OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Muhabbat chorrahasida (hikoya)

Botir Layloning turmushga chiqayotganini eshitgan kundan buyon hayot ko‘ziga qorong‘u. Xonasidan chiqmaydi. Bugun Layloning o‘rtog‘i, prodyuseri Sabina qo‘ng‘iroq qilib, kechqurun xizmat borligini aytganda ham o‘rnidan turmadi.
— To‘y bor, nozik odam...
— Borolmayman, tobim yo‘q, — dedi tundlik bilan Botir.
— Nimalar deyapsan? Apparatlarni kim o‘rnatadi. To‘y egasi faqat jonli ijro bo‘lsin degan! Laylo bir o‘zi eplolmaydi-ku!
— Bilmadim... — Layloning ismi unga sehrdek ta’sir qilardi. — Borolmasam kerak... — dedi biroz yumshab.
Ko‘p o‘tmay eshik jiringladi. Kim bilandir so‘rashgan onasining ovozi eshitildi: — Botir, Sabina keldi...
Botir uf tortgancha boshini ko‘rpaga o‘radi.
— Xuddi qirq yillik kasalga o‘xshab yotishini qaranglar buni, — dedi Sabina Botirning xonasiga kira solib. O‘rnidan turib o‘tirgan Botirning rostdan ham rangi ro‘yi bir ahvoldaligini ko‘rgach esa ahvol jiddiyligini tushundi.
— Laylo turmushga chiqayotganini eshitganidan buyon ahvol shu... — shivirladi onaizor o‘g‘liga achinib.
Sabinaning ham yuragi achishdi. Ular Laylo va Botir bilan bitta musiqa maktabida o‘qishgan. Maktabni tugatib, bitta jamoa bo‘lib ijod qilishyapti. Layloning dadasi tadbirkor bo‘lgani, puli va tanish-bilishlari ko‘pligi uchun unga qo‘shiq yozish muammo bo‘lmasdi. Sabinaning ovozi yaxshiroq bo‘lgani bilan uning qo‘shiq yozish studiyalariga to‘lashga puli yo‘q. Botirning ham otasi quruvchi, katta oilaning uchinchi farzandi.
Lekin maktab davrida ko‘ngillarga qo‘ngan muhabbat ikki oila o‘rtasidagi bu farqni nazariga ilmasdi. Beg‘ubor muhabbatga o‘smirlarcha soddalik bilan ishongan Botir Layloni boshqaga turmushga chiqishini xayoliga ham keltira olmasdi. O‘qish tugab birga ishlay boshlashgach esa bu ishonch yanada oshgandi. Chunki u ham endi oddiy odam emas, kimsan qo‘shiqchi Layloning ma’muri!
Ikki yoshning munosabatlarini do‘stona deb o‘ylagani sabab birga yurishlariga qarshilik qilmagan (qizi tadbirlardan yolg‘iz qaytgandan ko‘ra Botir olib kelib qo‘ygani tinchroq deb o‘ylardi) Layloning dadasi bir kuni qizi va xotinini yoniga olib badavlat bir tadbirkor bilan quda bo‘lish niyati borligini aytganda Layloning ustidan sovuq suv quyilgandek bo‘ldi.
Nima qilishni bilmay boshi qotgan Laylo dardini Sabinaga aytdi.
 Bugun Sabinaning Botirning tobi yo‘qligini eshitishi bilan unikiga yugurib kelishiga sabub ham shu edi.
— To‘g‘risini ayt, kimdan eshitding? — so‘radi Sabina Botirning onasi chiqib ketgach.
— Nima farqi bor? — og‘ir xo‘rsindi Botir. U qattiq kuyinganidan ko‘z osti qorayib, rangi so‘lib qolgandi. Do‘stining ezilayotganini ko‘rgan Sabinaning ko‘ziga yosh keldi. Uning Botirga mehri bo‘lakcha, bu oqqo‘ngil, dilkash yigitni chorasiz holda ko‘rish uning uchun ham og‘ir edi.
— Bunday o‘tiravermay, muhabbating uchun kurashsang bo‘lmaydimi? — dedi u nima deyishni bilmay.
Botir siniq jilmaydi:
— Kim bilan kurashaman? Layloning dadasi bilanmi? Nimam bilan qarshi turaman? Qashshoqligim bilanmi?
Sabinaning tili tutildi. Hayotning nohaqliklariga ilk bora duch kelayotgan, bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligini bilmaydigan yosh va tajribasiz qalblar to‘g‘yon qilishdan boshqasiga yaramasdi. Alamdan Sabinaning ko‘zi yoshga to‘ldi. U shart o‘rnidan turib xonadan chiqib ketdi.

***

— Botirning ahvolini bir ko‘rsang edi... — dedi Sabina Layloning yuragini battar o‘rtab.
U ayriliqqa chidolmaydi. Necha yildan buyon senga ko‘ngil qo‘yganini, ishonganini bilasan-ku. Oilasi boy emasligini ham bilarding, nima qilarding bola bechoraga umid berib?..
— Shunday bo‘lishini qayoqdan bilibman? Dadam... dadam opamga ham xuddi shunday qilgandilar. Sevganiga bermay, mana, baxtsiz qildilar... Endi navbat menga keldi.
— Bechora Botir...
Laylo xonada asabiy aylana boshladi.
— Nega? Nega men ham opamning taqdirini takrorlashim kerak? Rostdan ham Botir mening boshqaga turmushga chiqqanimni ko‘tara olmaydi. Bechora... — u yoqdan bu yoqqa yuraverib charchadi shekilli o‘zini kresloga tashladi.
— Menga qara, istasang, men onang bilan gaplashib ko‘raman... — xayoliga kelgan fikrdan quvonib so‘radi Sabina.
— Foydasi bo‘ladi deb o‘ylaysanmi? — Layloning ko‘nglida ham umid paydo bo‘ldi.
— Balki...
Sabina dugonasi bilan gapni bir joyga qo‘yib uning onasi bilan gaplashgani chiqib ketdi.
— Voy, jinni bo‘ldingmi, Sabina? — xuddi Botir Layloni hoziroq olib chiqib ketadigandek sapchib tushdi Zuhra opa. — dadasi eshitsa, naq o‘ldiradi-ya!
— Nega axir, Zuhra opa? Botir tuppa-tuzuk yigit bo‘lsa, Layloni yaxshi ko‘rsa...
— E-e, yaxshi ko‘rish yoshlikda qolib ketadi. Qo‘y, bu gapni bir aytding ikkinchi aytma. Axir o‘zing bir o‘ylab ko‘r, biz u quruvchining oilasi bilan qanday quda bo‘lishimiz mumkin? Tavba qildim-ey, yo‘q! Dadasi kimga desa o‘shanga tegadi, tamom!
Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytgan Sabinani ko‘rib Laylo nima bo‘lganini tushundi.
— Menga qara, bechora Botirga SMS yozib qo‘ygin hech bo‘lmasa, har nima ko‘ngli ko‘tariladi.
Laylo dugonasining aytganini qildi.
 Tanish raqamlardan xabar kelganini ko‘rgan Botirning tomog‘iga nimadir tiqilgandek bo‘ldi.
Quruqqina yozilgan xatni oqlash uchun mingta bahona o‘ylab topdi: “Ko‘nglini butkul ochishga tortingan. Yozdi-ku! Demak sevarkan!”
“... ota-onang qaroriga qarshi borolmaysan bilaman, men uchun asosiysi sen baxtli bo‘lsang bo‘ldi. Muhabbat chorrahasida yo‘llarimiz kesishmadi... Endi baxtliligingni eshitib, o‘lishga ham roziman, chunki sensiz menga baxt yo‘q ”. Uzundan uzun maktubini shunday deb yakunlarkan, muhabbatidan ayrilayotganini sezib muzga aylangan yuragi erib, ko‘z yoshlari yuzini yuvdi.
Botirdan kelgan javob xatini o‘qiyotib Laylodan oldin Sabina yig‘lab yubordi. U Botirning baxtsizligiga sira toqat qila olmayotgandi.
 Kechqurun Laylo bilan dadasi o‘rtasida jiddiy va keskin suhbat bo‘ldi.
— Ikki qulog‘inggga ham quyib ol, men ular bilan quda bo‘lmayman! Bunday sharmandalikni ko‘tar olmayman!
Dadasi Botirni kamsitganiga mardona chidagan Laylo har bir so‘zni tishidan sug‘urib olgandek shivirladi:
— Ikkinchi qizingiz ham baxtsiz bo‘lishini-chi, buni ko‘tara olasizmi?
Layloning dadasi o‘q yegandek titrab ketdi, rangi oqardi. Laylo uning og‘riqli joyiga urgandi.
— Shunaqami? — dedi dadasi unga qattiq tikilib. Hech kimdan kam qilmay o‘stirgan, o‘qitgan, ijod qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratgan erka qizidan bu qadar andishasizlikni kutmagandi. — Unda... Unda o‘sha yalangoyoq bilan qanday yashasang, yasha. Mendan orzu-havasing uchun hech narsa so‘rama.
— Menga hech narsa kerak emas!
Onasi yig‘ladi, dadasi esa ranjidi lekin Laylo fikridan qaytmadi. Aksincha tanish-bilishlarining oldida obro‘si yanada oshganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Chunki u muhabbatini hamma narsadan ustun qo‘yib, ota-onasining qarshiligiga qaramay oddiy oiladan bo‘lgan yigitga turmushga chiqayotgani hammaning og‘zida duv-duv gap bo‘lgandi.
 Botirning nazarida esa Laylo ertakdagi mard, himmatli malikaga aylandi.
To‘ydan oldin zir yugurib, hovli-joyni ta’mirladi, ota-onasiyu, opa-singillarining qulog‘iga Laylo bilan qanday muomila qilish lozimligini quydi.
Yoshlar to‘lqinlanib kutgan to‘y kuni ham keldi. Botirning do‘stlari ham qarab turishmadi, go‘zal kelinni obro‘siga mos kutib olishga harakat qilishdi. Kuyovjo‘ralar qo‘lidan kelguncha yordam bergisi, to‘y uchun hammadan ko‘proq hissa qo‘shgisi, kelinning nazariga tushgisi kelardi. Mashinalarning eng zo‘ri tanlandi, to‘yxonaning eng yaxshisi band qilindi, shaharning eng mashhur saylgohlariga sayr qilindi... Hamma ikki yoshga birgalikda baxtli bo‘lishni tiladi. To‘y mahallada duv-duv gap bo‘ldi. Lekin to‘yga Layloning dadasi kelmadi.
Sabina ham bu to‘yda kelin-kuyovdan kam quvonmadi. Ayniqsa, Botirning sevinganini ko‘rib, ko‘ngli xotirjam tortdi. Do‘stini baxtli ko‘rish hammasidan yoqimli edi.
“Baribir Botir menga uylanmasdi, shunday ekan uning baxtli bo‘lishi uchun qo‘limdan kelganini qildim”. Sabina ko‘nglining tub-tubidan aks-sado bergandek yangragan bu fikrdan seskanib ketdi...
 Laylo yangi oilasiga tez moslashdi, ko‘ziga qarab turadigan qaynonasi, qo‘lini sovuq suvga urdirmaydigan chaqqon qaynsingillari, boshiga ko‘tarib yurishga tayyor turmush o‘rtog‘ini yaxshi ko‘rar, sevgan mashg‘uloti bilan shug‘ullanishiga hech kim to‘sqinlik qilmasdi.
Botir ham o‘z muhabbatiga yetishganidan, orzulari sarobga aylanmaganidan minnatdor.
 Biror haftalar o‘tgach, bu hovlidagi sharoit o‘z uyidagidan keskin farq qilishi Layloga sezila boshlandi. Ikki haftalardan keyin esa Turkiyadan yangi mollar olib kelgan dugonasi chaqirganda bora olmagani alam qildi.
 Bir oy o‘tgach, xolasining qizi turmushga chiqayotganini aytib to‘yxat tashlab ketdi. So‘nggi urfda kiyingan xolasining qizi, chorpoyadagi rangi uniqqanroq ko‘rpachaga ijirg‘anib o‘tirgani va atrofga hayrat bilan tikilganini ko‘rib ich-ichidan ezildi. To‘y qaynotasining tug‘ilgan kuni bilan bir kunga to‘g‘ri kelgani Layloni to‘xtatib qololmadi.
— Xolamning qizini to‘yiga bormasam bo‘lmaydi, tug‘ilgan kunni mensiz o‘tkaza qolinglar, — dedi u Botirga erkalanib.
Botir yo‘q deya olarmidi. Tug‘ilgan kun Laylosiz ham o‘tdiyu, lekin Botir ota-onasining aybdorona tikilib turgan nigohlariga qaray olmadi.
O‘sha kuni Laylo to‘ydan kech qaytdi. Biroz kayfi ham bor edi.
— Shunaqa zo‘r to‘y bo‘ldiki... ta’rifiga til ojiz. To‘yxonaga kelin-kuyovning bo‘yi barobar tort olib kelishdi, salyutlar otildi, kuyov hammaning oldida brilliant ko‘zli uzukni klinga taqib qo‘ydi... — Laylo xonani gir aylanib to‘yni maqtar, unga sari Botir o‘tirgan yerida yerga kirib borayotgandek bo‘lardi. Kutilmaganda Laylo ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
— Qanday baxtli kelin-kuyov...
 Uxlab qolgan xotinining boshida xayol surib o‘tirgan Botirning ko‘nglini turli noxush xayollar timdalardi. “U boshqacha hayotga o‘rgangan. Men bilan baxtsiz...”
Ertalab oftob yoyilib bo‘lgach uyg‘ongan Laylo tuni bilan uxlamay, tongga yaqin kresloda uxlab qolgan eriga va chog‘roqqina xonasiga ko‘z yugurtirib, yuragi uvishdi. “Men boshqacha hayotga o‘rganganman...”.

 ***

Laylo, Botir, Sabina oldingidek bir jamoa bo‘lib ishlashar lekin munosabatlar ilgarigidek emasdi. Botir kamsuqum, asabiy, Laylo esa izzattalab, sal gapga yig‘laydigan bo‘lib qolgan. Ikki do‘stining baxtini ko‘raman deb o‘ylagan Sabina esa ularning munosabatlaridan hayron. Oiladagi yetishmovchiliklar, ro‘zg‘ordagi kamxarjlik kundan kunga Layloni g‘ashiga tegib borar, Botirni esa battar ezilishiga sabab bo‘lardi.
Bir kuni to‘yga xizmatga borishganda arzimagan gap sabab Botirni jerkib tashlagan Laylo yugurgancha sahnaga chiqib ketdi. Xotinining odamlar oldida qilgan muomilasidan ko‘ngli og‘rigan Botir ko‘chaga shoshildi. Birozdan keyin ortidan chiqqan Sabina Botir osmonga qaragancha sigaret tutatib turganini ko‘rdi. Ko‘zidagi yoshlar yuziga oqmasligi uchun boshini baland ko‘tarib turganini tushungan Sabina Botirning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
— Nega baxtsizman, Sabin? — osmondan ko‘z uzmay so‘radi Botir. — Unga uylansam baxtli bo‘laman deb o‘ylagandim-ku.
— Bilmadim... Ikkalangizni ham tushuna olmayapman. Iltimos, uni tushunishga harakat qilgin, og‘irroq bo‘lgin. Sekin-asta o‘rganib ketadi...
Botir ma’qul degandek bosh siltadi.
Ikkala do‘stiga ham chin dildan achingan Sabina ko‘nglida yana aks-sado bergan o‘sha ovozdan seskanib ketdi: “Ba’zilarning taqdiri muhabbat dardida kuyish. Boshqacha bo‘lsa baxtli bo‘la olishmaydi. Ular-ku nima istashayotganini o‘zlari ham tushunmadi, sen-chi? Ularning hayotiga aralashishdan maqsading nima?”.
Sabina xavotirlanib yalt etib Botirga qaradi. Botir uning ko‘nglidan o‘tgan gaplarni eshitmadi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.