OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Emin Usmon. Yolqin (qissa)

Samolyot g‘ildiraklari «to‘q» etib yerga urildi. Xuddi o‘ydim-chuqur yo‘ldan ketayotgan yuk mashinasidek qattiq silkina boshladi. Kozim belidagi enlik kamarni yechib, portfelini qo‘liga oldi. 
Uni to‘ladan kelgan, ko‘zlari katta-katta yigit kutib turardi. Bu yigitning turishida, ko‘zlarini mo‘ltiratib boqishlarida anqovsirash, merovlik bor edi. U Kozimning qo‘lidan portfelini oldi-da, xiyol bukchayib yo‘l boshladi. Yigitning yurishi ham jussasiga mos, salmoqli edi. U shoshilmay har bir qadamini xuddi o‘lchayotgandek tashlar, ora-sira Kozimga qarab qo‘yar, biroq so‘z qotmas edi.
Yigit moshrang «Jiguli»ning orqa eshigini ochib, Kozimni taklif etdi. So‘ng jur’atsizlik bilan so‘radi:
— Oldin redaktsiyaga kiramizmi, yo...
— Oldin tuzukroq tanishib olaylik,— dedi Kozim kulimsirab.— Yanglishmasam otingiz Nuriddin edi, a?
— Ha, — hozirjavoblik bilan bosh irg‘adi Nuriddin.— Redaktsiyada ko‘rishganmiz-ku... Esingizda bo‘lsa, she’r oborgandim.
— Bo‘lmasa gap bunday, Nuriddin. Redaktsiyada qiladigan ishim yo‘q. Iloji bo‘lsa, meni «Shirinbuloq»qa yetkazib qo‘ysangiz.
— Oldin eshikka o‘tmaymizmi? Choy-poy ichib...
— Uydagilarni bezovta qilmay qo‘ya qolaylik, do‘stim,— dedi Kozim uzr so‘rayotgandek yumshoqlik bnlan. U notanish xonadonga borishni o‘ziga ep bilmadi, — Oldin ishni bitiraylik.
— Shundaymi?.. — Nuriddin ajablanib yelka qisdi.— Mehmonnint istagi biz uchun qonun.— Mashina asta o‘rnidan jildi.— Ashaqqa ketaveramizmi bo‘lmasa?
Kozim bosh irg‘ab qo‘ydi. Yo‘l chetidagi tutlarning orqasida paxtazor yastanib yotar, g‘o‘zalar belga urib turardi. Paxtazorga yaqinda dori sepilgan bo‘lsa kerak, ochiq oynadan yopirilib kirayotgan shabada dimoqqa qo‘lansa hidni keltirib urdi. Kozim mashina oynasini ko‘tarib qo‘ydi-da, o‘zini o‘rindiq suyanchig‘iga tashladi. Dam-badam almashinib turgan manzaralarni loqaydlik bilan kuzatganicha mudroq bir alfozda o‘tiraverdi.
Shu kungacha Kozim faqat o‘z qayg‘usi bilangina yashagan edi. Yo‘q, xudbinligidan emas, birovlarning ishiga aralashishga o‘zini ma’naviy haqsiz deb bilganidan. Mana endi xizmat taqozosi bilan «Shirinbuloq»dagi ba’zi ishlarni adolat qilgani ketyapti. Ammo buni uddalay oladimi, yo‘qmi, bilmaydi.
Kozim redaktsiyaga ishga kirgan kuni onasi: «Qilar ishing haq, aytar gaping rost bo‘lsin, omin!» deb duo qilgan edi. U birinchi marta qalamkash sifatida haqiqatni yuzaga chiqarib, rost gapni aytgani ketyapti. Qo‘lidan kelarmikin? Rost gapni eplab aytish ham mushkul-ku.

...Mashina shaharni kesib o‘tib, yana qishloq yo‘liga chiqib oldi.
— Bog‘ishamolga keldik, — dedi Nuriddin yo‘lning o‘ng tomonidagi daraxtzor tepalikka ishora qilib.— Bu yer shaharliklar dam oladigan oromgoh bo‘lyapti.
— Nega endi faqat shaharliklar uchun? Qishloqdagilar-chi...— kulimsirab so‘radi Kozim.
— Qishloqdagilarga dam olish qayoqda deysiz,— Yo‘ldan ko‘z uzmay javob berdi Nuriddin.— Paxta ekilib tursa bu odamlarga tinim yo‘q.
— Bundan chiqdi, paxtada ishlaydiganlarning halovati yo‘q ekan-da.
— Nega endi? Dam olishadi,— Nuriddin boshini burib, Kozimga qarab qo‘ydi.— Mehmon kelib tursa dam olishadi. Mehmon — otadan ulug‘. Mehmonning sharofati bilan bir-ikki kun ishga chiqishmaydi. Uyga mehmon kelib qoldi, desa birov indamaydi.
Ular qadimiy ko‘shklarni eslatuvchi ikki qavatli bino oldiga kelib to‘xtashdi.
— Yangi choyxona qurilgan. Bir piyola choy ichib ketamiz, a?— Nuriddin pastga tushib, mashina eshiklarini qulfladi.— Shu yerlik ustalar qurishgan. Qarang!
Kozim marmar zinadan ko‘tarilarkan, binoni qiziqsinib tomosha qildi. Ustunlar naqshinkor, bino peshtoqlariga did bilan rang berilgan. Shift toqi qilinib, teng qismlarga ajratilgan, har bir qism o‘ziga xos rangga bo‘yalgan. Derazalarning ustki qismi qubba shaklida bo‘lib, binoning ko‘rkini oshirib turardi. Naqshinkor eshikdan ichkariga kirilgach, Kozim bir zum to‘xtab qoldi. Keng xonaga ikki qator qilib sakkizta so‘ri qo‘yilgan. Oppoq dasturxonlar solingan xontaxtalar atrofiga atlas ko‘rpachalar to‘shalgan. To‘rda sahnaga o‘xshatib supa qilingan. Cho‘g‘dek gilamlar solinib, xontaxtalar qo‘yilgan. Nuriddin kiraverishdagi so‘ridan joy ko‘rsatib, choy chaqirdi.
— Durustmi, mehmon?— deb so‘radi u choy quyib tutarkan.— Choyxona ma’qul tushdimi?
— Juda ajoyib-ku,— Kozim devordagi ganjkor naqshlardan ko‘z uzmay javob berdi.— Xuddi koshonaga o‘xshaydi.
— Buloqboshiga borganda yana bir joyda to‘xtab o‘tamiz. «Buloqboshi oqshomi» restoranida. Tosh tobut chiqdi deb ovoza qilingan eski mozorning o‘rniga qurilgan. Juda xushxo‘r go‘ja pishirishadi. Zog‘ora non yopishadi.
— Mozorning o‘rniga restoran qurishganmi?
— Ilgarigi zamonda mozorlar ham bahavo joylarda bo‘larkan shekilli. Buloqboshidagi mozoriing o‘rni hordiq chiqaradigan joyga juda mos ekan. Shartta buzib, o‘rniga restoran qurishdi. Hozir mozorning o‘rnini tekislab kinoteatrmi, tomosha bog‘imi qurish rasm bo‘lgan-ku, mehmon. Buyam shunga o‘xshash bir gap-da.
— O‘sha restoranning ostida ne-ne allomalarning xoki bordir...
— Bo‘lsa kerak, mehmon. Dashtdan chiqqan ikki tosh tobut haqida kitob ham yozishgan. O‘qiganmisiz?
Kozim bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Choy ichmayapsiz-ku, mehmon.
— Rahmat, ichdim. Tura qolaylik, a?
— Mayli, mayli,— Nuriddin itoatkorlik bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi.— Tezroq borib raisni topganimiz yaxshi. Bir joyda hech tinib o‘tirmaydigan kishi, deb eshitganman.
— Dala aylanib yurarkanmi? — mashinaga o‘tira turib so‘radi Kozim.
— Dala ham kezarkanu, ammo ko‘proq har xil idoralarga chopib yurarkan.
— Arzchilar bilan da’volashibmi?
— Yo‘g‘-e,— Nuriddin mashinani o‘rnidan jildira turib orqasita qayrilib qarab qo‘ydi. — U kishi da’volashmaydi. Bilishimcha, bunaqa narsalarga vaqti yo‘q. Bir idoraga borib quvur undiradi, boshqasidan, topgapda yangisini olib berish sharti bilan motor so‘raydi. Lekin o‘la qolsa qaytarib bermaydi. Yo pulini to‘laydi, yo meva-cheva bilan rozi qiladi.
— U kishini toshdan yog‘ chiqaradigan xasis deyishadi, rostmi?
— Unisiii bilmadim. O‘zim ko‘rmaganman.
— Hech uchrashmaganmisiz?
— Yo‘q, ko‘rishmaganmiz.
Yo‘lning ikki cheti adir, ora-sira tekis maydonlar ham uchrab turardi. Hamma joyga, hatto adir yonbag‘irlariga ham paxta ekilgan. Bu yerlarga qanday suv chiqarib, qay yo‘sin ishlov berilishiga aql bovar qilmaydi. Adirda traktor yurolmaydi, demak g‘o‘za ketmon bilan chopiq qilinadi. Qo‘lda chilpishadi. Eng mushkuli, kaftdek tekis yerdagi g‘o‘zalarni sug‘orishga ba’zan suv yetmaydi-yu, tepaliklardagi g‘o‘zalarning tashnaligini qondirish» uchun qo‘shimcha suv undirish, uni motor orqali yuqoriga chiqarish kerak. Bir ariq suv olish uchun rais ham, partkom sekretari ham, agronom ham, suvchi ham ovorai-sarson... Dehqonning mardligiga, bardoshiga tasanno aytmoqdan o‘zga chora yo‘q. U bir zum tinim bilmasa ham mayli, kaftdek ham yer bekor yotmasin, deydi. Paxta ekadi.
— Buloqboshiga keldik,— dedi Nuriddin tantanavor ohangda.— Restoranga kirib bir chinnidan go‘ja ichib ketamizmi?— Kozimning hushi yo‘qligini sezdi shekilli, darrov izoh berdi:—Direktori yaqin oshnalarimizdan. Juda ko‘ngli ochiq yigit. Xursand bo‘ladi.
— Boshqa safar kirsak-chi...
— Mehmonning amri vojib,— Nuriddin motorni qaytadan o‘t oldirdi.
Pastak-pastak uylar lip-lip etib orqada qola boshladi. Yer bag‘irlab turgan bu imoratlar ko‘ngilda g‘ashlikka moyil bir his uyg‘otardi. Ko‘pgina derazalarga polietilen plyonka qoqilgan. Plyonkaning buklangan joylari qop-qorayib qolgan. Ariq labida qator saf tortgan tollarning barglari chang qo‘naverganidan kulrang bo‘lib ko‘rinadi. Ariqlar qurib-qaqshab yotibdi — suv yo‘q. O‘t-o‘lanlar qovjiray boshlagan. Hozir dehqonning es-hushi paxtada. Suv faqat paxtazorga boradigan ariqlardan oqadi.
— Nuriddin, Sultonovni tanisangiz kerak-a? Nuriddin peshanasi tepasidagi kaftdek oynaga yalt etib qaradi. Hamrohining oynadagi aksiga boqib, uning avzoyini, dabdurustdan nega bunday savol berganini bilmoqchi bo‘ldi. Kozim o‘zini orqaga tashlaganicha undan kuz uzmay o‘tirardi. Nuriddin bosh irg‘adi.
— Qanday odam?— Kozim tashqariga yuzlandi. O‘zini juda ham beparvo, hatto bir oz loqayd qilib ko‘rsatishga urindi. Toki, suhbatdoshi uning qiziquvchanligidan shubhalanmasin.
— Nima desam ekan...— Nuriddin chaynaldi. Yasama kulib, orqasiga qarab qo‘ydi. Uning yuzida, ko‘zlarida xijolatdan ham ko‘ra qo‘rquvga o‘xshash bir ifoda bor edi.— Endi... aka, to‘g‘risini aytsam, men u kishini yaxshi bplmayman. Osh-qatiq bo‘lmaganmiz. Shu endi... Nima desam ekan...
Kozim nigohiii oldinga yo‘naltirdi. Nuriddin uning ko‘ziga ko‘zi tushib qalishidan qo‘rqnb, oynaga qaramadi. Negadir peshanasini ter bosdi.
— «Shirinbuloq»ning raisi bilan bir-birini uncha xushlashmaydi, deb eshitganman. Rostmi?
Kozim tilini tishladi. Chakki gapirib qo‘ydi. Nuriddin unga sirdosh jo‘ra bo‘lmasa. Baobro‘ ikki odam haqida dabdurustdan bunday gap aytishi durust emas.
— Endi... rostini aytsam, men ashinaqa gaplarga ko‘pam qiziqmayman, aka,— Nuriddin so‘zlarni yamlab, qiynalib gapirardi.— Ularning o‘rtasida nima gapi bor... bilolmadim. Bir chetda yurgan odammiz...
Nuriddin birdan kichrayib, bechora hol bo‘lib qoldi. Oldinga engashganicha, rulga mahkam yopishib oldi. U boyagina aeroportda redaktsiyaga she’r olib borganini eslatib quvongan yigitga mutlaqo o‘xshamasdi.
— Yaxshi odatingiz bor ekan. Qiziqmaganingiz tuzuk, — Kozim xatosini tuzatishga shoshildi.— Bitta yomon gapga quloq solgan odam yuzta yaxshi gapning savobini yo‘qotarkan.
Nuriddin birdan yengil tortdi. Chehrasi yorishib ketdi.
— Ashinaqa deb bunaqa gaplardan chetroq yuraman-da...
Mashina o‘ng tomondagi shag‘al to‘kilgan yo‘lga burildi. Yana paxtazor boshlandi. Yo‘lning bir tomonidagi dalalar pastak toqqa borib tutashardi. Kozim tog‘ tepasidagi elas-elas ko‘zga chalinayotgan dov-daraxtlarga tikilganicha xayolga cho‘mdi...
Sultonovni o‘zi ham bir marta ko‘rgan. Hamxonalari bilan tushlikka chiqishayotganida yo‘lakda beo‘xshov semirgan odamga duch kelishdi. Tabiat ataylab mayna qilgandek uning boshini haddan tashqari kichkina qilib yaratgan, xuddi xamakka o‘xshardi. Qo‘ltig‘ida ikkita katta qog‘oz xalta. U jadal yurib kelarkan, redaktorning qabulxonasiga burildi. Ammo falokat bosib, ostonaga qoqilib, munkib ketdi. Qo‘ltig‘idagi qog‘oz xaltalardan biri to‘p etib yerga tushdi. Yo‘lakka uch dona limon dumalab chiqdi.
— Kambag‘alning bolasi sochiqqa qoqilib ham yiqiladi, deganlari shu-da,— deb kuldi sanoat bo‘limining mudiri.
Semiz kishi yo‘lakka otilib chiqdi. Apil-tapil limonlarni terib olarkan, tomoshatalab bo‘lib turgan odamlarga yovqarash qildi.
— Xafa bo‘lmang, domla, emaklagan bolaning ham etagidan tortadigan dushmani bo‘larkan. Bu ostona ham kelib-kelib sizni chaldi,— dedi mudir tasalli bergan bo‘lib.
Semiz kishi quloqlarigacha qizarib ketdi. Bu gap uni yupatish uchun emas, mazax qilish uchun aytilgaiitsh fahmlagan edi. Ammo churq etmadi. Shoshganicha qabulxonaga kirib ketdi.
— Bopladingiz-ku,— dedi Muso ismli yigit sochini silarkan.
— Qoqilib illat xaltasi yirtilmaganda, hozpr naq hiqildog‘imdan olardi-ya. Afsuski, bechora nochor qoldi.
— Bilasizmi bu kim?—luqma tashladi Muso.— «Shirinbuloq» kolxozining sobiq raisi Sultonov. Hozir teplitsa xo‘jaligiga boshliq.
— E, illat xaltasiga sig‘may sochilib ketgan limonlar o‘sha teplitsada pishgan deng,— dedi mudir g‘azablanib.— Redaktsiyadan qadamini qirqish kerak ekan buning...
Nuriddinning ovozi Qozimning xayolini bo‘ldi.
— Mana Nazar akaning xo‘jaligi boshlandi,— u mashina oynasidan qo‘lini chiqarib, pastak toqqa ishora qildi.— Ana, tog‘dagi bog‘. Temir quvurlar bilan tepaga suv chiqargan. Tog‘ning qoq tepasiga shunaqangi ajoyib mehmonxona qurdirgan, havasga bir kecha yotib ketasiz.
— Rais shunchalik yaxshi ishlarni qilayotgan ekan, nega ustidan to‘xtovsiz dumaloq xat yozishadi?— ajablanib so‘radi Kozim.
— Kim biladi deysiz, aka...— dedi Nuriddin chaynalib.— Raisning ishlari birovga ma’qul bo‘lgani bilan birovga yoqmasligi mumkin.
— Albatta...
— Lekin juda alomat qishloqqa kelyapsiz, aka. Rosa diqqatingizniyam oshirishadi, mazayam qilasiz.
Mashina ikki qavatli choyxona oldiga kelib to‘xtadi. Yo‘lning ikki chetiga qizg‘ish xarsanglardan devor urilgan. Choyxonaga knraverishga xuddi shunday toshlardan sharqona usulda qopqasiz darvoza qurilgan. Darvozadan o‘tib, tosh zinalardan pastga, hovuz bo‘yiga tushiladi. Hovuz atrofidagi so‘rilarda odam kamchil. Dalada ayni ish qizigan payt ekanini shundan ham bilsa bo‘ladi. Ular chetdagi so‘riga o‘tirib ulgurishmasdan choyxonachi bir choynak choy bilan ikkita piyola ko‘tarib keldi.
— Kelinglar, mehmonlar,— dedi u tavoze bilan choynakni Nuriddinning oldiga qo‘yarkan. U yuz-ko‘zi tayin biror ma’no uqtirmaydigan, kipriklarigacha sap-sariq odam edi. Egnidagi surp yaktagi bilan shoyi qiyig‘i unga hech yarashmagan, mallaligini fosh etib turganga o‘xshardi.
— Mehmon Toshkentdan,— dedi Nuriddin hamrohini ko‘rsatib.— Raisga uchrashadigan ishi bor.
— Raisni hozir topamiz-da,— choyxonachi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib chekindi.— Sizlar bahuzur choy ichib turinglar.
U ildam borib choyxonaning ikkinchi qavatiga ko‘tarildi. O‘rtadagi lang ochiq derazada avval uning o‘zi paydo bo‘ldi, so‘ng muloyim ovozi eshitildp.
— Nazarjon aka kerak edilar. Ha... o‘zingizmi? Toshkentdan mehmonlar kelishgan ekan. Choyxonada chanqov bosdi qilib o‘tirishibdi. Idoraga boraverishsinmi, aka? O‘zingiz kelasizmi? Ha-a... Xo‘p, xo‘p, aka...

To'liq:  Saqlab olish

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.