OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Majnuntollar yashirgan sir (hikoya)

Xalqaro tanlovda yuqori o‘rinni olib qaytgan mashhur rassomdan nega faqat majnuntollarni chizasiz, deb so‘radim. U esa dardlarini gapirib berdi…
— Qishlog‘imizdagi majnuntollar qator o‘sadigan soy bo‘yini yaxshi ko‘rardim. Yozda daraxtlar shunaqa quyuq tortardiki, majnuntol novdalari orasida bemalol yashirinib o‘tirish mumkin edi. Daraxtlarning mayin barglarini yuzimga bosib o‘tirish eng yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotim bo‘lgan. Barglarning shitirlashiga suvning shildirashi qo‘shilib, ajib bir qo‘shiq taralardi. Tabiat qo‘shig‘i edi bu. Hech qanaqa fonogrammayu mikrofonsiz, tabiiy… Rasm chizish qobiliyati menda qaerdan paydo bo‘lganligini bilmayman, lekin qo‘limga qog‘oz tushdimi, surat chiza boshlardim. Bu odatim dadamga sira yoqmasdi, o‘g‘il bola mehnatga o‘rganishi kerak, oqbilakoyimlarga o‘xshab qog‘oz-qalam ko‘tarib yurmasdan, derdi. Oyim esa men chizgan suratlarga tikilib, xayol surib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi.
Bir kuni dadam ertalab shaharga yo‘l oldi menga esa bir dunyo ish topshirdi. Qo‘ylarni qirga olib chiqib boqib kelishim kerak edi. Dadamning aytishicha, qo‘ylarning oyog‘ining chigalini yozib turish kerak emish. Lekin mening ko‘nglimdagi gaplar qiziqtirmasdi, dadamni. Qog‘oz qalamlarimni ko‘tarib qo‘ylarning ortidan yugurdim. Tepalik ustiga chiqib pastda shaldirayotgan majnuntolzor soyga tikildim. Kutilmaganda bir yigit shoshib majnuntolzor orasiga kirib ketdi, saldan keyin bir qiz ham atrofga alanglay-alanglay o‘zini daraxtzorga urdi. Bu joy menga tegishli desam, egalari chiqib qoldi-ku! Ularni kuzataman, deb kech bo‘lganini sezmay qolibman, bir payt «shi-i-g‘» etgan xivchinning ovozidan va yelkamning achishganidan seskanib kedim. Sakrab turib qarasam, otam ko‘zlari qonga to‘lib tepamda turibdi. O‘zimni o‘nglashga ulgurmay, bo‘ynim aralash xivchin ketma-ket tusha boshladi. Qo‘rqqanimdan boshimni qo‘llarim bilan changallab, o‘tirib oldim. Qochganimdan foyda yo‘q, chunki qochsam, dadam battar qutiradi… O‘sha xivchinning izlari tanamda hamon bor… yuragimdagisi ham ketmagan…
O‘sha kuni men majnuntollar yashirgan sirga mahliyo bo‘lib o‘tirganimda qo‘ylar o‘tlab ketganu, qo‘shni bolalar o‘zlarining podasiga qo‘shib, uyimizga olib borishibdi. Uyda katta janjal bo‘ldi. «Bolangni internatga topshirvoraman», dedi dadam. Onam esa yig‘lab-yolvordi. Keyin dadamning ko‘ngli joyiga tushsin deb, meni bir-ikki musht tushirib, qarg‘ab qo‘ydi.
Kechasi yelkam achishganidan ag‘anab zo‘rg‘a uxlaganimda onamning mehribon qo‘llari boshimni silaganidan uyg‘onib ketdim. Onam bechora duv-duv ko‘z yosh to‘kardi. Dadam ishga ketsa, men uchun bayram bo‘lardi. Menga topshirilgan ishlarni ham onamning o‘zi bajarar, men esa mazza qilib surat chizardim. Bir kuni tepalikda kun bo‘yi rasm chizdim va quvonib oyimga keltirib ko‘rsatdim. Suratda soy bo‘yidagi majnuntollar orasida yigitning yelkasiga boshini qo‘ygancha o‘tirgan qiz tasvirlangandi. Uni ko‘rib oyim seskanib ketdi.
— Kim bu? Sen bola nimalar qilib yuribsan?
— Bilmayman…
— Bilmasang qanday chizding? Malohatga o‘xshayaptimi? Voy, o‘lmasam, raisning o‘g‘limi?..
Oyimning vajohatidan yomon ish qilib qo‘yganimni tushundim. Endi sevishganlarni  himoya qilishim kerak edi. Oyim buni hech kim ko‘rmasin, deb taxmonning orasiga yashirib qo‘ydi.
Ertasiga kechga tomon yana qir ustiga chiqdim. Tanishlarimni kuta boshladim. Birinchi bo‘lib yigit keldi, birozdan keyin qiz… Ularning endigina kurtak chiqarayotgan majnuntollar shoxi orasida turishini tomosha qilib o‘tirdim. Endi bu mening sirimga aylandi. Lekin bir kun qancha kutmay yigit bilan qiz kelmadi. Anchagacha kutib uyga qaytdim. Qishloqda negadir  g‘ala-g‘ovur… Hech urishmaydigan oyim negadir meni ko‘rgani zahoti yuzimga tarsaki tortib yubordi.
— Quribgina ketkur!
O‘sha kuni oyim qo‘shni xotinga nimadir olib beraman, deb taxmonni buzgan va haligi surat uchib tushgan. Uni ko‘rgan qo‘shni xotin «voy bu Qudrat akaning qizi Malohat-ku», deb yuboradi. Oyim qo‘shnidan bu gapni hech kimga aytmaslikni o‘tinib so‘raydi, lekin…
Bu gap yashin tezligida tarqaladi. Raisning xotini ayollarga bu qizni hech qachon o‘g‘limga olib bermayman, deydi. Gap-so‘zlarni ko‘tarolmagan Malohatning otasi qizini o‘lgudek kaltaklaydi… Qiz esa o‘zini osib qo‘yadi.
Shu kun bir umr ko‘z o‘ngimdan ketmasa kerak! Tumonat odam, qizning uyida yig‘i-sig‘i, qiyomat. Bi mahal ko‘chani changitib bir mashina shunaqa uchib keldiki, odamlar chetga o‘tishga zo‘rg‘a ulgurishdi. Undan yig‘layverib abgor bo‘lgan yigit otilib tushdi va o‘zini ichkariga urdi. Uning yo‘lini qizning otasi boshchiligidagi bir to‘da odam to‘smoqchi bo‘lishdi. Lekin hammani har tomonga uloqtirgan yigit vajohat bilan mayit qo‘yilgan xonaga otildi.
Qolgani menga qorong‘u… Qo‘rqqanimdan uyga yugurdim, cherdakka chiqib, yashirinib oldim. O‘sha kuni rosa yig‘ladim… «Axir ular hech qanaqa gunoh ish qilgani yo‘q-ku, men bilaman-ku,, — deb yig‘layman suratga termulib.  Shunchaki gaplashib o‘tirishardi xolos. Ularning ko‘zlaridagi muhabbat shunaqa chiroyli ediki, bir-birlariga termulishga ham uyalishardi. Qiz soyga qarab turganda, yigit unga termulib-termulib olardi. Yigit boshqa tomonga qaraganda esa qiz unga o‘g‘rincha nazar solardi…
Shu kuni tunda ota-onam meni rosa qidirishdi, cherdakdan tushmadim. Ertalab uxlab yotgan joyimdan  otam topib, olib tushdi.
Qishloqdan uzoqlarga bosh olib ketgim kelardi.
— Rasm chizishlaring boshingga balo bo‘ladi, demaganmidim?! — o‘shqirdi otam. Keyin bola tarbiyalashni bilmaslikda oyimni ayblab uzoq so‘kindi. Ammo bu gal meni urmadi. Balki ahvolimni ko‘rib, rahmi kelgandir.
— Oyijon, meni internatga topshiring, iltimos, — deb yig‘ladim, otam tinchlangach.
Shu kuni ota-onam anchagacha maslahatlashib o‘tirishdi. Ertasi kuni otam allaqayoqqa ketib, kech qaytdi. Ikki kundan keyin bir dunyo hujjatlar solingan papkani ko‘targan otam bilan kiyimlarim solingan sumkani yelkamga osib, shaharga keldik. Shahar menga umuman yoqmadi. Qishloqda osmon kengroq, daraxtlar ham yashilroq… Eng yomoni, shaharda majnuntollarga ko‘zim tushmadi.
Shu tarzda shaharda yashay boshladim. Faqat ta’til paytlari qishlog‘imga borardim. Ustozlarimning mendan umidi katta edi. Yuragimda o‘sha muhabbatni chizish, uni beg‘uborligicha odamlarga yetkazish istagi jo‘sh urardi. Ulg‘ayganim sayin meni vijdon azobi qiynardi. Ularning sevgisini men oshkor etdim. Sevishganlarni yot ko‘zlardan pana qilgan majnuntollarga ham xiyonat qildim. Ko‘nglimni azob kemirardi, men ularning suratini chizishim kerak! Lekin yuragim dov bermasdi. Bir kun kelib shu suratni chizishga tayyor bo‘lishimni sezardim, lekin qachon? O‘qishni tugatar yilim bahorgi ta’tilda qishloqqa bordim. Anchadan buyon so‘rolmay yurgan mavzu haqida oyimga gap boshladim.
— Oyi, raisning o‘g‘li hozir qaerda?..
Oyim menga yalt etib qaradi. Bu haqda gapirgisi kelmayotganligi sezilib turardi.
— Shaharda deyishadi… Uylanib, bola-chaqali bo‘lib ketgan, — biroz o‘ylanib turgach, davom etdi: — Erkaklar o‘zi shunaqa… Sho‘rlik Malohatning juvonmarg bo‘lgani qoldi...
— Agar o‘sha suratni chizmaganimda….
— Unaqa dema bolam, raisning xotini «o‘lmaganida ham baribir uni kelin qilmasdim», degan…
Hayotning achchiq haqiqatlariga ishongim kelmasdi. Men uchun u muhabbat baribir eng samimiy edi. Raisning o‘g‘li hamon muhabbatini unutmaganiga ishongim kelardi.
Oyimga o‘rtoqlarim bilan uchrashaman, deb chiqdim-u, lekin oyoqlarim soy tomon boshladi. Shuncha yildan buyon birinchi marta majnuntollar tagiga kelishga o‘zimda kuch topdim. Soyning sharqirashiga quloq tutib, endi kurtak chiqarayotgan novdalarga termulib tursam, orqamdan qadam tovushlari eshitildi. O‘girildim. Ortimda raisning o‘g‘li menga qarab turardi! O‘sha-o‘sha — nigohlari mag‘rur… faqat sochlari oppoq.
Demak, muhabbatini unutmagan! Xayolimdan o‘tgan birinchi gap shu bo‘ldi.
Ikkalamiz ham so‘zsiz qotib turaverdik. Men hozir har qanday haqoratni eshitishga tayyor edim. Lekin u indamay sigaret tutatgancha soyga tikilib turdi.
— O‘sha suratni asrab qo‘ygan ekansan, menga berolasanmi? — dedi anchadan keyin. Ovozi dardli edi.
— Mayli, — dedim.
«Rahmat», dedi u va manzilimni so‘ragach, indamay qaytib ketdi.
Bayramni o‘tkazib tezroq shaharga qaytgim keldi. Qaytganim zahoti ko‘nglimda shakllanib bo‘lgan suratni xolstga tushira boshladim. Shunaqa tez ishlabmanki, hech bir suratimni bunchalik g‘ayrat bilan chizmaganman. Ikki kunda surat tayyor bo‘ldi. Xuddi xayolimdagidek: Sharqirab oqayotgan soy bo‘yida sochlari majnuntol novdalariga qo‘shilib ketgan suluv qiz chiroyli ko‘zlarini soyga tikkancha turibdi. Ko‘zlarida faqat o‘n yetti yoshda bo‘ladigan beg‘ubor muhabbat. Alpqomat yigit esa novdalarni xuddi uning sochlarini silagandek mehr bilan silab ko‘zlarini qizdan uzmaydi. Sharqiragan soyda yigitning soyasi to‘lqinlanyapti. Lekin qizning soyasi yo‘q…
Bir haftadan keyin raisning o‘g‘li maktabim ostonasida meni mashinasida kutib turardi. Unga avval bolalikdagi qoralamamni, keyin esa ular muhabbatining mening xayolimda yaralgan tasvirini topshirdim. U to‘lqinlanib ketganini sezdirmaslik uchun yo‘talib qo‘ydi.
— Meni kechiring… — dedim suratni uzata turib. Bu gapni aytishni necha yildan buyon orzu qilardim.
U hammasi joyida degandek siniq jilmayib qo‘ydi. Eshitilar-eshitilmas «rahmat» dedi-yu, ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun mashinasini uchirib ketdi.
Hanuz suratlarimda mayda o‘rilgan sochlari majnuntol navdalariga qo‘shilib ketgan sohibjamolni chizaman…

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.