OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Fano va baqo (hikoya)

«Bo‘lmasa vasli mango, ikki jahonni na qilay»
(Mashrab)
«Yozganlarim bari — hayot va o‘lim haqida»
(Edgar Po)
«Ollohning va’dasi haq. Dunyoi-dun sizni hargiz aldab qo‘ymasin»
(Qur’oni karimdan)


Xotin kishi bilan ish bitgandan keyin odam behafsala bo‘lib qoladi. Xolxo‘ja buni ilgaritdan bilardi-yu, lekin bunaqangisi bo‘lgan emas. Haligina «Huriniso! Huriliqo!» qilib erkalagani Hurixonning basharasini ko‘rgisi kelmay, uning vannadan chiqishini ham kutmasdan ko‘ylagini kiyib, ketishga otlandi.
Ob-havo nobop kunlar Xolxo‘jaga ta’sir qilmaydi. Biroq bugun shomdanoq negadir ichi xira, bekordan-bekor ezilib ketyapti. Kostyumini yelkasiga tashlab, derazadan boqsa, qora tun qo‘ynida nimadir bo‘g‘iq gumburlab... yo‘q, momaqaldiroq emas, samolyot yo vertolyot ham emas, yer qa’ridan vahimali, bo‘g‘iq guvillash ko‘tarilayotganday. Bir zumdan keyin bo‘lsa, uzoq-yaqinda itlar vovullab, tinchlikni buzdi. Xolxo‘ja shahar joyda itning bunday chiyabo‘riday xunuk ulishini eshitgan emasdi. Mash’um nishona...
Eshikka qarab yurdi. Yo‘lakka chiqqanida tepasida nimadir qirsillab, ohak to‘kildi. Sarg‘ayibroq yonib turgan chiroqlar lipillab chayqalardi. Xolxo‘ja boshi ustida beton plitaning darz ketganini ko‘rib, og‘zini ochib ham ulgurmay, oldinroqda shift to‘sinlari qarsillab, nazarida devor ag‘anadi. Qars-qars tebranayotgan zinapoyadan o‘zini pastga otdi, xuddi gugurt qutisiday mayishib yanchilayotgan beton qavatlardan nechtasi orqada qoldi — bilmaydi, ro‘parasidagi eshik kesakisi bilan o‘pirilib, qattiq gumburdan keyin orqa-o‘ngida quyuq to‘zon ko‘tarildi. Ko‘z ochib, nafas olib bo‘lmas, chiroqlar o‘chgan, tepadagi beton qavatlar xuddi bosib tushmoqda, na oldinga, na orqaga yo‘l bor. Xolxo‘ja nimagadir qoqinib-surilib, xavfsiz joy qaerda ekanini bilmasa ham, o‘zini chetroqqa olishga urinar edi. Bir joyda turishga toqati chidamay, to‘zon quyunida chang yutib, qorong‘ida qandaydir g‘isht uyumlaridan hatlab o‘tib, devorni paypasladi. Qo‘li nimadandir tilinib, bilagiga issiq qon yugurganini sezdi. Sezdiyu e’tibor bermadi, chunki bu vaqt qaerdadir g‘irchillab eshik ochildi. Tepada yana ham dahshatliroq gumburlashlar eshitilardi. Xolxo‘ja toyibmi, bir nimaning zarbi bilanmi, shu zahotiyoq zinadan yumalab pastga tushib ketdi.
...Yotgan yerida lat yegan, shilingan joylarining og‘rig‘idan ham oldin kallasiga o‘y keldi: bu mudhish zil-zila edi, u esa — tirik. Lekin qaerda yotibdi? Fahm-ladiki, haligi g‘irchillagan eshikni o‘zi ochgan ekan: u yumalagan zina, bu zax joy — ko‘p qavatli binoning podvali bo‘lishi mumkin... Ha, yerto‘la, hididan ma’lum.
U «tirikman» dedi-yu, ammo shubhalanib qoldi. At-rof zim-ziyo, quloqlari tom bitgan, faqat ...hid bilyapti, hid! Demak, nafas olyapti, dimoqni paxsalaydi-gan boyagi chang yo‘q, zamin ham tinchidi chog‘i. Xolxo‘ja qo‘l-oyog‘ini qimirlatyb ko‘rdi, sal zirqirasa ham, xayriyat, bari butun. Atrofini paypaslab, turib o‘tirdi. Barmoqlari bilan quloq-burnini ushlab ko‘rdi, shukr, u-bu sharpani zshityapti. Lekin quloqlari zing‘illar, boshi g‘uvillar edi. Keyin tushundi: jim-jitlikdan ekan. Haligi mudhish gumburlashlardan keyingi bu jimjitlik undan battar vahimali tuyul-di...
Qani endi hozir birdan uyg‘onib ketsa! Bordiyu Huri qanjiqning to‘shagida mizg‘ib qolgan bo‘lsayu... Koshkiydi. Mana bu ko‘zga turtsang ko‘rinmaydigan zimistonning sassig‘i — tushga o‘xshamaydi, tush emas. «Qanjiq» dema, u sho‘ring qurg‘urni ham hozir hoynahoy bosib qoldiyov. Vannasida kafansiz ko‘milib yotibdimi hali...
Shu zahoti necha yuzlab jon nobud bo‘ldi, Xolxo‘ja sen tiriksan. Sen tiriksan, Xol! Olamda shu payt ikki narsa bor: o‘ligu tirik. Uchinchisi yo‘q. Sen esa tiriksan, Xolxo‘ja.
Shu o‘ylardan keyin u bir dam nafas rostladi. Ammo qaerdandir yana bir nima qirsilladi, guv eshitildi. Zilzila «qaytdi» shekilli. Xolxo‘janing endi o‘lgisi yo‘q, u o‘limning dahshatini boshidan kechirdi. Qutuldim deganida... endi o‘limni o‘ylash ming bora mudhish... U devorni paypaslab o‘rnidan turdi. Tizzalari qaltirar edi. Qorong‘ida bittagina nur zarracha bo‘lsa ham yorug‘lik qidirib, mo‘ltirab turganida sal narida lip etib... voajabo, chiroq yondi. Xolxo‘ja hushidan ketayozdi, birdan urilgan shu’ladan ko‘zlarini chirt yumdi, yorug‘likdan butun vujudi yayraganday bo‘shashdi. Bu nima o‘zi? Nima bo‘ldi? Elektr chirog‘i-ku! Kim yoqdi? Yo undan boshqa odam ham bormi? Xiragina qizarib, sal lipillab turgan kichkina lampa zim-ziyo yerto‘lani kunday yoritgan edi. Biror joyda sim uzilgan bo‘lsa, keyingi qimirlashda o‘zidan o‘zi bexos ulanib qoldi chamasi. Omad-da! Xolxo‘ja omadli yigit o‘zi. Uylab qarasa, omad unga bir umr soyaday ergashib yurgai ekan: soldatlikka bir yarim yosh yetmay, qirg‘in urushdan chetda qoldi, ta’qibu qamoqlardan xudo asradi, qo‘yingchi, kasalxonaga ham tushgani yo‘qda. Baxtu mol — dunyoning mo‘may-mo‘mayi gohida shundoqqina osmondan oyog‘ini uzatib tushaverdi, olamda o‘zidan bo‘lak g‘ami yo‘q. Omad bu safar ham ro‘parasidan chiqib qolsa ne ajab.
U ehtiyotlik bilan devor bo‘ylab yurib, bir umid ilinjida yerto‘lani aylanib chiqdi, eshik-teshik degan narsa yo‘q. Orqa tomon butunlay bosib yotibdi—yaqinlashish xatarli. Qirgan eshigi, yumalab tushgan zinapoyasi qayoqdan edi, aqli yetmadi. G’isht beton, tuproq o‘pirilib tushgan, hammayoq gum... Xolxo‘janing vahima-si oshib, havo yetmayotganday, badanidan sovuq ter chiqib ketdi: tirik ko‘milgan bo‘lsa-ya! Nima bo‘ladi unda? Avval aqldan ozib, jinni bo‘ladi. Keyin ochlikdan, yolg‘izlikdan talvasada jon berib... murdasi sasib yotadi. Bir sichqonmi — kalamush ham yugurib o‘tmaydi bu yerda... Yo‘q. Nima «yo‘q»? U kuchi boricha ovoz berib ko‘rdi, yerto‘lani yana aylanib, jon-jahdi bilan baqirib-chaqirdi. Bo‘g‘iq yangragan ovozni yerto‘la qsra go‘rday o‘z qa’riga yutardi. Xolxo‘ja shaytonlaganday zir yugurib, devorlarga urilib, qoqinib-surinib, holdan toydi. Miyasi karaxt, hech narsa o‘ylayolmay, beton devorga suyangancha uzoq turdi. Yo‘q... Qutqazishadi. Yerto‘lada odam ko‘milib qoladiyu qutqazmaydimi... Mahalladagilar sal o‘zlariga kelishsinchi, qidirib qolishadi. Kavlashayotganda tepadan beton plitalar bosib tushmasa bas. Ular sal ilinib omonat turganga o‘xshaydi. Xolxo‘ja tepaga ko‘z solishga botinmay, g‘ujanak bo‘ldi. U qo‘rqishdan, vahimayu talvasalardan toliqqan edi. Bunaqada telba bo‘lib qolish mumkin. O’zingni bos, Xolxo‘ja. Nafas bo‘g‘ilishi ham vahimadan, bu yerda havo yetarli, uqdingmi, avval esni joyiga qo‘yish kerak. Qancha vaqt o‘tdi o‘zi? Bir o‘ylasa — necha kunlardan beri shu yerda o‘tirganga o‘xshaydi. «Kunlar» deganda eti jimirlab ketdi. Yo‘q. yo‘q, axir. Hali yarnm soat ham bo‘lgani yo‘q. Xolxo‘ja buni yaxshi biladi, qizib ketgan miyasining bir chekkasida idroki uyg‘oq. Mana shuni yo‘qotmaslik kerak, telbalik o‘ldiradi, sovush kerak, sovuqqonlik kerak.
Yarim soat emas, nazarida undan ham kam, besh-o‘n minutgina... Lekin bir dunyo xayol o‘tdi boshidan. Yolg‘izlikda shuning o‘zidan ham jinni bo‘lish mumkin. Idrok dedi. Yolg‘izlik-chi? Bu ikkalasining chiqishuvi qiyin yo u, yo bu yengadi.
Xolxo‘ja dahshatli yolg‘izlikning idrokdan ustun kelishiga ko‘zi yetib turganida allaqayoqdan ingragan ovoz eshitildi. Badanidagi og‘riqlarni unutib, sapchib turdi, alangladi, yana quloq soldi. Tashqaridami? Tashqarida bo‘lsa, eshitilmas edi. Tuproq, g‘isht ostidami? Unday bo‘lsa, uni qidirib bir joyni kavlash ham xatarli. Kavlamay quloq solib o‘tirish—undan ham mudhish... Ingrash yana eshitildi. U yordamga muhtoj bir issiq jon ekanligi aniq. Xolxo‘ja uyoq-buyoqqa yugurgiladi. Uni quvonch yugurtiryaptimi, vahimami — o‘zi bilmasdi. Burchaklarga kirdi, beton bloklari mayishib, armatura simlari chiqib, o‘pirilib yotgan yon devor kavaklariga, kunjaklarga ko‘z soldi. To‘xtab, jimlikka quloq tutsa, ovozidan tezroq topardi, lekin hovliqib jim turolmayapti, asablari qaqshagan, sabr-toqat tugagan, o‘zining nafasidan boshqa sharpani eshitmas edi. Bunga sari o‘t olganday shoshib, cho‘loqlanib yuguradi, yiqiladi, yana turadi.
— Hoy, kim bor?!
Ovozim chiqmayapti shekilli, deb bir zum tinch qoluvdi, zaif ingrash yana takrorlandi. Xolxo‘ja o‘sha yoqqa urdi o‘zini. Bu haligina o‘zi kirgan eshik tomonda edi. Endi eshik yo‘q. Bu yon ham o‘pirilib, g‘ishtu beton uyumi shiftga taqalib yotibdi. Ovoz shu yerdan keldi, bu aniq. Yana bir eshitilsa — ustidan chiqadi. Kutdi. Ingrash eshitilmadiyu shitirlab tuproq to‘kildi. Xolxo‘ja bir uchi bilan yerga qadalib qolgan balka ostiga bosh suqib qarasa, ingrash yonginasida eshitildi. Qorong‘ida yarim ko‘milib yotgan gavdani ko‘zlari ilg‘aganday bo‘ldi.
—    Hoy, tirikmisiz?!
—    ... O-o-oyog‘im...— dedi haligi odam.
Tirik! Ulib qolmasa bo‘lgani. Qaysi tomondan bornsh kerak? Bu yerda bir nimani sal qimirlatsang bosib qolishi hech gapmas.
— Kimsiz?
U odam bir nima deb g‘udrandi-yu, og‘zi tuproqqa to‘lganmi, tushunib bo‘lmaydi. Joni uzilib qolmasa bas. O’lib qoladigan bo‘lsa... hali yolg‘izlik vahimasi bosayotuvdi, endi... Yoningda o‘lik bilan yolg‘iz qolish...
O’zingni bos, Xolxo‘ja. Og‘ir bo‘l, omaddan umid uzma. Buni qutqazish kerak. Qutqazish kerak.
Bir yelkasi bilan to‘sin tagiga suqilib, qo‘lini uzatdi. Uning paypaslayotganini sezgan haligi odam, yana:
— O-o-yoq...— deya shivirladi siqtab.
Xolxo‘ja kafti bilan uning ustidagi tuproqni sidirib tashlab, qo‘l-oyog‘i qaerdaligini topishga urindi. Paypaslab yuzini topdi, issiq nafasini sezdi.
— Hozir... hozir... Birpas toqat qiling. birodar...
Bu odamning oyog‘ini bosib yotgan yo‘g‘on xoda bir uchi
bilan yerga tiralgan, bir uchi bilan tepadagi beton plitani suyab qolgan edi.
—    Xodaga tegmang... oyoq... oyoqni torting,— dedi yotgan odam. Uning ko‘zi qorong‘iga ko‘nikib, u-bu narsani ko‘rib yotganga o‘xshaydi. Xolxo‘ja hushyor tortib, o‘zini chetga oldi. Qarasa, chindan ham xavfli: xodani qimirlatsa shift bosib tushadigan...
—    Oyoq... ni,— dedi chorasiz odam qattiq og‘riqdan tishini tishiga bosib.
Xolxo‘ja uning etigini paypaslab topib, oyoqni xodaning ko‘tarilgan tomoniga qarab surishga urindi. Tepaga qarab olib, etik poshnasidan mahkam ushladida, yana tortdi. Bechora jon-jahdi bilan «ya... ya... yana!» degancha tinchib qoldi. Og‘riqdan hushiii yo‘qotdimi, nima balo? Ulib qolmasa bo‘lgani. Xolxo‘ja tag‘in bir zo‘r berib siltagan edi, u xunuk ovoz chiqarib dod soldiyu yana jimib qoldi. Xolxo‘ja ham qimir etmay quloq solardi. Xayriyat, nafas olishi sezilyapti. Tavakkal qilib, ikkala oyog‘idan torta boshladi. Uni yorug‘likka sudrab chiqqunicha vujudini qora ter bosdi. Usti-boshidan shuvillab tuproq to‘kilgach, kapalak mo‘ylov, o‘rta yashar, naynovgina yigitning loy tekkan aft-basharasi ko‘rindi. Lekin ko‘zi yumuq, yuzi ifodasiz, behush yotar edi. Xolxo‘ja uning tomirini ushlab ko‘rib, xunuk jilmaydi-da, yana chaqqon harakatga tushdn. U o‘zidan mamnun, jonlanib ketgan edi. Sho‘rlikning yuz-ko‘zini siypalab, ustidagi ohak kukunini qoqib tashlab, so‘radi:
—    Hoy, qalaysiz?
—    Oyoq...— dedi yana yigit ko‘zini ochmay.
Oyog‘iga qaradi, etigini tortib ko‘rdi, lekin nkkinchi oyog‘iga qo‘l tegizishi bilan yigit baqirib yubordi. Xolxo‘ja bo‘lsa, uning faryodiga quvonganday:
—    Bormisiz-e...—dedi.—Hozircha chidaysiz, birodar. Sinmagan etik qo‘nji saqlabdi, shukr qiling, le
kin qattiq lat yegan, chidaysiz!
Shunday dedi-yu, dod solishiga qaramay, etikni shartta, yechib oldi. Yigit bir ingrab, jim bo‘ldi. Xolxo‘ja bir poy etikni quchoqlagancha o‘tirib qoldn.
Ikkalasi ham go‘yo og‘ir ishdan keyin dam olishar edi. Anchadan so‘ng yigit ko‘z ochib, shiftga, atrofga, keyin najotkoriga boqdi. Qaerda yotganini hali fahmlagani yo‘q chamasi.
—    Tuzukmisiz?— dedi Xolxo‘ja.
—    Boshim nimagadir urilib... hech nimani bilganim yo‘q. Hushimga kelsam... oyoq og‘riyapti. Qattiq og‘riq hushimga keltirdi chamamda.
—    Hozir-chi?
—    Hozir... qarang-chi, oyoq butunmi?
Xolxo‘ja oyoqqa yopishib qotgan paytavani ehtiyot bi-lan yechib oldiyu qorayib-ko‘kargan boldirni ushlab ko‘rishga qo‘rqdi.
—    Bugunoq chopqillab ketasiz...
—    Nazarimda, qon yurdi... rahmat sizga. Qaerda-miz? Nima bo‘ldi?
—    Zilzila... Yomon bo‘ldi. Yerto‘lada qamalib yotibmiz, yuqorida nima bo‘lganini bilmayman.
—    Hushimga kelganimda o‘zimning ham taxminim shu edi. Boshqa hech kim... biron eshik-teshik yo‘qmi?
—    Yo‘q... Yilt etgan tuynuk ham yo‘q...
—    Chiroq...
—    Chiroq keyin yondi, hayronman. Xullas... hozir tirik qolganimizga shukr deyishga to‘g‘ri keladi. Oyoq qalay?
Yigit indamadi. Ancha jim yotgandan keyin zo‘r bilan sal yonboshlab paxtaligini yechib buklab, orqasiga qo‘ydi-da, devorga suyanibroq o‘tirib, mo‘mataloq bo‘lib ketgan boldiriga qaradi. Oyoqni qimirlatolmadi.
—    Sinmagan deyapsizmi? Nazarimda majaqlanib ketganga o‘xshaydi.
—    Singan bo‘lsa hozir men bilan gaplashib o‘tirarmidishgiz, birodar. Og‘rig‘iga chidolmay, devorga tirmashardingiz, ha. Mayishib, qon uyushib qolgan, qorayib ketganini ko‘rmaysizmi? Otingiz nimadi?
—    Ochil, Sizniki-chi?
—    Xolxo‘ja. Shu uydanmisiz?
—    Oltinchi qavatdan.
—    Xayriyat,— devordi Xolxo‘ja. Ochil, oyog‘i bilan ovora, eshitmadi.
Shu uydan! Shu uydan ekan bu sho‘ring qurg‘ur! Hoy, buki emas, o‘zingni o‘limdan qutqazibsan, Hol. Buni albatta qidirishadi, yerto‘lani kavlashadi!
Yuragida umid uchqunladi.
—    Nima dedingiz?
—    Meni bu uyda hech kim bilmaydi... deyapman. Baxtsiz tasodif bilan kelib qolgandim...
Odamni o‘limdan qutqazish bu qadar quvonchli bo‘lishini bilmas ekan. Yaradorga yordam berish taraddudiga tushdi.
—    Xizmat bo‘lmasa, Xolxo‘ja aka, hov sandiqni ko‘rayapsizmi?
—    Sandiq?
—    Ha, ana, devorga suyab qo‘yilgan.
Xolxo‘ja qorong‘i burchakdagi axlat tashlanadigan qopqoqli taxta qutini ko‘rdi.
—    Ushanda chirpit... katta shisha bor. Olib kelsangiz.
Xolxo‘ja borib qopqoqni ko‘tardi. Sakkiz litrlik shishani topdi. «Sandiq»da yana allaqanday temir-tersak, egri-bugri, quvurlar, qog‘oz qopchiq, unda shakarmi, tag‘in bir nimalar bor edi. Og‘ir shishani ko‘ksiga bosib olib keldi, u to‘la emas, tubida nimadir chayqalar edi.
Ochil qo‘liga olib, po‘kagini ocharkan:
—    Samogon,— dedi iljayib. Xolxo‘ja hididan fahmlagan edi. Lekin:
—    Rostdanmi?—deb yana so‘radi,— chag‘irpazlik ham qilaman deng?
—    Shu la’natini deb tushgan edim bu qora go‘rga...
Noqulay jimlikni yana o‘zi buzdi.
—    Kuzya degan shopir og‘aynim o‘rgatgan. Men o‘zim shopirman-da. Bu... oson, men sizga aytsam. Shakar topilsa bo‘lgani,— shisha og‘zini hidlab, aftini jiyirdi,— juda zakonni bo‘ladi, «Stolichna»ngiz u yoqda
tursin.
— Kayfi zo‘rmi?
Ochil indayolmadi.
—    Hozircha oyoqdan bo‘lsa ham...— deb hazillashdi Xolxo‘ja. Ochil «ma’qul aytdingiz» deganday bosh irg‘ab qo‘ydi, u ko‘zini chirt yumib olgan edi. Spirt ta’sir qila boshladi chog‘i, birpasdan keyin yengil tortib, sherigiga iljaydi. Lekin bu iljayish tez so‘ndi.
Xolxo‘ja yonida tirik odam paydo bo‘lganiga quvonib ketib, hazil boshlaganidan o‘zini noqulay sezdi. Bu ahvolda hazil chindan ham gustohlikka o‘xshardi. Vaqtni so‘rab, Ochilda ham soat yo‘qligini bilgach, ko‘nglini yana vahima bosdi. Qancha vaqt o‘tdi, hozir tunmi-kunmi — ma’lum emas, taxminlab ham bo‘lmas edi. Yerto‘lada vahimani oshiradigan og‘ir jimlik.
—    Chiroqni o‘chiring-chi, balki biron joyda yoriqmi — tuynuk bordir,— dedi Ochil,— bo‘lmasligi mumkin emas. O’chiring.
Xolxo‘ja hozir chiroq ham o‘chsa, bu zimziyo jimlikka bardosh berolmasligini o‘ylab, sekin chiroq tomon yurdi. Lampani burab o‘chirdi-da, qo‘li kuydi, bu kichkina o‘t, jindakkina hayot manbai so‘nib qolishi mumkinligini o‘ylab, oyog‘i qaltirab ketdi.
—    Ochil...— dedi Xolxo‘ja yuragi toshib, — bormisiz?
Keyin beixtiyor chiroqni yana yoqib yubordi.
—    Dunyoga tuynuk bo‘lmasa ham, bir-birimizni ko‘rib turganimiz ma’qul,—dedi joyiga kelib o‘tirarkan. Qanaqa vaziyatga tushib qolganini endi astoydil idrok etgan Ochil betoqat edi, oyoq ikkinchi masala bo‘lib qoldi.
—    Hammayoqni aylandingizmi?
—    Ha... chor taraf— gum: tosh, beton, g‘isht, tuproq...
—    Menga bir tayoq topib bering.
Xolxo‘ja ivirsib yurib, bitta egri quvur bo‘lagini topib keldi.
—    Mana, tayoqda toy kuchi bor, deganlar, hakkalab yurib ketasiz.
Ochil turdi. Temirga tayanib, og‘riq oyog‘ini sudragancha uzoq burchakka qarab ketdi.
U endi yiqilgancha aylanadi, tentiraydi. Hammayoq-qa bosh uradi. Hammayoq devor. Umidning oxirgi uch qunini ham o‘chirib qaytadi.
Chindan shunday bo‘ldi. Lekin u bo‘kirib yig‘lab qaytib keldi: og‘riqdanmi, vahimadanmi — bilish qiyin edi.
Yo‘q! yo‘q! Ulib ketamiz! Kavlash kerak! O’tiraveradimi o‘limni kutib?!
—    Kavlash — o‘limning o‘zi. Qaer bosadi, qaer bosmaydi — ichkaridan turib bilib bo‘ladimi?
— Aniqlang, qimirlang, nimani kutyapmiz?
Ochilning ahvoli ayanchli edi, Bog‘langan oyog‘ini ham urib olganga o‘xshaydi: yuzi benihoya dardli.
Jim qoldilar. Birpasdan keyin Ochil zaif tovush bilan:
— Uzr...— deb qo‘ydi.
Yana jim qoldilar. Anchadan keyin Xolxo‘ja qarasa, sherigi uxlab qolibdi. Uyqumi, behushlikmi, ishqilib mayli, sho‘rlik orom olsin. Hozir Xolxo‘ja uchun u — butun bir dunyo. Shu bo‘lmasa jinni bo‘lib, ajalidan oldin o‘lib, yerto‘lada chirib ketishi aniq edi. Mana, gaplashib o‘tirishibdi. Yig‘ladi, jerikdi, uzr so‘radi, uxlayapti... Ajab, hayotda minglab, odam bilan yonma-yon yashaysan, bittasining sariq chaqalik qadri yo‘q. Boshiga tushmasa bilmas ekan bandasi.
Shu o‘ylar bilan o‘zi ham uyquga tolganini sezmay qolibdi... Ko‘z ochsa — atrof o‘sha-o‘sha, yarim o‘pirilgan shiftda sarg‘ish chiroq miltillab turibdi. Ro‘parasida Ochil unga tikilib o‘tiribdi.
—    Vaqt necha bo‘ldiykin?—dedi Xolxo‘ja xuddi o‘zi uyida uyqudan turgandek, beg‘am kerishib.
—    Vaqt?.. Kunmi-tunmi deng.
—    Vaqtni qorin ochishiga qarab bilsa bo‘ladi.
—    Meniki nuqul o‘n ikkiga borib quldiraydi,— deb hazin jilmaydi Ochil.
—    Meningcha, hozir ertalab soat o‘nlar bor-ov...
—    Qayoqdan bildingiz?
Men har kuni o‘nda bazada nonushta qilaman... Mana, hozir og‘zim suv ochayapti.
—    Magazinchimisiz, deyman?
—    Oziq-ovqat bazasida mudirman.
—    O... undoq bo‘lsa bu yerning taomi sizbop emas-ov...
—    Mana, samagon bizbop.
—    Och qorinni shilib ketadi, battar ochqaysiz.
—    Siz ichmaysizmi?
—    Biz shopirlar bunga o‘rgansak, ajalimizdan besh kun oldin...
— Bu yerda mashina haydamaysiz.
—    Baribir, o‘rganmaganman.
—    Buni o‘zingiz qilganmisiz, axir?
—    Sotishga... Hozir bilasiz-ku, magazinlaringda an-qoning urug‘i bo‘lib ketdi bu sabil. Mana buni...— chirpitni chayqab qo‘ydi. Ochil,— yigirma beshga olyapti shishasini.
—    Quyqasini qalqitdingiz. Ha mayli, bo‘tanasi qorinni ham to‘yg‘azadi.
—    Menga qanddan ola keling, aka.
Xolxo‘ja borib, «sandiq»dagi qog‘oz xaltani ko‘tarib keldi.
—    Zakuskaga yaraydimi?— so‘radi Xol.
—    Yo‘q.
—    Nega, bu ham shundan bo‘lgan-ku, qarindoshi bilan yig‘lab ko‘rishmaydimi?
—    Yo‘q, ko‘nglingiz aynib, kecha yegan noz-ne’matlaringizni ham qayt qilib tashlaysiz.
—    Bu gapingiz ham to‘g‘ri...— dedi Xolxo‘ja, suv aralashgan sutdek oqarinqirab turgan shishaga qarab. Ichkisi kelar, xavotiri ham bor edi.
—    Mayli bo‘lmasa, siz kayf qiling, men qand yalayman. Tomoq tomoq emas, tomoqdan o‘tgani tomoq.
U yaladi. Bu ichdi.
—    ... Kayf, qand... Itni kunini ham chiroyli gap bilan bejasa bo‘ladi-ya, qarang,— dedi Xolxo‘ja tomog‘ini kuydirib o‘tgan chag‘irning qo‘lansa hididan aftini burishtirarkan.
«Itning kuni» degan so‘zlar ikkalasiga ham chorasiz ahvollarini yana eslatdi. Ularni qilday umid ushlab turar, dam-badam uzoq jim qolib, tiq etgan sadoga ilhaq, tepaga qarar, quloq osar edilar. U yerda esa mudhish jimlik. Juda qalin qatlamlar ostida ko‘milib qolishgan shekilli.
—    Nima bo‘ldi endi, sizningcha, hozir tunmi-kunmi?
—    Hayronman. Bordiyu kun bo‘lsa, tepada biron narsa taq etardi axir ...Siz bilan bizga bu yog‘i hamishalik tun bo‘lmasa deb qo‘rqaman...
Ochil yalt etib qarab «yoqangga yopishsin!» devorishiga sal qoldi.
—    Nafasni sovuq qilmang, aka...— dedi keyin xomush. Xolxo‘janing kayfiyati unga ham ta’sir qila
boshladi.
Xolxo‘ja bo‘lsa, o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmayapti. Kecha shishaning og‘zidan ichilgan uch-to‘rt qultum samogon uni ezib yuborgan edi. Xumoriga qultillatib yana xo‘pladi.
Ochil o‘zini undan ko‘ra tadbirkorroq hisoblardi: u kam gapirib, kam harakat qilib, oz-ozdan shakar yalab, ko‘proq uxlab, kuch saqlaydi. Bu yerda qancha yotishlari hali ma’lum emas.
Sherigi esa, chidami tez tugab, o‘zini-o‘zi yeb qo‘yyapti. G’azablanib, ko‘p gapiradi, yana ichib qo‘yadi-da, battar eziladi, tashnalikdan nolib zang bosgan quvurlardan tomayotgan iliq suvdan ichib keladi. Ochil o‘sha quvurning tagiga tunuka idish qo‘yib keldi — suv yig‘ilib, sovib, tinib turadi.
—    Oling bundan, birodar, kayf bilan vaqt o‘tganini bilmaysiz,— dedi Xolxo‘ja. Uzi molday shimirib, uchib qoldi. Shundan keyin yetti-sakkiz soat uxladi. Ochil bo‘lsa, uning xurragini tinglab, «shift»ga
qarab yotarkan, behosdan ko‘ngli buzilib, yuzini yengi bilan to‘sib yig‘ladi. Charchagach, uyquta ketdi.
Uyg‘onsa, barakalla-e, xurrak hali-hamon davom etardi. Uxlash albata, yaxshi, kuch g‘animat. Ammo Ochilni borgan sari vahima bosyapti, qancha vaqt, necha kun o‘tdi — ma’lum emas: yuqorida nima gap, ularni hech kim esladimi o‘zi? Qidiruvchilarning sharpasi ham sezilmaydi, nahotki mana bu sho‘ring qurg‘urning sovuq gapi to‘g‘ri chiqib...
Xolxo‘ja qimirladi, bosinqirab, baqirib uyg‘ondi-da, Ochilga olayib qarab, bo‘kirib yig‘lab yubordi. Ovozi xunuk edi. Ochil tasalliga bir nima deyolmadi. Sherigini hiqichoq tutib, tinchib qoldi.
—    Tuzukmisiz?
—    Tushimda... bo‘rilar qurshab olganmish. Tushning teskarisi bo‘ladi deyishadi, ishqilib...
—    Yo‘q, aka,— dedi Ochil, bilag‘onligi tutib,— Azroilning bir turqi — bo‘ri ekak. Eshitmaganmisiz?
Xolxo‘ja indamadi. Ochil ehtiyotsiz gapirib qo‘yganini sezib, tilini tishlab qoldi. Qeyinroq Xolxo‘ja suv ichgani borganida yurishndan bilindiki, darmoni tugayapti. Suvni tunukasi bilan ko‘tarib kelib, yoniga qo‘ydi. Bu ishi ham to‘g‘ri: har safar borib kelish uchun majol kerak, shu yerda tursa, chanqaganda og‘iz ho‘llab turilaveradi. Suv yo‘g‘ida tayammum, degan mashoyixlar.
Kunmi-tunmi degan bahs ham tugadi. Buni endi uyqu bosishiga qarab ham aniqlab bo‘lmaydi — uyqu vaqti ham chalkashib ketdi. Xolxo‘ja bo‘lsa, hamisha shirakayf, uyqusirab yotganiyotgan. Vaqtni qorin ochishiga qarab ham aniqlab bo‘lmaydi — ochlik ichni tatalab, umurtqani so‘rib, tinkani qurityapti. Ovqat haqida gap ochishga jur’at yo‘q, bir-birlaridan ko‘zlarini olib qochishadi. Umid ipi borgan sari ingichka tortib ketayotganini sezadilar. Dildagi ro‘y-rost gapni aytishdan qo‘rqib, soatlab g‘iq etmay o‘tiradilar.
Sherigi yana ichib uxlab qolganida Ochil o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmaydi. Xolxo‘ja och qoringa ko‘p ichyapti, bir kor-hol bo‘lib qolmasa edi. Ochil anglab yetdiki, yoningda issiq jon bo‘lmasa jon saqlash mushkul.
Bir safar Xolxo‘ja uyg‘ondi-yu, juda uzoq jim yotdi.
—    Aka,— dedi Ochil xavotir olib,— nimalarni o‘ylayapsiz?
Xolxo‘ja yana ancha o‘ylaganidan keyin tilga kirdi:
—    Shu... bir xayol kalladan ketmayapti. Xuddi changak solib yopishib olgan...
—    Nima ekan u?
—    O’zing haqingdagi yomon gapni birovlarga gapiraverma, derdilar dadam rahmatlik. Bir chekkasi— bu ham to‘g‘ri. Yomon gapni ichingda saqlab, go‘ringga olib ketganing ma’qul. Dunyoda sening to‘g‘ringda faqat yaxshi gap qolishi kerak. Yomondan odamlarga nima naf, to‘g‘rimi?
—    To‘g‘ri.
—    To‘g‘ri-yu, lekin hamma yomonlikka shu dunyoda o‘rgandik, shu yerda orttirdik barini. Odam bolasi dunyoga sof keladi, bu yerda orttirgan jamiki qabihliklarini, jinoyatu pastkashliklarini tashlab, sof ketishi kerak emasmi?
—    Bu gapingiz to‘g‘ri. Tirikchilik — asli tirriqchilik. U dunyoga ishonmaydi-da ko‘plar. Shuning uchun qo‘rq-may kirdikorini qilaveradi.
—    Boqiy dunyoning borligi uning ostonasiga kelganimizdagina yodimizga tushadi. Inson uning borligiga bir umr iymon keltirsa, kaptar kelib quzg‘un ketmasdi...
Kelsa gumon — ketar iymon, degani shundan-da.
—    ... o‘ligimiz shu yerda qolib ketishiga ko‘zim yetib qoldi, birodar.
— Unday demang, aka.
—    Sizni bilmayman-u, men... Gapirishga holim borida quloq soling...
Ochil bo‘shashib ketdi, oyog‘ini sudrab unga yaqinrok siljidi. Xolxo‘janing ovozi bazo‘r eshitilardi, nafasi tez, chindan ham...
—    Aytganingizday, darhaqiqat,— deya uni chalg‘itmoqchi bo‘ldi.
—    Endigina mol, bilim, hunar, tajriba to‘plaganing ... barini birdan... olib ketganing yomon ekan...
—    Dunyo yig‘ib netarsan — bir kun tashlab ketarsan. Bunisi mayli, lekin gunohni olib ketma.
—    Ha... Qisqa umrimizda shuncha gunoh! Ming yil yashasak nima bo‘lardikin? Dahshat!
—    Yosh ekansiz — bilmaysiz: hayot o‘limdan yomonroq. Men ne vaqtdan beri shuni o‘ylab, boshim yorilay deyapti. Hayot zararli, odam shundan o‘ladi asli. Ammo-lekin dorilbaqo... ostonasida turgan kishi uchun fanoning o‘zi ham, u tug‘dirgan mudhish gunohlar ham hech nima emas. Faqat ularni dunyoga tashlab ketish kerak.
Ochil avval uni alahlayapti deb ham o‘yladi. Lekin qarasa, gapni o‘ziga yarasha mantiq bilan olib ketyapti. Ovozi zo‘rg‘a eshitiladi, nafasi bo‘linib-bo‘linib chiqadi-yu, lekin gapida jon bor.
— Tashlab ketib bo‘lar ekanmi...— dedi Ochil, esankirab.
—    Bo‘ladi,— dedi Xolxo‘ja.— Kimgadyr yorilish kerak. Yoriladiganing bo‘lmasa yomon, ichingda ketadi. Xayriyat, mana...
— To‘g‘ri, aka, odam odamning dardini oladi. Jon jonga quvvat.
Xolxo‘ja charchab, jimib qoldi. Ochil, o‘lim oldidan odam ortida qoladiganlarni o‘ylasa kerak, deb yurardi. yo‘q inson hamon o‘zini o‘ylarkan. Unga yorilmoqchi bir gunohi azim tilkalayapti ko‘ksini. Shuni «tashlab», «soflanib», ketmoqchi. Shundan yengil tortsa, mayli lekin ulgurarmikin?
—    Qanddan yalang aka, darmon bo‘ladi.
—    Yo‘q, endi foydasiz... Siz quloq tuting,— Xolxo‘ja nafas rostlab, gap boshladi.— Bir begunohni o‘n besh yilga qamatib yuborganman, birodar.
—    Yopiray, qandoq?
—    Yolg‘on guvohlik berib. Buni men bilamanu, mana, endi siz bilyapsiz.
—    Men bilmayman, aka,—dedi Ochil kapalagi uchib.
—    Hozir gapirib beraman.— Xolxo‘ja tunukadagi suvdan kaftiga olib, lablarini namladi.— O’n yil avval oziq-ovqat bazasida hammol edim. Tolzordagi magazin mudiri Haydarov bilan o‘sha yerda tanishganman. Qo‘ynimga u-bu qistirar, men uning mashinasiga benavbat yuk ortib berardim. Keyin shu odam, baraka topkur, qog‘ozlarimni to‘g‘rilab, ispolkomda uy-joy olishim uchun navbatga qo‘ydi. O’zim joyi jannatda bo‘lgur Mastura kampirning hujrasida ijarada turardim-da...
Xolxo‘ja nafasini rostlab olib, davom etdi:
—    Uch yil kutdim, to‘rt yil kutdim, navbat tegmadi. Qishloqda va’dalashgan qaylig‘im bor, Sarviniso degan... Orzularimiz ushalmadi. Rejalar barbod bo‘lganidan alamzada bir holatda yurganimda, hujramga Salim so‘poq kirib keldi. Yonida qora chopon kiygan turqi sovuq bir barzangi. Boshi sapchadek, peshanasi do‘ng. Salim so‘poqni bazaning yerto‘lasida, bir ulfatning maishatida ko‘rgan edim. U-bu buyurishgan, xizmatlarini qilganman. So‘poq bo‘lsa ham g‘o‘daygan: boyvachcha, odamni bir tiyinga olmaydi, u ham qaysi bir gastronomning mudiri.
—    Voy-bo‘-o‘... Shu katalakda turibsanmi, kalamush ham bordir?—dedi hujrani ko‘zdan kechirib. Keyin darcha yoniga bordi-da, birdan gapni boshqa yoqqa burdi:
—    Haydarovni yaxshi bilasan-a?
—    Ha...— dedim.
—    Uzoqdan ham, qadam olishidan tanisang kerak? Hov anovi darvozaxonaga kirib ketsa, shu darchadan turib taniysanmi?
He yo‘q, be yo‘q, nima deyapti o‘zi? Garangsib turaverdim.
—    Taniysan, taniysan, qani beri kel-chi. Borib, darchadan ko‘chaga qaradim.
—    Darvozaxonani ko‘ryapsanmi?
—    Ha.
— Haydarov shu yerga kirib ketdi deylik, albatta tanib olasan, a?
—    H-ha...— deb yelkamni qisdim.
—    Endi quloq sol: ertaga, kech soat oltida Haydarov kelib o‘sha darvozaga kirib ketadi,— dedi u dona-dona qilib.— Sen uni «tanib» qolasan. Nima qilib yuribdi bemahalda, deb o‘ylab ham qo‘yasan ichingda.
—    E... a... kelmasa-chi?
Hozirgacha tund, bezabon bo‘lib o‘tirgan qora chopon tilga kirdi:
— Kelmasa ham tanib qolasan.
Uning tovushidan vujudimga titroq yugurdi. Bu vaqt So‘poq qo‘ltig‘imdan tutib, to‘rga olib o‘tdi-da, stolga bir qog‘oz tashladi.
— Ol, bu senga.
Olib, ancha tikilgandan keyin bildimki, uch xonalik uy-joyga order ekan. Mening nomimga yozilibdi. Endi bularning niyatiga tushunib qoldim.
—    Qachongacha bu katakda o‘tirasan.— Shang‘illadi So‘poq,— istasang ertagayoq ko‘chib bor, shaharning qoq markazida...
—    Yolg‘on guvohlik...
—    Nima yolg‘on? Ko‘rding — taniding, vassolom. Tergovchiga ham, sudga ham javob shu — bir og‘iz gap, Sendan boshqa hech narsa talab qilinmaydi.
—    Sen xolis guvohsan, tushundingmi?—dedi qora chopon, o‘rnidan turib.
—    Ha, aytganday,— So‘poq cho‘ntagini kavladi.— Mana bu... mana bu «Gaz-24»ga chaqiruv qog‘ozi. Avtomagazindan. Sening nomingga yozilgan, ko‘rdingmi? Buni suddan keyin borib olasan,— deb qog‘ozni qaytib cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
— Buni nima qilaman? Pulim yo‘q meni.
—    Bo‘ladi, hammasi bo‘ladi, — dedi iljayib yelkamga qoqarkan.
Jo‘nab qolishdi. Faqat qora chopon kiygan barzangi ostonada turib, yana o‘dag‘ayladi:
—    Ertaga, kech soat oltida. Ko‘rding, taniding, ichingda hayron bo‘lib o‘ylab ham qo‘yding.
U yerga qarab, kesib gapirdi. Tovushida «Endi ishimizga sheriksan, bilib qo‘y!» degan tahdid bor edi. Shunday qilib, oldindan tayinlangan guvoh bo‘ldim-qoldim. Qaltiroq qo‘limda orderni ushlagancha karaxt bo‘lib kechgacha o‘tiribman. Usha kechasi uxlaganim yo‘q. Ming xayolga bordim. Ahli rahmon bilan nafsi shayton tapir-tupur olishar edi ichimda. Biri: darrov yirtib tashla, yovg‘on oshing,— beg‘alva boshing, deb turibdi; biri bo‘lsa: hoy, omading kelib turibdi, bola. Uch xona, 46 kvadrat metr. Sarviniso hayt desang uchib keladigan, odamga o‘xshab yasha sen ham... deydi. Menga qarang, birodar, bu So‘poq odam emas, odam qiyofasidagi shaytoni la’in edi, meni yo‘ldan urdi o‘sha kechasi, mana Xudo guvoh...— deya nochor qo‘llarini yoydi Xolxo‘ja sherigiga qarab. Go‘yo Ochil uni hozir hamma gunohlaridan mosuvo qiladiganday.
—    Ha, qizilni ko‘rib Xizr yo‘ldan ozgan ekan. Keyinchi, keyin nima bo‘ldi,— dedi Ochil shoshib.
—    Ertasiga kechasi... o‘sha darvozaxonadan o‘lik chiqdi,— dedi Xolxo‘ja.
—    Birov o‘ldirib ketibdi. Qiy-chuv, milisa, «tez yordam:», yig‘i-sig‘i... Men u odamni tanimas edim... Tergovda Salim so‘poq tayinlagan gapni aytdim men no-mard. Haydarovni darchadan ko‘rdim, dedim, soat oltida dedim. Vaqtni qayoqdan bildingiz, deb so‘radi. Soatga qaragan edim, dedim. Qanaqa soat deb qolsa bormi, xonumonim kuyardi. Chunki uyimda soat-poat yo‘q, qartaga yutqazganman... Xudo nomardni ham asrab qolarkan, qarang.
—    Bandasining o‘ziga qo‘yib beradi-da.
—    O’zim... O’zim qildim hammasini. Omaddan rag‘batlanib, sudda ham tap tortmay guvohlik berdim. Boshqa dalillar ham bor ekan shekilli, Haydarov sho‘ring qurg‘ur, qotil sifatida o‘n besh yilga... «O’ziga qo‘yib beradi» deysiz-u, lekin... mana, o‘sha begunohning qarg‘ishiga uchrab o‘tiribman.
—    Zato u dunyoligingizni yengillatdingiz menga yorilib... Xo‘sh, keyin-chi, keyin nima bo‘ldi?
—    Ikki oydan keyin Salim so‘poqning haligi tund barzangisi mashinaning qog‘ozini ham olib kelib berdi. Bir olgan madad, ikki olgan — odat, buni ham ol-dim. Endi nima talab qilar ekan deb uyqum qochib yursam... yo‘q, tinchib ketdi. Qaytaga, o‘sha o‘zim yuk tashib yurgan oziq-ovqat bazasiga mudir qilib qo‘yishdi, eski mudirni bo‘lsa Haydarovning o‘rniga ko‘tarishdi. Yog‘liq joy emasmi, ko‘p o‘tmay mashinaga ham qurbim yetib qoldi... So‘poq har ko‘rganda yelkamga qoqadi: «Amerikadan nima kam joyimiz bor: u yerda lyuboy hammol prezidentlikkacha ko‘tarilishi mumkin!» deydi kulib. Biroz dam olib, labini ho‘lladi-da, uzuq-yuluq qilib davom ztdi. Darmoni qurib borardi.
—    Lekin Salim so‘poqning menga hushyor bo‘lib, kuzatib yurishini bilardim. Birovning qaramog‘ida yashash... hech kimga nasib qilmasin. U mening mirimdan-sirimgacha biladi, men esa uni bilmayman: kimning xizmatida, pulni qayoqdan oladi, anov sho‘rlikning o‘limi nega kerak edi, qotil kim... So‘poq doim ko‘z o‘ngimda, goh uzoqdan ko‘raman, goh ro‘paramdan chiqadi. Mushuk bilan sichqonday «inoq» bo‘lib ketdik. Bir yil o‘tmay, tog‘ etagidagi jilg‘a sohilidan chorbog‘ ham to‘g‘rilab berdi, qariyb tekin.
—    Chakki emas, tagingizda «Volga», suv bo‘yida chorbog‘, uch xonali kvartir, yonginangizda Sarviniso...
—    13, Sarvinisoni allaqachon esdan chiqarib yuborganmiz. Boyigan saring sarvinisolar ko‘payaverarkan. Bu yerto‘lada tiriklay ko‘milib yotishim ham o‘shalardan birining kasofati. Badbaxt bo‘lmasam shu baloliq kunda kelamanmi? Qishloqdagisining qarg‘ishiga yo‘liqdim...
Xolxo‘ja majoldan qoldi. Uni ovutish, chalg‘itish, tushkunlikka tushushiga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Ochil uchun o‘lik yonida yotish... Unday desa, o‘zining ham sillasi qurib, qandga ko‘zi tushsa oq kafanni ko‘rganday junjikib ketyapti. Shunday bo‘lsa ham har zamonda ko‘zini chirt yumib yalab qo‘yadi. O’lgisi yo‘q.
—    Qo‘yavermang, aka. Bu sinovdan o‘tolgan odamning o‘zi yo‘q.
—    Qanaqa sinov?
—    Shu dunyoda, Xudo bandani bu dunyoga uning iymonini sinash uchun yuborar ekan. Gunoh desangiz bizda ham to‘lib-toshib yotibdi. Mana yorildingiz — yengil tortdingiz. Zora xudoning qahri ham qittak yumshasa...
—    Haq gap aytdingiz. Ancha yengil tortdim, qarang.
Bu so‘zdan so‘ng Ochil ham uzoq, azobli xayolga toldi.
—    Sizda nima gunoh bo‘lardi, yoshsiz...— dedi Xolxo‘ja yana tilga kirib.— Gunohga sho‘ng‘ish pallangiz
endi kel...— u gapini bo‘lib, ovozini pasaytirdi,— bu dunyodan yosh ketgan ham ma’qul ekan.
Ochil gapning oxirini eshitmadi chog‘i.
—    E, unday demang, aka, yoshlikning o‘zi turgan-bitgani gunoh, men sizga aytsam. Bo‘lmasa men, takasaltang, xo‘jayinning oyimchasini ezg‘ilab yurarmidim!
—    Qanaqa xo‘jayin?
—    Katta xo‘jayin-da. 
—     Siz...
—    Ha, o‘shani olib yuraman. Bizning viloyatimizga kelishdan oldinroq xotini qazo qilgan ekan. Ikki yil avval yigirma yashar dirkillamasiga uylandi. Jannatxon degan. To‘ydan oldin ham xo‘jayinni uniqiga, uni xo‘jayinning chorbog‘iga oborib-obkelib yurardim. Ketvorgan, men sizga aytsam. Odamga o‘g‘rincha qaraydi. To‘ydan keyin, ham bozorga, atelega oborib yurdim. Mashina chaqirmagan kuni yo‘q. «Xo‘jayin, aravani yuboring» deb ertalabdan telefon qoqadi, nozanin. Bizning xo‘jayin ham ovoziga erib, «Jon» deydi-da, meni yuboradi. Bir marta men ham haddim sig‘ib, xo‘p bo‘ladi, jon, deya hazillashib qo‘yibman. Hafa bo‘lish u yoqda tursin, xaxolab, quchoqlab olishga bir bahya qoldi. Yoqdi, qarang. Men uni mashina minishga ishqiboz ekan desam, yo‘q, meni ko‘z ostiga olgan ekan, mochag‘ar. Bir kuni xoli topib, kabinada chippa yopishdi. «Hoy, xo‘jayindan qo‘rqmaysizmi?» desam, «xo‘jayishshgiz o‘lsin», deb battar suykaldi. Nima deysiz, endi, yigitchilik, bo‘shashdik...
Bari shundan boshlandi, aka, xudo guzoh. Xotin kishi ayyor, tadbirkor bo‘larkan, ikki kunning birida xoli topib keladi, kutilmagan joyda qo‘lga tushiradi, kuppa-kunduzi tap tortmay ko‘ksini ochadi. Xo‘jayindan xavotirdaman, desam «E, qo‘ying o‘sha xo‘jayiningizni», deb qo‘l siltaydi. Men ham yo‘q deyolmayman. Uch yildan beri ahvol shu. Uning nozu ehtiroslarini ko‘rsangiz siz ham yo‘q demasdingiz, aka.
Xolxo‘jaga sal jon kirganday, ingrab yonboshiga ag‘darildi.
—    Sizning gunohingiz menikiga qaraganda holva ekan. E, gunoh emas, savob-ku bu, birodar.
—    Unday demaang, aka. Bizning xo‘jayinni bilmay-siz. Ilgarigi xotinini rashk vajidan o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirgan, degan mish-mishlar bor. Sezib qolsa, bormi, bunisi ham juvonmarg bo‘ladi, meni bo‘lsa bir kun emas bir kun «tasodifan» mashina bosib ketadi-ya. Zo‘rniki tegirmon yurgizar ekan. Jonim qilning uchida turibdi, men sizga aytsam. Sirimni bitta sizga aytdim...
—    Boshqaga... aytmaysiz xam.
—    A?
— Yengil tortdingizmi axir? 
—    H... ha, aytdim-qo‘ydim-da endi, baribir emasmi. Bir boshga bir o‘lim. Jon bor joyda qazo bor.
—    O’lim haq. Poklanib borish kerak. Parvardigorning oldiga...— dedi-yu, Xolxo‘ja shilq etib chalqamcha tushdi.
—    Aka, aka! Sizga nima bo‘ldi, mazangiz yo‘qmi?
Xolxo‘ja indamadi.Turtkilab-tortqilasa ham o‘likday yotaverdi. Ochilning o‘zi ham bazo‘r qo‘l uzatib, qolgan quyqa suvni ichib yubordi, tunuka zangi och qorinni qirib o‘tdi.
—    Ak-ka...— deb, u ham tinchib qoldi. Anchadan keyin qulog‘iga bo‘g‘iq bir gumburlash eshitilganday bo‘ldi. Ko‘zini ochib qarasa, hech gap yo‘q, o‘sha-o‘sha mash’um jimlik. Bari ochlikdan. Bunday holatda birovning ko‘ziga bir nimalar ko‘rinadi, birovning qulog‘iga g‘alati sadolar eshitiladi. Lekin Ochilning hali esi joyida. Umid bilan uzoq quloq solib yotib, ko‘zi ketib qolibdi.
Uyg‘onganida ko‘rsa, ikkalalari ham cho‘zilib yotishibdi. Ochil bunga chetdan ko‘rayotgan uchinchi kishiday qaradi. Vaqt o‘tib, ularning o‘ligini toigan odamlar mana shunday tikilishsa kerak...
Bunday o‘ylar Ochilning darmonini tamomila quritadigan. Sherigini vahima bilan, hushiga keltirdi.
Xolxo‘ja o‘ziga keldi-yu, ko‘ziga Ochil bir ko‘lanka bo‘lib ko‘rindi shekilli, ma’nosiz boqdi.
—    M.enga qarang, bir nima gumburladi... Siz ham eshitdingizmi?
Xolxo‘ja yana indamadi, ko‘zlari yumildi. U keyingi vaqtda tez-tez hushidan ketadigan odat chiqargan edi. Ochil har safar vahimaga tushadi joni uzilmadimi?! U ketsa xuddi Ochilni ham o‘zi bilan olib ketadiganday tuyulardi...
Endi ular kamdan-kam gaplashadilar, so‘z qotishga majol yo‘q. Buning ustiga, biri o‘ziga kelsa, biri behush yotgan bo‘ladi. Har zamonda zaif ingrash bilan bir-birlaridan xabar oladilar. Goho esa ikkalasi baravariga hushdan ketib, uzoq yotishadi. Qancha vaqt o‘tdi, kim tirik, kim o‘lik — ma’lum emas.
Xolxo‘ja iliq bir to‘lqinda chayqalib uyg‘ondi. Ko‘zini ochib qarasa, atrof yorug‘; oppoq kiyimdagi bir ayol labiga qoshiq tutyapti. Yo‘q, u dunyo emas, mana, og‘zida sut ta’mi sezilib tamshandi. Qaerdandir, ming‘ir-ming‘ir gap eshitildi. Nahot bari kechirganlari dahshatli tush bo‘lsa?! Ayol qoshiqni yana tutdi, shirgurunchmi, manni kashami, ishqilib sut ta’mi, biram mazali! Yana so‘raganday, yutinib tikildi ayolga.
—    Shoshmang, oz-ozdan...— dedi ayol. Ovozi ham mayin.
—    Ochil...— dedi negadir Xolxo‘ja. Nimaga Ochil dedi bilmaydi.
—    Sherigingizmi?—deb so‘radi ayol, bemorning tilga kirganiga quvonib.— U kishi ham tuzuk, xavotir olmasangiz ham bo‘ladi. Ancha tetik tortganidan keyin, uyidan kelib olib ketishdi.
Xolxo‘ja tushundiki, bu ayol — hamshira, bu joy — shifoxona. Demak.... ularni qutqazishgan, u dunyodan qaytarib olib kelishgan. Ikkinchi so‘zi —«rahmat» bo‘ldi. Hamshira jilmaydi. Bemor yana ko‘zini yumdi.
Biroq ko‘p o‘tmay uni boshqa hamshira uyg‘otdi.
—    Orom olganingiz yaxshi. Lekin ovqat yeyishingiz kerak,— dedi u ham qoshiq tutib. Bu safargisi tovuq
sho‘rva edi. Ustidan dori ichirdilar.
Taomlar bari shirin, mazali, ammo oz. Xolxo‘ja har safar hamshira ortidan tamshanib qarab qoladi. U tez oyoqqa turdi. Bemor ozib, cho‘p bo‘lib qolgan bo‘lsa ham ruhan tetik: tirik qolganining quvonchi endi qamradi vujudini. Boshdan kechirganini o‘ylasa, aqliga sig‘maydi. Birovga gapirib bersa, valloh ishonmas... Umrining bu yog‘i tekinga qolganini o‘ylab, bu yerdan chiqqanida hech qanday kayfu safoni rad etmay, tarallabedod qilib yashash rejalarini tuzardi.
Bunday kayfiyat ta’sirida tezda to‘lishib, ochko‘zligi ham yo‘qolib, mo‘l-mo‘l, to‘yib-to‘yib ovqat yeydigan bo‘lgach, unga javob berdilar.
Bazada ish ilgarigiday tiqilinch, yugur-yugur ko‘p. Tarallabedod qayoqda deysiz, tirikchilik uni yana o‘pqoniga tortib ketdi. Zilziladan keyin shahar sertashvish. Ko‘rganlarimni gapirib tugatolmasman, eshitib hamma hayratda yoqasini ushlar, meni avliyoday bilib, kelib ziyorat qilishar deb o‘ylagan Xolxo‘jani hech kim tuzukroq gapga ham solmadi. Hozir shaharda unaqalar ko‘p edi. U qayta kelgan dunyo ilgarigidan battar serg‘alva bo‘lib chiqdi. Xolxo‘janing navbatdagi omadidan kelgan quvonch ham asta-sekin suvga urdi.
Ish orasida Ochilni eslab qoladi. Uni topib, bir chaqchaqlashishga ham vaqt yo‘q. Qalay yuribdiykin?! Shofyorning «oyimcha» haqidagi gaplarini eslab, o‘zicha jilmayib qo‘yadi. Kunduzi eslab jilmayadi-yu, kechalari Ochilni nuqul o‘sha go‘rga o‘xshash mudhish yerto‘lada ko‘radi. Bu bir alomatga o‘xshar edi. O’shanday tushlardan birida bosinqirab uyg‘onarkan, kallasiga kutilmagan fikr kelib urildi: axir Ochil endilikda uning ma’shum sirini byaladigan birdan-bir odam-ku. Biror joyda og‘zidan gullab qo‘ysa, nima bo‘ladi? O’zingga sig‘gan sir o‘zgaga sig‘mas, deganlar. Xolxo‘ja uning changaliga tushgan bir bechoradek his qildi o‘zini.
Shundan keyin tushida ham, o‘ngida ham ko‘z oldiga Ochil kelaverdi. Goho o‘zini ovitib, «o‘libdimi...», deydi-yu yana mulohazaga tushadi. Bir tomondan u chindan ham baxtsizlikda topishgan qadrdoni, ikkinchi tomokdan... istagan vaqtida tutib berishi mumkin bo‘lgan, begona sirdosh. Nega begona? Uni topish, gaplashish kerak, ahvoli, kayfiyati qalay... Axir hali bemalol gurunglashgani yo‘q, uyini ham ko‘rmagan. Ochig‘i — tuzukroq tanish ham emas u bilan...
Bu so‘nggi fikr Xolxo‘jani yana notinch qildi. Kim biladi, balki og‘zi bo‘sh bir maqtanchoq mahmadonadir? Sirning og‘zi enlik, el qulog‘iga ellik, deganlar. Yerto‘lada o‘lish yo qolishdan bo‘lak gap o‘tgani yo‘q oralarida.
Bo‘rini yo‘qlasang, qulog‘i ko‘rinarkan. Og‘ir xayollardan qiynalib o‘tirganida, bir kuni Ochil o‘zi yo‘qlab keldi. Xolxo‘ja uni zo‘rg‘a tanidi. Yerto‘lada xonaki pijama ustidan kiyilgan isqirt paxtalikda ko‘rgan edi-da. Hozirgi bo‘lsa, egnida jigarrang charm kurtka, mo‘ylov yiltillatib taralgan, quyuq qora sochi peshonasini bosib tushgan, og‘zi qulog‘ida edi naynovning. Hukumat mashinasidan tushib, quloch yozdi, arzon atirni anqitib, qiyomatli do‘stday ko‘rishdi. Xolxo‘ja ham ko‘n-gildagi xavotir, shubha, vahimali o‘ylarni darrov unutib, bir umrlik qadrdonday quchoqlashdi. Qulishish, zslashishdan keyin Xolxo‘ja oldingi oynasi maymun, shayton, habashvachcha qiyofasidagi anvoyi tumorlar bilan bezatilgan mashinani imlab ko‘rsatdi:
—    Xo‘jayinnikimi?
—    Ha, Sizniki... yuribdimi g‘izillab? Bo‘lmasa ko‘rib beraman.
—    Yo‘q, tuzuk hozircha,— dedi Xolxo‘ja. Shundan ke-yin popugi pasayib, kulmay qo‘ydi. Mashinani eslashi bejizmasmikin?
Ochil, yo‘l-yo‘lakay to‘xtadim, deb shoshib turardi. Gapning bu yog‘i ancha sovudi. Ko‘ngillariga bir g‘uluv keldimi, shuncha sarguzashtni boshidan kechirgan odamlar gaplashgani gap topolmaganday, kutilmaganda suhbatni muxtasar qilishdi.
— Ko‘rishaylik axir, telefoningiz bormi?
Xolxo‘ja bazaning telefon nomerini berdi. U-bu kerak emasmi?» «Mashinaning kamchiligi bo‘lsa, ayting», deya bir-birlariga manzirat qilgan bo‘lishdi,"
—    Ko‘rishaylik.
—    Albatta.
Juda quyuq xayrlashgan bo‘lsalar ham, asosiy mavzu chetlatib o‘tilganligi, orada xatarli bir chigal qolganligini ikkalalari ham sezishdi. Ayniqsa Xolxo‘janing ko‘ngliga bu uchrashuv battar g‘uluv soldi, unda ilon-chayonday shubhalar yana g‘imirlab qoldi... Iljayishini qara. Hayosizga har kuni hayit. Ulfati — bezori shofyorlar, piyozning po‘sti ko‘p, yomonning — do‘sti. Kayfda gullab qo‘yishi hech gapmas. Otni tepmaydi dema, itni qopmaydi dema. Chillasi chiroq ko‘rmagan bu beg‘am aravakashda sir yotishi mahol. Uning ma’shum soyasi endi Xolxo‘jani o‘y-hayollarida ham, tushlarida ham ta’qib qilaveradilar. Bu yengiltak bir joyda gullab qo‘ysa — tamom... Uy-joy, mashinasi, chorbog‘i, bazasi — bular bari qora go‘rga. Haydarovning o‘rniga oborib tiqishlari ham hech gapmas. Qamoqda chiriydi. Turma desa sochining tomirigacha muzlab, hadiksirab yurgan Xolxo‘jaga bu — o‘limdan battar, undan ko‘ra o‘sha yerto‘lada ko‘milib ketgani maq’ul edi.
Yo‘q, u o‘limning og‘zidan qaytib keldi, hayoti qayta boshlandi, yana sho‘ng‘ishga to‘g‘ri keladi gunohlarga, jinoyatlarga. Yashash o‘zi shunaqa... bir dard ekan. Odam asli mana shundan o‘ladi...
Birovning qaramog‘ida yashash peshanamda bor ekan, deb nolir edi. Endi bo‘lsa uni xuddi azroil quvlab yurganday, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi, asablari, qaqshagan, uyqusida halovat yo‘q. Bazadagi ola-g‘ovur janjalli mashmashalar ham uni chalg‘itolmadi. Har zamonda qorong‘i burchakda o‘tirib ikki qo‘li bilan peshonasini siqar, kechalari tanini sharros ter bosib uyg‘onib ketar, cho‘michlab sovuq suv ichar edi. Uning mudhish siri qora jinoyati yuribdi odamlar orasida. Tasodifan... yo‘q, uning ochilmay qolishi tasodif bo‘lardi. Endi omadga ishonish qiyin. Ozodlikka chiqqan u sir sovun ko‘pigiday yer ustida omonat uchib yurarkan, Xolxo‘jaga kun yo‘q. Xurmachadan chiqqan bu jinni Xolning o‘zidan bo‘lak hech kim daf qilolmaydi. Qismat o‘z qo‘lida.
Shunday xayollarga bordiyu, nima demoqchi, nima qilmoqchi — o‘zi bilmaydi. Doimny xavfsirash, mash’um g‘uluv, asabiylik xayollarining tiniqishiga yo‘l qo‘ymayapti.
Aslida uni o‘z xo‘jayinining qo‘li bilan daf qilsa ham bo‘lardiku-ya. Borib chaqsa, ya’ni shofyoringiz undoq-mundoq... Ulguday rashkchi berahm degan edi... Lekin bunday qasdma-qasdiga ketsa, u ham jim turmaydi, Xolxo‘janing jinoyati og‘irroq, yutqazadi. So‘ngra, o‘z xotinini eplolmagan u hez «xo‘jayin»ning bir narsa qila olishiga ishonib bo‘ladimi?
Yo aksincha... u bilan oradan qil o‘tmaydigan do‘st tutish ham mumkin. Yaqin olib, o‘zini aka, echkisini taka deb... Lekin qachongacha? Oqboshdan o‘tin bo‘lmas, o‘ynashdan — xotin, deganday, bir kun emas bir kun baribir... Bir umr ko‘z o‘ngida baloyu qazo, hadik bilan yashagan odam og‘rimay o‘lar ekan. Pesning chekiga moxov tushsa, shunday bo‘ladi.
Kunlardan bir kun Ochil o‘zi telefonga chaqirib qoldi.
— Yo‘q bo‘lib ketdingizku!— dedi u. Ovozi baland, kayfi chog‘ edi.— Yuraverasizmi bazangizda, kalamushday ivirsib? Ertaga dam olish kuni dovonga chiqaylik. O’sha yerdagi restoranda oshnam bor, qimiz topib beradi. Okey? Bnr ishrat qilaylik, onasini... bu yog‘i tekinga qolgan-ku!
Xolxo‘ja bu kayfiyatga moslashmay, «bo‘pti», deb qo‘yaqoldi. Uning uchun dovonda, dam olish kuni degandan boshqa gaplar ma’nosiz edi, qulog‘iga kirmadi. Davonda... o‘zi chaqirib qolgani chakki bo‘lmadi, hali omad Xolni tark etmaydiganga o‘xshaydi.
Hali rejasi yo‘q, ammo Ochilning hovliqma tovushi qulog‘ida yangrar edi. Shang‘illamay o‘l, tirik qolishimni bilsam, men ahmoq, seni o‘limdan qutqararmidim? Bu yurishing uchun mendan qarzdorsan. Qarzni olish ham, berish ham... gunoh emas.
Ko‘cha xandon, xona giryon bo‘lib qoldi, Xolxo‘ja. Kechasi uyqu qochib, miyasi qizib ketadi. To‘xta-chi, kalamushday ivirsib, dedimi? Haziling yoqangdan olgur. Nimaga «kalamush?»
U o‘rnidan turib o‘tirdi. G’uvillagan boshini kaftlari orasiga oldi. To‘xta, Xol, hovliqma. Shoshgan ishga shayton oralaydi. Kalamush... o‘z og‘zidan chiqdi. Buni Xolxo‘ja o‘ylab topgani yo‘q. Uning o‘rnida bo‘lsa, har qanday kishi...
Xolxo‘ja qilmoqchi bo‘lgan ishidan ham ko‘ra o‘zini oqlashni o‘ylar, tasalli qidirar edi. Ochil ham jim turmas, axir. Bostirib bormasang — bosilib ketasan.
Shosha-pisha kiyinib, boradigan joyini hali, o‘zi ham bilmay, tashqariga chiqdi. Tong qorong‘usi, olashovur yomg‘ir yog‘ar edi. Ishxonasi tomon yurdi. Odatdagi yo‘li, lekin hozir — bemahalda uni bir qutqu yetaklab borar edi. Bazaning darvozasini ochib, oziq-ovqat saqlanadigan yerto‘laga tushdi. Tun bo‘yi dimlangan achimsiq va xush islar, omixta, unga tanish muhit... Ammo u kiriboq kursiga o‘tirdi, sekin yurib kelgan bo‘lsa ham nafasi tez edi. Nima qilyapti o‘zi?.. «Ha, olmoqning bermog‘i bor, yemoqning — qusmog‘i... Baribir, og‘riq tishning davosi — ombur».
Yana bir nimalarni shivirladi-yu, turib zax burchakka bordi. Bu yerda kalamushlarni yo‘qotish uchun saqlab qo‘yilgan kuchalami, margimushmi bor edi. Shisha bankada, og‘zi mahkam bog‘liq kichkina tsellofan xaltachalar, har birida bir chimdim bir chimdimdan kumush-rang kukun... Xolxo‘ja karaxt bir holatda, titroq qo‘li bilan birini oldi-da, qorong‘ida atrofga o‘g‘rincha alanglab qo‘yib, cho‘ntagiga tiqdi...
Dovon manzarasi so‘lim... Atrofni qurshagan qorli tog‘lar durbindagiday yaqin ko‘rinadi, yonbag‘irlarda o‘sgan yakkam-dukkam archalarni bir-bir sanasa bo‘ladi. Osmon dengizday tiniq, zangori rangda, havo siyrak, nafas yengil. Tansiqboev mashhur suratlarini shu yerda o‘tirib chizgan bo‘lsamikkin...
Restoran uchun joy tanlagan odamga ham qoyil qolish kerak. Ana, Ochil undan o‘z uyidan chiqqanday tirjayib chiqib keldi. Go‘yo u bilan birga chiqib kelganday, taom hidi aralash xushbo‘y tutun chulg‘andi. So‘rilardan narida o‘choq, doshqozonlar. Qo‘rada ko‘mir bilan saksovul qo‘r olgan edi.
Ko‘rishishgach, Ochil mehmonni restoran ichkarisidagi xosxonalardan biriga boshladi.
—    Aytib qo‘yay, ichmaymiz, ruldaman,— dedi Xolxo‘ja.
—    Ha, afsus... Ichsak, o‘zimnikidan olib kelardimu...
—    Qo‘ying, quyqa chag‘iringizni ko‘rgani ko‘zim yo‘q, shunday shirin havo turib... qarang, kayf qilyapti! Ana, kaboblar ham yurishibdi,— dedi Xolxo‘ja yonbag‘irlarda oq bulutday siljiyotgan qo‘y podalariga ko‘z tashlab.
—    Ha, asli tandir kabobga urinish kerak ekan-u... Ana, archa ham ko‘p... Lekin jigar qovuradigan bo‘ldik, tansiqroq, qarshi emasmisiz? Qimiz bilan dodlab ko‘rishadi.
—    Nimasini aytasiz!
Dasturxon tuzaldi. Ochilning taiishi ikki grafinda qimiz, kosalar keltirib qo‘ydi. Derazadan tog‘ manzarasi ko‘rinib turar, ilhombaxsh joy edi... «Omon qolganimizga!» dedi Ochil kosalarga qimiz ko‘pirtirib quyarkan. Ikki kosa ichishgandan keyin jigar kabobning hidi ishtahalarni qitiqlay boshladi.
— Qimiz yaxshi pishibdi,— dedi Xolxo‘ja,— kelgusi safar bizning chorbog‘da o‘tirishamiz. Manzarasi bundan qolishmaydi. U domlaring nima bo‘ldi?
—    Avariyni bo‘lib yotibdi. Buzib tashlaydi shekilli. Bizlarga yaxshi joy bergan, ko‘rsataman, endi
qiyomatlimiz-ku. Oling.
Yer tagida yotgan kunlarini negadir xotirlashmadi. «Yodingizdami», «Esingizdadir...» qilib bir ikki boshlashdi-yu, qimizning kayfi me’yorida edi shekilli, uncha «ichkari»ga kirishmadi. Gunohu tavba-tazarrularga «yaqinlashganlari» ham yo‘q. Ikkalasi ham, qayoqdagi gaplardan nari o‘tishmadi. Kabob kelganida esa, qimizbop xamir ovqatlar, ziraning hidli-hidsiz turlari, saksovulning nega tutunsiz yonishi singari ahamiyatsiz mavzulardagi quralash gap u yoqdan kirib bu yoqdan chiqib turdi. Grafinlar yana to‘ldirib kelindi, sovigan sixlar yangilandi.
Bir vaqt, yangi kabob dastasi kelganda Ochil shartta o‘rnidan turib, deraza tomonga baqirdi:
—    Hoy, xom-ku, bu!—dedi so‘kinib. Qeyin kabob sixlarini dastasi bilan ko‘tarib chiqib ketdi. Xolxo‘ja «kayfi oshibdi» degan o‘y bilan jilmayib, orqasidan qarab qoldi. Xuddi shu payt Ochilning lim to‘la kosasiga ko‘zi tushib, badani jimirlab ketdi.
...Borgan sari xavfli bo‘ladi bu — Ilon yuz yil yashasa ajdaho bo‘larkan... Hozir chiqib ketganini o‘zining navbatdagi omadi deb bilgan Xolxo‘ja bo‘shashdi-da, tashqaridagi mashmashaga bir zum quloq tutgach, tsellofan tugunchadagini qimizga atalab tashladi. Saqlansang saqlanasan, saqlanmasang o‘tga qoqlanasan...
Ochil ancha hayallab, keyin isqirt xalatli kabobpaz bilan birga kerilib kirib keldi. Choy-non, shakarob, qimiz, boshqa nem’atlar sochilib yotgan dasturxonga xush bo‘y taratib issiq kabob keldi.
—    Mana bu boshqa gap!—dedi Ochil qaynoq jigardan olib. Kabobpaz bo‘sh sixlarni yig‘ishtirib chiqib ketganidan keyin, Xolxo‘jaga ko‘zi tushdi.
—    Ha? Rangingiz o‘chgan?
—    Havo elitgan sizni, havosi zo‘r-da! Qarshi oling, chorasi shu.
Oldidagi qimizni dast ko‘tarib, og‘zini artdi-yu ovqatga urdi o‘zini.
— Bu yerning havosiga o‘rganish kerak. Balandlik-da. Havo siyrak. Lekin foydali.
—    Yo‘q... manga bo‘lmadi,— dedi Xolxo‘ja,— maza qochyapti.
Uning oqargan rangiga qarab, Ochil ishondi. Chindan ham yoqmadi bu xunasaga, jo‘nasa tezroq jo‘natib qo‘yaqolish kerak, quyosh ham og‘di.
Ular turdilar. bchil mehmonni mashinagacha kuzatib chiqdi.
—    Ehtiyot bo‘ling, yo‘l qiya. Yana uchrashamiz xudo xohlasa.
—    Rahmat, yaxshi o‘tirdik,— dedi Xolxo‘ja, eshikni ochib. «Endi Azroil bilan uchrashasan» dedi ichida. Tezroq jo‘nab qolishi kerak edi, gaz berdi. Salim so‘poqning tortig‘i zo‘r chiqdi, necha vaqtdan beri pand bermay g‘izillatib yuribdi, mana. Cho‘, jonivor!
Bekordan bekorga vujudi muzlab, qo‘li qaltirab ketayotgan Xolxo‘ja bu dovonni tezroq unutishga, o‘ziga dalda berishga urinar edi. Cho‘, jonivor! «Gaz-24» birpasda archali qoyaga yetib keldi, bu yog‘iga yo‘l keskin pastlab ketar edi.
Uning qo‘llari hamon qaltiraydi. Miyasida ham xuddi qovoq ari g‘ujg‘on o‘ynaydi... Qiziq... qanchada ta’sir qilarkin? Keyinroq... Kalamushni kuchala yegan joyidan ancha nariga borib tirishib qolganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Xolxo‘ja ikki barmog‘i bilan pesho-nasini siqib, boshini siltab tashladi: shularni o‘ylamaslikning iloji yo‘qmikin? Iloji... Iloji... bu... bu qanaqasi?! Tormoz bo‘shab qoptimi?!
Tormozning pedali xuddi singan qo‘lday shilq-shilq borib-kelar, ushlamas edi. Bu nimasi, haligina... Mashina qiyalikdan g‘izillab ketib borardi. Tezlik 160 ga yetdi. Xolxo‘janing qaltirog‘i ham tindi, butun es-hushi, asablari, vujudi bir tugunga tugilganday, o‘y-xayoli — omon qolish! Chapda tikka qoyatosh, o‘ng yoq — jarlik. Ro‘paradan tepaga chiqib kelayotgan mashina-larning biri «hurkib» o‘zini chetga olar, ba’zilari qo‘rqqanidan faralarini yoqib, uzun signal berib qolishar edi. Tezlik ko‘rsatkichi qizil chiziqdan o‘tdi. Xolxo‘ja ko‘zini yo‘ldan olishga qo‘rqar edi. Bu ketishda qaerga borib uriladi... urilish... yo‘q, portlab kul bo‘ladi. Ajabo, bu holatda miyasi ham xuddi uchib ketayotgan mashinaday ishlab turibdi. Xayoliga bir fnkr keldi: bu ablah Ochilning ishi! Dovonga atay chaqiri-shi ham bejiz emas. Hali bahona topib tashqariga chiqib ketganida... ancha hayallab qolganidan ko‘ngliga bir shubha oralovdi-ya... Ha, iflos. To‘xtab tur, o‘zing ham uzoqqa bormay tarashaday qotasan!
Mashina nishabga qarab o‘qday uchib borar, Xolxo‘ja endi taqdirga tan berib, o‘zini yo‘qota boshlagan edi. Shalabbo ter bosdi, bo‘shashdi, nima qilishini bilmaydi. Ochil gazandaga o‘xshash tajribali shofyor bo‘lganida-ku, bir chorasini topardi. Qo‘lidan darmon ketdi. Ro‘paradan yana mashinalar chiqib kelyapti. Yonidan lip-lip o‘tishadi. Shofyorlar vahimada nimalarnidnr baqirib qolishadi. Biri mashinasini orqaga qaytardi shekilli. Xolxo‘ja ko‘zguda unga qarayman deb, yo‘ldagi chog‘roqqnna toshni ko‘rmay qoldi. Tosh yelib kelayotgan mashinaning orqa g‘ildiragini jindak ko‘tarishi bilan... kabina shiftiga boshi bilan urilgan Xolxo‘janing zehnida mashinaning charxpalak bo‘lib jarga uchgani chaqnadi-yu, so‘ndi. Shundan keyin uchish ham, taraq-turuq urilishlar ham yo‘q, hamma narsa shunday sekinladiki... Xolxo‘janing o‘zi ham havoda soyaday asta suzib borib, tubsiz qorong‘ilikda go‘yo erib g‘oynb bo‘ldi.
U hushiga kelishi bilan aqli tiniqib, hamma voqealar birdaniga ko‘z o‘ngidan o‘tdi: dovon, Ochil, tormoz, uchib ketayotgan mashinaning charxpalak bo‘lib jarga ag‘darilishi... Ammo ko‘zini ochsa — zimziyo. Tun, qoq yarim tun... Yo tun emas, ko‘zdan qoldimi? Unday desa, ko‘zi emas, qaytaga boshi... Boshi qulog‘i aralash butunlay chirmab tashlangan, yod xidi anqib turibdi. Xolxo‘ja kasalxonada yotganini bu gal darhol tushundi. Demak, yana tirik. Lekin oyoq-qo‘lini qimirlatishga yurak dov bermasdn: kesib tashlagan bo‘lsa-ya. Barmoqlarini asta qimirlatib ko‘rdi, ammo oyoq... Bosh ko‘tarib qarashga yurak betlamadi.
Eshik g‘iyq etib, xonaga qiya shu’la tushdi. Hamshira kirib, derazaning og‘ir pardalarini surib qo‘ydi.
—    Ha, qahramon!—dedi u. Ovozi yoqimtoy ekan.
—    Qachon... olib kelishdi?
—    Utgan kuni.— Kampir ko‘rpa-yostiqni chaqqon-chaqqon tuzatib, uyoq-buyoqni yig‘ishtirarkan, o‘z bolasiga gapirayotganday yalinardi: — Endi ketib qolmagin, bolam. Mana joying yaxshi, qo‘shnilaring beozor. Kecha ikki marta hushingga keldingu odam tanimasdan yana... Mana, hozir ovqatlantiraman, dori beraman. Katta do‘xtir keladi. Mana bu matolaringni boshqatdan bog‘laydi. Bilaman, og‘riydi, bir baqirasan, ikki baqirasan, keyin tuzalib ketasan-da, bolam. Ko‘p ko‘rganmiz, bizga ham oson tutma, bari mana shu ichkilik tushmagurning kasofatidan.. . Xudoyim-ey, yosh-yosh bolalar...
Kampir mehribonu juda ezma ekan. Uning gapiga qaraganda, Xolxo‘janing qonidan ham alkogol asari topilibdi, shundan keyin, albatta, mashinasini tekshirishmagan ham. Xolxo‘ja kampirning bu xabarini eshitgandan keyin, boshqa javrashlariga quloq solmay qo‘ydi. Obbo, Ochil maraz-ey, shu joyda ham Xolxo‘jadan ayyorroq chiqdi: mayda-chuydagacha hisobga olibdi. Lekin qora niyati bilan ketdi—undan nari. Itning tilagi qabul bo‘lganda osmondan suyak yog‘ardi. It! Yotdan yorug‘lik, itdan — chorug‘lik chiqmas. Seni o‘limdan qutqazgan kim edi, it! Ko‘r bo‘l-noshukr bo‘lma!
Xolxo‘ja sog‘ayib chiqib ketishga astoydil qasd qil-di. Endi Ochil yo‘q (uning ko‘p o‘tmay kalamushday tirishib qotganiga amin), jin ko‘zachaga qayta qamaldi. Shuning uchun u og‘riqlarga tishini tishga bosib chidash berdi. Tushlarida o‘zini qiyalab uchib ketayotgan mashinada ko‘rib, baqirib uyg‘onar, yarasini bexos urib olib, uzoq siqtanar, azobli muolajalardan keyin orom topib uzoq uxlar, kechalari taxtakachga tortib osib qo‘yilgan oyog‘iga qarab xayol surardi: mana, endi yashaydi u! Shu vaqtgacha o‘tgan betayin umr umrmi? Endi uni ta’qib qilib, orqasidan yuradigan o‘lim ko‘lankasi yo‘q, ichidagi sir ichida, uni sirtga chiqaradigan ahmoq Xolxo‘ja o‘ldi. Avariyada o‘ldi. Yerto‘lada ko‘milib ketdi. Bu yotgan butunlay boshqa, dorilbaqoning ostonasidan ikki marta qaytib, es-hushini yig‘ib , olgan odam bu, ha. Bunday kayfiyat uning tezroq tuzalib ketishiga yordam berdi, albatta. Ikki hafta deganda unga qo‘ltiqtayoq berdilar. Hamshira kampirning «qahramon-qahramon» deb erkalashlari ham dalda bo‘lib, hakkalagancha yo‘lakka, hatto hovliga ham chiqadigan bo‘ldi.
Kasalxona katta. Daraxtzor hovlini qurshab olgan korpuslarning har biri o‘z nomi bilan: Xolxo‘ja yotgan joy ortopediya bo‘limi deb ataladi, ro‘parada — kardiologiya, o‘ngda — nevrologiya, hov narigi sarg‘ish korpus — toksikologiya bo‘limi. Asfalt yo‘lkalarning ikki yonida gulzorlar, yashil o‘rindiqlar, qisqasi, bemorlar uchun so‘lim sayrgoh.
Bugun Xolxo‘ja shu yo‘lkalardan birida qo‘ltiqtayoq bilan yurishni mashq qilib ketayotsa, za’faronday sarg‘ish o‘sha korpus tomondan bukchayganroq, rangi zahil bir odam yaqinlashib kelaverdi. Orada yetti-sakkiz qadam qolganda dovulga duch kelganday sekinladi, surrang pijama yengini ko‘ziga soyabon qildi; Xolxo‘ja ham to‘xtab, tayog‘iga suyanib qoldi.
Bir xil bemorlik jomasi kiygan bu ikki kishi, ikki shumshuk — it-mushuk, bu dunyoda bir-birlarini ko‘rmaslik uchun qolgan umrlarini berishga tayyor edilar. Oldinga bir qadam qo‘ymay, tikilib qolishdi. Uzoq juda uzoq tikilishdi. «YO rab, sen ham qaytdingmi, sen ham tirikmisan?» degan xitob bor edi ikkala-sining ham ko‘zlarida. «Bo‘lmasa, yerto‘ladagi gapni ovoza qilishni endi ko‘r!» der edi ikkalasi ham ichida. Va hamon tikilishar edi.
Ha, u ham tirik, bu ham tirik. Endi, to oxiratgacha ular bir-birlarini ta’qib qiladilar. Yana oldinda umr, yana hayot, yana gunoh, yana jinoyatlar... Azobli yo‘lni baribir bosib o‘tish kerak. Fanoda ham, Baqoda ham. Xudovand bir insonga ikki dunyoni berib qo‘yibdi. Ammo iymonni boy berganga ikkalasi ham harom ekan...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.