OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilrabo Mingboyeva. Talant (hikoya)

Navbatdagi asarim nashr etildi. Sokinlik tilsimli, sukunat sirlarini olamga yoyuvchi bo‘ronlar esa undan qudratli. Mening asarlarim – bo‘ronlar. 
Ijodkor tanishlarimizdan biri yangi kitobim bilan tabrikladi. U yaxshi inson va o‘rtamiyona shoir. She’rlariga nisbatan suhbatlari hayajonliroq. Ustiga-ustak butun vujudi bilan ro‘zg‘or kishisi. Uning nafis she’rlar yozishiga mana shu xislati monelik qiladi.
U bilan uchrashib, suhbatlashdik. Odatdagidek tingladim. Ammo hamdard bo‘lolmadim. Men uchun har qanday tanishuvlar, uchrashuvlar, suhbatlar yozilajak asarlarim uchun “material”gina bo‘lib qoladi. 
O‘sha uchrashuvimizdan so‘ng uni qayta ko‘rmadim. Chunki oramizda bo‘lib o‘tgan suhbatni tegishli joylarga yetkazishni adabiyot oldidagi burchim, deb hisobladim. Adabiyot esa hech narsa yo‘qotmadi. Ehtimol, uning nimagadir qurbon etilganligi yillar o‘tib qahramonlik deb baholanar, balki bu uning uchun katta mukofot ham bo‘lar. Biroq adabiyotda uning unutilishi hozirgi o‘limidan-da achinarliroq emasmi? 
O‘zi bilan so‘zi bir yozuvchi do‘stim bor. Uchrashib qolsak, gunohkordek yuragim bezovtalanadi. U iste’dodli yozuvchi, go‘yo bog‘ida biror begona o‘t o‘smaydigan bog‘bon. Yozganlari yorug‘ asarlar, mening romanlarim kabi shuhrat qozonganicha yo‘q. Kitobxonlar – o‘zlarini bag‘ishlab yashashni xush ko‘ruvchi, nimanidir axtarayotgan kishilar. Ularni oliy haqiqatlar emas, noma’lum baxt, javobi yo‘q savollar, orzu qilingan xayoliy qahramonlar qiziqtiradi. Kitobxonlar nimani xohlasa, shularni yozayapman va ularning olqishlariga sazovor bo‘layapman. 
Afsuski, do‘stimning shuhrat topishga ishtiyoqi yo‘q. U ijoddan-da muhim va zarur haqiqatni biladigandek hamisha xotirjam yashaydi. Uning bu ko‘ngil to‘qligi yuragimga g‘ulg‘ula soladi. Suhbatlarimiz ham doim munozarali. Do‘stim: 
– Yozuvchi e’tiqodi asar mohiyatini belgilaydi, – deydi. 
Men esa: 
– Yozuvchi uchun adabiyotning o‘zi iymon-e’tiqod bo‘lishi ham mumkin, – deyman. 
– Adabiyot, jumladan, har qanday ilm hayotdagi mavjud haqiqatlarni tasdiqlaydi, xolos, o‘z holicha yaratuvchi bo‘lolmaydi.
– Qalbni barkamollikka eltuvchi, farovon yashashni o‘rgatuvchi kitoblarga nima deysiz? Adabiyot – abadiy va u ideal qahramonlarni yaratadi, yozuvchilarga umrboqiylik bag‘ishlaydi. 
– So‘zlaringizni adabiyotga bo‘lgan fidoyilik deb tushunish mumkindir, ehtimol. Ammo uning abadiyligiga ishonolmayman. Siz nazarda tutgan farovon hayot esa bizni hayotni anglash imkonidan mahrum qilishi ham mumkin.
– Shuningdek, yo‘qchilikda ham insonlar yaxshiroq, farovonroq yashashga intilib, umrini boy berishi mumkin. Bunday kishilarda hatto “Hayot nima uchun berilgan?” degan savolni o‘z-o‘ziga berish fursati bo‘lmaydi. Chunki “Qanday qilsam, yaxshiroq yashayman?” degan o‘y ularning hayot mazmuniga aylangan.
– Aslini olganda, farovon va nochor hayot muhim emas. Ularning mezoni bitta – qanoat bilan belgilanadi.
– Lekin adabiyotda qanoat tushunchasi bo‘lishi mumkin emas. U yuksalishi kerak, tamom-vassalom.
Do‘stim ijod haqiqatni anglash uchun bir vosita, deb hisoblaydi. Men haqiqat ham, hayot ham adabiyotning o‘zi, deb bilaman. 
Do‘stimning yangi romani nashrdan chiqib, o‘quvchilar orasida keng tarqaldi. O‘qib chiqib, ko‘nglim g‘ashlandi. Asarning “g‘oyaviy buzuqligi, shubha uyg‘otuvchi” ekanligi haqidagi fikrimni atrofimdagilarga, tanqidchilarga uqtira boshladim. Keyin ko‘pgina voqealar o‘z-o‘zidan ro‘y berdi – bu roman haqida yozuvchiga xavfli aybnomalar qo‘yayotgan maqolalar bosilib chiqa boshladi. Bu taloto‘pni boshlab qo‘yib, o‘zim tomoshabinga aylanib qoldim. Oxirgi daqiqalarda nimadir chora ko‘rishim zarur edi. Va shunday qildim ham. Maqolam chop etilgach, do‘stimning qamoqqa olinishini kutgan edim. Bunday bo‘lmadi. Do‘stim tildan qoldi.
Ijodkor do‘stlarimizning ko‘pidan ayrildik. Ha, botir botir emas, jon saqlagan botir.

 * * *

Rafiqam uydan ketib qoldi. 
U: “Og‘ayningizning oqlanishida yordam berishingiz mumkin edi. Nima uchun sudga bormadingiz?” – deb so‘radi. Unga bunday niyatim umuman bo‘lmaganligini aytmoqchi bo‘ldim. Biroq buning o‘rniga u tushunishi mumkin bo‘lgan yagona holatni ro‘kach qilgim keldi: “O‘sha paytda falon asarimni yozayotgandim, sudga borishni unutibman. O‘zing bilasan-ku, yozayotganimda hamma narsani unutaman”, – deb qo‘yaqoldim. U birinchi marta bundan hayratlangandek ko‘zlarini katta-katta ochib qaradi. Keyin ko‘zini olib qochdi. Nazarimda, yolg‘on gapirganim uchun uyalib ketdi. Ha, bundan boshqa vaziyatlarda ham uni aldasam, so‘zlarimga ishonmayotganini sezib qolmasligim uchun ko‘zlarini olib qochardi. 
Keyin bir so‘z demasdan narsalarini yig‘ishtira boshladi. Bir kuni kelib ajrashib ketishimizni ich-ichimdan his qilib yashardim. Lekin biron so‘z demasdan tashlab ketishi alam qilarkan. Chidolmadim. “Bugun qattiq asabiylashganga o‘xshaysan, damingni ol, ertaga ketarsan?” – dedim. Uning esa menga qayrilib qaragisi ham yo‘q edi. Nazarimda, gapirganim sayin ojizligimni fosh qilib qo‘yayotgandek edim. Shunda eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdim. Ketsa ketaversin. 
Aslida uning yonimdaligi ko‘proq azob beradi. Uning har bir so‘zi, qarashlari, harakatlarida menga nisbatan muhabbat zohir edi. Asarlarimni birinchi bo‘lib va ayricha mehr bilan o‘qirdi. Uyga kech kelsam, uxlamay kutar, ko‘zlaridagi hadik va xavotirni mendan yashirar, savollarga ko‘mib tashlamas, go‘yoki qachon kirib kelgan bo‘lsam-da, shu kelganimning o‘ziyoq unga yetarlidek tutardi o‘zini. Dastlab bu holat vijdonimni qiynadi, keyinchalik nafratimni qo‘zitadigan bo‘ldi. U go‘yoki meni parvarishlash, sevish va ardoqlash uchun yuborilgan bir farishta edi-yu, men uning qalbidan oziqlanib, iztiroblariga siyoh botirib asarlar yozayotgan, yozayotib jazavaga tushayotgan iblis edim. Oh, bu ajoyib fikr! Bu haqida shoh asar yozaman!!! 
Navbatdagi shuhrat qozongan romanimdan so‘ng yuzlab maktub oldim. Ularning aksarida: “Kitobingizni o‘qib qattiq ta’sirlanganimdan ko‘z yosh to‘kdim”, deb yozilgandi. Men esa, yaqinlarimning muhabbati va hayoti asarim uchun bor-yo‘g‘i “xomashyo” bo‘lib xizmat qilganiga o‘zimga achinib ketdim.

 * * *

Sizga hayotimda kechgan ba’zi voqealarni ro‘y-rost hikoya qilib berdim. Tuyg‘ularimni kam so‘zladim. Chunki bu voqealar qalbimda ro‘y bergani yo‘q, hammasini aql bilan qildim, adabiyotni dedim. Qalbimga quloq solmadim, u meni xarob qiladi, deb bildim. Hissiyotlarimga ishonmadim, ular o‘zgaruvchan, o‘tadi-ketadi, dedim. Aqlimga ko‘ra yashadim. Aql barhayot, deb o‘yladim. Ayniqsa, adabiyotning abadiyligi qiziqtirardi meni. Yozish – haqiqiy hayot edi. Aslida esa tuyg‘ularim bilan aqlga yetib kelishim va shunday yozishim kerak ekan. 
Osoyishtalik hukm surdi. Asarlarim – bo‘ronlar unutila boshladi. Hozir aqlim yetgani shuki, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashim, qo‘limdan kelganicha yaxshiliklar qilishim, boshini silashim kerak. Shunda yana bir avlod yaxshi nom bilan eslab yurishi mumkin. 
Asarlarim qanchalik uzoq yashaydi? Bilmayman. Ammo yozishim shart. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.