background
logotype

Erkin Usmon. “Bitta odam ortiqcha” (hajviya)

Ertalab. Bekat. Avtobus tiqilinch. Yo‘lovchilar uning ustiga chiqqudek bo‘lib osilmoqda. Qiy-chuv, shovqin-suron...
— Sal suriling, aka! E, yashang, yana bir santimetr!..
— O‘v, sekinroq! Ko‘z qayoqda, oyoqni ezding-ku, nomard?!
— Qani, qani, yana jindek surilinglar-chi, azamatlar! Bitta yaxshi odam qolib ketmasin!
— E, qayoqqa chiqaman? Oyoq qo‘yadigan joy yo‘q-ku, amaki!
 — Shu-u... aptobusni rezinkadan ishlab chiqarilsa bo‘lmasmikan-a! Hammamiz sig‘ib ketardik!..
Bularga qo‘shimcha mikrofon orqali gapirayotgan haydovchining bo‘g‘iq tovushi quloqqa chalinib qolardi:
 — Agar eshiklar yopilmasa, hech qayoqqa qimirlamayman!..
Boz ustiga qo‘liga bir dasta pul ushlab olgan baqaloq chiptachi xotin ham hali old, hali orqa eshik oldida chirqillagani-chirqillagan edi:
— Yo‘l haqi to‘lashni unutmanglar! Avtobusga sig‘may qolganlar xafa bo‘lishmasin. Orqadan boshqasi kelyapti... Ho-oy, sizni chiptangiz qani yaxshi, yigit? Qani, qani, tez-tez qimirlay qolinglar! Grafik buzilmasin. Orqa eshik yopilmaguncha avtobus yurmaydi. Chiqinglar, chiqa qolinglar!..
 — Qayoqqa chiqamiz, opa? — deyman bo‘g‘ilib. — Tomiga chiqib bo‘lmaydi-ku, axir?
— Bunisi mening ishim emas, — deydi u. — Chiqinglar! Bo‘lmasa, ortiqcha yo‘lovchilar tushib qolishsin!
— To‘g‘ri aytasiz, — hiringlaydi eshikka osilib turgan talaba yigitchalardan biri. — Shu, bitta odam ortiqchalik qilib turibdi-da!
— Kim ortiqcha? — do‘rillab bo‘ynini cho‘zadi uning orqasida osilib turgan barzangi yigit.
— Sizni aytmayapman-ku, aka, — bo‘ynini qisadi talaba yigitcha.
— Qani azamatlar, yana bir urinib ko‘raylik! Qolgan-qoldi, ketgan-ketdi! — xitob qiladi boshqa bir yo‘lovchi.
... Hansirash, chiranish, inqillash, oh-uh boshlandi va nihoyat eshiklar g‘irchillab arang yopildi. Avtobus yo‘lga tushdi. Bir bekat yurdi, ikki bekat. Negadir baqaloq chiptachi xotinning ovozi eshitilmay qoldi.
— To‘g‘ri, bitta odam ortiqcha ekan! — yengil nafas oldi yo‘lovchilar...

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.