OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilmurod Sodiqov. Iztirob (hikoya)

Yozni sanatoriyda o‘tkazdim. Birinchi hafta ikki kishilik torkunjak xonada toza zerikdim. Ustiga-ustak atrofimdagilarning bari qariyalar – ular bilan nimaniyam gaplashardim. “Bundan ko‘ra uyda, oyoqni cho‘zib o‘tirganim yaxshi edi”, degan xayolga bordim. Nachora, davolanishim kerak. Biroq, vaqt o‘tgan sayin ko‘nglim suhbatdosh tusardi.
Nihoyat, sakkizinchi kun Xudo menga hamxona yetkazdi. U g‘o‘labirdan kelgan yigit. Rangi quyoshda kuygan, oyog‘ini yurganda aylantirib bosardi. Peshonasi turtib chiqqan, qorachiqlari chuqur tushgan – qop-qorong‘u o‘rani eslatardi. Yuziga gulchechakning chandiqlari abadiy muhrlanib qolgan. Uning bitta fazilati, ehtimol, illati bor — o‘ychan odam.
U o‘zini Do‘lay deb tanishtirdi. Qancha jovramayin “ha” yoki “yo‘q”, degan javobni olaman. Boshqa mahal mum tishlaganday o‘tiraveradi.  Haqini talab qilishga kelganda esa, yuzini sidirib tashlarkan. Bir gal ukolga kechikib kelgani uchun hamshiraning ustidan bosh shifokorga shikoyat qildi. Boshliq hamshiraning tarafini olganday bo‘lgandi, unga ham “tashlanib” qoldi. Tap tortmasdan: “Hammang pul gadosisanlar”, dedi. Boshliq qizardi, qo‘llari titrab, tili kalimaga kelmay qoldi. Piyoladagi choyni ho‘plab olgach, “Bu maskanda poraxo‘rlik bo‘lganini qachon ko‘rdingiz yoki sizdan birontasi pul talab qildimi?”, dedi. Do‘lay: “Hamshiraning sababsiz kechikishi pul ta’ma qilishdan boshqa narsa emas”, deb baqirdi. G‘ala-g‘ovur ancha cho‘zildi. Axiyri boshliq: “Boring endi, bundan keyin hammasi o‘z vaqtida bo‘ladi”, deb qutildi.
Xodimlar bir haftada xonadoshimdan bezor bo‘lishdi. Hamshiralar, yana rahbarning jig‘iga tegmasin, deb xizmatlarini vaqtida bajarishardi. Hamxonam esa hamshiralarning jig‘iga tegaverar, ukoldan oldin: “Shoshmang, bu o‘zi qaerniki, sifati qanday?”, deb ularning asabini o‘ynardi.
Kechki sayrlarning birida undan: “Tabiatingiz nega bunaqa og‘ir?”, deb so‘radim. U kiftini qisib qo‘ydi. “Buning boisi bordir, axir?”, qayta so‘radim. O‘rindiqqa cho‘kkanimizda, u o‘tmishidan gap ochdi.
“O‘n to‘qqiz yoshda edim. Cho‘pon bo‘lganimiz uchun kunimiz o‘tovda o‘tardi. Bu voqea bahorda ro‘y berdi. Otam yangi tug‘ilgan qo‘zichoqlarni to‘nining etagiga solib, qo‘tonga jo‘nadi. Suruv boshida men bilan ukam qoldik.  Ukam menga qaraganda qoruvli, abjir edi. Cho‘ponlikni ham juda eplardi.
Kurashga ovunib, qo‘ylar zov bo‘yiga ketib qolganini payqamabmiz. Ukam qo‘ylarning izidan chopdi. Men ot abzalining ustiga yotib olib, ukamni qanday usul bilan yiqitishni xomcho‘t qilardim. Ukam Elo‘g‘li halol, qitmirlikni bilmay olishardi. Chalib yiqitishni yoqtirmasdi, ko‘proq oshirma usulini qo‘llab, odamlardan: “O‘h, buni qara-ya, Alpomish bo‘p ket-e!”, degan olqishni eshitishni yaxshi ko‘rardi... “ Demak, uni chalib yiqitaman!” Miyamga “yarq” etib kelgan bu fikrdan quvonib ketdim.
Ukam qaytavermagach, bo‘ynimni cho‘zib, zov tomonga qaradim, qo‘ylardan boshqa hech narsani ko‘rmadim. Havotirlanib zov boshiga bordim. Qarasam, jar tubida ukam bilan bir qo‘y qonga belanib yotardi...
Hammasi shundan boshlandi. Otam bu fojeali tasodifni tushunib yetdi-yu, onam esa meni qarg‘ayverdi. Uning nazarida ukam men tufayli zovga qulagandi. O‘zimni oqlashga qancha urinmayin befoyda edi. Ko‘zimni ko‘r, qulog‘imni kar qilib yashayvergim ham keldi. Ammo onam meni ko‘rsa, ukamni eslab ezilardi. Oxiri, uydan bosh olib ketishga qaror qildim. Ikki yil darbadar yurdim. Boshimga ko‘p tashvishlar tushdi. Bezori, tovlamachi, muttahamlarga sherik bo‘ldim. Ular xayollariga kelgan ahmoqgarchiliklarni tap tortmasdan menda sinab ko‘rishardi. Bir gal qip yalang‘och qilib daraxtga bog‘lab qo‘yishdi. Uch kun shu ahvolda qoldim. To‘rtinchi kuni holdan toyib, boshim osilib qolgan ekan, issiq tosh ustiga chalqancha yotqizishibdi. Yana ermakka kerak bo‘lgandirman-da, og‘zimga suv tomizib, o‘limdan olib qolishibdi... Bu ko‘rguliklar oqibati shu bo‘ldiki, men odamiylikni tark etdim. Ko‘nglimda boshqalarga nafrat uyg‘ondi. Darbadarlikning ikkinchi yilida volidam tushimga kiraverdi. Shunda bildimki, ona uchun bolaning yomoni bo‘lmas ekan. Endi kechalari aroq ichishni odat qildim. Baribir foydasi bo‘lmadi. Uyga, onamning bag‘riga qaytganimdan keyingina bu holga chek qo‘yildi.
Xullas, ikki yillik darbadarlik ichimda tuzalmas bir g‘ayirlikni paydo qilgan ekan, odam isi yoqmaydigan bo‘lib qoldim. Mudom ukam mendan norizo bo‘lib ketgan bo‘lsa-chi, degan fikr tinchlik bermasdi.
Chindan ham uning o‘limiga yolg‘iz men sababchi edim. O‘sha ot abzali ustida yotganimda xayolan uni yengishga harakat qildim. Lekin o‘shanda shunchaki kurash tushib emas, balki uni butunlay yiqqan ­ mahv etgan ekanman.
 Ishonavering, yo‘liqqan falokatga mening o‘yim sababchi. Axir, kurash bilan hayotning nima farqi bor? Hayotning o‘zi kurash-ku. Men gunohkorman. Onamning qarg‘ashlari, imonsizlarning sitamlari, shubhasiz, o‘rinli. Bu ­ menga berilgan jazo”.
“Axir, bu tasodifdan ro‘y bergan falokat-ku”, dedim.
“Yo‘q, bu puxta o‘ylangan jinoyat. Jamiki voqealar ibtidosi, avvalo, insonning onggida ro‘y beradi. Kishi dilida nimaniki astoydil istasa, shu bo‘ladi. Mening aybim ­ raqibim ukam ekanligini unutib, g‘irrom usul bilan uni yengishga harakat qilganim”.
“Baribir fikrlaringiz chigal. Sira tushuna olmayapman. Ukangizning o‘limida bevosita ishtirok etmagansiz-ku. Qolaversa, qismatingizga buning nima daxli bor?”.
“Buni his qilish kerak. O‘sha kufrona xayol ortidan men axloqimni buzishga harakat qildim. Ajablanmang, buni o‘zim xohladim. Hech narsa ko‘rmaganday yashashni o‘zimga ep ko‘rmadim. Qachondir javob berishimni bilaman-ku. “Tavba-tazarru qilsangiz bo‘lmaydimi?”, deyishingiz mumkin. Men o‘zimni aldayolmayman. Odamlar o‘zlari qilgan yomonliklariga yarasha javob qaytib kelmasin, deb tavba qilishadi. Ularning dilida shunday qo‘rquv bor. Gunohkor odam gunohi baravar iztirob chekishi kerak. Balki, shunda gunohi yuvilar. Ha, birodor, har bir amalning javobi bor. Jumladan, mening jinoyatkorona o‘yimning ham”.
U boshqa gapirmadi. Sayrdan qaytib keldik-da, karovatga cho‘zildik. Tuni bilan uning gaplarini o‘yladim. Albatta, uni tushunish qiyin. Ko‘zim ilinibdi. Ertalab tursam sherigim o‘rinda yo‘q. Qog‘ozga: “Men yomon bo‘lsam, bunga siz aybdor emas”, deb yozib ketibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.