OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bibi Robiya. Xizr tashlagan qanot (hikoya)

Ko‘cha bo‘ylab jajji oyoqchalar u yon-bu yon yugurish­yapti. To‘rt yoshlar chamasidagi qizchani undan ikki yosh katta bo‘lgan akasi go‘yoki kuchi boricha quvlar, singlisi ham jon-jahdi bilan qochardi. Ular ota-onalari chaqirib qolgunga qadar shu zaylda o‘ynashardi. Daraxtlar va gullar esa ularning bu zerikilmas o‘yinlarini maroq bilan tomosha qilishar, gohida barglar bu jajji odamchalarning o‘yiniga berilib, qarsak chalgancha qo‘llab-quvvatlashardi. Ehtimol, ular hayotning yugur-yugurdan iboratligini o‘zlari bilmagan holda isbot qilishmoqchidir.
Ikkalalari ham to‘xtab chuqur-chuqur nafas olishdi. Qizcha akasiga qarab kuldi-da, yana yugurib ketdi. Aka o‘rnidan turdi-yu bor kuchi bilan singlisini yana quvalay boshladi. Ana, yetay-etay deb qoldi. Yuguraverib sabri tugagan aka qochayotgan singlisini to‘xtatish maqsadida ko‘ylagidan tortdi. Ularning o‘yinini tomosha qilayotgan gullar to‘satdan “uv” tortib yuborishdi. Sababi qizcha orqasiga qarab yiqilib tushgan, taqdir chiziqlari bitilgan kichkinagina kaftchalari va tirsagi salgina shilinib, oz-moz qon silqib turardi. Bolalik qonuniga muvofiq qizcha “dod” deya baqirib yig‘lay boshladi. Og‘riqdan ko‘ra qo‘llaridagi qizil rang unga ko‘proq ta’sir qilgandi. Akasi ovutishga uringani sari singil yig‘ining avj nuqtasini olardi. Qizcha ho‘ngrar ekan, yana qo‘llariga qaradi va yana qonni ko‘rdi. Bu safar birato‘lasi yerga yotvolib, oyoqlarini tapillatgancha yig‘lashda davom etdi. Akaning ko‘zi ham sizib chiqqan qonga tushdi-yu singlisiga qo‘shilib yig‘lay boshladi. So‘ng onasini chaqirish kerakligi yodiga keldi va yugurgilab ketdi. Bolakaylar bir tomchi qonni o‘lim deb o‘ylashardi, chog‘i.
Shamol ko‘zlaridan shashqator yosh oqayotgan qiz­chaning u yog‘idan, bu yog‘idan aylanib ovutishga harakat qilar, daraxtlar ham uni yig‘idan to‘xtatish ilinjida o‘z ertaklarini boshlab yuborgandi. Endi Qizcha akasini tashlab ketgan gumon qilib, lablarini cho‘chchaytirgancha baqirib ho‘ngray boshladi. Ammo shu payt birdaniga yig‘i ovozidan atrofning qulog‘i tindi. Qizcha yosh tomchilari harakatdan to‘xtagan munchoqday ko‘zlari bilan osmonga tikilgan ko‘yi yerda jimgina yotardi. U ahyon-ahyonda burnini tortib qo‘yar, yoshlardan sug‘orilgan kipriklarini pirpiratib osmondan ko‘zini uzmasdi. Osmon dengizida esa oppoq yelkanlarini ko‘targancha bulutlar izma-iz suzib yurardi. Ular shu qadar oqlikka burkangan, shu qadar mayin, shu qadar ajo­yib ediki, Qizcha beixtiyor qo‘llarini yuqoriga cho‘zdi. So‘ng o‘rnidan asta ko‘tarilib, qo‘lchalarini yana ko‘kka uzatdi. Yo‘q, yetmayapti. Ha, sakrash kerak. Sakrasa, albatta, qo‘llari bilan bulutlarni ushlab ko‘radi, ehtimol, ularning ustiga chiqib osmonni sayr qilar. Shu maqsadda qizcha qo‘llari va ko‘zlarini osmonga tikkancha og‘rig‘u qo‘rquvni unutib qayta-qayta sakrab ko‘rdi. Eh, ozgina yetmayapti. Nigohlarini osmondan uzmagan ko‘yi yerga qaytib o‘tirdi. Uning butun ruhi, butun vujudi, barcha xayollari ana shu oppoqqina bulutlarga aylanib borayotgan edi. Uzoqdan yig‘layotgan o‘g‘lini sud­rab kelayotgan onasining tovushi qizcha aylanayotgan bulutlarni go‘yoki quyoshdek eritib yubordi. Qizcha sergak tortdi va onasini ko‘rdi-yu o‘zi negaligini anglamagan holda yana yig‘lab yubordi. Ha, bu vaqtda u to‘rt yoshda edi…
Kecha onasi bilan birga yozgan so‘zlari qatorlashib turgan daftarlarini olib, erinibgina portfeliga joyladi. Onasining qistovi bilan nonushta ham qilib oldi. Shu payt nimadir yodiga tushdi-yu darhol deraza oldiga yugurdi. Derazadan o‘z cheksizligini yoyib maqtanayotgan osmonga bir muddat qarab turdi. Ammo onasi darsga kech qolayotganini aytib ogohlantirgandan so‘ng orqasiga portfelini ilgancha maktabiga qarab jo‘nadi. Yo‘lda ketar ekan, o‘sha – yiqilib tushgan kundan beri uning nigohlari osmon bilan ko‘rishib turishga kelishib olgandek edi go‘yo. Harholda osmon bunga ishonardi. Qizaloq bir muddat osmonga qarab yurdi-da, to‘xtadi va qo‘llarini qattiq-qattiq silkitib oyoqlarini yerdan ko‘tardi. Qizaloq nazarida , u oz-moz balandlaganday bo‘ldi. Yugurish kerak. Yo‘l bo‘ylab orqasidagi portfelini silkitib-silkitib, qo‘llarini tepadan pastga tez-tez harakatlantirib yugurdi-yu “Hozir uchib ketaman” degan xayol bilan kuchi boricha sakradi. Afsus, o‘xshamadi. “Eh, portfelim xalaqit beryapti-da, – xayolidan o‘tdi qizaloqning. – Ha, mayli, uyga qaytganimda yana bir urinib ko‘raman”. Maktab qo‘ng‘irog‘ining jarangi qizaloqni bu safar “qanot”larini qoqmasdan yugurib ketishiga majbur qildi. Yetti yosh ham u bilan birga yugurishdan charchamas edi...
– Onajon, qarang, aka, siz ham qarang, qaranglar! Osmondan buvim aytgan o‘sha oppoq farishtalar tush­yapti, ha farishtalar! – quvongancha qichqirardi qi­zaloq yog‘ayotgan laylakqorga ishora qilib.
– Ko‘p valdirayvermasang-chi! – jig‘ibiyrondan matolarni qirqib o‘lchamni chiqara olmayotgan ona. Yozmayotgan ruchka pastasining uchiga tinmay puflayotgan aka esa chaqiriqni eshitmaganlikka oldi.
– Eh, qaniydi, ucha olsam! Bu farishtalarni qaerdan tushayotganini ko‘rib kelar, yoki ular bilan quvlashmachoqmi, qorbo‘ronmi o‘ynardim, qarang, ular ucha oladi-da. Keyin ulardan-chi, onajon, dadam aytib bergan o‘sha shayton haqidayam so‘rardim. Sizlar yo‘g‘ligingizda u farishtalar bilan birga yashagan-ku. Sizlar bu yerga ko‘chib kelganingizdan so‘ng shayton sizlarning oldingizga kelgan-ku, a? Keyin sizlar…
Quloqlariga faqat allaqanday g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovush kirayotgan ayol qaychisini stolga qattiq urdi-da, qoshini chimirgancha qiziga qaradi. Qizaloqning to‘satdan yumilib olgan lablarida to‘siqqa uchragan so‘zlar ortiga qaytib ketishga majbur bo‘ldi. Bir oz muddatdan so‘ng kallasiga kelgan bir fikr ifodasi yuzida yarq etdi-yu, yana so‘ndi va o‘ziga:
– Ertaga Hayit bayrami. Bugun Xizr bobodan yostig‘imning ostiga qanotlar tashlab ketishini so‘­rayman, – deb g‘o‘ldiragancha ko‘chaga chiqib ketdi. U yer­da ko‘zlarini osmonga qadab, kimgadir nimalardir haqida gapirdi. To‘qqiz yosh ana shu oppoq farishtalar kabi qizaloqning barmoqchalariga ohista qo‘nib erib ketayotgan edi…
“Taq, taq, taq…” Qiz taxtaning ustida turgan bar­moqlari orasidagi mixni bolta bilan urardi. “Taq, taq…”
Kecha onasining ta’biri bilan aytganda “Hadeb supurishga majbur qilayotgan” tut daraxtini chopib tashlashdi. Bir paytlar ustiga chiqarib uchishiga yordam beradigan tut daraxtining gursillab tushgan tovushidan qizning yuragi allanechuk bo‘lib ketdi. Esida, tutning yirik shoxiga chiqib, parvoz etish umidida qo‘llarini pirillatib sakraganida oyog‘i sinishiga bir bahya qolgandi. Qiz kecha otasi bilan akasi arralab qo‘ygan tutning yog‘ochlarini bir-biriga ulab qoqarkan, shularni esladi. Ammo, mana, tut o‘zini qurbon qilib bo‘lsa-da, qizning uchishi uchun yana, faqat so‘nggi marotaba o‘z yordamini ayamayapti. “Ana, tayyor bo‘ldi, – o‘yladi Qiz. – Endi bu matoni taxtaning mana bu yerlariga qoqsam bo‘ldi”. Uydagilarning bozorga ketganidan foydalanayotgan qiz o‘z maqsadini amalga oshirish uchun iloji boricha tezroq harakat qilishga shoshilardi. “Uyimiz tomidagi tarnov chetiga in qurgan musichaning ham qanotlari deyarli ana shunday shaklda. Nihoyat, qushlar bilan birga parvoz etadigan bo‘ldim!” Qiz uchburchak qilib yasalgan ikki bo‘lakdan iborat qanotlarning ulangan joyini yelkasiga qo‘ydi. Qanotining ostki qismidagi maxsus ushlagichlardan ushladi. “Darvoqe, avval tomga narvonni qo‘yishim kerak”. Shosha-pisha narvonni sudrab keldi. O‘zi kutganidan bir muncha og‘irroq qanotlarini taqdi. Avvaliga tomning pastroq qismidan uchib tajriba qilib ko‘rish kerak. Mana, chiqib ham oldi. U yuqoridan turib hovlisining ichiga nigoh tashladi va hayron qarab turgan kuchugiga qaerdandir yodlab olgan “Meni kutgil va men qaytarman! jumlasini aytdi va “Bismillahir rohmanir rohiym” dedi. Ota-onasi har bir ishni “Bismillo”dan boshlasa, xayrli bo‘lishini uqtirishgandi. Mana, bazo‘r-bazo‘r qanotlarini silkitgancha tomdan ko‘cha tomonga qarab sakradi. Bu paytda u o‘n ikki yoshda edi. Qattiq chinqiriqdan qo‘shni hovlidagi ayol qo‘llari unga belangancha yugurib chiqdi…
– Nega endi ruxsat bermaysizlar? Axir, bor yo‘g‘i dugonamning tug‘ilgan kuni-ku. Kechqurun chaqirgan bo‘lsa nima qilibdi, uyi uzoq bo‘lsa taksida borib, taksida kelaman. Nima, men sizlarga yosh bolamanmi?! Hamma ishimga aralashaverasiz! Darsdan qachon qaytishimni ham, qachon ketishimni ham gapiraverasiz, bundan keyin bilganimni qilaman! Jonimga tegib ketdi bunday hayot! Ey Xudo, qanot bersang bo‘lmasmidi, hamma-hammani tashlab uchib ketardim! – Qiz onasiga shunday deb qichqirar ekan, bir necha yillar oldin “qanot qoqaman” deb oyog‘i chiqib ketgani va Mosh tabibga soldirib kelishgani ana shu lahzalarda yodiga tushmadi.
Qizning bu gaplari onasining qalbidagi uzilmas nozik torlarni chertib-chertib o‘tar ekan, qiziga xavotirli tusda nazar tashlab qo‘ydi. Ammo Qizining o‘n olti yoshdaligi va bu davrning o‘tkinchi ekanligi borasidagi fikrlar onasiga tasalli berdi. Qizning o‘zi ham aytishni u darajada istamagan gaplari og‘zidan chiqib ketganiga o‘ksindi va qandaydir shahd bilan derazaning oldiga keldi-da yosh mo‘ralab turgan ko‘zlarini osmonga tikdi. Beixtiyor oyoqlarini ko‘tardi...
– Ota, o‘ksinmang, o‘zingizni ayblayvermasangiz-chi. Ona, siz ham ko‘p yig‘lamang. Xudo xohlasa, albatta, keyingi yili kiraman, mana ko‘rasiz. Endi qo‘shimcha darslarga bormay, faqat ishlayman, ha ishlayman! Keyin qarabsizki, to‘plagan pullarim meni byudjetga yetaklab turibdi.
Qiz uydagilarini tinchlantirgach, do‘kondan non olib kelish bahonasida o‘zini ko‘chaga urdi. Ko‘chada cho‘zilib yotgan yo‘l bu qadamlarning ancha og‘ir ekanligini his qildi. U uzoq yurdi. Do‘kon ham ortda qoldi. So‘ng yo‘lini ko‘p vaqtdan buyon qarovsiz qolgan dalaga qarab burdi. Bulutlar bir-birlaridan arazlashgandek qo‘ng‘ir to‘nlarini teskari kiyib olishgan. Dala bag‘ri keng bo‘lib, unda turli xil o‘simliklar, gullar o‘z holicha o‘sib yotibdi, odamlarning qorasi esa ko‘zga tashlanmaydi. Qiz arzini ko‘zida yosh bilan aytmoqchi bo‘lib turgan maysalarga ham, oyoqlariga chirmashib uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan chirmovuqlarga ham, etagiga suykalib erkalanmoqchi bo‘lgan gullarga ham qaramay dalaning o‘rtasiga kelib yurishdan to‘xtadi. Nigohlarini osmonga tikdi va chiqishini kutib bo‘g‘zida tiqilib turgan so‘zlarni yig‘i aralash hayqirdi:
– Nega?.. Nimaga axir…
Ammo yig‘i Qizning yana og‘iz juftlashiga yo‘l qo‘ymadi. Qiz maysalar ustiga o‘tirdi. Yuzlarini duv-duv yosh yuvar ekan, ko‘zlarini unga qo‘shilib yig‘lab yuborish arafasida lunjini osiltirib turgan bulutlarni o‘z bag‘riga olgan samoga yana qadadi. So‘ng, birdaniga o‘rnidan sapchib turdi-da dala bo‘ylab qo‘llarini silkita-silkita yugura boshladi. U jon-jahdi bilan chopar, qo‘llarini ham qattiq-qattiq silkitardi. Yo‘q, dala bo‘ylab yugurayotgan bu yigirma yashar Qiz qancha urinmasin, yerdan balandlay olmadi…
– Oyijon, oyijon, mana bu mushichani qayang. Qayasayiz-chi, e, uchib ketdi – dedi jajji qizcha yigirma olti yasharlik Qiz – onasiga qarab. – To‘xta, mushicha, menam sen bilan uchaman.
Qizcha hovli bo‘ylab qo‘lchalarini tepaga ko‘­tar­gancha yugurgiladi. Umidlari puchga chiqqach, onasining oldiga keldi-da:
– Oyijon, manam katta bo‘sam, aytib beyadigan eytagizdagi qizga o‘xshab uchib ketaman-a? Chiyoyli qanotlayimam bo‘ladimi?
Nimadir “jiz” etdi. Ona jilmaygancha bosh irg‘adi-da osmonga uzoq tikilib turdi va ancha mustahkamlanib qolgan irodasi bilan ko‘zidan dumalamoqchi bo‘lib turgan yoshlarini bazo‘r to‘xtatdi…
Qizlari bilan dasturxonni tuzayotgan qirq olti yoshli Qiz bugun quvonchdan o‘ziga sig‘masdi. Axir, bugun o‘g‘li xorijdan uchib keladi. Shippagini ildirib, nimadir olish maqsadida qo‘shni xonaga o‘tib ketayotgan ona tepadan guvillagan ovozni eshitdi. Ko‘zlarini osmonga qaratdi. Aniqrog‘i, pastlab uchib ketayotganmi, kelayotganmi samolyotga qaradi. “Ha, shuning ichida o‘g‘lim bo‘lsa kerak. Eh, uning hidini biram sog‘indimki!” – xayolidan o‘tdi onaning. Ammo, shu payt, Qizning nigohi beixtiyor yelkanlari oppoq bulutlarni o‘z bag‘riga olgan samoga tushdi. Ha, u ancha vaqtdan beri osmonga qaramagan, u haqda deyarli unutayozgan edi. Samo va Qizning nigohlari ana shu vaqtda tirikchilikning ayirmachiligi natijasida uzoq muddatdan so‘ng yana ko‘rishib turishgandi. Osmon, ehtimol Qiz ham nimadir demoqchi ediki, ammo Qizning qaynayotgan qozoni yodiga tushib qoldi va shoshgancha yoxud nimadandir qochgancha o‘zini ichkariga oldi…
Bugun Hayit arafasi. Mana shu kuni Qizcha qo‘lini duoga ochib, xohlayotgan biror bir narsasini     Xizr bobodan so‘rar va aksariyat vaqtlarda istagi Xizr boboga aylangan otasi tomonidan amalga oshardi.
Uydagilarning hech birida ertangi bayram kayfiyatidan asar ham yo‘q. Ularning ruhiyatini chuqur bir qayg‘u asir olgandi. Hammalari ko‘rpada yotgan yetmishdan oshgan Qiz-kampirning atrofini o‘rab olishgan. Qiz shu yerdagi hammaning yuziga rizolik alomati sifatida bir-bir sassiz qarab chiqdi. Butun tanasini asta-sekin qamal qilayotgan sovuqlik birgina “Oh”ga aylanish uchun bir joyga yig‘ilayotgandi. Ko‘zlarida nam bilan ko‘pchilik Qizning og‘zidan qandaydir vasiyatlar kutishardi. Mana, nihoyat, Qiz og‘iz juftladi. Nafaqat o‘tirganlarning, balki sukutning ham butun vujudi quloqqa aylandi. U:
– Derazani ochinglar, – dedi ohista. Tezda pardalar ko‘tarilib derazalar lang ochildi. Boyadan beri ichkariga kirishning ilojini qila olmayotgan mayin shamol ochiq derazadan yugurgilab xavotirlangancha qadrdonining oldiga keldi. Qiz derazadan o‘zi istaganiday so‘nggi kuzatuvchisi bo‘lmish osmonni ko‘rdi. Ko‘rdi-yu ko‘zidan butun orzulari bir tomchi yoshga aylanib oqib tushdi. Osmonda bir paytlar o‘ziga maftun qilgancha parvozga chorlagan va hozir ham chorlayotgan o‘sha, o‘sha oppoq bulutlar turardi. Qiz lablari ohista jilmayib: “Ana endi, ucha olaman!” dedi pichirlab…
Nihoyat, Qizcha ancha vaqtgacha so‘ragan narsasini bugun Xizr bobo yostig‘ining ostiga qo‘yib ketgandi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.