OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Abdurazzoq. Akam ekkan o‘rik (hikoya)

Bayram kuni bolalar juda erta turishadi. Galdagi bayramda ham xuddi shunday bo‘ldi. Tez-tez yuvinib, bir-birimizni bayram bilan tabrikladik. 
— Dada, buvimnikiga boramizmi? — dedi qizcham. 
— Ha, boramiz. 
— Ur-re-ey, dovuchcha yeymiz! 
— Bu yil dovuchcha yo‘q, — dedim men. — O‘riklarni sovuq urib ketgan. 
— Nega sovuq urib ketgan?
— Axir, o‘rik gullaganda qor yog‘di, sovuq bo‘ldi, ko‘rding-ku. 
— Nega qor yog‘di? 
— Shunaqa bo‘lib qoldi-da, — dedim men. 
Axir, yosh bolaga nima ham deb bo‘ladi? Qanday tushuntirish kerak. 
Qizimning ma’yuslanib qolganini ko‘rib, yupata boshladim. 
— Shunaqa bo‘ladi, qizim, xafa bo‘lma. Ba’zida o‘rik gullaganda ham qor yog‘ar ekan. Endi dovuchchani yanagi yilda yeymiz. Yaqinda gilos pishadi, olcha pishadi, keyin olma. O‘shalardan yeymiz. 
Xullas, qizim gapimga ishondi. Bundan o‘zim ham xursand bo‘ldim. Xursand bo‘ldimu ota hovlimizdagi bir tup o‘rik haqida o‘ylay boshladim. 
Har yili 9 may kuni dovuchchaxo‘rlik qilish menga odat bo‘lib qolgan. Aslida dovuchcha yeyish aprel oyida boshlanadi. Lekin 9-maydagisining lazzati bo‘lakcha. Bu urushda omon qolgan o‘rikning dovuchchasi. Ha, urush vaqtida faqat odamlar emas, balki qancha-qancha jonivorlar ham, daraxtlar ham qurbon bo‘lganini ko‘rganman. Bunday qurbonlar faqat urush bo‘lgan yerlarda emas, mamlakat ichkarisida ham, ya’ni bizning tomonlarda, Toshkentda ham bo‘lgan. Bu bir tarix. Bu tarixning eng qiziq va eng ma’yuslantiruvchi joyini, o‘zim ko‘rgan qismini gapirib beray. Ya’ni bir tup o‘rikning boshidan o‘tganlarini bir boshdan qisqacha hikoya qilay: 
... Uni akam ekkan edi. O‘shanda u mening bo‘yim bilan barobar edi. Oradan ko‘p o‘tmay urush boshlandi. Ko‘pchilikka kelgan to‘y emasmi, akam ham urushga ketdi. Ketdiyu keyingi yili uning o‘rigi gullab, birinchi nishona berdi.
Onam nishona qilgan, sarg‘aya boshlagan o‘rik donalariga qarab: 
— Bolaginam o‘zi ekkan o‘rikdan jilla bo‘lmasa bir donasini yemay ketdi-ya, — deb yig‘ladi. Keyin bizni o‘rikka yaqinlashtirmadi. 
— Mevali daraxtning birinchi hosilini uni ekkan odam yeyishi kerak, — dedi onam. — Sizlar keyin yeysizlar. Men hech bo‘lmasa bir donasini akangga atab olib qo‘yay. Uni turshak qilib qo‘ysam, akang kelib yeydi. 
Biz onamning gaplariga itoat etib, o‘rikka yaqinlashmadik. Keyinchalik u pishganida onam ikki donasini uzib olib, turshak bo‘lsin deb tom boshiga qo‘yib qo‘ydi. 
— Ana endi, qolganlarini yeyaveringlar, — dedi bizlarga. 
Shu tariqa akam ekkan o‘rikning hosili yildan-yilga ko‘paya bordi. Bir kuni singilcham shu o‘rik shoxiga arg‘imchoq solib berishimni iltimos qildi. Men uni boshqa daraxtga solaylik, o‘rik hali yosh, shoxi sinib tushishi mumkin, deb ko‘ndira olmadim. Aytganini qildiradigan erka singlim ikki oyog‘ini bir etikka tiqib turib oldi. Noiloj o‘rikning bir shoxiga arg‘imchoq solib, singlimni uchirdim. Ko‘p o‘tmay uning arg‘imchoq solingan shoxi sindi. Keyin uni ukalarim yordamida ko‘tarib tagiga tirgovich qo‘ydim. Singan joyini loy bilan suvab qo‘ydim. Uni ko‘rgach onam rosa qaqshab yig‘ladi. 
Kunlar, oylar, yillar o‘taverdi. Hayot borgan sari og‘irlashib borar edi. Uyimizdan nimaniki bozorga chiqarib sotish mumkin bo‘lsa sotdik. Navbat daraxtlarga keldi. Akam ekkan o‘rikdan boshqa hamma daraxtlarni kesib, o‘tin qilib sotdik. Oxiri navbat akam ekkan daraxtga keldi. 
— Buni kesmayman, — dedi onam. — Buni bolam ekkan. Ochlikdan o‘lsam ham sotmaymiz. 
Onam shunday deyishi bilan ko‘cha eshigimiz taraqlab ochildi. Sochlari parishon holda yoyilgan Nazmi opa degan qo‘shnimiz telbalarcha yugurib hovlimizga kirib keldi.
— Suyunchi beringlar! Urush tamom bo‘libdi! — dedi hayqirgan va titroq ovozda. 
Onam bilan ikkovlari yig‘lashib quchoqlashdilar. Biz ham quvonchdan yig‘lab yubordik. Uyimizdagi eng kichik odam, hali olti yoshga to‘lmagan Nasiba singlim qandaydir yovvoyi tovush bilan qiyqirib yubordi. U ham qora kunlar ketib, yillab kutilgan baxtli daqiqa yetib kelganiga tushungan bo‘lsa kerak. 
Men esini yo‘qotgan telbalarday ko‘chaga otildim. Yo tavba! Qiyomat ham ko‘chada, alomat ham. Har qadamda odamlar bir-birini yig‘lab tabriklashayapti. Ayollar, bo‘yiga yetgan qizlar bir-birlari bilan quchoqlashib, o‘pishib yig‘lashib turishibdi. Ularning ranglari ham bir zumda o‘zgarib qolibdi. Yuzlariga qizillik yugurgan, qandaydir boshqacha, chiroyli bo‘lib qolishibdi. 
Kutilmaganda jonlanib qolgan gavjum yo‘llardan o‘tib Navoiy ko‘chasiga chiqdim. Ana tantanayu mana tantana! Ko‘chaga odam sig‘maydi. Ayniqsa, qizlar shu kunga atab asrab qo‘ygan eng sara kiyimlarini, atlas ko‘ylaklarini, zarbobu baxmal nimchalarini kiyib, eng qimmatbaho duru gavharlarini taqib chiqishibdi. Hammayoqda o‘yin-kulgi, go‘zallik. 
Men ham namoyishga qo‘shilib ketdim. Keyin allamahalgacha ko‘chada yurdim. Ochlikni mutlaqo esimdan chiqarib yubordim. G‘alaba bayramining zavqi, kelajak haqidagi shirin xayollar, rejalar bilan qornim to‘yib qolgan edi. 
Qosh qorayar-qoraymas uyga kirib keldim. Kirib keldimu hang-mang bo‘lib qoldim. Uy o‘rtasidagi kattakon dasturxon ustida to‘rt yil mobaynida biror marta ham ko‘rinmagan noz-ne’matlar — arpa unidan qilingan kulchalar, qop-qora qatlamayu bo‘g‘irsoqlar, jiydayu turshaklar... Bizning ko‘chamizdagi barcha qo‘shni ayollar dasturxon atrofida davra qurib, gurunglashib o‘tirishibdi. Ostonada turib hammaga salom berdim. Bir-birimizni tabrikladik.
Nima uchun ayollar boshqa xonadonga to‘planmay to‘ppa-to‘g‘ri topgan-tutganlarini bizning dasturxonimizga to‘kdi ekan. Buni keyinroq bildim. Avvalo, ko‘chamizdagi hamma ayollarga nisbatan onamning yoshi kattaroq. Ikkinchidan, bizning oilamiz urushning zahrini boshqalarga nisbatan ko‘proq totgan, birin-sirin besh kishini yo‘qotganmiz. Otam vafot etgan, ikki akam urush qurboni bo‘lgan, kelinoyim jiyanimni olib ko‘chib ketgan. Shu sabablarga ko‘ra ayollarning bayram dasturxoni bizning uyda bezatilgan ekan. 
... Shu tariqa akam ekkan o‘rik omon qoldi. Lekin akam o‘zi yo‘q. Bugungi kunda u ekkan o‘rik ham yo‘q. U allaqachon qurib bitgan, ya’ni o‘lgan. U o‘sgan yerdan sal narida uning danagidan chiqqan o‘rik yashnab turibdi. Bu o‘sha o‘rikning zuryodi. Zuryod qolgani yaxshi ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.