OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Muhabbat muhri (hikoya)

Borliq bir silkinib yonib o‘chganday bo‘ldi. Yer yuzini bulut qopladi. Shivalab yomg‘ir yog‘ar, atrof javonibdagi jimlikni tomchilarning shitir-shitiri-yu, daryoning dahshatli shovillab o‘qishigina buzardi. Jonivorlar allaqachon in-inlariga kirib ketishgan, vaqt ham allamahal bo‘lgan edi. Daryo bo‘yidagi harsangtosh ustida soch-soqoli oqargan, yoshi ham bir joyga borib qolgan Zokir traktorchi o‘tirar; yigirma-o‘ttiz qadam narida esa tashlandiq holga kelgan, almisoqdan qolgan uning yolg‘iz traktori turar edi. Bu traktorni cholga yaxshi mehnatlari evaziga kolxoz tomonidan berishgandi. O‘shanda “Qarigan chog‘imda zil-zambildek keladigan bu matohingni boshimga uramanmi?!” – demoqchi bo‘ldi-ku, lekin salkam butun umri shu traktor bilan o‘tib, o‘rganib qolgani tufaylimi ko‘ngli yo‘l bermadi. Raisning oldidan chiqib to‘g‘ri uyga kelganida xotini Xadicha, ayol kishi emasmi, “Shuning o‘rniga kichikroq bir xunajin so‘ramabsizda. Bahorgacha anchayin yetaklab olardik. Bu o‘lgurni na sog‘ib ichib bo‘lsa, na bozorga sola olsang...” – deb qildi janjal, qildi janjal, asti qo‘yaverasiz. Tuprog‘ing nurga to‘lgur kampirining o‘shandagi holati hamon ko‘z oldidan ketmaydi. Nimayam qila olardi. Taqdir deb shuni aytadi-da... Birov oldin ketsa, birov keyin tark etadi bu foniy dunyoni. Hammaga kelgan to‘y. Boshga tushganni ko‘z ko‘raveradi.
    Kampiri Xadichani tuproqqa qo‘yganiga ham mana bir hafta bo‘libdi. Hammasiga chidab yuribdi-ku, lekin...
    ...Faqat Xadichaga achinadi. U bechora nimani ham ko‘ribdi. Hatto shu o‘zining yashagan qishlog‘i, kichkina Chekatashloqni ham bafurja aylanib chiqmagan. O‘zi-ku mayli-ya... Armiya dedi, boshqa dedi hartugul uyoq buyoqni borib ko‘rdi. O‘lsa armoni yo‘q edi.
    Odamzot o‘zi shunday yaralgan bo‘lsa kerak. Avvaliga otam-onam deydi, keyin bo‘lsa bolam-chaqam... Borib-borib qarigan chog‘larida yolg‘iz qoladi. Kampiri bilan ikkovlari bir-biriga suyanib, o‘rganib qolgan ekan anchagacha o‘ziga kelolmay yurdi. Bu vaqtlarda farzandlar ham o‘z yo‘liga... Ular ham bag‘ringdan uchirma bo‘lib chiqib ketguncha seniki, keyin o‘zlari bilan o‘zlari ovora... Mana to‘ng‘ichi Dilmurod bir yil bo‘libdiki, daragi yo‘q. Hatto onasining vafotini ham bilmaydi. Balkim bilganda kelarmidi?!..
    Davlat ishi deb tinmaydi. Hali chet elda, hali boshqa joyda. Bormagan joyi koinot qoldi o‘zi. Otang tushmagur, bachchag‘ar, o‘zi ham yetti tilni biladi.
    Ba’zan shu o‘g‘liga ham achinib ketadi. “O‘zingni boshingga o‘zing g‘alva oshirmay, jo‘n otangni kasbini qilavermaysanmi?! O‘sha begona yurtda yurib topgan bir burda noningni shu yerda ham topasan axir”, - degisi keladi-yu, o‘ylanib qoladi. Yana kim biladi, bu yoshlar nimalar qilishadi hali.
    Har qalay o‘rtanchasi tuzuk. Tez-tez kelib, xabar olib turadi. Onasining ta’ziya kunlari ham boshiga do‘ppi, egniga chopon kiyib shu o‘g‘li turdi.
    Kenjasi qiz. Qiz bo‘lgani tufayli, juda mehribon. Onasi tirik chog‘larida bechorani ketgisi kelmasdi. Yosh oila bo‘lsa ham o‘zidan oshinib, bo‘sh qoldi deguncha onasining oldiga chopardi. Ishqilib omon bo‘lsa bo‘lgani. Hammalarini qaerda bo‘lmasin baxtini bersin...
    Shu kunlarda uning o‘zi ham nurab, mung‘ayib qolgan edi. Faqat hali-hanuz Qoradaryo sohilida Xadicha bilan ilk bora yuz bergan o‘sha voqeagina cholga ajib bir entikish, shirin orziqish berib, hayot baxsh etardi...
    ...Ilgarilari ham nimagadir yomg‘ir ostida xayol surib o‘tirishni yaxshi ko‘rar edi. O‘shandayam yomg‘ir tezlashgandan tezlashib, quturib borardi. Sohilda kimni(ng)dir b(ch)aqirib, chopib kelayotgan qorasi ko‘rindi. Uzoqdan uning nima deb baqirayotganligini anglab bo‘lmasa-da, ovozidan qiz bola ekanligini bilish mumkin edi. Qiz keldi-yu, tuyqusdan dahshatli narsaga duch kelgandek turgan yerida qotib qoldi. Yigit unga qanday qilib iltifot ko‘rsatishni bilmay, jim qarab turar edi. U bo‘lsa, g‘ayriixtiyoriy ravishda ortga burilib, keta boshladi.
-    Qayoqqa ahmoq?!.. Selda qolasan-ku... Bu yoqqa kel, kel deyapman!..
Yigit traktoridan tushdi-yu, ovozining boricha baqirgan ko‘yi achchiqlanib, u tomon yurdi. Qo‘lidan mahkam ushlab, kabina tomon sudray boshladi. Qiz beiixtiyor bo‘ysunib lom-mim demay kabinaga chiqdi. Kabinadan traktor moyining hidi anqib turardi. Noqulay bo‘lsa-da, o‘rindiqqa o‘rnashib oldi. Bunday joyda birinchi o‘tirishi edi. Vujudi bilan yigitning xatti-harakatlarini kuzatar, notanish joyda begonasirardi. Buning ustiga yoshlik, yolg‘izligi vahm solardi. U bo‘lsa hamon bir nimalar deb g‘udranardi.
-    Voy tentakvoy-ey. Men bo‘rimidimki seni yeb qo‘ysam. Qo‘rqib ketganinichi buning.
Qiz uning ham yoniga chiqayotganini ko‘rib, himoyasiz qolgan qushdek, o‘tirgan o‘rnida bezovta qo‘zg‘aldi va atrofga olazarak qarab qo‘ydi. O‘zining noma’qul harakatini sezdimi yigit kabinaga chiqmay traktorning yomg‘ir urilmayotgan tomoniga o‘tib, qunishib oldi.
Yomg‘ir bir zum bo‘lsada, pasaymasdi. Atrof bo‘m-bo‘sh, kimsasiz. Poyonsiz dalalar ortidan qishloq elas-elas ko‘zga tashlanadi. Kun ham o‘tib borayapti. Tezroq ketish kerak... Aksiga olib yomg‘ir ham tinmayapti. Qiz ham unga ortiqcha bo‘ldi.
Yigitning xayolini traktorning orqa oynasidan tushgan qizning g‘imirlagan sharpasi buzdi. Yomg‘ir tomchilari qizning ikki yuzidan oqib tushib, hammayog‘ini shalabbo qilgandi. G‘ayorishuuriy ravishda unga nigohini qaratdi. Boya husniga unchalik e’tibor  bermagan ekanmi, yon tarafdan qizning chiroyli yarim yuzini ko‘rdi. Xayolidan kechgan o‘yni anglaganday qiz ham u tomon o‘girilib, oydek husnining bor tarovatini namoyish etdi. Bu namoyishkorona qarash yigitning vujudini o‘rtab yubordi. Qizning mungli ko‘zlari qandaydir sirli boqardi. Bir boqishining o‘zigina jon olishga kifoya edi. Yigitni visol qiynog‘i azoblab, hajr o‘ti o‘zining yog‘iga o‘zini qovira boshladi. Endi telba qalbini yomg‘irning tezroq tinishi emas, aksincha, uzzukun sharros yog‘ishi tinchlantirardi. Lekin o‘ylagani aksi bo‘layotgandi. Axir shu onning o‘zida undagi qalb o‘ti alangalanib, vujudida o‘ziga notanish hislar paydo bo‘la boshlaganini bu zolim falak qayoqdanam bilsin. Ustiga ustak yomg‘ir ham susayib bir-birini bog‘lab turgan bittayu bitta rishtadan ham mahrum qila boshladi. U butun borlig‘i bilan ehtirosli xayollar og‘ushida edi. Qandaydir ko‘rinmas kuch o‘z domiga olib, aql hushini o‘g‘irlayotgandi, go‘yo... O, bu qandayin kuch bo‘ldiki, uni ipsiz bog‘lab olib, o‘ziga ohanraboday tortsa... Ancha vaqtdan so‘ng qizning kabinadan chiqayotganini ko‘rib, yomg‘ir butunlay tinganini sezdi va birdan bezovtalanib qoldi. Bu lahzalar uning uchun aziz bo‘lib qolgan, go‘yoki u kabinadan emas, qalb to‘ridan chiqayotgan edi. Qiz ko‘ziga chaqmoq misli bir ko‘rinish berib ketayotganday tuyuldi. Yigit uning yoniga borishini ham, bormasligini ham bilmay kalovlanardi. Shu paytgacha ikkovlarini bog‘lab turgan narsa yolg‘iz yomg‘ir, yomg‘ir ekanligini endi tushundi.
Yana o‘sha g‘ayritabiiy kuch qizning yoniga borishga undadi. Nazarida allaqanday sharpalar yuragiga tajovuz solib, yolg‘izini olib ketmoqchiday ko‘rindi. U o‘z jismidagi qaltiroqni sezdirmaslikka harakat qilib, qizga yaqinlashdi va qarshisida bir zum husniga mahliyo bo‘lib, turib qoldi. U go‘zal edi. Hatto yoshligida xayolini olgan, kitoblardagi Farhodu Majnunlarning ma’shuqalaridan ham maftunkorroq edi. Unga endi hech narsa taskin bermay qo‘ydi. Ixtiyorsiz ravishda qizning guldek barmoqlariga traktorning rul chambaragini aylantiraverib dag‘al, beo‘xshov holga kelib qolgan qo‘llarini tekkizdi. Bir zum bo‘lsa-da, qizning qaynoq vujudidan gupurib turgan qalbining haroratini his etdi. Negadir u qo‘lini tortib olmadi. Faqat ko‘zlarini yerga qadab, nigohi bilan turli shakllar chizardi. Yigit uning ko‘zlarini ko‘rolmay o‘zicha tasavvur qildi: qora, moviy... Bilolmadi. Shu holatda ular bir-birlariga bo‘lgan muhabbatlarini, mehrlarini so‘zsiz izhor etishayotgandek edilar. Qizning qo‘llarini bo‘shatgisi kelmasdi. Shunday qilsa abadiy bir-birlaridan yiroqlashadiganga o‘xshab ko‘rindi. Nima bo‘lsa ham o‘zini qo‘lga oldi va:
-    Ketayapsizmi?! – deb to‘lqinlanib so‘radi.
Qizdan sado chiqmadi. U til-zabonsiz farishtaga o‘xshardi. Bir og‘iz ham gapirmasdi-yu, odamni o‘ziga rom etib olardi.
Shu payt mayin epkin esib, qizning sochlarini to‘zg‘itdi. Shunda u boshini ko‘tarib, yigitga qaradi. Ko‘zlar to‘qnashib o‘t chaqnaganday bo‘ldi. Oralarida hech qancha masofa qolmagandi. Qattiqroq nafas olsalar yuzlari yuzlariga tegardi. Ikkovlari ham singib ketguday holatda edilar. Naqadar baxtli, unitilmas onlar...
-    Kuzatib qo‘yardim!?.. – Yigit beiixtiyor og‘zidan chiqib ketgan ushbu so‘zlardan o‘zi uyalib ketdi.
-    Keragi yo‘q, o‘zim!.. – Qiz keskin ortiga burilib keta boshladi. Yigit dovdirab qoldi. Nima qilishini bilmay jim qarab turardi.
O, bu mayin - jarangdor ovoz, g‘amli so‘zlar... Umrbod qalbga muhrlanib qolganini bilsang edi.
Qiz sekin-sekin, osuda qadam tashlab yo‘lga tushdi. Yigit esa traktoriga suyanganicha sassiz, sadosiz telba alfozda uni kuzatib turardi. Ko‘z o‘ngida unga sevimli bo‘lib qolgan qiz yiroqlashib borardi. Qizning yomg‘irda shalabbo bo‘lib, hali qurib ulgurmagan ko‘ylagi nozik qaddiga yopishib, sarv qomatining go‘zalligini bor bo‘yicha namoyish qilar; uzun tundek, sim-siyoh sochlari esa, husniga-husn qo‘shardi. Keyinchalik ham uning xotirasida qizning ana shu oxirgi surat misol ko‘rinishi o‘rnashib qolgan edi.
Cheksiz-chegarasiz samoni, butun borliqni sekin-asta qorong‘ulik qoplay boshladi. Yigit hamon traktoriga suyangan ko‘yi turar, qizning esa qishloq tomonga ketayotgan qorasi tobora kichrayib borardi. Nihoyat, qiz olislasha-olislasha bir nuqtaga aylandi va qishloq yo‘lida g‘oyib bo‘ldi. Yigit uni telbalarcha sevib qolgandi.

 *  * *

Bu o‘sha tuproqqa berib qo‘ygan yakka-yu yolg‘iz Xadichasi edi. Endi u abadiylik yo‘lida g‘oyib bo‘lgan, uning pokiza, mangu sevgisi esa cholning qarimsiq yuragidagina qolgandi.
Borliq yana bir bora silkinib, yonib o‘chganday bo‘ldi. Chaqmoq butun yer yuzini yoritib, so‘ndi. Daryo bo‘yidagi harsangtosh yonida cholning yolg‘iz, sovuq jasadi yotar, yomg‘ir esa uning yuragida abadiy muhrlangan muhabbat izlarini yuvib yog‘ardi. Bu cholning so‘nggi damlari edi.

“Mehrigiyoh” gazetasining
1998 yil, 28 may 75-sonidan

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.