OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Malik. Dovonda (hikoya)

Biz mingan "Neksiya" Kitob bilan Samarqand oralig‘idagi Tahtiqoracha dovoni tomon borardi. Kechasi qor yoqqan, odamlar birinchi qor bilan bir-birlarini qutlar edi. Asfalt yo‘l hali sovub ulgurmagan, qor erib, bilchillab yotibdi. Haydovchilar ham, mashinalar ham hali sirg‘anchiq yo‘llarga o‘rganmagan. Osmon bulut, havo unchalik izillatmaydi. Ana shu iliqlik tufayli dovon sari yurgan edik. Xayolimizda dovon yo‘llari erib yotardi go‘yo. Tavakkal bilan dovon ostidagi postga ham yetib keldik. Yo‘l ochiq. Demak, tepada xatar yo‘q. U tarafdan ham moshinalar tushib kelyapti. Toqqa qor ko‘proq tushgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edik, hamma joyga bir tekisda tushibdi. Qatnov odatdagidan kamroq. Yo‘lni o‘zimizniki qilib, xotirjam chiqib boryapmiz.
Archalar shoxi qordan egilgan. Bahaybat qoyalarning qor tegmagan qovurg‘alari bulutlar orasida goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay qoladi. Tabiatning bu mahobati oldida o‘zimizni juda zaif sezamiz. Yurak junbushga kelib, gurs-gurs uradi. Bunday paytda har qanday odam Allohning qudratini o‘ylaydi, beixtiyor tafakkur qila boshlaydi.
    - Qaranglar, - dedi yo‘ddoshlarimizdan biri o‘ylarimni uqqandek, - Xudoyim necha millionlab tonna suvni osmonu falakka ko‘tarib qo‘yibdi. Birdaniga tashlab yuborsa bormi, hay-hay-y-y-y... O’zi mehribon, zarralarga bo‘lib, goh yomg‘ir, goh qor qilib yog‘diradi...
   - Ha, - dedi boshqasi ham hayajonini yashira olmay, - «Yerni bir to‘shak, tog‘larni esa yerni tutib turuvchi qoziqlar qilib qo‘ymadikmi», deb bejiz aytmagan.
   - Tasavvur qilinglar-a, - dedim men ham jim turolmay, - oxiratda mana shu qudratli tog‘lar bamisoli tuyaning junidek titilib, uchi-i-ib yurar ekan...
Dovon yo‘li aylanma. Bir aylanmadan boraturib, narigisini ko‘rib bo‘lmaydi. Bunday paytda haydovchilar ko‘pincha tavakkal qilishadi. Sezgilari, taxminlari o‘zlaridan oldinda yuradi. Ko‘z oldlarida bola-chaqalari turadi, qolaversa, biz kabi yo‘lovchi mijozlarni ham o‘ylash kerak. Shunday paytlari Xudo bergan umrning qanchalik omonat ekanini his qilishadi.
     Taxminimizcha, keyingi burilish bizni dovonga olib chiqishi kerak edi. Undan u yog‘i pastga tushish... Nimagadir haydovchilar chiqishdan tushish qiyin, deyishadi. Ha, odam bolasi ham shunaqa, safari qariganidan keyin...
Bizni dovonga olib chiqadigan navbatdagi burilish boshqalaridan ancha tik kelishini bilar edik. Ikki ming metrgacha ko‘tarildik. Bu yog‘iga ham chiqishga ishonchimiz komil edi. Qarshimizdan mashina kelmay qo‘ydi. Bir tomondan yurishimizga qulay bo‘lgani bilan, boshqa to-mondan yurakka xavotir solardi.
Ana, dovonga olib chiqadigan burilishga ham yetdik. Burildigu, o‘zimizni yo‘qotib qo‘ydik. Haydovchi yigit juda chapdast, o‘ktam ekan. Xuddi mashina orqaga ketib qolsa, ko‘kragi bilan tutib qoladigandek bag‘rini rulga berib, gazni bir me’yorda ushlay boshladi. Vahima qilib sal tezlatsa bormi, g‘ildiraklar chirpirak bo‘lib, yo‘ldan chiqib ketishimiz, sekinlasa, orqaga ketib... u yog‘iga tilim bormaydi... Yo‘lda uchragan mashinalar dovondan o‘tolmay, ortga qaytganlari ekan. Ha, aldanibmiz. Chekkaga chiqaylik desak, bir qarich ham joy yo‘q. Ro‘paramizda "mardmisan, yurib ko‘r" degandek bitta moshina zo‘rg‘a sig‘adigan yo‘lak. Usti muz. Hozirgina Alloxning qudratini ulug‘lab kelayotgan tillarimiz aylanmay qoldi. Bir mashina sirg‘anib, orqasi bilan to‘g‘ri biz tomonga tushib kelardi. Kelib urilsa bormi, biz boshqasiga... Xayriyat, Alloh asradi, bizga tegmay o‘tdiyu ko‘pchilik yopishib, to‘xtatib qolishdi. Ajabo, bizning mashina hamon oldinga bosardi. Bu narsa menga dalda bo‘ldi. Tilim kalimaga kelib qoldi. O’tirgan joyimda xuddi mashinani oddingga undagandek, bor ovozda: "La havla vala quvvata, illa billahil aliyul Az-i-i-i-m" deb to‘xtamay tasbeh ayta boshladim. Haydovchi yigit tinmay: "Ha, toychog‘im, ha, sherim, bo‘sh kelma, aylanay sendan, bo‘laqol, meni sharmanda qilma, o‘zingni yaxshi ko‘raman", deb yolborar, mashina chambaragini tinimsiz silab-siypalar edi. Men bo‘lsam: «Hay bola tushmagur, Xudoga yolborsangchi, axir bu bir parcha temir-ku», degim kelar, ko‘zim yo‘lda edi. Nazarimda, mashinaning g‘ildiraklari muzlamaga yopishib qolganu, pastga emas, yuqoriga qarab sirg‘alar, qandaydir kuch mashinani tepaga qarab tortar edi. Muzlama tuzog‘iga tushib, nima qilarini bilmay turgan yo‘lovchilar bizni hayron kuzatishardi. Go‘yo biz dor ustida tomosha ko‘rsatayotgandek... Chunki ular chiqolmagan dovonga biz chiqib borardik.
Xayriyat, xatar ortda qoldi. Dovonga chiqib oldik. Hozirgina ko‘rganlarimiz xuddi tushga o‘xshardi. Dovonda oftob charaqlardi. Subhanalloh, deb mashinadan tushdik. Bu yerdagi manzara yuragimizda hamon titrayotgan qo‘rquvni bir oz nari surib, o‘ziga tortdi. Tepamizda ko‘m ko‘k osmon. U naqadar tiniqva naqadar cheksiz... quyosh qo‘l cho‘zsa yetgudek yaqin. Voh uning nurlari... qarab bo‘lmaydi, yashindek ko‘zni oladi! Ammo issig‘i yo‘q. qor ko‘rpalari ustida kumushdek yaltiraydi. Bu maftunkor olam yana Qur’on oyatlarini yodga tushiradi: "Ustilaringizda yetti qavat mustahkam osmonni bino qildik. Va doimo charakdab turuvchi chiroqni - queshni paydo qildik". Ha, biz quyoshning bulutlardan tepada charaqlab turganini ko‘rib turardik. Hozirgina ustimizda xo‘mraygan bulutlar endi oyog‘imiz ostida qolib ketgan. Ular hov olis-olislarda bo‘y ko‘rsatayotgan tog‘ cho‘qqilari qadar yastanib, cho‘li malikni eslatar edi. Ammo bu cho‘li malik bezovta, qo‘y podalaridek yurib, dovonga ko‘tarilib kelar edi. Naqadar ajib manzara. Bulutning harakatini yerdan emas, tepadan turib kuzatish...
Biz bulutlarning bizgacha yurib, chiqib kelishini sabrsizlik bilan kuta boshladik. Ha, o‘zimizni bir bora bulutlar ichida ko‘rishni xoh-lab qolgan edik. Ana, ularning oldi momikdari chuvalib, dimog‘imizga nam havo urildi. Shu payt boshqa bir mo‘‘jiza ro‘y berdi. Shundoq tepamizdan, osmonu falakdan bir shamol tushib keldiki... shoshib o‘zimizni qoya panasiga oldik. Sovuqdan qaltirab ketdik. Oyog‘imiz tagiga kelib qolgan bulutlar xuddi oqqushlardek hurkib, pastga qarab qanot qoqardi. To‘lg‘onib, chayqalardi. Bulut ko‘rpasi olis-olislargacha qimirlab ketdi. Ko‘m-ko‘k osmondan o‘qtin-o‘qtin tushib kelayotgan kuchli shamol bulutlarni dovondan nari haydardi. Demak, ular o‘z suvlarini vohaga to‘kishi kerak. Hukmi ilohiy shunday! Sovqotdik. Mashina ichiga kirib oldik. Shunda haydovchimiz Husniddin shoirona lutf qildi:
- Boshqa sayyoraga kelib qolmadikmi, akalar?
Qanaqa «boshqa sayyora», ukam?! O’zimizning sayyora-ku bu! Ko‘rmaganmizmi hech? Ko‘rganmiz, faqat ibrat ko‘zi bilan boqmaganmiz! Aslida, har qadamda mo‘‘jiza, o‘zimiz e’tibor qilmaymiz, xolos.
Dovondan pastlab, Zarafshon vohasi tomon tushib borardik. Oldinda Samarqand... 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.