OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Qora domla (hikoya)

Qishlog‘imiz Shovvasoyning yassi sohili bo‘ylab cho‘zili-ib ketgan. Shunday cho‘zilganki, narigi tikka qirg‘oqqa chiqib qarasangiz, shakli xuddi kattakon yashil chumoliga o‘xshaydi: beli ingichka, boshi uzilay deb turibdi. Shuning uchun qishlog‘imizning oti ham ikkita: «boshi» ya’ni Shovvasoyning yuqori oqimidagi kichik qismi Bolokapa, etagi — Quyikapa deb ataladi. Qishloq nohiya markaziga aylanganidan beri, ayniqsa Quyikapa hisobiga yana ham yoyilib, ajabtovur kent bo‘lib qoldi. Yeri toshloq, har bahor soy toshib, sel kelib bezor qilsa ham, xalq mana shu sohilga naq yopishib olganday, aholi ko‘payaveradi: suv serob, bog‘-rog‘ tutash...
Bolokapa bo‘lsa yersiz, siqiq joy, tog‘-tosh orasida rivojlanmay qolib ketdi. Maktabi ham pastakkina sinch-sovuq binoda, to‘rt sinfli boshlang‘ich maktab. Maktabning joni esa — Bolokapaning birdan bir ziyolisi Qora domla.
Bu laqab bo‘lmasa kerak, chunki u kishi uncha qora emas edilar, asli otlari Qoravoy bo‘lsa ehtimol, biz bilmadik, ishqilib katta-kichik hamma uni orqavoratdan Qora domla, o‘ziga esa Domla deguchi edi.
Qora domlaga o‘rganib qolgandik, kunimiz shu kishi bilan o‘tar, domla bo‘lmasa nima qilarimizni bilmay zerikib qolardik. Ayniqsa, bahor, erta kuz kunlari domla bizni zax sinf hujralarida olib o‘tirmay, tabiat qo‘yniga boshlab chiqar, toshloq yo‘llar oralab Shovvasoyning yuqori oqimiga qarab turna qator bo‘lib yurardik. Bu yerda domla yaxshi ko‘radigan ajoyib joylar bor: toshlar orasidan o‘sib chiqqan na’matak butalari, quyoshda qizib yotgan supaday-supaday xarsanglar. Shovvasoy esa o‘z nomiga yarashiq — shovvalari ko‘p, suv uchquniga boqqanda nuqtasini topib tursangiz naykamalak ranglarining tovlanganini tomosha qilasiz. Bu yerlarni domla ham, biz ham tushlarimizda ko‘rardik. Sayohat payti goho to‘xtab, silliq soy toshlariga o‘tirib, domlaning tabiat haqida, Shovvasoyning boshlangan joylaridagi sovuq chashmalar, suvning necha ming yillik mehnati tufayli paydo bo‘lgan ko‘m-ko‘k va zahkash daralar, chaqir xarsanglar yumalab, tarashlanib mana bu silliq soy toshlarining paydo bo‘lishi haqidagi hikoyalari ruhimizda tabiatning salqin soy havosining shavqi bilan qorishib ketganidanmi, hamma narsani unutib quloq solar edik. Bularning ko‘pini o‘zimiz ham taxminan bilardik albatta, lekin domlaning gapirishlari bo‘lakcha, u kishi go‘yo shularning barini bir umr unutmanglar, deb uqtirayotganday, o‘z muhabbatini ham qo‘shib dilidan so‘zlardi. Nazarimda, hammadan ham bizning og‘iz ochib quloq solganimizdan xursand, shundan rag‘batlanar, unga sari toshib gapirar edi.
Bizning eng xush ko‘rgan joyimiz — qayoqdanam kelib qolib tosh ostidan o‘sib chiqqan ikkita jiyda soyasidagi ko‘rpadekkina maysazor. Bu yerda uzoq qolib ketishimizni bilib, nonimizni ham belimizga tugib kelardik. Asli bu joyda ortiqcha qiziq narsa yo‘q, faqat narigi tikka qirg‘oq, undagi qaldirg‘och uyalari, oldimizda esa yoyiq oqqan soy: uning shovqini bu joyda ancha bosiq, shuning uchun jon orom oladi. Undan tashqari, domlaning aytishicha, narigi sohildagi jarlikda xarsanglar ostidan otilib chiqqan muzdek buloq jimirlab yotibdi ekan.
— Diqqat bilan qarasanglar, buloq suvining soyga qo‘shilolmay anchagacha qorayib oqqanini ko‘rasizlar,— deydi Domla.
Biz tosh ustida tikka turib qaraymiz. Chindan ham, tiniqligidan cho‘yan singari qorayib oqqan buloq suvi toshlar orasidan ko‘piklanib kelgan oqishroq soysuviga xuddi qilichday sanchilib turibdi.
— Sizlar qimirlamay o‘tirib turinglar,— dedi bir kuni Domla. Uzi pochalarini ko‘tarib, yenglarini shimarib, choy qaynatadigan tunuka choynagimizni oldi-da, soyga kirdi. Biz Qora domlaning mushaklari o‘ynab turadigan paylari, chayir bilagu boldirlarni o‘shanda ko‘rdik. Kuchli odam edi u. Toshdan toshga sakrab, goh noxos sirg‘anib tushib, beligacha shalabbo, biz tomonga qaragancha kula-kula sohilga chiqib qoldi. U yerdagi siyrak quvoqzorda anchagacha ivirsidi. Biz nima qilayotganini bilolmay qarab o‘tirdik. Intizomli edik, domlaning chizgan chizig‘idan chiqmasdik.
Anchadan keyin choynakni boshiga ko‘tarib, hali belgilagan toshlari ustidan sakrab-sakrab, yiqilmay-qoqilmay bu yoqqa o‘tib keldi. Sochlarigacha ho‘l, katta ish qilib qo‘yganday xursand edi. Nima ajoyibot, yo bir mo‘‘jizani boshlab keldi, deb betoqat kutib o‘tirsak, choynakda oddiy suv!
— Buloq suvi, tatib ko‘ringlar!— dedi,—hali munaqangi shirin suvni ichmagansizlar. Nonlaringni olinglar, nonushta qilamiz!
Domla ixlos bilan ta’riflagani uchunmi, ochiq havoda yurib ochiqqan ekanmizmi, yo chindan ham suvning o‘zi shunaqamidi, ishqilib bizga shu qadar shirin tuyuldiki, hindu tseylon choylaringiz uyoqda tursin. Suv ichganday emas, sof havodan nafas olayotganday vujudingiz yayrab rohat qilasiz. Sovuqligi ham beozor, mayin, shishadek tiniq, ichgan sari ichkingiz keladi. Nonimizni ham ivitib yeb qo‘ydik. Domla ko‘rib kelgan bulog‘ining ta’rifini qilardi. Keyin, bu mo‘‘jiza oldida so‘zlari ojizligini sezib, va’da qildi:
— Ikki haftada soyda suv qaytadi, kelgusi safar hammanglarni u qirg‘oqqa olib o‘taman, buloqni ko‘rasizlar.
Jiyda soyasida bir pas dam olib, Shovvasoyga suqlanib o‘tirdik. Shovvani qancha tomosha qilsangiz ham zerikmaysiz. Suron bilan tosh yumalatib, ko‘pirib oqishidan bo‘lak hech narsasi yo‘g‘u, baribir zerikmaysiz.
Narigi sohilda bir qiz bilan bir yigit paydo bo‘ldi. U tikka qirg‘oqdan qanday tushib kelishdi — bilolmadik, butazorda biron aylanma so‘qmoq bordir-da. Yigit poychasini shimarib olgan, ikkisi ham oftobda pishib, yuzlari bo‘g‘riqib ketgan; buloqni topib borib uzala tushgancha rosa suvga to‘yishdi, yuzlarini chayib bir-birlariga suv sachratib o‘ynashdi, yayrab ketib, xoli joyda ekanliklarini unutishdi, shekilli, xuddi o‘z uylaridagiday qiy-chuv qilishdi. Biz kino ko‘rganday kulib qarab o‘tirdik. Chindan hammasi xuddi kinodagidek edi. Narigi tikka qirg‘oqning tepasida katta yo‘l bor, og‘ir-engil mashinalar g‘iz-g‘iz o‘tib turibdi. Shu atrofda buloq borligini bilgan yo‘lovchilar, ayniqsa shofyorlar goh to‘xtashadiyu, pastga tushish uchun yo‘l topolmay chanqoq lablarini yalagancha attang deb yana ketishadi. Lekin bir-ikkitalari ilojini topib pastga tushishdi ham. Ayniqsa qaytib chiqish mushkul edi. Nishabroq joylarni tanlab tirmashishsa-da, baribir toshlar yumalar, tuproq ko‘char, sirg‘anib ketib tizzalari, tirsaklari shilinar, xullas buloqning shirin suvi tatimas edi. Bir amallab, azobda ko‘tarib chiqqan qimmatbaho suvlari tirnalgan yara-chaqalarini yuvishga ham yetmasdi.
Biz bir kulamiz, bir achinamiz. Ana katta yo‘lda brezent yopilgan yuk mashinasi kelib to‘xtadi. Avval shofyor tushib, qirg‘oq tepasida turgancha, bilar ekan shekilli, buloq tomonni — pastni ko‘rsatdi. Brezent ostidan chiqib kelgan besh-olti yosh-yalang, hammasi sho‘x, olov, hech narsadan qaytmaydigan boshvoqsizroq bolalar ekan chog‘i, yo‘l tanlab ham o‘tirmay, o‘zlarini jardan tashlashdi. Tosh-tikan demay, ketlari bilan sirg‘alib, ildizlarga tirmashib, xuddi buloq sapchib yotgan joyni mo‘ljallab tusha boshlashdi. Lo‘mboz-lo‘mboz tuproq nurab, chang-to‘zon ko‘tarildi, toshlar yumalab biri — ikkinchisiga urilib, tog‘ ko‘chkisiday suron turdi. Haligi beboshlar bir-birlariga baqirib chaqirar, o‘zlari ko‘rinmas edi. Domla o‘rnidan turib ketdi. U haligilarning birontasi mayib bo‘lmasa, fojea yuz bermasa edi, deb xavotir olardi. Anchadan keyin, ko‘chki tinib, buloq boshida chang buluti bosilgach, sho‘x ovozlar, chinqirib aytilgan behayo so‘zlar, kulgi aralash baqiriq-chaqiriqlar eshitildi. Buloq boshida haligilarni ko‘rgach, domla joyiga o‘tirdi. Uning yuzida boyagi xushnud shu’la o‘chgan edi.
— Bunaqada bir kun emas bir kun buloqning ko‘zi yumilib ketadi...— dedi u ma’yus ko‘zlarini narigi sohildan uzmay,— Yaxshilab pillapoya qilib qo‘yish kerak edi, Nima ko‘p — Shovvasoyda tosh ko‘p. Serqatnov yo‘l, o‘tgan-ketgan zinadan sakrab-sakrab tushib muzdek buloq suvida yuzini chayib, hordig‘ini tashlab, chanqoqbosdi qilib ketardi. Jumlai fuqaroga tatiydigan shirin buloq. Savobtalab bo‘lsang yo‘lovchiga bir piyola suv ber, deganlar... Afsus, Ispolkomning qo‘li kalta-da. Bekorchi bo‘lganimda o‘zimoq urinardim, shu ishga...
Biz Qora domlaning keyingi so‘zlariga, shunchaki aytdi-qo‘ydi-da, deb e’tibor bermadik. Bolalik ekan, «buloqning ko‘zi»ni, kipriklari pirpirashini, kalta qo‘lli Ispolkomni tasavvur qilib o‘tirardik. Orada Sotti merov deganimiz bo‘lardi, semiz, dangasa, ochiq havoda uyqu bosib, mukka ketmaslik uchun cho‘p bilan qumga har xil suratlar chizib o‘tirardi. Qarasam qo‘li kaltagina odamning rasmini solibdi. Ispolkomni odam deb bilsa kerak. Suratga qarab kuldim. Qiziq, qo‘li kalta odamning oyog‘i uzun bo‘lib ko‘rinar ekan...
Biz, bolokapalik bolalar, boshlang‘ich maktabni bitirgandan keyin har qayoqqa tarqab ketdik. Kimdir Quyikapadagi o‘rta maktabga qatnaydigan bo‘ldi, kimdir shaharga jo‘nadi, kimdir ota-onasi bilan butunlay ko‘chib ketdi. Men o‘shandan keyin Qora domlani ko‘rmadim. Shuning uchun buyog‘iga u haqda eshitib bilganlarimnigina hikoya qilaman.
Qora domla pensiyaga chiqqandan keyin shirin buloqqa tushadigan tosh zinapoya haqidagi niyatini amalga oshirish uchun bel bog‘ladi. Nafaqaxo‘rlikda zerikib qolganidan emas. U hali baquvvat, ezgu orzu esa chindan ham xayolini butkul qamrab olgan edi. Buloq atrofida kun bo‘yi aylandi, tikka qirg‘oqning o‘pirilmaydigan nishab joylarini timirskilab o‘rgandi. Toshga o‘tirib uzoq o‘y surdi.
Shovvasoy supaday-supaday toshlar orasidan buralib oqar, shovullashlari uzoqdagi tog‘-tosh, yashil, zax daralar hikoyasini so‘ylaganday battar xayolga toldirar edi. «Nechta pillapoya bo‘lishi mumkin», deya bir qo‘li bilan boshidagi do‘ppisini ushlab qirg‘oqning balandligini chamaladi, domla. «Nishabini tanlab aylanibroq chiqilsa, 40-50 pillapoya bo‘lar... Qanchaga boradi bu ish? Yolg‘iz o‘zi say’ etsa o‘tgan-ketgan bir nimalarni o‘ylamasmikin? Hay, bunisi go‘rga. Birov machit insho etadi bu dunyoda, birov — kutubxona. Qoravoydan bir zinapoya qolsa qolibdi-da. Savobtalab qariya, u dunyoligini o‘ylab qopti», desa der.
Qora domla, ochig‘i avval savob haqida o‘ylagani yo‘q, buloqni saqlash, uni odamlar uchun ardoqlab qolish haqida o‘yladi. Axir toliqqan yo‘lovchi, shofyor-mofyor, yosh-yalang, bola-chaqa xarsang zinadan yugurgilab tushib, saratonda ko‘ksini sovuq toshga berib, oyna buloqdan muzdek suv ichsa, yuzini chaysa, ruhi ravshan tortib atrofga qaraydi, tabiatning kamtarin yashnashini dilidan sezib, nimadandir mamnun bo‘ladi. Buloq tiniqligi ko‘zlarida, shu kun — qalbida, Shovvasoyning bir maromda shovullashi esa quloqlarida qoladi... Qora domla shularni o‘yladi, ammo-lekin savob degan so‘z ham ko‘nglining allaqaerida aylanishgani aniq, buni tan olish kerak.
O’y-xayollar tiniqib, dilda niyat qaror topgandan keyin cho‘kich-ketmonni yelkalab keluvdiki, rejaning andak xomligi bilindi: pillapoyaga toshni qaerdan oladi? Soy toshi yaramaydi, tikka jarda uning o‘rnashuvi mushkul, xavfli. Bunga yassi xarsang yo bazalt kerak. Bazalt degani taxta-taxta bo‘lib qatlanadigan qizg‘ish qumtosh, zinabop bo‘ladi.
Shovvada har xil toshdan ko‘pi yo‘q, albatta. Istagancha topiladi. Lekin qazib olish, tashib kelish... Birinchi kun ish yurishmadi. Asboblarini butalar orasiga yashirib, uyga qaytdi. Ertasiga tomorqaga go‘ng tashiydigan ikki g‘ildirakli temir aravachasini ham g‘ildiratib yana bordi. Yuqori oqimga yurib, ikki-uch bo‘lak yassi toshni ko‘chirib keldi. Tosh ko‘p edi, lekin kamida bir tomoni yassi bo‘lmasa, pillapoyaga yaramaydi. Qora domla qirg‘oqning tuprog‘ini toshlarning g‘udur tomoniga moslab o‘yib, dastlab topgan xarsanglarini joyladi. Toshlar cho‘kich bilan moslab o‘yilgan joyga chippa yopishganday, jips joylashdi. Domla mamnun bo‘lib, manglayini sidirib artdi-da, birinchi pillapoyaga o‘tirdi. Az’zoyi-badanida og‘riq sezdi, bunday charchashni o‘ylamagan edi. Shunday bo‘lsa ham, buni pensionerligiga emas, tosh ishiga, pastu baland yo‘llar azobiga yo‘ydi. Birinchi kun axir, o‘rganib ketadi.
Mana, dastlabki ikki pillapoya, oqarib-buralib tepaga chiqib ketadigan bo‘lg‘usi zinapoyani ko‘z o‘ngiga keltirsa bo‘ladi. Shirin buloq zinapoyasi, Qoravoy domla zinapoyasi! U tosh zinaning shunga o‘xshash nomlar bilan tildan tilga o‘tib mashhur bo‘lib ketishiga shubha qilmasdi. Yo‘g‘-e, yana o‘sha gap... Shaytonga hay bermasa bo‘lmas. Yana shunday savob... Odam xayol suraversa oddiy ishdan ham, jinday g‘araz deymizmi, minnatmi, manfaatmi — kelib chiqaverar ekan. Yaxshisi o‘ylamaslik kerak.
Qora domlann ikki narsa qiynardi. Biri — yurakning zo‘riqib hovliqishi, hansirash, nkkinchisi — tosh masalasi. Birinchisi — go‘rga, tez-tez dam olsa o‘tib ketadi, bu yoshda bo‘ladigan gap. Lekin ikkinchisi muammo...
Bir necha kundan keyin aravachasini sudrab qadimgi qadrdoni Sadr sangtaroshning oldiga bordi. Oshnasi katta yo‘lning nariyog‘idagi qabristonning pastida ustaxona tutardi. U yerdan keladigan betinim taq-tuq, chiq-chiq, cho‘kich bilan iskana tovushi go‘riston jimligini doim buzib turadi. Qora domla borganida usta semiz, soqol qo‘ygan, to‘nkaday toshlarni chap oyog‘i bilan surib tashlaydigan anqovroq shogirdi Polvon bilan ochiq bostirma tagida ishlayotgan ekan. Mehmonni ko‘rib, yiltillab ketgan brezent peshgirni yechdi, gardishiga charm qoplangan ko‘zoynagini asboblari yoniga qo‘ydi.
—    Kel, Qoravoy.
—    Omonmisan, Sadriddin og‘ayni? Quchoqlashib ko‘rishdilar. Ular bo‘y-basti qotmaligi, qoramag‘izligi yana bosiqlikmi, mulohazakorlikmi, nimalari bilandir bir-birlariga o‘xshab ketishar, chetdan qaraganga aka-ukadek edilar.
—    Hay...— dedi Qora domla tosh kursilarga o‘tirib, omin tutganlaridan keyin. Ustaxonaning peshtoq tomoniga suyab qo‘yilgan sag‘ana yodgorliklariga ko‘z soldi. Tarashlangan yapasqi xarsanglar, katta-kichik bazalt toshlari, onda-sonda marmar bo‘laklari, biriga arab imlosida qandaydir yozuvlar, raqamlar o‘yib  bitilgan, biriga sellofanli to‘garak fotosurat o‘yma qilib yopishtirilgan, biri hali chala.
— Buyurtma serob deyman?
—    Shukur deb bo‘lmaydi, oshna! Ammo dunyo ekan, bandasi omonat, ishsiz qolganimiz yo‘q. O’zing qalaysan?
—    Alhamdulillo, senga mijoz bo‘lgunimcha yo‘q,— domla o‘zi boshlagan ishi haqida gapirib berdi.
—    Yaxshi niyat qilibsan, og‘ayni,— dedi usta Sadriddin,— o‘likdan o‘lja yiqqandan, tirikka tekin xizmat qil, degan mashoyixlar. Qani endi har kim hech bo‘lmasa bitta buloqning ko‘zini ochsa. Savob ishga qo‘l uribsan, Qoravoy.
—    Gap savobda emas. Ko‘ngil... Xo‘sh, o‘zingchi, o‘zing qancha olasan mana bularga?
—    Biri besh so‘m, biri o‘n so‘m, har xil.
Ko‘rdingmi, aslida har biriga haftalab ko‘z nu-ringni to‘kasan, o‘pkangga tosh gardi yuqadi. Quloqlaring bitib ketadi. Besh so‘m, o‘n so‘m, qancha arzon pul-lasang savobi shuncha katta.
—    Qo‘ysangchi, Qora, xayolga kelmagan gaplarnn gapirasan. Bizga kulfatzada bandalar keladi. Savobga-ku, qarshi emasmiz. Lekin insof kerak, jo‘ra.
—    Ana endi o‘zingga kelding, bizniki ham shu. 
Polvon choy damlab kelib, tosh ustiga qo‘ydi. Qora domla ustaxona orqasidagi qiyaliklarga ko‘z soldi. U yerda nishxo‘rdga chiqqan xarsang bo‘laklari dumalab yotar, undan narida ham necha yillik uyumlar oqarib ko‘rinar edi. Sangtaroshning o‘g‘li beton zavodida muxandis, otasiga har zamonda samosval topib berib, Shovvasoyning yuqori oqimlaridan sag‘anabop yassi xarsanglar yuklatib keladi. Nishxo‘rd ko‘p chiqadi, albatta. Biri tashiganda sinadi, biri iskana uchi tekkanda darz ketadi, biriga tish o‘tmay tashlavoriladi. Qora domla aslida mana shularni o‘ylab kelgandi. Qadrdoni ham ortiqcha gap-so‘zsiz tushuna qoldi.
—    Muxandisga aytay, samosvalda eltib tashlaydi.
—    Io‘q, har kuni kelib, aravachamga ikki-uchtasini tanlab-saralab yuklab ketaman. Shoshadigan joyim yo‘q, seni ham ko‘rib turaman bahonada,— dedi Qora domla.
Shunday qildi ham. Deyarli kunda keladigan bo‘ldi. Olib borgan ikki bo‘lak toshini yer o‘yib joylaydi-da, yana bir pillapoya ko‘tarilganiga ko‘ngli o‘sib, do‘sti yoniga keladi.
—    Bo‘lyaptimi?
—    Bo‘lyapti.
O’tirib choy xo‘playdilar. Polvon domlaning aravachasiga brak bo‘lgan zinabop yassi xarsanglardan yuklab beradi.
Bir kuni qarasa, Polvon uch gaz keladigan yaxlit, yassi bazaltni aravachaga joylab qo‘yibdi, qanday ko‘targan — xudo biladi.
—    Yo‘q, buni olmayman,— dedi domla,— tupkaning tagidan yuklab kelingan mol-a! Eshakka tilla tushov bo‘ladi, bu. Olmayman.
—    Olaqol, bizda ko‘p.
—    Yo‘q, o‘zingga kerak bo‘ladi, egasi kelib qolar... Qara, tabiatning o‘zi tarashlab, sag‘anabop qilib qo‘nibdi. Tushur, Polvon uka!
—    Hay, mayli, tushur,— dedi usta.— Aytganingday, egasi kelib qolar.
Shunday qilib, Qora domla kun ora kelib yuklab ketgan toshlaridan binoyidek zinapoya tiklay boshladi. Yuqorida aytganimday, toshlarning notekis tomoni pux-talab tuproqqa chippa yopishar, oqarib ko‘ringan pillapoyalar qiyalikning nishabroq joylaridan eshilib-buralib kun sayin tepaga o‘rlab borar edi. Domla gohi qora terga botib holdan toyadi, sangtaroshning bostirmasida bir pas o‘tirib choy ichadi. Hordiq chiqaradi-da, aravasini sudrab borib, ishga tushadi. Ba’zan qattiq charchaganida tizzalari qaltirab zinaning tikka qirg‘oq tepasigacha chiqib borishiga ko‘zi yetmay qoladi.
Shunday kunlarning birida yelkasiga belkurak tashlab Sotti merov kelib qoldi. Yodingizdadir, bu — hov o‘sha, tabiatni mahliyo bo‘lib tomosha qilish o‘rniga qumga surat chizib o‘tiradigan sinfdoshimiz. Yolg‘iz o‘zi Bolokapada qolib ketgan ekan. Qayoqqa ham boradi. Oramizda ashaddiy «ikki»chi shu edi. Biz uni otaliqqa olib, darslarini yodlatib, obdon qiroat qildirib, imtihonga rosa tayyorlaganimizda baribir bir amallab ikkini olib chiqardi. Mana bugun bir qarashay deb kelibdi. Domla xursand bo‘ldi. «Odam bo‘pti shu merov ham» deb.
Uning bo‘yi cho‘zilgan, suyagi buzuq, oyog‘ida qo‘pol etik, qo‘li ishga chopib turardi.
Ish yurishib, zina go‘yo tepaga qarab «yo‘rg‘alab» ket-di. Sotti merov tushgacha astoydil ishladi. Lekin kechga yaqin toliqdi chog‘i, tili chiqib, achchiq-tizziq gap ota boshladi.
—    Dashti biyobonda kimga kerak ekan bu dahmaza, domla?
Qora domla yalt etib qaradi-yu, indamadi. Kutilmagan bu fikrdan esankirab merovning mishiqi bola paytini ko‘z o‘ngiga keltirdi.
—    Hamma shunga... hayron,— dedi Sotti merov. 
Domla yana indamadi. Nima ham derdi. Bu merov shogirdini tuzlab qo‘yishi mumkin edi-yu, endi... katta bo‘lib qolibdi, mo‘ylov ham qo‘yibdi. Bir chekkasi hasharga kelgan odamga qattiq gapirib ham bo‘lmaydi.
— O’tib ketgan eski dunyoning bandasi ekansiz, dom-la,— dedi merov ham indamagan sari oshib.
Domla andvshani qo‘rqoq bilgan bu merovni javobga arzitmadi. Inson bolasining o‘sish, ulg‘ayish, o‘zgarishi, bunda o‘zining, umuman domlalarning o‘rni haqida o‘yga toldi. Bularga ko‘p narsani o‘rgatdi, o‘git nasihat qildi, tabiat go‘zalliklarini ko‘rsatdi. Lekin beminnat, beg‘araz ishlar tabiatgagina emas, olamni yashnatgan bahorga, tiriklikni barqaror etib turgan sof havo va soy chashmalar, oyu-yulduzlargagina emas, insonga ham xos ekanligini gapirmagan, amalda ko‘rsatmagan ekan, o‘ylab qarasa. U Sotti haqida o‘ylamay qo‘ydi. U endi ketadi va qaytib kelmaydi. Gap bunda emas...
Bu mahal Sotti chindan ham etagini qoqib, etigini yuvib kiygandi.
— Shogirdlaringiz ko‘p, qarashvor deb chaqirsangiz bo‘lmaydimi?— dedi domlaning tundligidan battar xafa bo‘lib, — savobingizga sherik bo‘lishadi, deb qo‘rqasizmi? — dedi iljayib, belkuragini yelkalab jo‘narkan.
Shu ketgancha chindan ham qaytib kelmadi. Lekin ish to‘xtagani yo‘q. Qora domlaning dilxira bo‘lgani qoldi. Uning ilhom chirog‘i so‘ndi-yu, lekin o‘chakish shami yondi. O’chakish esa charchash, toliqish bilan hisoblashmaydi. Bir oy deganda domla tamom darmondan qoldi-yu, ammo zinapoya buralib, to‘lg‘anib qirg‘oqning eng teppasigacha chiqib bordi.
Qora domla etik yechib, soy kechib o‘tdi-da, bo‘ynilarini, yuzlarini uzoq-uzoq yuvgach, ikki jiyda soyasidagi toshga o‘tirib, o‘z ishini bamaylixotir tamosha qildi. Qarasa, o‘z mo‘ljalidan oshiq, 53 pilla poya bo‘libdi, uzoqdan oqarib yo‘lovchi-yu, sayyohlarni o‘ziga chorlab turibdi. Joyida! Domlaning ko‘ngli o‘rniga tushib, besaranjom tuyg‘ulari bosildi, malolli o‘ylari unutildi, hordig‘i chiqib, dilidan g‘ubor ko‘tarilib, bo‘g‘inlari bo‘shashib, tanasiga orombaxsh bir ilig‘lik yayradi. Joyida... Hali bu yer misli bir qadamjo bo‘lib shuhrat topadi, horg‘in o‘tkinchi chanqog‘inn bosib, ehtimol «bu zinapoyani kim qurdiykin, baraka topkur?»— deb ham qo‘yar, qari-qartang duoga qo‘l ochar, bilganlar esa balki Qoravoyni tilga olar. Yaxshi gap tez tarqaydi, zora bir chaqqon muxbir ham chiqib, gazetga chop etsa, ya’ni shundoq-shundoq niyatli odamlar bor, falon joyda shunday ezgu bir ish bo‘libdi va hokazo, deb.
Qora domla o‘z qo‘li bilan qilgan ishga suqlanib, ko‘zi to‘ymay horg‘in xayollar uyoq-buyoqqa sudrab, jiyda soyasida uzoq o‘tirdi. Quyosh oqqan bo‘lsa ham, endi bu zinapoyadan havas bilan birinchi bo‘lib tushib kelgan biron zotni ham ko‘rib ketay degan niyatda yana jindak kutdi. Qosh qoraymasdan, tepadagi katta yo‘lda ikki ayol ko‘rindi. Boshini ro‘mol bilan tang‘ib, kamzul ustidan belini bog‘lagan bu ikki xotin Shovvasoyning yuqori oqimidagi tog‘lardan do‘lana terib kelishayotgan bo‘lsa kerak, qo‘llarida og‘ir kajava, jarlik tepasiga kelib to‘xtashdi.
— Voy, ovsin, zinapoya bor ekan-ku,— dedi yoshrog‘i chinkirib. Namozshom jimligida ularning quvnoq chug‘ur-chug‘urlari yangrab eshitilib turardi. Kajavalarini boshlariga ko‘tarib, yangi zinadan birinchi oyoq bosayotganlarini o‘ylamay, hakkalab-hakkalab tushishdi. Soyaday qorayib turgan tosh va bo‘talar ortida, buloq labida ularning sho‘x qiy-chuvlari anchagacha eshitilib turdi. Domla xudojo‘y bo‘lmasa ham, qariligi tutibmi, yo bo‘lmasa shu sokin oqshomda ko‘ngli juda yayrab ketganidan, «Iloyo qadaminglar qutli bo‘lsin»— deya yuziga omin tortdi, o‘rnidan turdi.
Cho‘kich, ketmonlarini olib ketish bahonasida erta-lab kelib zinapoyani yana bir ko‘rib ketdi. Joyida. Oqarib uzoqdan chorlab turibdi.
Qattiq zo‘riqqan ekan, domla doktorga qatnab, bazo‘r o‘ziga keldi. Doktor yordam qildimi yo ko‘ngil tinchligimi, ishqilib, beldan gardanga, undan biqinga ko‘chib yuradigan zirqirashlar harna qoldi.
Ko‘ngil nisbatan tinch edi-yu, bir chekkasida nimagadir intiqlik, bir bezovta his bor edi. Ochig‘i, domla zinapoya haqida hech bo‘lmasa biron gap-so‘z bo‘lishinn kutardi. Bu kutishni birovlardan, hatto o‘zidan ham yashirmoqchi bo‘lardiyu, eplolmasdi. Buloq obod sayrgoh bo‘libdi, yosh-yalang yayrab qolibdi, katta yo‘lda hamma to‘xtab o‘tarmish, degan gaplar bir necha haftadan keyin yetib keldi. Ammo na buloq, na zina va na domla haqida gazet-pazetda hech narsa chiqmadi...
Aytnshlaricha, bir havaskor muxbir nohiya ro‘znomasiga maqola yozib olib borgan emish, muharrir ko‘rib, «Xo‘sh, nima, Dneproges qurilibdimi, bu haqda butun boshli maqola chiqarsak?! «Xronika» bo‘limiga kiring, uch-to‘rt satr qilib berishsin», deya qaytarvorganmish. «Xronika» bo‘limining xodimi ham yelkasini qisib, «Yo‘q, birodar, biz xronikada jizillab turgan o‘tkir faktlarnigina beramiz. Masalan, bosqin, toshqin, yong‘in...» deya barmoqlarini bir-bir bukib uzoq sanab, havaskorning hafsalasini pir qilibdi.
«Xronikabop» jizillagan o‘tkir voqealar haqidagi ovoza bir necha oydan keyin tarqala boshladi.
Avvalo qandaydir bir guruh yoshlar obod buloq labida ulfatchilik qilib, qattiq mushtlashishdan keyin, boshi shisha bilan urib yorilgan birovi kasalxonaga olib kelinganmish... Bu mish-mish yetib kelgan kuni Qora domla gangib qolganidan, pensiya olgani borish yodidan ko‘tarilib, oilasida xafaqonlik yuz berdi. «Ha, esi pastlar, aroq ichadigan joymi-ya!» deya, kechasi bilan g‘o‘ng‘illab, uyqu ololmay, uyoq buyoqqa ag‘darilib chiqdi. Yaxshi hamki, bu gap gazetada chiqmay, el og‘zida qolib ketdi. Bundan keyingi ovoza ham mish-mish darajasida bo‘ldi: Kimdir Qora domlaning zinapoyasidan yiqilib, oyog‘inn sindirgan emish. «Emish» bo‘lsa ham, bunisi domlaga qattiq botdi, chunki xalq og‘zidagi gapda «Qora domla zinasi» degan so‘zlar ham ora-chora quloqqa chalinar edi. Domla ezilib ketdi.
Bundan keyingi voqea esa gazetada do‘mbira bo‘lib, o‘lgan ustiga tepgan, deganday, domlani astoydil esankiratdi. Markazdan kelayotgan bir taniqli oila quvnab-yayrab buloqdan suv ichib chiqsa, katta yo‘lda qolgan «Volga» mashinalari yo‘q emish! Taxminlarga qaraganda, bu xoli joyda shunaqalarni atay poylab chakalakzorda yotgan «shaytonlar» shartta haydab ketishibdi.
Hali shunday poylab yotadigan «shaytonlar» ham chiqibdi desangiz-chi! Domladan sovuq ter chiqib ketdi. Xayriyatki, bu gal gazetda uning nomini tilga olishmadi. Olishsa o‘rni bor, nojo‘ya bo‘lmasdi. Xudo saqlabdi. Yo tovba...
Usha haftaning o‘zida «Xronika» chashmada noma’lum bir qizni zo‘rlab ketishganini xabar qildi. Shundan keyin bir oycha tinch bo‘lib, domla endi o‘zimga keldim deb turganida, buloq atrofidagi butazordan o‘lik topildi. Qora domlaning bulog‘iyu zinapoyasi nohiyada odamlarning ko‘ngliga dahshat soladigan xavfli joyga aylandi. O’zingiz bilasiz, el oshirib, qo‘shib-chatib ham gapiradi, ko‘p o‘tmay o‘sha joylarda hech narsadan tap tortmaydigan kallakesarlar ham paydo bo‘lganmish, degan gap tarqaldi. Kim biladi deysiz...
Qora domla bosh ko‘tarib ko‘chaga chiqolmay qoldi. Yaqindagina, qilgan ezgu ishimni bir og‘iz gazetaga ham yozishmadi, deb ichidan xafa bo‘lib yurgan odam, bugun birdan yomon otlig‘ bo‘lib, o‘sha zina haqidagi niyatni diliga solgan kuni-soatini kechalari bilan la’natlab chiqadi. Uyda o‘tirib, cho‘kib-bukchayib qoldi.
Qulog‘ini bekitib o‘tirgan bilan qutulib bo‘larkanmi?! Bir oycha o‘tkazib, bozor-o‘charga chiquvdi, ikki joyda notanish odamlar uni «Ana, Qora domla!» deb barmog‘i bilan turtib ko‘rsatganini payqadi. Nariroqdagi rastada bir xotin sotayotgan pomidorining ustini yopib, domla o‘tib ketguncha yuzini o‘girib turdi. Shundan keyin bozor ahli, hamma unga qiya qarayotganday bo‘laverdi, qulog‘iga «Qora domla!», «Qora domla!» degan betinim shivir eshitilardi. Uzidan o‘zi darmondan qolgan domla keragini xarid qilolmay gandiraklab yurib bozordan zo‘rg‘a chiqib ketdi.
Uyda ham uni shumxabar kutardi: hov o‘sha zo‘rlangan qizning onasi, telbami-sog‘mi bilib bo‘lmaydigan darajada, kelib domlaning darvoza xonasida sochlarnni yulib dodu suron solibdi. Ko‘ni-qo‘shnini boshiga to‘plab mudhish qarg‘ishlar aytib ketdi.
Qora domla kechasi bilan bosinqirab chiqdi. Ko‘zini yumishi bilan goh changalzorda yotgan kallakesarlar, goh sochini yulgan telba xotin, goh buloq bo‘yida uzala tushib yotgan murda, gohi bozordagi teskari yuzlar, sirli nafrat chaqnagan qarashlar ko‘z o‘ngiga kelar, o‘rnidan turib ketardi.
Oxirgi turishda obrezda yarim satil sovuq suvni boshidan quydi-da tandir biqiniga suyalgan lo‘mni yelkasiga olib, chiqib ketdi.
Tong salqin edi, yo‘tal tutdi. Yo‘tal zo‘ridan ko‘zi tingan domla Shovvasoy yoqasidagi o‘zi sevgan chakalakzor gullarini ham, undagi oqish shabnam sarinligini ham, endi uyg‘ongan chipor kapalaklarni ham ko‘rmadi. U buloq tomonga shoshardi. Qani o‘sha «shaytonlar», qani o‘sha zo‘ravonu bezorilar, qani o‘sha kallakesarlar?!
Bu darg‘azab dard uning ruhida boru, jismi bo‘shashgan edi. Zina bosib yuqoriga chiqqanida bu yana bilindi, lo‘mga suyanganicha kattiq hansirab, pastga, atroflarga ma’yus qaradi, hech zot yo‘q edi.
Tongda oqarib, namlanib yotgan zinapoya harsanglariga qaraganida, negadir ko‘zidan tomchi yosh sitilib chiqdi. Shuning zo‘ri bilan eng tepadagi birinchi pillapoya ostiga lo‘m urdi. G’azab bilan qayirib tashladi. Tosh shag‘al aralash tuproqni shovullatib o‘pir-gancha yumalab tushib ketdi. Qizishgan qariya ikkinchi pillapoya ostiga jon-jahdi bilan lo‘m urdi, jahl bilan birga qandaydir yovuz kuch ham to‘lishib ketdi. Domla nafas siqishini unutgan, qora terga botib tosh qayiradi. Qurish qiyin, yemirish oson, tepa qismini bir lahzada o‘pirib tashladi. Sal tinsa butunlay to‘xtab qoladiganday, urinib-surinib davom etar, lo‘m qo‘lidan chiqib ketsa inqillab yana olar, «mana bo‘lmasa!» deb urganida tosh chaqnab, domlaning o‘zi munkillab ketar, lekin tinmas, urar, tepar, qayirar, buzar edi.
Pastdan o‘n-o‘n ikki pillapoya qolganida ichida xuddi bir narsa uzilganday, domla «ing» dedi-yu toshga o‘tirib qoldi. Qo‘lidan chiqqan lo‘m toshdan toshga urilgancha jaranglab pastga tushib ketdi. Domla, ko‘z oldi qorong‘ulashgach, belini ushlab, qayrilgan zinapoya o‘rniga yonboshladn. Lekin u o‘z ahvolini o‘ylash o‘rniga, negadir. Sotti merovni ko‘z oldiga keltirdi: «Domla, o‘tib ketgan eski dunyoning bandasi ekansiz...» esladi-yu, ingrab yubordi.
Quyosh tikkaga kelib qolgandi, lekin uning ko‘z o‘ngi qorong‘u. «Xudoyimey,— dedi u hamon o‘z ahvolinn o‘y-lamay,— qanday kunlarga qoldik? Yaxshilik qilib bo‘l-masa dunyoda...»
Bu payt yuqorida mashinalar to‘xtab, ikkita shofyor
qichqirdi:
—    Hoy, jinni bo‘ldingmi, nega buzayapsan zinapoyani? Hey, senga gapiryapmiz! Birovlar ne azobda quradi-yu, sen buzib tashlaysanmi!!! Esing joyidami o‘zi...
Ular pastga tushishdi. Qora domla tepasida turgan odamlarni ko‘rib, o‘z ahvolini esladi:
—    Bolalar... belim...
Qarashsa, bu «tentak»ning ahvoli chatoq. Ko‘tarnshib chiqib mashinaga soldilar.
Nohiya kasalxonasida qaytalab so‘rashdi.
—    Qayoqdan?
—    Buloqdan, dedik-ku. «Qora domla» zinasida beli chiqib yotgan ekan.
—    Obbo, yana Qora domla!—dedi doktor ko‘zida va-hima bilan.
Uch kundan keyin kasalxonada Qora domlaning joni uzildi. Usha katta yo‘l yoqasidagi qabristonga yerladilar. Sadr sangtarosh Qoravoyning maqtab, aravachasiga olmay, «egasi kelib qolar» deb tashlab ketgan o‘sha katta bazalt toshga do‘stiiing nomini o‘yib yozdi-yu, do‘ng tuproqning bosh tomonida uzoq o‘tirib qoldi. Xotira toshiga qarab gapirdi:
—    Yaxshilik qilding, savobini olding-ketding ekan-da? Io‘q, undoq emas, Qoravoy og‘ayni, ovora bo‘lasan, savob degani yaxshi zamonlardan qolgan gap. Bizning kunlarda esa...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.