OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Samandar. G’ayb qushlari (hikoya)

Shayxning karomatlari Jo‘ji qulog‘iga chalingan, hali Urganjga yurish boshlamasidan oldinoq uning sehrlaridan xabar topgan edi. Daryoni ters oqizarmish, devlarni jilovlay olarmish, o‘zganing qo‘lidagi yopig‘ kitobni betma-bet o‘qirmish qabilidagi gaplarni avom tarqatgan deb birda ishonsa, birda ishonmas, ammo buyuk Hoqonning man-man degan shamanlari shayxning ilmiga tan berishlarini ko‘rib dilidagi gumon o‘rnini ishonch egallay boshlagan edi.
Urganj qamali boshlanib, uning darvozalariga yaqin yo‘lash mushkulligini va qap’a devori ustida har gal shayx paydo bo‘lganida cherik beixtiyor orqaga serpilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgach, bu ishonch diliga tag‘inda maxqamroq o‘rnashdi.
Qamal roppa-rosa yetti oy davom etdi. Chigirtkadek besanoq, qo‘shin yordamga kelgachgina qal’a darvozasi yemirilib, jang shahar ichkarisiga — mahalla-maydonlarga ko‘chdi. Har bitta mahallaning olinishi bitta qat’ani egallashdan ham mushkulroq kechganini ko‘rganida Jo‘ji tag‘in shayxning karomati haqida o‘yga toldi. Karomat deganda u inson botinidagi haybatning zoxiriga ko‘chib, odamlarni mutaasir etishini tushunar, xorazmliklarning yengilmasligini esa ana shu haybat ularning joy-joniga singdirilganida deb bilardi. Go‘yo har bir urganjlikning yuragiga shayx haybati jo bo‘lganday, shu haybat uni arslonga aylantirganday edi. Qani endi Jo‘jining qo‘lida ham shunday bir shayx bo‘lsayu, u har bir mo‘g‘ulning qalbiga arslon haybati va jur’atini joylab bersa...
Urganj deyarlik taslim etilib, qo‘shin Najmiddin Kubro xonaqosiga yaqinlashib borayotgan hozirgi asnoda bu orzu Jo‘ji qalbini tag‘in egallab oldi. Vaqt borida shayxga odam yuborib, agar u rozi bo‘lsa, boshini omon saqlab qolishni niyat etdi.
Ammo Jo‘jining niyati uning ukasi Chig‘atoyga yoqmadi.
— Shayx bizga aslo el bo‘lmas, — dedi u tundlik bilan. — Oning boshin kesmoq lozim.
— Boshdan boshning farqi bordur, — dedi Jo‘ji qizishib, — shayxning boshi ertan bizga asqatar.
Chig‘atoy bari bir o‘z aytganida turib oldi.
Bundan bir oycha muqaddam ham aka-ukaning orasida gap qochgan, Jo‘ji qancha avramasin, Chig‘atoy so‘zidan qaytmagan edi. Unda bahsga Chig‘atoyning jahdi, to‘g‘onni buzib, Urganjni suvga bostirish vasvasasi sabab bo‘lgan edi.
— Faqat shul yo‘l bilangina bu qaysar qal’ani taslim aylamoq va jazolamoq mumkin. — Chig‘atoyning oxirgi uzil-kesil so‘zi shu bo‘ldi.
— Yo‘q, dedi Jo‘ji. — Urganjni aslo suvga bostirmagayman, menga xaroba emas, balki boy va suluv qal’a darkor.
Jo‘jining bunday deyishi besabab emas edi, yurish oldidan Chingizxon unga Urganjni taslim et, u seniki bo‘lur, degan edi. Jo‘ji o‘sha kundan boshlab dovrug‘i yetti iqlimga ketgan davlatli va savlatli qal’aga egalik qilishni orzu etardi, axir. Chig‘atoy bo‘lsa...
Aka-uka o‘rtasidagi baxsni oxir-oqibat Chingiz o‘zi hal qildi.
— Urganjni Jo‘ji ham emas, Chig‘atoy ham emas, balki kenja o‘g‘lim taslim etur, — dedi u va shohzoda O’qtoyni xos qo‘shin bilan Urganj ustiga yo‘lladi.
Natija Jo‘ji o‘ylaganidek bo‘lib chiqdi, qal’ani ostin-ustun qilmay qo‘lga kiritishmoqda, buni otasining aqli va O’qtoyning uddaburronlgidan deb bilardi u.
Hozirgi bahsni ham O’qtoy to‘g‘ri yechadi degan umidda uning ko‘zlariga boqdi Jo‘ji.
O’qtoy amr etdi.
— Shayxga odam yuboring, ul zot oyoq ostida qolib ketmasun, qayga istar, onga ketsun.
Jo‘jining yuzi yorishdi. Zimdan Chig‘atoyga ko‘z tashladi. Uning yalpoq burni tag‘inda ichga botganday edi. Bu paytda hazrati shayx Najmiddin Kubro ochiq ayvonda yolg‘iz o‘ltirgancha og‘ir o‘yga tolmish edi. Savash ketayotgan guzar va maydonlardan qasir-qusur tovushlar, otlarning bezovta kishnashlari, na’ra va figon, adam va armonga, vahshat va nafratga to‘la nolalar eshitilib turardi. Bu qonli nidolar shayxning dil yaralarini tirnash barobarida so‘nggi mudhish voqealarni eslatib, xayolini uzoqlarga olib ketar edi. Shu asno shayx uzoq o‘ltirdi. Mahzun xayollar qa’rida daf’atan boshdan-oyoq oq-oppoq kiyingan, oq soqoli ko‘ksini qoplagan nuroniy siymo tag‘in yuz ko‘rsatdi. Xuddi bundan olti oycha muqaddam bo‘lganidek hozir ham uning muloqot istayotgani mungli yuz-ko‘zlaridan ochiq-ravshan ko‘rinib turardi.
O’shanda, birinchi mulokot paytida u (Xo‘jai Xizr) saltanat tanazzuliga ishorat aylagan, bunga sabab tarzida mamlakatda sodir etilgan sahv-gunohlarni, buzuqliklarni shayxning ko‘zlariga bir-bir ko‘rsatib bergan edi. Ahli musulmonning bir-birini qirishlari, saroydagi fisqu fasod, urug‘-aymoqlar o‘rtasidagi qon to‘kishlar, Chingizxonning hiyla-nayranglaridan esi og‘ayozgan Xorazmshohning ketma-ket sahv-xatolari oqibatida toju taxtda ro‘y bergan parokandalik xuddi ko‘zgudagidek aniq-tiniq ko‘ringan, saltanatdan omad ketganiga ishorat etilgan edi-da.
Mo‘g‘ullar qal’aga bostirib kirgan, yoshu keksani bir yoqdan qoniga belayotgan hozirgi asnoda Xo‘jai Xizr tag‘in paydo bo‘lib, shayxga dedikim, muridlaringga shahardan chiqib ketmoqlikka izn bergan eding, ammoki, ketganlardan qolganlar ko‘p bo‘ldi, endi olar shahidlik liboslarin kiygaylar.
Ko‘p iztirob bulutlari orasida kyoza-keza muroqaba holatidan chiqib olgan shayxi kabir beixtiyor osmonga ko‘z tashladi. Shundoq ediki, muroqabadan so‘ng shayxning ilk nazariga tushganlar tengsiz kuch-qudrat kasb etmay qolmas, ilojsizga iloj, ishonchsizga ishonch enmog‘iga shubha bo‘lmasdi. Bu gal shayxning nazari sa’vaga tushdi.
Sa’vani bir qarchig‘ay shiddat bilan quvib borar, ora daqiqa sayin qisqarib, qochayotganning madori quriyotgani va quvayotganning jahdiga jahd ko‘shilayotgani shayxga ayon bo‘lib turar edi. Shayx holdan toygan sa’vaga nazar solganlari asno manzara o‘zgardi, avvalinda ikkita qush o‘rtasidagi oratiq ochilib, sa’va o‘z raqibidan uzoqlasha boshladi, so‘ngra shaxd bilan orqasiga o‘girildi-da, daf’atan qarchig‘ay ustiga bostirib kelaverdi. Uning zabtiga dosh berolmagan qarchig‘ay orqasiga qayrilib qochaboshladi. Sa’va uni bir zumda quvib yetdi-da, zarb bilan qanotiga chang soldi. Ko‘p o‘tmay qarchig‘ayning qanotlari qayrildi. Sa’va uning kekirdagiga og‘iz solib, bo‘ynidan omburday qisgancha pastga o‘qday otildi va ko‘z ochib-yumguncha ayvon tepasiga kelib jonidan judo bo‘lgan qarchig‘ayni shayxning oyoqlari ostiga tashladi. Erkin-erkin silkinib oldi-da, yana yuqorilab ketaboshladi.
Ayyun oldidagi hovuz bo‘yida bu xolatni shayxning bir kism muridlari kuzatib o‘ltirgan edi, yaxshilikka yo‘yib, murshidga ta’zim bajo etgani ayvonga kirishmoqchi bo‘lib turganlarida mo‘g‘ul elchisi kelayotganidan xabar topishdi. Shayxni bundan ogoh etdilar. Sal fursatdan so‘ng shayx va elchi bir-biriga ro‘baro‘ bo‘lishdi.
Najmiddin Kubro o‘z holati va kiyimlarini o‘zgartirishga ulgurgan, go‘yo dorilomon zamonu shayx hozir jome’ masjidiga borib va’z aytadiganday vazmin va purviqor qiyofada o‘ltirar, orikdan kelgan, qotma, echkisoqol elchi esa bundan taajjubga tushganini bilintirmaslikka urinsa-da, ijirg‘anganini yashirolmay tajang holda shayxdan uch qadamcha narida tik turar, orqasida o‘z qorovullari taroq tishlaridek bir tekis tizilishgan edi. Sassiq ter hidi shayxning dimog‘iga urilar ekan, ko‘ngli ayniy boshlaganini yashirib, xo‘sh, nima demoqchisan, deganday unga ko‘z qirini tashladi.
— Buyuk shahzoda istayurki, shayx oyoq ostida qolmasun, — gap boshladi bo‘g‘iq ovozda elchi, — dedikim, shayx aytsun, neki ixtiyor aylar, bajo etilur.
Taajjub, yog‘iy qal’a ahlini molday so‘ysayu uning shayxiga «marhamat» ko‘rsatishga jur’at aylasa, xalq boshqayu shayx boshqa, deb o‘ylarmi, bu nokaslar?!
Shayxning yuzida istehzo paydo bo‘ldi. Lekin savolga yarasha javobi deganday bosiqpik bilan elchiga yuzlandi.
— Men bir o‘zum emasman, sheriklarim bordur.
«Marhamat»ni shayx bajonidil qabul qiladi, deb o‘ylagan shekilli, elchi o‘ylanib qoldi va boshi qotib xo‘jayinlari oldiga jo‘nadi.
Muridlar ustozga savol nazari bilan boqdilar. Ularning ko‘nglidan nimalar kechayotganini hazrat ko‘rib-anglab turardi. Muridlarning kunglida savol hozirgina aytilgan «sheriklarim bordur», degan so‘zdan tug‘ilganini, buni turlicha anglash, elchining taklifiga qo‘yilgan shart deb ham, ayni paytda raddiya deb ham tushunish mumkin edi.
Ularni arosatga solguvchi boshqa bir jihat yo‘q emasdi. Bundan bir oycha muqaddam, Urganjni ortiq himoyalashning mushkulligi ayon bo‘lib qolgach, shayx turli qal’a va kentlardan kelib o‘z huzurida muqim makon tutgan muridlariga shaharni tark etishga izn bergan, ular esa uchqur otni hozirlab, ustozni olib ketish tadorigini ko‘rishgan, piri murshid bu taklifni qat’iyan rad aylagan edi. Ustozning bir so‘zliligini bilsalar-da elchiga berilgan javobdan muridlar biroz taajjubga tushgan edilar. Ularning ko‘nglini aniq ko‘rib turgan shayx na bir so‘z der, na botinidagini zohiriga chiqarar edi.
Sukut to elchi ikkinchi bor kelgunigacha davom etdi. Muridlar uning qaytib kelishi haqida o‘ylab ko‘rmaganlari yuz-ko‘zlaridaga taajjubdan sezilib turardi. Murshidi a’zam bo‘lsa elchining takror kelishi, nima deyishini oldindan bilgani sabab so‘zla, deganday unga sinchkov nazar tashladi. Elchi dedi:
— Shahzoda ma’lum etadurlarkim, yuz kishingizni olib istagan tomonga ravona bo‘lgaysiz.
Shayx yuzida tag‘in faqat muridlargagina ayon bo‘lgan istehzo ko‘rindi. Ular bildilarki, hazrat taklifni rad aylagay. Ammo ular o‘ylaganday bo‘lib chiqmadi. Murshid yana elchini gangitib qo‘ydi.
— Yuz kishi dersiz. Odamlarim ondin ko‘pdur.
Elchi tag‘in orqasiga qaytib ketishga majbur bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay qaytib keldi-da:
— Xo‘p, ming kishini yoningizga oling, — dedi go‘yo katta iltifot ko‘rsatganday kerilib.
Ersa shayx dedi:
— Yo‘q, men yurtimni, xalqimni tashlab hech qayon ketmasmen. Yaxshi-yomon kunida birga bo‘lgan xalqim ila bir tomchi qonim qolgunicha birga bo‘lurmen! Shu vatanda tug‘ilibmiz, shu vatanda o‘lurmiz!
Bu gapdan, tabiiyki, elchi g‘azabga mindi va xonaqohdan o‘qday otilib chiqib ketdi.
Muridlar hazratning niyatini endi aniq bildilar va bir kuni asqatar deb tog‘dan keltirib qo‘yilgan toshlarni, yarog‘larni qo‘lga olaberdilar.
Hazrat bu paytda yetmish besh yoshda edi, lekin g‘o‘ch yigitlarday o‘rnidan dast turib, kamarni belga mahkam bog‘ladi.
— Azizlarim, — dedi muridlariga, qarindosh-urug‘lari, yori-birodarlariga qat’iyat bilan, — ayonki, yog‘iy so‘zun qabul aylab, vatandin chiqib ketar bo‘lsak, jonimiz omon qolgay va begona ellarda bo‘lsa-da o‘zumizga yarasha martaba topgay erdik. Ammo vatansiz martaba martaba, yurtsiz hayotdin hayot bo‘lgaymi?! Magaram o‘z elimizda qolur esak, yog‘iyga xizmat yelkamizga tushmay qolmagay. Bizim yelkamiz tog‘ni ko‘tarur, ammo bu isnodni ko‘tara bilmas. O’z yurtingda o‘zgaga tobe bo‘lub yashagandin o‘lgan yaxshidur!
Muridlaru xeshu aqrabolar javob berdilar:
— Ul hayotdin o‘lim afzaldur, hivz-ul vatan, min al-iymon! Vatanni muhofaza aylamoqlik iymon belgisidur, degan yuqoridagi ahdu paymon hazrat o‘zi asos solgan Kubraviya tariqatining asl mag‘zi edi, barchasi unga sodiq qoldi, ko‘plar savash maydonida shahid ketdilar, qolganlar, mana, o‘limni bo‘yinlariga olib, jangga kirmoqlikka izn kutib turmoqdalar.
Ularning shiddatlarini ko‘rib shayxning ko‘nglidan bir fikr kechdi. Qani Xorazmshohda, oning atrofidagilarda ham shunday iymon, e’tiqod bo‘lsaydi, a’yonlar bir-birlarining tagiga suv quyish o‘rniga yog‘iy ildizlarin quritmoqlikka jahd aylasalar, Jaloliddin Manguberdiga imdod qilsalar erdi, vatan bundoq kunfa-yakun, xalq bundoq xoru zabo‘n bo‘lmas, bil’aks, yog‘iyga sichqonning ini ming tanga bo‘lg‘ay erdi!
Jaloliddinni o‘ylar ekan, shayxning ko‘ngliga ishonch to‘lkini indi: Inshoolloh, Jaloliddin Manguberdi yog‘iyning dodini bergay, jasur avlodlar vatanni dag‘i ozod va obod aylagaylar!
Shu o‘y bilan hazrat o‘z diliga tugib qo‘ygan niyatini amalga oshirishga kirishdi. Ichkari kirib sarosimada o‘ltirgan ayollar holidan xabar oldi, mo‘ltirab turgan bolalarning boshlarini siladi. Vodarig‘, hademay bu farishtalarning-da boshlarida yang‘oq chaqurlar, qay birlarini qatl aylab, qay birlarining qo‘l-oyoqlariga qullik zanjirlarini bog‘lamoq bo‘lurlar. Ammo yog‘iy anglamaski, olarning qariyalaridin tortib norasidasigacha bosh egib yashamoqlikdin tik turib o‘lmoqlikni afzal bilurlar!
Valitarosh o‘z diydasida halqalangan yoshni jigarporalaridan yashirdi, ayollarning kurblari bunga yetmadi, ular ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib, hazrat etagini so‘nggi bor peshonalariga surtdilar. Ko‘rdilarki, uning qo‘yinlari va hamyonlarida ham toshlar bo‘rtib turadur.
...Shayxning uzil-kesil javobidan keyin O’qtoy va Chig‘atoylar shayx endi o‘zidan ko‘rsin deb otga minaverishdi. Jo‘ji ham noiloj uzangiga oyoq qo‘ydi.
Shayx xonaqohga qamalib oldi, qopularni buzamiz, deb o‘ylashgan edi. Biroq o‘zlari tomon qilich yalang‘ochlab kelayotgan bir qism otliqlarni ko‘rib, bu shayx va uning odamlari ekanligini sezishdi.
Ora tobora qisqarib, qirq-ellik chog‘li otliq yuzlagan qo‘shin domiga tushayotgan asnoda yana bir mo‘‘jiza Jo‘ji qalbini larzaga soldi. Osmoni falakda lak-lak qushlar paydo bo‘lib, maydon uzra uvvos solgancha tinmay charx uraboshladi. Mo‘g‘ullar shuncha jang qilib bunday holga duch kelishmagani sabab hayratlanib ko‘kka o‘q uzaboshladilar. Lekin o‘qlar qushlarga yetib bormas, ora-chira borganlari ham nishonga tegmas edi.
Ikki tomon bir-biriga yaqinlashib qoldi. Qilichbozlikka chog‘langan mo‘g‘ullar daf’atan tosh bo‘roniga duch keldilar. Toshning bunday zarb bilan otilishini umrida ko‘rmagan mo‘g‘ullar sarosimaga tushib birin-ketin otdan qulay boshladi.
Chiyillagan qushlar qo‘shin ustiga tobora yaqinlashib kelar, to‘p-to‘p otliqlarga chang solmoqchi bo‘lar, qanotlaridan chiqqan tovushlar o‘q va kilich saslariga, otlarning hayqirig‘iga qo‘shilib, dahshatli sadoga aylanar edi.
Jo‘jining ko‘zi o‘ng qanotda shiddat bilan qilich sermayotgan yoshi ulug‘ suvoriyga tushib qoldi, viqoridan bildiki, shayx o‘sha. O’sha! U go‘yoki zabardast yigitga mengzab na’ra tortar, o‘ng qo‘lida qilich o‘ynasa, so‘l qo‘li bilan qo‘ynidan tosh olib tinmay raqibiga otar, qilichi mo‘ljalga, toshi nishonga tegmay qolmas edi. Jo‘jining ko‘nglida birdan bu shayx jodu bilan qo‘shinning ko‘zini bog‘lab qo‘ygan degan xayol keldi. Keldiyu hayrati nafratga, qiziqishi g‘azabga aylandi. Xos cherigini uning ustiga tashladi.
Kamon o‘qining zahmi va qilich zarbidan oxiri shayx quladi, qulayotib mo‘g‘ul tug‘chisi qo‘lidagi bayroqqa chang soldi, uning bir parchasini yirtib — uzib oldi.
So‘nggi nafasda ko‘kka nazar tashlagan shayxi kabir o‘z boshi uzra charx urayotgan sonsiz-sanoqsiz qushlarni ko‘rdi, ularning orasida hali o‘z nazari tushgan qushni, qarchig‘ayni qiyratgan sa’vani ilg‘ab oldi, go‘yo o‘sha bitta sa’va yuztaga, mingtaga aylangan, ularga lochinlaru burgutlar qo‘shilib, dunyodagi jami qushlarga sado berayotganday, bari qanot sohiblarini o‘z saflariga chorlayotganday edi. Shayxning ko‘zlarida so‘nggi bor umid uchqunlari yiltiradi.
Mo‘g‘ul shahzodalar Najmiddin Kubro jasadi ustida paydo bo‘ldilar. Uning panjasidagi tug‘ parchasini olishga buyruq berdilar. Jallodlar qancha urinmasinlar, uni olabilmadilar. Shayx barmoqlarini kesgachgina uzuq-yuluq nimtalarni yig‘ishtirib ololdilar. Bu endi bayroq emas edi...
Qushlar yuqorilab ketaboshladi. Gala-gala, aylanib-aylanib uchaboshladi. So‘ngra galalar birlashib, ko‘k yuzini qoplab oldi. Kutilmaganda yomg‘ir quya boshladi. Bu haqiqatan ham yomg‘irmi yoki ko‘qda charx urayotgan kushlarning ko‘z yoshlarimi yoxud oq qushlar timsolida manguberdilar ko‘ksidan otilgan qasos yog‘inlarimi, mo‘g‘ullar farqiga bormadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.