OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. Va’da (hikoya)

Qishloq fuqarolar yig‘inining navbatdagi majlisi yarim kechagacha cho‘zildi. Aytilmagan gap qolmadi, eski zovurni tozalash bormi, mahallaning yo‘lini asfaltlash kerakmi, barchasini aytildi. Gapiraman degan ko‘p, lekin biror ishni bo‘yniga olib “Kelinglar, shuni birgalashib bajaraylik, odamlarga yengil bo‘lsin”, deydigan kishi yo‘q. Maslahat berishdan osoni yo‘q-da.
Shu payt sobiq maktab muallimi, hozir nafaqada bo‘lgan Dadash muallim o‘rnidan irg‘ib turdi. Endi gap boshlagan Yo‘ldosh maxsumning “Bizning machitda tarnov yo‘q, qishda chakka o‘tgani-o‘tgan...” deb boshlagan gapi bo‘g‘zida qoldi. Dadash muallim hokimlikdan ham vakillar ishtirok etayotganini, o‘zining gap-so‘zlarini diqqat bilan etishayotganini ko‘rib dadillashdi. Ko‘pdan beri ko‘ngliga tugib yurgan dardlarini to‘kib soldi.
— Men nafaqaga chiqqan keksa odamman, — dedi u tovushi titrab. — “Xudoyim, berganiga shukr”, deb jimgina uyda o‘tirishim ham mumkin. Bola-baqra o‘zi bilan o‘zi bo‘lgan, bilasizlar. Lekin, jim o‘tirolmadim. Nega? Chunki, qishlog‘imiz ko‘chalaridan o‘tgani uyalasan, kishi. Yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotganini hamma biladi-yu, bilmaslikka oladi. Bu yo‘llar yozda chang-to‘zon, ko‘klamda ko‘llaydi-yotadi. Shu yo‘llardan o‘zimizning farzandlarimiz, nevaralarimiz ming azobda maktabga, bog‘chaga qatnashadi. Nega shuni ko‘rib turib, ko‘rmaslikka olamiz?..
Dadash muallim gapirgan sari ovozidagi titroq yo‘qolib, o‘zini erkin tuta boshladi. Har holda, o‘ttiz yil bir jamoaga rahbar bo‘lib kelgan odam emasmi, salmoqlab, joy-joyiga qo‘yib gapirardi domla. Zal ham allanechuk jimib qolgandek edi. Keyin ivir-shivir, jonlanish paydo bo‘ldi, yig‘ilganlar qarsak chalib yuborishdi. Bu muallimning so‘zlarini qo‘llab-quvvatlashmidi yoki “Bo‘lar endi, qisqaroq qiling!” deganlarimidi, aytish qiyin. Shunga qaramay, Dadash muallim gapini davom ettirdi.
— O‘sha ko‘chalardan kechasi o‘tishga qo‘rqadi, kishi. Atrof biyday dala. Bir tomon jarlik, chakalak... Nahotki, o‘sha yerlarga sim tortib, to‘rtta simyog‘och o‘rnatish qiyin? — dedi u.
Zalda kutilmaganda qarsak yangrab ketdi. Dadash muallim buni ko‘rib yana jo‘shib ketdi.
— Hammangizning xabaringiz bor, bir necha kundan beri uylarimizda suv yo‘q. Nima emish, vodoprovod quvuri yorilgan emish! Xo‘sh, buning uchun kim javob beradi? Nega endi xotin-xalaj, yosh bolalar chelak ko‘tarib bir chaqirim naridan suv olib kelishi kerak? Bunga mutassadi o‘rtoqlar marhamat qilib javob berishsin. Aytaman desa, gap ko‘p. Bolalar bog‘chasi ham, maktab ham bir necha yillardan beri ta’mirtalab bo‘lib yotibdi. O‘zim bir necha bor xonalarga chelak qo‘yib, dars o‘tishga majbur bo‘lganman. Yaxshi emas bu, o‘rtoqlar! Xonadonlar tinch bo‘lsa, mahalla-ko‘y, qishloq tinch bo‘ladi. Mahalla-ko‘y osoyishta bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Hammasi bir-biriga bog‘liq narsalar. Shularning harakatini qilaylik!..
Ha, maxsumning gapini bo‘lib qo‘ydim, uning gapiyam chin machitning ham kuzu bahorda qora yomg‘irda shiftidan chakka o‘tadi.
Zalda yana qarsak yangradi. Shundan keyin hokimiyat vakili, basavlat yigit so‘z oldi. Yigit kattalarga xos salobat bilan gapini Dadash muallimni maqtashdan boshladi, domlaning gaplarini tasdiqladi.
— Yaxshiyam oramizda Dadash muallimga o‘xshagan kuydi jon, halol odamlar bor. Ulardan o‘rnak olib, aytilgan masalalarni bajarish kerak. Sizlarning mahallangizdan o‘ndan ziyod fan nomzodlari, doktorlar yetishib chiqqan, el taniydigan, hurmatlaydigan odamlar tuman, viloyat miqyosida ko‘p. Shunga munosib bo‘lish kerak, — dedi hokimiyat vakili, so‘zini davom ettirib. — Har bir gapimiz amaliy natijasini topsin. Domlaning shu gaplaridan so‘ng, qo‘l qovushtirib o‘tirmaylik-da, maxsus guruh tuzaylik. Ana shu xayrli ishlarni amalga oshirish uning o‘ziga topshiriladi. Nima yordam kerak bo‘lsa, mana, fermerlar, tadbirkorlarimiz bor. Ular ham savobli ishdan o‘zini olib qochmas. Qolaversa, biz bor. Faqat bu ishlarni kim bo‘yniga oladi? Masala shunda. Hech kim va’da berib, shu ishga men bosh bo‘laman, demaydi. Yo bormi?
Zal jimib qoldi. Ko‘pchilik, hatto yuqorida o‘tirganlar ham beixtiyor Dadash muallimga qarashdi. Muallim o‘rnidan turdi va
— Bo‘ldi! Tushundim, men shu ishni bo‘ynimga olaman, — dedi. —Faqat yonimda tursalaringiz bo‘ldi...

* * *

Oxir-oqibat, maxsus ishchi guruh tuzilib, unga Dadash muallimning o‘zi rahbar qilib tayinlandi. Shu bilan majlis tugadi. Zaldan chiqib kelishayotganda hamqishloqlar Dadash muallimni tabriklashdi, kimlardir istehzoli kulimsiradi, iljaydi, kimdir sherigiga ma’noli qarab qo‘ydi.
O‘sha kundan boshlab Dadash muallimning nomi qishloqdagilarning tilidan tushmay qoldi. Ba’zi bir qitmir odamlar har ko‘rganlarida “Ko‘chalarimizga qachon chiroq o‘rnatiladi, domla?, “Yo‘llarimizga qachon asfalt yotqiziladi, muallim?” deydigan bo‘lishdi. Hatto, “Sizga shu tashvishlar nima kerak, Dadash aka? O‘zingizni ko‘rsatmoqchi bo‘ldingizmi? Kerak odam o‘zi qilib oladi!”, deganlar ham bo‘ldi...
Dadash muallim ishni qishloq yo‘lini asfalt qilishdan boshlamoqchi edi, ammo... Avvalo, o‘sha kungi tuzilgan guruh tarqalib ketdi. Hamma o‘z tirikchiligi bilan ovora. Ularni yig‘ish qiyin: birovini topsa, boshqasi yo‘q. Muallim noiloj yoniga bir-ikkita yigitlarni olib o‘zi ishga kirishdi.
Asfalt zavodining boshliqlaridan biri sobiq o‘quvchisi Mansurjon ekan. Suyunib yoniga kirdiyu, hafsalasi pir bo‘lib chiqdi.
— Yaxshi gap, domla, — dedi Mansurjon jilmayib. — Asfalt tayyor. Pulini o‘tkazib bersalaringiz, bugun olib borib yotqizib beramiz. Ammo... qishloqni bilaman. U yo‘llardan mashina yurolmaydi. Avval, o‘sha o‘nqir-cho‘nqirlarni tekislash, shag‘al yotqizish kerak. Keyin bemalol...
— O‘v, shogird, sen qishloqning yo‘li og‘ir, o‘nqir-cho‘nqir deysan. Bu gaplarni men ham bilaman. Ana shuni tuzatishga kelganda birov ”miq” etmaydi. Sen ham shu yerning odamisan. Pulini berish bo‘lsa, beramiz. Xudodan jon qarz bor, bo‘tam. Sunbulaga omon-eson yetsak, ikki kam saksonga chiqaman. Menga nima zaril deysan. Shu... bizdan keyingilar biz yurmagan yo‘llardan yursa deymiz-da. — Dadash muallim so‘nggi gaplarini chetga qarab aytarkan, xuddi o‘ziga o‘zi gapirgandek, xayolchan edi.
Mansurjon Dadash muallim aytgan gaplardan tuyqus ta’sirlanib ketdi. Katta idora, bu yerga kimki keladigan bo‘lsa, bir davo bilan keladi. Hammasi ham gapga yetar odamlar, ammo... bundaylarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan sobiq o‘quvchi domlaning ko‘nglidagi ezgu niyatlarni chuqur his etdi.
Va ikki kun deganda qishloqning ko‘chasiga shag‘al kelib tushdi. Odamzodning tabiati qiziq-da: bir ish boshlanmaguncha bir tiyin berishi qiyin. Dadash muallim Soliboy fermerni shag‘al to‘kayotgan mashinalarning oldiga boshlab keldi. Yig‘ilib turgan besh-o‘n qari-yosh bilan Soliboy so‘rashgach,
— Ishlar katta-ku, malim, aytgan gapingiz chin ekan-da-a? — dedi kulib.
Shu gapni kutib turgan Dadash muallim o‘ylab turganini aytdi:
— Soliboy, siz ham hokimlikning vakili oldida bizning guruhga a’zo bo‘lgandingiz, bajaramiz, qilamiz, degan edingiz. Mana, shag‘al tushdi. Asfalt ham yotqiziladi. Sizda vaqt yo‘q, bilamiz. Lekin buning hisob-kitobi bor, sizni shunga chaqirdik. Yig‘ilib turganlarning barisi fermerning og‘ziga qarab turar, buni sezgan, ayni damda bu gapni kutmagan, aniqrog‘i ishning bunchalik jiddiy tus olganiga ishonmagan Soliboy bir oz jim turdi-da, gapning bo‘larini aytdi:
— Tushunarli, domla, yigitlarning birovi zavodning shartnomasini olib borsin, pulini o‘tkazib beraman. Sizning gapingiz bizga qonun! Faqat asfaltning puliniyam qo‘shib yozivormasin, domla. Boshqa savob talab do‘stlar xafa bo‘lishadi, — dedi kulib.
— Ey, otangga rahmat! Mana, o‘g‘il bolaning gapi bo‘ldi-da bu. Qani, hey, musulmonlar, qo‘l ko‘taring, shu yigitga bir duo beraylik...
Yig‘ilganlar duoga qo‘l ochdilar.
Yakshanba kunlarining birida hamqishloqlarini hasharga chaqirdi. Chiqqan chiqdi, chiqmagan yo‘q. Maktabdan yuqori sinf o‘quvchilarini ham jalb etdi. Belkurak, ketmon, zambil tashkil qildi. Ikki hafta deganda yo‘llar tekislandi.
Rostdan ham birgina Soli fermerga ham shag‘al, ham asfaltning malol kelishi aniq. Shu boisdan Dadash muallimni tag‘in o‘y bosdi. Xuddi o‘zining uyiga qurilish boshlagandek bezovta edi domla. O‘zidagi bu o‘zgarishdan o‘zi ham hayron edi. Domla endi mahalla raisi To‘lqin Raximovning maslahati bilan yig‘ilgan majlisda shu gapni qo‘zg‘adi. Natija yomon bo‘lmadi. O‘zimiz uchun, qolaversa, savob uchun degan gaplar bejiz ketmadi. Odamlar hali bu gaplarni biladi, e’tiqodi bor hali bunday narsalarga. Bo‘lari gap ham shu-da. Dadash muallimning bolalik do‘sti Nosir bobo “Bir qo‘zili sovlig‘im bor, shuni beraman, nevaralar maktabdan qaytganda qiynalmasin,” dedi. Aslida Nosir bobo bu gapni aytarmidi-yo‘qmi, majlisdan bir kun oldin Dadash muallim uning uyiga kelib, “Nosir, jo‘ra, endi bir qo‘llaysan. Bilasan, ko‘pning oldida va’da berib qo‘yganman. Baliq bilar, baliq bilmasa Xoliq bilar, xullas...” deb gapni pishitgandi. Ikki qariyaning muddaosi o‘sha... Zora...
Ko‘pniki — ko‘l, deganlar. Qishloqning oldi tadbirkorlari bo‘lgan aka-uka Sanabekovlar garchi, hozir tuman markazida yashasalar-da, majlisda otasi va’da berganini eshitib, asfalt zavodga pul tashlab beradigan bo‘lishdi. Va hokazo...
Saf-saf mashinalarda asfalt kelgan, traktorlar uni yotqizib tekislay boshlagan kunlari qishloqda naq bayram bo‘lib ketdi.
Qisqasi, yo‘l bitdi. Yo‘lki, quling o‘rgilsin. Endi shunday yo‘l qorong‘i bo‘lib yotsa yarashmas, axir. Simyog‘ochlarni kimdir “O‘zimizda terak bisyor. Shundan tortib qo‘yaylik”, dedi. Bu gap ko‘pchillikka ma’qul keldi. Ammo Dadash muallim bo‘y bermadi.
— Hov anavi urushdan keyingi yillarda shunday edi. Teraging o‘n-o‘n besh yilda chiriydi, qurt yeb shamolda birovning ustiga ag‘anab ketadi. “Padaringa la’nat, senday tok tortgichlarni” deb orqangdan so‘kish eshitib yurasan hammang. Uzoq bo‘lsayam, yo‘l yaxshi, degan mashoyixlar. Sement stolba kerak bizga. Hali bu yerlar qishloq bo‘p ketadi. Shunda shulardan foydalanadi. Birov el oshib ko‘chib kelmaydi, bu yerlarga. O‘zimizning bolalar ko‘chib uy soladi. Gap tamom. Terak simyog‘och bo‘lmaydi.
Dadash muallim to‘g‘ri aytayotgandi. Shu sabab mahalla guzar-guzar bo‘lib o‘zlariga tegishli joyga sement simyog‘och topadigan bo‘ldi. Albatta biror joyda o‘sib turmaydi bu matoh. Pul yig‘ishdi, traktorga ortib, sudratib kelishdi. Tuman elektr idorasi odam yubordi. Mutaxassislar simyog‘ochlarni o‘rnatib ketishdi. Buni ko‘rib Dadash muallim xursand bo‘ldi, ko‘zlariga yosh keldi.
Endi bog‘chayu maktabni ta’mirlatishga kirishmoqchi edi, eski kasali qo‘zib, yotib qoldi. Maorifdagilar “Domla, charchadingiz. Buyog‘ini o‘zimizga qo‘yib bering. Vaqti-soati bilan bo‘ladi”, deb uni tinchlantirishdi.
Ana o‘sha kunlarning birida qishloq klubida bajarilgan ishlar yuzasidan majlis chaqirildi, hokimlikdan ham odam keldi. Qishloq fuqarolar kengashini, uning raisini maqtovlarga ko‘mib tashladi, ayniqsa, Dadash muallimni “tinib-tinchimas otaxon” deb unga rahmatlar yog‘dirishdi. Hatto so‘z olgan maktabning hozirgi direktori hazillashib “Dadash aka, biron ellik yildan so‘ng nomingizni maktabga qo‘yamiz, deb yurgandik, endi mahallaga qo‘yiladigan bo‘ldi,” dedi. “Nega ellik yil?”, degan gapga “Dadash aka bizga mana shu qurilishlarning hammasini bajarib bermaguncha u yoqqa javob yo‘q-da, qolaversa, yana ellik yillar biz bilan birga yuradi”, deb hammani kuldirdi.
Tantanali yig‘ilishdan keyin ziyofat boshlandi. Fuqarolar kengashi ziyofatga katta tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Qo‘y so‘yildi, osh tortildi. “Asfalt bo‘lgan yo‘llar, chiroqlar nuridan charog‘on ko‘chalar uchun” qadahlar ham ko‘tarildi. Buyog‘iga kuy-qo‘shiq, raqs avjiga chiqdi. Qars-badabang bazm anchagina davom etdi.
Dadash muallim ko‘z o‘ngida bo‘layotgan bazmga qarab o‘tirarkan mahallaning birorta to‘yida bunday shod-xurramlik bo‘lmasligini bexos anglab qoldi. Ha, odamlarni quvontirish uchun ko‘p narsa kerak emas. Boshini biriktirib turishsa, bas. Shu kabi o‘ylar bilan ko‘p qatori o‘tirgan muallimning birdan ko‘kragi sanchdi. O‘tib ketar degan o‘y bilan ko‘ksini silab, chuqur nafas oldi. Bo‘lmadi. Hech kimga sezdirmay tashqariga yo‘l oldi. Yonidagi Nosir bobo “Ha, Dadash?” degandek, qarash qildi. Muallim ko‘zlarini baravar yumib-ochib “Hozir qaytaman” ishorasini qildi. Ammo Dadash muallim davraga qaytmadi.

* * *

O‘sha oqshomda Dadash muallimning yuragi sanchgani, klub binosidan chiqib qorong‘i burchakka kelib cho‘kkalagani bor gap edi. Hatto kimningdir uning yonidan o‘tayotib, “Ko‘p otivoribdi-da, ishni qilgan birov, mast bo‘lib maishat qilgan birov”, deya muallimni tanimay o‘tib ketgani ham rost edi. Ovozidan pastki qishloqlik Sarvar traktorchi ekanini u uzoqlab ketgach payqadi domla. “Tanimadi”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi, muallim. Ha, Sarvar domlani tanimadi, ehtimol kayfi bordir. O‘lib-tirilib shag‘al tashigan, simyog‘och tashiganlarning biri shu Sarvar edi.

* * *

Dadash muallim o‘ziga kelmadi, o‘zi aytgandek sunbula o‘tib, ikki kam saksonga kirganida, kunlar salqin tortgan bir kunda omonatini topshirdi. Tuman markazidan uyiga olib kelishganida ham hushyor edi. Tepasida turgan o‘g‘liga tikilib boqdi -keyin Nosir jo‘rasiga qarab ikki og‘izgina gap aytdi muallim:
— Nosirbek, jo‘ra, bir yilcha burun ko‘pning oldida va’da bergandim. Bir qismini bajardim. Endi buyog‘iga o‘zing bosh bo‘l. Endi mening ilhaq bo‘ladigan boshqa ishim yo‘q.
Dadash muallimni qishloqning qabristoni tomon olib o‘tayotgan mashinalar tekis -asfalt yo‘ldan yelib borishar, hammaning ko‘nglidan birdek gaplar kechayotgan edi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 29-sonidan olindi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.