OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Poyezddan uloqtirilgan mehmon (hikoya)

Bizning qishloq boshqa qishloqlarga o‘xshamaydi. Nega deysizmi? Chunki dashtni kesib, avval temir yo‘l qurilgan, keyin kichkina stantsiya. Shundan keyingina stantsiya ishchilari va boshqalar ko‘chib kelib qishloq paydo qilishgan.
Dashtning o‘rtasida paydo bo‘lgan, qrim-tatar, tojik, o‘zbeklar yashaydigan qishloqda dunyoga kelganman. Biz bolalarning ermagi tinmay o‘tib-qaytadigan poezdlar edi. Qaldirg‘ochlarga o‘xshab yo‘l bo‘yida tizilib turib, poezdda ketayotganlarga qo‘l siltardik. Vagondagi odamlar biz uchun xuddi boshqa bir olamdek tuyilardi. Xamma poezdlar ham bizning stantsiyada to‘xtamasdi. Chunki stantsiyamiz kichkinagina edi. Temiryo‘l poezdidan boshqa narsani ko‘rmagan bolalarning orzusi ham shunga yarasha bo‘ladi. Men katta bo‘lsam, albatta, poezd haydovchi bo‘laman, deb orzu qilardim. Menimcha, qishlog‘imizdagi bolalarning barchasi shuni orzu qilgan. Balki rostdan ham parovoz haydovchisi bo‘larmidim... Agar u bo‘lmaganida. U qishlog‘imizda yozda chaqqan chaqmoqdek hammani hayratga solib paydo bo‘ldi va qishlog‘imizning hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi.
Odatimizga ko‘ra, bolalar kechki poezdni kuzatib turibmiz. Stantsiya yonidan tezligini biroz paysaytirib o‘tib borayotgan poezdning oxirgi vagoni eshigi kutilmaganda sharaqlab ochildi va nimanidir gursillatib uloqtirishdi. Hammamiz dumalab ketgan narsaning ortidan yugurdik. Yuz-ko‘zi qonga belangan kishi dumalay-dumalay ariqqa tushib ketdi. Bizning shovqinimizni eshitib, stantsiya navbatchisi yugurib keldi. Oyoq ostida o‘ralashayotgan biz bolalarni darrov haydab solishdi. Uni esa qishlog‘imizning tabibi Sofa buvinikiga olib ketishdi. Ikki kun davomida uni ko‘rish uchun Sofa buvining panjaralariga osilsak-da, afsuski, hech nimani ko‘rolmasdik. Keyin uyda kattalardan eshitgan gaplarimizning bittasiga o‘nta qo‘shib, bir-birimizga yetkazishni boshladik. Poezddan uloqtirilgan mehmon bir kun dunyodagi eng katta o‘g‘ri bo‘lsa, ertasga chet ellik ayg‘oqchiga aylanardi...
O‘n kunlardan keyin o‘ziga kelgan mehmon kimligini ham qaerdanligini eslolmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Hatto ismini ham bilmas edi! Shundan keyin Sofa buvi uni Allohning ixtiyori bilan bizning qishloqqa kelib qoldi, ismi Ixtiyor bo‘lsin dedi. Sekin-sekin o‘ziga kelgan Ixtiyor aka juda kelishgan, baquvvat yigit edi. Bir kuni qishlog‘imiz oqsoqoli u haqda hukumat idorasiga xabar berish kerak, deb qoldi. Lekin Ixtiyor aka negadir qo‘rqib ketdi va uni qishloqdan haydamasliklarini o‘tinib so‘radi. Qolaversa, Sofa buvining gapini qishloqda hech kim ikki qilolmasdi. Buvining bolalari uzoq shaharlarga ko‘chib ketishgan, kampir yolg‘iz yashardi. Bir kuni Ixtiyor aka Sofa opaga aytayotgan gaplarini eshitib qoldim:
— Hatto ismimni ham bilmayman, lekin yuragimda qo‘rquv bor. Xotiraning o‘chishi faqat miyaga ta’sir qilarkan, yurakka esa ta’sirini o‘tkaza olmas ekan... Qattiq qo‘raqaman, lekin kimdan qurqayotganligimni bilmayman, oldin nima ish qilganimni bilmayman-u, lekin qandaydir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanganimni sezib turibman. Tuzalganim sayin g‘ayratim ichimga sig‘mayapti...
— Xudoning qudrati bu bolam, ko‘ngling tortgan ishlarni qilib turgin-chi, balki kimligingni ham eslab qolarsan. Seni tanimayman, lekin yomon odam bo‘lmaganingni sezib turibman... Kim seni bu ahvolga soldi ekan-a...
Ixtiyor aka kelib farzandlari ko‘chib ketgan Sofa buvining hovlisi yashnab ketdi. U ertadan kechgacha tomorqada ishlar, vaqt topib qo‘shnilarga ham yordam berardi. Shunday paytlar demak, dehqon bo‘lgan ekanman, derdi. Lekin qishloq odamiga o‘xshamasdi u. Qishloq bolalari  bilan ham tiltopishib tezda do‘stlashdi. Uning har tong chiqib qishloqni aylanib yugurishi biz uchun ham odatga aylandi. Daraxtlarga turnik yasab har kuni mashq qilardi. Bolalarning sportga qiziqib qolganini ko‘rgan oqsoqol, qishloq chetini stadionga aylantirishni maslahat berdi. Shundan keyin o‘zimizning qo‘lbola stadionimizda har kuni mashg‘ulotlar o‘tkazadigan bo‘ldik. Ixtiyor aka bizga boksdan saboq berardi. Shaharga tushganlarga qo‘lqop va qoplar buyurtirib jiddiy shug‘ullanadigan bo‘ldik. Dadam bu bola bokschi bo‘lgan shekilli, deb qoldi bir kuni. Chunki xotirasi yo‘q bo‘lsa-da, taktikasini bilardi. Ba’zan o‘zining harakatlaridan o‘zi hayron qolardi.
Ko‘p o‘tmay yoz tugab, biz bolalarga maktab boshlandi. Maktabimiz uzoq bo‘lgani uchun uch kilometr yurish kerak, sovuq kunlarda esa maktabga bormasdik. Ixtiyor aka buning ham yo‘lini topdi. Qishloq ahli bilan maslahatlashib, bolalar uchun eshak-arava ajratdi va har kuni bizni maktabga olib borib qo‘yadigan bo‘ldi. Mazza edi o‘shanda! Bir arava bo‘lib shaxsiy aravamizda yana shaxsiy aravakashimiz bilan maktabga borib-kelamiz! Boshqa qishloqdagilar ham bizdan o‘rnak olib shu usulni yo‘lga qo‘yishdi. O‘qituvchilar kam bo‘lgani uchun maktabimizda jismoniy tarbiya darsi umuman bo‘lmasdi. Qolaversa, direktorimiz qishloq bolasi uchun bu darsning hojati yo‘q, derdi. Lekin Sofa opaning o‘g‘li shu fandan dars berishi mumkinligini eshitib uni ishga oldi. Shunday qilib maktabni tugatgunimizcha Ixtiyor aka qishlog‘imiz yigitlarini haqiqiy bokschi qilib tarbiyaladi. Maktabimiz sakkizinchi sinfgacha bo‘lgani uchun, o‘qishni davom ettirishni istaganlar tuman markazidagi maktabga borardi. Men ham shu maktabga yo‘l oldim.   
Yangi maktabimda jangariligim bilan barchaning nazariga tushdim. Jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz mening aniq harakatlarimni ko‘rib bir zum og‘zi ochilib turdi-da, keyin senga boksni kim o‘rgatgan, deb so‘radi. Mendek chekka qishloqdan chiqqan bolaning boksni mukammal bilishi uni hayratga solgandi. Bir qarindoshimiz, deb javob berdim. Chunki Ixtiyor aka xotirasi tiklanmaguncha u haqda hech qaerda gapirmaslikni iltimos qilgandi.
 Yangi o‘qituvchim Sohib aka sen jiddiy shug‘ullansang, ko‘p narsaga erishasan dedi va meni viloyatdagi sport maktabiga olib bordi. U yerda ham taktikamga qoyil qolishdi. O‘sha yili o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada g‘olib bo‘ldim. Viloyat rahbarlari menga qiziqib qolishganini aytishdi. Biz tomonlardan ham chempionlar chiqsin, shu bolaga alohida e’tibor beringlar debdi obkom bobo. Quvonchimni bo‘lishish uchun qishlog‘imga shoshildim.
— Ixtiyor aka, keyingi musobaqalarimga siz ham boring, axir hammasi siz tufayli-ku.
— Bularning bari o‘zingning mehnating tufayli... — dedi Ixtiyor aka ko‘zlarini uzoqlarga ma’nosiz tikkancha. Kayfiyati bo‘lmasa yoki boshi og‘risa u doim g‘alati bo‘lib qolardi. Shunday paytlarda uni yolg‘iz qoldirishga qo‘rqardim. Chunki bir marta boshini devorga urib-urib yig‘laganini ko‘rganman.
Endi boks mening hayotimga aylandi, avval, viloyat keyin respublika... Jismoniy tarbiya institutiga imtihonsiz qabul qilindim. Endi ko‘nglimdagi ishni amalga oshirsam bo‘lardi. Men sportga aloqasi bor kishidan izsiz yo‘qolgan bokschi bo‘lganmi, deb surishtirishni dilimga tugib qo‘ygandim.
 Bir kuni bizning mashg‘ulotlarni dekanning o‘zi ko‘rmoqchiligini ma’lum qilishdi. Murabbiylarni uyaltirib qo‘ymaslik uchun jon-jahdimiz bilan mashq bajaryapmiz. Bir payt dekan meni diqqat bilan kuzatayotganini sezib qoldim. Mashq tugagach, imlab yoniga chaqirdi.
— Ustozing kim sening? — so‘radi u qovog‘ini solib. Men nimanidir xato qildim, deb o‘ylab biroz dovdiradim. — Bu taktikani senga kim o‘rgatgan? — so‘roqni davom ettirdi dekan o‘sha ohangda. Men institutdagi murabbiyimning ismini aytdim.
— Yo‘q, — dedi dekan keskin gapimni bo‘lib. — Bu uning taktikasi emas. Qaerliksan?
Men aytdim. Dekan qoshlarini chimirib o‘ylanib turdi-da, javobimdan ko‘ngli to‘lmadi shekilli, o‘ylangancha zaldan chiqib ketdi. Men esa tajjublanib qolaverdim. Shunda murabbiyim yonimga kelib, qo‘lini yelkamga tashladi:
— Dekanimiz ham bokschi bo‘lgan, hammaning usulini besh qo‘lidek biladi, — dedi. — Senikini kimgadir o‘xshatdi, shekilli…
Shunda ko‘zim yarq etib ochilgandek bo‘ldi. Mashg‘ulot tugamagan bo‘lsa-da, dekanning ortidan yugurib chiqib ketdim.
— Domla! — qichqirdim endi mashinasiga o‘tirayotgan dekanga yetib olib. — Sizga mening taktikalarim tanish tuyildimi? Bu kimning taktikasi edi?..
Birinchi kurs talabasining andishasizligi domlaga erish tuyildi shekilli:
— Hali darsingiz tugamadi, yigitcha, boring shug‘ullaning, — dedi qoshlarini chimirib.
— Iltimos, domla, ayting! Bir kishining taqdiri sizning gapingizga bog‘liq...
— Tushunmadim?!
— Menga boksni Ixtiyor aka o‘rgatgan, bu uning taktikasi... Asl ismini bilmayman, lekin iyagining o‘ng tomonida chandig‘i bor...
Dekanning ko‘zlari chaqnab ketgandek bo‘ldi. Keyin meni sudragidek bo‘lib xonasiga yetakladi va bir boshdan aytib berishimni buyurdi. U xuddi mendek hayajonlanayotgandi.
Men barcha-barchasini — yoz kechasida poezddan uloqtirilgan yigit va uning xotirasini yo‘qotgani-yu, qishloq bolalarini boksga mehr qo‘yishiga sababchi bo‘lganini gapirib berdim. Bir payt qarasam, dekanning ko‘zlari to‘la yosh u alamini olmoqchi bo‘lgandek nuqul sochlarini changallardi.
— Bu o‘sha… Bilgandim, uning tirikligini… Sezgandim.
— U k-kishi o‘g‘lingizmi?..
— Shunday desa ham bo‘ladi. U mening eng yaxshi shogirdim edi. Hech kimi yo‘q, bolalar uyida tarbiyalangan... Bishkekda bo‘ladigan musobaqaga ketgancha qaytib kelmagan. O‘shanda u bilan birga borolmagandim. Xayriyat, tirik ekan...
Shu kuniyoq dekanning mashinasida qishlog‘imizga yo‘l oldik.
Yulduzlar charaqlab turgan osmonga hissiz tikilgancha chorpoyada o‘tirgan Ixtiyor aka bizning kelganimizni sezmadi, ham.
— Dilshod... — sekingina aytilgan bu so‘z xuddi aks-sado bergandek eshitildi menga. Ixtiyor aka keskin o‘girildi. Keyin ikkilanib bir menga, bir dekanimizga qarab turib qoldi. Uning azoblanayotgani sezilib turardi. Og‘riqdan boshini changallab o‘tirib qoldi. Xotiralari birdan yog‘ilib kelmagan bo‘lsa-da, bu odam yuragiga yaqin odamligiga amin edi...
Dekanimiz Ixtiyor akani olib ketaman, deganda butun qishloq meni yomon ko‘rdi. U xuddi o‘z jigarimizdek bo‘lib qolgandi-da.
Shifokorlar nazorati ostida o‘ziga kelgan Ixtiyor aka o‘shanda vagon tamburida bezorilar bilan urishib qolgani, bokschi bolaga kuchi yetmagan daydilar yelkasidan pichoq urib boshiga butilka bilan urib, poezddan uloqtirishganini esladi… Sho‘rlik Ixtiyor aka kaltaklangani va pichoqdan jarohatlangani uchun  shuncha yil davomida o‘zini ashaddiy jinoyatchi bo‘lganman, deb o‘ylab, qiynalib yashagan ekan.
Hozir u kishi mening shaxsiy murabbiyim, «o‘zim chempion bo‘lolmaganman, seni albatta, chempion qilaman», deydi. Men ham ustozimning orzularini amalga oshirish niyatidaman.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.