagi xontaxtada turgan gullik dasturxonni yozdi. Hayal o‘tmay qizi salom berib, choy olib kirdi. Usta Rasul nuqul og‘iz juftlardi-yu, gapni qanday va nimadan boshlashni bilmasdi. Nuqul “kechirasiz, oqsoqol”, “bezovta qildim, oqsoqol”dan nariga o‘tmasdi. Dardi bo‘g‘zida edi-yu, aytolmay qiynalardi.
— Tinchlikmi, Rasulboy? — dedi oqsoqol choy uzata turib.
— Tinchlik, oqsoqol, shu... — chaynaldi usta Rasul.
— Tinchlik bo‘lsa, nega ertalabdan bezovta bo‘lib yuribsiz?
— Kecha ho‘, Darxondagi Fozil do‘xtirning yangi uyini tomini yopib berdim. Bir piyola choy ichaylik, deb qo‘ymadi. Bir mahal anovi shaytonning “suvi”dan ham ikkitami, uchtami olib keldi. Shu sabildan bir-ikki piyola tortib yuboribmiz deng. Uyga qanday kelganimni bilmayman. Nima sabab bo‘lib, xotinni bir-ikki tarsaki uribman. Kechasi bilan yig‘lab chiqdi bechora. Ertalab tursam, oqsoqolga boraman, deb yig‘lab o‘tiribdi. Shunga o‘zim keldim. Juda uyat ish bo‘ldi.
— Xotin uradigan qilig‘ingiz yo‘q edi-ku, Rasulboy? — dedi oqsoqol ovozini sal ko‘tarib.
— Endi bir ahmoqchilik qildik-da, kechiring oqsoqol.
— Uni xurmachangizga siqsa iching. Iloji bo‘lsa, shu sabilni ichmang, tashlang, Rasulboy. Ichib hech kim baraka topmagan, uka. Siz imorat soladigan ustasiz. Usta hamisha halol-pok yurishi, teshani halol qo‘l bilan ushlashi kerak. Ichkilik imondan ayiradi.
— Kecha bir bo‘lib qoldi-da. Endi takrorlanmaydi, oqsoqol. Tavba qildim. Uyimizga o‘tib kelinga ham tushuntirsangiz. Bo‘lgan voqeani qo‘ni-qo‘shnilar ham eshitib yurmasin. Keliningizning uyiga ham yetib bormasin. Eshitib qolsa, qaynota bilan qaynona ham xafa bo‘ladi. O‘rtaga sovuqchilik tushadi.
— Ojiz erkak xotinni uradi. Juftu haloliga qo‘l ko‘targan erkakning oxirati kuyadi, uka. Oiladan farishta qochadi. Noto‘g‘ri qilibsiz! — dedi oqsoqol keskin. So‘ng biroz yumshab. — Siz boravering. Men ham bir pasdan so‘ng o‘taman. Kelinga yaxshi gapirib turing.
Fotihadan so‘ng, usta Rasul “Rahmat, oqsoqol” deb o‘rnidan turdi.
Oqsoqol uni kuzatib uyga kirib ulgurmay, yana darvoza taqilladi. Ochsa, pastqoraqoshlik Xudoyberdi degan qovunchi dehqon turibdi.
— Keling, keling, Xudoyberdijon,— deb ko‘rishdi oqsoqol. Va uni ham mehmonxonaga taklif qildi. Hol-ahvol so‘rashgach, hali sovumagan choydan bir piyola quyib uzatdi.
— Ertalabdan bezovta qilganim uchun uzr, oqsoqol. Tag‘in u yer-bu yerga ketib qolmang, deb vaqtliroq keldim, — deb shartta maqsadga o‘ta qoldi Xudoyberdi. — Kecha deng, katta o‘g‘limiz Ergashnikida ozgina ko‘ngil xiralik bo‘libdi. Xabaringiz bor, shu xotini bilan biroz kelisholmayapti. Qancha gapirib, tushuntirsak ham bo‘lmayapti, oqsoqol. O‘g‘limni maqtasam noqulay bo‘lar, o‘zi mehnatkash, oilam deydigan bola. Topganini chumoliday ro‘zg‘orga tashiydi. Kelinimiz ozgina lattaparast chiqib qoldi. Buning ustiga tili ham chatoq. Bir gapdan qolmaydi, chayonday uzib oladi. Kecha deng, har xil latta-putta sotib yuradigan savdogar xotinlar qishloq oralagan ekan. Ergashnikiga ham kirishibdi. Erining, imorat qilaman, deb yig‘ib qo‘ygan pullariga kelin qurg‘ur so‘ramasdan ancha-muncha narsa olibdi. Shunga janjal chiqqan. Men dalada edim. Qaynonasi borib tushuntiraman, desa, bolasini ko‘tarib otasinikiga ketib qolibdi. Uyatlarga o‘ldik, oqsoqol? Shunga maslahatga keldim, o‘rtaga o‘zingiz tushmasangiz bo‘lmaydi, oqsoqol.
— Keliningiz Sobir mirobning qizimi? — so‘radi oqsoqol.
Xudoyberdi “ha” degan ma’noda boshini qimirlatib tasdiqladi.
— Xudoyberdijon, xafa bo‘lmang. Endi hayotda har xil tarbiya ko‘rgan kelinlar uchraydi. Siz ishingizni qilavering. Men Sobirnikiga o‘tib, hammasini tushuntiraman. Xudo xohlasa yaxshi bo‘ladi. Qani choydan oling, Xudoyberdijon, — deb Beknazar tog‘a yana unga choy quymoqchi bo‘ldi.
— Rahmat, oqsoqol. Men boray, duo qiling, — dedi Xudoyberdi joyidan qo‘zg‘alib, qo‘llarini fotihaga ochib.
Oqsoqol fotiha o‘qidi. Yana bir bor hammasi yaxshi bo‘lishini ta’kidlab, Xudoyberdining ko‘nglini ko‘tarib, kuzatib qo‘ydi.
Shunday qilib oqsoqolning navbatdagi ish kuni jadal boshlanib ketdi. Dastlab xo‘jalik idorasiga bordi. Bo‘lim boshlig‘iga uchrab yangi topshiriqlarni oldi. Oldi-yu dalaga otlandi. Qo‘li bo‘shasa usta Komilnikiga o‘tib, soch-soqolini oldirishni ham rejalashtirdi. Agar ustaning vaqti bo‘lsa, birga o‘tib, ko‘pdan buyon kasal yotgan Sayfi bobodan hol-ahvol so‘ramoqchi.
Turkmanariq yoqalab o‘tib, g‘o‘zalarga suv tarayotgan suvchilardan birrov xabar olib, qo‘shni daladagi traktorchilar yoniga bordi. So‘ng chopiq qilayotgan brigada a’zolarining ishlarini ko‘zdan kechirdi. Ular bilan hol-ahvol so‘rashdi. Chala-chulpa ketmon urayotganlarga ohista tanbeh berdi.
Dastlab usta Rasulnikiga borayotib, yo‘l-yo‘lakay yaqinda operatsiyadan chiqqan To‘ra tog‘adan birrov xabar oldi. Bu keksa suvchi yaqinda bir o‘limdan qoldi. Sho‘rlikning ichaklari buralib qolibdi. Uning operatsiyasini ham oqsoqol Samarqandga o‘zi borib, tanish do‘xtir bilan gaplashib berdi.
To‘raqul tog‘a darvozaxonadagi chorpoyada yotgan ekan.
— Keling, keling, Beknazar, — deb o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi u.
— Qimirlamang, tog‘a, qimirlamang, — deb oqsoqol tez borib, uning qo‘lini oldi.
Chorpoyaning chetiga cho‘kib, fotiha qilib, hol-ahvol so‘radi.
— Baraka toping, Beknazar. Dunyo turguncha turing. Siz bo‘lmaganda ahvolim nima kechardi, bilmadim? Do‘xtirlar bilan gaplashib berib, ko‘p ulug‘ ish qildingiz. Bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin, uka, — dedi To‘raqul tog‘a yana bir bor minnatdorlik bildirib.
Uning ahvoli ancha yaxshiligini ko‘rib, oqsoqol o‘rnidan turdi. Usta Rasulnikiga borsa, uning bolalari endi maktabga ketayotgan ekan. Usta oqsoqolni kutib olib, mehmonxonaga boshladi. Bir pasdan so‘ng ustaning ayoli dasturxon, choy ko‘tarib kirdi. Janjal jiddiyga o‘xshaydi, ayolning ko‘zlari ko‘kargan, shekilli, ro‘mol bilan yuzlarini o‘rab olgan.
— O‘tiring, kelin, — dedi oqsoqol eshik tomon yurgan ayolga. Ayol eshikka yaqin joyda to‘xtab, yuzini ro‘moli bilan yana bir bor bekitib sekingina o‘tirdi.
— Nechchi yil bo‘ldi turmush qurganlaringga, Rasulboy, — deb so‘radi oqsoqol. Usta Rasul xotiniga qaradi. So‘ng tilga kirdi:
— Yoz kelsa, o‘n besh yil bo‘ladi.
— Nima, o‘n besh yilda bir-birlaringni tushunmadilaringmi? Uyat, Rasulboy, juda uyat! Eshitgan quloqqa yaxshimas. Ayolingiz yaxshi, pokdomon, mehnatkash. Bola-chaqam, ro‘zg‘orim deydigan ayollardan. Avlodi ham yaxshi odamlar. Qo‘l ko‘tarib noto‘g‘ri qilgansiz, — oqsoqol shunday deb dasturxondan bir bo‘lak non olib, usta Rasulga uzatib, dedi: — Mana, nonni ushlab qasam iching. Endi shu harom narsani qaytib og‘zimga olmayman deng. Xotinimga qo‘l ko‘tarmayman, deng.
Usta Rasul bir zum oqsoqolning qo‘lidagi nonga qarab indamay turdi. So‘ng oqsoqolning vajohat aralash porlab turgan nurli ko‘zlariga tikilib, iloji yo‘qligini tushunib, darhol nonni qo‘llariga olib, qasam ichib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Bir lahzadan so‘ng tilga kirdi:
— Kechiring, oqsoqol, endi siz aytganday bo‘ladi.
— Bilib qo‘ying, Rasulboy endi qasamni buzib bo‘lmaydi. Qasamni buzganni Xudoyam xushlamaydi, — dedi qat’iy qilib oqsoqol. So‘ng ayolga yuzlanib so‘radi: — Kelin, siz ham kechirdingizmi?
Usta Rasulning xotini “kechirdim”, degan ma’noda boshini qimirlatdi.
— Uka, ayolni asrang. Oila qo‘rg‘onini buzmang. Bu muqaddas qo‘rg‘onning biror bir g‘ishtiga putur yetmasin. Ertaga kuningizga shu ayol yaraydi, Rasulboy, — deb oqsoqol o‘rnidan qo‘zg‘aldi...
Oqsoqol Sobir mirobnikiga borsa, u oqsoqolning kelishini eshitib, ertalab qizini uyiga eltib qo‘yib, qudalar bilan gaplashib qaytgan ekan. Xotinining aytishicha, o‘zi Qasoba kanalining suviga qaragani ketibdi...
Oqsoqol peshinda usta Komilnikiga borib, soch-soqolini oldirdi. Biroz gurung qildi. O‘tgan-qaytganni eslashdi. Og‘ir kasal yotgan Sayfi boboni ko‘rgani ikkovlari gangur-gungur qilib yo‘lga tushishdi. Sayfi bobo dardi bedavo kasalga yo‘liqqan edi. Farzandlari Samarqandu Toshkentga ham olib borib, zo‘r do‘xtirlarga ko‘rsatishdi. Ular ham aniq bir gapni aytishmadi. To‘shakka mixlanganicha yotibdi. Farzandlari-yu kelinlariga rahmat, boboni oq yuvib, oq tarab o‘tirishibdi.
Sayfi bobo ularni ko‘rib, qaddini biroz ko‘tardi, xursand bo‘lib chehrasi yorishdi.
— Dimog‘lar chog‘mi, suyaklar yengilmi, Sayfi aka, — deb usta Komil uning holsiz qo‘llarini mahkam siqdi.
— Beknazarboy, to‘rga o‘ting, to‘rga,— dedi hansirab Sayfi bobo.
— Mayli, siz bezovta bo‘lmang, aka. Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? — deb ahvol so‘radi oqsoqol.
Bir piyola choydan so‘ng usta Komil Sayfi boboning qaddini ko‘tarib, beliga yostiq qo‘yib, asta-sekin soch-soqolini qirtishlab qo‘ydi. Qo‘llarini uqalamoqchi bo‘lib ushlagan edi, Sayfi bobo ajinlarini nursiz ko‘zlari atrofida yig‘ib, ingrab yubordi. So‘ng usta cholning quloq-boshini tortib qo‘ydi.
Dasturxonga ovqat tortildi. Sayfi boboga bir piyola qaynatilgan guruch olib kelishdi. U kishi guruchdan oz-oz olib, sekin-asta chaynab, oqsoqolga yuzlandi.
— Beknazarboy, sizning boringizga shukur. Qishlog‘imizga sizday oqsoqol juda munosib. Hammaning ahvolidan xabar olasiz, hammaga teng qaraysiz, iloyo, baraka toping. Oqsoqol qishloqning imoni bo‘lishi kerak. Imon bor joyda totuvlik, ahillik, oila mustahkam bo‘ladi, — dedi Sayfi bobo.
Haqiqatan oqsoqol yoshlarning samimiy do‘sti, bolalar va o‘smirlarning yaqin o‘rtog‘i, kattalarning tug‘ishganday yaqin birodari edi. U kishida har qanday odam bilan bir suhbatlashgandayoq til topa oladigan, gaplashish jarayonida uni tushunadigan va o‘sha zahoti qalbini anglaydigan favqulodda bir ilohiy iste’dod bor edi. U Buxoro madrasalarida o‘qib kelgan bobosidan tarbiya topib, bobosi qatag‘onga uchragach, oilasidagilar ko‘p azob-uqubatlar tortdi. Bu kulfatlardan Beknazar ham bebahra qolmadi. Lekin bobosidan olgan tarbiya, uni el-yurtda aziz qilib, umrini bezab, kelmoqda...
Oqsoqol kamgap edi. U suhbatdoshini jimgina tinglashni, tinglab mulohaza qilishni xush ko‘rardi. Hatto bo‘lar-bo‘lmasga kulmasdi. Ba’zan kulsa, miriqib yurakdan kulardi. U kishi nihoyatda jiddiy inson edi. Jiddiyligida hikmat va samimiyat bor edi. Uning xatti-harakatida, yurish-turishida va salobatida odamlarni qandaydir o‘ziga tortadigan ohanrabosi, ya’ni insoniy mehr balqib turardi.
Oqsoqol odamlarni benihoya yaxshi ko‘rardi. Ularning quvonchu dardlarini, shodligu iztiroblarini xuddi o‘zinikiday qabul qilardi. Shu bois odamlar unga go‘yo avliyoga talpinganday talpinardi, hech kimga ochmagan sirlarini, yaqinlariga aytmagan dardlarini unga ishonib aytishardi.
Sayfi bobo aytganidek, u qishloqning vijdoni edi...
— To‘g‘ri aytasiz, Sayfi aka, Beknazar akaday imonli oqsoqol borligi uchun ham Jaloyir tinch, bir-biriga mehribon, ahil, — dedi usta Komil.
Bu maqtovlardan Beknazar oqsoqol biroz xijolat bo‘ldi.
— Endi qishloq hammamizniki. Qishloq ham bir oiladay gap. Uning ham past-baland jihatlari, turfa odamlari bo‘lishi tabiiy. Qishloqning obro‘si, yaxshi-yomoni ham o‘zimizniki. Endi, Sayfi aka, sizni ham urintirib qo‘ymaylik, — dedi oqsoqol.
Sayfi bobo holsizlanib borayotgan qo‘llarini zo‘rg‘a juftlab fotiha o‘qidi. Oqsoqolni ham duo qildi. Keyin uni bag‘riga bosishga intildi...
Bu ularning so‘nggi ko‘rishuvi ekanligini Xudodan boshqa hech biri bilmadi.
Ertasi kuni Sayfi bobo olamdan o‘tdi. Oqsoqol bu og‘ir xabarni eshitishi bilan darhol otlandi...
Har kuni bobosi bilan oldinma-keyin uyg‘onadigan kichik nabirasi, uni darvozadan ko‘chaga kuzatar ekan, kutilmaganda shunday dedi:
— Bobojon, siz oqsoqolmi?..
U nima deyishini bilmay, burro-burro gapirayotgan nabirasini das ko‘tarib peshonasidan o‘pdi. Nabiraning o‘ziday, munchoqday ko‘zlariday beg‘ubor va pok shu birgina so‘z Beknazar oqsoqolga yanada kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishladi. U qadamini tezlatdi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.