OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Bir kecha – ming kecha (hikoya)

Ish yuzasidan ikki kunga O. shahriga xizmat safariga jo‘natishdi. U yerda bir kunda ishimni bitirib, poytaxtga qaytish uchun vokzalga yo‘l oldim. Odam gavjum vokzalda chipta olish uchun bir-biriga gal bermay gapirayotgan ikki ayoldan keyin navbatda turdim. Xayol bilan binoga ko‘z yugurtirayotganimda oldindagi ayollardan biri gapdan to‘xtab menga qaradi. Begona kishining qattiq tikilayotganini ko‘z qirim bilan sezsam-da, e’tibor bermaslikka harakat qilib vokzalni ko‘zdan kechirishda davom etdim.
— Kechirasiz... — menga oshkora tikilayotgan ayol sumka tutib turgan bilagimga bir turtdi.
Turtib gapirgan odamni yoqtirmaganim uchun istar-istamay unga o‘girildim. Yuzini qora to‘r, ko‘zining atrofini o‘rdakpanja ajin qoplagan, og‘zida tilla tishlari yaltirab turgan ayol menga qarab, “Hoy, dugon, o‘zingmisa-a-an?” dedi cho‘zib. Uni qaerdadir ko‘rgandek bo‘ldim-u, lekin sira eslay olmadim.
— E-e, men Zeboman, tanimadingmi? — o‘ziga yarashmagan quvnoqlik bilan dedi ayol. — Kursdoshingman-ku!
— Ie, Zebo?! — endi hayratlanish navbati menga o‘tdi.
Kursdoshim bilan quchoqlashib ko‘rishdik. Uning O.shahri atrofidagi qishloqlarning biridan ekanligi ham yodimga tushdi.
— Nima qilib yuribsan biz tomonlarda? — so‘radi Zebo yana mushti bilan turtib.
— Xizmat safari bilan kelgandim, endi qaytmoqchiman...
— Biznikiga kirmasdan ketmoqchimiding? Bekoringni aytibsan-da! Hali chipta olmadingmi? Ertalabki poezdga olasan!
Zebo meni qo‘yarda-qo‘ymay uyida bir kecha qolishga ko‘ndirdi.
— Vokzalning naryog‘ida ishlayman, ishdan qaytayotib bir tanishimni uchratib qoluvdim. Yaxshiyam, u bilan gaplashib qolibman, bo‘lmasa seni qaerdan ham uchratardim?.. Hozir biznikiga boramiz...
Xullas, o‘n sakkiz yildan buyon ko‘rmagan kursdoshimning gapini yerda qoldira olmay unikida bir kecha mehmon bo‘lishga ko‘ndim. Bir kecha ming kecha bo‘lmas.
Chipta olgach, taksiga o‘tirib Zeboning uyiga yo‘l oldik.
— Bi-i-r talabalikni eslab, gaplashib yotamiz, — kuldi Zebo.
Besh qavatli uylarga yaqinlashanimiz sayin qilgan ishimdan pushaymon bo‘la boshladim.
— Juda noqulay bo‘ladigan bo‘ldi-da, Zebo. Ering, bolalaring meni deb behalovat bo‘lishadi...
— E-e, erim indamaydi!
Uchinchi qavatdagi uch xonali uyda bizni o‘n olti yoshlardagi ozg‘ingina qiz bilan uch yoshlardagi bolakay kutib oldi.
— Bu qizim Mag‘pirat, bunisi kenjam Zoyir, — dedi Zebo.
Dugonamning qizi menga salom berdi-yu, indamay yerga qarab turaverdi. Kichkinasi onasining quchog‘iga otilmadi ham. Bolakay opasining etagini qo‘yib yubormay oshxonaga ergashdi.
Meni mehmonxonaga kiritgan dugonam oshxonaga shoshildi.
Birozdan keyin u yerdan g‘o‘ng‘ilalgan ovozlar eshitila boshladi: “Yergina yutsin, juvonmarg bo‘lgur... Senga nima degandim? Ovozing chiqmasin, itvachcha...” ortidan bolaning bo‘g‘iq yig‘lagani eshitildi.
Ignaning ustida o‘tirgandek bezovtalana boshladim. Bu orada dugonam kula-kula gapirgancha dasturxon yozib, qand-qurs qo‘yib ketdi.
Ko‘p o‘tmay, Zeboning eri ishdan qaytdi. Ostonada er-xotin allanarsalar deb g‘ijillashib olishdi. Kelganimga yana pushaymon bo‘la boshladim. Ozg‘in, peshanasidagi kokilini bir tutam qilib birlashtirib olgan, uchburchak yuziga yarashmagan dumaloq shakldagi ko‘zoynagi burniga qo‘ndirilgan erkak xonaga kirib men bilan salomlashgach, ro‘paramga o‘tirdi.
— Ha-a, yaxshimisiz, mehmon? — so‘rashdi u. — Qani, dasturxonga qarab o‘tiring.
Zebo ham shoshib kelib, erining yoniga cho‘kkaladi.
— Dadasi, bu kursdosh dugonam bo‘ladi. Sizga doim aytaman-ku, bir dugonam Toshkanda, Malaka oshirish institutida ishlaydi, katta odam bo‘p ketgan deb, o‘sha shu-da... — dugonam bir tirsagini chordona qurib o‘tirgan erining tizzasiga tiragancha bir qo‘li bilan dasturxondagi yeryong‘oqdan yeya boshladi.
— Yo‘g‘-ey, unchalik katta ish emas, — dedim men xijolat bo‘lib.
— Yaxshi, yaxshi. Institut bo‘lsa, yaxshi. Bizni bolalarni ham qo‘llab yuborasiz-da endi, mehmon...
— U talabalar o‘qiydigan institut emas... — izoh berishga shoshildim.
Meni yordam berishdan qochayapti deb o‘yladi, shekilli, mezbon jerkibroq gapimni bo‘ldi:
— Mayli-da, kim o‘qiydigan bo‘lsayam. Ha-a, xo‘jayin qaerda ishlaydi?
— Uchastkavoy...
— Ux, ja-a, zo‘r joylashib olibsizlar-ku-a?! Yaxshi, yaxshi... So‘rab qo‘ygan yaxshi-da, odamning ish-pishi tushishi bor. Kerak bo‘lganda yordam bervorasizlar, harholda besh-begona emasmiz... Dasturxonga qarang-chi, mehmon. — er-xotin mendan ko‘z uzmay yeryong‘oq yeya boshlashdi.
Besh daqiqa ichida qaynotam, qaynog‘alarim, aka-ukalarim qaerda ishlashini surishtirib, o‘ziga foydasi tegishi mumkinligini miyasida chamalab chiqqach, ko‘ngli joyiga tushdi shekilli, mezbon xotiniga ovqat suzishni buyurdi.
Dasturxonga ovqat tortilgach, shu paytgacha xonaga qadam bosmagan bolalar sekin kirib xontaxtaning bir burchagidan joy olishdi.
— Ie, ota o‘g‘il! Siz bilan o‘ynamapmiz-ku bugun. Qani, keling-chi, keling.
Bolakay istamaygina dadasining yoniga bordi.
Ota bolasini ezg‘ilab, soqolini uning yuziga ishqab birpas “erkalatguncha” hech kim taomga qo‘l cho‘zmadi.
— Xolasi, bu bokschi bo‘ladi, qani qanday boks tushasan, bir ko‘rsat, ota o‘g‘il.
Bolakay g‘inshiy boshladi. Dugonam ham qiqirlab “Qani, o‘g‘iltoy, bir ko‘rsating, ko‘rasata qoling endi” deb erining gapini quvvatladi.
Boks tushishni istamagan bolani dadasi oyoqlari bilan iskanjaga olib tizzasiga o‘tqizdi-da, qo‘lchalarini musht qilib tugib, yuziga ura boshladi. O‘zini-o‘zi dadasining qo‘li bilan mushtlayotgan bola boshini har tomonga tashlab yig‘lagani sayin ota-ona zavqlanib kular, bola esa battar yig‘lardi.
— Ie, o‘g‘il bola ham yig‘laydimi? — jahli chiqdi otaning. — O‘g‘il bola yig‘lasa, nima qiladilar...
U bolaning ikki qo‘lidan tutib boshiga kaftchalari bilan shapillatib urdira boshladi.
Mening g‘ashim kelgani sayin er-xotin avj olib xoxolab kulishardi. Agar eshik taqillab qolmasa, bilmadim, tomosha qancha davom etardi?
Xonaga o‘n besh yoshlardagi o‘g‘il bola kirib kelgach, bokschi dadasining iskanjasidan qutildi.
— Assalomu alaykum, — dedi o‘smir yigitcha ko‘chadan kirib to‘g‘ri xonataxtaning to‘riga joylasharkan.
Er-xotin bir zum meni unutib bola bilan gaplashib ketishdi.
— Ha, nima bo‘ldi? Sotdingmi? — betoqatlanib so‘radi uy egasi.
— Sotdim! — dasturxonga ko‘zi alang-jalang bo‘lgan o‘spirin kaftlarini bir-biriga ishqalab betoqatlana boshladi.
— Sapira momonikini ham sotdingmi? — gapga aralashdi dugonam.
— Uniyam sotdim, temirchi bobonikiniyam sotvordim. Bitta sandiqfurushniki qoldi.
— E, yasha! — Dugonamning eri tizzasiga shapillatib urib oldi. — Bo‘ladigan bola... ma’lumda o‘zi. Endi tez ovqatingni yeb-yutginda narigi mahallagayam borib kel. Yoki... avval sotib, keyin yeysanmi a?
— Shunday qila qolsin... — erini quvvatladi dugonam.
O‘smir yigitcha yana ko‘chaga quvilishini sezib, qo‘lidagi nonni ikki buklab og‘ziga tiqdi. Opasi unga ham ovqat suzgani o‘rnidan turdi.
— Keyin yeysan, ovqat qochib ketmaydi, bor tezgina sandiqfurushnikini birov olib qo‘ymasdan “zaynit” qilib qo‘ygin. Tur, yugur...
Joylashgan o‘rnidan sakrab turgan yigitcha bir bo‘lak nonni cho‘ntagiga urib, eshikka yo‘naldi.
— Menga qara, o‘zing tanimagan odamlarnikiga ham kirib chiqaver, hammadan “Uyingizda xurmo bormi? O‘zimiz terib, ko‘tara narxda olamiz”, deb so‘rayver. Ketishingda “Boshqa sotiladigan narsalar ham bormi, eski-tuskilarni ham sotib olaveramiz” degin, — tayinladi. — Pul topishni uyati yo‘q, ha, boraqol endi.
— Boraqol, kech bo‘ldi deb yugurib uyga kirvolmagin, boshqa mahallarga ham bor, — aql o‘rgatishda davom etdi onasi.
O‘smir yigitcha dasturxondagi uzumdan bir bosh olib ko‘chaga yugurdi.
— Ha, nafsingdan osilgur, — koyib qoldi onasi orqasidan. Yigitcha esa hiringlab kulgancha “pul topgani” yugurib ketdi.
Yigitcha ketgach, uyda mehmon borligi mezbonlarning esiga tushdi shekilli, ikkalasi ham menga o‘girilishdi:
— Qani, ovqatga qaranglar, sovib qolgandir.
Ishtaham yo‘qolganidan mastavaga qoshiqni solib bir-ikki aylantirdim. Hammaning boshi kosaga egilgani sabab xonada faqat qoshiqning shaqillagani eshitilardi. Uch yoshlardagi bolakay o‘zining mushtidan qizargan yuzini ishqab-ishqab qo‘ygancha ovqatini sho‘rillatib ichar. Dugonam va eri xuddi bir joyga kechikayotgandek shoshib-pishib ovqatlanishardi. Faqat soyaga o‘xshagan qizining ovozi eshitilmasdi.
Birinchi bo‘lib ovqatlanib, ortidan kekirib olgan uy egasi xuddi hukmfarmolardek oila a’zolariga bepisand nazar tashladi va:
— O‘zlaring ham o‘lgudek ochqolibsizlar-da, kallalaringni oxurdan ko‘tara olmay qoldinglar, — dedi ishshayib
Keyin o‘zining hazili o‘ziga nash’a qilib xoxolab kuldi.
Birozdan so‘ng opasining etagiga osilib oshxonaga yo‘l olgan kichik o‘g‘lini oyog‘idan ushlab olib sudray boshladi.
Bolakay har qimirlaganda opasining qo‘lidagi kosalardan ovqat yuqi sachrar, ota esa “O‘g‘iltoy menga boks ko‘rsating” deb qiyqirar, dugonam esa qiqirlab kulardi... Bolakayni opasining etagidan ajratib olib, “Sen bor idishlaringni yuvaver” deb qiziga javob berib yuborgach, menga yuzlandi:
— Xudo xohlasa, bolalarni o‘qitamiz, — dedi og‘zidan chiqqan gapi hozirning o‘zidayoq amalga oshgandek gerdayib. — Ko‘rayapsiz, o‘g‘illar bo‘ladigan, bittasi pul topishning ming xil yo‘lini biladi, ikkinchisi bokschi bo‘lmoqchi... Tarbiya zo‘r-da, tarbiya zo‘r!
Bolasini big‘illatib boks qildirayotgan ota, uning qilig‘iga qotib-qotib kulayotgan ona, bir qo‘lida non, birida uzum bilan hovlima-hovli yurgan o‘spirin, bu uyda faqat soyasi yashaydigan qiz...
Tuni bilan aloq-chaloq tushlar ko‘rib uxlolmay chiqdim, tong otar-otmas “Poezdga kech qolaman”, deb xayrlashib ko‘chaga chiqdimu toza havodan to‘yib-to‘yib nafas oldim.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.