OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ashurali Jo‘rayev. Qarmoq (hajviy monolog)

He, qurib, chirib ketgur qarmoq, yaramas qarmoq, kelib-kelib... Iloyo, o‘tga tushgur qarmoq, kuyib kul bo‘lgur qarmoq, kelib-kelib... Hah, tig‘ing toshga urilgur qarmoq, paying uzilib ketgur qarmoq, kelib-kelib... Iloyo, zanglab ketgur qarmoq, yitib-yo‘qolib ketgur qarmoq, kelib-kelib...
Senga ulkan ko‘llarda, katta-katta daryolarda, qancha-qancha kanalu hovuzlarda son-sanoqsiz baliqlar og‘izlarini lang ochib kutib yuribdi, qachon qarmoq biror yemish olib tusharkin, deb charx urib, suzib yuribdi. Sen bo‘lsang, kelib-kelib...
Eh, qarmoq-qarmoq, seni och baliqlar kutib turganda, sen kelib-kelib, kelib-kelib-a... vijdonga tushasanmi?.. Odamning eng pokiza, eng toza vijdonini nishonga olasanmi? Undan ko‘ra qurbaqaning og‘ziga tushmaysanmi, ilonlarga yem bo‘lmaysanmi?..
Nima qilib qo‘yding, nomard? Nega vijdonni badnom qilding, qarmoq? Endi oxiratda buning javobini qanday berasan? Axir, vijdonning oxiratini ham kuydirib yubording-ku!
Bilaman, sen nuqul vijdonni ovlaysan, zudlik bilan palag‘da vijdonga kirishga intilasan. Har qanday luqmaga o‘ch badnafs vijdonni bir lahzada ildirasan. Bir ildirdingmi, tamom, sho‘rlik vijdon sening qulingga aylanadi, sening beminnat xizmatching bo‘lib qoladi. Chunki seni ham, seni tutib turgan qo‘llarni ham shayton sehrlagan. Bilmaysanki, azaldan Vijdonning dushmani Shaytondir. Odam qiyofasiga kirib olgan ayrim Shayton va shaytonchalar turli lavozimlarni, past-baland amal kursilarini egallab olib, nuqul Vijdonni ovlash, Insonni badnom qilish payida bo‘ladilar. Shayton qarmog‘iga tushgan, uning harom luqmasiga ilingan vijdonsizdan qochadilar, imonsizdan nari yuradilar.
Sen ko‘zga ko‘rinmaydigan o‘ta xavfli, ochko‘z nafs qarmog‘isan, goh cho‘ntakdasan, goho tildan, goh og‘izdan, goho bo‘g‘izdan ildirasan. Ba’zan tortmadan, ba’zan orqadan, ba’zida bolishdan, ba’zida nolishdan, goho boridan, goho yo‘g‘idan, ba’zan ochidan, ba’zan to‘qidan, goh ma’rakadan, goh to‘ydan, goh ko‘chadan, goh uydan bergan luqmang avval lazzat, keyin zahar bo‘ladi. Afsus, bundan toza vijdon asta-sekin so‘ladi.
Tortil, insofsiz! Vijdonni tinch qo‘y! Uni har xil xarom-xarish yo‘llarga boshlama, ey badnafs qarmoq!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.