background
logotype

Eshqobil Vali. Qabul (hajviya)

Boltaboy beydjigini unutibdi. Yakshanba oqsho­mini o‘tkazguncha Chori aka ich-etini yeb qo‘ydi. Xotini undan eshitadiganini eshitdi.
Chori aka dushanba saharmardonlab o‘g‘lining kollejiga yo‘l oldi.
U kollejning keksa qorovuliga «Boltaboyni ko‘r­moqchi edim» deb maslahat solgan edi, unga direktor qabulxonasi imlab ko‘rsatildi.
Chori aka o‘ng‘aysizlanib qoldi. Bitta beydjik uchun katta odamni bezovta qilish noqulay-da… O‘zi shu be­fahm xotinida ham kalla yo‘q-da, o‘larmidi Boltani kiyimlarini oqshom saranjomlasa?!
U ikkilanish bilan «Qabulxona» yozuvli eshikni ichkari itardi. Eshik ochilmadi, qattiqroq niqtovdi, birov ichkaridan eshikni teskari itarib ochdi. Bu yoshgina, qo‘ng‘izmo‘ylov, qotmadan kelgan boshliq yordamchisi edi. U Chori akaga iltifotsiz «Keling!» deya chorladi. Chori aka o‘zini yo‘qotib, talmovsiradi:
– Haligi, haligi… O‘g‘lim Boltani ko‘rmoqchi edim…
– Kurs? Guruh? – kalondimog‘larcha g‘udrandi o‘tir­g‘ichga yastangan qo‘ng‘izmo‘ylov.
– Shu… mana shunisini qoldiribdi-da… uyda. Ha­ligi… o‘zbekchilik, tashvish ko‘p… Enag‘ar xotin ish bilan bo‘lib esidan chiqaribdi... – Chori aka beydjikni qo‘ynidan chiqarib ulgurmadi. Direktor xonasining eshigi g‘ichirlay boshlagan edi, qo‘ng‘izmo‘ylov tok urgandek sapchib eshik oldida paydo bo‘ldi. Yordamchining qiyofasi to‘satdan o‘zgarib, labida tabassum jilvalandi. U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib tavoze’ holatida turdi. Boyagi dag‘dag‘adan asar ham qolmadi. Ammo eshik ochilmadi.
Shu payt Chori akaning yonginasidagi qo‘ng‘iroq qattiq jiringladi. U seskanib ketdi. Ko‘z qirini qo‘n­­g‘iroqqa tashlar ekan, tanaffus bo‘lsa, Boltani ko‘rarman degan fikr miyasida «yalt» etdi. U yordamchidan ruxsat so‘rab chiqmoqchi bo‘ldi, ammo qo‘ng‘izmo‘ylov g‘oyib bo‘lgan edi. Chori aka sekin eshikka qarab qadam tashladi. Xuddi shu payt qo‘ng‘izmuylov direktor xonasidan chiqa solib: – Amaki, ismi-sharifingiz?! – deganicha uni to‘xtatdi:
– Men Boltaboyning otasi – Chori akaman.
– Familiyangiz?
Chori aka aytdi.
– Nima maqsadda keldingiz? Xizmat joyingiz? Lavozimingiz?
– O‘g‘limni ko‘rmoqchiydim…
– Nima ish qilasiz? – ishshaydi qo‘ng‘izmuylov.
– Men rais… – Chori aka gapini tugatolmadi. "Portlovchi" qo‘ng‘iroq qo‘ng‘izmo‘ylovni ichkari yo‘lladi. U yozayotgan qog‘ozchasini ham olib kirdi.
«Direktorga endi nimani gapiraman… Qishloqqa boray, shu enag‘ar xotinni!»… – Chori aka ko‘nglini mu­shuk timdaladi. U qabulxonada bir choynak choy qay­­naguncha vaqtcha qadalib qoldi. Nihoyat, eshikda qo‘ng‘izmo‘ylov ko‘rindi. U «Ey rais buva, qani mar­hamat, uzr!» deganicha supurgilandi. Chori aka dastlab anglolmadi: uni rais deyishayaptimi? U o‘y­lab ulgurmasdan qo‘ng‘izmo‘ylov tashqari eshikni ochib «Mehmonxonaga!» deb mulozamat qilib turardi. Chori aka asabiylashdi:
– Hov, jo‘ra! Men rais emasman.
– Shef buyurdilar! Mehmonxonaga! Choy? Qahva?
Chori aka yo‘lakka chiqishga majbur bo‘ldi. Qo‘n­g‘izmo‘ylov yonboshdagi eshikni ochib ulgurgandi. U ko‘z­larini peshonasiga qadaganicha, takrorladi:
– O‘ting, o‘tiring! Marhamat! Hozir!
– Jo‘ra! Men rais emasman, pangatlik Boltaboyning otasiman.
Ammo qo‘ng‘izmo‘ylovning ko‘zlari tamomila peshonasiga bitib ulgurgan va u hech narsani eshitmas edi.
– Shef besh daqiqada chiqadilar. Sizga qahva quyaymi? – O‘zinikidan qolmasdi qo‘ng‘izmo‘ylov.
– Qahvani qo‘ya tur, jo‘ra…
Chori akaning so‘zi yana chala qoldi, qo‘ng‘izmo‘ylov g‘oyib bo‘ldi. U o‘tirg‘ichning bir chekkasiga omonat o‘tirdi-da, mehmonxonani kuzata boshladi. Nazarida xonaning loyi sutga qorilganday edi. Pardalar qaerdandir esayotgan hur-hur shamoldan uchib ketaman deyayotgan qaldirg‘ochni eslatardi.
Shu payt eshik tovushsiz ochilib, chiroyli qiz qahva kiritdi-da, muloyim gapirdi:
– Marhamat, bemalol!
– Qizim, men o‘g‘limni beydjigini bermoqchi edim. Nazarimda, meni birov bilan adashtirishayapti…
Qiz bir lahza jim qotdi-da, tabassumini saqlagan holda, javob berdi:
– Yo‘q, yo‘q, amaki. Kim va nima ish bilan kelgan bo‘lsangiz ham shef choysiz qaytarmaydilar.
– Izzat uchun ming rahmat-u, ammo qishloqdagi mollar hovlida qoldi…
Chori aka terlab ketdi. Kotiba qiz chiroyli, qo‘­g‘irchoq ko‘zlarini tez ochib-yopdi-da «Hozir!» dega­nicha eshik romiga yopishtirilgan tugmani bosib «Mehmonxona shoshilayapti!» deb qo‘ydi. Chori akaning miyasiga yarq etib fikr keldi, u qizni to‘xtatdi:
– Qizim, men ham shuytib gaplasha qolay…
Qiz hayron boqdi:
– Qanday qilib? Kim bilan?
– Ana u – yaponkallani bosqichini bosib…
Qiz bir unga, bir eshik romidagi tugmachalarga qaradi, so‘ngra chiroyli jilmayib, mayin gapirdi:
– Hozir shef keladilar… Ana, eshiklari ochildi.
Qiz chiqdi. Chori aka «…Uh xotin, uyga boray…» deya g‘udranganicha o‘tirg‘ichga cho‘kib ketdi. Direktor kirdi. Chori aka talpinib o‘rnidan turgach, u bilan so‘rashildi. O‘g‘il-Boltaboy so‘ralgan bo‘ldi, ammo tashrif sababi surishtirilmadi. Direktor – qo‘ng‘izbomba tusli edi; Chora akaning qishlog‘ida ko‘rinishi pachoq, qaddi-basti ham, qo‘li ham kalta, ammo yarashiqsiz ko‘p chiranadiganlarni shunday atashardi...
 Ular gurung qila boshlashdi:
– Xo‘sh, binolarimizdan qanday taassurot oldingiz?
Savol Chori akani hushyorlantirdi. U o‘zini tutib gap boshladi:
– Hali ko‘rib ulgurmadim, lekin mehmonxonani soz­labsiz…
Chori aka ko‘zi bilan xonaning shiftiga, devorlariga imo qildi.
Direktor bir tamshanib oldi – Chori akaning gapi unga yoqqan edi:
– Ha endi, zamonadan ortda qolmaylik, deyapmiz. Buni «evroremont» qildik. Metr kvadratiga o‘n besh mingdan ketdi…
– O‘zimizning ustalar qildimi barini?
– Bo‘lmasamchi. Samarqandlik yigitlar. Ular fa­qat maxsus joylarni, banklarni, idoralarni pardozlashadi. Shundan narxi ham qimmat… Qani, qahvadan iching.
Chori aka qahva ho‘plagan bo‘ldi. Direktor zerikarli gap boshladi.
– Bilimgohimizning o‘n yettita xonasini alohida did bilan, antiqa tusda ta’mirladik. Hozirda nafaqat shahar yoki viloyat, balki respublika miqyosidagi tadbirlar ham bizning binolarimizda o‘tadi. Yaqinda xalqaro «Silliqlik harakati» o‘z majlislarini o‘t­kazdi…
Chori aka direktor qo‘llagan inglizcha so‘zlarni tushunmay qolaverdi. U qaddini tiklab, «yumronqoziqqa aylandi», tomoq qirib oldi – go‘yo diqqat bilan tinglayotganligini qayd qildi.
– Nasib qilsa, «Ta’sis» va boshqa tizimlardagi bir nechta muassasalar bizning markaziy binomizda ekologik interventsiya xususida brefing o‘tkazishadi…
Direktor o‘z gaplaridan miriqayotganligini yashirmas, Chori akaning hayratdan baqrayib qolgan ko‘zlarini yanada kengaytirmoqchi bo‘lganday – adl tutgan qomatini nutqining ohangiga moslab, o‘zini baland minbardagidek his etib, huzur bilan nutqini davom ettirardi.
– Mening dargohim, ayrim, fanlarning to‘g‘ri harflariga yopishib olgan malimchalarning qarshi chiqishiga qaramay, yangi kun, yangi g‘oyalar zavodiga ishlashi lozim… O‘z vaqtida bizni ham g‘oyalardan voz kechdirishib, mehnat armiyasiga chaqirishgan. Men mehnatkashlikni chetlab, ming shukrki, o‘z niyatlarimni amalga oshirayapman… Niyat xolis-da…
Chori aka bu payt mulgib borayotgan ko‘zlarini butunlay yumib olishdan qo‘rqar, ammo tinglashni rad etgan miyasini boshqarishga ojiz edi. Uning qulog‘iga qozig‘ida bog‘log‘lik qolgan Targ‘ilning bo‘kirishi cha­lindi: «Mu! Mu-u!».
– Uf... enag‘ar xotin! – to‘satdan gapirib yubordi Chori aka.
– Nima dedingiz? – direktor tinglovchisiga tikilib qaradi va uni tinglashmayotganligini birdan tushunib qoldi.
– Men… shunday… o‘zim… – Chori aka shoshganidan oldidagi qahvasini bir ko‘tarishda sipqordi.
– Xo‘p, mayli, – dedi zodagonlarcha tugma o‘t­ka­zarkan, o‘rnidan turgan direktor, – Siz o‘n daqiqa o‘ti­ra turing. Bironta sherik kelsa, o‘zim o‘quv binolari bo‘ylab sayr qildiraman...
Direktor tugmalarni qadab bo‘lgach, «minbarni tark etdi», tashqariga chiqdi. Chori aka og‘irlashgan qo­voqlarini yopib ochdi, chuqur xo‘rsindi. Nima qilishni o‘yladi. Shu vaqt kotiba qiz kirib, qahva idishlarini yig‘ishtira boshladi.
– Qizim, men ketishim kerak edi. Direktorlaring tomosha qildiraman dedimi?
Qiz lab tishladi: direktorni kuting, desa, eh­timol kuni bilan bekor kutar, ket desa, shef tezda eslab qolishi mumkin. Shundan u tortinib:
– Bilmadim, amaki, agar vaqtingiz bemalol bo‘lsa, kutsangiz, kollejdagi qurilish, pardozlash ishlari bilan tanishasiz, yo‘qsa, ketsangiz ham bo‘lar…
– O‘g‘lim Boltaboyga gap tegmaydimi? Men mana bunisini keltiruvdim…
– Uni taqish shart emas. Agar direktorga yoki yor­damchisiga o‘g‘lingizning familiyasini va kurs-gu­ru­hini aytmagan bo‘lsangiz, ketavering. Kutsangiz ziq bo‘lib ketasiz…
Kotiba so‘nggi so‘zlarini shivirlab, achinish ohan­gida aytdi. Chori aka xuddi shu gapni kutib turganday mehmonxonani shunchalik jadal tark etdiki, hatto kotiba bilan xo‘shlashishga ulgurmadi.
Faqat qishlog‘iga boradigan avtobusga o‘tirib, yo‘l­ga tushgach, esladi. Ayniqsa, kotibaning so‘nggi «agar o‘g‘­lin­gizning familiyasi, kurs-guruhini aytmagan bo‘l­sangiz» degan gaplarini eslab o‘ylanib qoldi: aytdimi, yo‘qmi? Qancha ziqlanmasin eslolmadi: Aytmadi-yov? Yo, aytdimi? Boltaboyga otang pisand qilmay ketib qoldi deyishsa? Uf…
Yo‘lovchilardan kimdir so‘rashib Chori akaning xayollarini bo‘ldi. U qabulni unutdi. Uning kayfiyati yaxshilandi. Ob-havo issiqligidan, g‘allani zang kasali chalganligidan gurung boshlandi.
Oradan yigirma daqiqacha vaqt o‘tdi. Chori aka issiqdan terlagan peshonasini artish uchun, ro‘molcha axtarib cho‘ntagiga qo‘l soldi. Qo‘liga Boltaboyning beydjigi ilashib chiqdi. Uning esiga yana direktorning qabuli keldi va u baralla «Uh, yaramas xotin!» deganicha so‘kinib yubordi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 1-son

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.