OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azamat Qorjovov. Farzandlar (hikoya)

Shaharga ketayotgan kunim onam Guljon momonikiga kirib o‘tishimni tayinladi. Eh, Guljon momo sho‘x edi, kampir bo‘la turib kampirlarga o‘xshamasdi. O‘g‘li Ahmadqul uyidan chiqib ketmaganida, balki hozir ham tishsiz og‘zini katta ochib kulayotgan va:
— Onangning yelkasiga o‘t yoqma, baraka topgur. Kechqurunlari vagondan karam tushirib bo‘lsayam non pulingni o‘zing ishlab top, — deb shang‘illayotgan bo‘larmidi?!
Lekin endi Guljon momo yotibdi. Aytishlaricha, et va suyagigina qolganmish.
Pastak devordan hatlab o‘tdim. Og‘ilxona oldidagi go‘ng uyumi yonida begona eshak yer iskardi. Bu hovlida mollar qani deysan? Go‘yo yerni ham Ahmadqulning kasofati urgandek yantoqdan boshqa o‘t bitmagan.
Uy tomon burildim. Tanazzulga yuz tutgan makondan hadiksirab oyoq uchida yurganman, shekilli, mushukday sassiz kelayotganimni tushunib, tomoq qirdim-da, chaqirdim:
— Momo! Ho‘v, Guljon momo...
Keyin o‘yladim: axir, o‘layotgan kampir menga peshvoz chiqmaydi-ku.
— Kiraver, momong ichkarida, — og‘ilxonadan ovoz keldi.
Qayrilib qarab, oftoba ushlagan, bukchaygan kampirni ko‘rdim: tog‘lik qarindoshi!
Qo‘sh tabaqali eshik g‘iyqillab ochilganida, ichkaridan allaqanday namlik aralash hid dimog‘imga urildi. Eski uylarning shunaqa hidi menga yoqadi. Biroq hozir olis shaharga ketyapman. Ortiqcha tuyg‘ular yuragimni ezishi mumkin. Tezroq hol so‘rab, tezroq xayrlashish maqsadida tuflimni shoshib yechib, bemor yotgan xonaga kirdim. Guljon momo paxtasi chiqib ketgan ko‘rpacha ustida shiftga tikilib yotibdi. Daf’atan:
— Ahmadqul!.. — deb seskanib tushdi. — Senmisan, bolam?
— Yo‘q, men Qo‘chqorman, momo, — deganimni bilaman, ko‘zlaridan yosh dumalab tushdi.
— Xah, bolam-a, — dedi bemor, — hozirgina tashqarida Ahmadqul chaqirdi. Uni ko‘rmadingmi? Ayt, kirsin... Kiraversin. Nega uydan ketadi?
— Ahmad akamni ko‘rmadim, — dedim aybdorlarcha. — Shaharga ketyapman, o‘qishga o‘tdim.
— Uni kimdir yo‘ldan urdi, — dedi kampir yengil xo‘rsinib. — Esligina bola edi. Uni deb oila qurmadim. Hech qiyinchilik ko‘rmadi. Yana nega uydan ketdi ekan? Kimdan norozi bo‘ldi bu bola paqir? Ha, kimdir “issiq-sovuq” qildi, ko‘nglini uydan sovitdi, mendan sovitdi.
Kampirning nolayu fig‘oni qachon tugarkin deb, yuragim siqildi. Axiyri, gapini bo‘lishga majbur bo‘ldim:
— Mayli esa, momo. Iloyim, yaxshi bo‘p keting. Manaman degan muallimlar, melisalar, oqsoqol bovalar topib kelolmagan Ahmad akani o‘zim opkelay, qani, omin! Bir duo qiling, momojon.
Uydan chiqdimu ich-ichimdan Ahmadqulni koyidim. Nima bo‘lsang ham insof bilan bo‘l-da. Kasal onani tashlab ketib, yillab xabar olmaslikni qanday atay? Qotillikmi?..
Avtobusga chiqdim. Olislab ketayotgan qishlog‘imga qarab, yuragim uvishdi. Nahotki, bir kun kelib men ham qishlog‘imni tashlab ketsam?! Yo‘q, yo‘q, aslo! Men shu qishloqning askari bo‘lib qolaman, askar o‘z vataniga xiyonat qilmaydi. Jang-jadallarda Vatan uchun jon fido etib, olg‘a qadam bosib yiqiladi...

* * *

Shahar juda-juda uzoqda edi. Uyga kelishim uchun olti-etti soatlab yo‘l bosishim, beshta transport almashishim lozim bo‘lardi. Sog‘inmaganim uchun emas, ma’lum bir rejimim borligi uchun qishloqqa uch oyda bir borardim. Diydor ko‘rishish uchun tizza bo‘yi qor kechishgayam tayyor edim.
Kunlarning birida kvartira egasi bilan kelisholmay qoldim va yangi boshpana izlashga majbur bo‘ldim. Ko‘p qavatli uylarning biriga yetganimda o‘rindiqda o‘tirgan ayollar menga ola qarash qilishdi.
— Hoy yigitcha, — dedi bittasi, — kimni axtaryapsan?
— Shu “dom”da ijaraga qo‘yadiganlar bormi?
— Bor, — deya bitta manzilni tushuntirishdi.
Ayollarning gapiga ishonadigan bo‘lsam, beshinchi qavatda bir kampir yolg‘iz istiqomat qilar emish. Ahvolidan xabardor bo‘lib turadigan suyanchiq-dastyor kerak ekan...
Qo‘ng‘iroqni uzoq chaldim. Nihoyat, ichkaridan oyoq tovushi va yo‘tal eshitildi. Eshik ochilganda, ko‘z o‘ngimdagi kampirni ko‘rib hayratdan lol qoldim. U Guljon momoga quyib qo‘ygandek o‘xshardi. Faqat bu kampir biroz yosh ko‘rinar, biroz ozoda va biroz... begona edi.
— Kim kerak? — deb so‘radi so‘lg‘in nigohini tezroq eshik ortida qoldirishga shoshilib.
— Kvartira, — dedim men. — Pastda ayollar aytishdiki, sizda bo‘sh xona bor emish.
Kampirning so‘lg‘in bag‘baqalari qimirladi. Nazarimda, u bir nima degandek tuyuldi.
— Nima? Eshitmadim? — deya gavdamni xiyol engashtirgan edim, kampir yo‘l berdi.
— Ikki kun sinayman, — dedi u eshikni qulflab. — Anavi xonada bir yildan beri kattakon ho‘kiz yashaydi. Afzal tomonlaringni ko‘rsatsang, seni opqolaman. Aks holda xafa bo‘lmaysan.
Erkaklar botinkasiga, shimiga, eski kostyumiga ko‘zim tushdiyu, allaqanday betayin kimsani tasavvur qildim.
Rostdan ham, hamxonam tuturiqsiz odamga o‘xshaydi. Negaki, ikki kun uning turqini ko‘rmadim. Uchinchi kuni esa... Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ostonada Ahmadqul turardi. Necha yillardan buyon Guljon momom yo‘liga qarayverib ko‘zdan qolgan, Ahmadqul Diydorini ko‘rmay o‘lolmayotgan... Onaizorni qon qaqshatib ketgan darbadar...
U meni tanimadi, shekilli, biron tuki ham o‘zgarmadi. Uy egasi — Maryam momo bilan hol-ahvol so‘rasha boshladi, uch kun kelolmagani uchun yig‘lamoqdan beri bo‘lib uzr so‘radi. Kampir bir soat bidir-bidir qilib nasihat o‘qidi. So‘ng non va kartoshka-piyozga pul berayotganiga tasodifan guvoh bo‘lib, ko‘zimni olib qochgan ham edimki, Ahmadqul gapirib qoldi:
— Ona, bu bola bizning qishloqdan. U qanday kelib qoldi?
— Qishlog‘ingdan bo‘lsa ajab bo‘pti! — Maryam momo hamon jahl otidan tushmay baqirib berdi. — Unga ikki kun muhlat bergandim. Sinovimdan yaxshi o‘tdi. Seni ketkazib, uni olib qolaman.
— Onajon, nimalar deyapsiz? Axir, men Sanjaringizdan ham yaqin bo‘p qolganman-u!
— Bor, — qo‘l siltadi kampir, — bor deyman! Sanjar emish!.. Sanjar...
Kampirning boshi xam bo‘lib, ichkariga kirib ketdi. Ahmadqul ham qo‘l siltadi va non, kartoshka-piyoz xarid qilgani otlandi.
— Aka, — dedim ortidan, — sizda gap bor edi.
Ahmadqul tuflisini kiyar ekan, menga savolomuz boqdi.
— Meni tanidingizmi o‘zi, — so‘radim hayratlanib.
— Tanidim, tanimasam, qishlog‘imning bolasi ekanligingni qayoqdan bilardim?! Kel, eshikni ichkaridan yopib qol, men hozir qaytaman, gaplashamiz.
U bozorchadan qaytgach, Guljon momoning ahvolidan so‘z ochdim.
— Boraman deyapman-u, hech qunt qilmayapman-da, — dedi Ahmadqul. — Shahar ob-havosiga o‘rganib qolarkansan. Sen ham bormay ketgandirsan?
— Qaniydi bo‘sh vaqtim bo‘lsayu qanot bog‘lab uchsam. Biroq siz xato ish qilyapsiz, Ahmad aka. Keyin qattiq afsuslanasiz. Momom necha marta urchuq sindirmoqchi bo‘ldi. Bilasizmi, bu nima degani? O‘lim degani, Ahmad aka!
— E, safsatangni qo‘y. Kampir urchuqni qanday sindiradi? Kuchi yetadimi? E-e...
— Shunchalik toshbag‘ir bo‘lib ketdingizmi?
— Nima? Kim toshbag‘ir? Senlar toshbag‘irsanlar! Tupurdim hammangga! Qishloq podasini boqmasam, oq qilarmish! Momongni esi joyidami o‘zi?! Nima qilgan bo‘lsa o‘ziga-o‘zi qildi. Seni deb boshqa turmush qurmadim, deydi. Qursin edi! Qariganimda yonimda cholim, tevaragimda nevaralarim bo‘lsin deb harakatini qilsin edi... Nima, endi men qishloqda poda boqib yurishim kerakmidi?! Xudoga ming qatla shukr, shaharning manaman degan yigitiman. Uch kunlab restoranma-restoran yurolaman.
— Siz ham bir kuni to‘shakka yotib qolsangiz, kim qaraydi? Yaxshisi, bu yo‘lingizdan qayting.
— Manovi kampir o‘lsa, — pichirladi Ahmadqul, — uyi menga qoladi. So‘ngra bittasini topib, uylanaman.
— Aka, adashmasam, o‘ttiz oltiga kiryapsiz. Maryam momo, xudo xohlasa, ko‘p yashaydi hali...
— Ko‘p yashamaydi, bratishka, — Ahmadqul yanada past ovozda pichirladi. — Infarkt bo‘lgan u. Boya mung‘ayib qolganini ko‘rding-ku! Sanjar uning tilab olgan yakkayu yolg‘iz bolasi. Dom-daraksiz ketganiga yaqinda o‘n yil bo‘ladi.
— Ahmad... Ahmadjo-on... — Ichkaridan Maryam momoning nolasi keldi. — Suv ber... Voy, o‘laman...
Ahmadqul “ko‘rdingmi” degandek bir ko‘zini qisib qo‘ydi-da, ichkariga shoshildi. Hayal o‘tmay “Sanjar... Ketma, bolam... qayt...” degan alahsirashlar eshitilgach, men ham chiqdim. Maryam momoning rangi murdanikidek oqarib ketgan, lablari qurib, nuqul shiftga qarab iltijo qilardi. Ahmadqul yugurib, tog‘ora keltirdi. Sochiqni ho‘llab, kampirning peshonasiga bosdi.
— Doringizni iching, onajon. Yaxshi bo‘p ketasiz. Har narsani o‘ylayvermang-da... qo‘ying o‘sha Sanjarni! Mana, men bor, Qo‘chqor bor...
Yotog‘imga kirib, allamahalgacha uxlolmadim. Guljon momo va Maryam momolar qismatini o‘ylardim. Ular qaerda xato qilishdi?
Bu uydan ketishga ahd qildim. Maryam momoning xonasiga kirayotgandim, Ahmadqul yengimdan tortdi.
— Qo‘chqor, — dedi u, — senga bir maslahat bor.
— Aytavering.
— Aslida ikkovimiz ham qo‘chqormiz. Kallamiz bir qozonda qaynamaydi. O‘zingdan bilib momongga ayt. Boshqa kvartira topdim, kursdoshlarim bilan turaman de.
Yengimni uning changalidan tortib oldim-da, indamay ichkariga kirdim. Bemor to‘shakda holsizlanib yotardi.
— Bolam-m... — dedi u zo‘rg‘a.
— Ketishimdan avval bir gap aytmoqchiman, — deya oyoq tomoniga cho‘kdim. — Sizlarni ayblamayman. Guljon momo ham, siz ham shunday bo‘lishini istamagansiz... Aytganday, Guljon momo Ahmad akaning onasi. Necha yilki yo‘liga ko‘z tikib yashayapti. Bir ko‘rsamu o‘lsam, armonim yo‘q, deydi. Ehtimol, shu oylar ichida vafot etgandir. Qishloqqa borganimda juda og‘ir edi, bechora. Sizga aytmoqchimanki, iloyim, Sanjar aka qaytib kelsin. Har kim o‘z bolasiga egalik qilsin.
Maryam momo “iloyim Sanjar aka qaytib kelsin” degan gapimnigina ilg‘adi, shekilli, menga ko‘z qirini tashlab, “aytganing kelsin-ey...” deb yig‘lab yubordi.
— Ahmadqul kirib, boshi bilan eshikka imo qilgach, bemorning uyini tark etdim. O‘sha kuni o‘qishdan javob olib, qishlog‘imga jo‘nadim.
— Onamni ko‘rmasam bo‘lmasdi.

* * *

Qishlog‘imizga qatnaydigan avtobusda onamni uchratib, ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Hech bunchalar sog‘inch-la ko‘rishmagan edim.
— Ahmad akani topdim, — dedim chuqur tin olib.
Atrofdagilar ham baravar menga tikilishdi.
— He, o‘lsin-a, bola bo‘lmay, — dedi onamning yonidagi ayol. — Enani tamom qildi, ota uyini xor qildi.
— Eshitmagandirsan-a, o‘g‘lim, — dedi onam. — Guljon momong kecha olamdan o‘tdi.
Yuzimga fotiha tortdim. Ayollardan biri bidirladi:
— Eski bo‘lsayam binoyiday hovli edi. Qay go‘rdandir kep qolgan Sandro degan alkashga meros qoldirdi-ya!
Ayollarning aytishicha, bir necha hafta burun allaqaerdan piyonista, daydi odam kelib qolibdi. Ul-bul yumushni bajarib yuribdi. Qishloq oqsoqolining rahmi kelib, hatto, uchastka noziridan himoya qilib, qishloqda olib qolibdi. Hamma uni Sandro deb atarmish.
Avtobusdan tushib, uyga yo‘l oldik. Guljon momoning hovlisida bir odam o‘tin yormoqda edi.
— Ana, Sandro deganlari, — onam ishora qildi.
— Millati nima?
— O‘zbek bo‘lsa kerak. Chin ismi Sanjar emish. Oxirgi kunlari Guljon momoning yumushlarini qilib yurardi, birdan uyni shunga berdi-ketdi, momong tushmagur. Ishqilib, shunaqa gaplar. Ahmad kelsa nima bo‘ladi endi?
Menga Sandroning tarixi juda qiziqarli tuyuldi. Devordan sakrab o‘tdim-da, ustiga bostirib bordim.
— Salom, Sanjar aka, — dedim qo‘l cho‘zib.
U ham qo‘l cho‘zdi-da, xavotirga to‘lgan nigohini darrov yashirdi.
— Shu qishloqdanmisan? — deya o‘tinlarni taxlay boshladi.
— Ha. Shaharda o‘qiyman. Siz toshkentlikmisiz?
— Ha.
— Onangizning ismi Maryam opa, shundaymi?
Sandro gavdasini tuyqus ko‘tardi.
— U kishi og‘ir kasal yotibdi, — deb davom etdim men, — o‘n yildan beri kutyapti sizni.
— Kerak emas, — o‘tin yorishga tushdi Sandro, — gapirishing kerak emas. Bor uyingga, ana, onang kutib turibdi, bor... Bor!..
Undan uzoqlashdim. Qishloq odamlari Sandroning daydi bo‘lib ketganini, qamalib chiqqanini so‘zlab berishdi. Erta ko‘klam emasmi, podachi kerak edi, u mol boqa boshladi.

* * *

Yozgi ta’tilga chiqayotib, Maryam momoning uyiga kirib o‘tishga qaror qildim. Mana o‘sha ko‘p qavatli uy... Eshikni hech kim ochmadi. O‘rindiqda o‘tirgan ayollar Maryam momo kasalxonada yotganini aytishdi.
— Ahmad aka degan kishi-chi? U qaerda? — deb so‘radim men.
— Umi? Uni qaysidir restoranda urib o‘ldirib qo‘yishibdi, — dedi ayollar. — Siz qarindoshimisiz?
— Yo‘q, — dedim-da, nari ketdim.
Bekatga yaqinlashgan yerimda qadamim o‘z-o‘zidan sustlashdi. «Maryam momo qaysi kasalxonadaykin?.. Ha, balki, haligi ayollar bilar...»
Jadal ortimga qaytdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.