OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. Kiprikdagi yosh (hikoya)

FIRDAVS: Meni bu yerga qachon, qay ahvolda olib kelishganini bilmayman.
Ko‘zimni ochsam, oti ham, o‘zi ham sovuq «reanimatsiya» xonasida yotibman.
Eniga besh, bo‘yiga uch quloch keladigan, shiftiyu devorlariga oppoq kafel yopishtirilgan xona. Devordagi bir juft neon lampasi, xona burchagidagi dori-darmonlar, sonsiz-sanoqsiz shisha idishlar solingan oynavand shkaf va xona o‘rtasidagi uchta bahaybat karovatni aytmasa, bu yerda diqqatni tortgulik boshqa hech vaqo yo‘q.
Men o‘rtadagi karovatda ko‘z ochdim. Chap tarafimdagisi bo‘sh. O‘ng tarafda esa kimdir yotar, lekin u tirikmi, o‘likmi, aytish qiyin edi.
Men ko‘zimni ochdimu, avval qaerda ekanligimni anglayolmadim, angrayib u yoq-bu yoqqa qaradim va yana yumdim. Tepamda kimlardir g‘o‘ng‘ir-g‘ung‘ir qilayotgandek bo‘ldi.
— Anavi kinoaktyor, shekilli? — dedi ayol kishining ovozi. — Oti nimaydi?
— Firdavs Sharipov-da, tanimadingizmi? — shivirladi ikkinchi ayol.
— Voy, hali bor ekan-ku qamalibmi, o‘libmi ketgan deyishardi, — qo‘shildi uchinchi ayol.
Avvaliga ularning meni taniganlariga hayron bo‘ldim. Keyin kinoaktyorligimni esladimu, bu yerga qachon va qay ahvolda kelib qolganim yodimga tushdi...
Aniq esimda, bundan o‘n-o‘n besh kuncha burun kimdandir kinorejissyor Solihovning men bilan qiziqayotganini, yangi olayotgan filmiga taklif qilish niyatida ekanligi haqida eshitgan va ochig‘i, quloqlarimga ishonmagandim. Meni-ya?!
Qadrdon studiyamizga kirib borayotsam, qorovul yigitcha sapchib o‘rnidan turib. «O‘v! qayoqqa?» — deb to‘xtatdi. «Men aktyorman», — dedim. U boshdan-oyoq menga qarab qo‘ydi-da, turqimmi, eski ko‘ylak-shimimmi, yoqmadi shekilli, burnini jiyirib «Sizdaqa aktyorni bilmayman», — dedi.
Bir ko‘nglim «Men kinoyulduz bo‘lib yurgan paytlarimda sen ishtonchan bola eding, so‘tak!» — deb yoqasidan olgim keldi-yu, kechagina qamoqdan chiqqan sobiq mahbus sifatida o‘zimni bosdim va «Meni kinorejissyor Solihov chaqirtirgandi», — dedim.
U «Solihov Surxondaryoda, s’yomkada, haftaning oxirida keladi», — dedi.
— Direktor-chi? Shamsiev o‘zidami? — so‘radim undan.
— To‘ra Shamsievich shu yerdalar, lekin bugun hech kimni qabul qilmaydilar, — qo‘llarini yozdi qorovul.
— Meni aytsang qabul qiladi, — dedim men direktorni mensimaganroq ohangda.
Qorovul yigitcha hayron bo‘lib telefon raqamlarini terdi va trubkani olifta harakatlar bilan qulog‘iga tutib, iljaydi.
— Svetaxon, qalaysiz? Oydekkina bo‘lib o‘tiribsizmi? Rahmat, rahmat. Mana, sizni hech kim olib qochib ketmasin deb eshik oldida poylab o‘tiribman — qorovul yigitcha do‘rdoq lablarini kuvacha qilib kuldi-da, menga ko‘z qirini tashlab qo‘yib dedi: — Bu yerda bir artist To‘ra Shamsievichni ko‘rishim kerak deb turibdi. Ha... Men ham shunaqa, u kishi qabul qilmasalar kerak desam, «Meni aytsang qabul qiladi», — deb tepamda turibdi-da! — u shunday deb xo‘mrayib menga qaradi. — Otingiz nimaydi?
Aytdim. Shunisi qiziqki, o‘sha zahoti qorovulning turqi o‘zgardi, trubkani menga uzatdi va «Telefondan foydalanganingiz uchun yuz so‘m», — deb shipshib qo‘ydi. Men uning sur basharasidan yuzimni burib, trubkani oldim.
— To‘ra, bu men. Firdavs akangman, — dedim salom-alikni ham nasiya qilib, — Solihov so‘ratgan ekan. Xabaring yo‘qmi?…
Afsuski, simning u tomonidan studiya direktori xotinchalish tovushda nimalardir deb ming‘irladi. Keyin «Uzr, bugun qabul qilolmayman. Boshqa kuni bir keling», — deb trubkani qo‘ydi.
Hang-mang bo‘lib qoldim. «Vey, sening oldingga kelmadim-ku, nomard? Shunchaki, eski tanish-bilishligimiz haqqi salom-alik qilgim keldi xolos.»
Shu xil xayollar bilan Novza tarafga ketayotsam, uch-to‘rtta operator, muharrir yigitlar pivo ichib gurunglashib o‘tirishgan ekan. Taklif qilishdi. Ichdik. Pivoga aroq aralashdi. Aroqqa pivo... Shundan keyin studiyaga qaytdikmi-ey.., qorovul yigitcha ularni kirgizmayman dedimi-ey. Men uni tumshug‘iga musht tushirib yiqitdimmi-ey, qisqasi, ichkaridan To‘ra Shamsiev chiqib kelgani va menga qarab, «Agar hozir bu yerdan ketmasangiz, qolgan umringiz ham turmada chirib ketadi», — degani esimda...
Allamahalda uyga qaytdim. Uyga yetib keldim-u, mazam qochdi. Nafasim siqib, havo yetishmay qoldi. Ko‘kragimda chidab bo‘lmas og‘riq paydo bo‘ldi va eshikni ochayotib behush yiqildim. U yog‘ini eslayolmayman...
PARIZOD: Navbatchilikka kelsam, hamshira qizlar «Reanimatsiya xonasida kinoaktyor yotibdi», — deyishdi. Talabalik paytlarimizda juda mashhur bo‘lgan Firdavs Sharipov ekanligini bilib hayron bo‘ldim. Qaradim. O‘laqolsa o‘xshamaydi.
Jingalakka moyil sochlari oqarib ketgan, ozib, qoraygan yuzlariga ajin to‘r tashlay boshlagan, qoqsuyak yigit. Bir paytlar ko‘zlari katta-katta, qaddi-qomati kelishgan, yoqimtoy yigit edi.
Ayniqsa, yaxshi ko‘rgan qizi va o‘sha yerda tog‘ ko‘chkisi tagida sevgilisini quchoqlagancha tosh-tuproq ostida tiriklay ko‘milgan qahramon yigitga o‘shanda, biz qizlar, havasimiz kelar va oshiq-ma’shuqlarning bu ayanchli qismatiga achinib ko‘z yosh to‘kardik.
Mana bugun yuraklarimizni larzaga solgan o‘sha artist yigit men ishlaydigan «reanimatsiya» bo‘limida, shundoqqina qarshimda yotibdi.
Navbatchilikni topshirayotgan, qabul qilib olayotgan hamkasb qizlar u haqda g‘alati-g‘alati gaplarni aytib berishdi.
Emishki, Firdavsning xotini juda go‘zal, u ham aktrisa ekan. Bir kuni uni jazmani bilan ushlab olibdi va ikkovini so‘yib tashlabdi. Shundan keyin qamalib ketgan deyishadi.
Qay biri chin, qay biri yolg‘on, aytish qiyin. Lekin, baribir, har holda shundoq ma’lum va mashhur odam mana hozir karovatda chilparchin bo‘lib yotibdi. Kasali og‘ir. Oxiri nima bilan tugaydi, biron nima deb bo‘lmaydi. Bunaqa soatlarda esa hech narsaning ahamiyati qolmaydi. Na shon-shuhrat, na mol-davlat, na husnu malohat. Hammasi bir pulga qimmat.
FIRDAVS: Qip-qizil tomoshaqovoqqa aylandim-qoldim.
«Reanimatsiya» xonasi bir qaraganda ikkiga bo‘linganga o‘xshab ketadi. Karovatlar turgan xonaning ro‘parasi oynavand devor bilan ajratilgan. U yerda har kuni oq, ko‘k xalat kiygan qiz-juvonlar ko‘rinishadi. Nimalarnidir gaplashishadi, kulishadi, shivir-shivir qilishadi, men tarafga tez-tez qarab qo‘yishadi, keyin tarqalishadi.
Sezaman. Ko‘proq ular men haqimda gaplashadilar. Keyingi kunlarda diqqat markazida bo‘lib qolganim sir emas. Turgan gap, men, mening kinolarda o‘ynagan rollarim va albatta, xotinimning xiyonati, uni jazmani bilan tutib olganim va o‘ldirganim, keyin qamalib ketganim haqidagi oldi-qochdilarni gapirishadi.
Xotinimning qadam bosishi bejoroq ekanini u studiyaga ishga kelgan kezlariyoq sezgan va lekin bunga o‘sha paytda ortiqcha e’tibor bermagandim. Nimayam deysiz? Artistlarning hayoti o‘zi shunaqa bo‘ladi. Yarim hazil, yarim chin qilib aytganda, bugun «shoh» bo‘lsang, ertaga «gado»san, bugun kimningdir «eri»ni o‘ynasang, ertaga «o‘ynash»ini talqin etasan! Qismating shunaqa! Shu sabab, men ham xotinimni tushunishga harakat qilardim. Lekin, u ishonchimni poymol qildi.
Kuz kunlarining birida qandaydir melodramani suratga tushirish uchun Chimyon tarafga otlanishdi. O‘zim kuzatib qo‘ydim. Oradan uch-to‘rt kun o‘tmay, havo birdan sovib ketdi. Shaharda shunchalik, tog‘larda beshbattar bo‘lsa kerak degan xayolda xotinimning issiq jemferi, mo‘yna yoqali kurtkasini olib yo‘lga chiqdim. Chimyonga ming azobda yetib keldim. Qarasam, jimjit. S’yomkalar uch kun oldin to‘xtatilgan, hamma uy-uyiga qaytib ketgan ekan. Hayron bo‘lib qoldim. “Unaqada nega xotinim uyga bormadi? Uch kundan beri qayoqda bo‘lishi mumkin?” — degan savol meni dovdiratib qo‘ydi. Xorazmga ketgandir desam, o‘zi u yoqdan qaytganiga hali o‘n kun bo‘lmadi. Mashinamga minib yana shaharga qaytdim. Rejissyorga qo‘ng‘iroq qilsam, «Havo aynigani munosabati bilan hammaga ruxsat bervorganman. Yanglishmasam, xotiningiz Ilyosovning «Volga»sida ketganday edi», dedi.
Ilyosov deganlari studiyaga yaqinda kelgan, yosh iste’dodli artistlardan biri edi. Olifta, hammaga bir qarich tepadan qaraydigan yigit birinchi ko‘rganimdayoq yoqmadi. Surishtirib uyiga bordim. «Bo‘stonliqda, dachadalar», — deyishdi. Yuragim qandaydir noxushlikni sezib, tog‘ yo‘liga chiqdim. Topib bordim. Daryo bo‘yidagi daraxtzor orasiga joylashgan ikki qavatli dacha ekan. Men Ilyosovni va xotinimni shu yerda ushladim... To‘shakda bir-birlariga chirmashgancha orom olib yotganlarida ustilariga bostirib kirdim.
Ular buni kutishmagan edi, albatta. Vajohatimni ko‘rib baqrayib qolishdi.
Xotinim choyshabga chala-chulpa o‘ralgancha burchakka tiqilib oldi. Ilyosov avvaliga qochishga urindi, keyin buning foydasiz ekanligini sezdi, shekilli, qo‘liga ilingulik narsa qidirib orqaga chekindi. Men esa tikka ustiga bostirib boraverdim. U dag‘-dag‘ qaltiragancha oynavand «balkon» yonida to‘xtadi. Shundagina uning qizlarnikidek chiroyli, shahlo ko‘zlarida qo‘rquv emas, balki, kishini haqoratlaguvchi istehzo zohir bo‘lganini sezdim-u, unga qarab yana uch-to‘rt qadam qo‘yganimni bilaman, xotinim «Tegmang», — deb yelkamga yopishdi. Uni uloqtirib tashlab, Ilyosovga otildim. Bir vaqtlar «Qotillikda ayblanadi», — filmiga tushish uchun maxsus taekvando kurslarida shug‘ullangandim. Shu qo‘l keldi. Bir sakrashda Ilyosovning jag‘ini ezdim. «Balkon»ning oynavand derazasi qarsillab sindi. Ilyosov shisha siniqlari bilan birga suvsiz, qurib yotgan marmar «basseyn»ga gursillab tushdi va «oh» tortib yuborgani eshitildi.
Men orqaga o‘girildim. Ko‘zlari dahshatdan olaygan xotinim qochishga urindi. Uning sochlaridan g‘ijimlab, sudrab ko‘chaga olib chiqdim va mashinamning yukxonasiga tiqdim. Gazni bosdim...
Ertasiga meni ushlashdi. Ilyosov kecha marmar «basseyn»ga yiqilgandayoq boshi pachoqlanib til tortmay o‘lgan, xotinim esa tongotar mashinam yukxonasida qolib esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan ekan. U shundan keyin ham anchagacha o‘zini jinni-sang‘iga solib yurdi. Ana shu yerda uning artistligi qo‘l keldi, nazarimda.
Meni esa qamashdi. Qamoqda ekanligimda xotinim boshqa birovga turmushga chiqib, Xorazmga ketganini eshitdim.
PARIZOD: Aksiga olib har kuni navbatchilikda turishimga to‘g‘ri kelib qoldi.
Hamkasb dugonalarim o‘zi bilan o‘zi. Matluba turmushga chiqadigan, to‘yi harakatida, Zaynabning bolasi kasal, Saida bo‘lsa otpuskada, Farg‘onaga ketgan. Kunbotardan tongotargacha «reanimatsiya» xonasida navbatchilikda o‘tiraman.
Baratov degan bir bemor chol bor edi. Urush qatnashchisi. Ikki oyog‘i tizzadan yo‘q. Ikki qo‘li ishlamaydi. Lekin shunga qaramay, nihoyatda irodali edi. Miq etmas, shiftga tikilgancha yotaverardi. Ko‘p o‘tmay uni harbiy gospitalga olib ketishdi.
Ikkinchi bemor — Xurramov degan o‘rta yoshlardagi kishi esa uzoqqa bormadi. Uch kun yotdi-yu, o‘ldi. Olib chiqib ketishdi.
Hozircha artist Firdavs Sharipov qoldi xolos. U ham uzzukun shiftga tikilgancha xayol surib yotadi. Gaplashgim keladi. Lekin noqulay! Bir kuni ukol qilayotganimda gapdan-gap chiqib, bir o‘ynagan roli haqida so‘radim. U gapirishni istamadi. Xotini bilan birga rol o‘ynagani uchun eslagisi kelmadimi, bilmadim?...
FIRDAVS: Har kuni ro‘paramdagi katta oyna bilan to‘silgan xonada yengil kalta oq xalat, shim va oq shapkacha kiyib olgan qiz nimalardir yozib, chizib o‘tiradi.
Ora-chora mendan xabar oladi. Dori-darmon beradi. Muolaja qiladi. Yeb-ichishim bilan qiziqadi. Shundan keyin yana xonasiga kirib olib, yo kitob o‘qiydi, yo menga tikilgancha o‘tiraveradi.
Juda chiroyli qiz. Ko‘zlari xumor. Qaddi-qomati kelishgan. Juda yoqimli jilmayadi. Kulganida hammayoq yorishib ketgandek tuyuladi. Dugonalari unga «Pari» deb murojaat qilishlaridan, ismi «Farida» bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Yo‘q, «Parizod» bo‘lib chiqdi. Ismi jismiga munosib. Ertaklardagi parizodlarning o‘zi! Qaysi kuni o‘zim ham tikilib qolibman. Shunchalar qora, shunchalar tiniq, shunchalar chuqur ediki, bu ko‘zlarning tub-tubiga cho‘kib borayotgandek edim, nazarimda.
PARIZOD: Bugun beshinchi kun «reanimatsiya»daman. Bittagina og‘ir kasal bor. U ham bo‘lsa, Firdavs Sharipov.
Bechorani juda qiynab yuborishdi. Hali yotgan joyida qon olishadi. Hali yonboshiga, hali qo‘liga, hali qorniga son-sanoqsiz ukol qilishadi, bilagiga igna sanchib, soatlab dori tomchilatib qo‘yishadi. Qiynalib ketdi sho‘rlik. Ba’zan, «Men bu yerga xuddi tajriba uchun olib kelingan quyonga o‘xshayman», — deb ma’yus kulimsirab qo‘yadi.
Qaysi kuni uning bir jild kitobga o‘xshab qolgan kasallik tarixini varaqlab o‘tirib yuragim orqaga tortib ketdi. Unga qo‘yilgan tashhis aniq. O‘pkasi ishdan chiqqan, faqat baquvvat yuragi, kuchli dori-darmonlargina uni kiprikdagi yoshdek ushlab turibdi. Juda rahmim keldi. O‘zi bo‘lsa... o‘ziyam bilsa kerak, lekin sezdirmaydi. Hayron qolaman. Aslida-ku, uning og‘riqlariga odam tugul, fil ham bo‘kirib yuborishi kerak...
FIRDAVS: Hamshiralarning yuz-ko‘zlaridan, gap-so‘zlaridan bugun tibbiyot xodimlari bayrami ekanligini sezib qoldim. Shundan keyin, Parizod navbatdagi analizlarni olib chiqib ketgan paytda o‘rnimni xuddi odam yotgandek do‘ppaytirib qo‘yib, tashqariga chiqdim. Havo salqin. Reanimatsiya binosi ro‘parasidagi kichkinagina gulzor jimjit edi. Besh-oltita gul yulib olib, bo‘sh shisha bankaga solib, Parizod o‘tiradigan xonadagi stol ustiga qo‘yib, yana joyimga yotib olguncha qaro terga botib ketdim, yuragim hapqirib, o‘pkam og‘zimga tiqilib qoldi. Arang o‘rnimga chiqib yotdim. Juda holdan toyganim uchunmi, uxlab qolibman. Qancha yotdim bilmayman, bir mahal qarasam, Parizod ro‘paramdagi oynavand xonada yolg‘iz o‘zi oldidagi gullarga tikilgancha xayolga cho‘mib o‘tiribdi...
PARIZOD: «Bugun tibbiyot xodimlari kuni, bayram. Istasangiz, navbatchilikni boshqa birovga topshirishingiz mumkin», — deyishdi. Ko‘nmadim. Nega endi meni deb birov bayram zavqidan, shu bir kunlik dam olish kunidan mahrum bo‘lishi kerak. Qolaversa, negadir shu kuni, shu kecha ham reanimatsiya xonasida qolgim keldi. Buni kim qanday tushundi, bilmadim. Rost-da, nima mening uyimda yig‘lab yotgan bolam, yo ishdan kelib, «Ovqat pishdimi?» — deydigan erim bormidi?!
Tushdan keyin, hamma bayram sayli o‘tkaziladigan shahar xiyoboniga ketishdi. Men va yana besh-olti kishi qoldik. hamshiralar, sanitarkalar bilan laboratoriyada tushlik qildik. Xonaga qaytib kelsam, stolim ustida suv solingan shisha banka ichida besh dona qizil atirgul cho‘g‘dek bo‘lib yonib turibdi. G‘alati bo‘lib ketdim. Kim qoldirgan, kim olib kelgan bo‘lishi mumkin, aqlim yetmadi.
Oynavand devor orqali reanimatsiya xonasiga qaradim, Firdavs Sharipov hamon uxlab yotibdi...
FIRDAVS: Parizodni bayram bilan tabrikladim. U hayron bo‘lib qoldi.
— Qaerdan bilasiz — so‘radi u kipriklarini pirpiratib.
— Siz bilmagan ko‘p narsalarni bilaman, — dedim jilmayib.
— Hovlidan gul o‘g‘irlab, stol ustiga qo‘yishniyammi? — dedi Parizod.
— Sizni tabriklagim keldi, — dedim nima deyishni bilmay, — buning ustiga yolg‘iz o‘zingiz... Xuddi men biron yoqqa qochib ketadigandek poylab o‘tiribsiz. Qo‘limdan kelganda-ku, boshqacha tabriklardim-a?
— Qanaqa? — hayron bo‘ldi Parizod.
— Masalan, — dedim men, — bitta konyakmi, shampanmi, tortmi olib kelib...
— Unisi shart emas, — bosh chayqadi Parizod, — bu yer kasalxona. Mumkin emas.
— Nega? Yilda bir kun ham mumkin emasmi? — afsuslangandek dedim men. — Essiz, oxirgi marta qachon shunaqa o‘tirganimni eslayolmayman.
Parizod indamadi.
— Yuz yil yashash shart emas, — davom etdim men, — loaqal bir soat, yarim soat bo‘lsa-da, odamdek yashash kerak. qaerdadir o‘qigandim. Toshbaqadek azobda sudralib ikki yuz yil yashagandan ko‘ra, kapalakdek ertalab dunyoga kelib, kechqurun ko‘z yumgan ham ma’qul ekan...
— Bunaqa gaplarni qo‘ying, Firdavs aka, — asta shivirladi Parizod.
PARIZOD: Firdavs akaning gaplarini eshitib g‘alati bo‘lib ketdim. Beixtiyor, uning «Kasallik tarixi»dagi beshafqat yozuvlarni esladim va o‘rnimdan turdim:
— Yaxshi, — dedim sekin, — bugun bayram qilamiz, Firdavs aka…
FIRDAVS: Parizod so‘zining ustidan chiqdi. Kechasi karovatim yoniga g‘ildirakchali stolcha olib keldi. Shampan qo‘ydi. Likopchalarda pirojniy, olma, anor, non, qadahlar...
PARIZOD: Firdavs akani tanib bo‘lmay qoldi. U birdan o‘zgarib ketdi. Yuziga qon yugurib, ko‘zlari chaqnadi, lablariga tabassum yugurdi. Ammo na uning o‘zi, na men bu holat shamning o‘chishi oldidan bir alanga olib yonishiga o‘xshash ekanligini bilmasdik. Men buni sezardim. Ammo...
Shampan vinosi ta’sir qildi shekilli, unga men yaxshi ko‘rgan yigit yaqin dugonamga uylanib ketgani, ham sevgimdan, ham sevgilimdan, ham dugonamdan judo bo‘lganim haqida so‘zlab berdim. Nega bilmayman?
Firdavs aka esa menga tikilib qoldi va dedi:
— Nomard yigit ekan. Xafa bo‘lmang, bunaqalar eslashga ham arzimaydi…
Keyin u boshini qo‘llari orasiga olib chayqadi va shivirladi:
— Men esa umr bo‘yi sizga o‘xshagan qizni topolmay o‘tdim…
— Unaqa demang, uyat bo‘ladi, — dedim uning sochlarini silab.
U bo‘lsa beixtiyor bilaklarimdan ushlab bag‘riga tortdi.
—    Unaqa qilmang, qo‘yvoring, — yolvordim men…
FIRDAVS: Parizod burgut changaliga tushgan qushcha misoli pitirlay boshladi. Arang o‘zimni qo‘lga oldim. «Kechiring», — dedim-u, qo‘yib yubordim va qilg‘iligimdan uyalib teskari qaradim…
PARIZOD: — Kechiring, — dedi Firdavs aka asta.
Chidab turolmadim. Shartta qadahlarga shampan quyib uzatdim.
— Keling, uchrashib qolganimiz uchun ichamiz, — dedim shivirlab.
Firdavs aka hayrat bilan menga qaradi. Uyalganimdan yuzlarim lovillab ketdi. Ko‘zlarimni olib qochdim.
— Mayli, lekin juda kech... Shunisi alam qiladi...
Men o‘zimni tutolmay qoldim. Bo‘ynidan quchib, lablariga lablarimni bosdim. Sochlarim yoyilib ketdi...
— Bu birinchi marta, birinchi o‘pishishim, — dedim ko‘zlarimga yosh to‘lib.
Firdavs aka ingrab yubordi...
FIRDAVS: Buni kutmagandim. Bu guldek nafis, guldek nozik, guldek muattar qizning bag‘rimga singib ketishi, g‘uncha lablarini lablarimga bosishining o‘zidan hayratda edim. Sochlari majnuntol misoli yuz-ko‘zlarimga yoyilgan, sharshara tagida cho‘milayotgandek edim go‘yo...
Ichimga o‘t tushgandek bo‘ldi. Nafasim qaytib ketdi. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, boshim aylana boshladi.
Sutdek oppoq daryoda qayiqda suzib ketayotgandek his qildim o‘zimni.
PARIZOD: Azobli tong otdi. Kim bilsin, balki, u kimlar uchundir takrorlanmas, go‘zal bir kechaning xotimasi bo‘lgandir? Lekin men uchun shirin og‘riqlarga to‘la, iztirobli tong bo‘ldi…
Birinchi bo‘lib davolovchi vrach, keyin bo‘lim mudiri, boshqa hamshiralar kelishdi. Xonaga kirishdi. Chuqur uyquga ketgandek yotgan Firdavs akaning karovati tepasida to‘xtashdi.
— O‘ldimi? — dedi bo‘lim mudiri menga qaramasdan.
— Ha, — dedim ko‘z yoshlarimni ichimga yutib.
— Shunaqa bo‘lishi kerak edi, — dedi davolovchi vrach, — kuni, soati, hatto daqiqalarigacha to‘g‘ri keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shu kecha vafot etishi kerak edi...
Hamma chiqib ketdi. Men yana bir lahza Firdavs akaning yonida qoldim. Uning ganchdan ishlangandek oppoq yuzlariga, allanechuk sirli bir tabassum qotib qolgan rangsiz lablariga tikilgancha qancha turdim bilmayman.
«Ajab? — deya o‘ylanib qoldim shu lahzalarda. — Uning o‘limi qachon, qay paytda sodir bo‘lishi allaqachon hisob-kitob qilib qo‘yilgan ekan-da. Qiziq, o‘zi bilarmidi? Nazarimda, bilardi. Bilmasa ham, ichki bir tuyg‘u bilan his qilgan bo‘lishi kerak. Aks holda, uning lablarida baxtli emas, iztirobli tabassum muhrlanib qolgan bo‘lardi...»

* * *

Ertasiga bemor Firdavs Sharipovning «kasallik tarixi»ga uning og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etgani haqidagi xulosalar qayd etilib, yopildi.
Hamshira qiz Parizod esa uch-to‘rt kun ishga kelib, kelmay yurdi-yu, keyin boshqa kasalxonaga ishga o‘tib ketibdi, degan gap tarqaldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.