OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Abdurazzoq. Qiron (hikoya)

Tong sahardan zabtiga olgan izg‘irin qosh qoraya boshlaganda biroz pasayib, peshindan beri uchqun¬layotgan qor rostakamiga gupillay boshladi. Abdurahmon chorva suruvni o‘toviga yaqin pastqamlikdagi qalin saksovulzorga endirdi. U yer sal bo‘lsa-da shamoldan pana, sovuqni qaytarib turadi. 
Chorva hangisining to‘qimini yechdi va jul o‘rnida ishlatadigan eski paxtaligini yopib, ayil bilan tortib bog‘lagach, uni suruv ichiga haydab yubordi. Suruv atrofida hushyor aylanib yurgan Qironga bir muddat tikilib turgach, ko‘ngli xotirjam tortib, to‘qimni ko‘targancha, og‘ir qadamlar bilan o‘tovga qarab yurdi. O‘tovning o‘rtasida, gulxan yoqish uchun mo‘ljallangan chuqurchadagi cho‘g‘lar allaqachon kulga aylanib qolgan ekan. Chorva kosov bilan uni titkilab, kichikroq cho‘g‘ni topib oldi. Ustiga qog‘oz va qurigan yantoqni bosib, puflay boshladi. Ozgina urinishdan so‘ng yantoq gurillab yonib ketdi. Chorva gulxanga saksovul kundalarini tashladi. O‘tov biroz isib, chorvaning muzlagan qo‘llariga yoqimli iliqlik yugurdi. Shundan keyin, qora qumg‘onga suvni yarimlatib, gulxanga qo‘ydi. Qaniydi, shu payt to‘qson besh bo‘lsa. Izg‘irinda, gulxan yonida o‘tirib, achchiq choyni quyib, maydalab o‘tirsa. Birozdan so‘ng suv qaynay boshladi. Dasturxonni titkilab, yarim piyolacha non ushoqlarini topdi. Qaynoq suvda ivitilgan ushoqlar unga shohona taomdek tuyulib, uzoq tamshanib yedi. Ichiga issiq kirib, quldirayotgan oshqozoni ham biroz orom olgach, uyqu elita boshladi. G‘aflat bosib uxlab qolmaslik uchun, tashqariga chiqdi. Saksovulzordagi suruvidan xabar oldi. 
Qor hamon gupillab yog‘ar, Bo‘riyotog‘i sahrosi butkul oqlikka chulg‘anib borardi. Suruv tarvaqaylab o‘sgan ulkan saksovullar orasida xotirjam kavsh kaytarib yotardi. Chorvaning o‘tovdan chiqqanini ko‘rgan Qiron, yoshligida kesilgan cho‘ltoq dumini o‘ynatgancha unga peshvoz yurdi.
— Ha, Olavoy, osoyishtalikmi? — Chorva uning kalta quloqlarini, peshonasini sovuqdan qoraygan, yorilaverib qadoq bo‘lib ketgan go‘shtsiz barmoqlari bilan silagan bo‘ldi.
Chorva Qiron bilan suruvning atrofini aylanib, sinib tushgan saksovul shoxlarini bir quchoq qilib ko‘targancha o‘tovga qaytdi. Birozdan keyin Qiron ham ortidan kirganida, pasayib qolgan gulxan yana gurillay boshlagan edi. Sal isinib olgan Qironning ham katta-katta jigarrang ko‘zlari yumila boshladi. 
— Bo‘ldi, endi sen chiqaqol, Olavoy. Suruvdan ko‘z-quloq bo‘l.
Qiron qari xo‘jasining gapiga tushungandek, o‘tovdan chiqib suruv yoniga yo‘rtdi. Chorva uning ortidan qoniqish bilan qarab miyig‘idan kulib qo‘ydi.
... Bunga o‘n yildan oshib qoldi. O‘shanda qishloqdan otarga qaytayotgan edi. Kichik ariqda cho‘milayotgan bolalar uni ko‘rib jimib qolishdi. Shunda angillagan mittigina kuchukchaning ovozi eshitildi. Chorvaning eshagi to‘xtaganini ko‘rib shumtakalar ura qochib qolishdi. Kuchukcha esa hamon zorlanib angillar, mitti, jiqqa ho‘l vujudi qalt-qalt titrardi. Chorva yoshligida uloqchi chavandoz bo‘lmaganmi, shartta egildiyu kuchukni dast ko‘tarib oldi. Ola kuchukchaning ko‘zlari endigina ochilgan, beshafqat bolalarning qo‘lida holdan toygandi. Chorva uni choponining bariga o‘rab otarga olib keldi. Shundan beri ikkovlon ahil do‘st. Qiron kun-kundan ulg‘ayib, ayiqqa kelbat beradigan, ulkan bo‘ribosarga aylandi. Anchagina inoqlashib, bir-birini bitta imo bilan tushunadigan bo‘lib qoldilar.
...Qiron suruv yotgan saksovulzorni aylanib, yirik-yirik buta tanalariga peshob qilib chiqdi. Bu bilan, endi bu joylar unga tegishli ekanligini rasmiylashtirib, bu yerga yaqinlashgan jondorga ogohlantirish qo‘yib ketardi. Yaqin besh-olti yildan beri Abdurahmon chorvaning suruviga bo‘ri oralaganini hech kim eslay olmaydi. Qironning dovrug‘i butun sahroga yoyilib ulgurganidan, qashqirlar uning hidi anqigan joyning bir chaqirim narisidan aylanib o‘tishardi. Chorva ham hech qaysi cho‘pon tunashga yuragi dov bermaydigan Bo‘riyotog‘i saksovulzoridan joy tanlagani ham, bir tomondan Qironga bo‘lgan cheksiz ishonchidan edi.
Ikki kun oldin, hali chillaning qorasovuqlari kelib ulgurmasidan Abdurahmon chorva o‘ziga cho‘liqlik qilayotgan o‘g‘li Abdurahimni qishloqqa jo‘natdi. Oziq-ovqatning tagi ko‘rinib qolgan, va eng asosiysi nos va choy tugab bo‘lgandi. Uzog‘i bilan ertasi kuni kelishi kerak bo‘lgan Abdurahim, uchinchi kundirki qorasini ko‘rsatgani yo‘q.
“Ha, bola-ya, bola! Sahroda och-nahor qolgan otasidan ko‘ra xotinining issiq quchog‘ini afzal bilgan bola!”—Abdurahmon chorva shularni o‘ylab, bir g‘azablanib, bir ko‘ngli cho‘kib, pasaya boshlagan gulxanga o‘tin tashlash ham esiga kelmay, ustiga qirq yillik pocha po‘stinini tortgancha uyquga ketdi.
Tongga yaqin qor to‘xtab, haqiqiy qorasovuq  boshlandi. Qorda dikirlab sakrab yurgan Qironning butun vujudiga igna sanchilgandek bo‘ldi. Ozroq isinib olish umidida saksovulzorni aylanib yugura boshladi. Baribir bo‘lmadi. Eng so‘nggi chora, ya’ni o‘tovga o‘zini urib, gulxan yonida biroz isinib olmasa izg‘irin achchig‘iga chiday olmasdi. Qiron sekingina, dumini qisib, o‘tovga kirdi. Gulxan allaqachon o‘chgan, xo‘jasi esa, pochapo‘stinga o‘ralgancha qimir etmay yotardi. Qiron pochapo‘stinni tishlab tortdi. Xo‘jasi ko‘zlari yumuq, yuzi esa muzdek edi. Qiron uning yuzlarini yalay boshladi.. Shunda xo‘jasi bilinar-bilinmas nafas olayotgani sezildi. Xo‘jasining ko‘zlari biroz ochilgandek bo‘ldi. 
— Qiron... Sovuq... Gulxanni yoqish kerak.
Qiron eshikka o‘rnatilgan kigiz yonida sindirib taxlab qo‘yilgan saksovul shoxlarini birin-ketin tishlari orasida tashib, so‘na boshlagan cho‘g‘ ustiga tashlayverdi. Abdurahmon chorva inqillab o‘rnida turib cho‘g‘ni puflay boshladi. Akashak bo‘lib qolgan qo‘llari uning erkin harakat qilishiga monelik qilar, Qironning keltirgan o‘tinlari yirik va aralash-quralash qo‘yilgani uchun alanga olmasdi. Abdurahmon chorva qo‘ynidan gazeta parchasini olib, zo‘rg‘a o‘tinning orasiga tiqdi. Puflashga esa madori qolmagandi. Tashqarida hushtak chalayotgan izg‘irin eshik o‘rnidagi kigizni xuddi kemaning yelkanidek shishirib lopillatardi. Qiron chopib borib, kigizning bir uchini tishlaganicha eshikni qiya ochdi. Sovuq shamol shahd bilan o‘tovga o‘zini urdi. Cho‘g‘ birdan alangalanib, gurillab ketdi. Atrof yorishib, o‘tovga iliqlik yugurdi. 
Abdurahmon chorva inqillagancha o‘rnidan turib, palapartish tashlangan shoxlarni kosov bilan tartibga keltirdi. Gulxan bir maromda gurillab yona boshladi. Anchagina qizinib,o‘ziga kelib olgan Qiron ham tashqariga chiqdi. Uning ham xo‘jasi singari qorni och edi. Saksovulzorning adog‘idagi kichikroq barxan ustiga chopib chiqib, sharqqa, quyosh bosh ko‘tarayotgan tomonga uzoq termulib koldi. Kichik xo‘ja shu tomondan keladi. Yo‘q. U hamon ko‘rinish beravermasdi. Qiron uning kelishidan umidini uzib, boshini osiltirgancha yana ortga qaytdi. Kechasi belgi qo‘yib chiqqan chegaraning buzilgan-buzilmaganini tekshirib saksovulzorni aylandi. Hammasi joyida. Suruv tong otishi bilan yalanglikka yoyilib ketdi. Qor ostida, namiqib, xushxo‘rlashgan yantoq va shuvoq qoldiqlarini terib yeya boshlashdi. Qiron bir muddat suruvning atrofida aylanib yurib shubhali narsa ko‘rmagach, yana o‘tovga qaytdi.
Abdurahmon chorva gulxanga qarab o‘tirgancha oyog‘ini tinimsiz uqalardi. Qiron uning oldida cho‘kka tushib, tilini osiltirgancha mo‘ltirab qaradi. Chorva jonsiz qo‘llari bilan itning ulkan boshini siladi.
— Shunaqa gaplar, Olavoy, oyoqni oldirganga o‘xshaymiz.
Qiron guyo tushungandek, uning yalang‘och oyog‘ini yalashga yaladiyu, birdan tilini tortib oldi. Xo‘jasining muzdek oyoqlaridan o‘lik hidi kelardi. U boshini ko‘tarib ayanchli g‘ingshib qo‘ydi.
— Ha, sen ham sezdingmi, Olavoy. Oyoqdan judo bo‘ldik. Endi holimiz nima kechadi-a, Olavoyginam? —Abdurahmon chorvaning qoqsuyak barmoqlari titrab, kipriklari namlandi.
...Qiron yalanglikda yoyilib yurgan suruv atrofini aylanib chiqdi. Keyin barxan ustiga chiqib yana kunchiqar tomonga umid bilan uzoq tikilib qoldi. Kichik xo‘jadan darak yo‘q edi. Ichikib g‘ingshidi. Burilib pastga tusha boshlaganida so‘nggi umid bilan yana ortiga qaradi. Sahro oppoq, qimirlagan qora ko‘rinmasdi. Shunda kunbotar tomondagi ulkan burg‘ulash minorasiga ko‘zi tushdi. O‘tgan bahordagi voqealar ko‘z oldida gavdalandi.
O‘shanda yil yaxshi kelib, sahroni yashil gilamdek barra o‘t qoplagandi. Suruv ikki barobar ko‘payib ketgan. Dirkillagan qo‘zichoqlarining ma’rashi atrofni tutardi. U qishda tug‘ilgan, anchagina yirik qo‘zi bilan o‘ynashib, suruv oralab yurgan edi. Shunda bir qora mashinada to‘rt-besh kishi o‘tovga qarab kela boshladi. U qo‘zichoqni unutib mashinaninng yo‘lini kesib, vovullagancha bostirib bora boshladi. Mashina uni chaqqongina aylanib o‘tib, to‘g‘ri o‘tov yonida oyoq ildi. Qironning g‘azab bilan tashlanishga tayyor turganini ko‘rgan mashinadagilar, eshikni ochishga yuraklari betlamasdan, qattiq-qattiq signal chalgancha turaverdilar. Bir payt xo‘jasi yetib keldi.
— Olavoy, bo‘ldi, bas qil. Bor, ishingni qilaver!-deganidan so‘ng mashinadagilarga yovqarash qilib, sal nariroqqa borib, ularning har bir harakatini ko‘zdan qochirmay kuzatib yotaverdi.
Ular mashinadan tushib xo‘jasi bilan suhbat¬lashishdi. Keyin, o‘tloq ustiga namat to‘shab yonboshlab olishdi. Mashinadan turli xaltalarni olib, dasturxonni to‘ldirishdi. Qironning dimog‘iga o‘tkir, ishtahasini qitiqlab, so‘lagini oqizib yuborgan hidlar kela boshladi. U shunda ham o‘z obro‘sini saqlab, ularning yoniga yaqinlashmadi. Kichik xo‘jasi bir qo‘zini ushlab, o‘tov orqasiga olib o‘tib so‘ydi. Tez orada qozonda qovurilayotgan go‘shtning yoqimli hidi atrofni tutib ketdi. Boshida vahima bilan kutib olgan bo‘lsa-da, bu kelguvchilarga el bo‘lgisi keldi. Bir payt xo‘jasi uni yoniga chorlab qoldi. Sekin o‘rnidan turib, viqor bilan bir-bir qadam bosgancha unga yaqinlashdi. Qironning kelbatini ko‘rib qorachadan kelgan mo‘ylovli kishi qiyqirib yubordi.
— O‘, Abdurahmon aka, buningiz ayiqpolvonning o‘zi-ku! Har qanday itni bir martadan o‘tkazmasa kerak. Sotmaysizmi? Qancha so‘rasangiz berardim!
— Bu gapingizni qaytib tilingizga olmang, ukam! Odam o‘z do‘stini ham sotadimi?! Ana, suruvdan xohlagan qo‘chqoringizni so‘rang, berib yubormagan nomard. Lekin Qironni so‘ramang!
— Bo‘ldi, bo‘ldi, Abdurahmon aka. So‘zimni qaytib oldim.
Mo‘ylovdor sekin Qironning bo‘ynidan siladi. Chaqaloqning mushtumidek keladigan, xushbo‘y hidli yemishni olib unga tutdi. Qironning yegisi kelayotgan bo‘lsada, unga yuzini burmadi. Xo‘jasiga qaradi.
— Ol, olaver, Olavoy.
Qiron kishining qo‘lidan sirli, xushbo‘y hid taratayotgan yemishni olib, nariroqqa cho‘kdi-da, ishtaha bilan tushira boshladi.
Keyin ular mashinaga minib, sahrodagi ulkan minoraga qarab ketishgandi. 
Ularning yoniga borish kerak. Faqat o‘sha odamlargina xo‘jasiga yordam bera olishi mumkin. 
Qiron xotirjam o‘tlab yurgan suruvdan ko‘ngli to‘q, o‘tovga qaytib kirdi. Xo‘jasi endi xirillab nafas olgancha pochapo‘stinga o‘ralib yotardi. Qiron o‘tovdan o‘qdek otilib chiqib, ulkan minora turgan tepalik tomonga chopib ketdi. 
Oppoq qorga burkangan tepalikka chiqib borganida minoraning shovqinidan qulog‘i tom bitib, titrayotgan yerga oyog‘ini zo‘rg‘a bosardi. Bu vahimali minoraga yaqin borishga yuragi dov bermas, ammo ortga qaytishga ham haqqi yo‘q edi. Shunda u cho‘kka tushib olgancha baland ovozda vovullay boshladi.
... Parmalash minorasi atrofida yurgan uch-to‘rt kishi bor kuchi bilan ishlab, ulkan dolotani aylantirgancha yerni o‘yib borayotgan dizellar shovqinida itning tovushini eshitmadilar. Shu payt beriroqdagi vagonchadan bir yigit chiqib, bo‘ribosarga hayron bo‘lib qarab qoldi. Keyin uning salobati va vahshatidan qo‘rqib, ikki qadam ortga tisarildi.Cho‘chinqiragancha yana itga tikildi. Qironni tanidi shekilli, bir nimalar deb baqirgancha minora yonidagi odamlar tomonga yurdi.
— Jumamurod aka! Hov, Jumamurod aka! — Yigit shovqinni bosib baland ovozda chaqirdi.
Minora atrofida g‘oz yurib, burg‘uchilarga ko‘rsatma berayotgan smena boshlig‘i Jumamurod unga o‘girildi.
— Nima deysan?
— E, aka, bu yoqqa qarang. Abdurahmon cho‘pon¬ning sizga sotmagan iti o‘z oyog‘i bilan kelib turibdi!
... Qiron mo‘ylovdor kishini darrov tanidi. Shovqin va yerning titrashidan paydo bo‘lgan qo‘rquv ham unutilib, o‘ziga xushta’m yemish tutgan kishining yoniga cho‘ltoq dumlarini likillatgancha yo‘rtib bordi. Mo‘ylovdor qo‘rqa-pisa uning bo‘ynini siladi. Qiron Bo‘riyotog‘i saksovulzori tomonga o‘girilib vovullab qo‘ydi. Mo‘ylovdor esa yonidagi yigit chiqarib bergan bir parrak kolbasani Qironning og‘ziga tutdi. Undan tilidan hamon ta’mi ketmayotgan bahordagi yemishning xushbo‘y hidi kelardi. Qiron och emasmi, yemishni apil-tapil chaynab yutib yubordi. Keyin mo‘ylovdorning baridan tishlagancha Bo‘riyotog‘i tomonga tortqilar, ayanchli g‘ingshib qo‘yardi. Mo‘ylovdor esa uning gapini uqmasdan, yonidagi yigitga bir narsalarni shivirlab ichkariga kiritib yubordi...
Jumamurod yoshligidan it urishtirishga qiziqar, qish kunlarida shahar chetidagi tashlandiq bog‘da bo‘ladigan itlar jangini bitta qoldirmay tomosha qilardi. Kelgusi haftada katta jang bo‘ladi. Buxorodan "Tayson" degan chempion it kelarmish. Eh-he, unga tikiladigan pulni ko‘rsang edi! Ikki-uch yildan beri "Tayson"ning oldiga tushadigani yo‘q. Uni faqat shu Qiron yutishi mumkin! O‘z oyog‘i bilan kelgan xazinani qo‘ldan chiqarib bo‘ladimi!
Yigit burg‘uchilar minora tepasidagi, palati deb ataladigan kichik kabinaga chiqayotganlarida xavfsizlik uchun bir uchini minoraga, bir uchini bellariga bog‘lab oladigan po‘lat zanjirli charm kamarni olib chiqdi. Jumamurod itning boshini silab turgancha kamarni chaqqonlik bilan bo‘yniga solib mahkamladi. 
Qiron birdan hushyor tortdi. Bunday xiyonatni kutmagan itning g‘azabi toshib, mo‘ylovdorni bir zarb bilan ag‘anatdi va ortga qaytdi. Mo‘ylovdor va yonidagi yigit ikkovlashib uning yo‘lini to‘sgancha hay-haylashar, ammo g‘azablangan bo‘ribosarga yakinlashishga jur’at topisholmasdi.
Qiron og‘ir zanjirni sudrab yana Bo‘riyotog‘iga qaytib keldi. Biroz olislab ketib qolgan suruvni ortga qaytarib kelgach o‘tovga kirdi. Xo‘jasi hamon og‘ir-og‘ir nafas olar, cho‘g‘dek qizib ketgandi. 
Qiron barxan ustiga chiqib, kunchiqarga termuldi. Bu safar sahroni kesib o‘tgan yo‘ldan qandaydir, harakatlanayotgan narsa ko‘rindi. Bo‘ynidagi la’nati zanjirni bazo‘r sudrab chopa boshladi. U yo‘lning o‘rtasida turib, mashinani sabr bilan kuta boshladi.
... Qor bosgan yo‘lda imillagancha "Villis" mashinasi o‘rmalab kelardi. Bu burg‘uchilarning mashinasi bo‘lib, yoshgina yigit boshqarar, yonida tinimsiz sigareta tutatayotgan geolog o‘tirardi. Yo‘lning o‘rtasida turgan bahaybat itni ko‘rib, har ikkalasi ham hayron bo‘lib qolishdi. Ular yaqinlashganlarida it bir-ikki vovullab, mashina oldida zanjirni sudragancha xuddi yo‘l boshlayotgandek boraverdi.Chamasi, Qironning omadi chopib qoldi-yov, ular itning imosini ilg‘ashdi.
— Bunda bir gap bor, Ravshan, sekin uning ortidan boraver-chi! — dedi geolog haydovchiga. 
It kunbotarga burildi. Mashina ham ehtiyotlik bilan uning ortidan ergashdi. It ularni to‘g‘ri cho‘ponlar o‘toviga boshlab borganida, mashinadagilar biron hodisa sodir bo‘lganiga to‘liq ishonishdi. Mashina to‘xtaganida it g‘ingshigancha o‘tovga kirib-chiqar, chopqillab ularning yoniga kelib, yana o‘zini o‘tovga urardi. Geolog o‘tovga kirgach, cho‘zilib yotgan Abdurahmon cho‘ponni ko‘rib esxonasi chiqib ketayozdi. Po‘stinni tortib, uning yuziga qo‘lini bosdi. Cho‘ponning issig‘i baland, alahlab yotardi. Ular shosha-pisha uni ko‘tarib mashinaga olib chiqishdi. Qiron ham o‘zini mashinaga urmoqchi edi, ammo biroz o‘ziga kelgan Abdurahmon chorva inqillagancha "Sen suruvga qara, Olavoy," deganidan keyingina shahdidan qaytib, to mashina katta yo‘lga chiqqunicha zanjirni shiqirlatib sudragancha unga ergashdi. 
...Qosh qorayib, yana sahroning kechki izg‘irini boshlanayotgandi. Yalanglik bo‘ylab tarqalib ketgan suruvni ming bitta azob bilan yig‘ib, saksovulzorga haydadi. Bo‘riyotog‘iga g‘uj bo‘lgan suruvni aylanib, yana o‘z chegarasini yangidan belgilagach, barxan ustiga chiqib, to kun botib, mudhish qorong‘ulik sahroni butkul chulg‘ab olmaguncha, xo‘jasini olib ketgan mashina ketidan termulib turaverdi. Sovuq jonidan o‘tganidan keyingina, o‘rnidan qo‘zg‘alib suruv tomon yurdi. Ochlik va sovuqdan tinka-madori qurib borar, hatto bo‘yniga osilgan zanjirni ham sudrashga holi qolmagandi. Bo‘ynidagi charm kamardan xalos bo‘lishga urinishlari behuda ketdi. Tun yarmidan oqqanda holsizlikdan ko‘zi yumilayozgan ekan, qari serkaning qo‘ng‘irog‘i asabiy jaranglashidan hushyor tortdi. Qo‘y-qo‘zilar bezovtalanib, paydar-pay ma’ray boshladilar.
Qiron allaqanday ichki sezgisi bilan suruvga qashqir oralayotganini sezib, o‘sha tomonga otildi. Evoh, arslon kuchdan qolganini sezsa chiyabo‘rilar ham g‘imirlab qolar ekan-da! Uning sillasi quriganini qaerdan bildi ekan bu jondorlar! Qiron g‘azabdan vujudiga kuch inayotganini his qildi. U xuddi, bir necha yil oldingi yosh va kuchga to‘lgan pallalardagidek sezdi o‘zini. Duch kelgan qo‘yni bo‘g‘izlab borayotgan ulkan arloni bo‘rining oldini to‘sib chiqdi. Bir necha soniya ko‘zlari to‘qnashganidan keyin bo‘ri unga tashlandi. Qiron bunday janglarning hadisini olib ulg‘ayganidan, tezda chap berib, uning kekirdagidan olgancha bosib tushdi. Bo‘ri yosh va baquvvat, Qiron esa kuchdan qola boshlagan, buning ustiga bir necha kundan beri och edi. Lekin Qirondagi cheksiz g‘azab va tajriba o‘z so‘zini aytdi. Bo‘ri ming urinsa-da uning omburdek qisilgan jag‘lari orasidan chiqib ketishning yo‘lini topa olmadi. Qashqir asta-sekin holsizlanib, harakatlari susaya boshlaganida urg‘ochisi jon-jahdi bilan yordamga tashlandi. Uning zarbidan Qiron ag‘anab, ostidagi bo‘ri uni bosib tushgan bo‘lsa-da, ammo bo‘rining bo‘g‘zini hamon qo‘yib yubormasdi. Bu jonjabrlik uni asrab qoldi. Ustidagi jondor qalqon vazifasini o‘tab turar, urg‘ochi qashqir uning kekirdagidan olishiga imkon topolmasdi. Shu payt bo‘rining joni uzildi. Uni qo‘yib yuborganida yirik, yoldor boshi shilqillab tushdi.
... Abdurahim uyga qaytganidayoq, hech bo‘lmaganda ikki kun uyda qolishni rejalashtirgandi. Otasi ochidan o‘lmaydi. Ana, xohlagan qo‘yni so‘yib yeyaversin. Shu la’nati qo‘ylarni deb, izg‘irin sahroda yuraveradimi? Uylanganiga olti oy bo‘ldi. Shundan beri ikki, nari borsa uch marta kelgandir, xolos. Chorvaga qolsa, yilda bir marta ham uyga jo‘natay demaydi. U kechga yaqin eshagini qichab haydagancha uyga kirib keldi. Anchadan beri qirilmagan siyrak soqoli, telpagi bulduruqlagan,har nafas olganida og‘zidan bulutdek bo‘lib hovur chiqardi. Hali kelinchaklik uyning fayzi arimagan xonasiga kirganida Gulsumning mayin jilmayib salom berishidan, ehtirosi jo‘sh urib ketdi. Xotinini chanqoqlik bilan bag‘riga bosmoqchi edi, u nozlanib ko‘ksidan itardi. "Oldin bu isliqilaringizni yechib, yuvinib oling".
Abdurahim iliq suvda uzoq yuvindi. Oxirida soqolini ham qirtishlab, archilgan tuxumdek silliqqina bo‘lib chiqib keldi. Tunni maromida o‘tkazgan yigit ertalab ham, indingi kuni ham yo‘lga chiqqisi kelmasdi. Uchinchi kuni istar-istamas, kerakli narsalarni xurjunga solib otlandi. Shu kuni tunda daryoda muz ko‘chib, omonatgina ko‘prikni yuvib ketganini ko‘rib, qolishga bahona topgandek bo‘ldi. Uchib-qo‘nib ortga qaytdi. Onasiga shuni chala-chulpa aytib, uyga o‘zini urayotganida Risolat kampir uni to‘xtatib qoldi. 
— Shoshma, bolam. Ko‘prik buzilgan bo‘lsa uyga kirib o‘tiraverasanmi? Otangning holi nima kechadi. Qanday qilib bo‘lmasin, borasan!
— Nima, daryodan uchib o‘taymi, yo shu izg‘irinda kechib o‘taymi?
Onasi indamadi. Keskin ortiga o‘girilib keta boshladi. Abdurahmon chorvaning butun umri cho‘lda o‘tib, bolalarni Risolat kampir tarbiyalab o‘stirganidanmi, Abdurahim qattiqqo‘l, aytganini qildirmay qo‘ymaydigan onasidan hayiqardi. Ilojsiz ortga qaytdi. Eng yaqin ko‘prik yigirma chaqirimlar narida, burg‘uchilar posyolkasiga boradigan asfalt yo‘lda edi. Agar shu yo‘l bilan ketsa yarim kechasi ham yetib borolmaydi. Yo‘lda muzlab qolishi hech gapmas. Undan ko‘ra eshakni qo‘yib, yo‘lovchi mashina poylagani yaxshi. Abdurahim xurjunni yelkasiga tashlagancha, beton ko‘prikka yetib kelganida sovuqning zabtidan to‘ng‘ib qolay dedi. Abdurahim yo‘l chetiga chiqarib tashlangan eski mashina g‘ildiragini yoqib isinishga qaror qildi. Biroz atrofni izlab, ko‘prik ostidan quruq xashak va o‘tin-cho‘plarni topib chiqdi. Shularni g‘ildirak ostiga qo‘yib, bir amallab olovni yoqib oldi. G‘ildirak gurillab yonib, atrofni quyuq qora tutunga chulg‘ay boshlaganidan so‘nggina uning tanasidagi qaltirog‘i biroz bosildi. Vujudiga issiq o‘rlab, yo‘lga tuzukroq razm soldi. O‘rkach-o‘rkach, oppoq qorga burkangan barxanlar oralab, cho‘l tomondan imillab kelayotgan qora "Villis" ko‘rindi. Mashina sekin-sekin yurib kelib gulxan to‘g‘risiga kelib to‘xtadi.
— Hoy, yigit, buyoqqa qarasang-chi! — mashinadan tushgan o‘ttiz besh-qirq yoshlardagi kishi uni chaqirardi.
Abdurahim shoshilib uning yoniga bordi.
— Qara-chi, manavi cho‘ponni taniysanmi? O‘tovida og‘ir alahlab yotganida topib oldik.Kasalxonaga olib boryapmiz.
Abdurahimning yuragi jimillab ketdi. Orqa o‘rindiqda cho‘zilgancha, hushsiz yotgan odam otasi Abdurahmon chorva edi.
Chorva uch kun ajal bilan olishdi.O‘zini aybdor his qilib, boshini qaysi devorga urishni bilmay turgan Abdurahim ham, Risolat kampir ham uch kun uning yonidan jilmadilar. Nihoyat, to‘rtinchi kun tong saharda chorva ko‘zini ochdi. Uning ilk aytgan so‘zi "Qiron" bo‘ldi. 
— Qiron... Qiron suruv bilan yolg‘iz qolgandi. Sen undan xabar ol. Men tuzukman.
"O‘zi o‘laman deb turibdi-yu, yana shu itni o‘ylaganiga balo bormi!"
Abdurahim noiloj sahroga qaytishga majbur bo‘ldi.
... Qiron keyingi kuni butkul holdan toydi. La’nati mo‘ylovdor bo‘yniga osgan zanjirni sudrab barxanga chiqishning ilojini topolmadi. Shunda saksovulzor tomondan yegulik hidi anqiyotganini ilk marta sezdi. Sekin sudralib Bo‘riyotog‘i saksovulzoriga kirib ketdi. Bu ishtahani qitiqlovchi yegulik hidi kuni kecha qashqir bo‘g‘izlagan qo‘yning jasadidan kelardi. U hech narsani o‘ylab o‘tirmay muzlab qolgan qo‘yning tanasiga tishini botirdi. Ochlikning zo‘ridan bir zumda qo‘yning ustixonlarigacha g‘ajib tashladi. Bir necha kun davom etgan ochlikdan keyingi bu ziyofatdan so‘ng mudray boshladi. Kechki izg‘iringacha hali vaqt bor. U saksovulning panasida, o‘zi qazigan o‘rasimon inga kirab ko‘zlarini yumdi.
U shuncha kun ochlikka mardona chidagan bo‘lsa-da, endi o‘zini tutolmay, nafsning quliga aylanib borayotgandi. Qari saksovulning xunuk buralgan shoxlari panasida bo‘g‘izlangan ikkinchi qo‘yning o‘ligi yotardi. Qiron ermakka chaynagandek, uning etini burdalab yuta boshladi. Bu qo‘y unga bir kunlik yemish bo‘ldi. Keyingi tunni zo‘rg‘a o‘tkazdi. Kun yorishib, qo‘ylar yalanglikka o‘tlagani chiqishayotgan paytda ochlik hissi chidab bo‘lmas darajaga chiqib ko‘ziga qon quyila boshladi. Tomirlarida oqayotgan ajdodlari qoni ko‘pirib, ko‘zini xiralashtirib qo‘ydi. Jazavaga tushiradigan issiq qon hidining xumori tutib boshi aylanib ketdi. U endi oldingi Qiron emas! Ko‘zlari qonga to‘lib, suruv tomonga chopdi. Birinchi duch kelgan qo‘yning bo‘g‘zini yulib tashlab, oqayotgan issiq qonini chapillatib yalay boshladi...
... Abdurahim geologlarning vaxta mashinasida, peshin payti otarga yetib keldi. Qo‘ylar saksovulzorda to‘planib, olazarak ko‘zlari bilan atrofga boqishar, bezovta ma’rashar edi. Abdurahim suruvga jondor oralagan gumon qilib, tayog‘ini qo‘lida mahkam ushlagancha atrofni aylanib ko‘zdan kechirib chiqdi. Saksovulzor bo‘g‘izlangan qo‘ylarning jasadiga to‘lib ketgandi. Ba’zilari ustixonigacha g‘ajilgan bo‘lsa, ba’zilari esa shunchaki ermak uchun o‘ldirilganligi bilinib turardi. Abdurahim o‘n chog‘li jasadni sanaganidan keyin birdan Qiron esiga tushib ketdi. Otasining sevimli iti nima qilib yuribdi ekan. Uning hidini sezgan bo‘ri zoti borki, bir chaqirim naridan aylanib o‘tardi-ku!
— Qiron! Qiron! 
Bo‘riyotog‘i saksovulzoriga taqalib turgan barxanning ustida Qironning bahaybat boshi ko‘rindi. U erinib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Lekin negadir Abdurahim tomonga yurgisi kelmasdi.
— Qiron!
Abdurahim itning bu qilig‘idan hayratda qoldi. Axir Qiron uning bir imosi bilan yoniga o‘qdek uchardi-ku! O‘tgan bir haftada u go‘yo boshqa itga aylanib qolgandek edi.
... Qiron kichik xo‘jasining chaqirig‘ini eshitganida, uning yoniga chopib borishga ichida uyg‘ongan allaqanday yovvoyi tuyg‘u monelik qilardi. Sodiq va aqlli Qiron o‘zi bilan xo‘jasining o‘rtasida devor paydo bo‘lganligini his qila boshladi. U endi xo‘jasiga ishonmas, undan biroz hayiqib, biroz begonasirab turardi. Bir paytlar o‘zi bilan xo‘jasi o‘rtasidagi mehr, sadoqat va muhabbat tuyg‘ulari, bir necha yuz yil oldin bo‘lgandek, xotirasida xiralashib qolgandi. U o‘sha paytlarni eslagisi ham kelmas, hammasiga tupurib, bir necha kundan beri o‘zi tuyib kelgan ozodlik, mastu mustag‘riq qilguvchi issiq qon hidi ortidan toabad chopib yurishni istaydi. Xo‘jasi bilan o‘rtalarida qad ko‘targan mustahkam devorning tamal toshi ham bo‘g‘izlangan qo‘yning jon taslim qilar chog‘i jismidan oqayotgan issiq qoni ta’mini tuygan lahzalarda qo‘yilgan edi. Endi bu devorni buzishning iloji yo‘q.
Qiron barxan ustida qaddini tiklab, maza qilib kerishdi. Yaqindagina qornini to‘ydirib olmaganmi, vujudida allaqanday yovvoyi kuch uyg‘onib, cheki-chegarasi yo‘q sahroda tinimsiz yugurishni istay boshladi. Allaqayoqlardan, anavi ko‘zga elas-elas chalinayotgan saksovulzordanmi vujudini sarxush qilib, tinimsiz o‘ziga chorlayotgan sirli bo‘y anqirdi. U tumshug‘ini shamolga tutib hidni yanada ravshanroq his qila boshlaganidan keyin junbushga tusha boshladi. Shunda u itlar uchun mutlaqo taqiqlangan ishni qildi: tumshug‘ini osmonga ko‘targancha uvlab yuborishdan o‘zini saqlay olmadi.
... Abdurahim Qironning bu qilig‘idan dahshatga tushdi. Nahotki, shu o‘zi bilgan Qiron shunchalikka borgan bo‘lsa. Otasiga aytsa, mutlaqo ishonmaydi! Eh, Qiron, Qiron! Endi uning qaytib kelishidan umidini uzib, saksovulzorda muzlab yotgan qo‘y jasadlarini yig‘ishtira boshladi. Ularni saksovulga osib qo‘ymasa bo‘lmaydi. Bo‘g‘izlangan qo‘ylarni akt qiluvchi komissiya, kerak bo‘lsa har bitta suyagini sanab, keyin "spisat" qiladi.
... Qiron bo‘ynidagi zanjirning og‘irligini ham sezmay, olisdagi saksovulzordan anqiyotgan sirli bo‘yga qul bo‘lib chopa ketdi. Kun botib kechki izg‘irin uyg‘ongani ham uni shashtidan qaytara olmadi. Oy ko‘tarilib, ajabtovur vasvasaga solguvchi yog‘dusi oppoq qorda akslana boshlaganda saksovulzordan iliqqan bo‘rining zorlanib uvlagani eshitildi. Uning qo‘shig‘i Qironning badanini jimirlatib yubordi. Sehrli hid va bu qo‘shiq uni beto‘xtov oldinga chorlardi. 
Sirli hid saksovulzor ichidagi mo‘’jaz tepalikda to‘linoyga qarab uvlayotgan urg‘ochi bo‘ridan anqirdi. Qiron uning atrofidan bir aylandi. Bu o‘sha, yaqinda suruvga hujum qilib, Qironning jag‘ida halok bo‘lgan yoldor bo‘rining jufti bo‘lib, o‘ziga yangi arlon axtarayotgan edi. Qiron atrofida girdikapalak bo‘lib, tongga yaqin uning visoliga yetishdi. Keyingi tunda ikkovlari birga ovga chiqdilar. Qironning o‘z suruviga borishga oyog‘i tortmadi. Shu yerga yaqinroq, ko‘hna toshquduq atrofidagi suruvga hujum qilishdi. Suruvning yonida yurgan ikkita qora it shovqin solib ularga tashlanganida Qiron keskin harakat bilan birining bo‘ynini yulib tashladi. Ikkinchisini ostiga bosib piypalay boshlaganida, bo‘ri allaqachon ikkita qo‘yni bo‘g‘izlab ulgurgandi. Shu payt cho‘ponning o‘tovi yonidan miltiqning varanglagani eshitildi. Qiron itni qo‘yib yuborib o‘zini g‘uj bo‘lib turgan qo‘ylar ichiga urdi. Duch kelgan o‘rtacharoq shirbozni ko‘targancha saksovulzor tomonga chopib ketdi. Shundoqqina bir-ikki qadam ortda jufti chopib kelayotganini his qilib, yanada g‘ayrati jo‘sh urardi. 
... Nihoyat qish o‘tib, izg‘irinlar barham topdi. Sahro yam-yashil gilamga burkanib, lolaqizg‘aldoqlar kelinchakdek qimtinib yuz ocha boshlaganda, bo‘ri bolaladi. Ko‘zlari yumuq, mitti jimitvoylarni onasi hatto Qirondan ham qizg‘ana boshladi. To‘rtta uzun tumshuqli, quloqlari dikkaygan, kulrang bo‘rivachchalar ichida shalpang quloqlari osilgan, tumshug‘i yo‘g‘on, tanasida kattagina uchta sarg‘ish dog‘i bo‘lgan qoruvli, bo‘riga hech o‘xshamagani, ayniqsa boshqacha edi. Bir haftadan keyin ularning ko‘zi ochilib, saksovul tagidagi inlaridan o‘rmalab chiqib, bir-birlari bilan olishib o‘ynay boshladilar. Shunda shalpangquloqning barcha og‘a-inilaridan kuchliroq ekanligi bilinib qoldi. Uni onasi siltab tashlar, emizishni ham istamasdi. Lekin u bo‘rivachchalarni itarib-turtib, onasining emchak¬lariga yopishib olardi. Salgina ulg‘ayganidan keyin Qironga ergashib, uzoq-uzoqlarga ketib qoladigan ham bo‘ldi. Ona bo‘ri Qironni endi mutlaqo o‘ziga yaqinlashtirmay qo‘ydi. Qiron ham qishki ehtiroslari sovib bo‘lganidanmi, iniga onda-sonda bir kelar, shunda ham u yerga bosh suqmay, faqat o‘ziga o‘xshab ketadigan bolasi bilan biroz o‘ynardi-da, keyin yana qorasini ko‘rsatmay ketardi. Shunday kunlardan birida u bolasini ergashtirgancha butunlay uyasini tark etdi.
... Abdurahmon chorvaga ikki oy deganda ruxsat tegib, shunda ham qo‘ltiqtayoq bilan kasalxonadan chiqdi. Qolgan bir oylik muolajani uyda oladigan bo‘ldi. Kasalxonada yotganida ham, uyga kelganidan keyin ham, bir zum bo‘lsa-da qadrdon Qironi haqidagi xayollar uni tark etmasdi. Agar shu iti bo‘lmaganida o‘tovda o‘ligi muzlab qolib ketaverarmidi. Shularni uylaganida mijjasida ikki tomchi issiq yosh paydo bo‘ladi.
Qironning bir urg‘ochi bo‘riga ilakishib, Bo‘ri¬yotog‘i sahrosidagi suruvlarni qon qaqshatayotgani haqidagi mishmishlarni eshitib Abdurahmon chorvaning g‘azabi qaynab, toshib ketardi. Buni ko‘rolmaslar ig‘vo qilayotganiga ishonar, hali ularning og‘zini yopib qo‘yish qo‘lidan kelishini bot-bot takrorlardi.
Bahor iliq kelib, dov-daraxtlar gullay boshla¬ganida Abdurahmon chorva endi uyida o‘tirolmasligini his qilib, sahroga otlandi. Risolat kampirning hay-haylashiga ham qaramay ko‘k hangisini to‘qimlay boshladi. 
Otarga kelganida to‘l avjida, Abdurahim bilan cho‘liq yigit qo‘li-qo‘liga tegmas, uyqusizlik va charchoqdan ko‘zlari yumilib-yumilib ketardi. Chorva nigohlari bilan izlab Qironni topolmadi.
— Abdurahim, Qiron ko‘rinmaydi?
— E, qo‘ying ota, shuni eslatmang.
Chorva ichidan zil ketdi.
— Ha, — dedi birozdan so‘ng, — nima bo‘ldi?
— E, nimasini aytasiz, qish bo‘yi barchamizni qon qaqshatdi, harom qotgur! Allaqanday urg‘ochi qashqirga ilakishib, suruvlarga o‘rlay boshladi. Unga hech qanday it bas kela olmasa. Ikki marta otdim. Chap berib qoldi, yaramas!
Kun botish arafasida qo‘y-qo‘zilarning bezovta ma’rashini eshitgan chorva o‘tkir ko‘zlari bilan ayiqdek keladigan bahaybat ola itning yirikkina qo‘zini jag‘iga olgancha saksovulzorga urib ketayotganini ko‘rmaganida Abdurahimning bu gaplariga o‘laqolsa ham ishonmasdi. 
Erta tongda u hangisiga minib, xurjuniga qo‘shotarini solgancha Qiron ketgan tomonga yo‘l oldi. Saksovulzor oralab ancha yurganidan so‘ng, kuchukning irillagan, vovullagan tovushlari eshitildi. Ulkan saksovulni aylanib o‘tsa... Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Qiron yastanib yotar, xuddi o‘ziga o‘xshagan ola kuchukcha uning terilarini tortqilab o‘ynardi. Qironning yonida kechagi olib qochilgan qo‘zichoqning qoldiqlari sochilib yotardi.
— Qiron! — g‘azab bilan baqirdi Abdurahmon chorva.
Qiron sapchib o‘rnidan turib ketdi. Kuchukcha esa jimgina o‘zini saksovul panasiga oldi. Abdurahmon chorva qadrdon itining uch oy davomida qanchalar begonalashib, yovvoyilashib ketganini ko‘rib, ichidan ezildi.
— Eh, Olavoyim, nimalar qilib qo‘yding-a, ola¬ginam! — Chorvaning ko‘zlaridan yosh dumalab, oppoq soqoliga ilashib qoldi.
Qiron sobiq xo‘jasiga yovvoyi, begona nazar bilan nigoh tashlab turardi. Abdurahmon chorva eshakdan tushib, oqsoqlana-oqsoqlana bir-ikki qadam oldinga yurdi. Qiron buni ko‘rib begona tovushda irillab qo‘ydi. Abdurahmon chorva esankiradi. Qarshisida turgan o‘zining qadrdoni Qiron emas, mutlaqo begona, yovvoyi va vahshiy maxluq ekanligini ichki titroq bilan his qildi. Xurjunidan qo‘shog‘izni olib, qo‘llari qaltiragancha Qironga o‘qtaldi. It ko‘ksini kerib, boshini mag‘rur ko‘targancha battarroq vahshat bilan irillay boshladi. Chorva nishonga olib, tepkini ko‘targunicha o‘tgan soniyalar yillarga tengdek tuyuldi.
— Yo‘q! — hayqirdi ovozi titrab. — Otolmayman, seni!
Chorva miltiqni pastga tushirdi. 
... Hammasi oniy lahzada ro‘y berdi. Qiron g‘azab bilan sobiq xo‘jasiga tashlandi. Chorva qanday qilib miltiqni unga to‘g‘rilaganini va ikki tepkini birdan bosib yuborganini bilmay qoldi. Birvarakay uzilgan ikki o‘q Qironning ko‘ksini o‘pirib ketdi. Chorva inqillab uning jon berib ulgurgan tanasi ustiga egildi.
...Abdurahmon chorva Qironning jasadini quchoqlagancha, yelkalari silkinib-silkinib yig‘lardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.