OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ashurali Jo‘rayev. Sirli sirg‘a (hikoya)

Yangi yil kutilmagan voqealari, g‘aroyib sarguzashtlari bilan ham esda qoladi. Yangi yil kirib kelishini hamisha kattalardan ko‘ra, bolalar ko‘proq hayajon bilan kutadilar. Ayniqsa, xonadonlarga Qorboboning sovg‘a-salom bilan kelishi bolalarning quvonchiga quvonch bag‘ishlaydi, hayratini oshiradi.
Asilbek ham Qorboboning uzun soqollarini silkillatib, oppoq mo‘ylovini lablari ustida osiltirib, ko‘zlariga qora ko‘zoynak taqib, gullik sovg‘a xaltasini ko‘tarib, chiroyli hassasini qizil qo‘lqopi bilan ushlagan holda kirib kelganidan benihoya sevindi. Ukasi va singlisi bilan Qorboboga peshvoz chiqib, barobariga salom berdilar. 
– Vaalaykum assalom, shirintoylarim, – dedi Qorbobo salobat bilan sal do‘rillagan ovozda. Uning tovushi tanish bo‘lsa-da, g‘alatiroq eshitildi.
Bir zumda xonadonni shodon kayfiyat chulg‘adi. Qorboboni chiroyli bezatilgan yangi yil dasturxoniga taklif qilishdi. Lekin Qorbobo boshqa bolalarni ham tabriklashi lozimligini ro‘kach qilib, bolalarni yo‘lakda she’r aytishga chorladi. Birinchi bo‘lib singlisi Nazokat “Qorbobo” degan she’rini o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘qib berib, Qorboboning sovg‘asi – chiroyli qo‘g‘irchoqni qo‘lga kiritdi. So‘ng ukasi Ozodbek yangi yodlagan she’rini tutilib-tutilib, chala-chulpa o‘qidi. Qorbobo unga ham chiroyli o‘yinchoq mashina sovg‘a qildi. Navbat Asilbekka kelganda u bir yo‘la ikki-uch she’rini qatorlashtirib yoddan o‘qib berdi. Qorbobo qarsak chalaman deganda, qo‘lidagi sovg‘a xaltasi polga “to‘p” etib tushdi. Xaltani egilib olaman, degan bir paytda Asilbek uning qulog‘idagi ko‘k ko‘zli sirg‘asini ko‘rib hayratda qotdi. Axir bu qo‘shni yo‘lakda turadigan Risolat opaning sirg‘asiga juda ham o‘xshash ekan. 
Esida – kuzda hovlida hashar qilayotganlarida xazonlarni supurib yurgan Risolat opa o‘ng qulog‘idagi sirg‘asini yo‘qotib qo‘ygan edi. “Voy, endi nima qildim, onajonim rahmatli sovg‘a qilgan edi”, deb yig‘lab ham olgandi. Oradan ikki kun o‘tib, Asilbek qo‘shni bolalar bilan o‘ynab yurganlarida hovli chetidagi ariqcha bo‘yidan ko‘k ko‘zli sirg‘ani topib olib, onasiga bergandi. Onasi esa o‘sha zahoti Risolat opaga topilgan sirg‘ani berib xursand qilgandi. Opa rahmat aytib, bolalarga bir hovuch shirinliklar hadya etgandi. Konfetlardan birining ta’mi butunlay boshqacha edi. Eslab, og‘zi tamshandi... 
“Nahotki, Qorboboning sirg‘asi bo‘lsa?” o‘yladi yana Asilbek. Qorbobo ham nimanidir sezgandek Asilbekka chiroyli rangli qalamlar sovg‘a qilib tezgina xayrlashdi. Bolalar ham baravariga “Xayr, Qorbobo” deyishdi xursand bo‘lib...
Qorbobo yo‘lakka chiqib, qo‘shni xonadon eshigi qo‘ng‘irog‘ini hayajon bilan bosdi.
Asilbek onasiga hayrat bilan qarab: 
– Oyijon, Qorboboning sirg‘asi bor ekan, – dedi. 
– Qanaqa sirg‘a? – hayron bo‘ldi onasi.
– Risolat opaning ko‘k ko‘zli sirg‘asiga o‘xshar ekan. Men topib bergan edim-ku, o‘sha sirg‘aning o‘zi.
– Qo‘ysang-chi, bolam, senga shunday ko‘ringan. Qorboboning sirg‘asi bo‘lmaydi, – dedi onasi gap nimadaligini tushunib. So‘ng bolalarni o‘yin bilan chalg‘itdi. 
Aslida ham hozirgina chiqib ketgan “Qorbobo” bu qo‘shnilari Risolat edi. Ularning Asilbeklar yashaydigan uyga ko‘chib kelganlariga besh-olti yil bo‘lib qoldi. Sho‘rlikka Xudoyim farzand bermagan. Har yili yangi yil kechasida Qorbobo bo‘lib, qo‘shnilarning bolalarini xursand qiladi. Qorbobo bo‘lib bolalarni tabriklayotganida yayrab ketadi. U o‘sha kezlarda butun borlig‘i bilan bolaga aylanadi. Har bir xonadonga kirganida Yaratgandan ixlos bilan farzand so‘raydi.
Risolatning Qorbobo bo‘lib chiqishini bilib qolgan onalar unga yangi yildan to‘rt-besh kun avval bolalari uchun turli xil sovg‘alarni oldindan berib qo‘yishardi. Shu bois Risolat qo‘shni bolalar tanimasin deb, qora ko‘zoynak taqib, ovozini biroz o‘zgartirib gapirardi. Bu gal shoshganidan quloqlaridagi sirg‘asini yechib qo‘yishni unutgan edi. 
Qorbobo yangi yil kechasi onalari sovg‘a olib bergan barcha xonadonlarga bir-bir kirib, bolalarni xursand qilib chiqdi. O’z xonadoniga kelganida eri allaqachon yangi yilni kutib olib, odatdagidek o‘tirgan joyida uxlab qolgan edi. Bechora shishani oxirigacha ham bo‘shata olmabdi. Har yili shu ahvol...
Er xotin bir-birini yaxshi ko‘rib turmush qurishgan. Risolat tibbiyot bilim yurtida o‘qib yurganida haydovchi Erkin bilan tasodifan tanishib qolib, ota-onasining unchalik roziligiga ham qaramasdan, biri olarman, biri tegarman bo‘lib, oyoq tirab olishdi. Qarindosh-urug‘lar ko‘magida to‘ylari bo‘lib o‘tdi. Er-xotin “qo‘sh ho‘kiz” bo‘lib, yelib-yugurib uy-joy qilishdi, yashashlari joyida. Uyda hamma narsasi bor, hech kimdan hech bir kamchiliklari yo‘q. Faqat yuraklari yara... Bu og‘ir yaraning malhami birgina tirnoq... 
Risolat Qorbobo kiyimlarini bir-bir yechib, uyida kiyadigan gulli xalatini kiyib, o‘zini krovatga tashladi. Tashladi-yu, yelkalari titrab-titrab yig‘lay boshladi. Yig‘lab turib yana Xudoga yolvordi: 
– Xudojon, nahotki shunday ulug‘ dargohingdan bir tirnoqqa zor etsang? Shunchalar ham intizor qilasanmi? Yurak-bag‘rim to‘kilib ketdi-ku, Ollohim. 
Aziz o‘quvchi! Keling, siz ham qo‘llaringizni ochib, niyat qiling, Ollohdan ularga birgalashib farzand so‘raylik. Zora, yangi yilda sirg‘ali Qorboboning niyati ushalsa...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.