OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Botu. Yangi qishloq (hikoya)

Ko‘klam boshi. Hali yer qurigan emas. Tepalarda qor izlari bor. Ko‘klamning galgi kelishi Qurbonning ham yuragida to‘lqinlar qo‘zg‘otgan. Qurbon na kechasi va kunduzi tinchlana oladi. U havoga qaraydi. Yerga qaraydi va shodligidan kalta soqolini barmoqlari bilan tez-tez taraydi.
— Qurbon, sen ham bu yil belingni ko‘tarib olasan-da... Qodirning bu so‘zlari Qurbonga juda ham yoqadi. Uning dudoqlarining tanobi qochadi.
— Hah... zamon. Hukumat bizniki. Bizga o‘xshaganlarniki, deydi Qurbon. Och-yalang‘och yuraturgan o‘tib ketdi og‘ayni!
Qodir ham Qurbonning o‘ziga o‘xshagan kambag‘al dehqon. Yer islohati vaqtida Qodirga.... tanob yer, Qurbonga.. tanob yer berilgan. Lekin boyaqish Qurbon shu yilgacha olgan yeridan foydalana olmagan, bunga sabab Qurbonning ishyoqmasligi yoxud qo‘rqoqligi emas, boshqa... Qurbon hech narsadan qo‘rqmaydigan, hech ishdan qochmaydigan yigit. Buni qishloqning kattadan-kichigigacha yaxshi biladi. Bosmachilar Yangi qishloqdan uzoq bo‘lmagan tog‘larda ot qo‘yib, qishloqqa qo‘rqinch solib yurgan zamonlarda ham o‘z to‘g‘ri yo‘lidan qaytmagan Qurbon «mayda-chuydalardan tab tortmasligi»ni bir emas, ming martaba aytganini hamma eshitgan. Qurbonning so‘zlari qishloq boylarininggina kayflarini buzadi. Boylardan, ruhoniylardan boshqa hamma qishloqi Qurbonning suhbatiga juda zo‘r ishtiyoqli. Qurbon ham noz qilishni, takabbur bo‘lishni bilmaydi. Birov:
— Qurbon, falon voqea qanday bo‘lgan edi, — deb qo‘ysa so‘rog‘ini rad qilmay to‘la javob beradi.
Kichkina uyning shipi qop-qora. Uy eshiklari yopiq. Uyning bir chetida guvillab yonib turgan o‘tning shu’lasi kichik uyni ham sovuqlikdan, qorong‘ilikdan ham qutqarmoqchi bo‘ladi. O‘t tevaragida o‘tirganlar ichida bo‘lgan shaharlik uch yigit ko‘zlarini zo‘rg‘a-zo‘rg‘a ochib o‘ltirardilar. To‘lqinlanib uchmoqda bo‘lgan achchiq tutunlar bularning na ko‘zlariga va na ko‘ngillariga rohat beradi. Lekin sir boy bermasga tirishadilar. Qurbon voqillab turadi. Uydagi to‘qqiz qishloqi shahardan kelgan yigitlardan ko‘proq so‘z eshitishni istab tinch o‘tiradi. Bularning ko‘zlari ham yoshlanmaydi, ko‘ngillari ham huzursizlanmaydi. Uncha-muncha tutun bularga ta’sir qilmaydigan ko‘rinadi.
— Siz o‘rganmagansiz-da... Eshikni ochib qo‘yaymi?
Qurbon juda ziyrak yigit ekanini bu yerda ham ko‘rsatdi.
— Kecha uncha ham sovuq emas, — dedi Qodir, — ochib qo‘ya ber!
Eshik ochildi. Tashqaridan toza, yolqin havo yugurib ichkari kirdi. Nafas olish ancha yengillashdi.
Yonib turgan o‘tning ham boshi egildi. Uning shu’lasi eshikdan kirgan oy nurlari bilan quchoqlashdi. Tashqarining go‘zalligi hammaning qarashini o‘ziga jalb etdi. Qumg‘onga qarab o‘tirgan dehqon dedi:
— Bu yil yog‘in ham chakki emas. Havo jo‘nashib ketsa dehqonchilik yomon bo‘lmaydi.
Boshqa dehqonlar ham buning so‘zini tasdiq qildilar. Qotmagina dehqon etagi bilan o‘tni yelpib dedi: — Hukumat o‘zimizniki ekanini endi bildik, pulimiz yo‘q edi pulli bo‘ldik... Mana ekishga urug‘, yeyishga non berdi. Pul berdi.
— Hozir ichak uzildi vaqtida bug‘doydan ko‘proq berilsa yaxshi bo‘lar edi-da. Tizzasiga suyanib o‘tirgan cholning bu so‘ziga Qurbon darrov javob qaytardi. — Hukumat har narsa bersa kambag‘allarga beradi. Hukumat ko‘zida har qaerdagi kambag‘allar birdek. Bir qishloqdagi kambag‘alga ko‘p berib, boshqa bir yoqdagisini och qoldiomaydi. Har kimning holiga qarab beradi. Bizdan boshqa ham hukumatdan pul, bug‘doy oladiganlar ko‘p. Ko‘pchilikka bir qadaqdan berganda ham o‘h-huv... ming-ming qadaq bo‘lib ketadi. Hukumat tartibi bilan boriga qarab beradi-da. Yo‘q yerdan yo‘ndirib bo‘lmaydi-ku, axir.
— To‘g‘ri, — deb Qodir so‘zga kirishdi. Bizning Qurbon ham chakana emas, ko‘p narsa biladi. Hamma gap o‘zimizda. Biz yaxshi ishlasak, yaxshi unum olsak hamma kambag‘allarga foyda. Hukumat kambag‘allarning turmushi yaxshi bo‘lsin deydi. Hukumat o‘zimizniki bo‘lgandan keyin hukumat aytgancha ishlash o‘zimiz uchun foydali bo‘ladi. Shunday emasmi mullo aka?
— Shunday... Shahardan kelganlarning o‘rta bo‘yli, soqolsizi bu to‘g‘rida uzun so‘zladi. O‘tirgan dehqonlar hammasi tingladilar. Gap kelib-kelib firqa masalasiga taqaldi:
— ...Shu kommunistlar firqasining to‘g‘ri yo‘lboshchiligi ostida mana shuncha katta ishlar qilindi.
— Biz firqani juda yaxshi ko‘ramiz, — dedi Qodir, mana shu kichik qishlog‘imizning hammasi kambag‘al dehqonlar bo‘lib, bularning yarmichasi firqalidir. Komsomol yacheykasining sarkotibi Tursun qo‘shib qo‘ydi:— Komsomollar firqalilardan ham ko‘p.
Qodir: — Komsomollar juda o‘tkur-da,— dedi. Tursun tishlarining oqini ko‘rsatib gapga kirdi:
Komsomollarimiz orasida yomon kishilar yo‘q. Bugun bittasi bir oz yomonlik qilib qolgan ekan toza bopladik... Bundan keyin sira yomonlik qilmaslikka so‘z berib zo‘rg‘a qutuldi. Bizning komsomollarning juda ko‘pi savodli. Yanagi yilga birgina savodsizni qo‘ymaymiz.
Shahardan kelganlarning kattasi dedi:
— Komsomol degan shunday bo‘ladi. Ishlash kerak.
Chol dehqon:
— Bular qip-qizil o‘t... o‘t...,— deb qo‘ydi.
— Bu sakkizinchi martda ham xo‘p ishlashdi-da, — dedi Zaynab xola, — shu qishloqda ochilmagan xotin-qiz qolmadi.. Bular ko‘p harakat bilan o‘yin qilishib berdilar.
Shaharli yigitlarning eng kichigi so‘radi:
— Sakkizichi mart qishlog‘ingizda qanday o‘tdi?
— Bolam, qanday o‘tardi. Bizning qishloqda yaxshi o‘tmay, ana u boylar ko‘p qishloqda yaxshi o‘tarmidi?!
Zaynab xolaning so‘zini Qurbon quvvatlaydi.
— Juda ham yaxshi o‘tdi. Mana shu hovliga yig‘ilgan xotin-qizlar uch yuzdan ortiq edi.
— Birgina xotin paranji yopinib kelgani yo‘q, aylanay bolalarim.
Shahardan kelgan chiroyli yigit so‘radi:
— Sakkizinchi martdan keyin xotin-qizlaringiz yana paranji yopinib olganlari yo‘qmi?
— Yo‘q. Bizning xotin-qizlarimiz boylarning xotin-qizlariga o‘xshamaydilar. Ular ham «Hujum»ga tushunib qolishgan.
Qotma dehqonning bu so‘zini hammalari tasdiqladilar.
Shahardan kelgan yigit:
— Xotin-qizlaringiz orasida qanday ish olib borasiz?
— Muallimimiz juda yaxshi yigit-da,— dedi Qurbon. Xotin-qizlar uchun ham kurs ochganmiz. Baraka topgur muallim ertalab bolalarimizni, kunduz kuni xotin-qizlarimizni, kechqurun firqalilarimizni o‘qitadi.
— Muallimdan juda rozimiz, — dedi Qodir. Bizga u juda ko‘p narsani o‘rgatdi. Bir narsa bilmay qolsak darrov so‘raymiz. Yo‘q demasdan javob beradi. Qurbon o‘rtog‘i Qodirning so‘ziga qo‘shimcha qildi:
— Firqalilar orasida xudo to‘g‘risida muallim u yaxshi gapirib yurib, oxir xudosizlar to‘garagi tuzdi. Hozir firqalilarning hech biri namoz o‘qimaydi, xudoni tanimaydi...
Yaqinda bir firqalimiz masjidga kirgan ekan, orqa yoqasidan tortib masjiddan chiqardik. Tavba qilib, bundan keyin bunday ishlarni qilmaslikka so‘z berib, firqa safida qoldi.
Kecha yarmiga yaqinlashib qolgan edi. Dehqonlar uylariga qaytishga harakat qilib qoldilar. Uydagilarnnng hammalari hovliga chiqdilar. Shahardan kelganlar bilan xayrlashib olti dehqon uylariga qaytdi. Qurbon, Qodir, Tursun mehmonlar bilan qoldilar. Oydin kecha juda chiroyli edi. Shu yerdan ikki yuz gazcha narida bo‘lgan ko‘lning suvi miltillab turardi. Uch tomonda buyuk qo‘rg‘on kabi qorayib turgan tog‘larning oq boshlari oy nurlarida jilvalanardilar.
Ko‘kda zarracha bulut yo‘q edi. Qurbon boshidan o‘tgan voqealardan birini aytib berdi. — Mana shu yaqin tog‘ning etagidagi qishloq eski... qo‘rboshi chiqqan qishloq. U qo‘rboshiga bu Yangi qishloqdan men, Qodir va olti yigit qarshi ishlaganmiz. Ularning daraklarini hukumatga yetkazib turganmiz. O‘sha vaqtda bir kun bu qishloqdan o‘n besh chaqirim uzoqdagi qishloqqa men, Qodir, To‘g‘on jo‘nadik. Xuddi besh chaqirim yurganimizdan keyin otliq kishilar ko‘rinib qoldi. Ular to‘ppa-to‘g‘ri bizga ot solishdi. Bizni o‘rab olib kimligimizni, qaerga borishimizni so‘radilar. To‘g‘onning tili tutilib qolibdi, hech narsa deyalmadi. Men javob berdim. «...qishlog‘iga boramiz, dehqonlarmiz». Ular do‘q qilib so‘kdilar. Keyin biri bizga ho‘mrayib qarab dedi: «Oq tuya ko‘rdingizmi?» Men yo‘q dedim. Qodir Qurbonning gapini bo‘ldi: — Qurbonni bosmachilar, boylar juda yomon ko‘radilar. Hali ham yomon ko‘radilar. Hozirgi qamalab yotgan bulturgi domlamiz ham... bosmachiga qarindosh edi. Shuning uchun muttaham boyaqish Qurbonning bo‘yniga bo‘lmag‘ur tuhmatlarni taqib, ancha vaqt sarson qildi. Oxiri haqiqat yuzaga chiqdi. Qurbon oqlandi, domlaning o‘zi qamalib ketdi. Mana endi bu yil yer islohotida olgan yerini Qurbon ham tinchgina ishlay oladi.

1928

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.