OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Insonga qulluq qiladurmen (hikoya)

«Dillarni yoq so‘zing bilan, payg‘ambar!»
A. Pushkin


Quyosh subh yoqasini chok etib, ko‘k maydonida jilva ko‘rguzgach, Sohibqiron Qur’oni karimni lavh ustiga qo‘ydilar. Kun saraton burjida edi, shiddati beadad. O’rda sahnida davlatpanohning oq chodirlari shukuhu as’asa ila charaqlab kunga yuz tutdi.
Shu mahal xirgohning ko‘rinishxona yo‘lagida soch-soqoli o‘siq, darvishona xirqa ustidan kumush fo‘ta bog‘lab unga esa tug‘ro bezagi taqqan bir kimsa paydo bo‘lib, mungli ko‘zlarini yerdan olmay, shohona ostonaga qarab o‘taverdi.  Chodirning davlatxona qanotida Sohibqironga ko‘rinish bermoq uchun muntazir o‘ltirgan kazo-kazo saltanat ustunlari, fuzaloyu ulamo, sipohsoloru no‘yonlar, xosu ra’iyadan kelgan kalontaru kadxudolar — biri hayratda, biri g‘azabda, noiloj qarab qoldilar. Belidagi darxonu tug‘ro nishonlari buning uchun huquq beradirkim, ul zot naqshinkor eshikni beijozat ochib, ichkariga yuz tutdi.
—    Shul nopok devona bila mahrami asror bo‘libdurlar, davlatpanoh,— deb nadomat qildi kimdir.
Yana birov mahzal ila kuldi:
—    Bir mahramlari kal Inoq, bir mahramlari bul ro‘dapokim, boshi kesilib ketmaganidan holo mamnun emas...
«Devona» kirganida Sohibqiron jig‘ali sallani boshlaridan olib, mehmonga joy ko‘rsatdilar. U o‘ltirgach:
—    Niyatlarimiz, iloho, mustajob bo‘lg‘ay, — deb Ollohga takbir aytdilar. Sohibqiron chorpoyadagi nardni ham chetga surib, mubohasaga kirmoq uchun shaymiz degandek e’timod bildirdilar.
Ul zot hamon ko‘zini yerdan olmay taammulda qolgani uchun, Sohibqiron uning yodiga soldilar:
—    Mubohasa Iso alayhissalom xususida erdi...
—    Bale... Alhol Bibi Maryam vaz’ to‘lg‘oqida aftoda erdi,— fasohat bilan boshladi «devona», tovushi ajab ohangdor, tiniq edi,— quloqlarig‘a vahiy keldikim, ayo umminiso, bu kun sandin bir o‘g‘lon tavallud o‘lg‘aykim, bu olamda shohu gado va jam’i malikussalotin anga tiz cho‘kib toat qilgay va abadul-abad atbo’ bo‘lurlar. Darhaq ul sabiy manglayida shu’lai gardish ila keldikim, to jonibi Quddusi sharif tamom munavvar o‘ldi. Bu xabari arojif isroil qavmining Irod otlig‘ shahanshohiga yetib, zulmu fazihatda mashhur erdi, aning oshubi haddin oshdi. Tahlikada qolgan ul g‘addor amiru umarosig‘a, mirshabu shabdonlarig‘a, hatto jam’i yahuda doyaxonlarigacha amri darg‘azab qildikim, ul karomatsaro sabiyni topsinlar va mahv etsunlar. Illo go‘dakni topmadilar. Alhol, ul iblis alayhulla’na: «jam’i shahru kentni, tamomi isroil mulkini justijo‘ qilib, shul kecha tavallud topgan o‘g‘lonki bor, barini qatli om qiling», deya...
—    Bas qil, mug‘anniy...— dedilar Sohibqiron.— Fahmladikkim bizning go‘dakligimiz afsonalarig‘a shama qilursen.
—    Ore,— dedi tinglaguvchining e’timodidan qulfi-dili ochilgan so‘zamol suhbatdosh.— Ore, sening chirog‘ingni tangri yondiribdur. Iskandari Zulqarnayn tug‘ilgan mag‘orada Arastu hakimning lavhai nomasi topilmish, ani eshitib bilursen. Hukamoi Rum lavhani o‘qidilar: Movarounnahrda bir o‘g‘lon tavallud topg‘aykim, yetti iqlim salotinin zabun etgay, ismi Iskandari Soniy atalur va rub’i maskun aning tasarrufida bo‘lur, deb. Alhol, vahimaga tushgan yetti salotinning josuslari ulus aro yelib-yugurib...
—    To‘xta. Darhaq, biz ko‘p jangu zahmat ila ul yetti saltanatga muzaffaru mansur bo‘lib, alhamdulliloh, Movarounnahrda barini yaksar etdik...
—    Tamomi mulki Turonzamin, Ho‘qondu Xo‘jand, Andijonu Marg‘inon, Qoshg‘aru Turkiston jatta zulmidin omon topdilar. Movarounnahrni itini inson go‘shti bilan boqadirg‘on jattalardan mosuvo qilib, parchinu qirpichoq bo‘lgan Chig‘atoy ulusini davlati qaviy aylading...
— Illo sabiyliqdag‘i sehru asrori karomat — bari fasonadur. Arastu ulamoi yunon turur. Alarda asotiru fasona bisyor bo‘lur. Sen ham fasonachi erkansen, Ayri. Hamd-sano Ollohga bo‘lsin, lof bandasig‘a noloyiq. G’iyosiddin Ali Yazdiykim, jangnomasida sha’nimizga lofni ko‘p aytibdur, badiasini rad etdik. Yunonistonda dag‘i Homer otlig‘ asotirgo‘y o‘tgan. Ulku batamom so‘qir ermish. Sen esa bizni ayon ko‘rib turibsen.
—    Baribir, el, Amir Temur Olloh taoloning barguzidasidur, derlar. Zero, Zuhal ila Mushtariy burjida tavallud topibsenkim, Olloh taborak yeru ko‘kni shul soatda yaratmishdir. Nujumotning bu holati har sakkiz yuzlikda bir kelurkim, alarning chehrasida nuri ilohiy zuhur o‘lnay. Avvalo Iskandari Zulqarnayn, andin so‘ngra Muhammad alayhissalotu vassallam va dag‘i sen, qiblagoh...
Sohibqiron, odatlaricha, lat yegan chap yelkalariga sal engashgancha silkinib kuldilar:
—    Abas bu, nag‘masoz! Hisobda g‘alat ketding. Avvalo Iskandari sohibqiron kalimai shahodatdin bexabar mushrikdur, bizning qatorimizdan emas. Sen Iso alayhissalomdan boshlab eding, aning tavalludi...— deya yana o‘rinlarida tebranib kuldilar:—yo‘q, bu bari to‘qima, sen esa xizmatimizdasen, nomunosibdur.
—    Yo‘q, men so‘z xizmatidamen, deb aytdim. So‘z esa haq xizmatidadur.
—    Bale, she’ru shoir ilohdin. Demishlarkim, otamiz Tarog‘ay bahodirning to‘fang o‘qidin o‘lmagan raqiblari Qozog‘on no‘yon hazrat Sayfiddin shayxul-a’lamning bir ruboiylaridin telba bo‘lmish. Sen ham bizni abyotgo‘ylik ila telba qilmag‘ay erding,— deya yana kuldilar, ammo ko‘rdilarkim, hamsuhbatlari yuzida tabassum yo‘q. Shuning uchun jiddiy davom etdilar:
—    Go‘dak chehramizda nuri ilohiy zohir o‘lg‘oni lofdur, illo ulamolar mashvarati joriy yuzlikda islomg‘a rivoj bergan shu zot deya bizga fatvo berganlari rost.
—    Ha ... Olam sehrlidur. Sohibqiron. Uning tarixi sening jangu jadallaringdangina iborat emas. Anda ruhiyat, fusunkor afsonayu ilohiy hikmatlar...
—    Sening tungi navolaring...
—    Ore, bari omuxtadurkim...
Hurmatli kitobxon, ijozatingiz bilan, biz muhobasani shu o‘rinda bo‘lib, diqqatingizni o‘zga bir nimarsaga jalb etamiz.
Kimdir bul tap tortmas shaddod?
Dunyoda hech kim, hatto ota-onasi ham senlamagan jahongir hukmdorni senlab, u bilan muroqaba qilur? Nahot uning joni shirin bo‘lmasa?!
Voqea bunday bo‘lgan edi.
Movarounnahr hukmdori Xurosonu Seyistonni o‘g‘illariga suyurg‘ol qilib, Shomu Ajam orzulari bilan fors hududlarida qarorgoh tortib turganlarida Mozandaron dorug‘asidan shikoyat yetdi. Sheroz ulusi muzaffariylarning zulmu musallatidan dodini kimga aytishni bilmay, qon yig‘lab, Sohibqirondan imdod kutar emish. Bu payomdan sarkardaning tashvishlari chandon ortdiki, toqatu halovatlari yo‘q edi. Yo rab, bu mumsik voliyu hokimlar so‘qirmiki, na Xudo qahrini, na ra’iyat kasrini ko‘radir! Sherozga lashkar tortish sardori mualloning mo‘ljallarida yo‘q edi, xayollari besari — poy bo‘lib, oromlari qochdi.
Malomat ikki kelur, naqlidan bo‘lib, ustiga ustak, shu kecha vatandan yalavoch chopar yetib, yana bir shumxabar aytdi. Yalavoch aqqib otidan bemajol yiqilib, o‘lar holatda shivir berdikim, Dashti qipchoqdan To‘xtamishxon yetovida kelgan katta sipohlari Movarounnahrni yag‘mo g‘orat qilib, Sohibqironning ona beshigi Zanjirsaroyni otashzada, Buxoroi sharifni esa qamal qilibdurlar. Buxoroda tolibi ilmu ahli fuzaloning qatlig‘a jazm etmishlar...
Davlatpanoh yuzlariga qon qalqib, u yon-bu yon yurgach, qo‘llaridagi jo‘ji cho‘qmorini urib sindirib, jahl otidan tushgan bo‘lib toshga o‘tirdilar.
— Ey fosidi fuzuh!—dedilar To‘xtamishni eslab.— O’g‘limiz tengi, nuri ayn degan edik murtadni. Xoja Shams mozorida Qur’oni majidni dastiga yelib, «Sizga nauzanbilloh jihod qilmagaymen», deya ont ichgan edi, qasamxo‘r! G’addor!
Sohibqiron shu kecha birinchi marotaba horg‘in qariyadek oromga yotdilar. Qasri Orifonda bezovta tunadilar. Tushlarida Bahouddin Naqshbandni ko‘rdilarkim, qalandarsifat emish, aytdilar: «Ayo o‘g‘lon, jam’i kavkab hut burjiga kelibdur, qiron bo‘lur. Nuh to‘fonida ham mundoq erdi, jatta hukamolari buni bilmas. Buxoroi sharifga lashkar tortgil», deb.
Ertasiga davlatpanoh mashvarati umaroga ayon etdilarkim, «Movarounnahrga darhol qayturmiz, yurtimiz musulmonlari bizdan najot kutadir».
Tasarruflariga olgan yaqin-yovuq shahru kentga voliylar tayinlab, ruhi Rasululloh alayhissalomga tilovat bag‘ishlagach, ertasiga bo‘z ot minib qarqaroni dubulg‘aga o‘rnatdilar-da, nayza-qalqon qo‘llarida, zarrin fo‘ta bellarida, yaroq taqqan ming to‘fangchi davrasida, yashil tug‘ ostida saf boylagan ikki tuman lashkarni shimol tomonga siljitdilar.
Bunday paytda Sohibqiron marqabi kajavada emas, uzoq yo‘lga ot minar edilarkim, aqqim otning yobon yo‘llarida yelishi dillaridagi g‘azab cho‘g‘ini andak sovitar degan umidda. Illo, yo‘q, bil’aks, horib-tolganlarida ham osoyish topolmay yana To‘xtamishni eslab ketdilar. Ul nobakor bir necha yil muqaddam Urusxonning qasdi qatlidan qochib, Sohibqironni qiblagoh deya panohlariga sig‘inib kelgan edi. Samarqandda unn iltifot va siylov bilan kutdilar. Davlatpanoh unga O’troru Sabroi uluslarini peshkash qildilar. Dag‘i bir tuman lashkar boshiga qo‘yib, «Bor, yog‘iyingni daf’ et», deya fotiha berdilar. Mehr ko‘rguzub, nasihat aytdilarkim, «Nuri aynim, zafarga ko‘zing yetsa, yog‘iyg‘a omon bergil, bog‘-bo‘stonni vayron qilma, bacha-bag‘ilni asir olma, avrot qo‘lg‘a kelsa, asokirg‘a ayt — fasad qilmag‘aylar», deb. Ul nonko‘r esa, barining aksini qilib, Dashti qipchoqdan befathu zafar, mulzam qaytib keldi.
Sohibqiron bu noshukrni otasining qotili Urusxondan gina qilib, uning xunxor o‘g‘illari Qutlug‘ Bug‘a va To‘xtaqiya qasdidan uch tobqir qutqazdilar. To‘rtinchn bor ham necha tuman lashkar berib, Mamayxonni mahv etishiga, Oltin O’rda taxtiga o‘ltirishiga, Jo‘chi ulusining nufuzi ortishiga hamiyat qildilar. Endi esa ul gustohning ko‘zlarini fazihat pardasi bosib...
Qirq kun deganda Jayxunning Xorazm sohillarida Amir Temur lashkarlarining to‘zon bulutlari va «suron» sadolari osmonni tutdi. Qokil qo‘ygan Temur sipohiylarining muborizlik vajohatini ko‘rgach, kelgindi jatta saflariga g‘uluv tushib, parokanda qocha boshladilar. Sohibqironning Xudodod Husayn, Shayx Ali otliq tumanbegilari To‘xtamishni Sarig‘suv va Zarnuq yoqalarigacha quvib borib, Anbar tepaligida tamom musahhal etdilar...
Bu janglar tinganda hamal kirgan edi. Sohibqiron qarorgoh ko‘targan Xo‘jand suyining Akar tumanida navro‘zi ajam, xushbo‘y subhi saboda qizg‘aldoqlar tebranar, tundayoq ko‘prik qurishga chiqqan pulsoz sipohiy to‘dalarning taraq-turuqi olisdan eshitilar edi. Sohibqiron aslahasiz, yengil xil’atda xos chodirlaridan chiqib, tong nafasini olmoq uchun daryo sarig‘a yo‘l tutdilar. Izlarida, rusumga ko‘ra, sodiq qutvollari Inoq borar edikim, mulozimotlarida sidqidil, o‘limdan tap tortmaydigan qaviy jo‘sha va daler muboriz edi, ikov sohil ustiga dohil bo‘ldilar. Qo‘rdilarki, quyida bir to‘da julduru notavon jo‘chi asirlar yuzboshi amir Qatag‘on posponlig‘ida o‘tib boradir. Sohibqiron ko‘zlarida alomati savol zuhur etdi.
— Mahkum yog‘iylar, Sohibqiron, qatli om etilur,— dedi Inoq. Davlatpanoh andak taammulga toldilar va safdan birini ko‘rsatdilarki:
— Ani huzurimizg‘a chorlag‘il,— deb.
Inoq ul asirni oldiga solib olib keldi. Soch-soqoli o‘siq, darveshsifat bu zot, belbog‘ida kadusimon qo‘buzki, ko‘hnaligidan sayqallanib ketmish edi, ko‘zini yerdan olmadi.
O’tgan kechasi Sohibqiron daryo jonibidan shul qo‘buzning dardli nag‘masini eshitib, uyqu va oromlari qochib, hushlari parokanda bo‘lib edi.
—    Nasabu nasabingni ayt,— dedilar Sohibqiron.
—    Mahkum bandamen,— dedi asir behadik.
—    Biz seni o‘limdan xolis qildik.
—    Yo‘q, men alar bilan o‘limga borurmen,— dedi ul zot. Javobi dag‘al eshitildi. Sohibqironga «yo‘q» deguvchn bo‘lmasdi. «Bir devona ekan», degan andishaga bordilar.
—    Ixtiyor ila o‘lmoq bandasiga gunoh.
—    O’z ulusingni qatliom etmoq undan ortiq gunohdur,— dedi darveshsifat asir.
—    Bular xususan sen ham, behayo g‘animlar, bosqinchi jattalarsiz!—dedilar Sohibqiron g‘azab xurujini bosib.
— Yo‘q, men turk farzandimen, bular ham zoti-budi bilan turku tojik!
—    Nechuk?
—    To‘xtamishxonning odati borki, jang saflarida o‘zi qo‘ngan manzil atrofig‘a turon zamin farzandlaridin, qari-quri fuqaroni tizib qo‘yib ishrat qiladur. Bular o‘shal begunoh sho‘rliklardan. Amir Qatag‘on asir olib haydab keldi.
Sohibqiron hang-mang bo‘ldilar, qonlari chehralariga toshdi. Illo bu «devona» o‘ziga yarashmagan bir fasohat bilan gapiradirki, aytganlari talbis yo makrga o‘xshamasdi. Uni xirgohga boshladilar. Inoqqa amr qildilarkim, «Bu mojaro taftish qilinsin, agarchandi gap xaq bo‘lsa, «asirlar» emas, amir Qatag‘on qatl etilgay.
«Darvesh» Movarounnahr hoqonining toqi-ravoqiga har kuni kirib yurgan odamdek, na masnadu maqomiga, na hashamu aslohiga hayrat ko‘rguzdi. O’ltur, desalar,— o‘tirdi, gapur, desalar — gapirdi.
—    Tunda abyot aytib nag‘ma qilg‘an senmi eding?
—    Men.
Oting nimadur?
— Ayri Qo‘buz derlar.
Sohibqiron, hazil qilur deya, jilmaydilar.
— Nechun «Ayri»?
—    Termiz sayidlari yetakida murid ekanmen, yo‘qlikdan ayriga sim tortib chertar edim... asli ismim Muhammad.
—    Bor. Libos yopurlar, xizmatimizda bo‘lursen.
— ... Men so‘z xizmatidamen,—dedi Ayri Qo‘bo‘z tap tortmay,— so‘z esa haqiqat xizmatidadur. Sohibimni senga ham almashmasmen.
Sohibqiron lol qoldilar. Bu nag‘makash so‘zida olampanohni biron marta ulug‘lamadi, endi esa betga chopib... Sohibqiron g‘azabdanmi, hayratdanmi vujudlarida andak titroq sezdilar. Hozir bu qulbachchani darhol chopib tashlasalar haqlari ham, hadlari ham bor edi. Ammo bu devonai benavoning ko‘zimi, so‘zimi—nimasidir bunday say’idan tindi, quloqlarida uning tungi sirli navosi yangrab ketganday bo‘ldi.— Bu hayotda ulug‘ piyrimiz va qaynotamiz rahmatli Ubaydulloh Sadr ash-shariatdin o‘zga hech kimsa bizni senlab aytmagan. Sen ikkilamchisisen,— dedilar qayg‘adir, chet bir nuqtaga tikilib.
— Jasorat egasiga qo‘l ko‘tarmasligingni bilurmen, Sohibqironning mardligini yana bir bor imtihon qilishga jazm etdim. Zotan, mening uchun buning zzazi baland emas, umrimning bu yog‘i tekinga qoldi, shohidsen.
—  Unda jasur emas, tavakkalchi tentak ekansen.
— Eshitgan edimki, Sohibqirong‘a tab’i mahzul bnr so‘zamol sozanda manzur bo‘lmish, mashshoqlar ichra davrada ko‘ngul ochar erdi. O’zi esa so‘qir ekan. Bir kuni davlatpanoh andin: «Oting nimadur?», deya so‘rading. «Otim Davlat», dedi sozanda. «Davlatning ko‘zi ko‘r, bo‘lurmi?», deding. Sozanda aytdi: «Davlat ko‘r bo‘lmasa, oqsoqning qoshig‘a kelurmu?!».
Sohibqiron beixtiyor kulib, noxush sovigan vujudlari yayradi.
—    Bu rivoyatdur...— dedilar. 
—     Mening Iskandari Soniyni senlab gapirishim ham bir kun kelib afsona bo‘lur...— dedi Ayri Qo‘buz. Shundan so‘ng bu tungi mug‘anniy Sohibqiron ko‘zlariga go‘yo boshqa bir qiyofada namoyon bo‘la boshladi. Nogoh uning kecha tunda kuylagan navoi-nolasn butunicha yodlariga keldi. U so‘zlar go‘yo musiqa birla eskir mavjlarida sayrona edi:
Bargi sabz yoz bo‘yi kun nurin emdi. Kuch yig‘ib, dedi: «Bas, kun — o‘zim endn». Hasaddin sarg‘arib, chirt uzildiyu pildirab-shildirab qabrog‘a indi. 
Kuzning qaro tuni, momaqaldiroq, 
Yig‘och tegrasinda tentirar yaproq. 
Barq qilich sermab, yoqar gulxanlar, 
Sarosar tutanqib biqsir gulshanlar. 
O’shal gumroh bargidin tutashib olov, 
Ul durkun ham o‘rtanur lov-lov... 
Barg yengil, yengiltak mulhidi zardusht, 
Ona mulkin yoqib bo‘lur modarkush, 
Makruhdir kim kechsa u huvzatidin, 
Alhazar yomonning mazammatidin...
Tunda daryo sohilidan yetgan bu ohanglar Sohibqironning oromlarini olgan edi, endi esa bor ma’noki fikrasti bila uquvlariga keldi. Sohibkiron bu navoda avval go‘yo tamomi o‘z umrlarini, keyin sarbasar o‘t tutashgan dunyoni, Movarounnahrni ko‘rdilar. Agar gumroh yaproq To‘xtamish timsoli bo‘lsa, bu bandai benavoning sehrli qo‘buzi bizning say’-qo‘shishimizga nshorat qilmasmu?
— Ayri Qo‘buz... ko‘nglimizg‘a kelurkim, navoi abetning ila ertangi jangu zafarimizni bashorat qilursen. Ayt, quvib borsak, nobakor To‘xtamishni mahv eturmizmu?
— Asrori g‘oyibni bilmam, Sohibqiron, folu ta’bir ham ochmam, qur’a ham solmam. Vale, Olloh dilimg‘a solsa, chertib, kuylag‘aymen...
Bu javob mujmal bo‘lsa hamki, To‘xtamish daf’ etilmasa xonadonda yong‘in o‘chmag‘ay, degan fikr Sohibqironning dillaridan ketmay qoldi. Kechalari Ayri Qo‘buz abetidan hakmatu karomat izlab tong otdirar, shaddod qo‘buzchini juluslariga chorlab, yana muroqaba qurar edilar. Bu mubohasalar odat bo‘lib qoldi. Shoirning sirli, mavhum suhbatlari manzur bo‘lar, farosatu basiratig‘a botinan tahsin aytar edilar. Shuyla, Ayri Qo‘buz, chapdast Inoq qatori, Sohibqironning o‘zgalar uchun hayratomuz, rasamad mantiqidan g‘ayri bir mahramlari bo‘lib qoldi. Baxshi o‘zini ortiq erkin tutishi bilan goho Sohibqironning g‘azablarini oshirar, ammo ul zot bu shaddodg‘a negadir «Bor, ozodsen!» deya aytolmas edilar.
Endi aziz kitobxon, tushundingizki, hikoyamizning nbtpdosida ular o‘rtasida to‘satdan boshlangan mubohasa ham shul jumladan edi. Sohibqiron bu g‘alati shoir bilan gohi xayolan ham olishar, aslida esa yolg‘izlikda o‘zlari bilan o‘zlarn ziddiyatga kirar edilar. Ba’zan esa unda o‘zlarini ko‘rar edilar. Shiddatli voqealar asiri bo‘lib, o‘limdan tap tortmay, beto‘xtov qonli janglarda minglab asirlarni ko‘rib diydalari qotgan Sohibqiron o‘zlarini gohi shu odamga, yoki dillarini bosim chirmayotgan bir mavhum ruhiyatga asirdek sezar edilar.
Dashti Qipchoqqa qochib daraksiz ketgan To‘xtamish halovatlarini o‘g‘irladi. Ul qayonda, tinchib ketdimi? Yo quvib borish lozimmi? Oq O’rdaga lashkar tortish xususida mashvarati harb chorlashga ham ikkilanib, bezovta bir qiynoqda yurganlarida ul dog‘ulidan elchi kelib, noma tutdikim, mazmuni va uslubi chunon dabdabalikdir:
«Noma yetib Sohibqiron qiblagohimg‘a ma’lum bo‘lg‘aykim, avval hamdu sano Tangri taborakkim, ko‘kni muallaq, yerni mutabbaq yaratibdir, duoi durud Muhammad sallolohu vaalayhissalomgakim, Olloh taolo aning tufaylidin o‘n sakkiz ming olamni vujudg‘a keltiribdur, shariat andin joriy bo‘lib, zalolat cho‘lida qolg‘onlarni hidoyat yo‘lig‘a solibdur. Alqissa, bizning ham shu yo‘lg‘a kirishimiz vojib, oramizdag‘i behuda nizo’u muhoribada ko‘p ahlollohi begunoh zabun bo‘ldi. Musulmonni musulmong‘a muxolif etmay, shariat taqozosi bila janobimdin sulhi xayr umnd qilurmen. Qiyomatning andeshasini qilaylik, deb muhr bosdim. Noma tamom — vassalom».
Buni o‘qigach, Sohibqiron ruhlarida yengillik sezib, Xudoga shukrona aytdilar: «Inshoolloh, endi dashtni bejangu jadal, bexunu ajal musahhar eturmiz», deb. Xushxabar suyunchisi uchun ulamoi fuzalog‘a ikki qalqon zar in’om berdilarkim, To‘xtamish taboh qilg‘am Samarqand madrasasi ta’mirig‘a musarrif etilg‘ay.
Ko‘ngillari tinchib, ko‘p tunlar sirasida ilk bor jonu tan rohatida uyqu olar edilar, ammo subhpdamda yobondagi qo‘y ko‘ralaridan bir nag‘mai ajib og‘oz etdn. Beshak, Ayri Qo‘buzning navozishi erdi, e’timodlarini tortdi:
Tong kavkabin uyg‘otgan sabo, 
Dala-tuzda mavjlan, marhabo, 
Qo‘ychibonning nafasi, yoki 
Nay navosi, so‘lim, dilrabo... 
O’taringni tundan qo‘riqla, 
Og‘illarni, cho‘pon, qulfla: 
Yeyu hadangingni unutma.
Sovimasin gulxanning qo‘ri, 
Hid oladi o‘q yegan bo‘ri. 
Qon hididan mastu makkor u, 
Qaytib kelsa — cho‘ponning sho‘ri.
Quyruqini qisib keladur, 
Tulki yanglig‘ pisib keladur, 
Tun firibgar sokin g‘aflatki, 
Sharpasini to‘sib keladur...
Buni eshitgach, Sohibqironning ko‘z o‘ngida Qypchoq dashtida yaralangan bo‘riday tentirab yurgan To‘xtamish gavdalandi. Sapchib, shabgoh hijobini yirib, oyoqqa turdilar. Ul qasamxo‘rning balandparvoz nomasiga laqqa tushayozgan ekanlar, hozir tun o‘rtasida oyoqyalang qaltirab turgan bu begona zotga nafratlari toshdi. U nomaning tazvir ekanligi ayon edi-ku! Qani u zobiti muzaffar?! Sohibqiron gohida o‘zlariga bir dam chetdan iazar solib, illo bag‘irlarini ko‘p oluda qila bilmay, bu holatdan tezda chiqar edilar. Asfariy sallani boshga olgach, xulla qabo ustidan shohona fo‘ta bog‘lab, isfahoniy qilichni salanglatib davlatxonaga chiqdilar. Sohibqiron holatidan hamisha voqif Inoq zumda paydo bo‘lib, amirlarni mashvarati harbga chorladi. Shahzodalar tasarrufidagi uluslardan qo‘shin talab qilib yorlig‘lar yuborildi, barlos, arg‘in, jaloyir, do‘ldoy, to‘g‘ay, arlot kabi qirq aymoqqa choparlar, elatlarga tovachilar ketdikim, boricha lashkar yuborsnnlar.
Ikki hafta o‘tmay, salkam bir lak lashkar Qo‘rg‘on ostida Sohibqironning ko‘riklariga dohil bo‘ldi. Rahtiroh but bo‘lib, tilovati Qur’ondan keyin tabal degan dovul nog‘oraning sadosi falakni tutdi. Chor tarafdin elu ulus kelib, navozishlar aytib, qiblagohning mulozimatlarida bo‘ldilar, duoi fotiha bilan fathu zafar tilab qoldilar. Alambardorlar ichida Sohibqironning oltin zirhli dubulg‘alari yiltillaganda «Suron» nidolari eshitilib, qorovul to‘dasi ketidan hirovul va chopovul qismlari siljidi. Chap va o‘ng qanotlar esa Sig‘noqning yaydoq yalangliklariga chiqqandagina bemalol yoyilib o‘z o‘rinlarini oldilar. Tuman-tuman otlig‘ — piyoda lashkar larzasidan osmon guvlar, nayzayu qalqon chaqmoqday chaqnar, biydek Qipchoq dashtlarida siyrak yulg‘un tebranar edi.
Kun oqqanda ufqda g‘ubor ko‘rindi. Ko‘p o‘tmay qorovul to‘dasidan xabar yetdikim, jatta lashkari yetti bayroq ila keladir, chovurtkadan ziyoda, deb.
Haqiqat Sohibqironning boshlariga nayzadek kelib urildi: «Ana, Ayri Qo‘buzning yarador bo‘ri makri haqidagi tungi qo‘shig‘i ayni karomat ekan! Sulhi xayr deya noma bitib, o‘zicha bizni g‘aflatga qo‘yib, orqasidanoq lashkar solibdur, g‘addor! Mayli, ul bizni bu yerlarda kutmas, qanotlarni yoyib «quchog‘imizga» olurmiz!..»
Yog‘iyga ikki farsang qolganida Sohibqiron tizgin tortdilar. Juvong‘or va barong‘or to‘dalarni ikkn qanotga keng yoyish uchun dasht kengliklari qo‘l keldi. Alhol, qorovuldan chopar yetdikim, qipchoqlar har otg‘a ikki bog‘ o‘tni surgatib, siyosat birla to‘zon to‘zg‘itib kelurlar. Sohibqiron mo‘g‘ul jangarilarining bu ko‘hnayu jo‘n dasturini fahmlab jilmaydilar va to‘satdan bosqin qilg‘uvchi chopovul to‘dasini shabixunga, ya’ni tungi hujumga yo‘lladilar.
Shabixun mudhish chopqin bilan boshlandi. Firibi fosh bo‘lganini payqagan g‘anim orqaga yuz tutdi. Va qanot to‘dalari ichra arosatda qolib, qolgan-qutganlari parokanda holatda qochdilar. Sohibqiron lashkarlari dasht tunining jahannamidan chnqib, yog‘iyni tongdin shomgacha, so‘ngra yana bir tongdin yana bir shomgacha quvib bordilar.
Endi faqat hirovul to‘dalari oldinda, jangovar holatda edi. Qolgan cherik aslahayu rizqi-ozuq zahirasi bilan, har bir askar to‘rt xil yarog‘i, do‘rdig‘u qozoni bilan orqada borar, oddiy safar tirikchiligi davom etar, kapalakday qo‘nib uchadigan chodirlar orasida gulxan yallug‘lanar, qumg‘on qaynar, mol so‘yilib, changaklarda go‘sht qoqlanar edi.
Ikki hafta o‘tib, rabbiul-avval kirganida hirovul to‘dalari bir kichik kent qo‘rg‘onining mustahkam istehkomlariga yo‘liqdilar. Josusning xabaricha, istehkomlar doira-doira bo‘lib, ularning necha qatlam ekanligi noma’lum. Har istehkom zabt etilganda yog‘iy himoyatning bari jonini fido qilar, aslo qaytmas edi. Ko‘p qon to‘kildi, Sohibqironning chopqinchi to‘dalari ham goh janglardan sovuti ushalib, o‘pchinu qalqonlari qilich zarbidan pora bo‘lib, talafot ila qaytar edilar. Sohibqironni talafotlardan ham ko‘ra ul qo‘rg‘on elatnning jonfidolig‘i, behad qurbonlari, qonli taloto‘plar charchatdi. Bu tosh yong‘oqni aylanib o‘tib, sadqai sar, deya safarni davom ettirishni maslahat ko‘ruvchilar ham bo‘ldi. Ammo Sohibqironning bosgan iziga o‘z ma’muriy — valiylarini tayinlamay orqada zabt etilmagan yog‘iy albotisini qoldirish odatlarn yo‘q edi.
Yetti istehkomni qon bilan olgach, to‘xtadilar. Bu qo‘rg‘onni yanchib o‘tish asli hech gap emas edi. Illo, tinmay qirilayotgan bu fidoyi elatning ne asrori bor? 
Olloh, bu ne hikmatkim, bu xil qonu qirondin ko‘ra sog‘u omon taslim bo‘lmoq kichik qo‘rg‘on uchun ming azlo emasmu? Bu gilqo‘rg‘onning nimasini asraydur?
«Hay, shabixun qilib betalafot olurmiz», deya, Sohibqnron shomda bu azobli o‘ylar bilan behalovat, hobgohlariga kirdilar. Safar charchog‘ida qarorgoh ham tez tindi. Bedoru dilxun sokinlikda jang suronidan qutulgan yobonlar bir maromdagi munglig‘ chirildoq sadolariga to‘ldi. Buning ustiga, qaydadir Ayri Qo‘buz noxun chertib nola qilar edi. Uyquni boy bergan Sohibqironni yolg‘izlik, cheksizlik, ayriliq va darbadarlik ohanglari chulg‘adi. Baxshining esa bundan uzoq o‘z dunyosi, o‘z ertaklari...
Piri komil raxt yuklab xarig‘a, Yurar erdi mulki Ajam sarig‘a, yo‘lto‘sarlar chiqib aning yo‘lidin, Xurjunini yulqib oldi qo‘lidin. So‘rdilar: «Ne xurjuningda, ey bobo?» Dedi: «Bunda bordur durri bebaho.» Shunda yirtib matosini otdilar, Durji bekunj — yig‘och quti topdilar, Andin dag‘i xarsang quti topdilar, Yig‘ochini bolta bilan choptilar, Xarsangini yanchib — tuyib otdilar, Andin bitta qumaloq mum topdilar... Yo‘lto‘sarlar dur qidirar edilar, Bul mum ekan, o‘tga tashla, dedilar. Pirn komil tiz cho‘kdi shundayoq: «Yolg‘on dedim, men gunohkor, menn yoq!» Mum to‘fon mavjlarida ushibdur, Nuhning najot kemasidin tushibdur. Anda pinhon erdi bug‘doy donasi, Ki habotot — nabototning onasi. Alqissa, pir o‘tga berib jonini, Asrab qoldi bani bashar nonini...
Horg‘in Sohibqiron mug‘anniyning nimasidir hikmatomuz bo‘lsa ham, bunday uzoq va beg‘am rivoyatiga miyiqda jilmayib pinakka ketdilar.
Yarim tunda shabixunga suron tortilib, Gilqo‘rg‘on zabt etildi. Qon ko‘p to‘kilib, muhofizadagi elatdin kam kishi omon qoldi. Tongda qo‘rg‘on o‘rtasidan bir qur qariyalar Sohibqironga peshvoz chiqdilarki, ularning qurshovida bir yusufjamol o‘smir bor edi.
— Bu norasida kimdur?—dedilar Sohibqiron.
— Bu bizning, Olloh muruvvati va shahodati bilan, bo‘lg‘usi shoirimiz,— dedilar mo‘ysafidlar,— shu yoshidan ilohiy so‘zlar va go‘zal ash’or aytadur. Shoyat pstiqbolda elatimizdan avliyo chiqar, degan umiddan o‘zga hech narsamiz qolmadi. Xonumonimiz kuydi, faqat umidning joni qattiq, barchadan keyin o‘ladir. Bu sabiyni himoya qilib, ko‘p fidokor farzandlarimizning qokijonini qurbon qildik. Uni siz Sohibqironga ham bermagaymiz.
—    Biz... biz...— deb Sohibqiron hayratda anchagacha so‘z topolmay, bu vayrona ichidagi nuroniy qariyalarga qarab uzoq turdilar,—ul sizningdur, biz olmaymiz... Illo, bizga ash’oridin aytsin.
—    Aytmaydur,— deyishdi chollar.— Qo‘rg‘onimiz atrofida yer quchib nigun bo‘lgan yarim elatimiz hurmati, hozir Olloh aning dilig‘a hikmat kalomini solmag‘ay...
Sohibqiron, balki umrlarida birinchi martadir, so‘zni suhbatdoshida qoldirib, musallam orqaga qaytdilar.
Xirgoh darboriga yetmay Ayri baxshining tungi nolishi xotiralariga tushib, junjikib ketdilar. Nag‘mani bira to‘la eslab, manglaylariga mushtlab afsus tortdilar: «O’shanda shabixunni to‘xtatib, esni yig‘ib olish ayni muddao edi-ku, qartaydikmu, nima balo!? Olloh baxshining diliga soladur, nechuk bizning dilimizg‘a solmaydur?»'
Uzoq o‘ltirib, ich-etlarini yeb, yana nadomat chekdilar.
Shu mahal Ayri Qo‘buz, bamisoli ruh, odaticha beijozat paydo bo‘ldi.
—    Norasidani ko‘rdingmu?—dedilar Sohibqiron bosh ko‘tarmay.
—    O’zimni ko‘rdim...
—    Elning orzu-umidini ko‘rdim, Sohibqiron.
—    «Bani basharang rizqi...», «Habototdin nabotot»!—deya nag‘ma baytlarini esladilar Sohibqiron tovushlarida andek qahr ila.
—    Abetni eshitibmu erding? Bu rivoyat, darhaqiqat, elning ertangi maoniy va ruhoniy rizqi xususida. El ani jon barobar bilib, o‘zini o‘tga tashlab, asrab qolibdur...
—    Qirg‘in hisobig‘a... Imo-ishoratni qo‘yib, bizga kelib oshkora aytsang bo‘lmasmu edi?
—    Ustozim shayx Sayyid Vaqqos aytur edilarkim, «O’qilgan chala bo‘lur, o‘qilgan bo‘la bo‘lur», deb.
—    Ishorat bashorat emas.
—    Unday da’vom yo‘qligini aytib edim qiblagohga. Men Xudoning osiy bandasi, dilimga solg‘onidin o‘zgani bilmasmen.
—    Biz...
—    Sen sipohlaringiz Sohnbqiron emas sen. Sipohlaring zsa — davlatning bandalari.
—    Alar Xudoning bandalari.
—    Alar dunyo ishlari ila tamom band. Men alarga ilohiy sehriyat borligini eslatib, dillarini tikanak sim yanglig‘ chirmagan dunyo ishlaridin sal chalg‘itishga urunamen.
—    Sen o‘tgan gal ham: «Olam sehrlidur, tarix jahongirning jangu jadallaridangina iborat emas, ul afsungar afsona-yu ilohiy hikmatlar ila ham butun bo‘lur», deding, bu xotirimizda.
—    Sirru asror, ko‘ngil davlati, ilohiy so‘z, elumidi, norasidaning abeti kalomi...
—    Bas... senga ne kerak?!—Sohibqiron bu so‘zlarining o‘rinsiz ekanini bilar, jahllarini bosishga urinar, ammo bu shaddodni quvib chiqarolmas zdvlar. Sezar edilarki, undan g‘ayri yanada aftodahol bo‘lg‘aylar.
—    Mana, sen jang oldidan Qur’oni majiddin varaq ochib, oyat o‘qursen,— deb davom etdi Ayri Qo‘buz,—: mening abyotim seni taammulga solur. Qariyalar so‘zidin bu holga tushding. Inchunin, bag‘ri tosh ermassen. Menga shu kerak...
Bir umr joni huzur-halovat ko‘rmay, jangu jadal, qonli qironlarda diydayu bag‘ri tosh qotgan bu insonning ko‘nglini sal bo‘lsa ham yumshatish niyat edi bu devonaga.
— Jahongirlarga bosh egmadim, insonga qulluq qiladurmen,— dedi shoir,
Umrida ilk bor eshitayotgan bunday shaddod so‘zlardan vujudlari qizib, uzoq bosh solib o‘tirgan Sohibqiron asta dedilar:
— Dayrda ko‘p savobu gunoh ishlarni qildik. Har neki bo‘lsa, Ollohning madadi, bandasining tadbiri biladur. Tadbirimiz taqdirga mos tushib, fathu zafar ila shu kunga keldik. Illo biz To‘xtamishdek g‘animu fazihga berahm bo‘ldik. 
Shoirga Sohibqironning sokin tovushlari xush keldi.
— Tasbeh deya qo‘yningga solganing ilon chiqibdur, ani yanchmoq vojib,— dedi Ayri Qo‘buz...
Biyobonda tong oqarib, shabnam hovurida ko‘tarilgan qo‘g‘a, yulg‘un hidlari havoda kulu dud bilan qorishiq edi. Sohibqiron arkoni aqraboni chorlab amr etdilarkim, taslim bo‘lgan ulusga shohona marhamat ko‘rguzilg‘ay. Bakovullar yugurib-elib elga ofiyat berdilar, ulus amirlariga sovg‘a-sovrun ulashib, ikki kun navozish qildilar, Ulusning barcha elatlarida shikvayu shikoyat tinglanib, bariga xiroj, juzya, qo‘nalg‘a, boj, shilon soliqlaridan xolislik e’lon qilindi. Sohibqiron kechagi qariyalarga maluqona xil’atlar peshkash qilib, birini ulusga voliy tain etgach, tilovati Qur’ondan so‘ng yana yurishga tabal qoqtirdilar. Amir noiblari chortug‘u burg‘ilar bilan chiqishdi, mag‘lublar ham el tutinib, ulardan ko‘p o‘qchilar, chopqichilar, nayzadorlar Amir lashkariga kelib qo‘shildi.
To‘xtamishxon to‘dalari Xo‘jand suyidan kechganidan so‘ng, necha kun qochib, Gilqo‘rg‘on ulusidek begunoh elatlar panasida, poyonsiz qipchoq yobonlarida pusgan edi. Qorovullar g‘anim saflari raftorini olib kelgach, nkki qanot to‘dalarn yog‘iyni g‘aflatda bosib, yana chopqin qnldilar, jatta yana ortga yuz tutdi. Sohibqiron amirlari hirovul to‘dasini pistirmaga joylab, chopovul bilan ot solib, yana quvdilar. Ot dupuridan biyobon tebranar edi, lak-lak lashkar g‘ubor ichida mag‘rib-ga snljir ekan, kunmi-tunmi o‘tgani bilinmas, faqat sabohning namchil salqinlarida aroba g‘irchiyu qo‘ychibon qurreylari, toy kishnashiyu tuya pishqiriqlari quloqqa chalinar edi. Temur lashkarlarining mahobatli yurishi haqidagi ovozasi o‘zidan uch kun oldinda yurar, yog‘iyni yo‘lda bog‘-rog‘ni yoqib, tirik jonni chirqiratib, xonumonini sovurib, dala-tuzni chovurtkaday qiyratib, yaylovlarni tap-taqir qirtishlab, jonholatda qochishga majbur etar edi.
Quvishning o‘n yettinchi kuni otlar o‘la boshladi. Bu o‘lat emas, qo‘nim kerak edi, qo‘nimga esa giyoh yo‘q, butun og‘irlik tevalar o‘rkachiga tushadigan bo‘ldi. Qayonga qochayotir, qayonga boshlab ketayotnr bu chiyabo‘ri?! Qaytsang bosib keladi, quvsang qochadi, tikka jangga xushi yo‘q nomardning. Inoqning xabariga qaraganda, bir guruh amiru no‘yon sarosimada gap qilishibdur: «To‘xtamish biyobonlar ichkarisiga atay boshlab, borsa kelmas manzillarda ochlik va o‘latdan tamom toliqtirib, tiz cho‘ktirmoqchi ekan». Chap qanot qanbulida ters munaqashalar sezilar emish. Lashkar to‘dalarida bu sarosimani Sohibqironning salobatigina bosib turardi.
Ko‘p o‘tmay zaxiralarning tagi ko‘rindi, o‘qdonlar bo‘shadi. Yurishning ikkinchi oyida sipohlar dala parrandalarining yumurtqasi bilan kui ko‘rib, keyinroq dasht o‘ti va turli ildizlarni tanovul qiladigan bo‘ldilar.
Itni suyiga yetmish farsang qolgakda Sohibqiron tizgin tortib, bir qiyalikda qarorgoh yoydilar. Safi buzuq lashkar horg‘in va och edi. Tunda jabdug‘u ter hidi anqigan jolisi harb suronli bo‘ldi: haligi bir guruh amiru no‘yonlar nayzayu qilichlarini qumga san-chib «Ul yuho domiga tortib firib beradur, bizni zabun ztadur, tobora ichkariga boshlab, ochu horg‘inlikdak yiqilganimizda kelib chopqin qiladur. Illo Sohibqiron amr etsalar, biz o‘limga borurmiz!» deb shovqin soldilar. Inoq boshliq amirlar va Sohibqironning farzandlari esa chig‘atoy dasturiga ko‘ra davlatpanoh oldilarida tiz cho‘kib, «yo‘q, ul iblisni tirik qo‘yib bo‘lmas, quvib yetish zarur, toki bayrog‘ini tuban qilsun ul ulusni talonga tashlab qochayotgan nomard bilan yakkatalosh qilaylik, ilonni yanchmasak yana bosh ko‘taradur, hujumga amr eting!», dedilar.
Sohibqiron chorpoyada o‘tirib og‘irlik bilan tingladilar: yuzlaridan u yonga-bu yonga oqqanlari bilinmadi.
Keyin xos chodirlarida yolg‘iz to‘lg‘anib, xorg‘inlikdan ikki rakaat nomozga ham xollari kelmay yobonga qapishib qolgan qarorgohning go‘ristondagidek sukunatiga quloq osdilar. Azobli o‘ylardan yuzlari tosh qotgan, qarashlari qo‘rg‘oshindek zil: mijja qoqmas edilar.
Sohibqiron harbiy safarda hali bunday beqaror bo‘lganlari yo‘q edi, yobonda sochilib yotgan lak-lak lashkargina emas, go‘yo butun dunyo buyuk hukmdorning tonggi hukmini kutar, ammo u zotning xayollarida zidlik tarozusining shayini muallaq edi...
Og‘ir xayollar qiynog‘ida ko‘zi ketib qolgan ekan, tongda xarir bir epkindan uyg‘onib, tiniq idrok og‘ushida rohat topdilar: uzoqda yulg‘unzor kengliklarga qo‘buz navosi taralar edi. Sohibqironning quloqlariga yetdi:
Ortda yobonu kenglik,
Yog‘iy bo‘lmay yuz tuban, 
Ot sol tonggi epkindek 
Omadingni top, top!
Yog‘iy bo‘lmay yuz tuban, 
Ko‘zi qonga to‘lmish-ov 
Yuho makrin tutibon, 
G’orga dohil bo‘lmish-ov.
G’or sovug‘i qahrli, 
O’z qa’riga tortadur. 
Ul mo‘ltoni sohirni 
Bosish xavfi ortadir
Yog‘iyga ham yog‘iy bor, 
Yo‘lining odog‘i bor. 
Istiqbolida zulmat, 
Vahmu rixlat dog‘i bor.
O’zi topgan mog‘ora, 
Lahad bo‘lur o‘ziga. 
O’pirilib, tog‘ aro, 
Tuproq to‘lur ko‘ziga.
Gul ochilsin yo‘lingda, 
Yelkang uzra oftob 
Bayzo qilich qo‘lingda 
Yovuz boshin chop, chop!
Inoq ham bedor ekan, eshik ochilib qullug‘ qildi. Sabohga peshvoz chiqdilar. Yoyilib yotgan qarorgoh uyg‘oq edi. Amiru amirzodalar, tumanbegi, yuzbonl:, yei-pohsolor bahodirlar, yana yaqin-yovuqdan oziq-ovqat, sovg‘a-sovrun bilan tunda yetib kelgan kent sayyidlari, ulus amirlari va amaldorlar davlatpanohning dargohborida intizor edilar: «Buyuring, Sohibqiron, nima qilaylik?» Rioyat vakillari tiz cho‘kdilar: «Talonga tashlab ketmang, qiblagoh!»
Hukmfarmo Sohibqironning besabr jo‘shib turishlaridan niyatlarn ayon edi. Ko‘zlari bilan olomonda Ayri Qo‘buzni izlab, topolmagandan keyin, jilovdorga imo qildilar: «Yo hazrati Bahovuddin!»—debuzangnga oyoq qo‘yib, kumush qoshli egarga otlanganlarida qanotlar saf tortgan edi. Ot yo‘rtib, qanot qanbullarn, manglay qism lashkarlariga bir-bir ser solib, saflar salohiyatini ko‘ruvdan o‘tkazib kelgach, marqab meshidan uzoq-uzoq sovuq suv ichdilar. Bu sohibifarmoning barqaror xotirjamliklari belgisi edi. Demak, qarorgohda jangovar kayfiyat shay. Ulamo fatvo berib: «Yog‘iyning yuzi qaro bo‘lsin!»—deya g‘anim tomonga bir siqim tuproq sochdilar, keyin sipohu rioyatdan rozilik bo‘lgach, dovul nog‘oraning sadosi keldiyu har bir navkarni g‘ayratga kirgizuvchi mashhur «Suron!» xitoblari ikki qit’a dashtlarini tutashtirib uzoq yangradi. Alambardorlar qo‘lida hilpiragan yashil bayroq o‘rtasidagi uchta to‘linoy mushkul safarning yangi kuniga peshvoz chiqqanday, tong nurida nuqradek yiltillab yuksaklarda suzar edi. Amirzodalar boshliq qorovul ilg‘orlari sarin havoni yorib, tog‘dan tushgan bahor toshqinlariday olg‘a yuradilar. Ortda — har qanotiga uch tuman lashkar qavjiroq sahro yong‘inlaridan ko‘kka o‘rlagan tutunday, necha yuz farsang masofani qoplab, ufqdan ufqqacha g‘ubor ko‘tardi. O’rtada, zaxira qo‘shinlar, daler bahodirlar qurshovida bosh qo‘mondon qarorgohi ummondagi buyuk bir orolday siljib boradi. Shotiru jilovdorlar Sohibqironning ipakday mayin qadami bilan qariyb yarim kurrani bosib o‘tgan sevimli oqyol tulporlarini boladay erkalab, sal terlasa yuvib-tarab almashtirib turar edilar. Inoq esa bu otlar haqida bunday der edi: «Sohibqironning qo‘ng‘ir tulporlari o‘limning yo‘qlig‘iga kafil bo‘la oladur!»
Hafta o‘tmay g‘ajarchilar xabar yetqizdikim, yog‘iy yoyiqning Turatur desan kechivuda pistirma qurmish. Pistirmalarni qora tunda bosish amir Shayx Nuriddinning hunari edi. Chap qanotda g‘annmning Qozonchi yetovidagi cherigi Kaysuv bo‘yida qo‘nim topmish edikim, shu kecha saflari buzilib tor-mor etildi. Ummoni Qulzum sohilida mo‘g‘uliy qaytag‘alarning ko‘p jangari to‘dalari joylashgan edi, xunrezlik ko‘p bo‘ldi, katta talofot Sohibqironning qonlarini chehralariga toshirdi. Bir kechasi sara qo‘shin oldiga choh qazitib, bu yonini arobalar bilan to‘sib, gulxanlarni so‘ndirishni buyurdi, zaxira kuchlar oldida g‘ul bilan o‘zlari ot surdilar. Sohibqironning salobatlari yog‘iyning Bek Yorliq o‘g‘lon, Xudodod Oqtov, Kunchi o‘g‘lon kabi mashhur muboriz bahodirlarini qochishga mahkum etdi. Shundan keyin zobit lashkar ikki qanotini rostlab yana yurdiyu Itil bo‘yidagi Uvak degan joyda qattiq savashdan keyin To‘xtamishning bayrog‘i tuban bo‘ldi. Xoinning o‘zi esa o‘g‘lonlari, amiru no‘yonlari bilan savash maydonini tark etib, Bulg‘or chakalakzorlarida jon saqlash uchun ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Shundan keyin u o‘zini o‘nglay olmay, xonlik marta-basini tamom boy berdi.
Endi shimoliy dashtlar sohibi yo‘q edi. Oltin Urda uluslarida Sohibqironning nomlari xutbaga qo‘shib o‘qildi, u zotning ismi shariflarn bitilgan tilla tangalar zarb etildi.
Sohibqiron o‘z jasur bahodirlarini tarxon unvonlari, kumush kamarlar, silovsin mo‘ynalari bilan, yana yuz ming kepakiy dinor ukulka hamda yaxshi otlar bilan rag‘batlantirdilar, navkarlarga sahovat bilan ulufa ulashdilar. Darband, Saroy va Hojitarxon qal’alarini qayta tiklamoqqa farmon berdilar.
Ibrohim Darbandiy qasrida sayyodi xosning ov go‘shtidan ziyofat yegach, Movarounnahr sultonining muzaffar lashkarlari «sayqali zamin» sariga as’asayu nusrat ila yo‘l oldilar...
Sohibqiron bilan Ayri Qo‘buzning so‘nggi musoha-balari shundan ko‘p yillar o‘tib. Shomu Rum fathidan keyin Keshda bo‘lgan edi. Bu paytga kelib ikkalalari ham qaddi dol piri safed, bir-birlaridan nechun ajralolmasliklari xususida, dayru oxirat, gunohu savob xususida ko‘p o‘ylaydigan. Sohibqiron esa, ayniqsa, horg‘in va ko‘p asabiy bo‘lib qolgan edilar...
Oppoq sochi yelkasiga, oq soqoli ko‘ksiga tushgan baxshi «Sultoni rub’i maskun!» deya ta’zim bilan ostonada paydo bo‘lganida Sohibqiron odatlaricha masnad maqomlaridan tushib, o‘ng qo‘llaridan joy ko‘rsatdilar. Bandalik niyatlarimiz mustajob bo‘lg‘ay—deya soqol silab omin tutgach, jim bo‘lib qoldilar. O’ltirib Ollohga takbir aytish hamisha andak sukut taqozo etadi, ammo Sohibqironning o‘ychanliklari nechukdur to‘zimsizroq tuyular edi.
—    Bu kech mirzab chertmading, Qo‘buz?
—    Qaridim, davlatpanoh.
—    Sendin dag‘i so‘rmoqchi edik: nechun abetingni tunlari ta’lif etursen?
— Tunlari osmoni falak yaqin, davlatpanoh.
Sohibqiron horg‘in jilmaydilar.
—    She’rni Olloh dilingga soladur... aytgan eding. Illo, qo‘y bu mavhumotni, Qo‘buz. Ani sabiylarga de. Ma’lumkim, faqat Qur’oni karim Ollohdin nozil bo‘lmishdur.
—    Qur’oni karim ham nazmiy kalomdur, davlatpanoh. Kalom — Ollohning irodasi. Lavhi Olloh, aqli kull va aqli avvaldur. Illo, az vaqteki, shoir joninn asrab qolding, men kalomni qilichg‘a zid qo‘ymadim.
—    Xudo oldida shohu gado barobar, qolaversa, sen bizning vijdonimiz bo‘lding.
—    Shoirning vijdoni esa so‘z, alhol, so‘z — haqiqatdur, deb aytgan edim.
—    Kimning haqiqati, Qo‘buz?— deb keskin so‘radnlar Sohibqiron.
— Haqiqatni bo‘lishdan urush chiqodur. Sohibqironning qoshlari chimirilib, qoralg‘on keng yanoqlariga ajin yig‘ildi. Aftidan, qalqib kelgan jahlni tiyib, aytar so‘zlarini aytmadilar. Baxshi buni payqadi, o‘ychan uzoq tikilishib o‘tirdilar. Keyin sovib, «Ha, qarib qoldik...», deganday, boshlarini ohista sarak-sarak qildilar.
—    Ayo, Ayri Qo‘buz...— dedilar Sohibqiron bosh egib o‘tirganlaricha,— farosotu bashoratingg‘a tahsin ko‘p aytdik, emdi... bizning qazoimizni bashorat qilaolurmusen?
—    ... Nauzanbilloh...— deb sapchib tushgan keksa baxshi nursiz ko‘zlarini katta ochib, serrayib qoldi.
—    Rub’i maskunga fotihi muzaffar bo‘lib, saltanat qurib, ismimiz Iskandari Soniy, jam’i malikul-mulkni ilgimizg‘a oldik. Kimsaki, bizga yurak bermaydur, bir o‘limdin g‘ayri. Yer yuzida bizga bosh egmagan shu qoldi. Andin bizga omon bo‘lurmu, qachon bizga duch kelg‘ay, ayt.
Sohibqironning qora bulutdek bosib kelgan bu xunuk kayfiyatidan astoydil cho‘chigan baxshi bu dargohda ilk bor o‘zini yo‘qotdi.
—    Bandasi mehmon...— dedi ovozi qaltirab.
—    Qazoi qadar vahdati vujudning lavhi mahfuzida, ya’ni daftari a’molida qayd etilmishdirkim, andin qutulib bo‘lmas, Sohibqiron.
—    Yo‘q, ayt, qachon duch kelgay? Biz bilishimiz kerak. Yetti iqlimning oshubi gardanimizda, ulgurishimiz kerak.
—    Faqir avliyo emasmen, bashorat qilmam, agarchandikim, malikulmavt yuz ko‘rguzsa aytib yig‘lagaymen.
— Io‘q, chalg‘itma, ayt, qachon?!
Yo rab! «Kulli yavmin batar... «Sohibqironning chehralari qorayib, ko‘zlari yondi. Nahotki, moumanlik aziyatidin vos-vos bo‘lib, nafsilavvomadin pushaymonlik yetib, vahimada qolg‘on bo‘lsalar? Alhol, yuzlarig‘a so‘z aytmoq ham xavfli edi. Ammo Ayri «yo‘q»qa yana «yo‘q» dedi. Sohibqiron vujudlarini o‘t olganday, o‘rinlaridan turdilar.
—    «Kalom» dersen, «Mehmon» dersen, dag‘i «vahdati vujud...» Saroyimizda isqirt jandangni tark etmay, necha yil yurding, indamadik, so‘fiy! Ustozing Shoh Mansurning terisini shilgan edilar, yo seni
ham...
Ayrining shu jandadan bo‘lak yo‘qotadigan shay’i yo‘q, so‘z esa uning sohibi edi, aytdi:
—    Bu xirqani murshidim yelkamg‘a yopganlar, ul zotning ramzi hollaridurkim, yechilmag‘ay. So‘fiylarning shayxul mashoyixi Hoja Ahmadga esa Yassida muhtasham maqbara insho etgan sen eding, davlatpanoh. Men so‘fiy emasmen, ilmim g‘arib.
—    Bas! Har ikki so‘z aro bizni mot qilmoq dilingda iddaodur... Ko‘lankang ko‘rinsa o‘lim yodimg‘a tushar, nega aytmaydur, nega aytmaydur, deb shivirlaydur shaytoni la’in. Tunlari nag‘mang halovatimizni oladur, illo... aytmaydur, aytmaydur,.. Sen shoir emas, shumqadamsen!
Ayri Qo‘buz angladikim, asab tarangligi tobiga yetdi, endi gap qaytarish u yonda tursin, tasalli so‘zi ham kor qilmas. U so‘zsiz, ta’zimkorona bosh egaroq, orqasi bilan yurib, ostona tomon chekindi. Eshikka yetay deganda haligi tarang asab uzildi chog‘i, gapni bo‘lib beruxsat chiqib ketayotgan xirqapo‘shni ko‘rgan Sohibqironning jaxl xurujiga kuchlari yetmay, «Mirg‘azab!», deb yuborganlari eshitildi. Bo‘lar ish bo‘lgan edi. Mardud shoir shu sovuq tovushdan suringandek, shartta orqa o‘girib saroydan chiqib ketdi.
So‘nggi paytlar Sohibqironda bunday nogahoniy holatlar bo‘lib turardi. Sovuq ter bosgan manglaylarini ushlab, egilib qoldilar. Nima bo‘ldi? Nima qilib qo‘ydik? Bu dargohga beijozat kirib, beijozat chiqib ketadirgan bittayu bitta devonai dilovar shu edi...
Beixtiyor eshikka qayrilib qaradilar. Ostonada qizil gardanpo‘sh yopingan, yuzi murdaday oq, lekin soqoli qop-qora mirg‘azab qo‘lini ko‘ksiga qovushtirgancha ikki bukilib turardi.
— Yo‘qol!—deb qattiq tovush bilan jerkidilar Sohibqiron titrab. Sharpasiz kirib kelgan jallod xuddi shunday sharpasiz g‘oyib bo‘ldi.
Sohibqiron beadad iztirobda to‘lg‘anar edilar. Xonadan-xonaga shahd bilan yurib daru darichalarni lang ochtirdilar, go‘yo havo yetishmas, dunyo tor edi. Bunday paytda jonlariga ora kiradigan, taskin so‘zini, yo haqiqat so‘zini topib aytadigan, goh beozor, goh dil-zor mahramlari qani?! Bormidi u, yoki tushlariga indimi?
Yo‘q, u hali, mumkinki, kirib keladi. Ijozatsiz, ayni mavrudida kirib keladi... Xudo xohlasa!
... Ammo Ayri Qo‘buz qaytib kelmadi.
Uning o‘rniga shunday xabar yetdikim, shoiri devona tun uxlamay, shu tong oldidan rixlat topibdur. Xudo rahmat qilg‘ay.
Qandoq?
Shundoq. Tinch va beozor. O’z hujrasida cho‘zilib yotib, gap-so‘zsiz jon taslim qilibdur, tongda kirsalar, oq soqoli engagiga tarashaday tikkayib turganmish. Takya bakovulining aytishicha, marhum tuni bilan uxlamay, yuvinib-poklanib, saripoy oq kiyibdi. Va aytibdiki emishkim, «Inshoolloh, tekinga qolgan bu jon ham asqotdi: ul buyuk zotni bir gunohdan asrab qolishga yaradi», deb...
Bu xabar Sohibqironning ichlarini laxcha cho‘g‘day o‘rtab o‘tdi. Og‘ir yaralardan siqtamagan, yolg‘izlikda noiloj ingrab yubordilar. Sovuq edi, badanlari sovuq, ark sovuq, olam sovuq...
Hutning avvalida Chin-mochindan yalavoch chopar kepib, yana bir sovuq xabar yetkazdi. Qoshg‘arga qalmiq qaytag‘alari oralab, musulmonlarni qaqshatib talon qilayotgan emish. Jattaning bu elati yovqur bo‘ladi, nima qilmoq kerak?
Bunday savol tug‘ilganda Sohibqiron hamisha tolisi harb chorlab, musolahat qilar edilar. Bu gal arkoni ashrafu umaro Shahrisabzda mashvarat qurdi: yurish kerakmi-yo‘qmi?
Sohibqiron turli fikrlarni, goh jo‘shqin, goh so‘lg‘in nutqlarni uzoq tinglardilar-u, ammo zohiran nechukdir loqayd qoldilar. Keyin Konigil tepaligida chodir qurib, Xitoy elchisini qabul qilganlarida, uning chinniy sovg‘alarini olib ra’iyaga ulashganlarida ham, ziyofat berib amirzodalarga maluqona xil’at yopganlarida ham yurish xususida ma’lum qarori qat’iyatlari bidanmadi. Nimanidir yo‘qotganday, bo‘shang, hamon loqayd va parishon edilar. U zotning beqaror ikkilanishlari amiru sipohlar ko‘nglini ham ikkiga bo‘ldi. Inoq bahodir Chin-mochinga yurishning qizg‘in tarafdori edikim, uning atrofida bir sipohiy guruh jolis qilar, «Yovning yag‘mosini kutmasdan saflarini buzib g‘orat qilurmiz!», der edi Inoq bahodir. Qoshg‘ardan kelgan chopar ko‘p sergap ekan, ziyofatda kayfi oshib, lof urdikim, tushkun kayfiyatdagi sipohlarning qulog‘i uning og‘zida edi:
— ... Uch fil ustida temir daraxtidin bir hujra,— der edi chopar hovliqib,— andin siyosat bilan ovoz chiqaradikim: «Ey, turk, bu fillar har biri necha shahru kentni vayron qilg‘on besh yuz yoshar jangarilardur, kim muqobil bo‘lsa raxtini yelkaga olur, taxti-baxtini barbod urur» deb.
Qarorgohda g‘ovur tinmadi, olampanoh esa sukutda zdilar....
Axiyri, Sohibqiron lashkaru arkoni davlat bilan O’tror mavzeiga ko‘chishga amr-farmon berdilar. Ul mavzeda yurish oldidan lashkarlarning uch oylik ko‘rigi bo‘lishi lozim edi. Ammo bu safarga bari bir Sohibqironning oyoqlari tortmas, shashtlari past, tunlari dillarida zafar umidini porlatguvchi Ayri Qo‘buz abyoti ham yangramas edi! U zot bunday so‘nuq pallalarda lashkar tortib o‘rganmaganlar.
Saryom shahri yaqinidan Aras suyi oqib o‘tar edi. Bu yerning osmoni sokin, qishning ayoz tunlari uzun va behalovat. Bedor kechalarda Sohibqironning quloqlariga qo‘buz ohanglari kelib urilar, sayr soatlari go‘yo Ayrining arvohi ta’qib etar edi: «Gunohimizdan kech, ey shoiri devona, zafarimizni karomat qilg‘il...»
Shunday behalovat ayoz tunlarning birida Sohibqiron o‘rda ravoqidan horg‘in yurib chiqib, sohildagi soy toshiga kelib o‘ltirdilar.
To‘qson edi. Uzoq va ma’yus o‘y surdilar, xotiralar og‘ushida qoldilar. Bu vaqt ulug‘ zotning o‘g‘illari Shohruh Hirotda hokim, Mironshoh to‘ra Bag‘dodda sulton, nabiralari Sulton Muhammad Kandahorda valiy-ahd — barini yodladilar. Mashriqdan Mag‘ribgacha hukmlari yurar, yetti yuz mo‘‘tabar bekzodalar xizmatlarida qoyim, barini yod etdilar. Xirqapo‘sh, nag‘makashning so‘zlarini xotirladilar: «Jahongirlarga bo‘yin egmadim, insonga qulliq qiladurmen...» Yo‘q, Ayri, afsus, jahongirdan hayiqar eding. Shuning uchun nimanidir aytmading, nimanidir yashirib olib ketding. Nega?,.
Uzoq va ma’yus o‘y surdilar Sohibqiron. Shunda tonggi sohilning bir bodi badi muxolif kelib, tuslari tag‘ayyur tepib... Falakning yuzi qoraydi...

1963 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.