OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Botir Nosirov. Oltin qasr fojiasi (qissa)

1. SOXTA CHAQALOQ

Ziyolilarga xos zamonaviy kiyingan, bo‘ychan yigit qo‘lidagi yo‘rgaklangan chaqaloqni avaylab, odamlar orasidan chaqqonlik va ehtiyotlik bilan yelib o‘tdi-da, orqama-orqa kelayotgan atlas ko‘ylakli dilbargina ayolga tutqazdi. Juvon yo‘l chetidagi o‘rindiqda o‘tirib, chaqaloq bo‘ynidagi sariq lentaga bog‘langan so‘rg‘ichini to‘g‘rilab qo‘ydi. Yigit mashina izlab ketdi.
U shaxmatnusxa belbog‘li taksi yoniga kelib, haydovchiga murojaat qildi:
— Jon aka, qaynonamiz betob bo‘lib qolibdilar, Jizzaxga tashlab kela olmaysizmi?
— Yo‘q, uyoqqa bora olmayman, — beparvo javob berdi shofyor.
— Iltimos Sizdan, xafa kilmayman.
— Yo‘q, bora olmayman dedim-ku!
— Borish-kelish haqini olsangiz ham mayli, — iltijoga o‘tdi yigit.
Haydovchi: «Qanaqa shilqim yigitsan o‘zi!» deganday teskari karab oldi. Shu payt qaerdandir paydo bo‘lgan, qorachadan kelgan, qotma o‘spirin mashina kalitini o‘ynab, ularga yaqinlashdi. Hozirgi suhbatni kuzatib turgan shekilli, yigitning saxiyligi uni o‘ziga mahliyo qilgan edi.
— Qayoqqa boradigansiz, oshna? — deb so‘radi bamaylixotir.
— Jizzaxga! — Taksichiga yalingan yigit endi unga yuzlandi.
— Ancha uzoq ekan. Ha, mayli. Necha kishisiz?
— Xotinim, chaqalog‘i bilan... — chaynaldi yigit.
— Demak, uch kishi. Oltmish so‘m bo‘ladi.
— Sal kamaytiring. Juda ko‘p aytvordingiz-ku.
— Xohlasangiz shu! Qaytishda u tomonda; «klient» topib bo‘lmaydi, — o‘spirin kalitini o‘ynab orqasiga burildi. Yigit og‘zidagi oshni oldirib qo‘yayotgandek shoshib darhol rozi bo‘la qoldi.
— Mayli, oltmish bo‘lsa oltmish-da! Mashinangiz qaysi biri o‘zi?
— Huv anavi «oq tulpor», — o‘spirin yul chetidagi sutdek oppoq «Jiguli»ga ishora qildi. Sizlar mashinaning oldiga boraveringlar, men hozir yana bir «klient» topay...
Ko‘p o‘tmay o‘spirinning ishi yurishib ketdi. U Jizzaxga boradigan, qo‘liga portfel bilan shlyapa ushlab olgan, past bo‘yli koreys yigitni darrov topaqolib mashina yoniga boshlab keldi.
Koreys yigit ham yigirma besh so‘m beradigan bo‘ldi.
O‘spirin «klient»larni mashinaga o‘tqiza turib:
— Kelishib olaylik, ismim Yusuf, toshkentlikman. Jizzaxga, qarindoshlarnikiga to‘yga ketyapmiz, — deb ogohlantirdi. Keyin qo‘shib qo‘ydi: — Bu gaplarni ehtiyot shart aytib qo‘ydim, mabodo avtoinspektor to‘xtatsa, shunday deysizlar-da!
Mashina yo‘lga chiqdi.
Dim salonga sukut cho‘kdi. Dam olish kuni bo‘lgani uchunmi, yo‘lda mashinalar siyrak, onda-sonda uchraganlari ham shamoldek tez o‘tib, atrofni qora pardaga o‘rab kelayotgan shom qa’riga singib ketardi. Shofyor bilan yonma-yon o‘tirgan yigit terlagan peshonasini ro‘molchasi bilan artib, mashina oynasini bir oz ochib qo‘ydi. Salonga mayin shamol kirib, kayfiyatni bir oz ko‘targandek bo‘ldi. Shu damda o‘spirin ko‘zi oldida jaraq-jaraq o‘n so‘mliklar ko‘rinib ketdi. Bir marta borib kelishning o‘zi sakson besh so‘m. Har holda qaytishda ham quruq bo‘lmaydi. Shuncha bo‘lmasa ham, sal kamroq tushishi turgan gap. Ikki soat uyoqqa, ikki soat buyoqqa. Shunda bir injenerning bir oylik maoshi ishlab olinadi. Otasi unga yana «o‘qi» deydi-ya! O‘qib kim bo‘lardi?! «Oq tulpor»i omon bo‘lsa, har qanaqa diplomlidan yaxshiroq daromad qiladi...
Haydovchi shunday xayollar qanotida ruhlanib, gaz pedalini qattiqroq bosdi.. Spidometr mili yuz raqami ustida likillab borardi.
Orqa o‘rindiqda o‘tirgan juvon dam-badam erining qo‘lidagi chaqaloqni siypab qo‘yar, qo‘llari bilinar-bilinmas titrayotganini faqat o‘zigina sezardi. Bugun u «katta sinov»dan o‘tishi kerak. Juvon yashayotgan uy, chet el jihozlari, qimmatbaho taqinchoqlar — duru gavharlar o‘z-o‘zidan kelib qolmagan. Bularning barini unga o‘gay otasi olib bergan. Ana shu boyliklar evaziga qiz «bu rol»ni o‘ynashga rozi bo‘lgan. Demak, uni qiyomiga yetkazib o‘ynashi, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishi shart.
Ziyolilarga xos kiyingan yigitning yuragi bezovta. Tezroq qorong‘i tusha qolsa-yu...
— Onasi, bolangga qarasang-chi, — dedi u, — negadir bezovtalanyapti. — Shunday deb chaqaloqni xotinining qo‘liga tutqazdi.
— Hozirgi otalar shunaqada! — deya bolani bag‘riga bosdi juvon. — Voy, shirintoyginam! Mana, hozir!.. Hozir, oppog‘im, hozir!.. Voy, qusvordi-ku... Amakisi, mashinani bir oz to‘xtating, iltimos.
Shofyor tormozni bosib, mashinani yo‘l chekkasiga olib to‘xtatdi. Shu payt orqa o‘rindiqdagi yigitning chayir qo‘llari yengil pul topish ishqivozining tomog‘idan bo‘g‘ib, o‘rindiq suyanchig‘iga siqib qo‘ydi. Shofyor tipirchilab, kishandek qisib turgan bilaklardan qutulishga intilardi.
— Damingni chiqarma!
— A-a-a!!!
— Tugatib qo‘ya qol! — dedi haydovchining qo‘llarini ushlab turgan koreys yigit qizga qarab. Ayol chaqaloqni epchillik bilan ko‘tarib, shofyorning boshiga yaqinlashtirdi-da, yo‘rgakning ichiga qo‘lini tiqdi. Tepki bosildi. Bo‘g‘iq o‘q ovozi eshitildi. Shofyorning qonga belangan boshi shilq etib, rulga tushdi.
Kirakash yigitning jonsiz murdasi soxta «chaqaloq»ning oq choyshabiga o‘ralib, mashina bagajnigiga joylandi. Koreys yigit rulga chaqqon o‘tirdi. Hech kim churq etmadi. Bir oz yurishgach, chapga burilib, dala yo‘liga tushib olishdi.
Yo‘l chetidan buralib oqayotgan anhorning o‘zani kengaygan joyga yetishganda, orqa o‘rindiqda o‘tirgan «ziyoli» koreys yigitni turtdi: — To‘xtat! Shu yerga gumdon kila qolamiz! Ular mashinadan tushib, bagajnikni ochdilar-da, qon oqib qizg‘ish rangga aylangan choyshabga o‘rog‘liq jasadni qop irg‘itgandek suvga otib yuborishdi.
Rulga ayol o‘tirdi. Sheriklar e’tiroz bildirishmadi. Chunki u oddiy qiz emas, «shef»ning erkatoyi...

2. TUZOQ

Hozir shaharda nima ko‘p — mashina. Shaxsiy mashinaga ega bo‘lish aksariyat kishilarning oliy niyati. Birov halol maoshini tejab-tergab sarflash hisobiga jamg‘argan puliga, boshqa kimdir birov esa, qing‘ir yo‘llar bilan topgan mablag‘iga mashina sotib olyapti. Ko‘cha-ko‘ylarda yo‘l harakati qoidalarini bilib-bilmay rulga o‘tiraveradigan mushtday bolalaru hali ona suti og‘zidan ketmagan qizaloqlar mashina haydab yurganini ko‘p-ko‘p uchratib kolamiz.
«Lashkar degan axir bexato bo‘lmas», deganlaridek mana shu erkatoylarning hovliqmaliklari tufayli yo‘llarda turli tasodiflar ham tez-tez sodir bo‘lib turadi. Pachaqlangan mashina esa, tobutday xunuk. Unga boqqan saring, kayfiyating buzilaveradi. Tezroq tuzattirib olish kerak bo‘ladi.
Ustaxonadagi mash-mashalarni esa, unga ishi tushgan biladi. Qabul qiluvchi kishi mashina hujjatini ko‘zdan kechirgach, ustalar ishlayotgan tomonga o‘tkazib yuboradi. Hamma savdo shundan keyin boshlanadi.
— Motor ishdan chiqibdi, porshen, gilza yana futulkalar ham kerak. Afsuski, bu narsalar bizda yo‘k, — deydi mashinani uyoq-buyog‘ini ko‘rgan usta.
— Jon aka, bir ilojini toping, — deb yalinishga tushadi mashina egasi. Ustaga esa shu kerak. Yalindingmi, og‘zidan chiqqanini bajarishga majbursan. Yo‘q deb ko‘r-chi, kavushingni to‘g‘rilab qo‘yadi.
— Og‘ayni, Siz ham o‘zimizga o‘xshagan shinavanda ko‘rinasiz, — deydi u yalinganingizni sezgach ma’noli kulib. — Anavi akangizga bir uchrab ko‘ring.
Maqsad aniq: puliga chidasang, bas. Bir zumda noyob ehtiyog qismlar o‘z-o‘zidan mashinang yuragiga joylashib, hech bir shikast ko‘rmagandek ishlab ketadi.
Pachaqlangan mashinani ko‘rganda esa ularning tillari yanada biyronlashadi:
— E, attang, bizda chap qanot yo‘q edi, o‘ng qanot bor, — deyishadi go‘yo achinganday bo‘lib. Bordiyu o‘ng qanotni so‘rasang, «chapi» bor, unisi yo‘q», deb afsuslanishadi. Oldingi eshikni iltimos qilsang, orqa eshikni ko‘rsatishadi. Sen esang noilojsan. Na chora? Bozor narxida olishga majbursan.
Bu shunaqa joy — pachaqlangan mashinalar tuzatiladigan ustaxona.
Basavlat kishi eshikdan kirishi bilan qabul qiluvchi unga peshvoz chiqdi:
— Mulla aka mashinangizni olib keldingizmi?
— Yo‘q, mashinam butun. Hammasi joyida. Menga Shokirjon kerak edi, — dedi g‘urur bilan basavlat kishi.
— Shokirjonmi? Huv, pastroqda ishlayapti. Marhamat, o‘tavering, — qo‘l qovushtirib, yo‘l bo‘shatdi qabul qiluvchi.
Basavlat kishi ustalarning ishiga bir daqiqa razm solib turdi. Qora jomakor kiygan, qotmagina, baland bo‘yli usta uning e’tiborini tortdi. U qo‘lidagi yog‘och to‘qmoqni shu qadar ustalik bilan ishlatardiki, mashina qanotining pachaqlari bir maromda tekislanib borardi.
Bir vaqtlar o‘zi ham yaxshigina usta bo‘lgan. Hatto tuzatishdan tashqari, ba’zi ehtiyot qismlarni ham qo‘lbola qilib yasardi. Bora-bora bu hunarini atrofidagilarga ham o‘rgatdi. Oqibatda shogirdlari undan o‘zib ketishdi. U esa «o‘yin»dan chiqib qoldi. Endigi vazifasi — faqat «klient» topish. Yaxshiyam «o‘yin»dan chiqqani. Bo‘lmasa, soxta ehtiyot kism yasovchilar qo‘lga tushganda, ehtimol, u ham qamalib ketarmidi? Usta musichadek begunoh bo‘lib, suvdan quruq chiqdi...
Qora jomakorli yigitning g‘ayrat bilan ishlashi unga o‘zining yoshligini eslatdi. «Afsus, umr qisqa... Hash-pash deguncha o‘tib ketar ekan», deb ko‘nglidan o‘tkazdi u.
— Siz — Shokirjonmisiz? — deb so‘radi basavlat kishi ishlayotgan yigitga yaqin borib.
Ismini eshitgan usta ovoz kelgan tomonga qaradi. Basavlat kishi ustomonlikka o‘tdi.
— Kechirasiz, yanglishibman. Men bir shogirdimni yo‘qlab keluvdim. Sizni o‘shanga o‘xshatibman. Eshitishimcha, u mashinalarning «professori» bo‘lib ketgan emish... Shunga...
— Amaki, professor bo‘lmasak ham uncha-muncha narsa ko‘limizdan keladi. Nima, mashinangizni urib oldingizmi?
— Yo‘q, men bo‘lak ish bilan kelgan edim.
— Mayli, qo‘limizdan kelsa...
— Kechirasiz, qancha maosh olasiz?
— Nimaydi? Bir yuz o‘ttiz so‘m.
— Kundalik choy chaqa-chi? — basavlat kishi chaynalib uni yana gapga soldi.
— Nima, siz xalq kontrolidanmisiz? — achchig‘landi usta Shokirjon.
— Jahlingiz chiqmasin, uka, men ham bir vaqtlar sizga o‘xshash usta edim. Hozir mana shunaqa bir korxonada, mas’ul ishdaman. Bizda ham mashina tuzatiladi. Qo‘li gul, chaqqon ustalar kerak. Afsuski, hamma joyda ham ular anqoning urug‘i. Klyuchning nomerini ajratolmaydiganlar esa achib yotibdi... Oyligimiz yomon emas... Har holda choy-chaqa ham chiqib turadi... Ha, mayli, kechirasiz, men boray endi...
Shokirjon shoshib qoldi. Xudoning o‘zi yetkazgan shunday omaddan yuz o‘girib bo‘ladimi?
— Amaki, sizda uchinchi razryadga qancha to‘lashadi? — deb so‘raganini o‘zi ham sezmay qoldi.
— Bu razryadga hamma joyda bir xil maosh, — dedi basavlat kishi talmovsiragan bo‘lib, — lekin, siz bizga borsangiz beshinchi razryadga to‘g‘rilaymiz.
— Kechirasiz, o‘zingizni tanishtirmadingiz?
— Meni Usmon aka deyavering.
— Usmon aka, choy-chaqasi qanaqa bo‘ladi? Mijozlar serobmi?
— Bu tomondan tashvishlanmang, uka, yaxshi ishlasangiz, men o‘zim sizni xursand qilib turaman.
— Unday bo‘lsa... — Shokirjon o‘ylanib qoldi.
— Kelishdikmi?
— Kelishdik.
— Ertaga sizni kutaman! — Basavlat kishi uchrashuv joyini tayinlab, qanday viqor bilan kirib kelgan bo‘lsa, shunday viqor bilan chiqib ketdi. Shokirjon shu payt tuzoqqa ilinganidan hali bexabar edi.

To'liq:  Saqlab olish

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.