OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Bahrom. Biybova (hikoya)

Qayumboy biybovaning chog‘roqqina tomorqasidan bahor qirga qo‘y-qo‘zilarni yetaklab chiqadi. Bepoyonlikni buzib turguvchi adirlarni qadamba-qadam zabt etgan bova quyoshning tig‘iga yelkasini tutar paytda suruvi surovlanadi, bir joyda to‘planadi. Qizg‘ish ufqqa soya solar kelbati bilan otini yo‘rg‘alatadi. Qishloqqa qaytadi.
Qariyb oltmish yildirki, uning qiladigan yumushi shu. Obro‘yi cho‘ponlik, mansabi-da cho‘ponlik. U bundan orlanmaydi, or topadi. Har gal quyoshni uyg‘otishdan cho‘chib, ko‘ksini yalang‘och epkinga ochib, hayotning iforini tuyadi. Maysalarning shiviridan hikmat izlaydi. Aprelning ayov bilmagan qaynoq tig‘ida otining soyasida orom oladi. Quyosh tik ko‘tarilib, qo‘y-qo‘zilar bir-birining pinjiga suqila boshlaganda, Qayumboy biybova qirlar uzra bo‘y cho‘zgan qabriston yonidagi Kultepaga yo‘l oladi. Qishloq ahli bu tepalikni atay Qayumboy tepa, deydi. Biybova ayni bo‘z yigit paytida, mehnatda qotgan bilagining avjida shu yerda chuqur qazib, bir qayrag‘och o‘stirgan. Har kuni tushlik mahali shu qayrag‘ochining tagida belqarsini yoyadi. Yog‘och kosasini suvga to‘ldirib, nonini lak-lak ivitib yeydi. Kultepadan pastda yastanib yotgan qishloq kaftdek ko‘rinadi. Biybova, mana, oltmish yildirki, Palangdarasini tomosha qilishdan charchamaydi. Har kuni qishlog‘ini ilohiy kitobday tilovat qiladi. Dengizday ko‘m-ko‘k osmonga dengiz qalbi bilan boqadi. Biybova besh mahal namozini-da shu qayrag‘ochning ostida o‘qiydi. Ba’zan xotiralar bilan kunni bahamlashadi. Yigitligining qora damlari, bir umrga tatirli g‘am-alamlari qaddini bukmaydi, aksincha g‘oz qiladi. Hamma shaxsga sig‘inar paytda u vijdonini saqlab qolish payida bo‘ldi. Qorin uchun aka ukani, opa singilni sotgan mahallar bir og‘iz ham gapirmay, nas­lining yuzi uchun kar, soqov bo‘lib, o‘n ikki yil panjara ortini ko‘rib qaytdi. Sovug‘iga-da toqat qildi, issig‘iga-da chidadi. Shopmo‘ylov dohiylarga qulluq qilmay yashadi. Ammo, yoshi biroz o‘tib qolgan dedimi, o‘tirib chiqqanidan or qildimi, unga qizini ravo ko‘radigan qishloqning mardi topilmadi. Shunda urush yutgan qo‘shnisi Esaboyning uch kunlik bevasini oldi. Esida: oqlanib qaytganidan so‘ng, kolxoz raisi huzuriga chaqirdi.
– Qayumboy uka, savodingiz tuzukkina ekan. Otangiz qu­loq bo‘lgan esa-da, sizni brigadirlikka tayinlasak.
Raisning bu gaplari unga tahqirday tuyuldi. “Senday quloqning bolasini brigadirlikka ko‘tarayotgan menday odamga qulluq qil”, degan ma’noda irshaygan basharasini bejab qo‘ygisi keldi. “Mehrobga peshob qiladigan tullak emasman, namozimni yashirib o‘qisam-da, rost o‘qiyman. Otam ham quloq emasdi. Uni senga o‘xshagan bichilganlar yedi. O‘zi bir xonali uyi bo‘lgan, ayvoni-da yo‘q edi. Senga o‘xshash kirza etik kiygan sarkalarni uyiga kiritmagan, zavjasi bilan bir dasturxonga o‘tirg‘izmagan. E, otam Stalinning tushiga ham kirgan emas, ukag‘ar. Bo‘lmasa, ikki bosh moli bilan quloq qilinarmidi?! Sendaylarni otam erkak deb o‘ylaganda...”, demoqqa chog‘landi-yu... Nima bo‘lgandayam, o‘zbekning bolasi-da! O‘zini bosdi. Shu kuni raisning xonasidan cho‘ponlikni yelkasiga olib qaytdi, yuziga bosib qaytdi. Shu kundan boshlab Qayumboy polvon emas, Qayumboy cho‘pon bo‘ldi. Shu kundan tong oqarmay qirga shoshildi, baland-baland qirlari tog‘larga ulangan yaylovda quyoshni kuzatib kulbasiga qaytadigan, deyarli hech kimni ko‘rmaydigan, suhbatlashmaydigan odat chiqardi. Zaminu zamon tashvishlaridan xoli, qora qozonini qaynatib yuravergan Qayumboyga Tangri besh qizdan keyin bir o‘g‘il berdi. Bisotini yig‘di, teraklarini kesib sotdi. To‘plaganiga olishli to‘y berdi. To‘yga kelgan polvonlarning dovrug‘i vohaga ovoza bo‘ldi. Shunday qilib, Qayumboy o‘ziga biy nomini qo‘shib oldi.
Nima bo‘lganda ham ota-da, o‘lsam sarishtalaydiganim bo‘lsin, mening orzularimga ham bu erishsin, degan umidda Orzimurod deb nom qo‘ydi. Bolasining bilimli bo‘lishini istab, erta-kech kitoblarga o‘rab qo‘ydi. Yerni o‘zi chopdi, qo‘yni-da o‘zi boqdi. “O‘g‘lim, cho‘ponlik menga yarashadi, sening a’moling bo‘lak, unutma. Elga nafing tegsin, to‘y qilsang, qozonga o‘t yoqadiganam shu el. Bizlar o‘tar bo‘lsak, go‘rimizni qazib, tobutimizni ko‘taradigan ham shu el. O‘qi, muallim bo‘l. Bolalarni o‘qit, el o‘zini tanigani sen o‘zingni taniganing, elning ulug‘ bo‘lgani Vataning ulug‘ bo‘lgani. Vatanning ulug‘ bo‘lgani tinchlikdan darak. Yodda tut, g‘alvali joydan baraka qochadi. Barakasi yo‘q elning ertasi ham yo‘q. Muallim bo‘l, bolam. O‘qit, hamma-hammasini bolalarga o‘rgat. Kattalarga hadeb qayishaverma. Kattalarning yo‘rig‘i boshqa. Hech qachon o‘zbek ekanligingni unutma, vijdoningga qarshi ish tutmagin”. Har gal surpaqoqdisiga shu gap­larni uqtirarkan, yuragi qalqib-qalqib ketardi. O‘g‘lining jo‘ralari bu gaplarni eshitib, karaxt bo‘lib qolardi. O‘yga botardi. Murg‘ak vujudlarga o‘yga tolish biram yarashardi, biram yarashardi-ey! Qayumboy biybova bundan bitmas-tuganmas ruh olardi. Har gal qayrag‘och ostida o‘tirib, qishloqqa razm solarkan, bir kuni ilmi-urfon butun qishloqning nomini boshiga do‘ppi qilib vulqonday otilib chiqishini istardi: – Bilimli odamda or bo‘ladi, – derdi u. – Ori borning etini qumursqalar ham nimtalashga cho‘chiydi. Butun jasadi, hatto tirnog‘igacha tuproq bo‘ladi, Vatanning yaxlit qismiga aylanadi-da. Otam Vatan bo‘ldi, onam Vatan bo‘ldi. Men ham, bolalarim ham Vatanga aylanadi, hali. Bosilgan har izdan oriyat ko‘pchiydigan zamonlar keladi. Bunda o‘g‘limning, uning tengdoshlari, o‘quvchilarining hissasi katta bo‘ladi. Eh, o‘sha kunlarni ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q edi. Bolam bilmaydi-da, meni hayotda shu umid ushlab turibdi, aslida.
Uning bu gaplarini qayrag‘och va har zamonda yuganini shildiratib pashshasini haydaydigan otidan boshqa biror tirik jon eshitmasdi. Qayumboy biybovaning dilida nima borligini hech kim bilmasdi. Orzimurod ulg‘ayib boraverdi. Bova qizlardan kichigining kitobga mehrini payqab, shaharga, o‘qishga jo‘natdi. Bir yildan keyin Orzimurodi ham talaba bo‘ldi. Shu kundan boshlab Qayumboy biybova soqoliga ustara urmay qo‘ydi. Qariganini tan olmasa-da, his etdi.
U paytlar ziyoli degan nom juda ulug‘ bo‘lgan ekan­-da! Qish­loqqa gap quyosh nuridan tez yoyildi: “Qayumboyning ikki bolasi Toshkanda o‘qiyapti”, “Qayumboy soqol qo‘yib olibdi, endi bolalari obro‘li odam-da!” “Qiziyam, o‘g‘liyam muallim bo‘larmish”, “Qayumboyni endi biybova, deb chaqirsa arziydi, bir cho‘ponning bolasini Toshkanga borib o‘qishini kim o‘ylabdi deysiz”... Bu gaplardan Qayumboy biybova “semirib” ketdi, o‘zicha sayyoraga aylandi. Odam shaklidagi sayyoraga. Bolaning orqasidan yaxshi gap eshitish Xizrni ko‘rgandan ham zo‘r sevinch ulasharkan-da odamga. Endi Qayumboy biybovaning ham qadami qirdan asta-asta uzila boshladi. Qishloqda to‘y bo‘ladimi, ma’raka bo‘ladimi “Biybova kelyapti, to‘rdan joy hozirlanglar”, “Biybovani aytganmisizlar? Nega ko‘rinmaydi”, deguvchilarning soni ko‘paydi. Bova ham eldan ajrab qayga borardi. Shu elning qo‘y-qo‘zisi rizqini tergan qirga boradi-da. Elning o‘zi bilan bo‘lmasa ham, nasibasi bilan birga-ku! Shu qirlarni qorasaqichdek, chorva bosib olsa qani, biybova shuncha sevinadi.
Endi, kimsan “istudent”ning, bo‘lajak muallimning otasi elning yaxshi-yomon kunida yelka tutsa arziydi. Bu el endi el bo‘ladi. Qishloqning bolalarini qizi bilan o‘g‘li o‘qitadi-da! Bu el endi o‘zbek bo‘ladi, o‘zligini topadi. Polvoni or, deb yelka oshiradi, chavandozi or, deb ko‘pkariga kiradi. Ilmirzalar Elmirza, Ilomonlar Elomon bo‘ladi. Onam yig‘lagan tilda qo‘shiq kuylaydi hali bu el. Ota-bobolari aytolmaganini ota-bobolari tilida aytadi bu elning bolalari. Qayumboy biybova shularni ko‘nglidan o‘tkazarkan, vujudi entikib ketar, biroz bo‘rtib chiqqan ajinli qobog‘ini bilinar-bilinmas yoshlari yuvardi.
Oradan bir yilcha o‘tib, qizidan noxush gap keldi. Bu isnod biybovani yana qadrdon qirlariga badarg‘a qildi. Eldan ajratdi. Shu kungacha, birovga og‘ir so‘z aytmagan, yerini talasa-da, tilini talasa-da sabr qilgan biybova qizining nomusi toptalganini ko‘tara olmadi. “Ey, nima bo‘lganda ham uch kunlik bevaning qornidan tushgan-da! Uch kunlik nima-yu, bir kunlik nima? Ersizning to‘g‘ri yurganiga kim kafil, a?! Senga tortdi u, senga! Talaba bo‘lding degani, birovga etagingni ko‘tar degani emas. Ziyoli bo‘lish, buzuqilik bilan tenglashdimi, hali”. Qayumboy biybovaning gapi kampiriga og‘ir botdi. Qizining murdasiga holsiz termulgancha, jon berdi. Ha, isnod o‘latdan ham fojeali. Butun elga isnod kelishidan asrasin. Suruvini haydab Qayumboy biybova shom qorong‘usida uyiga qaytar, qishloqqa yaqinlashgach otining taqasini olib qo‘yar, ma’ragan yoki biror qiliq qilib ovoz chiqargan qo‘ylarni ayamay pichoqdan o‘tkazar edi. Qishloq ahli uning borligini esidan chiqarib qo‘yishini juda istardi. Shuning uchun qirga chiqib ketganini ham, qaytganini ham odam zoti-ku mayli, sayoq itlar ham bilmasligini juda istardi. Huvillagan hovlisida huvillagan qalbi bilan yolg‘iz yashashga ko‘nikolmas, necha bor ikki enlik arqonga taqdirini ishongisi kelgan, biroq Orzimurodiga bo‘lgan mehri, butun hayoti davomida uni tark etmagan umidi yashashga undardi. Shu umid bilan o‘n yil ham biybovaning quvvatini saralab bordi.
Shom qorong‘usida darichani ohista ochib qo‘y-qo‘zilarni kiritarkan, Qayumboy biybova oyog‘i ostida nimadir shitirlaganini ilg‘ab qoldi. Qo‘liga oldi: ixchamgina xatjild. “Assalomu alaykum, otajon! Nimagadir har gal siz haqingizda o‘ylasam, bepoyon adirlar-u, qo‘y-qo‘zilar ko‘z oldimda gavdalanadi. Bolalik chog‘larimni eslayman. Siz aytgan o‘gitlar tinchlik bermaydi. Nevaralaringizga ham “Bobong, unday derdilar, bobong bunday derdilar deyaversam, chug‘urlashib, quvnashib “Bobomni qachon ko‘ramiz? Palangdaraga qachon boramiz?” deyishadi. Xullas, savollarga ko‘mib tashlashadi. Ular tushunishmaydi-da. Ish ko‘p. O‘zim ham sizni sog‘inganman. Qishloq, uning odamlari har kuni tushimga kiradi. Maqsadingiz menga tinchlik bermayapti, otajon. Afsuski, men shoirlikni tanladim. Shoir bo‘ldim. Palangdaramni, uning tog‘lari, qirlarini adabiyotga bus-butun olib kirmoqchiman. U yerning odamlarida hikmat ko‘p. Garchi turmush tarzida eskilik sarqitlari saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ular bilan siz birgasiz. Bir vujudsiz. Shuni o‘ylab sizni Toshkentga chaqirmadik. O‘zimiz ham borolmaymiz. Ish ko‘p, ish. Uning ustiga, sizning umidingiz... Ha, aytmoqchi, ertaga televizorda intervyu beraman. Xat yozishimdan muddao ham shu edi. Yana bir yangilik: mo‘‘jazgina bo‘lsa ham ilk kitobim chop etildi. Undan ham bir nusxa qo‘shib jo‘natyapman. O‘qirsiz. Hurmat bilan o‘g‘lingiz Orzimurod Qayumov”.
Bir xatga, bir derazadan mo‘ralagan oyga termulgancha Qayumboy biybova yuragini g‘ijimlar, oydek tanho o‘zining dunyosini, zaminini nurlatmoq istagida to‘qson bilan to‘qnashgan paytida ko‘nglidan sizib-sizib chiqqan og‘riqlar, umriboqiy istaklarga qarshi turib berolmas, keksa yong‘oq daraxtida qolgan, shamollar zarbiga dosh beraverib tinkasi qurigan, burishgan yolg‘iz yaproqdek dag‘-dag‘ titrardi. Tashqarida oti tipirchilar, bezovta kishnar, boshini silkitgancha yollarini to‘zg‘itardi. Go‘yo butun dunyo sokin, faqat shu hovli, shu bukchaygan uygina vahimali chinqirar, dovul shamollariga chap berar, zamindan uzilgan, qoyada osilib turgan gujumga o‘xshardi. Bovaning ko‘ksida bir otash alangasi gurullar, nafasi qisilib xirillar edi. Ko‘z oldida to‘qson yillik tarix, to‘qson yillik orzu-umidlar, ushalishi shart bo‘lgan maqsadlar charx urar, davra aylanardi. To‘qson yillik umrga qo‘shilib, deraza, eshik, shift shu nurabgina qolgan loysuvoq tomli uy tegrasida aylanar, go‘yo bir paytlar Orzimurod do‘stlari bilan qo‘l ushlashib, qo‘shiq aytib aylanayotganday aylanardi. Qayumboy biybovaning qulog‘iga o‘qlarning tovushi, qo‘ylarning ma’rashi, bolalarning chinqirishiyu otning beo‘xshov kishnashi bir paytning o‘zida eshitilar, aniq bir ovozni anglolmas, xuddi yashab o‘tilgan hayotidek mavhumliklar og‘ushida karaxt holga kelgandi.
– Yo, Alloh o‘zingga shukr, o‘zimdan, o‘zbekligimdan ayirmaganingga shukr, palagim xom bo‘lsa-da, berding, nolimayman, – degancha bova falakka jovdiradi.
Shift yana aylandi. Ustiga qalin bolor kelib tushdi. Burniga tuproqning hidi urildi.
Rajab oyining poyonida quyosh tik ko‘tarilganda qishloq ahli uni kultepaning orqasidagi qabristonga qo‘yib keldi. Har tong quyosh Qoraxon tog‘ni orqalab chiqqan mahal Qayumboy biybovaning qabriga o‘zi ekkan qayrag‘ochning soyasi tushadi. Qayrag‘och bo‘yini cho‘zgancha Orzimurod Qayumov o‘rnatgan toshdagi yaltiroq so‘z­larni oftobdan to‘sadi. Mozor yonidagi yo‘lak ser­qatnov. Bitta-yarimning ko‘zi qamashib, yo‘lidan adashmasin, deb o‘ylasa kerak-da!

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.