OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. «Sevgilimning to‘yi kuni…» (hikoya)

Men baxtning boshqa tomonini topdim… Xuddi tanganing ikki tomoni bo‘lganidek baxtning ham ikki tomoni bor, ishoning, o‘z tajribamdan gapiryapman.
Men uni shunchalik sevardimki, hech qachon birga bo‘la olmasligimizni bilib ham sevardim… Unga unsiz termulib, go‘zalligi va shirin so‘zlariga mahliyo bo‘lib o‘tirardim. Shunday damlarda agar joningni ber desa, hech ikkilanmay bervorardim… Lekin u hech nima so‘ramasdi… Men esa uni qiynardim… Qaylig‘idan voz kechishini, menga turmushga chiqishini juda-juda xohlardim. U esa siniq jilmayib qo‘yishdan nariga o‘tmasdi. Avvaliga uni ayblardim.
— Qanday qilib o‘zing sevmagan odamga turmushga chiqasan… Senda yurak yo‘q, toshsan, — degan paytlarim ham bo‘lgan. O‘shanda unga qattiq ozor berayotganimni bilmasdim… Xudbinligimni boshqarolmay undan ko‘p narsa talab qilganman. Aslida, u menga hech nima va’da qilmagandi.
Faqat sizga ozor berishni istamayman, derdi. Lekin bu bilan jonimga yanada qattiqroq ozor berayotganini tushunmasdi. Muhabbatdan qiynalishga jon deb rozi bo‘lardim. Lekin u rozi emasdi.
Bir boshidan gapirib beradigan bo‘lsam, u bilan institutni tugatib, ishga kirganimda tanishganman. Direktor arizangizni yozavering, deb chiqarib yuborganda, kotibaning xonasida bir muddat kalovlanib turdim-da, kompyuterdan bosh ko‘tarmay nimalarnidir chiqillatayotgan qizga najot kutgandek qaradim.
— Qog‘ozingiz yo‘qmi?
— Qog‘oz kerakmi?
Bu gapni ikkalamiz bir paytda aytib, keyin kulib yubordik. Tezda ariza yozib, ertasi kuni ishga chiqadigan bo‘lib uyga qaytdim. Yo‘l bo‘yi o‘sha qiz xayolimdan ketmadi. Nimadan xursandligimni o‘zim ham bilmasdim, ishga kirganimdanmi yoki shunday chiroyli qizni uchratganimdanmi?..
Lekin birinchi ish kundanoq xayollarim tumandek tarqadi. U haqida hali hech bir ma’lumot yig‘ib ham, husniga to‘yib termilib ham ulgurmagandim… Qop-qora «inomarka» avtomobilda kelgan yigit uni mashinasiga o‘tqizdi-yu, olib ketdi… Ko‘nglim vayron bo‘lgancha qolaverdim…
Men bilan birga sigaret chekib turgan hamkasbim holatimni sezdi, shekilli:
— U fotihalangan… — dedi sigaretni chuqur-chuqur tortib. — Uydagilari qarindoshiga majburlab fotihalab qo‘yishgan…
Xayollarimni sezdirib quyganimdan xijolat bo‘ldim.
U esa fikrlarimni o‘qiyotgandek yana davom etdi:
— Ishga kelgan borki, uni sevib qoladi…
Madina haqida eshitganlarim shu bo‘ldi. Negadir ishlashga ishtiyoqim ham qolmadi. Har kuni uni kuzataman… Nafis, chiroyli, ba’zan mahzun, ba’zan quvnoq… Tuyg‘ularimni tizginlab olgan bo‘lsam-da, yuragimdagi umid o‘chmasdi. Axir hali to‘yi bo‘lmagan-ku! To‘g‘risi, uning qaylig‘i bilan raqobatlashishga mendek oddiy yigitga yo‘l bo‘lsin edi. Lekin ko‘ngil o‘lgur, ko‘nmasa qiyin ekan… Xayolimda uni boyvachcha yigitidan tortib olardim, keyin bir umr baxtli yashardik… Sekin-sekin u ham men bilan bemalol gaplashadigan bo‘ldi. Ikkalamiz bitta xonada o‘tiramiz, uning sarishta va ozodaliga juda havasim kelardi. Uyimni yashnatib yurishini xohlardim. Uyda to‘rtta o‘g‘ildan keyin tug‘ilgan yagona qiz bo‘lgani bilan erka-tantiq emasdi. Aksincha, ba’zan xomush tortib qoladigandek tuyilardi… Uning erkalanib, erkin gapirishlari juda yoqardi… U qanchalik meni o‘ziga yaqin olib gapirsa, shunchalik jonim azoblanardi.
Ishxonadagi yigit-qizlar yig‘ilsa, albatta gap muhabbat mavzusiga burilardi. Har gal «men muhabbatga ishonmayman», — derdim qaysarlik bilan. — «Qizlarga umuman ishonmaslik kerak, muhabbat to‘ydan keyin keladi».
U esa katta-katta ko‘zlarida hayrat bilan menga qarab qolardi.
— Hali sevib qolmagansiz-da… Bo‘lmasa unaqa demagan bo‘lardingiz, — derdi. Qaysarlik bilan gapimda turib olsam-da, ichimda «koshki edi sevib qolmaganimda», deb ezilardim. Uning boshqa qizlarga o‘xshamagan mayinligi meni kun sayin o‘ziga jalb etaverardi. Oxiri unga hazil aralash «Agar fotihalangan bo‘lmaganingizda sizni sevib qolardim» deydigan bo‘ldim. U esa odatdagidek jilmayib qo‘ya qolardi. «Nega taqdir uni menga asramagan, nega mendan oldin fotihalanib qo‘yishgan», degan savollar bilan o‘zimni qiynardim. U esa to‘yi yaqinlashgani sayin o‘z tashvishlari bilan ovora edi. Lekin boshqa qizlarga o‘xshab quvonib emas, balki, shunday qilish kerak bo‘lgani uchun qilayotgandek tuyilardi nazarimda. Bu qizdagi meni o‘ziga mahliyo qilgan siri nimadaligini bilolmay boshim qotardi. To‘yi yaqinlashgani sayin azobim ortib boraverdi. Endi uni yomon ko‘rib borardim. «Nega uchradi, yomon gapirib urishib bersa-chi», deb o‘ylardim. Ba’zan gap orasida uni jerkib berardim, goh qo‘pollik qilardim… U esa qo‘polligimdan ko‘zi yoshga to‘lsa-da, indamay qo‘ya qolardi.
Bir kuni 8-mart bayramida ishxona yaqinidagi kafeda xotin-qizlarga bayram qilib berdik. Rahbardan yashirib yigitlar oz-ozdan ichib oldik. Beixtiyor unga tikilib qoldim. Buning noto‘g‘riligini bilardim, lekin ixtiyorimga qarshi chiqqim kelmasdi. «Bugun bir ko‘nglimning amriga bo‘ysunsam bo‘ysunibman-da. Axir har kuni bechorani qafasga solaman», xayolimdan o‘tdi. Tushlik paytiga mo‘ljallangan bayram anchaga cho‘zildi, keyin ishxonaga qaytdik. Shunda birinchi marta unga tik qarab:
— Nega meni kutmay turmushga chiqib qo‘ydingiz-a? — dedim.
Gaplarimni har doimga hazillarimga yo‘yib, kulib qo‘ya qoldi.
— Kulmang, rost aytyapman… Men sizni yaxshi ko‘rib qolganman. O‘sha birinchi uchratgan kunimdan buyon yaxshi ko‘raman…
U menga hayrat bilan tikilib qoldi, keyin sekingina:
— Bilaman, — dedi.
— Nimani bilasiz?… — endi men hayratlandim.
— Yana hazilkashlik qilayotganingizni, — kuldi u. — Hozir muhabbatga ishonmayman, sevgi yo‘q narsa, deysiz…
— Qaylig‘ingizdan tortib olsam, menga tegasizmi?
— Yo‘q, — kulib yubordi u. — Sizga teksam, rashk qilaverib kunimni ko‘rsatasiz…
Tilim aylanmay qoldi. Ahmoqona hazilkashligim boshimga balo bo‘ldi.
Shu kuni ishdan chiqib, bayram bahona rosa ichdim. Yuragim shunaqa siqildiki, dunyo ko‘zimga qorong‘u edi. «Nega ham uchratdim? Tinchgina yashab yuruvdim… Endi hammani unga taqqoslayman, hammadan uning xislatlarini axtaraman! Endi qanday yashayman!»
Endi har kuni unga yaxshi ko‘rishimni aytadigan bo‘ldim. U esa kulib qo‘yishdan nariga o‘tmasdi. Bir kuni o‘zimni tuta olmadim.
— Biror marta bo‘lsa-da, gapimni jiddiy olasizmi? Axir men ishqingizda jinni bo‘lyapman-ku! Qanaqa berahm qizsiz!
U anchagacha javob bermadi, keyin sekingina:
— Aksincha… men juda rahmdilman. Sevib qolib, qiynalishingizni xohlamayman! Buni qanchalik azobligini bilmaysiz…
— Xuddi birovni sevadigandek gapirasiz-a?! Siz toshyuraksiz, hech kimni sevmaysiz… Siz hatto o‘sha… qaylig‘ingizni ham sevmaysiz!
Bu gapimdan keyin u yig‘lab yubordi va yugurib xonadan chiqib ketdi. Shu bilan ertasi kuniyam ishga kelmadi. Jinni bo‘lib qolay dedim. O‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketdim. Endi bu yerda qololmasdim. Ariza yozib rahbarimning hay-haylashiga qaramay ishdan bo‘shab ketdim. Tezroq uni unutmasam jinni bo‘lishim aniq. Odamning yaxshi xislati ham birovga ozor berishi mumkin ekan. Men uning yaxshiligidan kuygandim. Lekin undan uzoqda ham uning xayoli bilan yashardim. Azobimda, firog‘imda ham u. O‘zimcha undan voz kechmoqchi edim, lekin bu men o‘ylaganchalik oson emas ekan. Har kuni telefonimga jiringlab qolarmikan, deb tikilaman. Bu dunyoda hech kim meni unchalik tushunmaydi. Fotihalangani sabab menga barcha gaplarini aytgan, men uni juda yaxshi bilardim…
Ishdan ketib dadam bilan savdoda ishlay boshladim. Uni unutish uchun ko‘proq ishlashim kerak edi. Bir tomondan uning qaylig‘i boyvachcha yigitligi alamimni keltirardi. Sog‘inch azobini yengish uchun har uni eslaganimda telefonimga «Sog‘indim» deb yozib qo‘yadigan odat chiqardim. Bir kunda ellik marta yozibman! Keyin bu ermakka aylandi. Sog‘inchlarimni sanab qalbim taftini bosardim. Dadamda tijoratda, yangi ish joylari ochishda tug‘ma qobiliyat bor edi. Qaysi ishga qo‘l urmasinlar, albata o‘ngidan kelardi… Men ham shu yo‘ldan ketdim. Dadamning ishini ancha yengillatdim. Oradan uch oylar o‘tdi. Dadam kasodga uchragan bir tadbirkorning to‘yxonasini sotib olib, uni yuritishni menga topshirdi… To‘ylar mavsumi yaqin bo‘lgani uchun tezda ta’mirdan chiqarib, mijozlarga taqdim etishimiz kerak edi. Tunu kun shu ish bo‘yicha yugurdim, aytilgan muddatda ishlarni tugatdim. Ko‘p o‘tmay to‘y o‘tkazadigan talabgorlar ham chiqdi. O‘z ishimdan faxrlanib to‘yxona eshigida turibman. Karnay-surnaylar sadosi ostida oppoq limuzindan novvotrang kostyum-shim kiygan kuyov bola tushdi… Uni ko‘rib yuragim to‘xtab qolay dedi…
Demak, to‘yxonamdagi birinchi to‘y sevgilimniki ekan! Ey, Xudo, qaysi gunohlarim uchun?.. Oyog‘im ostidagi yer yo‘qolgandek boshim aylanib ketdi… Kuyov qo‘lini uzatganda mashinadan oqqushdek bo‘lib kelin ham tushdi. Ko‘zimni yumib oldim, uning baxtiyor chehrasini ko‘rishga toqatim yo‘q! Shartta teskari o‘girilib keta boshlagandim, nimadir qattiq gumbirlab, atrof qiyqiriqlarga to‘lib ketdi. Shoshib o‘girildim… kuyov jo‘ralar kelin-kuyov sharafiga salyut otishgan ekan… Lekin men salyut emas, boshqa narsa hayratga soldi. Kuyovning yonidagi qiz Madina emas, boshqa edi! Ishonmay unga tikilib qaradim. Yo‘q, ko‘zlarim aldamayapti. U boshqa!
Yugurib birinchi qavatdagi xonamga yugurdim. Eshikni mahkam yopib, tanish raqamlarni terdim… «Allo» degan mayin ovozdan tomog‘imga nimadir tiqilgandek bo‘ldi.
— S-salom, berahm… Nega shu paytgacha biror marta qo‘ng‘iroq qilmadingiz?
Bir zumlik sukunatdan keyin javob keldi:
— Siz baribir muhabbatga ishonmaysiz-ku!
— Ishonmayman! — yana qaysarligim tutdi. — Lekin menga tegsangiz, kuningizni ko‘rsataman, bilasiz-a!
— Bilaman!..
O‘zim ta’mirlatgan to‘yxonada to‘yimiz bo‘lib o‘tdi. Biz-bir-birimiz uchun yaratilganimizni vaqtida his qildik. Boshqa sevishganlarga ham shuni maslahat beramiz, hayotingizning har lahzasida hushyor turing, baxtingizni boy berib qo‘ymang!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.