OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilrabo Mingboyeva. Yashil tushlar (hikoya)

Ilk bor uchratganimda u juda tanish tuyuldi.
Bog‘da sayr etardim. Yam-yashil bog‘ xuddi mehribon onamga o‘xshar, bag‘rida o‘zimni guldek his etardim. Bog‘da rasm chizib o‘tirgan yigitning qo‘llari bo‘yoq, atrofida g‘ijimlangan qog‘ozlar sochilib yotar, o‘zi ham o‘sha qog‘ozlari kabi edi. U berilib ishlayotganidan yonidan o‘tganimni ilg‘amadi.
Atrofidagi manzaraga hayrat bilan tikilar, sinchiklab kuzatar va yana qog‘ozga engashardi. Suratga zimdan qaradim — yam-yashil bog‘ o‘rniga har xil ranglar chaplab tashlangan manzarani ko‘rdim. Bu men uchun o‘taketgan bema’nilik edi. Xayolidagi bo‘lmag‘ur narsalarni chizmoqchi ekan, har bir niholga, har bir yaproqqa maftun bo‘lib tikilishning nima keragi bor, deya o‘yladim.
Aslida, o‘shanda bir so‘z demasdan ketsam bo‘larkan. Lekin she’rlarimga aylangan qadrdon daraxtlarni xo‘rlashiga chidab turolmadim. Tabiatni masxaralashga haqqi yo‘qligini aytib, uni so‘qirlikda aybladim. U esa:
— Nima? Hamma narsani go‘zal deguvchi, haqiqatni ko‘rgani ko‘zi yo‘q shoiralar toifasidanmisiz? — dedi kiprik qoqmay.
— Siz “Bu suratimda haqiqatni tasvirlaganman”, deya da’vo qilayapsizmi? Mana, bog‘ning yam-yashil bo‘lib tovlanib turgani — haqiqat! Axir, bu go‘zallik bo‘lmay nima?
— Ammo siz daraxtlarning qalbini — orzu-umidi, iztirobi, xo‘rsinig‘i, shodlanishini ko‘rmayapsiz-ku? Bu ranglar ularning yuragini ochib berayotganini tushunmayapsizmi?
— Men osmonga uzoq tikilib turaman-da, o‘zimni poklashga intilaman. Lekin siz uni baqrayib turgan ko‘z shaklida tasvirlasangiz kerak. Qanaqa ranglar ishlatishingizni esa, aqlimga sig‘dirolmayapman.
— Hali rasm chizib turaman ham, deng.
— Hech qachon, — dedim asabiy tarzda.
Aslida esa hamma narsani odam shakliga o‘xshatibroq chizishni xush ko‘rardim.
— Ha, osmonni baqrayib turgan ko‘zga, quyoshni qop-qora qorachiqqa o‘xshatib chizgan bo‘lardim. Umuman, menga osmon erkin yashashim uchun xalaqit beradi. U xohlagandek rasm chizishimga ham xalal beradi.
Yigit men qadrlaydigan har bir narsani puchga chiqarayotgan edi. Ko‘nglim og‘rib, ketdim.
U juda tanish tuyular edi. Hamma narsaning aslini ko‘rishga intilar, na o‘ziga, na ranglarga shafqat qilardi. Borliqni ko‘rib turganimizdan farqli ravishda tasvirlar, shuning uchun undan qattiq ranjigandim. Men hamma narsaning yuragi borligini tan olishni istamas, haqiqatga nisbiy hol deb qarar, she’rlarimda ham jur’atsiz edim. Menga romantika yoqardi. Shu tarzda yashash, shu kabi she’rlar yozish qulayroq edi.
O‘shandan beri boqqa chiqqanim yo‘q. Chunki endi daraxtlarni har xil rangda, yakka-yolg‘iz ko‘ra boshlagandim. Osmon esa o‘shandan beri baqrayib qarardi. Bu ko‘z oldida do‘stlarimga qilgan xushomadlarim, ko‘zgu oldida uzoq o‘tirishim, o‘qigan kitoblarim, yozgan she’rlarim uchun xijolat tortardim. Mendagi bu holat dunyodagi yana birgina odamga — o‘sha yigitga ham tegishli ekanligi taskin berardi.
U bilan gaplashgim keldi. Yana boqqa bordim.
Yonidan beparvodek o‘tib ketayotganimda:
— Men o‘z vatanimning suratini chizayapman. Bu sizning ham yurtingiz bo‘lishi mumkin, — dedi tuyqusdan.
— Biz bitta joyda tug‘ilgan bo‘lishimiz mumkin emas, — zaharxanda qildim men ham.
— Ikkimizning ham vatanimiz bitta — qog‘oz. Ha, darvoqe, siz xorijdan kelib qolgansiz-a...
Kulib yubordim.
U aytgan “vatan” bo‘ronning surati edi. Undan:
— Nega hamma narsaga qarshisiz? — deb so‘radim.
— Sizga ham bu tuyg‘ular begona emas, to‘g‘rimi? Lekin siz ularni jilovlay olasiz, dunyoni chiroyli, yashnoq rangda ko‘ra bilasiz.
— O‘zimni jilovlay olganim uchun emas, qo‘rqoqligim, shunday yashash osonroq bo‘lgani uchun olamni go‘zal ko‘rishga harakat qilaman.
— Tasavvur qiling-a, butun mavjudot qariydi, yo‘q bo‘lib ketadi, bo‘m-bo‘sh olam xuddi oppoq qog‘oz kabi qoladi. Shunday ekan, chizishdan nima naf? Balki, hamma odamlar ko‘rib turganlarini emas, ko‘ra olmaydiganlarini chizish-anglatish kerakdir.
Unga she’rlarimni o‘qib berdim. She’rlar unga tanish tuyuldi. Uning suratlari esa borgan sari ko‘nglimga yaqin, hatto o‘zimnikidek bo‘lib borardi.
Biz uzoq suhbatlashdik. Keyin menga ustaxonasi haqida gapirib berdi.
— Ko‘rinarli joyga suratingizni ilib qo‘yaman.
— Suratimni chizmagansiz-ku, — dedim.
Shu kundan boshlab u lola rasmini chiza boshladi.

* * *

Men endi jur’atli edim, u ham ba’zan suratlarida yashil rangdan foydalanardi.
Bir kuni uni bog‘dan topolmadim. Keyingi kun yana...
Qidirib har kuni boqqa chiqaman. Fasllar almashdi, yillar o‘tdi. Uni ko‘rish umididan esa voz kecholmadim.
Ustaxonasi haqidagi gaplarini eslab, qidirishga tushdim. Tanigan-tanimagan rassomlarning ustaxonasiga borib, uni izlab yillarimni yelga sovurdim.
Nihoyat, uni ustaxonasida topdim. Qo‘llari bo‘yoq, atrofida g‘ijimlangan qog‘ozlar sochilib yotar, o‘zi ham o‘sha qog‘ozlari kabi edi.
O‘tirishga taklif qildi. Mulozamat ko‘rsatdi, nozu ne’matlar bilan siyladi. “Siz sohibjamol qiz ekansiz”, dedi. Shunda uning meni tanimayotganini sezib qoldim. Yigit xushmuomala, sermulozamat, donishmandlarga xos qiyofada hayotdan minnatdor edi. Men biror so‘z deyolmay, ajablanib boqardim, xolos.
Keyin suratlarini ko‘rsatdi. Devorga osilgan yagona suratda oddiygina qizil lola tasvirlangan edi. Bu surat yarim yil oldin chizilganini aytdi. Men esa uni izlay boshlaganimga yetti yildan oshdi. Rassom daraxtlarni yashil rangda, osmonni havorangda, yurtini beton uy shaklida, quyoshni porlab turgan holida — hamma narsani qanday bo‘lsa, shunday tasvirlagandi. Shunda bildimki, u begona edi. Ketdim. Yigit kimligimni bilmay, tashrifimning boisini ham tushunmay, ortimdan jilmayib qoldi.
Hamon uni tushlarimda ko‘raman, har safar ehtiyotsizlik qilib yashil bo‘yoqni to‘kib yuboradi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.