OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azim Suyun. Nevaralarim uchun (hikoyalar)

ILK KAKLIK OVI

Tog‘ qishloqlarida har bir joyning o‘z nomi – atamasi bo‘ladi. Aytaylik, men tug‘ilib o‘sgan Nakurtning Kamarovul, Lolahovuz, Qizilolma, Ulfatan, Bodomchali, Qo‘shilish, Yorishgan, Qorong‘ulsoy, Qarisoy, Kumushlisoy, To‘ptol, Kattaqamishloq, Kichikqamishloq, Tuyatosh, Cho‘chqalisoy, Alqorsoy, Qo‘chqoro‘ldi, Bulbulsoy, Oqbuloq, Bellisoy, Kat­taqorasoy, Kichikqorasoy, Katakli, Momotosh, Suv­­lisoy, Yo‘ltushgan, Beshtaram, Uzunmo‘la, Dovtepa, Qiziljar kabi kichik qish­loq­cha­lari, daralari, kamarlari, buloqlari, soylari, tog‘ qoya­lari, cho‘qqilari, yaylovlari, o‘tloqlari, suv­loq­lari, sayhonliklari, adirlari, qirlari bor. Ular o‘z joyidagi o‘zgarmas belgilarga qarab nom olib kelgan.
Shunday joylarimizdan biri Yetimhovuz. Yetim­­­hovuz deb atalishining sababi, u yerda yolg‘iz, g‘arib­gina buloq suvlaridan paydo – hovuz bo‘lgan. Ana shu hovuzning oftobchiqar tomoni – balandlik. Keragatosh degan tizma qoyalar tuya karvonlari yanglig‘ salobat bilan tiz cho‘kkan. Keragatoshda kaklik ko‘p. Undan bir chaqirimda Lilloybuloq deb atalmish buloq taram-taram eshilib oqadi. Keragatosh kakliklari shu buloqdan suv ichishadi.
Men besh-olti yoshimdan boshlab, otamning chin hamrohiga aylanganman. Gap shundaki, otam bir uzoqroq qarindoshimiz ham qo‘shnimiz bilan fermaning poda-molini boqardi. Otam mulla Olim mulla Suyunning, ya’ni “quloq”ning o‘g‘li edi-da, shu bois unga jazo sifatida podaboqar tayog‘ini sudratishgan edi. Otam qishloq madrasasida o‘qigan, ko‘p savodli, oqko‘ngil kishi bo‘lib, Yassaviy “Hikmat”ini, Mashrab, So‘fi Olloyor, Huvaydolarning talaygina g‘azallarini yod bilardi. Qur’oni karimni izchil o‘qirdi, Bedil ruboiylarini sevardi.
Men o‘zimcha otamning og‘irini yengil qilmoqchi bo‘libmi (qirq yoshida tilab olgan farzandi edim-da), oldida yugurgilab, uzoqroq ketib qolgan sigirlarni qaytarar, jar-par soyalarida qolib ketganlarini topib kelar, ayniqsa, yoz paytlari – qataloq bo‘lgan kezlarda – duch kelgan yoqqa o‘zlarini urgan paytlarda bir yerga to‘plar edim.
Gap bu haqda emas, gap kakliklar haqida. Ota makonimizda, Ona yurtimizda, tog‘larimizda kakliklar ko‘p. O‘sha bolalik chog‘larimda ham mo‘l edi. Ular qora qosh, tumshug‘i, oyoqlari qizil. Xo‘rozining peshonasi qora, bosh tepasi kulrang, qizg‘ish shu’lali, jig‘ildoni bilan ko‘kragi och havorang, tag qismi sarg‘ish bo‘ladi. Ikki yonidagi patlarida qora-qo‘ng‘ir tusli ko‘ndalang yo‘llari bor. Oyoqlari pixli, makiyoni esa to‘q kulrang, oyoqlari pixsiz, jussasi xo‘rozidan kichikroq.
Kakliklar in-uyalarini o‘zlarini himoyalash qu­lay bo‘lgan pana joylarga – toshlarning ostiga, har xil butalar, daraxtlar, shuvoqlar tagiga qo‘yishardi. Kak­liklarning makiyoni apreldan iyungacha tuxum qo‘yadi. Tuxumlari besh-oltitadan yigirmatagacha bo‘lishi mumkin. Ular xol-xolli, ya’ni xoldor.
Men mulla Suyunning singlisi Qizmon ammamdan ajoyib she’r-terma eshitganman. Uni yozib olib qolganman. Mana u:

Bo‘g‘in-bo‘g‘in bo‘g‘inchak,
Tugun-tugun tugunchak.
O‘ttiz elning enasi
Halda (hali ham) bo‘lsa kelinchak.

Bu yerda “o‘ttiz elning enasi” deganda, o‘ttizta jo‘jasi nazarda tutilyapti. Tuxumlarini xuddi tovuq kabi ona kaklik, ya’ni makiyoni bosib yotadi va jo‘ja ochadi. Jo‘jalari tuxumdan chiqqanidanoq ota-onasiga ergashib ketishaveradi.
Xullas, poda boqib, zerikib yurgan paytlarimda kakliklarga ishqiboz bo‘lib qoldim. Kakliklar tushga yaqin Lilloybuloqqa kelishlarini kuzata boshladim. Bu odat tusiga aylandi. Ular buloqqa kelgunlaricha dumbul o‘t-o‘lan, ko‘kat-maysalarni cho‘qib-uzib, yulqib, chog‘at, jona-qiyalik, qumlarini titkilab, “g‘at-g‘at”lab oziqlanishadi. Keragatosh qirlarida chigirtkalar, qurt-qumursqalar, jazirama paytida jizildovuqlar mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Ularni chaqqonlik bilan tutishadi. Hatto uchgan chigirtkani qanot yoyib, yugurgilab borib, osonlikcha yutishadi.
Ko‘pincha oila boshlig‘i – xo‘rozi biror ayiqbosh cho‘qqimi, qoyami yoki anchayin balandroq g‘adir-budir tosh ustiga chiqib oladi-da, to‘lib-toshib, goho o‘qtin-o‘qtin sayrashga tushadi. Uning ovozi uzoqlarga taraladi. Aytaylik, siz pastda – daralarda, jarliklarda yuribsiz, lekin uning yuqorida turib sayrayotganini bemalol eshitasiz. Sayrayotganda tomoqlari bulkullaydi. Goho xo‘rozi oldida makiyoni paydo bo‘lib qoladi. Unga uzib-uzib jo‘r bo‘ladi. Biroq makiyoni ovozining shashti sust. Ishtiyoqsiz sayrayotganga o‘xshaydi. Nimagadir urilgandayroq kakirlaydi. Ba’zi jo‘jalari ular oldiga chiqishib-tushishib yurishadi. Doim ota-onasi yonidagi bolalarday yayrashadi.
Qorin qayg‘usidan qutulgan kakliklar tushlikka yaqin “pat-pat”lashib, “g‘iyt-g‘iyt”lashib, buloq boshiga enishadi. Buloq boshiga yaqinlashishdan oldin u yoq-bu yoqni sergaklanib kuzatishadi. Ayniqsa, xo‘rozi hushyor. Suvni miriqib, shoshmasdan ichishadi. Bir yutum-bir yutum tomoqlarga oladi-da, boshlarini yuqoriroq ko‘tarib yutishadi, tag‘in navbatdagi yutumni olib, bu holatni chanqoqlari bosilguncha takrorlashadi.
Bir kuni shunday bo‘ldi. Ishqibozlik ortib kak­liklar jo‘jasidan bir-ikkitasini tutib, uyimizda, qafasda boqmoqchi bo‘ldim. Bir tesha-cho‘tni o‘zim bilan oldim. Podalarni katta kamarga haydadim-da, Lilloybuloq boshiga keldim. Hovuchlab suv ichdim. Chanqog‘im bosildi. O‘ynab-o‘ynab o‘yladim. O‘ylab-o‘ylab o‘ttiz-qirq qadam naridan o‘zim bemalol joylashadigan chuqurcha-xandaqcha qazidim. Har xil butalarni, shuvoqlarni, xas-xashaklarni to‘pladim, xandaqcham qoshiga uydim. O‘zim xandaqcha ichiga tushib olib, ularni ustimga yopdim. Tirqish ochib, kakliklar kelishini kuta boshladim. Bir so‘z bilan aytganda xonaki, jaydari “ovchi”ga aylandim.
Kakliklar asta-asta, ohista-ohista kelishdi. Ammo, xo‘rozi nimagadir buloq boshidan ancha narida turib qoldi. Qolganlari bexavotir o‘zlarini suvga urishdi. Xo‘roz xavotirda-yu, lekin jim...
Ona kaklik va jo‘jalari suv ichib bo‘lgach, buloq boshidagi do‘lana daraxti tagiga, tuproqqa ag‘nay-ag‘nay ketishdi. Qanot yoyib, o‘mganlarini chag‘otning mayda tosh-qumlariga bulashdi. Kichkina tugmachaday ko‘zlarini suzib-suzib oromlashdi. Birdan xo‘roz men umuman eshitmagan g‘alati ovozda chinqiribmi-qichqiribmi yubordi. Seskanib tushdim. Endi vaqtni boy bermaslik kerak edi. Men ustimdagi lash-lushlarni otib yubordim-da, jo‘jalar tomon intildim. Yo‘rg‘alab qochayotgan jo‘jalarni quvib yetdim. Men bilamanki, suvga to‘ygan kakliklar, ayniqsa, ularning bolalari tez yugurolmaydi, daf’atan uchib ketolmaydi. Hash-pash deguncha ikkitasini tutib oldim.
Xo‘roz Keragatoshni yoqalab uchdi. Makiyoni ham o‘rga biroz yo‘rg‘aladi-da, Yetimhovuz tarafga qarab parvoz qildi. Jo‘jalarning bir qismi yuqorilab ketdi, bir qismi esa butalar, shuvoqlar, toshlar orasiga berkindi. Men boshqa quvmadim ham, izlamadim ham. Qatqat tosh ustiga o‘tirdim, nafas rostladim. Qo‘limdagi jo‘jalarga tikildim.
Ko‘p o‘tmay ota-ona kaklik – xo‘roz va makiyonlarning zorlanib, bolalarini chorlagan ovozlari eshitildi.
Men ikki jo‘jani uyga yetkazolmadim. Ularni qo‘llarimda ushlab yurib, o‘ldirib qo‘ydim. Ha, parrandayu darranda ham erkinlik-ozodlik farzandi. Qushlar ko‘kda, baliqlar suvda, jayronlaru kiyik, marollar, alqorlar tog‘da, odamzod adolatu haqiqat erkinligida yashovchan.

ONA KAKLIK

Hayot murakkab. Unda umr kechirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ammo qiyinchilik, og‘irchiliklardan, xatarlardan qo‘rqavermaslik kerak. Inson aql, tafakkur chirog‘i bilan har qanday zulmatni yoritishga qodir. Yo‘lingizdagi ko‘ringan-ko‘rinmagan to‘siqlarni, g‘ov­larni surib tashlashda sobit.
Insonni qo‘yaturaylik, tabiatdagi har bir jonzot ham tiriklik uchun kurashib yashaydi. Tirikchilik – tirriqchilik, degan aytimlar behuda yaralmagan.
Kaklik sodda qush. Lekin uning sodda bo‘lib qolishga haqqi yo‘q.
Irg‘ayli darasining chog‘atli qir-adirlarida mol boqib yurgan kezlarim bunga o‘zim guvoh bo‘l­ganman.
May oyi o‘rtalarida ona kaklik tuxum bosib yotganiga duch keldim. Uning uyasi bir tup shuvoq ostida edi. Bolalik ekan-da, uni tutmoqchi bo‘ldim. Unga qarab yo‘naldim. Ona kaklik noxushlikni tez payqadi. Birdan uyasidan otilib chiqdi va pastga – qiyalik bo‘ylab dumalay ketdi. Ha, u aynan dumalab borardi. Orqasidan quva boshladim, yetay deganimda dumalashni tezlatdi. Quvaverdim. Yana yetay-etay dedim. U yana tezladi. Quvib-quvib daraning ichiga tushib qoldim. Va shunda ona kaklik dumalashdan lahzada turdi-da, uch-to‘rt qadamcha yugurgiladi-yu uchib ketdi.
Ko‘rdingizmi, sodda qush deganimiz, ona kaklik menday bir aqlli cho‘pon bolani qanday chalg‘itib, tuxumlarini, bo‘lajak jo‘ja-bolalarini asrab qoldi. U ayyormidi, yo‘q, degim keladi bugun, ona kaklik aqlli, oqila edi.
Men o‘shanda, tag‘in ortimga qaytib, uning tuxumlarini olib ketishim mumkin edi. Ammo, birinchidan, men uyadan ko‘p uzoqlab ketgan edim. Ikkinchidan, tuxumlarni olib, nima ham qilardim. Mol boqib yursam, mol boqish esa oson emas. Qolaversa, birorta kurk tovuq tayyor emaski, tuxumlarni bostirsam, jo‘ja ochtirsam. Uchinchidan, otamning o‘giti yodimdaydi: “Qush uyasini buzma, tuxumlarini sindirma, polaponlariga ozor yetkazma, hatto ilon bolasini ham o‘ldirma!”
Men podalar o‘tlab yurgan sayhonlik sari ketdim.

KAKLIK DUSHMANLARI

Kakliklarning yov-dushmanlari ko‘p. Tulki – ayyor qaroqchi. U hamisha kakliklarni poylagani-poylagan. Payt yetdi deguncha, ularga xavf soladi. Ayniqsa, qishning qahraton kunlari. Odatda, tog‘ malikalari bu chog‘lar gala bo‘lib yashaydi. Tunlari qoyalar bag‘rida to‘dalashadi, g‘uj bo‘lib olishadi. Tulki, ko‘zlari yonib, ularga tashlanadi, kakliklar patirlab, o‘zlarini duch kelgan tomonga urishadi. To‘zib ketishadi. Qor gurtiklariga botib, ucholmay qolishadi. Ko‘plari “qa­roqchi”ga yem bo‘lishadi.
Kakliklarning yana bir dushmani kobra, ya’ni ko‘­zoy­nakli ilon, uni kapcha ilon ham deyishadi. U rang­dor. Kaklik esa ranglarni yaxshi ko‘radi. Kobra ranglari tuzoq bo‘lishi mumkinligini bilmaydi.
Nurota tizma tog‘larida kobralar juda ko‘p bo‘l­masa ham, tez-tez uchrab turadi.
...Baland toshsupa ustida nar kaklik o‘z ovoziga o‘zi mast bo‘lib sayrardi. Men undan ko‘p uzoq bo‘lmagan nayza qoya tagida yonboshlab, uni tomosha qilib, sayrashini tinglab yotardim. Kaklik birdan jimib qoldi. Nima bo‘ldi ekan deb, tikroq turdim-da kaklikka qara­dim. U bir nuqtaga tikilgancha tek qotib turardi.
Ko‘zlarim o‘tkir edi, bir nigoh-la har qanday narsani ilg‘ardim. Keksayibroq qolgan ovchi Dehqonboy bo­bomning bir g‘alati gapi esimda: “Nabiram Azimboy – mening ko‘zlarim!” Chunki, bobom nimani so‘rasa, aytaylik, “Azimboy, Murtak kamarni bir qarab ko‘r-chi, biror narsa ko‘rinmayaptimi?..” “Ha-ha, – derdim men, – bir toshto‘rg‘ay tumshug‘ini toshga ishqayapti, biror narsa tutib, yegan bo‘lsa kerak...” “Uni so‘ramayapman, alqorlardan gapir, alqordan... kaklik bo‘lsa ham mayli, ovlab ketishimiz kerak...” va hokazo.
Xullas, bir qarashdayoq yarim tik turgan kobrani ko‘rdim. Kobra kaklikni rom qilib, bir lahza ham undan ko‘zlarini uzmay, juda ohista u tomon siljir edi!
Siljir edi... ohista... siljir edi... ohista... ohis­ta... Kaklik tamoman maftun... jodulangan... sehr­langan... Kobra yaqinlashib qoldi... Hademay, kak­lik tamom... butun vujudim jimirlab ketdi... yo‘q, bo‘l­madi, irg‘ib turdim-da, bir toshni qo‘lga olib, kob­rani ko‘z­lab otdim!
Kaklik bir seskandi-yu o‘zini toshsupadan pastga tashladi. Hademay ko‘kka ko‘tarildi.
So‘ng... ko‘rganlarimni otamga, cho‘liqqa, so‘ng... qo‘­shib-chatib qo‘ni-qo‘shni bolalarga aytib yurdim...
Xo‘sh... kaklikning eng ashaddiy dushmani – bu ovchi!
Ovchilar kaklikni, asosan, go‘shti uchun ovlaydilar. Ovlash usullari talaygina. Birinchisi, albatta, ov miltig‘i bilan ovlash. Miltiq bilan kakliklarni yugurgilab ketishayotganda yoki uchib, ko‘kka ko‘tarilganda otishadi. Ikkinchi bir usul – bu tuzoq-jela qo‘yib ov qilish usuli. Bunda miltiq ishlatilmaydi. Xonaki – qafasdagi bir sayroqi kaklik to‘lib-toshib sayraydi, qavmdoshlarini yoniga chorlaydi. Yonida esa jela. Jela qo‘ygan jaydari “ovchi” uzoqroqda panalab-pisib yotadi. Uchib kelgan kakliklar ixtiyorsiz jelaga tushaverishadi. Undan qutulib ketmoq uchun potirlashib, harakat qilishaveradi. Ammo, jela battar ularni chirmab olaveradi...
Tag‘in bir usul bor. Ammo bu usul qonun yo‘li bilan taqiqlangan. Bu usul, asosan, qishda qo‘l­la­niladi. Bu usulchilarning miltiq ko‘tarib yurishlari shart bo‘lmaydi.
Qish kakliklar uchun o‘ta xatarli fasl. Ayoz. Qah­raton. Qalin qor. Bunday paytlarda ular yemak topolmay, soyu buloq bo‘ylariga tushadi. Tog‘ qish­loqlari atrofiga yaqinlashib enishadi.
Shunday vaqtlarda har xil toifadagi xonaki ovchilar ko‘payadi. Qish kunlari, deyarli bekorchilik. Shuning uchun ular to‘da-to‘da bo‘lishib, tog‘ning bir kamaridan u kamarga, unisidan bunisigacha quvlashadi. Bunday kezlarda kakliklar tez toliqadi, charchab, uzoq­­qa uchisholmaydi, qorlarga botib qolishadi. Qa­rab­­sizki, tayyor luqma!
Kakliklar hamisha himoyaga zor. Ularning tag‘in bir dushmani qirg‘iy.
Avliyobuloqqa tutashib ketgan qir-adirlarda mol yoyib yurardim. Bu yerlarda turli-tuman butalar, to‘p-to‘p bodomchalar o‘sib yotadi.
Har-har joyda yoyilib o‘sgan kovullar uchraydi. Kovullar anor gullariday qip-qizarib gullagan. Bir tup kovulning gullarini tomosha qilib turardim, shiddat bilan havoni to‘lqinlantirib, bir gala qush o‘zlarini men turgan joyga urdi. Bu shunday tez ro‘y berdiki, hech narsani anglay olmay, qo‘rqib ketdim. Jon jahdda ko‘kka qaradim, bir qirg‘iy qiyqirgancha ko‘zdan yo‘qoldi. So‘ng kovulga qaradim, ne ko‘z bilan ko‘rayki, uning ostida bir gala kaklik jo‘jalar ko‘z­larining o‘ti chiqib, menga tikilib turishardi. Birpasdan so‘ng ular ham, men ham o‘zimizga keldik. Jo‘jalar birin-ketin kovulning u yer-bu yeridan chiqdi-da, o‘r tomonga yo‘rg‘alay ketishdi. Ular meni qora tortib, omon qolishgan edi.
Ko‘p o‘tmay bir burum tarafdan ona kaklikning bolalarini o‘z yoniga chorlovi eshitildi.

ALQORLAR

Alqor noyob jonivor. Uni tog‘ qo‘yi deb ham atasha­di. Haqiqatdan ham u qo‘yga o‘xshaydi. Ammo alqor kuch­li, shiddatli, yugurik-chopag‘on, o‘ta ziyrak, hushyor, ko‘z­­l­ari qop-qora. Uning orqa va ikki yonidagi junlari ji­­gar­qo‘n­­­g‘irnamo. Bo‘ynining tagi, qorni, chovlari oqish. Qo‘ch­­­qorlarining shoxlari burama-burama. Burama shox­­­la­rining uchlari yon tomonga qarab yo‘nalgan. Ur­­g‘o­­chi­­la­rining shoxlari esa kalta, orqasiga qay­ril­gan.
Alqorlar Nurota tizma tog‘larining Qoratov silsilasida yashaydi. Oqtov taraflarda kamdan-kam uchraydi. Ular sero‘t tog‘ yonbag‘irlarida, yovvoyi daraxtzor – tog‘ o‘rmonlari oralarida yoyilishadi. Ayniqsa, buloqli, soyli kamarlar – daralar ularning suyumli joyi.
O‘tlash uchun qoyalar tagidan, panalaridan ochiq ko‘katzorlarga, dara qirlariga chiqib kelishadi. Sa­har-mardondan soat o‘n-o‘n birgacha o‘tlashadi, so‘ng­ra soya-salqinlarda – daraxtlar, qoyalar tagida dam olishadi. Kechga yaqin, to qorong‘u tushguncha, ba’zan tunda tag‘in yoyilishadi.
Alqor qo‘chqorlari suruvdan aprel-may oylarida ajralib chiqishadi. Chunki, bu paytda urg‘ochilari qo‘zilagan bo‘ladi. Asosan, ular bitta tug‘adi, egizagi kam. Urg‘ochi alqorlar qo‘zichoqlari va voyaga yetmagan qo‘chqorlari bilan birga yuradi. To‘rt yoshdan boshlab, voyaga yetgan rosmana qo‘chqorlari esa ayrim-ayrim yoki bir qanchasi to‘p-to‘p bo‘lib yurishadi.
Men tug‘ilib o‘sgan Nakurt qishlog‘idagi Qarisoy darasining to‘ri – Beshbarmoqota, Parrandozota cho‘q­qilarining janubiy-shimoliy tomonlari al­qorlarga eng qulay maskan.
Bola-o‘smirligimda otam bilan fermaning qo­ra­mollarini boqqanman. U paytlari ba’zi al­qorlar hatto podaga qo‘shilishib, o‘tlashib yurishardi. O‘zim gu­vohman. Ovchilar ko‘p edi, ammo bir oz bo‘lsa-da in­­sofli edi chog‘i. Ularning qo‘chqorlaridan – erkak­la­ridan bitta-ikkita otishardi. Yolg‘on bo‘lmasin, ol­choq-ochofat ovchilar ham yo‘q emasdi! Shodiboy ismli bittasini bilar edim. U bizga yaqin qarindosh edi.
O‘shanda to‘qqiz-o‘n yoshlarda edim. Yigirma chog‘li alqor – bir suruv bo‘lib yurardi. Bu suruvning sardori ulkan buramashox qo‘chqor, ayricha salobatga, mahobatga ega edi. Nigohlari, qandaydir o‘tkir ko‘zlari bamisoli yonardi. Katta otam (bobom) mulla Suyun ovchilarga bu alqorni otmasligini ko‘p uqtirardi.
Yo‘q, betavfiq Shodiboy baribir sardor qo‘chqorni otdi. Go‘shtlarini kimlar xomtalash qilganligini bilmayman. Lekin Shodiboy ko‘p o‘tmay to‘shakka mixlandi. Shol bo‘lib qoldi. Qirq yildan ortiq azob-uqubatda yashab o‘tdi.
Tabiat haqiqati shunday! Tabiat intiqomi shunday!
Yillar o‘tdi. Qancha tog‘ qorlari suv bo‘lib oqdi. O‘sha podachi cho‘liq bola shoir bo‘ldi. Taassuroti tiniq shoir bo‘ldi. She’r yozdi: “Alqorlar”.

Nurota tog‘laridan
        ketib borar alqorlar,
Ketib borar bo‘zlashib
        sarsari va sargardon.
Bu tog‘larga Zargardek
        ko‘rk edi ko‘pdan ular,
Chin oshiq-shaydolarga
        fatton ko‘zlari armon.
Bugun bunda ko‘klamning
        zangori toshqinlari,
Oh, na bo‘lg‘ay alqorlar
        shu bag‘irga qaytsalar.
Maysalarga burkangan
        hatto qushlar inlari,
Lekin tutib qololmas
        hech qandayin maysalar.
Yo‘q, ushlab qololmagay
        bezavol buloqlar ham,
Fozilmonota ko‘lin
        bo‘sh qoldi so‘qmoqlari.
Axir, jannat emas, ha,
        ushbu yer, ushbu olam
(Aylangaydir jannatga,
        ammo bahor chog‘lari!).
Rost, bitta joy iqlimi
        jonga tegar gohida,
Lekin ular joniga
        tegmagan edi bu joy.
Ayozlarda saqladi
        g‘orlar o‘z panohida,
Faqat tuban ovchidan
        saqlay olmadi bu joy.
Ko‘ksida o‘q izlari
        ketib borar alqorlar,
Bormisan sayyod ko‘zi
        tushmagan jonbaxsh makon?..
Alqorlarni qaytargay,
        endi men aytsam, do‘stlar,
Bexato, tikka uchgan
        o‘qlargina bu zamon!
O, agar, qaytar bo‘lsa
        o‘qlar dastidan faqat,
Rost bo‘lsin, tog‘larimni
        mangu tark etganlari.
Rost bo‘lsin, sayyodlarga
        osib ming tavqi la’nat,
O‘q yetmas manzillarga
        bosh olib ketganlari!

BIR ALQOR OVIDA

1954 yilning kuzi.
Bodomchali qishlog‘idan kelgan ikki havaskor ov­chi va Dehqonboy bobom mulla Suyunni hol-joniga qo‘ymay ovga undadi. Mulla Suyun istar-istamas han­gi eshagiga mindi. Men ham boraman, deb turib oldim. Maqsadimga erishdim. Ular bilan yo‘lga tushdim. Al­qor ovi qiziq-da, axir! Bundan tashqari, men o‘ta hangomatalab bolaman. Ovga ishtiyoqmandman. Al­qor­larga, kakliklarga ishqibozman.
Havo salqin. Tog‘ o‘rmoni junjikkandek, nimadandir xavotirga tushgandek. Do‘lanalar, itburunlar, uchqatlar mevasi nam tortgan. Archalar vazminlashgan. Dara-kamar bo‘ylab ketgan yong‘oqzor barglari turli tusda: yashil, sariq, qo‘ng‘ir... yuzlari xoldor. Ular soyni to‘ldirib yuborgan. Shu bois suvlar sizilib oqadi. Sizilib oqqan suv tip-tiniq.
Beshbarmoqota qoyalariga yaqin joyda to‘xtadik. Shig‘il mevali katta qizil do‘lana ostida o‘rnashib oldik. Bu yerdan alqorlar chiqadigan qoyalar yaqqol ko‘rinib turadi. Ovchi bobolarimning niyati shu yerdan turib ov qilish.
Hali quyosh chiqmagan. Ammo ovchilarning ko‘zlari katta qoyada. Men ham unga tikilganim tikilgan. Alqorlarni, albatta, men birinchi bo‘lib ko‘rishim kerak. Shunday bo‘ldi ham. Ko‘p o‘tmay oftob nurlari tog‘ ortidan qoyalarni shu’lalantira boshladi.
– Ana, alqor chiqdi, katta qo‘chqor ekan, – dedim hayratimni yashirolmay.
Haqiqatdan ham qo‘chqor qoyada sergak, bel bo‘lib turardi. U biz turgan tarafga mag‘rur ko‘z tikdi. Ammo hech narsani payqamadi.
Asosiy ovchi Dehqonboy bobom sekin o‘rnidan yarim turdi. Sheriklariga “qimirlamanglar, men boraman” ishorasini qildi. Shunda, kutilmaganda katta otam mulla Suyun ukasi Dehqonboyga shivirlab maslahat berib qoldi:
– Dehqonboy, – dedi u, – bu qo‘chqor go‘shtini uvol qilma. O‘qni qo‘chqorga otma, yoniga ot. Shunda alqor qoyadan o‘zini pastga tashlaydi. Yoningga tushadi. So‘yib olasan. Axir otib, go‘shtni buzib nima qilasan...
Bu gap mergan bobomga ma’qul keldi shekilli, “xo‘p” ishorasini qildi va deyarli emaklab qoya tomon ilgarilab ketdi.
O‘q gumburladi. Kutilganiday qo‘chqor jon holatda bir sakrab, o‘zini pastga otdi. Havoda muallaq kelar ekan, chaqqonlik bilan burama shoxlarini – boshini aylantirib pastga qaratib oldi. Va boshi bilan bir zarbda yerga urildi. Dara jaranglab ketdi. Hamma bir zum tek qotib qoldi.
Voh-h... Qizig‘i bu yoqda bo‘ldi. Dehqonboy mergan o‘ljasi tarafga chopganida... qo‘chqor sakrab turib, dara enishi bo‘ylab yelday yugurib ketdi.
Mulla Suyun qah-qah otib yubordi.
– Dehqonboy, yugur, chop-chop, mergan, – dedi u baralla. Havaskor ovchi sheriklar nima bo‘lganini hali anglamay lolu hayron.
O‘sha kuni katta otam Suyun bilan qishloqqa qaytib kelib qo‘ydik. U yo‘lda kelayotganimizda menga:
– Buni bilardim, bolam, qo‘chqor alqorni aytyapman, uning tirik qolishini bilardim. U alqorlar suruvining boshchisi, to‘daboshisi edi. Agar otilganda suruv yo‘lboshchisiz qolardi. Shundoq ham urush tufayli (Ikkinchi jahon urushi nazarda tutilmoqda) sanoqli qolgan suruv sochilib ketardi... Sodda Dehqonboy bobongni bir bopladik-da, – deya kulib-kulib o‘zidan mamnun-mamnun gapirib keldi.
Bugun bobom dunyoda yo‘q. Ammo o‘tib ketgandan keyin ham uni ko‘rgan-bilganlar “Mulla Suyun katta ilm egasi bo‘lishi bilan birga tovdagi alqorlarniyam cho‘poni edi-da”, deya menga ko‘p bor gapirishgan.

OV ISHTIYOQI

1973 yil. Men Toshkentda tolib edim. Kechkida o‘qirdim, kunduz ishlardim. Mehnat ta’tiliga chiq­di­mu qishloqqa jo‘nadim. Butun vujudim tog‘larni qo‘m­sardi. Tog‘larga talpinardim. Tog‘larda kezishni juda-juda sog‘ingan edim. Ota-onam yonida bir kun bo‘l­dimu qadrdonim Oltiboynikiga yo‘l oldim. Oltiboy bilan birgalashib, amakim Tilovqobilni topdik. Tilovqobil mulla Suyunning ikkinchi o‘g‘li. Otamning ona boshqa ukasi. U durustgina ovchi edi. Tog‘ning to‘rida yashardi.
Bir kun kechgacha ovga hozirlik ko‘rdik. Amakim qo‘rg‘oshindan qo‘lbola yakkao‘qlar yasadi. Sochmalarni patronlarga joyladi. Miltiqlar tozalandi.
Ertasi kuni tongda Kattaqamishloq darasiga yo‘l oldik. Kattaqamishloq o‘z nomiga yarasha. Bu dara-kamarda qora, qizil do‘lanalar ko‘p o‘sadi. Ayqashib-chatishib, betartib, istalgan-istalmagan joylarda o‘sib yotaveradi. Ularning orasidan oqbel uchqatlar bo‘ylab turadi. Irg‘aylar to‘p-to‘p. Xullas, yovvoyi qalin tog‘ o‘rmoni.
Katta choshgohgacha birorta alqorga duch kelmadik. Aksiga olgandek kakliklar ham uchramadi. Faqat qaerlardandir ularning o‘qtin-o‘qtin ovozlari eshitilib qoladi.
Men charchab qoldim. Miltiq ham og‘irlik qila boshladi. Shahar, talabalik nuqsi-da...
Amakim bilan Oltiboyga, sizlar aylanib kelaveringlar, men biroz dam olaman, dedim. Ular ketishdi. Men katta gazaning qoq belida o‘zimcha joy hozirladim. Miltiqni yonimga qo‘ydim. Tog‘da miltiq, ishlatsang-ishlatmasang, yaxshi hamroh, do‘st bo‘ladi. U yoningda bo‘lsa, ko‘ngling to‘q. Aslida, mening uchun ov biror o‘ljali bo‘lish uchun emas, gasht uchun. Ha, go‘sht uchun emas, gasht uchun.
Xullas, gazada uyquga ketdim. Qancha vaqt o‘tgan, bilmayman, meni “dev” bosdi. Turmoqchi bo‘laman, yo‘q, bo‘lmaydi. “Dev” dahshatli og‘irligi bilan ustimda... Bir qo‘lim bilan miltiqni qidiraman... qo‘lim unga yetmaydi... Birdan... “Kalima” qaytarish kerak­ligi yodimga tushdi, shekilli... “Kalima” qaytara boshladim. O, Xudoyim, “dev” ustimdan ko‘tarildi... Nafas oldim, juda yengil nafas oldim... terga botib ketgan tanim qandaydir oromijonlikka o‘tdi. Dast turdim, tag‘in chuqur-chuqur nafas oldim. Miltiqqa yopishdim. Uni oldimu osmonga qarata o‘q uzdim. Tog‘ gumburladi. Amakim va Oltiboy hovliqib yetib kelishdi. Ularga nima bo‘lganligini aytib berdim. Ha, dedi, Tilovqobil aka, tog‘larning devi bo‘ladi, har qalay, ota-bobolarimiz shunday, deb kelishgan.
Yaxshiyam “Kalima”ni esingdan chiqarmagan ekansan. “Kalima” kuchli duo... duoda gap ko‘p. Boshimdan o‘tgan, meni ham bosgan. Uxlab qolma, deyish esimdan chiqibdi.
Ko‘nglimiz ozdi. Nonushta qilib olmoqchi bo‘ldik va kamar boshidagi Boshbuloqqa ketdik. Buloq qaynab chiqyapti. Hovuchlab-hovuchlab suv ichdik. Oltiboy belidagi belbog‘ni yechib, undan non oldi, suvga botirib yedik. Oh, bu nonning shirinligini...
Nogahon o‘q qarsilladi. Beshbarmoqota qoyalari tarafdan... Jim bo‘lib qoldik. “O‘q tegmadi”, – dedi, Tilovqobil aka, “ovchilar bor ekan-da”... “O‘q tegmaganini qanday bildingiz?”, – dedim akamga. “Ovozidan-da, – dedi akam kulib, – miltiq ovozining farqini ajratolmaydigan kishidan ovchi chiqmaydi”, – deb qo‘­shib qo‘ydi u.
Tepa tomonimiz potirlab qoldi. Qay ko‘z bilan ko‘raylikki, bir qo‘zichoqli alqor sovlig‘i biz tomonga jon holatda chopib kelardi. Akam zum o‘tmay miltig‘ini qo‘lga oldi. Sovliqni nishonga oldi. “Otmang! – deb baqirib yubordim beixtiyor, – otmang!”
Akam otmadi. Ona-bola alqor bizni ko‘rdiyu yo‘­lini chap qiyalikka burdi... Yengil nafas oldim. “Rahmat, aka, rahmat...”, dedim o‘zim ham nima deyotganligimni yarim anglab-anglamay. Oltiboy menga hayron bo‘lib qarab turardi.
Bu olis yillardagi bobom Mulla Suyun sa­boq­larining xulosalari edi.

ODAM BO‘LMISH

Nakurt qishlog‘idan qirchillama yoshli bir mulla yigit yo‘rg‘a eshagini xalalab, Qoratog‘ni oshib Mojrim qishlog‘iga o‘tdi. Oshnolarini ziyorat etib, ko‘p siyliqlar ko‘rib, kelgan yo‘lidan ortga qaytdi.
Qoratog‘da noyob jonivor – alqorlar yashaydi. Alqor go‘shti juda shirin, tanqis. Ular doim betavfiq ovchilar nishonida. Xullas, sallasini silliq o‘ragan yigit Qoratog‘ beliga chiqqanida bir bo‘ydor achchiq bodom daraxtining chayir ayri shoxiga yetti-sakkiz yoshli qo‘chqor alqor shoxi kirib, o‘ralib qolganini ko‘rdi. Yoniga bordi. Bir-ikki silkinib, depsinib ikki qayirma shoxni ayridan ajratmoqni jon holatda istagan benajot sho‘rlik alqor nihoyat chiroyli ko‘zlarini mulla yigitga tikishdan o‘zga chora topolmadi. Ko‘zlarida o‘lim dahshati. Vujudida sarhadsiz titroq. Mullaning niyati buzildi, niyati buzuq chiqdi. Alqor go‘shtining tanqisligini u ham biladi, axir. O, ammo miltiq yo‘q, pichoq yo‘q, xalacho‘p bilan esa alqorni so‘yib bo‘lmaydi.
Chorasizlik chora axtaradi. Eshak ayili... va quyushqoni bor-ku... Mulla yigit ularni bir-biriga ulab, qo‘lbola arqon yasadi. Eshagini bir tepib haydab yubordi. Uyni o‘zi topib boradi. Arqonning bir uchi bilan alqorni bo‘ynidan bog‘ladi. Ikkinchi uchini esa beliga bog‘ladi. Tamom! Alqorni yetaklab ketadi. U alqor shoxlarini bodom shoxlari ayrisidan ajratdi. Alqor... bir zarb bilan bir quloch ko‘kka sakrab, o‘y-xayol tezligida o‘zini qiyalikka otdi. Mulla yigit ag‘anab tushdi. Belidan qo‘lbola arqonni yechishga ulgurmadi. Tog‘u toshlar sado berdi. Cho‘qqidagi burgut bamisoli uchib yelayotgan alqorga, uning yonida toshdan-toshlarga urilib, sudralib ketayotgan odam bo‘lmishga hayratda tikilib qoldi...

BO‘RI BOLASI

Bo‘ri bolasi bo‘ri, ilon bolasi ilon...
Mengliboy bobo boysunlik galamergan to‘­da­si­dan. Haqiqatan ham ota-bobolarining ko‘p­chi­ligi ovchilik bilan shug‘ullanardi. Ular Hisor va Bobotog‘da ov qilishardi. Bu tog‘larda kiyikning marol atalmish turi, alqorlar, kakliklar ko‘p. Hatto kak­likning noyob xili – hilol kaklik ham shu tog‘larning eng yuksakliklarini egallagan. O, bo‘rilarni aytmaysizmi? Qaerda yemak-emish mo‘l bo‘lsa, ular o‘sha yerda hoziru nozir.
Katta urushdan eson-omon qaytib kelgan Mengliboy ovga ruju qo‘ydi. Ertayu kech oyog‘i tog‘da. Kunlardan bir kuni ona bo‘rini otib oldi. Uning bolalari bor ekan. Bir narini uyga olib kelib boqa boshladi. Boqqanda ham hech bir narsaga zoriqtirmay boqdi. Kiyik, alqor, kaklik go‘shti bilan mehribonlik qildi. Bir so‘z bilan aytganda, mehr berdi. Oshna tutindi. It kabi ergashtirib, ovlarga chiqib yurdi.
Kunlardan bir kuni navbatdagi ovga chiqishdi. Lekin bugun Mengliboyning ovi baroridan kelmadi. Alqorlaru kiyiklar yuqorilab ketgan edi. To‘rt-beshta kaklik otib, jildirab oqib yotgan jilg‘a bo‘yidagi tug‘dona daraxtining tagini qo‘nalg‘a tutdi. Jilg‘adan chog‘roq hovuzcha yasadi. Tong-saharda ov qilmoqchi bo‘l­di. Quruq shox-shabbalardan o‘tin to‘pladi. Tog‘ tuni sovuq bo‘ladi, garchi yoz bo‘lsa-da etni junjiktiradi. Olovni gurillatib yubordi. O, tog‘ daraxtlarining cho‘g‘i... jonning huzuri. Kakliklar go‘shtini irg‘ay shoxlaridan yasalgan qo‘lbola sixlarga o‘tkazdi. Oromijon cho‘g‘da toblab-pishirib yedi, rohatlandi. Albatta, bo‘ri bolasini – oshnasini ham unutmadi. Kaklik go‘shtidek mazali taom bilan siyladi.
Alla mahal bo‘lib qoldi. Uxlamoq kerak. Bar­vaqt turadi. O‘rindiq soldi. Qayroqtoshlardan yostiq yasab oldi. Miltig‘ini yoniga qo‘ydi. Yotib, chakmonini oyqara yopindi. Nogahon Mengliboyning ko‘zlari nimadandir bezovtalanayotgan bo‘ri bolasining ko‘z­lariga tushib qoldi. Ha, bo‘ri bolasi qandaydir be­zovta edi. Ko‘zlari qizargan. Beixtiyor otasi rah­matlining “lop” etib “...bo‘ri bolasi bo‘ri, ilon bolasi ilon” degan gaplari yodiga tushdi. U otasi gap­larini bir sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Bu ham bir gap-da.
Mengliboy o‘zini uyquga soldi. Lekin chakmon os­tidan nigohlari yonidan sal narida yotgan bo‘ri bolasidan uzilmadi.
O, bo‘ri! Bo‘ri! U Mengliboyga bir qarab oldi-da, silkinib o‘rnidan turdi. Jilg‘a tomon yo‘naldi. Jilg‘adagi boya Mengliboy yasab qo‘ygan hovuzchaga ag‘anadi, bir-ikki dumaladi-da, hamma joyini suv-ho‘l qildi. Orqasiga qaytib, bozillab turgan cho‘g‘lar ustiga silkindi. Bu holat ikkinchi bor takrorlandi. Ovchining hayrati oshdi. Nima qilmoqchi u? Uchinchi bor bo‘ri bolasi jilg‘a yoqqa ketganda, apil-tapil o‘rnidan turdi. Chakmon ostiga toshlarni, bir-ikki tarashani, xuddi o‘zi yotganday qilib taxladi va miltig‘ini olib, daraxtga chiqib, joylashib oldi. Bo‘­ri bolasi qaytib kelib, tag‘in chala o‘chinqiragan cho‘g‘­lar ustida silkindi. Cho‘g‘lar hali o‘chmagan, chala yonayotgan tarasha buriqsirab tutardi. Bo‘ri bolasi yana jilg‘a tomon ketdi... keldi... nihoyat, o‘t batamom o‘chdi!
O, bo‘ri! Bo‘ri... o‘zini chakmon ustiga zarb bilan otdi! Chakmonni g‘ajib tashladi.
Mengliboy hammasini ko‘rdi, tushundi va... qo‘­shog‘iz miltiqdan otilgan ikki o‘q tun sukunatini buzdi!
Bo‘ri bolasi bo‘ri, ilon bolasi ilon, deganlari haqqost-rost bo‘lib chiqdi!

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.